Jondosh bo‘lib yonar qog‘oz-u qalam

0
28
marta ko‘rilgan.

So‘z va ilhom

 

Bizdan ketsa ketsin, qolmaymiz kamib,

Qayta gullamoq bor – azaliy odat.

Yuragimga qo‘ngan isyonkor qushning

Qo‘nim topgan  joyi bo‘ldi samovot.

Qaqnus tumshug‘ida eltadi olov,

Qanotin silkisa titraydi olam.

Ruhimga sachrasa siyohiy bir rang,

Jondosh bo‘lib yonar qog‘oz-u qalam.

So‘ngra, ketib qolar Behustungacha,

Yana sahar chog‘i qaytar erinmay.

Bu safar ichirdi tashna holimda,

Xayyom tashlab ketgan bir kosada may.

Bizdan ketsa ketsin, qolmaymiz kamib,

Yupqarib qolmaydi yursam tovonim.

Bir chimdim baxt bersam, yurakni yoqsam,

Azal bitmaguncha o‘lmaydi jonim,

Azal bitmaguncha o‘lmaydi jonim!

 

* * *

Ancha bo‘lib ketdi, o‘chgansiz dildan,

Shafqat tutquniman, azizim, faqat.

Nafas ham olyapman, o‘lmadim chindan,

Ajib nag‘mangizga qolmadi toqat.

Men sizni yor desam, pistirma qurib,

Yuragim nishonga olibsiz, mana.

Tirqirab qon oqar jarohatimdan,

Jilmaygan nigohim, huvulloq tana.

Oh, afsus, ming afsus, tikilib turar,

Ayriliq parisi tepamda xushhol.

Ruhim titrog‘iga dosh berolmagan,

Ko‘ngli g‘arib odam, xayr, yaxshi qol!

 

 

* * *

Sizni suysin kuydirganingiz,

Gulga o‘rab tutsin jonini.

Yuragining to‘rt bo‘lmasiga

Taqsimlasin xonumonini.

Lahzalarning nur qanotiga,

Singib ketsa toparmikansiz.

Ko‘ksingizdan najot izlagan,

Boshin gulga yoparmikansiz.

Suyguligi bormi aqalli,

Ko‘zingizga ilsa-ilgulik

Birortasi bo‘lmasa agar,

Uning oti erur ko‘rgulik!

Sizni suysin, kuydirganingiz,

Parvonaga qolsin aylanib.

Qaqnusmikan, yonar-u bitmas,

Bir ohida ming qaqnus g‘arib.

Sizni suysin, kuydirganingiz…

 

* * *

Yomg‘irga tutsam quloq,

Shivirlar: shukur, shukur.

Derazani lang ochsam,

Yuragim dukur-dukur.

Ajib xilqat-tabiat,

Qish talpinar bahorga.

Bahor sog‘inchin eltar,

Yozgi erta saharga.

Tomchilar hol so‘raydi,

Kechiktirma mehrni.

Bag‘ir uzgan naysonlar,

Saqlab qolgan sehrni.

Bulutlarni silagan,

Mehrlardan kuchim bor.

Izlarimni o‘chirgan

Shabbodada o‘chim bor.

 

 

Shodiya Umrzoda

 

1981-yili tug‘ilgan.

Qo‘qon davlat pedagogika institutining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

“Gullar ifori”, “Tong tuhfasi” she’r va hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

 

2022/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.