Tuyg‘ularni soldim qiynoqqa…

0
128
marta ko‘rilgan.

Kuzatuv

 

Yuragingni avrasang bazo‘r,

Tuyg‘ularni cho‘ktirolsang tiz.

Yomon bo‘lar o‘tsa yoningdan

Seni yaxshi ko‘rmaydigan qiz.

 

Isyon qilar yurak daf’atan,

Zanjirlarni parchalar tuyg‘u.

Yonginangdan o‘tar-u lekin

Seni yaxshi ko‘rmaydi-da u.

 

Zohiringda sipo va mayin,

Jilmayasan o‘lib-tirilib.

Seni yaxshi ko‘rmaydigan qiz

Muyilishdan ketar burilib.

 

Ozroq yerga qaraysan keyin,

Ko‘kka qadab tutasan ko‘zni.

Ammo ko‘rging kelaveradi

Seni yaxshi ko‘rmagan qizni.

 

Bilib qo‘ying

 

Dashtda yurgan toshbaqa yanglig‘,

Ninachiday qo‘nib qiyoqqa.

Qarmoqdagi baliq singari

Tuyg‘ularni soldim qiynoqqa.

 

Oqqushlarni haydagan ko‘lday,

Kalamushday teshib kemani.

Molga o‘xshab podadan ayri

Tuyg‘ularni yuldim, yemadim.

 

Toshning nusxi urdi yuzimga,

So‘nib qoldi, ko‘zlarim – Orol.

Manglayidan sho‘rladi sevgi

Men yashadim chanqab, bemalol.

 

Sipqorilgan, so‘ngra hijronda,

Suv qo‘shilgan obi zam-zamman.

Natijada bilib-bilmasdan

Sizga o‘xshab qoldim – odamman.

 

Alisher Boymurodov

1993-yili tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Soyabon” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.