O‘rtamizda ishq – ko‘prik…

0
40
marta ko‘rilgan.

Tabibga…

 

Qo‘l chiqdi. Tabib tomon

Burdim asta yo‘limni.

Kim ham sola olardi

She’rdan chiqqan qo‘limni.

 

Issig‘im bor, dorini

Ichdim basma-basiga.

Ayting-chi davo bormi

Qalbim isitmasiga?

 

Qonimni quyuq deysiz,

Eritar quyosh botgan.

Qon emas, oqmas bo‘lib,

Ko‘zlarimda yosh qotgan.

 

Tanga kirib oldi jim,

Bordir na bo‘y, na tusi.

Emlanmay qolgan edim,

Yuqdi yolg‘on virusi.

 

Uring qoq yuragimga

Shifoli nina tig‘in.

O‘zim o‘zimga qo‘ygan

Tashxis: vijdon og‘rig‘i,

Tashxis: imon og‘rig‘i.

 

 

 

 

 

Ziddiyat

 

Ikkalamiz – ikki qirg‘oq,

O‘rtada hajr – daryo,

O‘rtamizda ishq – ko‘prik.

Termulib turamiz bir-birimizga,

Ko‘ramiz dillarimizda gullar unganin:

Menikida – ishonch guli,

Senikida – shubha.

 

Men bosib o‘tyapman ishq ko‘prigini,

Sen chekinyapsan.

Go‘yo hajr sahro-yu – kengaymoqda,

Sen qurib boryapsan daryoday.

U seni bosib o‘tmoqda.

 

 

* * *

Sevgining ko‘z yummog‘iga ko‘zin yumdi yuragim,

Ko‘zim nurin ado qildi bilolmayin ne vasl.

Borlig‘imni kuydirguvchi ishq taftidan yashnagan

Sog‘imchimning daraxtida pishdi sabrim mevasi.

 

Endi ular mayin esgan yelga ham dosh berolmas –

To‘kiladi.

 

Nigora Toshmurodova

 

1997-yili tug‘ilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabi­yoti universiteti talabasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.