Ko‘zlarimiz so‘zlashdi so‘zsiz

0
163
marta ko‘rilgan.

Navoiy

Besh asrki so‘z aytar doston,

Besh asrki tinglaydi jahon,

Besh panjaga urilgan tug‘yon,

Olam yodi, olam Navoiy.

 

Bani bashar har on yod etar,

Dil ko‘shkini sarofroz etar,

Yo‘li ravon hukmi soz etar,

Olam yodi, olam Navoiy.

 

Moziylardan bong urar hoqon,

Hikmat to‘la har jumlada shon,

Titrar bunda to‘lg‘onadi jon,

Olam yodi, olam Navoiy.

 

Ey ko‘ngilni sharh aylagan bog‘,

Bu dovon damlarin yuksaltirgan tog‘,

Turkiy xatlarimni yoritgan chiroq,

Olam yodi, olam Navoiy.

 

Titrar, to‘lg‘on yashnatib turg‘on,

Yurakdek depsinib, ko‘ksimga urg‘on,

Ne ajab, abaddir hamon o‘sha tong –

Olam yodi, olam Navoiy.

 

* * *

Uyg‘oning ming yillik chaqinlar,

Dilimga gil kabi yaqinlar,

So‘z aytgan tilingda oqinlar,

Ey keskir tilim-a, tilim-a,

Ey ko‘ksi osmonim – elim-a!

 

Xush kelding, azaliy davronim –

Hurriyat, kutganim, iqbolim.

Baxtimga esh bo‘ldi zamonim,

Ey keskir tilim-a, tilim-a,

Ey ko‘ksi osmonim – elim-a!

 

Bobomning ming yillik armoni,

Momomning tosh botgan tovoni,

Moziydan ko‘rinur qadlaring –

Ey keskir tilim-a, tilim-a,

Ey ko‘ksi osmonim – elim-a!

 

Karvonlar tizilar yoshlarday,

Qaddi dol, egilgan boshlarday,

Ketiblar borasan qaylarga,

Ey keskir tilim-a, tilim-a,

Ey ko‘ksi osmonim – elim-a!

 

Haq doim qo‘llagan vatan bu,

Asrlar kutganim vatan bu,

Uyg‘oq bo‘l har sahar, shom qadar,

Ey keskir tilim-a, tilim-a,

Ey ko‘ksi osmonim – elim-a!

 

* * *

Ko‘zlarimiz so‘zlashdi so‘zsiz,

Jim turgancha uqdi maʼnolar.

Dilimdagi tilimda qotgan –

Bir so‘z aytmay ketdi raʼnolar.

 

Kunlar tunga ulandi takror,

Meni taqib etar nigohing.

Qarashlaring o‘t edi, dildor –

O‘ylarimda payondoz ohing.

 

Men sendan-da ketmoq istadim,

Vujudimga solmadim quloq.

Bag‘rim choki seni yod etmish –

Har qarashing yodi mung so‘roq.

 

Meni kechir, diling tilsimdir,

Uqolmadim savol-so‘rog‘ing,

Tunlar ko‘ksim ohu zor etgan –

Tovlanadi ko‘ngil yoprog‘im.

 

Oy to‘kildi ko‘ksim toqiga,

Dildor dedim, ketmagin izsiz.

Nurlarini yal-yal tovlatib –

Ko‘zlarimiz so‘zlashdi so‘zsiz.

 

 

 

* * *

Ketgim kelayapti qaygadir,

Ketgim kelayapti uzoqqa.

Ko‘ngilni so‘roqlab yo‘l yursam –

Juda ham yiroqqa, yiroqqa.

 

O‘yimday kechalar uzundir,

Yulduzlar ko‘ksimda yaltirar.

Men telba emasman yoronlar,

Borligim Haq bilar, Haq bilar!

 

Bag‘rimga bahorni chorladim,

Xazonlar kelmayin yig‘ladi.

Shu sabab ko‘ngilga bormadim,

Azoblar tig‘ urib tig‘ladi.

 

O‘zimdan o‘tganin bilaman,

Jismimni jon qadar tilaman.

Bir kuni jilmayib qoshingda –

Ko‘ngilga ko‘klamday kiraman.

 

 

Vatan

 

Ko‘ksimdagi ko‘z tumorim,

qalbim to‘ri dildir Vatan,

Onajonim, sajdagohim,

gulday suyuk gildir Vatan.

 

Moziylardan jarang sochmish

tillolarday jilvalari,

Oftoblari yangi kunday,

shonlar sharaf-shondir Vatan.

 

Tonglar senda nafsi qutlug‘,

yellar sabo sari esgay,

Behisht budir Xizr suygan,

nurli kalom, boldir Vatan.

 

Bobolarim bosgan qadam,

tarix, ko‘zgu, o‘tgan davon,

Qatlam-qatlam tuproq qo‘rg‘on

yodi mangu ondir Vatan.

 

Zamin bunda gir aylanar,

siylab haqdan turg‘on makon,

Qoqib gardlar etagini,

kiprik, qosh-u ko‘zdir Vatan.

 

Sen jonim deb o‘g‘lonlaring

yoding birla ont etishar,

Olam kezmish noming birla

tomirdagi qondir Vatan.

 

Buyuklaring boqqan shomlar

o‘ylar dard-u hollaringni,

Quyosh bunda bosh ko‘targan

qo‘rg‘on yerim bordir Vatan.

 

Ey toshlarim, chaqinlarim,

dilim gilga yaqinlarim,

Ozod, obod, iqbolimni

tafting birla yondir Vatan.

 

Xayrulla Xolto‘rayev

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.