Chin sevgi bitigi

0
30
marta ko‘rilgan.

Sevgi haqida yozmagan shoir yo‘q hisobi. Lekin ularning hammasi ham yurakka yetib bormaydi. Yurakka yetib borish uchun shoir yuragi sevgi olovida porillab yonishi kerak. Yongan yurak “chars-churs” etib yonadi. Uning har bir charsillashi bittadan she’r bo‘lsa, barchasi bir bo‘lib, butun boshli dostonni tashkil etadi. Menga qolsa, sevgi haqidagi bitiklarning barini bir yerga to‘plab, chin va yolg‘onga ajratib chiqqan bo‘lardim. Shunda “Shodon quyosh” chin bitiklar safidan joy olardi. Uning eng muhim, eng kuchli qirrasi ham shu – sevgi otashida yongan yurakning samimiy nolalari!

Qolgan gaplar dostonning badiiy o‘ziga xosliklari haqidagi ilmiynamo mushohadalarga aylanadi, xolos. Masalan, bunday: doston avtobiografik xarakterga ega kabi. Chunki shoir ismining bosh qahramon ismi bilan bir ekanligi, uning tug‘ilgan yurti haqidagi ma’lumot, voqealar kechgan makon va zamonning mos kelishi… bularning hammasi dostonning boshdan va ko‘ngildan kechgan rost tuyg‘udan yaralganidan dalolat.

She’riy dostonning vazni turfa xil: bir og‘irlashadi, bir o‘ynoqlaydi, bir “ma’yuslanadi”, bir “umidlanadi”. Chunki ishq oshiqni shunday turfa ko‘ylarga soladi. Bu narsa aynan vaznlarda va vaznsizliklarda ko‘rinadi.

Doston adabiyotdagi an’analar ruhida bitilgan.

Doston tashbehlarga, o‘xshatishlarga, umuman, badiiy san’atlarga to‘la. Bitta chiroylisini keltiraman: “Ko‘zlaring kuladi – sevgi shaklinda..”.. Mayli-da, tashbeh ulug‘ ustozlar ijodini yodga solsa. Axir, doston an’analar ruhida bitilgan, dedik. Xurshid – ustozlar yo‘lining haqiqiy davomchisi. Lekin o‘z yuragi, o‘z sevgisi, o‘z qismati bilan davom ettiradi u! Boshqasiga ko‘nmaydi…

“Shodon quyosh” nomi bejiz tanlanmagan. Chunki sevgilining ismi Shodiya. U oshiqning yu­ragini ham quyoshdek qizdiradi. Sevgi quyoshi u!..

…xullas, dostonni shu tarzda juda uzoq ta’riflash mumkin. Lekin bularning hammasi bir bo‘lib ham doston haqida eng birinchi aytgan fikrimizga teng kelolmaydi: dostonda “XXI asrga kelib urfdan qoldi, eskirdi, yo‘q bo‘ldi..”., deyilgan otashin sevgining – chin tuyg‘uning baland bo‘yli suvrati chizilgan.

Demak, sevgi yashayapti…

Ulug‘bek HAMDAM

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.