Alisher Navoiy – turk dunyosi  timsoli

0
22
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan Xalqaro konferensiya qatnashchisi, Alisher Navoiy ijodi tadqiqotchilaridan biri, eronlik adabiyotshunos, matnshunos olim, professor Husayn Muhammadzoda Siddiq bilan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahnoza Nazarova suhbatlashdi.

Suhbat matnida Husayn Muhammadzoda Siddiqning o‘zbek tilidagi nutqi saqlanib qoldi.

 

Shahnoza Nazarova: Hurmatli professor, sizda o‘zbek adabiyotiga qiziqish qanday uyg‘ongan?

Husayn Muhammadzoda Siddiq: Men Istanbul universitetining Islom qiyosiy adabiyotshunosligi (turkiy, forsiy, arabiy) fakultetida tahsil olganman. Rahmatli Muhammad Erjin va Kamol Elars­lan ustozlarim bo‘lishgan. Ular meni O‘rxun obidalari, chig‘atoy turkchasi, uyg‘ur turkchasi va Alisher Navoiy bilan tanishtirdi. Bu manbalarni qiziqish bilan o‘qib, o‘zlashtirdim. Eronga kelgach, mazkur manbalarning tadqiqi bilan shug‘ullana boshladim. Men Alisher Navoiyga Fuzuliy orqali bog‘langanman. Fuzuliyning Navoiydan ilhom olgani va hazratga qattiq ixlos qo‘yganini bilgach, his etgach, Navoiyni chuqurroq o‘qishga harakat qildim va hayratga tushdim. Turkiy dunyoning timsoli, g‘oyat katta iqtidor egasi, mutafakkir, maorifchi, siyosatchi inson ko‘z o‘ngimda gavdalandi.

Eronda Navoiyni ko‘p o‘qiganlar. Hozar shohi Nosiriddinning E’timod us-saltana nomli sadri a’zami – bosh vaziri bo‘lgan. Mana shu vazir aytar ekanki, har kech shoh Navoiydan bir g‘azal o‘qilib, izoh etilmagancha uyquga yotilmasdi. Navoiy saltanatda shu qadar tanilgan va ixlos etilgan. Tabrizda Fatalishohning noib us-saltanasi Abbos Mirzo o‘z zamonida Navoiydan saboqlar berishni ta’sis etgan, Navoiyga oid izohlar, talqinlarni jamlab, xulosalab, kitob yozishga buyurgan va “Xulosai Abbosiy” nomli kitob yaratilgan. Navoiy Eronda turkiyda, forsiyda yozgan shoirlarning hammasiga o‘rnak va namuna bo‘lgan. Ularning bari Navoiydan mutaassir bo‘ladi. Bizda Sohib Tabriziy ismli fors tilida 120 000 bayt she’r yozgan buyuk shoirimiz bor. Ma’lumingizkim, forsiy she’riyat Sanoiydan boshlanadi. Sanoiy, Anvariy, Attor, Hofiz, Jomiy silsilasida davom etadi. Fors she’riyatida Abdurahmon Jomiyga qadar bir uslub mavjud va bu she’r uslubi Jomiyda tugaydi. Nazm shevasi, nazm yo‘li Jomiydan o‘tilgach o‘zgaradi. Bu jarayon Navoiy ta’sirida yuz bergan, bu yangi uslub. Eronda buni “hindiy uslubi” deydilar. Chunki bu shevada, ya’ni bu uslubda yozgan shoirlar keyinchalik Hindistonga ketganlar. Ammo, menimcha, buni Navoiy uslubi deyish lozim. Bu she’riyatda Navoiyga xos xususiyatlar bor. Navoiyning har bir baytida muodala (tenglik, muvofiqlik) mavjud. Ya’ni baytning birinchi misrasida xayoliy, zehniy bir tasvir bor, u savol tarzida bo‘lib, so‘ng uning javobi ikkinchi misrada ayni tasvirda keladi (sub’yektiv tasvir ob’yektiv tasvirga ko‘chadi). Bu usulni Fuzuliy Navoiydan olgan. Sohib Tabriziy bu yo‘lni Fuzuliy orqali o‘rgandi va fors she’riyatiga olib kirdi. Sohib Tabriziydan keyingi avlod shoirlarida eski uslub, ya’ni Sanoiydan to Jomiyga qadar amalda bo‘lgan uslub qo‘llanmaydi, hammalari Navoiy yo‘lida yozadi. Navoiyning fors she’riyatiga ta’siri bu qadar bo‘lmishdir. Bularni tushunib yetgach, Navoiy asarlariga qattiq berildim. “Badoye ul-lug‘at”, “Sangiloh” kabi Navoiy asarlariga yozilgan izohlar bilan chuqur tanisha boshladim. “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Me’zon ul-avzon”, “Munshaot”, shuningdek, forsiydagi maktublarini Eronda nashr ettirdim. Inshaalloh, agar Toshkentga, Navoiy universitetiga kelsam, navoiyshunoslik bilan yanada yaqinroq tanishaman. Tadqiqotchilar Navoiyning forsiy she’riyatga ta’siri masalasiga qiziqishsa, inshalloh, bu tadqiqotlarga rahbarlik qilaman.

 

Sh.N.: Bugungi kunda Eronda Alisher Navoiy ijodi o‘qiladimi?

M.S.: Rasmiy darslarda o‘qitilmaydi, darsliklarga kiritilmagan. Ammo xalq orasida o‘qiladi. Navoiyxonlar uchun kutubxonalar bor. Ali Asqarxon Hikmat hazratning “Majolis un-nafois” kitobini Eronda chop ettirdi, Navoiyning ahamiya­ti, Erondagi xizmatlari haqida yozdi. Navoiy uchun “Makorim ul-axloq” kitobi yozilmish, buni bilasiz. Klassik ko‘lamda Navoiyni Eronda hamma sevadi. G‘arazli bo‘lmagan olimlar Navoiyni, albatta, turkiy dunyo namunasi, islom dunyosining buyuk mutafakkiri, shoiri deb biladi.

Sh.N.: Siz bilan Xastimom masjidi, Baroqxon madrasasini ziyorat qilar ekanmiz, aytdingizki, asl forsiy sizning yurtingizda qolgan, yolg‘on forsiy bizdadir…

M.S.: Mumtoz, kibor, go‘zal, tarixiy forsiy til sizda qolmish. Bizdagi qurama, yasalgan forsiy. Masalan, sizning ismingiz Shahnoza, uning ismi Dilnoza – bu to‘g‘ri, eski forsiycha. Ammo Eronda Shahnoz, Dilnoz derlar. Bu yanglish, buning ma’nosi yo‘q, so‘zlar buzilmish.

 

Sh.N.: O‘zbek adabiyotidan yana kimlarni o‘qigansiz?

M.S.: Hazrat Lutfiyni o‘qidim, hali ko‘p o‘qiyman. “O‘zbek adabiyoti tarixi” nomli kitob yozmoq niyatim bor.

 

Sh.N.: Ogahiyni bilasizmi? Mashrabni o‘qiganmisiz? So‘fi Olloyor, Ahmad Yassaviy merosi bilan tanishmisiz?

M.S.: Ogahiyni-da, So‘fi Olloyorni-da bilaman. Mashrabni bilmasman. Ahmad Yassaviy haqida kitob yozdim. Qomusingiz “Devonu lug‘otit turk”ni forsiyga o‘girdim va nashr ettirdim. Hozir moniylik uyg‘ur matnlari bilan ishlayapman.

 

Sh.N.: Ko‘p davlatlarda bo‘lgansiz. Dunyo navoiyshunosligi va xususan, Eron navoiyshunosligi haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik. Bunda Eron navoiyshunosligining o‘rni, nufuzi, hissasi qancha?

M.S.: Dunyoda navoiyshunoslikning birinchi markazi – O‘zbekis­ton. Ikkinchi markazi, menimcha, Turkiya. Yuqorida aytib o‘tdimki, Eronda ham navoiyshunoslik bor. Mashhadda Navoiyga bag‘ishlangan konferensiya bo‘ldi, ma’ruza qildim, boshqa manbalar bilan tanishdim.

Eronda Navoiyni tanqid etuvchilar ham bor. Masalan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”da keltirilgan so‘zlar sanog‘iga e’tiroz bildiradilar: “Bu so‘zlar bizda buncha, buncha”. Ammo doim Navoiy ko‘rsatganlarigina to‘g‘ri bo‘lib chiqadi.

Navoiy turkiy tilning yuksakligini ko‘rsatdi. Hazrat: “Forsiyda she’r yozmoq oson, turkiyda yozing”, der. Navoiy shunday bir inson. Navoiyni bizda Eron turklari ham ko‘p sevadi. Bizning Fuzuliy Navoiydan o‘rganmish. Ham turkiy, har forsiydagi Navoiy uslubini yoymish, naziralar yozmish, taqrizlar etmish. Navoiydan keyin kelgan turkiyzabon ijodkorlarning har biri Navoiyni tanimish, Navoiyni o‘qimish.

 

Sh.N.: Suhbat uchun ko‘p rahmat, yana bir bor xush kelibsiz.

M.S.: Sog‘ bo‘ling, doktor xonim.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.