Olisdagi yelkanlar

0
55
marta ko‘rilgan.

(Qoraqalpoq daftaridan)

 

 

Mo‘ynoqdagi qamishzor

 

– Shovullama, nayday kuylagin,

Mangu armon sari bo‘ylagin,

Bu dashtlarning dardini to‘lib

Bag‘ring pora qilib so‘ylagin.

 

– Nay bo‘lsam ham, endi naylayin,

Hatto belni yetti boylayin,

Bo‘ylay desam, moviy dengiz yo‘q,

Endi ko‘llay yoki soylayin.

 

Keksa dengizchi Isatay og‘aning degani

 

Dengiz ketdi, bildirmay ketdi,

To‘lqinini tindirmay ketdi.

Asta-asta sohilni tashlab,

Ko‘nglimizni sindirmay ketdi.

 

Orqasidan ergashdi dunyo,

Bahriy gullar, bulutli samo.

Oq yelkanlar ketdi yiroqlab,

Men ketmadim Mo‘ynoqdan, ammo!

 

To‘lqin-to‘lqin barxan taftida,

Kimsasiz bandargoh taxtida,

Kemam ham turibdi purviqor,

Ishonadi dengiz shahdiga:

 

Dengiz qaytar, soladi suron

Sarkash to‘lqin, qudratli to‘fon.

Mening kemam tanho va mag‘rur,

Yelkanini yig‘magan hamon…

 

Qadimshunosga

 

O‘zbekiston Qahramoni

arxeolog Qayrat Xo‘janiyazovga

 

Qadimshunos, shu ona tuproq

Ichra shahar kashf etarsan.

Biz o‘ylarmiz ertani, biroq,

Sen-chi, tarix sari ketarsan.

 

Ulg‘aydi inson degan zot,

Qancha olis qadim toparkan.

Lekin ketib o‘zidan, hayhot,

Tarixni kim inkor etarkan?!

 

Asli moziy tuproq ichradir,

Ne kitob, ne atiqa pinhon.

Qadamining ostida nadir,

Bilmay, ko‘kka intilar inson.

 

Biz yo‘qotgan xazina, xayol,

Bizga tinim bermagan o‘ylar

Tog‘larning ko‘z yoshiday zilol –

Buloqlarning tilida kuylar.

 

 

Haykaltarosh Quttimuratov o‘ylari

 

  1. Toshqiz

 

Orzumdagi yorim qildim tasavvur:

Laylidan layliroq, Shirindan shirin.

Qalbimni uyg‘otib samoviy surur,

Xarsangtoshga o‘ydim xayol tasvirin.

 

Bir go‘zal yaraldi – Ilhom parisi,

Bedor tunlarimni yoritdi bu tosh.

Dildagi firoqning dardi aridi,

Har ne go‘zallikka beroldim bardosh.

 

Ammo Qiziltepa xarobasida

Shamol ko‘chirganda qum gumbazini.

Kelibdi asrlar arobasida –

Qiz haykalin topdim, xuddi o‘zini:

 

Yo rab, toshqizimga o‘xshar edi u,

O‘sha ko‘z, o‘sha soch, o‘sha qalamqosh.

Tarix sahrosida sargardon tuyg‘u,

Sado ber, kim eding, ey haykaltarosh?!

 

Balki o‘zim, ming yil avval tug‘ilgan,

Ko‘hna qal’adagi mohir musavvir.

Balki dunyo charxi qayta o‘grilgan, 

Ey malak, qoshingda yana men asir…

 

Qadim tepalarni kezib asrlar,

Uyga qaytgan edim, tashlab dunyoni,

Xuddi o‘sha toshqiz – kulib qarshilar

Uchratdim, qo‘shnimiz qizi Ra’noni.

 

Ajabo, o‘xshardi biri biriga,

Uchta  nozanin ham quyib qo‘yganday.

Lol qoldim go‘zallik ochgan siriga –

Mening yuragimga o‘yib qo‘yganday!

 

– Nahotki, siz meni ishladingizmi?

Qo‘shni qiz haykalga boqardi hayron.

– Ming yilda yaratgan orzuim sizmi,

Yashar ekanmizku, axir, yonmayon!

 

  1. Tirilgan daraxt

 

Daraxtda siymoni ko‘rsang, ishlov ber,

Tabiat niyatin qilgil namoyon.

Dastgoh tepasida to‘ksang qaro ter

Ko‘ngil istagini toparsan, inon.

 

Bir pariga o‘xshar mana bu o‘rik,

Nozik bel, beparvo boqib turibdi.

Balki nigohlari ozgina so‘nik,

Kuzning g‘uborlari qoshga qo‘nibdi.

 

Odamga yaqindir o‘rik tanasi,

Rangi, harorati ham pishiqligi…

Ishtiyoq uyg‘ondi, keldi xonasi,

Aslida hammasi qalb oshiqligi.

 

O‘rikdan bir pari qaddin ishladim,

Sochlarin taradim yog‘och taroqda,

Ikki o‘rimini yonga tashladim,

Taqimiga urib qoldi shu choqda.

 

Ilhom og‘ushida yaraldi malak,

Endi u menga ham qilmasdi parvo.

Endi boqar edim bu jonim xalak,

Taralganday bo‘ldi g‘oyibdan navo.

 

Men esa, xirgoyi qilgandim dildan,

Tushunib qoldimi aytgan so‘zimga,

Nihoyat, qiz yuzi qizardi birdan,

Xo‘rsindi,

nafasi urdi yuzimga…

 

Qirq qiz

 

Azim daryo siri – qirq qiz

Sohilga farishta singari

Chiqadilar qoldirmayin iz,

Vayron bo‘lgan qal’asi sari.

 

Shunda rostlar qasr qaddini,

O‘sa boshlar girdida devor,

To‘ldirishar chaman bag‘rini

Qirq qiz barno, go‘zal va dildor…

 

Biri shoir, biri sozanda,

Musavvira, raqqosalari.

Kuy taralar qadim ohangda,

Qo‘llarida oltin sozlari.

 

Guloyim va qirq dugona

Qal’a ichra aylarkan sayr.

Rost bo‘ladi qadim afsona:

Ro‘baro‘ngda ochiladi sir.

 

Nogoh yog‘iy bostirib kelar,

Go‘yo qora bulut samoda.

Qirq qiz sohil tomonga yelar…

Qirq qiz oqib ketar daryoda…

 

Cho‘ng qal’ani aylagach vayron,

Dushman buzar oltin qasrni,

Bilolmaslar ammo hech qachon

Daryo olib ketgan qirq sirni.

 

Hatto tarix bilmas, bu daryo –

Sirdaryomi yo Amudaryo…

 

Gujum

 

Bu hayot dashtlarida,

Balandu pastlarida

Peshvoz chiqar birgina gujum.

Sahrolarda soyabon,

Bir parcha zangor osmon,

Panohida orom olgan zum…

 

O‘yingdan kechar bog‘lar,

So‘lim gullar, yaproqlar,

Yashil maysa qoplagan sohil.

Ular olisda qoldi.

Safar dashtga yo‘l soldi,

Gujum bilan sirlashadi dil:

 

O‘zingsan vafodorim,

Sahroda sodiq yorim,

Gujum, endi angladim seni.

Cho‘lda qoya misoli,

Sen sabrning timsoli

Otashlardan asrading meni.

 

Bildim, gujum, ildizing,

Anglab hayotning sirin,

Chuqur singmish yerning qa’riga.

Vodiylarda chamansan,

Dashtlarda ham omonsan,

Sen sobitsan bari-bariga!

 

Xayol

 

Maysalarning qoshida bir kun,

Bo‘ronlar ham cho‘kkanida tiz.

Oppoq sutga cho‘milganda tun

Bo‘y sochganda olamga yalpiz.

 

Bulbul chekkan firoqlarini,

To‘kib solsa, sayrasa jo‘shib.

O‘pib asta qirg‘oqlarini,

Dengiz aytsa mavjli bir qo‘shiq.

 

Charaqlagan osmonni ko‘rib,

Bebosh o‘ylar charx ursa betin.

Oppoq tunning pinjiga kirib,

Xarsangtoshga o‘tirsang

sekin…

 

Humoyun

 

1964 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Yurakdagi rangin kamalak”, “Ko‘nglim guli”, “Yoshlik bekati” singari o‘nga yaqin she’riy kitoblari nashr qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.