155 marta körilgan

Taqdir yöllarida ikkimiz hamroh…

Humoyun Quvondiqov

* * *

Bir kun tomçilarni tutdim söroqqa,

“Nimasiz?”

Mavjlangan kölmiz, deb aytdi.

Soçilgan bölsa-da qumlar har yoqqa,

“Barçamiz asli bir çölmiz”, deb aytdi.

Terakdan, gujumdan, toldan, qayindan

Söradim. “Daraxtmiz”, dedilar şu on.

Qarğa, laylak, bulbul, çumçuq, loçindan

Sörasam, “Biz quşmiz”, dedi begumon.

Şahar köçasida har yonga qarab,

Ketib borar edi bölib turfa rang,

Turk, yapon, habaş, kurd, indonez, arab,

Rus, löli, möğul, hind, çinlig-u farang.

Ulardan “Kimsiz?” deb söraganim kez,

Javragança ketdi, ortga qaytmadi.

“Men möğul, men farang, menman indonez…”

Heç biri Odammiz deya aytmadi.

* * *

Taqdir yöllarida ikkimiz hamroh,

Oh urma, ey köngil, yetar endi, bas.

Köksim senga tordir, bilaman, biroq

U samo bölsa ham, baribir qafas.

Sokinman, sapçiysan tinmay behuda,

Bir dam çekinmadi oradan yotlik.

Ayt-çi, kimga oğir? Yölning söngida

Meni ölim kutar, seni – ozodlik.

* * *

Qiş. Fevralning suronli tuni,

Kök bulutli, yöq yulduz, oyim.

Guvlar şamol buzib uyquni,

Taşqarida qiyomat qoim.

Kimdir oğir ingradi birdan,

Muşt öqtalar serzarda çaqmoq.

Tağin falak yomğirlar bilan

Savaladi uni betöqmoq.

Kim ekan u kelgan bemahal?

Öğrimikan toleyi qora?

Va yo yorin kutgança mahtal,

Qölga tuşgan oşiq beçora?!

Ne bölsa ham mard ekan, qurğur,

Sahargaça beroldi bardoş.

Söng beşaraf bulutlar bir-bir

Çekindilar va çiqdi quyoş.

Derazaga otildim şu on,

Bilayin deb kim tungi dongdor.

Taşqarida turardi şodon

Yuz-közlari kökargan bahor.

* * *

Uni gözal, baxtli bolalik

Qaçon taşlab ketdi, bilmadi.

Yoşlik, örta yoşlik, olovlik,

Xullas, bari vafo qilmadi.

Ortiq yetmas edi bardoşi,

Bezdirgandi yöqotiş, qayğu.

Balki, şundan botmay quyoşi,

Taşlab ketdi keksalikni u.

* * *

Dunyo xirmon:

Aralaş ğuj-ğuj

Buğdoy-u toş, guruç-u kurmak.

Madad bergil, ey qudratli Kuç,

Yasab olay bahaybat elak.

Simtörlari bölsin mustahkam,

Pişiq çiqsin u yon, bu yoni.

Söng elayman mard-u muttaham

Aralaşib ketgan dunyoni

* * *

Qaçondir mardlari bölgan bu elning,

Jonini berguvçi yurt uçun har dam.

Baxtlari, dardlari bölgan bu elning,

Qarsakka siğinmas şoirlari ham.

Qaçondir, xayolot çodirlarini

Tikkan yetti qavat samodan nari.

Bölgan çohlardagi botirlarini

Yurtiga qaytargan dömbiralari.

Qaçondir bu eldan çiqmagan qörqoq,

Qaçondir birikkan, böla olgan jam,

Xom tuya teridan kiymagan qalpoq

Qaçondir bu elning farzandlari ham.

Qaçondir mardlari bölgan bu elning,

Qaçondir dardlari bölgan bu elning.

Qaçondir bozorga sotgan qalbida

Qaçondir yurtlari bölgan bu elning.

* * *

Kel, dedi, bormadim, çorladi qişloq,

Bordi qorlar keçib hattoki bahor.

Mendan gina qilib yuragi oppoq,

Soğinç tuni böyi yiğladi zor-zor.

Tongda quşlar keldi – qanotlari höl,

Soğinç derazadan qaradi oğir.

Piçirladi: “Aybim ne, beşafqat yöl…

Yoki yoğdimikan şunçaki yomğir?!”

Söng darsga jönadi jimgina, maʼyus,

Eşiklar yopildi va nihoyat zinç.

Olib ketdi odam töla avtobus.

Ammo yolğiz edi, baribir, soğinç.

Eşikdan keçikib kirib kelgan çoğ,

Doimgidek uni koyidi ustoz.

“Nega taqmay kelding yana böyinboğ?

Öquv bölimiga tuşuntiriş yoz!”

Kim ham tuşunardi hissiz şaharda:

Boğlagandi uni uzilmas ğullar.

Huv olis qişloqning saharlarida

Soğinçni soğinib oçildi gullar…

Keçda qaytib keldi ijara uyga,

Menga gap oçmadi hatto bir oğiz.

Özini allalab alam kuyiga,

Uyquga ketdi u jimgina, sassiz.

Tuşlarida kördi: gul edi har yon,

Adirlar. Qişloq. Tong. Musaffo va tinç.

Ariqning labida bölib parişon,

Yalpiz terar edi ikkinçi soğinç.

Kel, dedi, bormadim, çorladi qişloq….

* * *

Çöponning ikkita iti bor edi,

Jilmasdi yonidan ular heç qaçon.

Birini

Yölbars” deb erkalar edi.

Birining laqabi hayiqmas YArslon”.

Çindan it demasdi ularni körgan,

Şerdek sapçir edi har notanişga.

Quloği kesilgan, bölsin deb öktam,

Dumi ham yöq edi yaltoqlanişga.

Suyak otganingda öris kampirning,

Erka kuçugiday çopsada lars-lars.

Böy bermas edi heç pinhona sirin,

Biri arslon edi, birisi yölbars.

Ammo çiyillaşib pitirlab har yon,

Ming tangaga çiqib siçqonning ini.

Böri nigohiga duç kelgani on,

Anglab qolişardi itliklarini.

***

Nega axir jimsan mudrama, uyğon!

Qalbda öçmaydigan olovlar yonsin.

Köpirsin tomirda muzlayotgan qon,

Har tirik tandagi ruhlar tölğonsin.

Kuyla!

Muhabbat tegrangda tuşganda öyin,

O, uni eslasam yurak ğaşlanar.

Jim eding, hattoki ayriliq kuyin,

Çalib ketganida baland poşnalar.

Kuyla!

Bir kuni közlari qattiq yumilgan,

Bu sabr jabrga aylanmay turib.

Orzular armonlar dardlar kömilgan,

Yuraging qabrga aylanmay turib.

Kuyla!

Uyğonmas edi heç bahorlar, gullar,

Köhna qöşiğini aytmasa dunyo.

Sen axir tiriksan, hattoki ğullar,

Erk kuyin çaladi, şaqirlab göyo.

Kuyla!

Töxtama olamni kuy bilan töldir,

“Jim” deya böğzingga piçoqlar tirab.

Tortib yuborsa ham sukutni öldir,

Qoningga böyalib titrab hirqirab

Kuyla!

Şunda uyğonadi jami(y)ki borliq,

Qöşiğing tong kabi zulmatni yiqar.

Qismating şul sening falakdan yorliq,

Kuy bilan kirgan jon kuy bilan çiqar

Kuuylaaa!..

Humoyun Quvondiqov

1998-yili tuğilgan.

Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetining talabasi.

“Isteʼdod maktabi – VIII” Respublika yoş ijodkorlar seminari iştirokçisi.

Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi tomonidan “Birinçi kitobim” ruknida “Yulduzlar şiviri” şeʼriy töplami

naşr etilgan.

 

2022/2

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.