Nakurt

0
232
marta ko‘rilgan.

1

Nakurtlik Olloyorboy

ota ruhiga bag‘ishlanadi

 

Quturgan to‘lqinda suzayotgan kemadek

Chayqalib-chayqalib borar yo‘lovchi.

Toshlar ayqash-uyqash.

O‘yilgan ko‘zlardek o‘nqir-cho‘nqir yo‘l.

Ikki taraf tepalar – go‘yo o‘lik tuyalar.

Adir qoyalari –

Bamisli langarlar.

Har yer – har kavaklar

Og‘izlari lang ochiq.

Qay bir yerin chirmab olgan changallar,

Xuddi o‘sib yotgan chipqonlar.

Asrlarni qaritgan

Sertirnoq toshlarni borar bosib yo‘lovchi,

Go‘yo dorda ketayotir u.

Tegrasida esar shamollar,

Turar o‘lim yonma-yon.

O, yo‘lovchi shiddatkor,

Xudo unga madadkor,

Beshbarmoq qoyalarin quchmoqqa.

Orzu qanotida uchar u.

Ana,

Manzil ko‘rinar alhol,

Shundoq yaqindan

Changallarin cho‘zar qoyalar…

Ne tong,

To‘rt taraf tog‘ o‘rmoni –

Yovvoyi daraxtlar suroni.

To‘lg‘anib yotar qamishzor…

Uni ilonlar,

Chayonlar,

baqalar,

bo‘rilar,

ayiqlar,

tulkilar aylagan makon.

O‘ylar girdobiga cho‘mar yo‘lovchi,

Tin oladir po‘lat kabi og‘ir.

Beshbarmoq qoyalariga tikilar Yo‘lovchi,

Mehri tovlanar Quyoshdek.

Ichida uyg‘onar ovchi,

Bas, ko‘ngli sari borar u…

Ado bo‘lar to‘qayzor,

va chekinar yovvoyi maxluqlar.

Ilonlar do‘st bo‘lur,

Tovushqonlar bo‘lur do‘st.

Beshbarmoq qoyalari olar bag‘riga.

O, Nakurt tortadir sehriga.

Tortadur g‘aroyib mehriga.

Bas endi,

Bas, endi Yo‘lovchi emas, u.

Unga makon,

Unga jon Nakurt!

Unga jon Nakurt!

 

Shoir bolaligi

2

Javzo quyoshi ostida,

Egnida terlik,

Jikkakkina bola

Toshlardan toshlarga sakrab,

Qo‘y-qo‘zilar ortidan uchar.

Soyabon boshida oq bulut,

Oppoq bulut.

Qarigan tog‘larni quchar

Labidan taralgan nay sadosi.

Huv, pastda esa,

Bosh urib toshlarga

Qaygadir oshiqar telba soy,

Cho‘qqilardan qaytur aks sadosi.

Cho‘pon bola,

Tog‘lar adosi.

Suruv haydar,

Yo‘qdek Vaqt ibtidosi.

Ana,

Quyosh yonboshlar ufqqa,

Sochib alvon lolalar.

Qo‘nar oqshom Borliqqa,

Qanot yozgan qarg‘adek.

Chetan devor ichiga

Cho‘pon bola qamar qo‘y-qo‘zilarin.

Endi,

Oyning oydin yog‘dusida

Tog‘lar ila so‘zlashur,

bo‘zlashur.

Ajab,

Har so‘ziga tirmashur qofiya

Misoli zanjir.

Vujud-vujudidan qaynar tuyg‘u,

U balki

baxsh etib ona tog‘larga

To‘qir she’r.

U balki

Bobosi yodlatgan Yassaviy,

Navoiy,

Mashrabdan o‘qir she’r…

Tun yarmidan oqqanda,

Yulduzlar hayrat-la boqqanda,

Bosh qo‘yib toshlarga

Tog‘dek orzulari og‘ushida uxlar.

Uning-la tonggacha kaftida uxlaydi ilon.

Kapalaklar,

To‘rg‘aylar,

G‘urraklar qanoti sasidan uyg‘onar sahar.

Yana cho‘qqilar sari,

Quyosh nurin simirib sutdek,

Suruv haydar.

O, uning qalbida tog‘larga boshqacha mehr

Va chirmab olgan g‘aroyib sehr.

Bir kun mashhur shoir bo‘lar u,

Ko‘zlarida ko‘rdim She’riyat qasrin.

Bir kun yuragining tub-tubidan otilgay vulqon,

She’rga cho‘mar Nakurt tog‘lari butkul.

 

YoZ

1

Saraton…

O‘t-o‘lanlar sarg‘aygan,

Tog‘lar boqar mung‘aygan ko‘yi.

Qo‘y-qo‘zilar ma’rar,

Sukunatning buzilgan uyi.

Qanotlarin qoqadi kaklik,

Balki cho‘qqilardan topadi orom.

Soyada mudraydi it sho‘rlik,

Tushovda ot depsinar beorom.

Issiqning damidan chatnaydi toshlar,

Nakurtsoy bo‘yida gullagan yalpiz.

Yaktakda nuroniy bosh qashlar,

Qum yo‘lakda ilon qoldirgan yorqin iz.

Ajab,

Bir tarovat ila kechar tog‘larda yoz,

Matoga sig‘maydi manzarasin chizsam gar.

Men o‘tli nafasim rostlab bir oz,

Yoz suvratin yuragimga ko‘chirishim muqarrar…

2

Yoz,

Yomg‘ir quydi sharros.

Yo falak,

Ko‘nglim osmonini bosdi

Qora bulutlar.

Ruhim tog‘laridan uchdi burgutlar.

Jildirab cho‘qqidan sariq jilg‘alar,

Saraton iforin taratdi.

So‘ngra,

Osmon niliy ranglarga bo‘yala,

Cho‘g‘li quyosh ko‘rsatdi bo‘y-bastin…

Ajabo,

Ko‘nglim ham yorishdi osmonday

Tog‘ havosin tuyib.

 

3

Nakurt.

Hansiraydi havo.

Hansirar tog‘u toshlar…

Bunda Quyosh yonar.

Sukunatga cho‘mgan bog‘lar

Tilla mevalarin ko‘z-ko‘zlar.

Hassaga tayangan daraxtlar poyida

Qirmizi olmaga qo‘l cho‘zar

Yalang‘och bolakay entika.

Biroq yetmay intiq qo‘llari

Qichqirib uyg‘otar Nakurtni.

 

4

Nakurt oqshomlari…

Bo‘lurman oshiq,

Serjilo yulduzlar raqsga chorlar.

G‘arib yuraklarda uyg‘otadi ishq,

Yozgi kechalar, o, kunduzday porlar.

Naqadar go‘zaldir tog‘lar soyasi,

Shabboda ko‘ksimga bosh qo‘yar mayin.

Tonggacha tugamas tog‘ hikoyasi,

Azim soy charchamas chalishdan nayin.

 

Sehrga bog‘landi oshufta ko‘nglim,

Ichimdan vulqonday toshar hayqiriq.

Uchib cho‘qqilarga qush kabi ruhim,

Sayraydir,

sevgidan kuylaydir qo‘shiq.

 

5

Tog‘lar quchog‘ida durkun cho‘zgan bo‘y,

Oq teraklar,

Go‘yo yam-yashil dunyo.

Yaproqlari chalar bir g‘aroyib kuy,

Tunlar og‘ushiga tushar Surayyo.

Yoz…

U tog‘liqlarga berar ko‘lanka,

Yonayotgan oftob selida o‘ktam.

Teraklar bo‘ylari adl va tikka,

U tog‘liq yigitlar singari ko‘rkam.

 

6

Qari xarsang panohida

Bo‘y cho‘zibdi,

Yozgi bulut –

Oppoq gul.

Baxsh etar

Epkinlar unga halovat.

Yoz nafasi

Baxsh aylar jon.

Zero,

Go‘zallik ulaydi toshlarga Gul.

 

7

Oftobning o‘tli nafasida

Tog‘liq bola yo‘rtar eshagin.

Voh,

Poyida xarsanglar.

Qayoqqa ketmoqda, yohu?

Ergashtirib soyasin

Ko‘ngli sari borayotir u!

 

8

Nakurtda

Yong‘oqzor o‘sar tog‘lardek baland,

Shoxlari zalvorli,

Yaproqlari yam-yashil.

Orom olar qo‘ynida yoz shamoli.

Toshlarni chirmagan tomirlari baquvvat.

Shundanmi,

Toshlardek badani ham metin.

Shundanmi,

Ashaddiy bo‘ronlar sindirolmas.

Shundanmi,

Novdalarin urolmas chaqmoq.

Shundanmi,

Tik tepasida Quyosh har kuni,

Shundanmi,

Oy bag‘rida quvnar har tuni.

Shundanmi,

Ustida bulutlar yig‘lar.

Shundanmi,

Poyida ariqcha jildirar.

Shundanmi,

Shoxida belanchak –

Qiqirlar bolakay!

 

Tursun Ali

 1952 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

“Zangori ovoza”, “Yurakdagi so‘zlar”, “Yorug‘ kunlar”, “Yolg‘izim”, “Uyg‘oq sukunat”, “Tuyg‘ular rangi”, “Sokin hayqiriq”, “Saylanma”, “Qush pati”, “Qor shu’lasi”, “Turnalar yo‘li” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.