So‘z izlayman tasavvurdan keng…

0
118
marta ko‘rilgan.

Bashorat

 

“SEN” deyman uni,

“SIZ” deydi u mayin tovushda.

Va bilamanki bir kuni,

Bu ikki so‘z qovushgay.

Shunda meni burdalab tashlar

“SENSIZ” degan ulkan ajdaho…

 

* * *

Sening qalbing haqiqiy olmos,

Ichki dunyong naqadar oydin.

Mening ko‘nglim ko‘ngildir, xolos,

Yo‘q, shunchaki bir siqim loydil.

O‘zgarmaydi chiroying – archa,

Xazon sen-la kelmas ro‘baro‘.

Yuragimni olmadek archib,

Qo‘llaringa tutqazdim, gulro‘.

Muhabbat bu aslida qimor,

Desam, kimlar yig‘ladi… Kuldi.

Mendan oldin visolingni, yor,

O‘zga yutib olmasa bo‘ldi.

 

* * *

So‘z izlayman bardoshdan ulkan,

So‘z izlayman tasavvurdan keng.

Tegmaydigan biror ko‘ngilga,

Eng og‘riqli, eng pokiza, eng…

Go‘dak kulgusidek jarangdor,

G‘arq pishgan uzumdek bir shingil,

Pikasso suratidek rangdor,

Tamaki dudidek yengil.

Qayg‘udan ming karra qayg‘uli,

Tutqun er bo‘g‘zidagi erk.

Dahshatga soluvchi ohuni,

Och arslonning bo‘kirig‘idek

So‘z izlayman.

So‘z…

 

* * *

Tog‘larga chiq, holini so‘ra,

Har bir maysa, har bitta toshni.

Erkalatgin: dagarim, to‘ram,

Yelkangga mindirib qo‘yoshni.

Pastda qolsin cho‘qqilar, shamol,

Puflab uchir yulduz uyurin.

Mirrixga bosh ko‘yib orom ol,

Yuragingni erkin qo‘yirib.

Ortiq seni cho‘chitmas soya,

Axir shuni istarding mudom.

Qara, qanday mukammal g‘oya,

Tog‘! Cheksizlik! Inson va Xudo!

Endi qo‘rqmay yashashing mumkin,

Singib ketdi ruhingga viqor.

O‘limga tik boqasan,

Chunki

Yelkangda qo‘yoshning izi bor!

 

Kun botdi

 

Kun botdi. Kaytmoqda poda,

Cho‘pon kelar o‘ynatib zarang.

Yomg‘irga chayilgan havodan,

To‘yib-to‘yib nafas olar chang.

Yulduzlarni shikorga chorlab,

Samoda oy uyushtirar ov.

Mizg‘ir zulmat kuchog‘i – g‘orda,

Tuyoqlardan horigan yaylov.

Kun botdi. Yengildi quyosh,

Jonsarak yaproqlar titrar…

Uvlab chiqar ko‘zlarida yosh,

Erksiragan zanjirband itlar.

 

* * *

Ko‘zyoshingni art,

Boshingni ko‘tar!

Qaltiratma tizzalaringni.

Cho‘chima (qattiqroq yo‘tal!),

Bo‘ronlarga bo‘shatib ber

Yurak qa’ringni.

Ojizliging sezmasin birov,

Yo‘qsa, joning qolar xatarda.

Zarbalarga berolmasang dov,

Chiqarib tashlashar qatordan.

Har lahzani mardona yasha,

Tekkunicha o‘lim qamchisi.

Kuchsizman deb qilma xarxasha,

Tug‘uldingmi, demak,

Jangchisan!

 

Qachondir

 

Chovushar ishq-la junun,

Mum tishlagay farosat.

“Ayo, Haq” deb ming Majnun,

Tarqab ketar sarosar.

Maysalar yetar ko‘kka,

Soyasin qirga tashlab.

Dordan dunyoni so‘ka,

Sakrab tushar shoh Mashrab.

Izlab asl botirin,

Zaminga qo‘nar Semurg‘.

Qabatida Qodiriy,

Sovutin kiyar Temur.

Tulporlarin nafasi

Havoni qilib falaj.

Iblisning aravasi

Ado etib qaytar haj.

Tog‘lar chayqalar karaxt,

Chaqmoq oyga tortar mil.

Oyoq chiqarar daraxt,

Quduqlarga bitar til.

Mushtdek izidan otning

Yetmish ming shahid nishlar.

Boltasida jallodning

Soqol olar darveshlar.

Yomg‘urmas yog‘ar yulduz,

Sir qolmagay samoda.

Xudo bilan yuzma-yuz

Turib so‘zlashgay odam…

 

* * *

Boshlab kirar tunni qishloqqa

Bezovta itlarning hurishi.

Borliqni bo‘yagan qish oqqa,

Tutzor mudrar afti burishib.

Choponlar, paltolar kezar ko‘chada,

Tezak hidin burqsitar o‘choq.

(Hali zamon chiroq o‘chadi)

Joy to‘shaydi erinchoq charchoq.

Zerikkanmi, betus osmonda,

Daf’atan oy bir sovuq porlar.

Huv yuksalgan tog‘lar tomonda

Oy nurida eriydi qorlar…

 

* * *

Tun sep yoyar. Kunduz qaridi,

Yo‘g‘onlashar zaif tovushlar.

Yoritay deb osmon qa’rini,

…Yulduz sochar hovuch-hovuchlab.

Yomg‘ir… ko‘cha tomog‘in ho‘llab,

Yumshoq yuzi aylanar loyga.

Simyog‘ochlar – pichilgan qullar,

Tikilishar yalang‘och oyga.

Iymon o‘qib qaytgach xuftonni,

Soat o‘ngga urganida bong;

Biz uchrashgan hu-uv xiyobonni,

Xotiramda qilgayman mehmon.

Axir, bilsang, senga tegishli

Yoshligimning katta bo‘lagi.

…Chak-chakillab qo‘zg‘aydi g‘ashliq

Tarnovlarning muzdek so‘lagi.

Uyqu bermas ertaklar xasis,

Tun. Xayolga o‘tmish quyilar.

U ham meni o‘ylar, shubhasiz,

Balki menga shunday tuyular…

 

JONTEMIR

 

1994 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat texnika universitetining

elektronika va avtomatika fakulteti talabasi.

 She’rlari matbuotda e’lon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.