Yurak devoridagi yozuv

0
148
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Bahodir Karimov bilan suhbat

 

 

– Ilmda ustoz-shogirdlik an’anasiga qanday qaraysiz? Adabiyotshunos olim sifatida shogirdlaringizga qo‘ygan talablaringiz biz uchun qiziq.

– Ustoz bo‘lish oson emas. Munosib shogird bo‘lish undan ham qiyin. Universitetda kimki saboq bersa, talaba xalqi barchasiga “ustoz” deb murojaat qiladi. Har ikki tomon – talaba va muallim shu maqomga munosibmi? Shu savol meni ko‘p o‘ylantiradi. Muallim talabaga ko‘ngildagidek bilim bermasa, ustoz nomiga isnod keltirgan bo‘ladi. Afsuski, ko‘pchilik ichida bunday toifa ham uchrab turadi. Auditoriyada aytadigan gapi, beradigan bilimi yo‘q. Shu bois bu – bechora benavolar vaqtni o‘tkazishning turli yo‘llarini o‘ylab topishadi. Hatto kundalik g‘iybat, g‘urbatlar, teleekrandagi filmlar muhokamasi yoki sariq matbuotdagi oldi-qochdi gaplar, hangomalarni o‘qib berish bilan vaqt o‘tkazayotganlari ham topiladi. Odil muallim, aslida, haqqoniy olim, namunali tarbiyachi, fidoyi ziyoli – shu kabi qator fazilatlarga ega ziyolilargina chin ustozlik martabasiga ega bo‘ladi. Noto‘g‘ri yo‘ldan yurgan odamning bosgan izlari ham qing‘ir-qiyshiq bo‘ladi. Unga ergashganlar to‘g‘ri yo‘lidan adashadi. Ustozlikni moddiy manfaatlarga, baloyi nafsiga almashib, o‘zini o‘zi sharmanda qilgan kimsalar qancha! Haqiqiy ustozlik zarra-zarralardan jamlanadigan bilim, obro‘ va boshqa go‘zal fazilatlar, ilmga chanqoq talabaning e’tirofi bilan sharaflanadi. Oliy ta’limdagi muallimlarga talabalarning nigohi bilan baho qo‘ymoq kerak. Ayniqsa, talabalar yarim yillik yakunida baholanib bo‘lganidan keyin burchak-burchaklardagi o‘zaro suhbatlarda ta’lim bergan muallimlarni ta’riflashadi: odil, xolis, to‘g‘ri va aksincha… Talaba to‘rt yilda bir necha marta imtihonlardan o‘tadi, xolos. Muallim esa umr bo‘yi talabalar huzurida “imtihon” topshirishga mahkum. Keyingi imtihonlar undan ham og‘ir… Men O‘zMUda bilimdon, haqgo‘y, odil, ilmiy jabhada sichqon-mushuk o‘yinlariga aslo yo‘l qo‘ymaydigan professor-o‘qituvchilardan saboq olganman. Shukrki, ulardan ko‘pchiligi meni o‘zlariga shogird sanaganidan xursandman. Shu bois men ularga munosib shogird bo‘lishga, ularning bergan tarbiyasidan, ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lidan og‘ishni u zotlarga xiyonat deb tushunaman.

Shogird qanday bo‘lmog‘i kerak? Bilim olishdan, o‘qish va uqishdan zavq topadigan, to‘g‘riso‘z tolibi ilm bo‘lishi lozim. Yomon ko‘rganim – yolg‘onchilar. Shu bilan birga, birorta tadqiqotga rahbarlik qilgan “ilmiy rahbar” bilan “ustoz” tushunchasi orasida farq bor. Ilmiy rahbar hamisha ham ustoz bo‘lavermaydi. Ustoz ham ilmiy rahbar bo‘lmasligi mumkin. Shaxsan o‘zimni shunday sanayman. Men kimningdir malakaviy bitiruv ishiga, magistrlik yoki boshqa dissertatsiyasiga ilmiy rahbar bo‘lgandirman, biroq ularning ba’zilari bilan ustoz-shogirdlik bog‘ichi o‘rgimchak ipidek zaif. Ayrim xolis, hayotda o‘zining to‘g‘ri yo‘lini topgan talabalarim bor. Ular yaxshi muallim. Balki, biror maqola ham yozmagan, ilmiy ishni o‘zining qismati sanamangandir, biroq ular bugun maktabda juda malakali o‘zbek tili va adabiyot muallimlari. Shu toifadagi shogirdlarim borligidan quvonaman. Haqiqiy ustoz o‘ziga ergashganlarni egiluvchan, bukiluvchan, ta’zimchi, sersalom kimsaga aylantirishi, ayniqsa, yonida papkasini ko‘tarib yurishi yoki biror anjumanda yo‘talgan bo‘lsa – bugun ommalashgan bir kasallik shuki – o‘sha yo‘tal rasmini zudlik bilan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish bo‘yicha xizmatchiga aylantirib olmasligi kerak. Bir zamonlar aytgan gapimni takrorlayman: shogird ustozining belbog‘ida osilib turgan nosqovoqdan farq qilsin. Shogird alohida shaxs bo‘lsin. Ustoz bilan shogird o‘tasidagi ma’naviy-ma’rifiy robitalar muhim. Ustozning doimo o‘rgatadigan va favqulodda bilimdon kimsa obraziga kirib olishi – fojia. Shogirddan ham nimadir, hatto, ko‘p narsalar o‘rganish mumkin. Menda talabalar bilan munosabatda ko‘proq erkinlik bor. Ularning yelkasiga majburiy yuk yuklashni yoqtirmayman. Ko‘ngliga yaqin mavzuni o‘zi topsin. Yozib kelganlarini o‘qib tekshiraman, ba’zan chizg‘ilayman va keyingi insholarining biror joyiga qalam tekkizmasligim kerakligini uqtiraman. Olgan mavzusi bo‘yicha shogird haqiqiy bilimdon mutaxassisga aylansin. Kerak bo‘lsa, o‘sha mavzuning men bilmaydigan qirralarini menga tushuntirsin.

 

– Kashfiyotlarga katta mukofot berilishi – G‘arb uyg‘onish davrining maydonga kelishida yetakchilik qilgan. Sizningcha, bu tamoyilni adabiyotga nisbatan qo‘llash qay darajada o‘rinli? Yosh ijodkorlar uchun ham yirik an’anaviy adabiy tanlovlarni yo‘lga qo‘yish kerakmi? Shu orqali adabiyotimizda yirik renessans davri boshlanishi mumkinmi? Bunga qanday qaraysiz?

– Aslida, boshqalardan ajralib turgan insonning iste’dodi, qobiliyati, qo‘lida qalami borligi – shuning o‘zi juda katta mukofot. To‘g‘ri, mukofot – yaxshi rag‘bat! Mukofot bu – e’tirof. E’tirof va e’tibor kimga yoqmaydi? Dunyodagi juda ko‘p kashfiyotlar, umrboqiy asarlar uchun egalari kutmagan joydan mukofotlar, moddiy rag‘batlantirishlar o‘z-o‘zidan kelgan, deb o‘ylayman. Agar olim yoki biror ijodkor mukofot ilinjida ishlasa, ijod qilsa – bunga yo‘lini topib erishadi ham. Erishganlarga XX asr guvoh. lekin ulardan, ayniqsa, badiiy ijod sohasida ko‘p o‘qiladigan asar meros bo‘lib qolgani yo‘q. Mukofotlar, tanlovlar e’loni – ma’qul ish. Ammo odam mukofotparastga aylanmasin. Nemislarning hozir yoshi qirqdan oshgan bir nosirini bilaman. O‘n-o‘n besh yillar oldin asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima bo‘ldi. Qator xalqaro mukofotlar oldi. Ammo u mukofot uchun maxsus ijod qilgani yo‘q edi.

Mukofotda ofat ham bor. Adabiyotdagi favqulodda va chinakam uyg‘onish ijodkor SHAXSining qalb butunligi, ruhan mustahkamligi, original badiiy tafakkur tarzi, millatparvarligi, fidoyiligi va bir qancha go‘zal xislatlar ortidan maydonga chiqadi. Yaxshi ijodkor ta’masiz zavq bilan ishlaydi, izzatini va so‘zining quvvatini juda yaxshi biladi. Kemik suyak ilinjida og‘zidan so‘lagini oqizib yurgan ko‘ppaklarning ba’zan pokiza xiyobonlarni bulg‘ab qo‘yishi ko‘plarning g‘ashiga tegadi.

 

– Qaysi adabiy to‘garaklarni kuzatib borasiz? Umuman, ularning bugungi faoliyatlarini qanday baholaysiz?

– Badiiy ijod sohasidagi Respublika miqyosida mashhur bo‘lgan G‘ayratiy yoki Matyoqub Qo‘shjonov nomi bilan bog‘langan yoxud “Gulshan”, “Shalola”, “Yosh tanqidchi”, “Chashma”, “Hilol” kabi adabiy to‘garaklar bu – alohida mavzu. Ularning devoriy gazetalari ham bo‘lgan. O‘zMUda adabiyotshunos Rahmon Qo‘chqor rahbarlik qilgan “Yosh tanqidchi”ni biz chiqarar edik… Bugun ham ijod sirini o‘rgatishga qaratilgan, boshlovchilarning adabiy mashqlari muhokamalarini o‘tkazadigan to‘garaklarning borligini bilaman. XX asrning 80-90-yillarida “Yoshlik” jurnalida bitta she’ri bosilganida har kimning boshi osmonga yetgan. Kursdoshimiz Bobomurod Eraliga o‘xshash kamtar shoirlar jurnalda nashr bo‘lgan bir betlik she’rlarining gonorar puliga bayramona bir dasturxon yozgani ham haqiqat. Lekin bugunning boshlovchi ijodkorlari o‘z asarlarining “Yoshlik” jurnalida bosilishini kutib o‘tirmaydi, menimcha. Agar jurnal ularni yaroqsiz topib qaytarsa yoki ma’qullab nashr qilsa ham, baribir, darhol ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib yuborishadi. Adabiy o‘zandoshlar bir-birlarini g‘oyibona qo‘llab-quvvatlab alqashadi. Gohi-gohida tanqid ham qilishar, ehtimol. Qolaversa, zamonaviy bunday “to‘garak”larda nafas, hayajon, shiddat, tuyg‘u, sas-sado kamroq seziladi. Yuzma-yuz tashkil etilgan adabiy to‘garaklar iste’dodlarning tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi va badiiy so‘z zavqidan yiroq kimsalarning qo‘ltig‘iga puflab havolantirmasligi lozim.

Nima desam ekan, har davrning o‘sha zamonga mos qo‘shiqlari bo‘lar ekan-da.

 

– Zamonamizda adabiyot nazariyasi qoliplariga sig‘maydigan va tom ma’noda yangilik bo‘lib kirgan asarlar yozildimi?

 – Badiiy asarlarni baholashda adabiyot nazariyasi umumestetik va umuminsoniy mezon sanaladi. Nazariy tushunchalarni yangilash oson emas. Bir qaraganda yangilik, yangi tushunchalar uchun obyekt bo‘ladigan asarlarga duch kelganda odam shoshib qoladi. Lekin ijodkorlar dunyo adabiyotidagi shu tipdagi asarlardan foydalanganini bilib, aniqlab, sezgandan keyin odamning shashti pasayadi. Bir asrlik o‘zbek adabiyoti tarixi tekshirilganda, siz aytgan “tom ma’nodagi yangi” asarlar yozilgani haqiqatga aylanadi. Faqat o‘sha yangiliklarni ba’zan o‘zbek olimlari boshqa millat adabiyotiga taqlidan yoki ular ta’sirida yozilgan, deb baholashadi. Bu to‘g‘ri emas. Yangilik uslubda, pafosda, tilda, tasvirda va shu kabi ko‘plab adabiy unsurlardan yaqqol ko‘rinadi. Shu e’tibordan, deylik, hikoyachilik yoki qissachilikda ham nazariy tushunchalarni yangilaydigan adabiy hodisalar bevosita nosirlarning nomlari va ularning ayrim asarlari bilan bog‘lanadi.

 

– Qodiriy shaxsi va ijodi bo‘yicha ko‘pgina ilmiy ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, sizning izlanishlaringiz ham salmoqli o‘rin egallaydi. Biroq badiiy asarlar haqida bunday deyish biroz muhokamali. Sizningcha, yozilgan badiiy asarlarda Qodiriy shaxsiyatining qaysi jihatlari to‘la ochilmagan? Ularning yutuq va kamchiliklari nimada?

– Abdulla Qodiriy to‘g‘risidagi ilmiy ishlarda ham haligacha adibning poetik olami tugal ochib berilmadi. Haqiqiy san’at namunasi hech qachon oxirigacha ilmiy talqin qilinmaydi. Hamisha yangi fikr aytish uchun imkon bo‘ladi. Shunga ko‘ra har bir yangi avlod Abdulla Qodiriyni o‘zicha o‘qiydi, shu o‘qishiga mos tushunadi va shu tushunganlari bayonidan ilmiy tadqiqotlar paydo bo‘ladi. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan Abdulhamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romani chiqdi. Xurshid Do‘stmuhammad “Yolg‘iz” qissasini yozdi. O‘tgan asrda Xayriddin Sultonov “Ra’no gulining suvi” hikoyasini yozdi. Dramatik asarlar ham bor. Abdulla Qodiriy shaxsiyatidagi ko‘p jihatlar yuqorida tilga olingan asarlarda o‘z ifodasini topgan. Bular yaxshi. Biroq baribir odamning “ko‘ngli yangilik qidiradi”. Yaqinda “Jahon adabiyoti” jurnalida L.Tolstoyning so‘nggi kunlari xususida bir asar o‘qidim. Adibning tabibi yozgan ekan. L.Tolstoyning ko‘ngil odami, ijod odami, odamiylik fazilatlaridan haqqoniy so‘zlab turibdi-da shu hujjatli asar. Abdulla Qodiriy va barcha millatparvar jadidlarning fojiaviy taqdiri – ziyolilarning ko‘ngil og‘rig‘i. Shunga malham kerak.

 

– Har yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘ttizga yaqin yosh ijodkorlarning “Birinchi kitob”lari chop etib kelinmoqda. Sizningcha, yiliga o‘ttizta ijodkor yetishib chiqyaptimi? Umuman, hozirgi yosh nosirlar va nozimlar ijodi haqida fikrlaringiz.

– Kitob chiqarish urfga aylandi. Kitob chiqarish oson ishga aylandi. Kitob chiqarish sharaf emas. Holbuki, birinchi kitob – yosh ijodkor uchun adabiy hodisa, hayotidagi eng muhim quvonchli voqea bo‘lishi lozim. Birinchi kitoblarning juda sodda, oddiy va bahorda yerdan potrab chiqqan qo‘ziqorindek bo‘lishi ayanchli. Birinchi kitoblarini chiqarib qo‘yib, oradan yillar o‘tgach, nafaqat birovlar, balki o‘zlaridan o‘zlari uyalganidan miyig‘ida kulib, hatto o‘sha “kitobcha”ni o‘zining ko‘zidan ham panaga yashirib yurgan “ijodkorlar” borligini bilaman. Agar nashr bo‘lgan kitobni birov o‘qimasa, ma’naviy ozuqa olmasa, ko‘ngli zavqdan hayrat va hayajonga tushmasa – ijodkor uchun bu juda xavfli sharpa. Boshlovchi yosh ijodkorlar o‘z oldiga katta adabiy-estetik talablarni qo‘yishi, kerak bo‘lsa, dunyo adabiyotidan baland asar bitish kerakligini shior sifatida ijodxonasi devoriga, uzr, o‘zlarining yurak devorlariga yozib qo‘yishlari lozim. Ijodda son katta ahamiyat kasb etmaydi. Juda katta adiblar yoki shoirlarning ham barmoq bilan sanarlik – chin san’atga aloqador asarlari bo‘ladi. Boshqalari esa, ikkinchi darajali tirgaklar. Ularni dunyo tillariga yoki dunyo tillaridan o‘zbek tiliga o‘girish ham shartmas.

Har yili o‘ttiztadan ijodkor yetishib chiqmayotganini mendan ko‘ra siz yaxshiroq bilasiz. Chunki ularning ko‘pchiligi sizning tengqurlaringiz.

 

– Adabiyotimiz rivoji haqida gap ketganda, Sulton Muhammadjonov, Nizom Komil, Ibrohim G‘afurov, Ahmad A’zam kabi ustoz tarjimonlarimizni alohida ta’kidlaymiz. Hozirgi yosh mahoratli tarjimonlardan-chi, kimlarni aytish mumkin? Bugun badiiy tarjima borasida qilinayotgan ishlarda qaysi jihatlar ko‘zga tashlanyapti?

– Ism sanash yoqmaydi menga. Birortasining ismi qatordan tushib qolsa, go‘yo men atay qilgan bo‘laman va doimiy “dushman”ga do‘naman. Yaxshisi, dunyo adabiyotidan tarjima qilingan “Iliada”, “Yosh Verterning iztiroblari”, “Choliqushi”, “Faust”, “Yevgeniy Onegin”, “Urush va tinchlik”, “Jinoyat va jazo”, “Cho‘l bo‘risi”, “Mening Dog‘istonim” va shu kabi bir qancha kitoblarni sanaylik. Tarjimonlari mahoratli bo‘lgani uchun ham o‘qiladi, eslanadi, suyukli. Endi suhbat oxirida sizga vazifa – “yosh mahoratli tarjimonlar” amalga oshirgan shunga o‘xshagan go‘zal tarjima asarlarini siz sanab bering. Bahonada men ham ma’rifatimni oshirib olayin.

 

Charos AVAZOVA suhbatlashdi.

2022/2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.