Hech tashvishni bilmay yashasang…

0
83
marta ko‘rilgan.

* * *

Sokin oqshom. Qorong‘i dala,

Hamma yoqda sukunat, qara.

Hech kim o‘tmas ko‘chalarda ham

Qurbaqalar kuylayveradi.

 

Har tomonga termilib zor-zor,

Yo‘llarini poylar intizor.

Farzandlari baxtli bo‘lsa ham

Volidalar o‘ylayveradi.

 

Majnuntollar egiladi jim,

Endi uni eslashadi kim?!

Dunyo qirg‘in-barot bo‘lsa ham

Sho‘x shamollar o‘ynayveradi.

 

Nega buncha xafasan, erkam,

Munchoqqina ko‘zlaringda nam.

Kuyma, dunyo bo‘ston bo‘lsa ham,

G‘iybatchilar so‘ylayveradi.

 

Qurbaqalar kuylayveradi,

G‘iybatchilar so‘ylayveradi,

Bu dunyoning uqubatlari

Shoirlarni qiynayveradi.

 

 

* * *

Qanday yaxshi, gulzor bog‘larda

Kapalakday uchib, yayrasang.

Cho‘ntagingda bir chaqa qolmay,

Hech tashvishni bilmay yashasang.

 

Qanday yaxshi, yastanib gulgun,

Oppoq ko‘ylak yaltiroq shimda,

Suygan qizing yonida tursang,

Ijaraga olgan kiyimda.

 

Qanday yaxshi, vafodor do‘sting

Sodiq hamdam bo‘lsa-yu senga,

Ishi tushsa, borging kelmasdan,

Ishontirsang yolg‘on gapingga.

 

Qanday yaxshi, yursang shaharda,

Kostyumingga yuqtirmay changni.

Sizni har kun o‘ylayman deya,

Xursand qilib qo‘ysang onangni.

 

Qanday yaxshi, ming bor yalinib,

Muharrirga termilib tursang.

She’ring chiqib, o‘z qishlog‘ingda –

Men shoir deb kerilib yursang!

 

Qanday yaxshi…

 

Oqil Abdubarnoyev

1999-yili tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.