Aziz Said: Xalq muhabbati nisbiy mezon

0
88
марта кўрилган.

*

“She’r qanday bo‘ladi?” deyish “bu dunyoning oxiri qayerda” degan savolga o‘xshaydi. Inson ruhi, xayoli, tafakkuri, tasavvuri qancha shakl yarata olsa, she’rning shakli shuncha, qancha tashbeh, manzara, ramzlar yarata olsa, she’rning go‘zalligi ham shu qadar bo‘ladi.

 

*

Badiiy asar hech qanday qonuniyatga, tartibotga bo‘ysunmaydi. Biror qonuniyatga amal qilib yaratilgan asar – o‘lik asar.

 

*

She’r – shoir qalbining tarjimayi holi. Nafaqat qalbining, balki ichki ma’naviyatining, hayot va she’riyat maktabidan olgan saboqlarining ham tarjimayi holidir.

 

*

Xalq muhabbati… nisbiy mezon. She’rning darajasi, shoirning qudrati faqat shular bilan o‘lchanmaydi. San’atning, yuksak adabiyotning she’rni baholaydigan o‘z mezonlari bor.

 

*

Iste’dod – kishi ongida tabiat, vaziyat, mehnat va muhit birgalikda qurgan suhbatdir.

 

*

Bir xil she’r bor, baliq kabidir: hayrat ummonida bir umr shiddat bilan suzib yuradi.

Bir xil she’r bor, qo‘l kabi: dag‘al, qadoqli, issiq, ko‘rishsang qo‘ling uyaladi, boshingni silasa, yig‘laging keladi.

Bir xil she’r bor, bulut kabidir: bo‘lar-bo‘lmasga yig‘laydi, shamol haydagan tarafga ketaveradi.

Bir xil she’r bor, lochin kabidir: xayol osmonida qanotlarini yozib mag‘rur parvoz qiladi.

Bir xil she’r bor, maymun kabidir: nayrangboz, beqo‘nim, daraxtdan daraxtga sakraydi, ko‘zlarida ta’ma o‘ynaydi.

Bir xil she’r bor, gulobga o‘xshaydi: sar­xush qiladi, ichgan sayin ruhing tashnaligi yana ortadi.

 

*

Go‘zallikdan zavqlanish, uni mushohada qilish uchun nozik did, ta’sirchan qalbdan tashqari qobiliyat ham bo‘lishi kerak.

 

*

Davlatning ham maqsadi shu – farzandlar bilimi yuksak, dunyoqarashi keng, iymonli, yurt ravnaqiga xizmat qiluvchi va Baxtli bo‘lishini istaydi. Va bu yo‘lda maktab-u dorilfununlar qurish uchun, ta’lim-u tarbiya uchun milliardlab mablag‘ini sarflab borar ekan, barcha orzularini bir so‘zga jamlab da’vat qiladi:

“O‘qi bolam, odam bo‘l!”

Demak davlat, kitob tarbiya va ibrat borasida har qanday qonun va qarordan qudratli ekanligini biladi.

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.