Ko‘zlarim oftobida quvnaydi baxt

0
30
marta ko‘rilgan.

* * *

Iztirob joy topmagan pok xonadirsan, Oqsaroy,

Yer yuzida bebaho ostonadirsan, Oqsaroy.

 

Yashnagan tengsiz chaman poyinda

                                    gul sochgay mudom,

Ezgulik dunyosida afsonadirsan, Oqsaroy.

 

Oq gilam to‘qib kezar tunlar sening yo‘lingda Oy,

Yurtimizda benazir koshonadirsan, Oqsaroy.

 

Yam-yashil Kesh shahrida orolanib turgan suluv,

Ishqimizning bog‘ida parvonadirsan, Oqsaroy.

 

Gullagay sog‘intirib Sohibqironning izlari,

Ko‘zlarim ummonida durdonadirsan, Oqsaroy.

 

Baytlarim har bandini guldasta aylay sen uchun,

Ko‘ngli tog‘ Axtamquliga onadirsan, Oqsaroy.

 

* * *

Jon dilimning kosasida qon edi,

Gohi shodon, gohida giryon edi.

 

Daftarimni qoralab chiqqan hayot

Qismatimda bitmagan doston edi.

 

Unga jonim deb qilurman iltifot,

Jonni jonga bog‘lagan jonon edi.

 

Tushsa dil qo‘rg‘oniga pinhona g‘am,

Baytlarim boshdan oyoq paykon edi.

 

O‘ltiribman cho‘qqilar poyonida,

Lahzalar ko‘z ilg‘amas mehmon edi.

 

Sarg‘ayib ko‘nglimga yo‘l ovlaydi kuz,

Mehnatimning hosili armon edi.

 

Ko‘hna charx boshimda tegirmonini

Yurgizib qo‘yganda ham vayron edi.

 

Jon erur shaydoyi Haq Axtamquli,

Tan aning gulzorida hayron edi.

 

* * *

Tilim qalbimning uyg‘oq sozi bo‘ldi,

Yonib yozganlarimdan rozi bo‘ldi.

 

Yuraklar orziqib kutgan zamonda,

Sevinchim andalib ovozi bo‘ldi.

 

Nechun ko‘nglimni shudgor aylading, kuz?!

Qo‘limda ayriliq qog‘ozi bo‘ldi.

 

Muhabbat ahlining koshonasida,

Yig‘ilgan baytlarim parvozi bo‘ldi.

 

Hayotim o‘tdi o‘tlig‘ so‘z ichinda,

Agar o‘t olmasam norozi bo‘ldi.

 

Bu dunyo men kabi devonaroqdir,

Davr dodimga yetmas qozi bo‘ldi.

 

Tikib Axtamquli jonimni Haqqa,

Xayolimda yurakning nozi bo‘ldi.

 

* * *

Gulimdan gul tilab gulzorga bordim,

Keyin dalloli yo‘q bozorga bordim.

 

Dilimni sinchi bulbullar sinashdi,

Yurak torim uzilgach, torga bordim.

 

Quvonchimni xazonzorga qadoqlab,

Bahordan ko‘z uzolmay qorga bordim.

 

Balogardon bo‘lolmay bir baloga,

Uning holin so‘rab bekorga bordim.

 

Yarar bir parcha yer qolgan kunimga,

Nechun poyoni yo‘q shudgorga bordim?

 

Hayot o‘chirmasin deb xotiramni,

Bobom yo‘l topmagan qo‘yg‘orga bordim.

 

Uzib Axtamquli ko‘nglimni ishqdan,

Rahmsiz baxti kuygan yorga bordim.

 

To‘polon daryoning to‘g‘oni

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Abdug‘ani aka Sanginovga

 

Sizni ko‘rdim “Taxti mir”*ning yonida,

To‘polon daryosining to‘g‘onida.

 

Yashnatar ko‘ngil uyin Yo‘lboshchimiz

Orzularning eng baland osmonida.

 

Bog‘lanib dunyo bilan daryolarim,

Nur sochib turgay hayot qo‘rg‘onida.

 

Izlarim gullaydi xarsanglar aro,

Dardlarim kuygay yurak dovonida.

 

Ko‘zlarim oftobida quvnaydi baxt,

Lahzalarning bebaho har onida.

 

Bunda mangu ko‘ksi tog‘ bir el yashar,

Oy chiqib ko‘ngil yozar ayvonida.

 

Cho‘qqilar imlaydi otamdek bo‘lib,

Chorlagay pinhona dil oshyoniga.

 

Tog‘larim ochgay yurak darvozasin,

She’rlarim shaylansa Sharg‘un* koniga.

 

Qirda gullab-yashnagay afsona bog‘,

Yetmagay umrim aning poyoniga.

 

Dilni sog‘inch suv qilar Axtamquli,

Tashnalab kezgan umr karvoniga.

 

* Taxti mir – qadimda hozirgi to‘g‘on yonida amirning qo‘rg‘oni bo‘lgan.

* Sharg‘un – ko‘mir koni.

 

* * *

Buyuk Imom Buxoriy ilmidan afsona bo‘lgan yurt,

Aziz-u avliyolarga suyuk ostona bo‘lgan yurt.

 

Adolat mulkini bunyod etib Sohibqirondek zot,

Muqaddas Oqsaroylar kaftida nurxona bo‘lgan yurt.

 

Xiyonat zarbidan nogoh qiyomat charxi aylansa,

Zamonlar zulmidan xo‘rlik ko‘rib vayrona bo‘lgan yurt.

 

Azal qonimda bordirkim, jahongirlar bo‘lar paydo,

Samarqanddan sado berdi, Humo parvona bo‘lgan yurt.

 

Ulug‘ minbarda Yurtboshim elim deb iftixor aylar,

Quyosh-u oy tun-u kun yonida hamxona bo‘lgan yurt.

 

Jahon ahli Vatan nomin desam tinchlikni anglaydi,

Sochib har bir giyohga nur, gul-u gulxona bo‘lgan yurt.

 

Mening qalbimda quvnaydi sevinchim, sirli dostonim,

Yonar Axtamquli birlan quyoshga ona bo‘lgan yurt.

 

* * *

Yurak to‘fonida g‘arqi jahon bo‘ldimmi, bilmasman,

Daraxtlar kaftidan uchgan xazon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Hilol ko‘k toqida oshiq dilimni qiymalab ketdi,

Falak yulduzlariga imtihon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Halovat izlagan qalbimni qog‘ozlarga sovurdim,

Kamondan otilib ketgan fig‘on bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Tizilgan baytlarim yo‘l olsa oshiqlar makoniga,

Kuyib dil yozmaganlarga ziyon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Tutib charx ostida boshimni tog‘lardan saboq oldim,

Qalamni qaqshatib goho yomon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Nechun oy shu’lasida dardlarimni maydalaysan, dil?!

Hayot xirmoniga tushgan somon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Quyosh domonidan ushlab mudom yuksakka intildim,

U kun Axtamquli erdim, dovon bo‘ldimmi, bilmasman.

 

Axtamquli

1964-yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi qoshidagi Oliy adabiyot kursini tugatgan.

“Bodomginam”, “Qarochiqda asraganimsan”, “Bahorimdan kechikkan gul”, “Qirq g‘azal” she’riy to‘plamlari, “Ibratli hayot”, “Baxt izlagan odam” biografik qissalari, “Tog‘lar ham qariydi” hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.