Shodon quyosh

0
45
marta ko‘rilgan.

(Bir muhabbat dostoni)

 

Bedorlik qo‘narkan kipriklarimga

Men ularni yummoq istayman.

Bu og‘ir xotira karvonin qalbga

Ko‘mmoq istayman.

Ammo har lahzada isming jaranglar,

Yoding uzoqlashmas mendan bir odim.

Ba’zan chin hayotga o‘xshab ko‘rinar

Biroz sentimental hayotim.

 

 

MUQADDIMA

Ko‘z yosh shaklindagi sog‘inchlardan ho‘plab

G‘ussalarni yoyib yuragim dorlariga.

Tushlarim qabatlaridan axtaraman, yo‘qlab,

Chidayman hajringning ozorlariga.

Saslanadi olamning adoqsiz chekkalari,

Munglug‘ nolalarga belanib kelasan yonimga.

Uvishib titraydi orzumning yelkalari,

Armonlar tikilar tashnaday qonimga.

Osmonning fig‘oni o‘rlaydi dud bo‘lib,

Yulduzlar sochilar ko‘z yosh shaklinda.

Qoldimi hilol ham bir unut bo‘lib

Pishqirar bir duldul samovot yo‘linda.

Kabutar boradi men senga yuborgan,

Manziling bilmagan qush qayga borsin, ayt.

Ismingni aytibon oshyoning axtargan,

Manzilingga eltar rohlarni kamayt.

Gulim-ov… Bo‘zlayman.

Gulim-ov… Muzdayman.

Ismingni

Pichirlab so‘zlayman…

Man sani qaylardan izlayman.

 

Aylonib yurasan Xivaning bog‘larini,

Ichanmi, Dishanmi qal’alar orasindasan.

Tushmi bu, haliyam ruhim sog‘armadimi,

Man Qashqa elinda, san Xorazmdasan.

Hali duch qilishga ulgurmadi qismat,

Hali birlashmadi yo‘llarimiz Shoshda.

Sani ko‘rayapman tushlarimda – na baxt,

Tush boshqa, hush boshqa, taqdir ham boshqa.

Ko‘rinib bilmadi hali chehrang, ey yoro,

Qachon suydirasan jon olib o‘ngimda.

Ko‘zlaring ko‘zimga tushadi, nigoro,

Bir sevgi barq urib ketadi ko‘nglimda.

Ismingni so‘ylagin, bilayin, azizam,

Bu nomni avaylab asrayman bir umr.

Qanchalar baxtlidir sevilgan har odam,

Dunyoda chin armon, chin baxt ham sevgidir.

Gulim-ov… Bo‘zlayman.

Gulim-ov… Muzdayman.

Ismingni

Pichirlab so‘zlayman…

Man sani qaylardan izlayman.

 

Umrim bo‘shliqlarini to‘ldirgani kel, pari,

Sevgi ber, bu qaqroq ko‘zlarim yashnasin.

Kesishar ishqimizning bu chalkash yo‘laklari,

Biz ketsak-da bu dundan, ishqimiz yashasin!

Ayovsiz kira boshlading tushlarimga endi,

Aning darbozasin chertasan har oqshom.

Seni o‘ngimda ham ko‘rgilarim keldi,

Qachon nasib etgay endi bu qutlug‘ ayyom?

Seni menga duch qiladimi o‘zi taqdir deganlari,

Uchrashmoq yozilganmi, gul, bizning peshonamiz­da?

Senga talpinaveradi qalbimning yelkanlari,

Necha yil bor, necha kun bor axir oramizda?

Dashti sensizlikdan ibtido olgan umrim,

Senli kunlarimni hadya etarmi, bilmadim.

Yuragim qafasi senga muntazir, qumrim,

Nogoh topishuvga bir bahya yetarmi, bilmadim.

Gulim-ov… Bo‘zlayman.

Gulim-ov… Muzdayman.

Ismingni

Pichirlab so‘zlayman…

Man sani qaylardan izlayman…

 

1

Uvillama, ey damon bo‘g‘iz,

Sen sipqording qay so‘zni qonib.

Qay jonibning jonso‘z xilqati

Ketdi seni bu ko‘yga solib?

Ayyora u…

Fitnakor ofat,

Balolig‘lar solguvchi boshga.

Kechirmaydi dali ishqni deb

Bir o‘g‘lonin boy bersa Qashqa.

O’kirikka makondir yurak,

Og‘riqlarni uchirgin tamom.

Mehr narxi bir chaqa payti

Muhabbatni ne qilsin zamon?

Qani endi uxlang, ko‘zlarim,

Uyqu shirin, halovat aziz.

Tushda uning sarv bo‘ylariga

To‘yib-to‘yib qarab olasiz…

 

2

Ne toleki, ikki vohadan

Tasodiflar izmida yelib,

Bir oliygoh, bitta xonaning

Partasiga o‘tirdik kelib.

 

Men u paytlar seni bilmasdim –

Ikki dunyo, ikkita odam.

Taajjubki, kirmagan eding

Yetti uxlab tushlarimga ham.

 

Qizlar to‘p-to‘p. Satang xonimlar…

Taajjubda qolganim ham chin.

To‘rt yil sho‘rlik peshonam dedim,

Endi shoir bo‘lishim tayin.

 

Oh malagim… sen yo‘q eding-ku,

Tushmagandi senga nigohim.

Oy yuzingning yog‘dularidan

Diydalarim qamashdi, mohim.

 

Dars boshlandi…

Eng birinchi dars.

Tanishuvlar, tarjimayi hol.

…Shunda baxtning ovozi keldi,

Tingladim-u qoldim bemajol.

 

Orqa parta… shundoq ortimdan

Jaranglardi qo‘ng‘iroq tovush.

Va o‘ylayman: “Bu qizmas, malak,

Hushdamasman, bular bari tush!”

 

Qaydan keldi bu sohir ovoz,

Na sas edi, sehrini sochdi.

“Mening ismim Shodiya..”. – tamom!

Shu so‘zdan qalb ishqkurtak ochdi.

 

Ammo men g‘o‘r bilmasdim qarab,

So‘z qotishga jur’at yo‘q, gungman.

Men bu tovush izmida asir

Va yuragi ostin-ustunman.

 

Eslaysanmi, shunda ketar chog‘,

Nigohimga nigoh tashlading.

Sen ma’nosiz qarading…

Biroq

Ishq qissamiz shundan boshlandi.

 

3

Kunlarim osoyish, orombaxsh edi,

G‘am-anduh inmagan edi dilimga.

G‘ussalar sizmagan manglayga hali,

Bo‘yin egmas edim hali hech kimga?

 

 

Sen kelding…

Hayotim sahifasiga

Yovdek qoshlaringni tizib ikki yon.

Qolay desam, tanim titroq ichida,

Ketsam, imkon yo‘q – yo‘l tugagansimon.

 

Kipriking saf tortib turar qarshimda,

Miq etsam, sanchilib tilkalamoqchi.

Ular pana qilgan bu la’l ne edi?

Atrofiga yig‘gan sanoqsiz soqchi…

 

Nahot qutulishning imkoni yo‘qdir,

Yo Rab, vujudimda bitganmi majol?

Meni nima qilib qo‘ydi-ya hayot,

Meni olib ketgin, ulfatim, xayol!

 

Soniya…

Daqiqa…

Go‘yo to‘xtadi

Xuddi yuragimning zarbiga o‘xshab.

So‘zsiz jon olmoqni istar lablaring,

Ustiga lolaning qonini to‘shab.

 

Ketaman deyman-u, qolgim keladi,

Qolaman deyman-u, tanda zilzila.

Yuragim, uraqol, to‘xtab qolmagin,

Meni qo‘y, o‘zingga omonlik tila.

 

Sochlaring chilvirday o‘radi meni,

Qo‘limni bog‘laydi tang‘ib ayovsiz.

Qanisiz, ey mening mag‘rur ko‘zlarim,

Bunchalar qochoqsiz, buncha bayovsiz.

 

Taslimiyat aytar nigohim nogoh

Egilgan boshimni kesmadi qoshing.

Shunday to‘qnashuvda dong qotar nochor

Mendek xayolkashning o‘n to‘qqiz yoshi.

 

Aytilmagan so‘zlar bo‘g‘zim timdalar,

Yurak – jarohatli, kishanda qo‘lim.

O‘qni uzib bo‘lding, endi uni sen

Yuragimdan yulib olma, sevgilim…

 

4

Yotoqxona edi mening boshpanam,

Saboqdosh jo‘ralar edi hamxona.

Xayolga berilsam, so‘zlashar takror –

“Nima bo‘ldi unga, hushdan begona!”

 

Qog‘oz qoralardim, bermay e’tibor,

Jimjima baytlar-la bejab daftarni.

She’rga ko‘chirmoqqa urinar edim

Anglab yetilmagan hissiyotlarni.

 

Oxiri yorildim, sirni etdim fosh:

“Sevganga o‘xshayman, do‘stlar, jo‘ralar.

Xayolim mahv etdi hamsaboq dildor,

Ko‘rsam yurak-bag‘rim chunon to‘g‘ralar”.

 

“Kim u?” – savollarga ko‘milaman men,

“Kimdir u aqlingni o‘g‘irlagan qiz?”

“Shodiya bor-ku, he-ey, xivalik… o‘sha.

Hayotimga go‘yo kirgandek tamiz”.

 

Ular qah-qah urar, tinmay kulishar,

Ishqim mavzu bo‘lar hammaga toza.

Darrov qizlar meni bilib qolganmish,

Sevgim bo‘lgan emish darrov ovoza…

 

5

Darslar ildamlardi, hayot ham jo‘shqin,

Ko‘zlar izlar edi biri birini.

Xuddi uy vazifa topshirgan kabi

Yuraklar aytishga ilhaq sirini.

 

Oramizda rishta bog‘landi – do‘stlik,

Do‘st bo‘laylik, deding, kamina xursand.

Sim qoqqancha ahyon-ahyonda,

Habibim, ahvolim so‘rab turursan.

 

Ammo aytolmayman iqrori rozim,

Jur’atdan past kelib yashayman – olov!

Ko‘zlaring ko‘zimga boqib turganda

Izhorga qarashing bo‘lar edi g‘ov.

 

Bozigardek meni qildingmi afsun,

Ipsiz bog‘landimmi – tamoman lolman.

Ammo dilingdagi tuyg‘ular – mubham,

Qancha urinmayin sira bilolmam.

 

Do‘stmiz, bu do‘stlikni buzdik nogahon,

Nogahon rishtalar yechildi bir-bir.

Sendan ayrildimmi, ichimda qo‘rquv,

Tamoman zabt etdi dilni xavotir.

 

6

Uchrashdik…

Barini aytmoqchi edim,

Ko‘nglim tubigacha etmoqchiman fosh.

Ammo sirli boqding, aytsam – tugaydi,

Go‘yo bir iqrordan hammasi talosh.

 

“Baridan voqifman, meni sevasiz,

Ammo bu biz uchun baxt emas, uzr.

Vaqtida nuqtani qo‘yaylik, keling,

Sevgingiz azoblar sizni bir umr..”.

 

Va ketding…

To‘xta deb cho‘zolmadim qo‘l,

(Hindiy kinolarda bo‘lardi shunday).

Ehtimol, falakka bir chiqib keldim,

Tamakidan chiqqan yengil tutunday.

 

Aytishim kerak-ku: “Seni sevaman,

Seni ardoqlayman hayotim bo‘yi”.

Sen meni battarroq bog‘laysan ketib,

Sen meni battarroq suydirib qo‘yding.

 

7

Keyin yasholmadik sira xotirjam,

“Men seni sevaman..”. – izhorlar uchdi.

Qay biri havoga sochildi, bilmam,

Oxiri bir izhor ko‘nglingga tushdi.

 

Darslar davomlardi…

Sevgi darslari.

Tanaffus onlari – nigohlar bahsi.

Angladik sevgining mohiyatini,

Sevgi-la yashamoq qanchalar yaxshi!

 

Toshkentni kezamiz topilsa imkon,

Ko‘zlaring kuladi – sevgi shaklinda.

Qalbimda eng nozik sezimlar gullar,

Eng inja tuyg‘ular unar qalbingda.

 

Izhorlar yog‘ilar fanniy jumlalar,

Ilmiy atamalar majmui bo‘lib.

Lablaringda oddiy kalomlar emas,

His-hayajon gaplar turadi kulib.

 

Maktublar bitaman dars lug‘atidan –

Sevgili so‘zlarga qorishiq xatlar.

Muhabbat so‘zligi yaralar nogoh,

So‘zlikni jo qilar sanoqsiz daftar…

 

8

 

Muhabbat darsidan maktublar

 

Birinchi maktub

 

Bo‘lmoqdaydi muhabbat darsi,

Men o‘zimda sira yo‘q edim.

Sevdim, axir, kuchim yetgancha,

Faqat, faqat “besh”ga o‘qidim.

 

Saboq berdi menga sevgidan

O‘h, otashin yuragi borlar.

O‘zi uncha bilag‘onmasdim,

Shu ko‘zlaring o‘qishga chorlar.

 

Sening husning tavsiflab bo‘lmas,

Ta’rifingga yetmas savodim.

Ishq mulkida bo‘lolmas ammo

Meningchalik fidoyi xodim.

 

Bir qarashda sening o‘zingni

Qator-qator she’rga solganman.

Bir nigohing tushdiki, tamom

Ko‘zlaringni yodlab olganman.

 

Imtihonda aytdim dilizhor

Sen javobsiz o‘tiribsan jim.

Axir qachon “besh”ga o‘qiysan?

Javob ber-chi, mening ikkichim!

 

Ikkinchi maktub

 

Dars – oniy visolning qaydnomalari,

Asli qoidaga solajak daxl.

Darsda yurak emas, axir, azizam,

Ishlashi lozimdir aql va aql.

 

Hislaring taralar xuddi daftarning

Yuzida chiroyli yozuv singari.

Bunda aql faqat muzokarada

Yurak… Yurak esa nodon jangari.

 

Iloji bo‘lsa, ey ko‘zlari olov,

Pichirlab so‘zlagin aytar so‘zingni.

Xayolim bo‘linmas bir imkon topib

Uyingga tashlab kel ikki ko‘zingni.

 

Darsmi – dars… Tinglamoq majburiyatdir

Bunda hislar bilan o‘yin ne kerak?

Yo‘qsa, bilim emas tuyg‘u beradi

Sakson daqiqalik manavi ertak!

 

Vijdonan o‘ylasang, qara, hammaning

Bilim olmoqdadir ixtiyor-izmi.

Ular kitob o‘qir… biz esa faqat

O‘qib o‘tiramiz yuragimizni…

 

Uchinchi maktub

 

Darsda ko‘zlaringga tashlayman tuzoq,

Judayam sezgir-da manavi qizlar.

G‘ashimga tegadi ularning gapi

Ovim baroridan kelmagan kezlar.

 

Ular tinglamaydi ma’ruzalarni,

Qulog‘i ko‘z bo‘lib bizga tikilgan.

Har holda, yomonmas, sakson daqiqa

Diydorlashuvimizga imzo chekilgan.

 

Yonimdan o‘tasan…

O‘tasan tez-tez,

Nigohim tasvirga olar ushbuni.

Hushyor tortaman so‘ng daftar qatiga

Berkitib qo‘yaman o‘sha tuyg‘uni.

 

Senga uzataman daftarlarimni,

Pinhona alishar daftarlarimiz.

Ammo til ostiga dumalab tushar,

Aytajaklarimiz – aytarlarimiz.

 

Uyga vazifani topshirgan chog‘ing

Tovushlaring juda yaqin keladi.

Har so‘zing negadir quloqlarimga

Muhabbat tilida eshitiladi.

 

Darsga bo‘lganida nogoh qo‘ng‘iroq,

Jo‘namoq bo‘lasan shunda uyingga.

“Mana, daftaringiz..”. deysan o‘girilib,

Yo‘q, olib ket uni…

Bu daftar senga…

 

9

Tunlar uzayardi, qisqarib kunlar,

Nafis ul suhbatlar qolardi chala.

Bizning orzularda umid gullari

Bahoriy maqomda xirom etarlar.

 

Chehrang taratarkan beqiyos fusun,

Yog‘duli nigohing umrimga mohtob.

Bizlarni battarroq suydirmoq uchun

Tonglar ermak qilib chiqmasdi oftob.

 

Shoshilib kelarding darsga azondan,

Yoningda injiqdan injiq singling ham.

Uning dimog‘lari kelar osmondan,

Tilim aylanmasdi singlingni ko‘rsam.

 

U ham kursdosh edi bizga qadrdon,

Hammaga kengfe’l-u menga fe’li tor.

Xuddi hamyonini yo‘qotgandayin

Doim qarar edi menga jahldor.

 

Unga yetib bormish gaplarning uchi,

Shundanmi alamda qovrilardi o‘r.

Hammasin sezdirib qo‘ymaslik uchun,

Yoningdan o‘tardim beparvo, mag‘rur.

 

O‘tardim, ko‘zlarim oldimni emas

Xohlardim orqani ko‘rishini ham.

Va darsga yetardik, u izn bermas,

Seni menga boqib qo‘yishingni ham.

 

(Darvoqe, hozir ham uni ko‘raman,

Na jahl qilar, na qoshin uyadi.

Ehtimol, xotira qo‘zg‘algan zamon,

Ichida jim uzr so‘rab qo‘yadi…)

 

10

Bir kuni chehrangda xafalik ko‘rdim,

G‘amgin ko‘rinarding odatdagidan.

Qarshingda soqovdek biroz jim turdim

Va dedim: “Shodiyam, nega xafasan?.”.

 

Labingdan uchdilar arazlar bir-bir,

Kaftimga tushdilar arazlar bir-bir.

Sovchilar qoqmishdir eshigingni bot,

Otang to‘y qilmoqni istarmish, nahot.

 

– Qo‘rqmaysizmi ayrilishdan siz?

– Nega qo‘rqay, menikisan, bas.

– Udumlar bor – sevgimiz ojiz,

– Sevgimizni hech kim buzolmas.

 

Va ichimga olovlar kirdi,

Tutayverdim tamaki kabi.

Xayolimga alanga berdi

“Qo‘rqmaysizmi” degan bir gaping.

 

Taqdir esa hukm o‘qishga

Biroz shafqat qildi o‘shanda.

Sovchi degan g‘am kirdi boshga,

Ilk bor qo‘rquv uyg‘ondi manda…

 

Seni yo‘qotishdek bir qo‘rquv…

 

11

Bari shirin, barchasi go‘zal,

Uchrashuvlar – oy yorug‘ida.

Sevgimiz kun sayin yuksalar,

Sog‘inch o‘sar imkon yo‘g‘ida.

 

Darsda ikki qutb singari

Bir-birovga yaqin kelmaymiz.

Sevishganlar emasmiz axir –

(Ko‘zlar bordir) iqror bo‘lmaymiz.

 

Darslar garchi qilsa-da xunob,

Tabassuming etarding tortiq.

Sen yonimda damlar behisob,

Hammasini bo‘lmaydi “sotib”…

 

Yoqib qo‘yib ishq shamlarini,

Qancha sevsam hamki qalb ko‘nmas.

Aytib bo‘lmas o‘sha damlarni,

Taassufki, qaytib ham bo‘lmas.

 

12

Pichirlashar dugonalaring,

Kursdoshlarga mavzu doim shay.

“Xurshid, borib sevgingiz ayting,

Yurasizmi bir so‘z deyolmay..”.

 

Ular bilmas yillardan osha

Aytilgan ishq iqrorlarimiz.

Yoki ular istar tomosha,

Qiziqmi dil izhorlarimiz.

 

So‘rashadi sendan pinhona,

Sevishing yo sevmasligingni.

Kulasan-u sen ayyorona,

Chiqarasan telbaga meni.

 

“Kim bo‘pti u, men uni sevsam,

Xurshid suvga tushini aytsin”.

Qo‘shiladi bunga qizlar ham:

“To‘ppa-to‘g‘ri, boshqani topsin”.

 

Aytarkansan buni o‘zimga,

Qiqirlaysan kulib jinniday.

Tushunmayman negadir, ammo

Tuyiladi gaplaring chinday.

 

“Mendan ketma hech qachon”, deyman,

Qo‘llaringni bag‘rimga bosib.

“Senga faqat men tentak loyiq,

Menga esa bir sen munosib”.

 

13

O‘tar ekan to‘rt yil shamolday,

Bir kun nogoh bari o‘zgardi.

Yig‘labgina qo‘ng‘iroq qilding:

“Otam to‘yga rozilik berdi”.

 

“Kimga?”

“Kimga?”

Tamom karaxtman,

Esdan ayro bo‘ldim, yolg‘izim.

“Kimga deyman” boshqa so‘z yo‘qday,

“Kimligini bilmayman o‘zim”.

 

Bo‘g‘zim siqar alamli tovush,

Yig‘imi u, yigitga uyat.

Tupurdim, ey senga urf-odat,

Tupurdim, ey senga qadriyat.

 

14

Shodiyam, biz shunday ayrildik,

Bizni udum, urflar ayirdi.

Yetishmagan qurblar ayirdi,

Kesishmagan qutblar ayirdi.

 

Ko‘z oldimda ul vidolashuv,

Er boshimni egganman u kun.

Kelding ma’yus va ketding mangu,

Hasratlarim uzundan uzun.

 

Sen-la bitdi talabaligim,

Va dunyosi qoldirdi ko‘nglim.

To‘ying kuni men jinni bo‘ldim,

To‘ying kuni o‘lolmay o‘ldim.

 

Lekin senga tilamadim baxt,

Yuzlaringda ma’yus kulimsa.

Seni mendan ayirdi, gulim,

Na sen, na men tanigan kimsa.

 

15

Va o‘qish ham tamomlab ketdi,

Sen umrimni tamomlab ketding.

 

16

Talaba yuragim, yana sog‘inib

Izlaymiz tuyg‘usi hamohang qizni.

G‘arq etardi bizni hayajon ichra

O‘zi mayli, uning birgina ismi.

 

Qarasang nigohi qandoq maftunkor,

Qarasang, daftarga egilar boshi.

Sezmaydi andisha izmiga kirib –

Yonida nur sochar edi quyoshi.

 

Men-da so‘zlamoqqa urinardim bot,

U kitob-la yuzin to‘sgani sari.

Oramizga tushib qoldi-ya, nahot,

Qandaydir ayiruv bog‘lovchilari.

 

Tilshunos qalbimni qanday izohlay,

Munosib ko‘makchi topilsa qani!

U tayyor men bilan til darsligidan

Katta mavzu bo‘lib o‘rin olgani.

 

Uyushiq bo‘lakdek uyusholmasak,

Yuragim, bizlarni ezar mayda gap.

Axir sevgiling-la yo‘llarni bog‘lab

Ajralmas bo‘lakka aylansang – sharaf!

 

Hayot darsligining mashqi ko‘p ekan,

Duch kelaverarkan qancha ismlar.

Gohida bitta gap bo‘la olmasdan

Ajralib ketarkan ega-kesimlar….

 

17

Sensiz kunlar o‘tardi fayzsiz,

Sensiz umr tundek qop-qora.

Sochlaringni hidlagim kelar,

Sog‘inaman seni tobora.

 

Radiodan taralar qo‘shiq,

Dunyo… mana, televizorda.

Ochiq turar oldimda kitob

Go‘yo aqlim u tortib olgan.

 

Gazetalar sochilib yotar,

Bo‘g‘zim to‘la mavhum bir afsus…

Men nimani izlayman shoshib,

Qo‘shiqmi u, qiyofa… yo so‘z.

 

Suratingni izlayman giryon,

Tomirimda simillar alam.

Hamma narsa joyida ammo

yetishmaysan bir sen, Shodiyam!

 

Kitoblarda na bordir isming,

Gazetada na bir taskin bor.

Seni eslab o‘tmas radio

Va ko‘rsatmas seni televizor…

 

18

Afsus, yana chiqdi yulduzlar,

Hech o‘zgarish bo‘lmadi sodir.

Faqat bizga tor bo‘ldi dunyo,

Faqat quvonch bizdan ayrodir.

 

Taassufki, osmon joyida,

Yer ham doimgiday turardi.

Ohimizga hamohang yolg‘iz

Tunda itlar uvlab yurardi…

 

19

Men tushingga kirayin desam,

Yuragingga urilgan zanjir.

Hoynahoy, “Bu darvozalarni

Ochmangiz” deb buyurilgandir.

 

Boray desam o‘ngda yop-yorug‘

Oy kechani asir etgan on.

Yo‘laklarga to‘shalgan ta’qiq

Barcha yo‘llar yopiq sen tomon.

 

Kel, qo‘ng‘iroq qilayin desam,

Raqamingni eslay olmadim.

Muhabbatdan tashqaridadir

Xudo nasib etgan omadim.

 

Va bir maktub bitayin deya,

Qo‘lim izlar qog‘oz va qalam.

Halovat yo‘q sira, hoynahoy,

Men kabisan sen ham, Shodiyam.

 

To‘ying o‘tib ahyon-ahyonda

Hol so‘ramak umidi bilan.

Tanish raqam, tanish ovozdan

Chiqib ketay derdi esxonam.

Gapirmasding, men ham gapirmay

Eshitardim nafaslaringni.

Nima qilay sevarding hamon,

Nima qilay sevardim seni.

 

Imkonsizlik changalidamiz,

Bizga og‘ir yuk bo‘ldi bu g‘am.

Mo‘jiza yo‘q bizning zamonda

Peshonamiz qursin, Shodiyam…

 

20

Seni baxtli deya o‘ylasam,

Yig‘i kelar edi negadir.

Rahmat senga, azizim, qismat,

Rahmat senga, bag‘rikeng taqdir.

 

Sog‘inchingda bo‘la-bo‘la kul,

Bir so‘zingga zor chog‘imda men

Birinchi bor befarq qaradim

Sendan kelgan qo‘ng‘iroqqa men.

 

Sendan kelgan so‘nggi qo‘ng‘iroq….

Xayr, jonim. Alvido, vido.

 

21

Jon qadar sevarim, nigohi cho‘g‘lim,

Ko‘zlari mahzunvash, mehri betizgin.

Meni o‘ldi desa, ishon – men o‘ldim,

Tovshimni ilg‘agin, ruhimni sezgin.

 

Mahzun ertagimsan, muvaqqat baxtsan,

Yulduzli kecham-u charog‘on ertam.

Dunyom senikidir – ortingga qaytsang,

Savdoli bu kunlar sensizman, erkam.

 

Sen-da olislading baxt yaqin oni,

Olis baxtim eding… (Bu baxt tuzilsin!)

Labimdagi so‘zsan… Umrim davomi

Seni so‘ylamasam

Tilim uzilsin.

 

Asli peshonangga tasodif tushib

Tez o‘qilib bo‘lgan baxtsiz maktubman.

Ishqingga jon tikib, jonimni qo‘shib,

Men nega mag‘lubman, nechun mag‘lubman?

 

Hammasi manglayga shunday yozilgan,

Ayriliq, azizam, azaldan kelgan.

Ko‘zlarim qanchalar mushtoqlik ila

Senga termilgani termilgan,

suvratdagi senga, suvratdagi senga…

 

Sendan suratlaring vafodor chiqdi,

Faqat suratlaring qoldi men bilan.

 

22

Har gulga ismingni berdim, farishtam,

Har sabo sollanib esa boshladi.

Mo‘jiza bag‘rida yashagan kabi

Har chechak barq urib o‘sa boshladi.

 

Har yulduz osmonim uzra bu tundan

Sening isming bilan sochmoqda yog‘du.

Oy biroz xafahol, sening ismingni

O’ziga qo‘yishim unga bir orzu.

 

Endi atrofimdan hayratlar oqar

Tuyg‘ular selida men suzganim dam.

Shundoq qad rostlagan olti yonimda

Shodiya ismini olgan bir olam.

 

XOTIMA

Unutish mumkinmi…

Unutish mumkin,

Tanamdan uchsa gar bu ruhim.

Yuragim bo‘lmasa jismimda…

Senga baribir…

Men esa kechasi o‘t ustida uxlayman,

Oy ustimga o‘tin qalaydi…

Shamol kelib-ketadi birrov

Men esa haliyam o‘t ustidaman.

Sen hozir kimnidir quchog‘ida jim

Muhabbat haqida shivirlayapsan.

Senga baribir…

Qo‘lingni tutgancha begona qo‘llar

Shirin kalomlarga chorlaydi bir zum.

Uyqum kelmaydi… Yotibman yonib

Sen bo‘lsa qiqirlab kulasan,

Eslamaysan meni, ehtimol.

Men esa haliyam yozyapman

O‘zimni aldashning bir yo‘li.

Yoningdagi uxlaydi… Sen-chi

Boshdan o‘tkazasan tun azobini,

To‘satdan ko‘zingga yoshlar keladi.

Balki, kelmaydi.

Ichingga yutishdan o‘zga iloj yo‘q.

Balki, bu baxt senga og‘irdir juda,

Balki, bu baxt sendan xun so‘rab turar.

Balki, judayam baxtlidirsan, judayam.

Afsus bilmayman… Bilganimda

Sen meniki bo‘larding hozir.

Bilganimda hozir o‘t ustida yotmasdim

Rozi bo‘larmidim taqdirdan…

 

Amallab otadi tong ham bir kuni…

Balkim, endi sira otmas tong…

Menga baribir.

 

2018 yil, iyul – 2019 yil, yanvar.

Toshkent

Xurshid Abdurashid

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.