Kuzgi otash aro ishqdan umid qil!

0
17
marta ko‘rilgan.

SAVOL

 

Balki dard, ko‘z yoshidan

She’rimizda malohat?

Balki ilon nishidan

Yurakdagi jarohat?

 

Balki achchiq tutundan

Baytlar o‘tli, barkamol?

Balki izg‘irin kundan

Yurakni teshar shamol?

 

Qadahda may limmo-lim –

Avj olgaydir kuy, g‘azal.

Bir boshga bitta o‘lim –

Qo‘rqitolmagay ajal.

 

Balki yulduz konida

Bizning yombimiz nihon?

Javob yo‘q zabonida.

Hech kim bilmas. Hech qachon.

 

 

SHAMOL

 

Tun. Boloxonaga chiqaman bir pas.

Navbahor. Hurillab turadi shamol.

Oqargan sochimga, yuzimga emas,

Yurakka, yurakka uradi shamol.

 

Yoshlik-u baxt-shodlik, kulfat-g‘am bilan,

Dengizu bog‘larda yeladi bevosh.

Shamolning qarisi bo‘lmas umuman,

Shamol hamisha yosh, shamol doim yosh.

 

 

YuLDUZ

 

Har qaysi yulduzga keladi navbat,

Har bir orzu-niyat bo‘lur ijobat.

Kuylovchi chiroqchi osmonda kezib,

Har nurni vaqtida yoqadi albat.

 

Ko‘pirib qoyaga sakraydi dengiz,

Qirg‘oqqa tushaman shamol sochar tuz.

To hayot ekanman, sayyor chiroqchi,

Falakda yoqib ber men uchun yulduz.

 

Mayli, dengiz cheksiz,

zulmat hamma yoq.

Mayliga, umid yo‘q,

mayli, yo‘q mayoq.

Chiroqchi,

ajalim yetgan bo‘lsa ham,

Baribir o‘zimning yulduzimni yoq.

 

Shodlik keltirarmi,

keltirarmi g‘am,

Bilmayman, chiroqchi,

menga ushbu dam.

Faqat boshim uzra yoqib ber yulduz,

Menga boshqa narsa kerakmas hech ham.

 

 

ONAMGA TIZ CHO‘KDIM

 

Yam-yashil maysalar! Cheksiz dala-dasht!

Onaginam yodi – firoq, alam, dard.

Onam hayotimga baxsh etgan hayot.

Tiz cho‘kdim, turmoqqa yetmas boqiy vaqt.

 

 

UY

 

Uyqum kelmas, tun tinch, allakim

bedor ko‘cha kezadi lekin,

Tomning sopol qovurg‘alarin

qo‘li bilan silaydi sekin.

 

Jaranglaydi ilohiy ovoz,

tomga qo‘lin tekkizgandayoq,

Kuylar temir tunika nozik

qo‘ng‘iroqdek kuladi quvnoq.

 

Kimdir oqshom suhbatlashgani

uy yoniga keladi iyib,

Tom boshini silaydi mayin

g‘isht devorni quchoqlar suyib.

 

Tinglayman bu suhbatni uzoq,

bilaman, u mehribon, saxiy,

Men uy bo‘lib qolsam qaniydi,

g‘isht devorli eskigina uy.

 

 

* * *

Pastdan qirga, qirdan pastga

Yo‘l yursam, tolmas oyoq.

Bir – kartoshka, ikki – kartoshka,

Uchinchi marta – pirog.

 

Ovga chiqsang, o‘q ota,

Baxt bo‘lgay uch bor ato.

Bir o‘q – xato, ikki o‘q – xato,

Uchinchi o‘q – baxato.

 

Bir, ikki – puch bo‘lsa,

Uching bordir, kam dema.

Gar uching ham puch bo‘lsa,

Yana to‘rt bor, g‘am yema.

 

Besh bor, o‘n bor, yuz… yiqilsang,

O‘rningdan tur, hayotsan –

Noldan boshlab sanay bilsang,

Sen mangu barhayotsan.

 

 

 

* * *

Kuzning mo‘jizasi – alvonrang shafaq.

Bulutlar poygachi kemadek yuzar –

Oq yelkanlar yuzar janubga ilhaq,

Turnalar galasi ulardan o‘zar.

Ufqqa botayotgan quyosh yumaloq

Gumbaz qalpog‘iga uzatadi qo‘l.

Yurak ayriliqning totini sezar,

Malina ifori anqiydi nuqul.

 

Vokzal. Tutunlarga chulg‘angan peshtoq.

Baydarka uchadi oltin anhorda.

Orkestr yangraydi bog‘larda mushtoq,

Xazonning navosi yangrar nahorda.

– Xayr, – vokzal tomida o‘ynar bozbarak.

Zang temir uchida tillarang xo‘roz.

Bo‘g‘izda yosh. Go‘yo tosh qotar yurak.

Moyli shpallarga qurim qo‘nar boz.

 

Sezaman – kimsasiz jarlikda tuman

O‘rmalar temiryo‘l osha o‘tloqqa.

Yaltiragan bir juft relslar yonma-yon

Bora-bora singib ketar yiroqqa.

Yoshlar getaraga oshufta xayol.

Shlagbaumlarda yaproqlar qizil…

Biroq shpallardan kelmoqda ayol…

Kuzgi otash aro ishqdan umid qil!

 

 

* * *

Kuz xazoni va hijron aro

Baxtiyorman deganim bekor.

Hamma narsa beqaror, ammo

Faqat o‘zing go‘zalsan, dildor.

 

Behudaga cho‘zurman vaqtni

Ko‘zlaringda kulganda yulduz.

Boy berurman behuda baxtni,

Dilga sanchiladi juvoldiz.

 

Navoda g‘am, g‘amda navo bor,

To‘xtab qoldi yugurik fursat.

Vidolashdik. Bizga bo‘ldi yor

Ayriliqmas, faqat muhabbat.

 

 

* * *

Unutma. Bir marta chalinar navo.

Bitsa ham xotirdan o‘chmas jarohat.

Unutma. Yurakni tilkalar jafo.

Faqatgina bir bor kelar muhabbat.

 

Yolg‘on va’dalardan ne foyda bor-a?!

Bu o‘yindan chiqib ketganman azal.

Qalbaki nag‘mani tinglashdan ko‘ra

Odamga jim-jitlik, sukunat afzal.

 

O‘tinaman, dangal bo‘lmagan so‘zga

Ishonib boy berib qo‘yma boringni.

Uchmagin aldoqchi, bevafo ko‘zga,

Asrab-avaylagin yurak toringni.

 

Sabr qil, tebrangay yurakdagi tor,

Ilohiy go‘zallik navosi bo‘lib.

Bir yurak jo‘r bo‘lar unga beg‘ubor,

Haqiqiy muhabbat sadosi bo‘lib.

 

 

SAODAT SOHILI

 

Asrlar qa’ridan miltirar umid

Yurakda og‘rigan kabi jarohat –

Qaydadir saodat sohili mavjud,

Unda umrboqiy muhabbat, rohat.

 

Men dengizchilardan bu haqda so‘rdim.

Dedilar: – Izlama, ko‘ngling bo‘lsin to‘q,

Barcha dengiz, barcha ummonni ko‘rdik,

Saodat sohili yer yuzida yo‘q.

 

– Yerda bo‘lmasa gar, balki falakda,

Balki yulduzlarning ichida nihon?

Kimdir taskin berdi menga yurakdan:

– Bas, iltijo qilma, yig‘lama nolon!

 

Parqu bulutlardan yuksakda yiroq

Yulduzlar porlaydi bamisoli cho‘g‘,

Sayyoralar bisyor osmonda, biroq

Unday sohil yo‘qdir, unday sohil yo‘q.

 

Baxtimga imkonim o‘z qo‘limda-ku,

Ijobat aylayman dil xohishini.

– Allo, “Saodat sohili” kafesimi bu?

Stol buyuraman ikki kishilik.

 

 

 

 

UChRASHUV

 

Uchrashuvga va’dalashaylik,

Uchrashmoqlik emas-ku gunoh.

Qaygadir bosh olib ketaylik,

Odamlarning ko‘zidan uzoq.

 

Gitara va skripka jo‘r,

Sekingina taralar navo.

Ne tilasang, ofitsiant momo

Bir lahzada aylar muhayyo.

 

Sachrab o‘ynar qordek ko‘piklar

Shampan-sharob ochilgan zamon.

Betashvishdek tuyular hayot,

Bo‘lmagandek go‘yoki armon.

 

Sharob g‘amni yuvar ko‘ngildan,

Qanotlarin yig‘ib ohista,

Muhabbat va ishonch ikkovlon

Yonimizga o‘ltirar asta.

 

Ishonch birla, muhabbat birla

Suhbatlasha olmaymiz ro‘yrost.

Ikkimizda hamma narsa bor,

Faqatgina umid yo‘q, xolos.

 

 

* * *

Hayotdan naf undirgan,

ko‘p olgan keragidan

Yutuq, omadning quli

bo‘lganga rahmim kelar.

Dard-u g‘am jarohatni

his etmay yuragidan

So‘qir va nodon bo‘lib

o‘lganga rahmim kelar.

 

Saxiy, fidoyi, kamtar

yurakka ishq munosib,

Qiynalganga buyurgan

hayot ma’nisin uqish.

Sevgan, g‘am-alam chekkan

odamga bo‘lgay nasib

Yulduz olovi bilan

bitilgan so‘zni o‘qish.

 

 

 

 

 

 

* * *

Tushganida boshinga qayg‘u,

Yolg‘iz qolasan sho‘rpeshona.

Qalam bilan yozasan, ushbu

G‘am-qayg‘udan qolmas nishona.

 

Tushganida boshinga hijron

Yorni sog‘inasan devona.

Qalam bilan yozasan nolon,

Hijrondan hech qolmas nishona.

 

Quyosh go‘yo bir xira chiroq,

Husnidan nur sochsa jonona.

Qalam bilan yozasan, biroq

Muhabbatdan qolmas nishona.

 

Shohbaytlar yo‘q, lutf-u tashbeh yo‘q,

Mo‘jiza yuz bermas hech qachon.

Yurak bo‘lsa tuyg‘usiz, sovuq,

She’riyatdan qolmas nom-nishon.

 

 

* * *

Meni bezovta qil hamisha, har on.

Uchib kel. Tinimsiz valdira, vaysa,

Kim kimni, nimaga, qayerda, qachon… –

Jo‘yali, jo‘yasiz jag‘irgin, javra.

 

Xoh iyul, xohi mart, xohi dekabr

So‘zlayver, janubda dam ol, qaytib kel.

Nimani istasang, barini gapir,

Tansiq ovqatlarni maqtab, aytib kel.

 

Adabiy burgalar sakrashin jo‘shib

Ta’rifla, misoli notadek chizgin.

Shampan och, tilak ayt qadahga qo‘shib,

Latifalar bilan ichakni uzgin.

 

Sim qoq. Eshigimni tepib kirib kel,

Bemahal xo‘rozdek qichqir har nafas.

Xokkey, kino, turqing bilan zada qil,

Faqat she’r bilanmas, she’r bilan emas.

 

SO‘Z

 

Poyezd kechikishi oddiy voqea,

Samolyotni kutib ichikadi ko‘z.

Haqiqiy baxtsizlik, katta fojia –

Mabodo kechiksa kutilyotgan so‘z.

 

So‘ngan gulxan uzra bo‘lgandek pushmon,

Kimsasiz kulbaga boqqandek mahzun

Kechikkan so‘z g‘arib, yig‘laydi yomon,

Uni kecha kutgan odamlar uchun.

 

Kechikkan so‘z bois o‘rmonlar yetim,

Bepoyon yerlarning peshonasi sho‘r.

Qabrlar qoshida so‘z ham beso‘z, jim,

Ruhlar bezovtayu qismat ko‘zi ko‘r.

 

 

* * *

Axir, menga kimlar ishongandi-ya,

Pinhon umid qilib yurakka malham?!

Maysalar, hayvonlar ishongandilar…

Menga ishongandi onajonginam.

 

Erkinlik deb barin boy berib qo‘ydim.

Onam qabri uzra yuzlarim shuvut.

O‘t qo‘ydim, maysalar qovjirab kuydi,

O‘q otdim, hayvonlar bo‘lishdi nobud.

 

Qushdek erkin bo‘ldim, mana, nihoyat.

Kishandamasman-ku bamisoli qul?

Bolaligimdagi so‘lim tabiat

Nega tushlarimga kirmaydi nuqul?

 

Qancha mamlakatlar tushdi qulfatga,

Ummonlarim qani? Qani dengizim?

Boqdim osmondagi noxush kalxatga,

Asli shu kalxatni uchirgan o‘zim.

 

Oyog‘im ostida yerlar sho‘r, taqir,

Ketyapman yelkamda safar xaltam shay.

Uyatdan yuragim o‘rtanar, axir,

Issiqda tashnalik qiynar ayamay.

 

Buloqqa tiz cho‘kib, egilib pastga

Chol kabi suv icha boshlayman uzoq.

Suvdagi aksimga qo‘shilib asta

Yer qa’riga singib ketadi buloq.

 

Aleksandr FAYNBERG,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Rus tilidan

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri

Rustam MUSURMON tarjimasi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.