Zo‘raki hamroh

0
36
marta ko‘rilgan.

Jannatxon eshikii avaylab ochdi-yu mushukday ovoz chiqarmay ichkari kirdi. Bir lahza kesakiga suyanib turdi. Keyin qo‘shiqning avjiga yaqinlashgan xonanda singari ohista tomoq qirdi. Urol Mardiyevich nozik yo‘tal sohibasini darrov tanidi. Ammo o‘zini gazeta o‘qiganga solib o‘tiraverdi. Jannatxon chillasi chiqmagan kelinchakday istig‘no bilan erkalandi:

— Bizni tashlab, nomard, sizga yo‘l bo‘lsii!!

Meliqulov asta bosh ko‘tardi. Jannatxonni endi ko‘rayotgandek unga suqlanib qaradi. Sekretar qiz magazin vitrinasidagi manekenga o‘xshardi. Bel bir tutam. Qizg‘ish lablar ibo bilan qimtingan. Timqora jodu ko‘zlar «Aka, menga rahmingiz kelmaydimi!» degandek xumor-xumor boqadi. Meliqulovning badaniga chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi.

— Keling, Jannatxon, — dedi u tupugini yutib, — yaxshi qiz bo‘lib yuribsizmi!

Jannat-manekenga jon kirdi. U qiyshaiglab to‘rga o‘tdi. Yarim varaq kog‘ozni Urol Mardiyevichning xom ko‘sakdek ko‘kish burniga taqab so‘radi:

— Marhamat qilib aytsinlar-chi, muhtaram Meliqulip, manavi vasiqangizni qandoq tushunsak bo‘ladi!

Meliqulov qog‘ozga ko‘z yugurtirib olib, Jannatxonning zaharxandali ko‘zlariga qaradi:

— O‘zingiz yozib, o‘zingiz bilmaysizmi! — dedi tumtayib, — buyruq bu. To‘rt-besh kun cho‘lga borib kelishim kerak ekan.

Jainatxon «Xayriyat!..» dediyu gurs etib polga cho‘kkaladi ikki qo‘llab Meliqulovning tizzasiii quchoqladi.

— Jon aka, o‘rgilay sizdan! Meniyam ola keting! Davringizda bir o‘ynab olay. Dunyoga kelib nima ko‘rdim! Bitta piyonista erning kaltagidan endi qutuldim. Ishga kelsam — to‘rt devor, uyga borsam — to‘rt devor, cho‘lni tushimda ham ko‘rmaganman. Olaketing, yo‘q demang, akajon!..

Meliqulov o‘tirgan yerida kresloni g‘ichirlatib ketiga surildi:

— Jinni bo‘lmang, Jannatxon… Birov kirib qolishi mumkin. Turing o‘rningizdan…

Jannatxon Urol akasining oyog‘iga battar yopishdi.

— Tepsangiz ham turmayman. Obkotasizmi! Xo‘p dey qoling… Mehmonxonada oyoqlaringizni uqalab o‘tiraman. Choy damlab beraman. Nima desangiz qilaman. Tur desangiz — turaman, yur desangiz — yuraman. Jon Urol aka, bir marta xo‘p deng. Nahotki, Jannatxoningizga rahmingiz kelmasa!

Meliqulov hadiksirab eshikka qaradi, o‘rnidai turmoqchi bo‘ldi. Biroq Jannatxon chaqqonlik qildi. U irg‘ib turib Meliqurovni boshidan quchoqladi-yu kuch bilan o‘ziga tortdi. Urol Mardiyevichning xumday kallasi shilq etib qizning ko‘ksiga borib yopishdi. Jannatxon boshlig‘ining yuz-ko‘zinn zo‘r berib issiqqina qorniga ishqar ekan, jonholatda shivirladi:

— Urol Mardiyevich… bir martagina xo‘p deng. Meni tashlab ketmang. Axir, borgan yeringizda ham ermak kerak-ku! Qulingiz bo‘lay, Urol aka! Obketasiz-a! Ha deng Meliqulov suzong‘ich novvosdek boshini sarak-sarak qilib g‘o‘ldiradi:

— Kallamni qo‘yvoring, Jannatxon… Ho‘v, bo‘ldi endi, hazillashmang…

— Qo‘yvoradigan… ahmoq yo‘q! — dedi hansirab Jannatxon, — avval xo‘p deng, keyin… bo‘shataman. Sochingizni ham tarab qo‘yaman.

Meliqulov bir-ikki yulqindi. Biroq boshini bo‘shatolmadi. Bu qiz nozikkina bo‘lgani bilan qo‘llari omburdek ekan. Urol Mardiyevichning butun bir idoraga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadigan tilla boshi hozir ana shu nozik qizning qornida asir tushib yotardi.

Jannatxon bor kuchini to‘plab Meliqulovni o‘ziga tortdi:

— Oxirgi marta so‘rayapman sizdan! Meniyam olaketasizmi komandirovkaga yo yo‘qmi?

Urol Mardiyevich boshini qutqarolmasligiga ko‘zi yetgach, qo‘lini ishga soldi. Jannatxon «A-a-a!» deb chinqirib yubordi-yu sapchib tushdi. Meliqulov darrov kreslosiga minib oldi. U terlab ketgan edi, dastro‘mol olib yuz-ko‘zini artdi.

— Uf! — dedi pishillab, — e, hazilingiz ham bor bo‘lsin, Jannatoy. Nafasimni qaytarib yubordingiz. Qorningiz xuddi… qaynoq grelkaning o‘zi ekan. Birov kirib qolsa nima derdingiz, tentak!

— Xo‘jayinning boshini massaj qilyapman, derdim-da. Gipertoniyangiz bor, hamma biladi. Ha, aytmoqchi, Urol Mardiyevich, komandirovkada har kuni bir soat-yarim soat o‘zim massaj qilib qo‘yaman. Qalay, qo‘lim yoqdimi!

— He qo‘lingizni jin ursin! Boshimni gangitib yubordingiz-ku… Qani taroq!

Jannatxon uloqday irg‘ishlab qabulxonaga chizdi-yu katta yelim taroq olib kirdi. Jilpanglab xushomad qildi:

— O‘zim tekislab qo‘yaymi, O‘rol Mardiyevich!

— Bu yoqqa bering! — dedi arazlab Meliqulov, — o‘tiring! — Janatxon lip etib pastak stol ortiga o‘tdi. Qalam-qog‘oz oldi. Nomiga «Zadaniye — I» deb yozdi. So‘ng odobli o‘quvchiday boshlig‘ining ko‘pchib turgai yapaloq betiga tikildi. O‘rol Mardiyevich sochini shoshmay taroqladi, chirt etkizib chetga tupurdi, keyin chimirilib Jannatxonning iltijo aralash jovdirab turgan ko‘zlariga qaradi.

— O‘zimga ham buyruq yozaymi, O‘rol Mardiyevich! — bidirladi qiz. Meliqulov jerkib berdi.

— Esingiz joyidami o‘zi! Men sizni nima deb olib ketaman! Xodim bo‘lmasangiz. Jilla qurisa buxgalter bo‘lsangiz ekan.

— Qizim desangiz-chi, O‘rol aka!

Meliqulov bosh chayqadi.

— Bo‘lmaydi. Siz otasiga ergashib yuradigan yoshdan o‘tdingiz. Siz tengilar bola-chaqasining issiq-sovug‘iga qarab uyda o‘tiribdi.

— Unda xotinim deng. Xozyaykamiz cho‘lu biyobonlarni ko‘rmagan edi, bir aylanib kelaman, deb izimdan ergashdi, dey qoling. Maylimi!

“Xotin”ni eshitib O‘rol Mardiyevich cho‘chib tushdi.

— O‘ylab gapiryapsizmi! Men bir kam ellikka bordim, siz endi yigirmaga chiqdingiz. Odamlar nima deydi, qariganingda qo‘g‘irchoq o‘ynamay o‘l, demaydimi!

— Ajab bo‘pti! — kerildi Jannatxon, — hozir yosh qizlarga uylanish moda. Ko‘rganlar havas qiladi sizga. Falonchiyevning yoshgina, xo‘rozqandday xotini bor ekan deydi.

Jannatxon qog‘oz-qalamini ko‘tarib o‘rnidan turdi. Bir kam ellik emas, oltmish yoshdagi odamning ham yuragini o‘ynatib yuboradigan nozik ado bilan so‘radi:

— O‘rol aka, aeroportga ikkita bilet zakaz qilaveraymi! Qaysi reysga bo‘lsin! Ertarog‘i tuzuk, a!

Meliqulov yengil xo‘rsindi. Jannatxonning past-baland bo‘lib turgan qo‘sh kabutariga qarab g‘amgin dedi:

— Xafa bo‘lmaysiz, singlim. Sira iloji yo‘q.

Jannatxonning rangi o‘zgardi.

— Qitig‘imni keltirmang, O‘rol Mardiyevich! — dedi sovuq tovushda, — bilasizku, men haq degan yerimdan qaytmayman. Yaxshilikcha obketmasangiz, samolyotning dumiga osilib bo‘lsayam boraman!

U cho‘rt burildi. Eshikka yetganda masxaraomuz kulimsiradi:

— Ha, aytmoqchi, azonlab Salmonov telefon qiluvdi. Xo‘jayin qurortdan kelibdi, yo‘qlay olmadik, dedi. Yaqinda bir mashina bo‘lib kelisharmish.

Jannatxon eshikni sekin yopdi. O‘rol Mardiyevich boshini changallagancha o‘ylanib qoldi. Qizning so‘nggi gapi unga «g‘idi-bidi qilmay meniyam olaket, bo‘lmasa siringni ochaman», deganday tuyuldi. Salmonov yirik bir sovxozning direktori edi. Meliqulov ancha yildan beri u bilan qatiq yalashadi. Direktor yiliga bir necha marta

O‘rol akasini ziyorat qilib turadi. Har gal bir bahona topadi. Nabiralik bo‘libsiz, deb keladi, tug‘ilgan kunida yo bayram oldida yo‘qlab qo‘yadi. Salmonov har safar kelganida Meliqulovning uyiga qut-baraka kirib qoladi. Buni ko‘pchilik bilmasa ham, Jannatxon biladi. Chunki Meliqulovning «ichki-tashqi» aloqalari mana shu qaldirg‘ochning bolasiday bijildoq qiz orqali bitadi. Shuning uchun u Jannatxonning erkaliklarini ko‘taradi, iltimoslariga yo‘q demaydi, ikki-uch kunlab ishdan javob berib yuboradi. Bultur hatto sirtdan institutga ham kiritib qo‘ydi. Ishqilib bu qiz har yerda laqillamay, tilini tiyib yursa bo‘ldi, deb umid qildi. Lekin Jannatxon tobora haddidan oshyapti. Bugun komandirovkaga obketasiz, deb turibdi. Ertaga siz bilan kurortga boraman, desa nima bo‘ladi! «He, uka bo‘lmay o‘l, Salmonov, — deb so‘kindi ichida Meliqulov, — bergan qo‘yingni iligi tomog‘imdan zahar bo‘lib o‘tdi-ku! Jannat degan manavi do‘zaxidan qandoq qutulaman endi, ukag‘ar!»

Soat o‘n ikkiga zang urdi. Jannatxonning changalidan chiqib ketolmasligiga Meliqulovning aqli yetdi. O‘ylab-o‘ylab axiyri u tavakkal qildi. «Ke, shu safar ham xo‘p dey. Qizilqumdan omon-eson qaytsam bir ilojini qilarman. Ilgarigi surbet shofyorday, buniyam aldab-suldab bir yoqqa jildirib yuborarman. Vaqt ketyapti, hali bilet ham olinmadi».

O‘rol Mardiyevich qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Xo‘mrayib Jannatxon kirdi.

— Bu yoqqa keling. O‘tiring, — dedi Meliqulov. Jannatxon istamaygina stolga yaqinlashdi-yu stulni minnat bilan surib o‘tirdi. «Yana va’zxonlikmi!» degandek boshlig‘ining yuziga qaradi.

— Bo‘pti, men sizni olib ketaman, — dedi Meliqulov, — lekin bitta shartim bor…

Jannatxon sevinchdan irg‘ib turdi. Quralay ko‘zlari porlab ketdi.

— Vuy, rostdanmi!) — dedi boladay entikib, — qanday ajoyib odamsiz-a, O‘rol aka! Bu yaxshiligingizni o‘la-o‘lguncha unutmayman! Kimingiz bo‘lib boraman!

— Har qalay jazmanim bo‘lib bormaysiz, — dedi Meliqulov ensasi qotib, — men sizni qarindoshim deyman. Institutda o‘qiydi, cho‘l geografiyasi bilan tanishgani keldi, deyman.

— Voy, mayli, nima desangiz…

— Bidillamay gapga quloq soling. Hozir do‘xtirga borib uch kunga balnichni ochtiring. Biror bahona toparsiz.

— Topaman. Shu kunlarda o‘zim nervim qo‘zib, yomon bo‘lib yuribman.

— Men bilan ketayotganingizni birov bilmasin. Hozirdan aytib qo‘yay, rayonda ham injiqlik qilaversangiz birinchi samolyotda ortingizga qaytarib yuboraman. Kelishdikmi!

Jannatxon kula-kula o‘rnidan turdi. O‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi.

— Bir og‘iz gapingiz, akajon! Chizgan chizig‘ingizdan chiqmayman. Boya aytdimu, yur desangiz — yuraman, tur desangiz — turaman. Endi ruxsatmi bizga! Aeroportga telefon qilaymi!

Meliqulov kiprik qoqdi. Jannatxon xonaning yarmigacha yonboshlab bordi-yu u yog‘iga yugurgilab chiqib ketdi.

Saldan keyin choy ko‘tarib kirdi.

— To‘qson besh! — dedi choynakka choy qaytarib, — sizga atab tishimning kavagida asrab yuruvdim. Issiq-issiq iching, davleniyengiz tushadi.

Jannatxon eshikka borganda nozlanib so‘radi:

— Qaysi ko‘ylagimni kiyay ertaga, O‘rol aka! Modniy kiyinsam, cho‘ldagilar kulmaydimi!

«Kafanligingni kiymaysanmi!» — G‘ijindi ichida Meliqulov. So‘ng tovushini chiqarib dedi:

— Odmiroq bo‘laversin. Biz sirkka borayotganimiz yo‘q.

Meliqulov shundoq dedi-yu ko‘ngli biroz tinchidi. Lekin tomoshaning kattasi hali Qizilqumning qoq o‘rtasida bo‘lishini xayoliga ham keltirmasdi.

 

Qizilqumdagi tomoshani jurnalning keyingi sonida o‘qiysiz.

 

“Yoshlik” 1982/8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.