Raqiblar

0
61
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

 

Ta’til davrim nihoyalab qolgan kunlar edi. Bekorchilikdan bostirma ustidagi g‘aramda allamahaldan beri qalin bir romanni varaqlab o‘tirardim. Roman shu qadar semiz, yasama to‘qnashuv­lar bilan liq to‘la ediki, uni oxirigacha o‘qib chiqishga Azroilning o‘zi ham meni majbur qila olmasdi. Men kitobdan ko‘z uzib, etak tarafdagi o‘rkach-o‘rkach adirlar uzra qiyalab botib borayotgan oftobni, uning qirmizi nuriga chulg‘angan qishloqni tomosha qilardim. Teraklarning oq yaproqlari shivirlar, keksa tollar nomozgar yelida salobat bilan chayqalar, uylarning peshtoqlari, sal naridagi boshqa pichan g‘a­ramlari ham shu qirmizi rangda lovillab yonar edi.

Daladan hali mol qaytmagan. Qishloq osuda. Odamlar chang yo‘lda u yoq­dan-bu yoqqa o‘tib turishar, go‘yo dunyoning tashvishlari ularga begonadek, sira shoshilmas edi. Qishloqni tomosha qilishdan zerikib, guzardan mollarni sug‘orib Qo‘ziboy ukam qaytardi.

– Olamda nima gap, Qo‘zi polvon?

– Olamda xotirjamlik, – dedi u hovli o‘rtasidagi og‘ochqoziq yoniga otdan sakrab tusharkan.

– Nahotki hech gap bo‘lmasa?

– Shunday, hech gap yo‘q. – Bola o‘zini kattalardek tutib, shoshilmasdan otni og‘ochqoziqqa bog‘ladi. So‘ng ayilini bo‘shatarkan, shunchaki aytayotganday qo‘shib qo‘ydi: – To‘ra junchinikiga bir mashina yem kepti. Mashina hozir tumanga qaytib ketarkan, yukni tushirishyapti. Xo‘-o‘sh, yana… Mavlon pochtachi magazinda aroq ichib olib, Maxsumning o‘g‘lini uribdi. Ustidan yozgan ekan.

– Nimani yozibdi?

– Nimani bo‘lardi, odamlarga gazet-jurnal tarqatmaydi, deb yozgan-da. Mavlon pochtachi: “Senga gazeta o‘qishni kim qo‘yibdi, tirrancha? Undan ko‘ra, borib otangning chor kitoblarini varaqlagin, mulla bo‘lasan! Otang qartaydi, yaqinda o‘lsa ham kerak, axir qishloqda endi nikoh-u janozani kim o‘qiydi?”, debdi. Maxsumning o‘g‘li uni “axta piyonista!” deb so‘kibdi. Shundan keyin pochtachi uni tutib olib uribdi. Hozir Maxsumning kampiri pochtachini qarg‘ash uchun magazinga bor­yapti. Oldimdan chiqdi: jelagini qo‘liga olvolgan. Shashti baland…

– Otning yemini ilsang-chi, vaqvaqa! Janjal bilan nima ishing bor? – Ayvonda nimadir yo‘nib o‘tirgan otam Qo‘ziboyning so‘zini bo‘ldi. – Ha, aytmoqchi, To‘ra yem obkeldi, de­dingma? Qancha? Bir mashina?… Ana, odamlar allaqachon qishligini ham g‘amlab olyapti. Sen ham, Nurali, u yoqda oshna-poshnalaring bo‘lsa, biror tonna yorma chiqarib berganingda, ilikuzildi mahali mollarga asqatarmidi?

Bu gaplar, albatta, menga tegishli edi. Lekin, “shahardagi oshna-poshnalarim” omborga yoki fermaga mudir emas, balki oddiy talabalar ekanini aytib otamning hafsalasini pir qilishdan nima foyda? Shaharda o‘qiganim uchun otam meni qo‘lidan ko‘p ish kelsa kerak, deb o‘ylaydi o‘zicha. Ertaga  qaytishim kerak. Buning uchun avval bironta yo‘lovchi mashinada tuman markaziga borib olish lozim. Xudo biladi, qachon jo‘naydi bu shaldi­roq aravalar, yana ularga nimalar ortilgan: somonmi, go‘shtga jo‘natilgan qo‘ylarmi? Tag‘in, xo‘jalikning shofyorlari o‘lguday dimog‘dor, tosh yo‘l qancha quyuq changisa, ularga shuncha maza! Nima ham derdik, mashina ularniki, bilganlarini qiladi-da. Xullas, To‘ra junchinikiga kelgan mashina bilan jo‘nab yuborsammi, deb xa­yol qilib Qo‘ziboydan har ehtimolga qarshi so‘radim: 

– Mashina kimniki?

– O‘tagan akaning “Zil”i.

Badanimga ilon o‘rmalagandek seska­nib ketdim. Ruhimdagi beg‘am, huzurbaxsh sokinlik o‘rnini varaja egalladi. Har safar­gidek uning otini eshitib g‘azabdan lov yondim…

Bu o‘sha O‘tagan edi! Mening azaliy raqibim. Yoshlikning po‘rtana ummonida biz hanuz yo‘l tala­shib kelamiz. Biroq har safar men piyoda, u yo‘rg‘a otda. Bu “poyga”ning oxiri nima bilan tugashi esa noma’lum. Yo‘rg‘a ot uni allaqachon egardan itqitib tashlashi kerak edi, ammo u shunday itoatkor jonivorki, kim qayoq­qa bursa, o‘sha yoqqa yeladi. Hali dalada qo‘zi boqib, chillik o‘ynab yurgan kezlarimiz ham u meni g‘irromlik bilan yutib, zuvlatardi. Biz bamisoli qarama-qarshi ikki qutb edik. Maktabda xuddi atay qilganday uni men bilan bir partaga o‘tirg‘izib qo‘yishdi. Sinf rahbarimiz Qulmatov akasining oshnasi: “Shu bola sinfdan ko‘chmasa, sen javob berasan! – dedi u menga. – Shaxsan o‘zim shug‘ullanaman bu masala bilan. Senga shu pionerskiy porucheniya, uqdingmi? Dangasalikni xayolingga ham keltirma! A’lochiman deb mag‘rurlanma. Odamni bilib bo‘ladimi? Eynshteyn maktabda o‘qib yurgan chog‘lari fizikadan ikki baho olar ekan…” Qulmatovning gaplarini o‘shanda g‘iring demay ting­lagan bo‘lsam-da, O‘taganga hech qachon hech narsani o‘rgatmadim. O‘rgatganimda ham bu to‘n­kaning miyasiga biror narsa kirarmidi? Lekin u, shu kundan boshlab uy vazifalarini daftarimdan bemalol ko‘chirib olaverdi. Niyati ham shu edi-da o‘zi. Tanaffusda esa, meni qanday bop­laganini – yashirib qo‘yilgan joyidan daftarni topib, juda “gajakdor” qilib ko‘chirganini, xullas, meni “esh-shakday” ishlatib maza qilayotganini bolalarga so‘zlab berardi. Ular qiy­qirib chapak chalishar, navbatdagi hangoma­sini eshitish uchun xuddi shotirlarday uni o‘rab olishar edi. Men, albatta, bu shotirlardan biri­ning halqumiga o‘xshatib tushirardim. Shundan keyin O‘tagan hangomani bas qilib, xumday boshini egib, mo‘min-musichaday yana yonimga o‘tirib olar edi.

Akasi Mirzaxonov sovxoz direktori. O‘tagan esa – qovoqkalla. Shunday bo‘lsa ham, uddaburonlik bilan amallab maktabni bitirib oldi. Bir partada o‘tirardik. Borib-borib O‘tagan zig‘ir yog‘day ko‘nglimga urdi; sinf rahbarimizga arz qildim. Yo‘q, arz qilmadim, faqat boshqa partaga o‘tkazishlarini so‘radim, xolos. Biroq yupqaquloq muallimning boshidan kapalagi uchdi: “Nima deding? Boshqa partaga deysanmi? Bor, bor, tirrancha, darsingni qil, O‘tagan bilan ishing bo‘lmasin. U kimsan Mirzaxonovning ukasi-ya!”

Nihoyat, maktabni ham tamomladik. Yo‘limiz ayri tushdi – men poytaxtga  o‘qishga ketdim, u harbiy xizmatga jo‘nadi. Shundan keyin, uchrashganda, balki, o‘tgan-ketganni eslab suhbatlar quradigan dilkash jo‘ralar bo‘lib ketishimiz mumkindek edi, lekin oshnachilik qilish bizning manglayimizga yozilmagan ekan. Asl raqobat – endi bolalik sho‘xliklari, deb bo‘lmaydigan mojaro keyin boshlandi.

 

*  *  *

Odamlar qiziq-da: o‘zlari bilan ishi yo‘q, bo‘y yetgan qizlarini erga berish haqida sira qayg‘u­rishmaydi. “Tengi chiqsa, uzatamiz-da, shunga ham tashvishmi?” deb yuraverishadi. Ammo To‘lash rais qizini kimga beradi? Ta’rifi ketgan bu go‘zal qiz kimga nasib bo‘larkin? Mana, muam­mo! Kayvoni xotinlar urchuqlarini yonlariga qo‘yib shu haqda bosh qotirishar, turli gaplarni bichib-to‘qishar edi. Bu hol to bulturgacha – O‘tagan armiyadan kelib Gulsanamga sovchi yuborgani-yu, mening qizga jazman – oshiq ekanim elga oshkor bo‘lgunicha davom etdi. Lekin baribir muammo yechilmadi, qaytaga battar chalkashib ketdi. Keksalar darrov bir qarorga kelishdi: “Albatta, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas, rais qizini O‘taganga beradi, vassalom! Men buni yarim yil burun aytganman, endi ham gapimdan qaytmayman!” “Rost, – deya aqllarini ishga so­lishardi boshqa birlari, – O‘tagan qarchig‘ayday yigit, bersa shunga beradi-da, Nuraliga yo‘l bo‘lsin!” Ammo birovning gapiga ergashmaydiganlar ham yo‘q emasdi. “Nega endi shunday bo‘larkan? Bilib gapiringlar-da gapni. O‘tagan bu qizga loyiq emas, Nurali – boshqa gap: o‘qimishli, aqli raso kelishgan yi­git. Gulsanam ham unga oshiq emish. O‘shanga tegsa kerak. Qiz ham bir narsani didlab oshiq bo‘ladi-da odamga!”

Bu gaplardan balo-qazodan qochganday chetlatib yurardim, lekin hammasini, baribir, menga oqizmay-tomizmay yetkazib turishardi.

O‘tagan qizga allaqachon sovchi yuborgan va endi bashang kiyinib olib, goho ulfatlari bilan, goho sovxozning eng zo‘r mashinasida ko‘chani changitib yurardi. Men esa odatdagiday, bostirma ustida Gulsanamlarning guzar bo‘yidagi bog‘ hovlisi tarafga ko‘z tikardim. U goho yiroqdan meni ko‘rar, ro‘molchasini silkitib salomlashar edi. Bizning oshiq-ma’shuqligimiz shundangina iborat. Biroq yangalarim “oyoq olishimdan”, raisning uyiga tez-tez qarayverishimdan masalani osongina tushunib olishdi va menga: “Yetar endi shuncha paranglik qilganingiz, sovchi yuboraylik, kekkayib yurib, tag‘in birovga ol­dirib qo‘ymang”, deyishdi. Otam bo‘lsa, To‘lash rais o‘zining oshnasi ekani va “Bir qiz bo‘lsa, bor-e, ana, kelin qil, sen bilan biz endi ko‘ribmizma bunaqa savdolarni!” deyishini aytib rosa maqtangach, shart turdi-yu sovchilikka jo‘nadi. Kechqurun xuddi ish bitganday og‘zi qulog‘ida, xursand kirib keldi. Surishtirishsa, bor-yo‘g‘i: “Hali ertaroq, taraddimiz bitgan emas. Keyin bir xabar oling, o‘ylab ko‘ramiz”, deyishgan ekan, xolos.

Enam, odati bo‘yicha, oldindan tayyorlab qo‘ygan ta’na-yu malomatlarini yog‘dira ketdi:

– Quring siz, chol, axir O‘taganning sovchilariga ham shunday deyishgan. Gapni kavlashtirib ko‘rmadingizmi? Uljon kampirning didi kimda – shuni biling edi avval.

– Uljonga yo‘l bo‘lsin rais turganda.

– Nima dedi o‘sha ordona raisingiz?

– Aytdim-ku nima deganini. Senga darrov mayli, dermidi? Qizini toshga chiqarib o‘tiribdima? Ana, o‘g‘ling xat yozsin, juda bilging kelayotgan bo‘lsa!

Otam To‘lash raisning qo‘lida ko‘p yillar ferma mudiri bo‘lib ishlagani, chorva uchun rosa xizmat ko‘rsatganlari haqida uzundan-uzoq gurung boshladi. Oxirida soqolini silab: “Burgutday nazari baland edi”, deb qo‘yardi.

Gapni qarang: “Burgutday nazari baland edi”, emish! Bir paytlar bo‘lsa bo‘lgandir, ammo hozir bu nazari balandlikdan asar ham qolmagan. Raislikdan allaqachon bo‘shab, shundan keyin darhol qartaygan, xirom etikni mahsiga, sur telpakni simobi sallaga almashtirib ko‘rkamgina cholga aylangan. O‘tgan bahorda shahardan kelgan muxbir uni bola-baqrasi bilan suratga oldi. Rangdor bir jurnalda chiqqan bu serha­sham suratda u talay orden-medallarini kiteliga taqib, o‘rtada gerdayib o‘tirardi. Farzandlari uyli-joyli bo‘lib ketgan, endi suyukli kenja qizi, Gulsanamni uzatishi kerak. O‘tagan bilan biz shu qizga talabgor.

Otni sug‘orish uchun kechqurun guzarga tushib borarkanman, beixtiyor xayolimdan Maxsumning, o‘g‘lini pochtachi urgan o‘sha Maxsumning so‘zlari o‘tardi: “Yerdagi hamma narsa, qurt-qumursqa, hatto osmondagi oy, yulduzlargacha hisobli. Xudoyim bir uloqni yaratibdi, unga atab bir tup shuvoqni yara­tibdi. Allohga shak keltirmang, azizlar”. Ha, demak, O‘tagan ham atay jig‘imga tegish uchun yaralgan ekan-da. Bo‘lmasa, kelib-kelib shu qizga sovchi qo‘yadimi? Akasi direktor, qo‘lini qayerga uzatsa  yetadi. Atrofda qiz demaganingiz… Ot jilovini siltab, tumshug‘ini suvga botirdi, lekin qadam sharpasi-yu satilning shiqirlagan tovushidan cho‘chib, shu zahoti boshini ko‘tardi. Men ham o‘girildim: Gulsanam! U satillarni bir qo‘liga olib, ikkinchisi bilan ro‘molini va o‘rimdan qochgan jingala sochlarini tuzatgancha menga qaradi. Ot bezovtalanib pishqirib yubordi va tag‘in suvga intildi. Gulsanam satilini chayishga tutindi. Men qizga na bir og‘iz gap gapira olar va na otning jilovini burib yo‘limga keta olar edim. Sarosar bo‘lib turarkanman, birdan qizning jaranglagan kulgusi eshitildi. U satillarni chayib bo‘lgach, sochini o‘ynagancha yana ko‘zlarini porillatib menga tikdi.   

– Otingiz suvga qondi-ku, nega ketmayapsiz?

Men qiz bolani ko‘rganda yuragi po‘killaydiganlardan emasligimni anglatmoqchi, unga hatto hazil-huzil qilmoqchi edim, ammo qizning sira tap tortmayotganini ko‘rib, dovdiradim. Otning qiyshayib qolgan no‘xtasini to‘g‘rilayman deb qamchinni tushirib yubordim. Nomus kuchli, shartta yerga engashdim, biroq ot yaydoq edi, qamchinning yoniga o‘zim ham guppa quladim. Gulsanam qah-qah urib kulib yubordi. Ust-boshimni qoqib otga qayta minarkanman, zarda bilan unga qaradim.

– Aytsangiz o‘zim olib berardim-ku, Nurali aka! Yaydoq otda turib qamchin olib bo‘larkanmi!

– Sendan birov shuni so‘rayaptima?

Gulsanam endi kulmas, go‘yo otdan o‘zi yiqitganday gunohkorona yerga boqardi.

– Qachon keldingiz o‘qishdan? Ko‘rinmaysiz? – U go‘yo ketib qolishimdan cho‘chiganday boshini tez ko‘tardi.

– Ko‘rinib nima qilardim?

U yana kuldi. U mening zarda qilayotganim boisini bilmasdi.

– Ehtiyot bo‘ling, tag‘in bitta-yarimta obqochib ketmasin sizni!

Kulgidan uning yuzi loladay qizarib ketgan, shu tobda o‘zi ham nomozshomatlas ko‘ylakda qirda yonib turgan lolaga o‘xshar edi.

– Menda gaping bormi, Gulsanam? – deya so‘radim undan otning yoliga barmoqlarimni botirgancha.

– Yo‘q, shunday o‘zim so‘rayapman-da. Nima, sizdan gap so‘rab ham bo‘lmaydimi? Aytmoqchi, menda bitta kitobingiz bor edi, o‘shani…

– Uyga, Rahimaga berib qo‘yaver. Anavi ish bo‘yicha otamlar yana borishadi, xabaring bordir?

Gulsanam uyalgan bo‘lib ro‘moli bilan yu­zini bekitdi, men esa suvliqni shaqirlatib chaynagancha taysallanib turgan otimni orqaga burdim…

 

*  *  *

O‘shanda talabalardan  guruh tuzib bizni BAM qurilishiga jo‘natishdi. Keyin o‘qish, imtihonlar…   xullas, 3 oydan so‘ng qishloqqa qaytdim. Taxminimcha, hammasi  shu davrda hal bo‘lishi kerak edi. Men qishloq yo‘lida, sovg‘a-salomlar bilan liq to‘la jomadonning og‘irini ham sezmay, xuddi o‘shanda Gulsanam bilan guzarda uchrashib qaytganimdagi kabi mastona xayollar qanotida kelardim.

– Assalom alaykum, mulla Nurali!

Qarshimda ko‘k toyxarga nevarasini mingashtirib olgan Xo‘shmat bobo turardi. Chol bilan qo‘l berib ko‘rishdim.

– Odamni uyaltirasiz-a, Xo‘shmat bobo! Salomni oldin biz aytishimiz kerak-ku.

– Siz aytishingiz kerak, lekin ko‘rmadingiz, bo‘tam. Aybi yo‘q, hech aybi yo‘q. Xo‘-o‘sh, qaytdingizma? O‘qishdan deng? O‘zi qachon bitadi, a, Nuraliboy?.. Ikki yil qoldi? Ha, durust. Domulla bo‘lasizma endi? Manov sho‘rtumshuqni siz o‘qitarkansiz-da?

– Bo‘lmasam-chi, hozir nechanchida o‘qiydi? Nechanchida o‘qiysan, oshna?

Bola javob o‘rniga burnini tortdi va uyalganidan bobosining orqasiga yashirindi. Go‘yo bobosi bir yoqqa qochib ketadiganday uning surp belbog‘iga mahkam yopishib olgan.

– Ikkiga boradi, tog‘asi. Nasib qilsa, bu yil ikkiga, – dedi chol bolaning o‘rniga. – Xo‘-o‘sh o‘qishlar bir nav-ku, nekin yashirishning keragi yo‘q, picha g‘ish-g‘ishasi bor. Bu haligi deng, oti nimaydi, hah… Ha, rubob, shunga ishqiboz! Hayitmurotning o‘g‘lida bor, bunda esa yo‘q. Hamma janjal shunga. Nuralijon, bo‘yingdan, jiyaningga shahardan bitta obkelib ber, xo‘pmi? Pulini beraman. Hozir yonimda yo‘q edi.

Shu mahal orqadan ustiga kapaday qilib beda bosilgan mashina kela boshladi va yonimizdan shitob bilan o‘tib ketdi. G‘ildiraklaridan otilgan quyuq chang Xo‘shmat boboning salla-choponini beladi.

– He, padaringga la’nat! Quturgan enag‘ar-a! – so‘kindi chol sallasini chuvatib qoqarkan. – Bu, haligi Cho‘tboyning O‘tagani. Bo‘yingdan suyak tushgur, o‘sha! Sadqayi odam ket-e!

Ketishga chog‘lanib zilday jomadonni qo‘lga olarkanman, so‘radim:

– O‘zingiz qayerdan kelyapsiz, Alim bobo?

– To‘lash rais kenja qizini uzatgan. Shunga, eski oshnachilik, chol qurg‘ur bo‘shashib o‘tirgan bo‘lsa, bir hangamalashay, deb borib edim. Boyagi esi yo‘qqa berdi qizini… to‘yga Mirza­xonovning o‘zi bosh bo‘ldi. Bir yoqda kino, bir yoqda artist, deng! Ko‘sam sarkaning o‘zidan 4 ta so‘yildi, yana ikki panji qo‘chqor. Hali bu – raisnikidagisi, to‘yning zo‘ri kelin tushib borgach, u yoqda bo‘ldi-da…

Chol sallasini qaytadan o‘rab olib, to‘yni, unga kelgan kazo-kazolarni ta’riflar, men esa ko‘z oldim qorong‘ilashib, xuddi boshimdan sovuq suv quyilganday, yo‘l ustida serrayib turib qolgandim…

– Xo‘p, panoi xudo. Haligi esingdan chiqmasin, Nurali! Otangga aytib qo‘y, ertaga Shahrisabz­ga juma namoziga boramiz-ov!

Boshimni ko‘tarsam, Xo‘shmat bobo allaqachon narida ko‘k toyxarini jadallatib ketmoqda edi. Beixtiyor uning ortidan yugurgim, haligi gaplari chinmi-yolg‘onmi, so‘ragim kelardi, chol meni jo‘rttaga laqillatib ketganga o‘xshar edi.

Satil ko‘targan bir to‘da qizlar guzar tomonga o‘tdi. Ba’zilari salom berdi, boshqalari izimdan kulishdi. Ularning ichida ilgari men nazarga “ilmagan”lari ham bor, endi go‘yo “o‘ch” olayotganday bir-biriga imo qilar, “Nurali aka, to‘ydan kech qopsiz, qaynonangiz suymas ekan”, deya gap otishar edi. Alamdan tishlarim qisirlab ketdi, o‘zimni qayoqqa urishni bilmasdim. Hatto gap otgan o‘sha sepkilli sariq qizni so‘kib yuborayozdim. Biroq to‘satdan atrofimni qop-qora g‘ubor qopladi va bu g‘ubor ichra hech narsa ko‘rinmas edi…

– Bordim, o‘shandan keyin raisnikiga ikki daf’a bordim. – Uyda men hech nimani su­rishtirmagan bo‘lsam ham, otam Gulsanamni olib berolmaganiga uzr so‘rayotganday palag‘da tovushda voqeani so‘zlardi. – Raisning daryoday toshib yurgan davrlari o‘tib ketgan. U paytlar gapi gap, so‘zi so‘z, qilichday kesar edi. Mirzaxonov sovchi bo‘lib borgandan keyin nima ham qilsin? U – katta odam, ministrlardan oshnalari bor…

– Ay, chol-a, ming qilsa ham, o‘zbakligingizga borasiz-da! Ota-bobongiz ko‘chmanchi o‘tgan, hamma gapga ishonaverasiz, – derdi urchuq yigirib o‘tirgan enam. – Uljon kampirning o‘zi qizini O‘taganning qo‘yniga solibdi, menga katta kelini Menglixol aytdi.

– Fotihadan keyin apil-tapil to‘y qib uzatgalariyam bejizga emas-da. – Gapga qo‘shildi yangam ham bilgich kayvonilarday. – Qilar ishni qilib qo‘yib, endi o‘zlari andavalab o‘tirishipti.

– Menglixoling bekorlarni aytibdi! G‘iybatning uyini kuydiradi u.

– Bo‘lmasa, sizning raisingiz oppoq ekan-da! Nega oldindan orani uzmadi? Mening bolamga xotin topilmay qoptima? Rozi bo‘lganida ham kelin qilmasdim shu to‘rvada azizini!

Chol-kampir meni juda xafa deb o‘ylashar, sal-pal ko‘nglimni olish maqsadida tinmay gap talashishardi. Aslida, bu tortishuvning behuda ekanini o‘zlari ham yaxshi bilishardi. Men esa bundan battar toriqib, mehmonxonaga chiqib ketdim. Singlim Rahima kirib o‘rin soldi. Lekin ketishga shoshilmay, o‘zini eshikning pardasini tuzatganga solib, picha hayalladi.

– Aka, sizga bir gap aytsam maylima? – dedi nihoyat.

– Aytaver, nima gap ekan?

– Gap emas-u, shunday bir… Manavi kitobni sizga Gulsanam berdi.

– Bergan bo‘lsa yaxshi. Tokchaga qo‘y, turaversin o‘sha yoqda.

– Qo‘liga berasiz, deb ko‘p so‘radi-da. To‘ydan oldingi kuni. Keyin yig‘ladi…

– Nega yig‘laydi? – Hardamxiyol so‘radim sir boy bermaslik uchun, ammo tomog‘imga alla­nima tiqilganday bo‘ldi, ko‘zlarimga yosh qalqdi, teskari o‘girildim.

– Sizni yaxshi ko‘rarmish, baribir esidan chiqarmasmish. Shuni aytib qo‘yishimni iltimos qildi.

– Balki, O‘tagandan chiqib, menga tegmoq­chidir, so‘ramadingmi?

– So‘ramabman, – dedi Rahima kinoyamni tushunmasdan. – Barimiz bir qishloqning bolasi, kuyovim bilan qasdlashib yurmasin, deydi.

– Shunday de? Uni yana ko‘rsang, aytgin: sen bilan ham, kuyovto‘rang bilan ham akamning bir chaqalik ishi yo‘q, hatto dunyoda shunday bandalar borligini bilmas ekan, degin, xo‘pmi?

Lekin o‘zim yolg‘iz qolgach, o‘ringa cho‘zildimu, o‘krab yubordim. Bilmas emishman, Gulsanamni bilmas emishman-a! Ayb undamiki, zarda qilsam. Bundayin sharmandalarcha chiranchoqlikka aslo toqat qilib bo‘lmasdi. Lekin… nega men shunaqa, og‘zidagi oshini oldiradigan, chumchuqqa ham ozor bermaydigan odam bo‘lib yaralganman! Ko‘ksimni qasos olish istagi yondirdi. Shaxt bilan eshik tomon yurdim va bexosdan gilamda yotgan allanimaga qoqilib ketdim. Bu o‘sha kitob edi – Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni. To‘zg‘igan sahifalar orasida ipak hoshiyali atlas ro‘molcha yotardi. Undan atir isi kelar, burjiga atirgul tasviri tushirilgan, ipak bilan bayt bitilgan. Ko‘z o‘ngimda Gulsanam jonlandi: U latif bir tazda ro‘molchani uzatib turar, gulgun chehrasi tabassumdan lola yanglig‘ yonar edi…

 

*  *  *

To‘ra junchinikiga ayni paytida yetib kelibman. Yuk tushirib bo‘lingan, mashina allaqachon yo‘lga shay bo‘lib turar edi. Qanor qopday barvasta, maykachan To‘ra junchi kapotga qo‘lini tirab O‘taganga nimanidir so‘zlardi. Salomimga alik olish o‘rniga, aftimga shunchaki bir qarab qo‘ydi, xolos. Pisand qilmagani uchun emas, muhimroq gap bilan band bo‘lganidan shunday qildi, shekilli. U har yili ikki mahal – qirqim payti odamlardan jun yig‘ib, davlatga topshiradi. Jun yig‘ishda u avval ro‘yxat tuzardi, keyin brigadir bilan uyma-uy yurar, goho saxiyligi tutib ketgan boyvachchaday uy egasining bolasini chaqirib, qo‘liga bir so‘m – ikki so‘m tutqazar, kattakon og‘zi yoyilib, kulgancha: “Daftar olasan, birodar, qalam bilan o‘chirg‘ich olsang ham, mayli, faqat yo‘qotma!” deb qo‘yar edi. Jun uchun to‘lanadigan pulning katta qismi uning cho‘ntagiga tushishini odamlar bilardi, albatta, biroq To‘ra junchi odamlar­ning salkam yarmi bilan quda-bilish, boja va tag‘in qancha baloyi battar oshnachiliklari bor. U har yerda hozir-u nozir, qishloqning usta kayvonilaridan. Ayniqsa, sovchilik bilan ot savdosida undan o‘tadigani yo‘q bu atrofda…

– Shunday qilib, bir piyola choy ham ichmay ketasizmi? – dedi u O‘taganga ungurday og‘zini ochib iljayarkan. – Hay, mayli, nima ham deymiz. Nasib bo‘lsa, o‘g‘il to‘yingizda bel bog‘lab xizmat qilamiz. Guruchi bizning bo‘yinga. Iskaladda oshnam bor, dangal yi­gitlardan, xuddi sizga o‘xshaydi. Revizor-pevizordan qo‘rqmaydi, hatto bultur bittasini urgan ham. To‘g‘ri-da, oshiqni tavakkal tashlamasang, ish bitadimi? Keyin deng, o‘sha bilan oshna bo‘lib qoldi qiztaloq!

Kap-katta odamning iljayishi, yana buna­qa chalakam-chatti gaplarni gapirib o‘tirishi nomatlub tuyulardi. Lekin To‘ra junchiga hammasi ketaveradi, o‘roqday burni kulganda hatto o‘ziga juda yarashadi.O‘tagan unga qaramas, go‘yo gapini eshitgisi kelmayotganday qo‘llarini cho‘ntagiga suqib, kekkayib turar edi. “Mana, ko‘rdingmi, odamlar meni qanchalik hurmat qiladi, sening bo‘lsa salomingga ham alik olmadi”, deganday menga bepisand nigoh tashladi u.

– Ha, aytganday, – dedi To‘ra junchi yormaga belangan shimining kissasidan pul chiqa­rib. – Manglayingizga surtib oling, axir buyam chavandoznikiday bir gap-da. Men otangizdan jun ham olib o‘tirmayman.

O‘tagan javob qilmadi. Pulni barmoqlari orasiga olib, cho‘tlab ko‘rmoqda edi. Lekin ular hammasi bir so‘mlik bo‘lgani uchun oxirigacha sanashning ilojini topmadi, shekilli, hech nima demay, buklab-buklab cho‘ntagiga tiqdi-da savol nazari bilan menga qarab qo‘ydi.Hozir raqiblikning mavridi emasligini ikkimiz ham tushunib turardik

– O‘qishga qaytayapman, tumangacha olaketsang, – dedim.

– Bemahalda boramiz-da, qayerda tunaysan?

– U yog‘i bir gap bo‘lar.

– Hm-m, yo‘lda hayallaymiz, ish bor ozroq… – U quyuq mo‘ylovlari tagidan tilla tishlarini yaraqlatib, past ovozda chertib-chertib so‘zlardi. – Ha, mayli, o‘tir, baribir tumanga boramiz-ku.

Mashina qishloqdan chiqdi. Ustiga tikan bosilgan paxsa devorlar ortda qolib, ship-shiy­dam dala boshlandi. O‘tagan soyaboni keng shapkasini do‘ng peshonasiga qo‘ndirib olgan, qayroqday yuzi qilt etmas edi. Go‘yo shu ketishda tumangacha miq etmay boradigandek. Bi­roq, sal o‘tmay o‘rtadagi adovatni ham unutib, beixtiyor gapga tushib ketdi.

– Mana shunaqa ishlar. Odamlar O‘tagan bundoq, O‘tagan undoq, leva ishlaydi, deb so‘kadi. Lekin har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi bu ish. To‘ra junchining yormasini Baqirchining o‘ridan olib chiqquncha ena sutim og‘zimdan keldi. Uch tonna yuk bilan hali bu o‘rdan odam bolasi chiqkan emas! To‘ra jun­chiga qolsa, dunyoni sel bossin, bergan pulini qara! Nima emish otamni jundan ozod qilar­mish! Zakon bo‘yicha juningni olavermaysanmi, bachchag‘ar! Ha, ishqilib orqangda bir kimsang bo‘lgani yaxshi. Qaysidir o‘tirishda shunday desam, Sarmonov domla: “Bo‘lmagan gap, hamma vaqt shunday bo‘lavermaydi, besh qo‘l barobar emas”, deydi. Qarasam, rosa mahmadanalik qilmoqchi! “O‘zingiz kim bo‘bsiz, chetdan keladigan daromadingiz yo‘q, birovga foydangiz tegmaydi”, dedim. “Nega tegmas ekan? Men, masalan, bolalarni o‘qitaman. Bundan ortiq foyda bormi? Odamlar o‘qimishli bo‘lsa, turmushimiz ham farovonlashadi”, deydi yana. Men unga: “Bu sizning tenglamalaringiz emas, yaxshisi, boshni qotirmasdan tuzukroq boshpana qurib oling, muallim aka! Keyin har qancha karillasangiz yarashadi”, dedim jahlim chiqib. Shunaqa-da, oshna…

U go‘yo hamma narsani o‘zi biladiganday, bu ishlarning mag‘zini chaqishga uninggina aqli yetadiganday maqtanib borardi. Hayot to‘g‘risidagi falsafalarini tinglaydigan odam topilganidan kayfi chog‘ bo‘lib ketgan edi go‘yo. Barcha aqli noqis, maydagap odamlarga o‘xshab O‘taganga ham qilingan ishlar, erishilgan muvaffaqiyatlarning o‘zi ozlik qilar, bu narsa­larni yana kimgadir aytib maqtanish kerak edi. Men uning maqtanishlarini, do‘rillagan ovozini “miriqib” eshitib borayapman, me’damga zig‘ir yog‘day urardi. Buning ustiga: “Yo‘lda hayallaymiz”, degani… Dilim tog‘larni o‘z komiga tortayotgan qorong‘u oqshom kabi kadarli edi. Enamning hay-haylab qarshilik ko‘rsatishiga qaramay bemahal yo‘lga chiqqanimga pushaymon yedim.

O‘tagan mashinani Baqirchiga burdi.

Zov etagidagi choqqina qishloq. Daladan suruv qaytgan, kechki sog‘im payti – qiz-juvonlar qutilarini ko‘tarib qo‘tonda turishar, har kim o‘zining uloq-qo‘zisi bog‘langan ko‘gan yonida echki-sovliqlarini poylashar edi. O‘tagan ularni va qarshidan hurib chiqqan itlarni chetlab o‘tib, paxsa devorli hovlilardan birining yonida tormoz berib sirgnalni bosdi. Boshiga xuddi O‘tagannikiday soyaboni keng shapka kiygan bir o‘spirin darrov shar qo‘zini sherigiga qoldirib, yonimizga keldi. Eski beqasam to‘nining ko‘kragiga yaqinda armiyadan kelgan akasi­ning medal-u nishonlarini taqib olgan bolakay ham unga ergashib kelib nariroqda to‘xtadi. U kabina tevaragida o‘ralashib turar, kir qo‘llarini mashinaning buferiga avaylab tekkizib ko‘rarkan, orqasidan kelgan boshqa bolaga shivirlar edi: “Zo‘r mashina ekan-a! Cho‘ldagi akamning ham xuddi shunaqa mashinasi bor, yap-yangi “Zil”.

– Otang uydami? – deb so‘radi O‘tagan shapka kiygan o‘spirindan. – Bu yoqqa chaqirib qo‘y, oshna. Ey, sen, qizil askar! Mashinaga aylanishma birodar!

O‘spirin birpasda otasini boshlab chiqdi. Uni­ng egnida har-har joyini kuya yegan qil chakmon halpillab turardi. U uzun, siyrak soqolini silab, avval O‘tagan bilan ko‘rishdi, keyin menga qo‘l uzatdi.

– Junqaychi charxlayotgan edim, kelganlaringdan xabarim yo‘q. Mashina bir gurilla­ganday bo‘ldi-yov xayolimda. Qani, O‘taganboy, tushing­lar.

– Tushmaymiz, – dedi O‘tagan uning yelkasi osha qo‘ton tarafga qararkan, – vaqt yo‘q. Sizni qora qilib keldim, Boypo‘lat aka. Ozgina xari bor, o‘shani mashinaga olishib yuboring. Tumanda katta bir odamga va’da berganman, olaketay.

– Men… borolmayman, uka. O‘zing bilasan, xirmonda kechasi bilan urug‘ elaymiz. Nahorgacha taxt qilish kerak, bo‘lmasa telejkalar to‘xtab qoladi.

– Obbo, Boypo‘lat aka-yey! Xo‘p… endi bir ishim tushgan edi-da, ming qo‘yli boyning bir eshakliga ishi tushganday.

– Ha, ha, bu gaping haloli gap bo‘ldi. – Boypo‘lat aka nosdan sarg‘aygan, lekin terilgan guruchday bir tekis tishlarini ko‘rsatib tirjaydi. – Senga ham arzimiz bor. Mana, yaqinda no‘xatni bozorga eltib sotish kerak. Anavi giroy ukangizning qo‘lini halollash zarur.

U shunday deya, to‘niga medal taqqan bolani ko‘rsatdi. O‘tagan papiros olib chekdi.

– Ana, ko‘rdingizmi! No‘xatni biz eltamiz-da bozorga. Qo‘y-po‘y bo‘lsa ham, ortaverasiz. Sizdan yo‘lkira ham olmayman, duo qilsangiz bas. Oilangiz katta, kira haqi so‘rasam sizga jabr bo‘ladi.

– Ha, ha, yaqinda yettinchi azamat dunyoga keldi, bari yerman-icharman, – dedi Boypo‘lat aka va boyadan beri gurungga diqqat bilan quloq solib turgan bolalariga qarab qichqirdi: – Hov, nega turibsanlar, enang u yoqda shoshib yotibdi, qani, marsh! – Bolalar qo‘tonga tiraqay­lab yugurishdi. – Shunday qilib, no‘xatni orti­shing chinma? Yanagi shanbaga-ya? Yaxshi. Xari qayerda o‘zi?

– Gavazmaydonda. Cho‘ponlarga yozda kes­tirganman, naq bo‘lmasa esimdan ham chiqib ketayozibdi.

– Gavazda bo‘lsa, yo‘l chap ekan-da. Moshina boradimi o‘zi? – deya tashvishlanib so‘radi Boypo‘lat aka.

– Boradi. Cho‘ponlarning kuch-ko‘ronini o‘zim tashiganman. Dehqonobodlik giroy cho‘pon bor-ku, Amirali Eshboyev, o‘sha odam qo‘ylariga har yili Gavazning yo‘ng‘ichqasini yedirtirib ketadi. Biz u bilan To‘rqaga, hov Oqsuvning boshiga ham borganmiz. Eh-ey, bormagan yerim qoldima bu mashina jonivor bilan!

– Lekin Gavazning Qizilqiyasi yomon-da sabil, ayniqsa, kechasi, – dedi Boypo‘lat aka, hali ham e’tiroz bildirib.

– Qizilqiya? Yomonligi chin, faqat mishiqi shofyorlar qo‘rqadi unaqa yerlardan, mendan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin!

O‘tagan qo‘tondagi bolalar-u qiz-juvonlarni o‘ziga qaratib, xo-xolab kulardi. Uning kulgisi Boypo‘lat akaning ikkilanishlariga chek qo‘ydi, shekilli:

– Men qalinroq kiyinib olay bo‘lmasa, – deya uyiga shoshildi.

Birpasdan keyin u boshiga jiyaklarining qiri ketgan quloqchin, egniga guppaygan chopon kiyib chiqdi. Keyin zarur bir narsa esiga tushganday to‘xtab, O‘taganga qo‘l siltadi:

– Shoshma, O‘tagan! Biz hali o‘g‘ilchani o‘pib qo‘ymabmiz-ku.

Ko‘gan yonida uning xotini qo‘y sog‘ar, shapka kiygan boyagi o‘spirin sovliqqa talpinib hadeb tipirchilayotgan olabosh qo‘zichoqni oyog‘idan ushlab turar edi. Nariroqda esa, sochlari mayda qilib o‘rilgan chiroyli qizcha chaqaloq ko‘tarib olgan. Chaqaloq ham xuddi olabosh qo‘zichoqqa o‘xshab enasiga talpinar, uncha qattiq bo‘lmasa ham, har qalay, g‘ayrat bilan inga-ingalar edi. Qizcha uni ovutish maqsadida, alla ohangida qandaydir so‘zlarni xirgoyi qilardi.

– Tezroq bo‘ling, ena, emmasa ko‘nmaydi bu­ningiz, – deydi qizcha sabri tugab.

Boypo‘lat aka borib chaqaloqni qo‘liga oldi.

– Qani, bu yoqqa kel-chi, polvontoy! Bizga kelsa, darrov yupanadi-da, a shovvoz?..

Chaqaloq esa yupanishni xayoliga ham keltirmas, otasining soqolini timdalab tinmay big‘illar edi.

– Ma, buningni emiz! Juda xumor bo‘p ketganga o‘xshaydi. Qorni to‘ymaguncha ota-potani tanimaydi enag‘ar!

Bola onasining qo‘liga o‘tgan zahoti tinchidi. Endi qo‘lchalarini silkitgancha maza qilib emardi. Ayol uning siyrak sochlarini silar, bundan o‘zi ham orom topayotgandek, yoqimli jilmayardi. Chaqaloq emib bo‘lgach, boshchasini chayqa­tib atrofga alangladi va tag‘in ko‘krakka intildi, lekin ayol bolaning boshidagi qalpog‘ini to‘g‘rilab, otasiga qaratdi. Boypo‘lat aka o‘g‘ilchasini yana qo‘liga olib o‘pdi.

Bu orada qo‘ylar sog‘ib bo‘lindi, cho‘pon ularni shomlatish uchun qir tomonga haydab ketdi. O‘tagan esa toqati toq bo‘lib papiros ketidan papiros tutatar edi.

– Obbo, rosa sog‘ingan ekan-ku chaqasini! – dedi u xunobi toshib. Keyin ketma-ket bobilla­tib signal berdi.

– Hozir, hozir! Mana, bo‘ldik, toychoqni bir o‘ynatdik-da endi. Boryapman! – deb qichqirdi Boypo‘lat aka.

Chaqaloq endi uning qo‘lidan ketishni istamas, qanot qoqqan polaponday hadeb jajji qo‘lchalarini silkitar edi. Boypo‘lat aka uni xotiniga tutqazib, o‘rnidan turdi.

(Davomi bor)

 

Hamid ALP

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.