Kungaboqar

0
1251
marta ko‘rilgan.

(Novella)

 

I

Keng dala, sokin shabada esmoqda. Atrofda odam bo‘yi kungaboqarlar osmonga intilgancha cho‘zilib turibdi. Dala o‘rtasida yam-yashil yolg‘iz daraxt. Faqat shu daraxtning ostigina keng daladagi yagona soya joy. Shamolda kungaboqarlar asta tebranadi. Ajib shitirlagan tovush butun kengni tutadi. Shunda ulardan qandaydir o‘zgacha hid taraladi. Bu yerda daraxtga suyangancha achchiq sigareta tutatishning zavqi boshqacha. Jimgina atrofni kuzatasan, shamol esadi. Kenglikni sirli tovush qamrab oladi. O‘simlik barglari shitirlaydi. Uzoq-uzoqlardan nimalardir ko‘rinib turadi. Tutunni ichga chuqur tortgancha o‘sha milti­rab turgan nuqtalarga termilasan. Shunda o‘zing ham shu dala ichida qolib ketasan. Go‘yo mangulikka singasan…

 

II

Achchiq qora qahva odamni tetiklashtiradi. U teran fikrlashga yordam beradi. Qahvada aldamchi ta’m yo‘q. Ko‘zlar katta ochiladi. Miya ham tez ishlay boshlaydi. Katta maydon. Atrofda sayyor rassomlar, musiqachilar o‘z san’ati bilan, odamlar gullar savdosi bilan band. Tosh terilgan bu katta maydon o‘n sakkizinchi asrdan beri odamlar bilan gavjum. Aylana favvoradan suv otilib turadi. Ba’zan quyosh nurlarida tomchilar  kamalak hosil qiladi. Favvora ortida esa allaqanday otliq haykali ko‘ri­nib turadi. Bu yerga san’atga oshufta kishilar yig‘iladi. Kimdir o‘z sur’atini ishlatadi. Boshqa birov antikvar buyum qidiradi. Ba’zilar oddiy maydonni shunchaki aylanib yuradi. Menga doim rassomlik yoqqan. Bolaligimda qora qalamda nimalardir chizardim. Ustidan qizilni yurgazardim. Bu ikki rang o‘zaro uyg‘unlashadi. Biroq rassom bo‘la olmadim. Hozir esa chizishga xohish yo‘q. Atrofga boqar ekanman, kungaboqar dalasi aks etgan rasmga ko‘zim tushdi. Rassomlar kenglikni ko‘p tasvirlashadi. Van Gog ham kungaboqarlarni bir necha bor chizgan. Ammo bu kartina mutlaqo boshqacha. U xayolan chizilmagan. Uni tasvirlash uchun dalada soatlab etyud qilish kerak. Bu aynan o‘sha dala – men doimo bir odamni kutadigan joy. Shamolda tebranayotgan o‘sha kungaboqar­lar, o‘sha qizg‘ish, qonayotgan shafaq, zaminga bosh qo‘yayotgan quyosh.

III

Uch kundan beri shu minoradan turib o‘sha suratni kuzataman. Uni qaysi rassom chizganini menga ma’lum. O‘shanda u navqiron edi. Yoqimsiz iljayar, rang qo‘yishida ham o‘zgacha uslub bor edi. Uning harbiycha kiyingan qiyofasini hech qachon unutmayman. Kartina hamon maydonda turibdi. U favqulodda iqtidor bilan ishlangan. Odamlar unga beparvo o‘tib ketishlari mumkin. Biroq haqiqiy san’atni ajrata oladigan kishi uchun bu shoh asar. Uni har kuni yosh yigit olib keladi. Bir-ikki xaridor so‘rashini aytmasa, bu asar bilan hech kim qiziqmaydi. Kech tushgach, yigit asarni qo‘ltiqlagancha qa­yergadir yo‘l oladi. Albatta, uning qo‘lida yana bir nechta boshqa manzaralar ham bor. Ammo eng katta kartinasi shu: kungaboqar dalasi. Asar-ku shu yerda, lekin musavvirning o‘zi qani? Nega asaridan xabar olgani kelmaydi? Kartinaga zimdan nazar tashlayman. Dala xuddi o‘sha rakursdan chizilgan. O‘sha balandlikdagi daraxt yonida turib sharq­qa yuzlanib ishlangan. Uni faqat birgina odam shunaqa qilib chiza oladi. Tirqirab oqayotgan qondek shafaqda oddiy ranglar yo‘q. Maktabda rassomlar haqida ko‘p kitoblar o‘qirdim. Ularni “boshqacha” odam bo‘ladi, deyishardi. Bir rus rassomi askar bo‘lgan. U ko‘p odamlarni o‘ldirgan. Keyin o‘sha odamlar jasadi tepasida soatlab turib qoralamalar qilgan. Verishiya­ginni shu sabab “qo‘li qonga botgan rassom” deyishgan. Leonar­do da Vinchi ham jon berayotgan odamlarni tasvirlagan. Dorga osilgan odamlarni ko‘p kuzatgan. Lekin o‘zi odam o‘ldirmagan. U faqat chizgan. Odam o‘ldirish bilan o‘lgan odamni chizishning farqi katta. Birinchi marotaba qo‘limga pichoq olib tobi qochgan buvim uchun tovuq so‘yib bermoqchi bo‘lganman. Albatta, onamning qistovi bilan. Dadamdek har narsani bilgim kelardi o‘shanda. Biroq tovuqni so‘ya olmadim. Har safar qo‘lim titrab pichoq tushib ketaverdi. Bu holatni kuzatgan o‘rtoqlarim rosa mazax qilishgandi. Bugun ularni ko‘rmaganimga ham chamasi o‘ttiz yil bo‘ldi. Yo undan ko‘p… Men o‘shanda ulardan qattiq nafratlangandim. O‘g‘il bola o‘zini ojiz sezishidan og‘irroq alam yo‘q. Bola bo‘lsam-da, ularga o‘xshamasligimdan uyalardim. Men faqat chizardim. Tengdoshla­rim esa har safar meni uchratishganda mazax qilishdan to‘xtashmasdi. Bugun ular meni ko‘rishganda edi, uyalib qolisharmidi balki? Yo, menimcha,  qo‘rqqanla­ridan jim bo‘lib qolishardi.

IV

Urush boshlanganda hali go‘dak edim. Mo‘ylabi endi sabza urayotgan o‘spirin. O‘n besh yoshga kirgandim. Uyimizda ajoyib radio bo‘lardi. Dasturxonga qo‘l cho‘zganimda… oraga jimlik cho‘kdi. Hamma radioni tinglardi. Yevropada Ikkinchi jahon urushi boshlangani xabari barchani esankiratib qo‘ydi. Urush xuddi jahannam olovidek kengayib borayotgandi. Bobom: “Urush kimlargadir kulfat, kimlargadir baxt olib keladi” deb aytardilar. Urush bizga kulfat keltirdi. Esimda, qishlog‘imizdagi qaysidir bolakay ikki tengdoshini o‘roq bilan o‘ldirgani haqidagi mish-mish hammada qo‘rquv uyg‘otgandi. U, aslida, bo‘lganmi-yo‘qmi bilmadim-ku, ammo men ham o‘sha bola bilan ro‘baro‘ kelishga cho‘chirdim. Go‘yo u meni ham o‘roq bilan quvadigandek. Yaxshiki, uni qamab qo‘yishgan. Balki bu voqea umuman bo‘lmagandir. Biz kabi quloqsiz bolalarni qo‘rqitish uchun atayin o‘ylab topilgan to‘qimadir? Har holda o‘sha vaqtda bu hikoya biz eshitgan eng qo‘rqinchli hodisa edi. Tasavvurimda u paxmoq sochli, yuzlariga sepkil toshgan, qotmadan kelgan chayir o‘ris bola gavdalanardi. U men kabi qo‘rqoq bo‘lmagani aniq. Bo‘lmasam, odamlarga o‘roq bilan tashlanarmidi? Bolaligimda u haqda eslagim kelmasdi. Bu qo‘rqinchli tasavvurlarni uyg‘otadi. Go‘yo u bug`doyzordan qo‘lida o‘roq bilan chiqib keladi-yu, o‘sha bolalar kabi meni ham quvib ketadi.

 

V

1942-yili Stalingraddan poyezd yo‘lga tushdi. Otam va uning kichik singlisi, men unda qayergadir qochib borardik. Urush talato‘pi odamlarni bir-biridan ayirgan dahshatli davrlar edi.

Yarim tun. Dabdurustdan o‘q ovozlari eshitildi. Poyezd to‘xtadi. Hamma birin-ketin vagonlardan olib tushildi. O‘shanda nemis tilini bilmasdim. Faqat qo‘rquvdan titrardim. Atrofga alanglardim. Otam qo‘limni mahkam ushlab olgandi. Shu tobda u singlisining qo‘lini ham qattiq tutgandi. Askarlar odamlarni juft-juft qilib bog‘lashdi. Ko‘prikka olib chiqib ulardan bittasini otib tashlashardi. Ikkinchi odam ham u bilan daryoga qulardi. Katta daryoda esa tirik qolgan sherigi ham cho‘kib olardi. Ora­mizda ba’zilar dod solar, boshqalar esa o‘limga tik boqardi. Fashistlarda o‘q yetarlicha edi. Odamlarni otib o‘ldirish uchun ularni daryo ustidagi ko‘prikka olib kelish ham shart emasdi. Ammo ular shunday qilishardi. Balki bunda qandaydir g‘ayrinsoniy lazzat bo‘lgandir? Ba’zi odamlar o‘zganing azobidan zavqlanadi. Hammani ikkita-ikkita qilib, ba’zi bolalarni onasiga qo‘shib bog‘lashardi. Otamni alohida, ammam va meni birga bandi qilishdi. Keyin arqonlarni bir-biriga  chirmab tashlashdi. Askarlar bizni turtib temir yo‘l o‘tgan ko‘prikka boshlashdi. Ko‘prik baland edi. Ostida oqayotgan suv ham juda vahimali ko‘rinardi. Suv loyqa, atrofdan porox hidi anqib turardi. Uzoqdan daryoda o‘liklar oqib borayotgani ko‘rinib turardi. Oldimizda bir necha odamlar. Ortimizda ham qo‘llari bog‘liq holda boshqalar kelardi. Endi qo‘rquv yurakka g‘ulg‘ula solar, odamlar qanday dod solayotganini eshitmasdim ham. Bir askar yonimizga yaqinlashdi. Uning ko‘zla­rida na qo‘rquv va na rahm-shafqat bor edi. U endigina o‘n to‘qqizga kirgan ammamning peshonasiga qurol tiradi. Kiprik ham qoqmay uni otib tashladi. Biz daryoga quladik. Otam bilan men tirik edik. Go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek. Otam nimalardir deb menga qichqirdi. Men hech nimani eshit­madim. Ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Bir zumga xayolimda bolalik onlarim jonlandi. Pechda pishgan issiq kulcha. Kulchadan murabbo hidi kelib turardi. Bu yoqimli is ochiq derazadan atrofga taralar, o‘shanda o‘yinni tashlab uyga chopardim. Qo‘llarimni ham yuv­masdan dasturxonga yaqinlashardim. Onam­ning kinoyali nigohi doimo meni to‘xta­tib qolardi. Qo‘l yuvmasdan dasturxonga o‘ti­rishim unga yoqmasdi. Ko‘zla­rim yumuq, yuzim bilan yaxdek suvga urildim. Hech qachon suzishni o‘rgana olmaganman. Bu mening eng zaif tomonim. Suvga tushdim deguncha qo‘l-oyoqla­rim betartib harakatga keladi. Suzish o‘rniga cho‘ka boshlayman. Daryo tez oqardi. Quloq­larimga g‘urillagan ovoz keldi. Butun badanim muzlay boshladi. Ko‘zimni bazo‘r ochdim. Suv ostida hech nima ko‘rinmasdi. Daryo bizni o‘z domiga tortardi. Nafasim ichimga qayta boshladi. Ortiq bu holda tura olmasdim. Og‘zimni beixtiyor ochib yubordim. Og‘zimga suv kirib, ko‘nglim ag‘darilib ketdi. Nimadir meni yuqoriga tortardi. Hushimni yo‘qota boshladim. Birdan suv yuzasiga qalqib chiqdim. Otam tirik, u meni tortqilagancha suzardi. Yana hushimni yo‘qotdim. Birdan o‘zimga keldim. Suvga qusib yubordim chog‘i, ko‘nglim ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Ichagim buralib qal­qib, qattiq-qattiq yo‘talardim. Ko‘z oldim xiralashar, faqat suv yuzasidagi o‘liklarni elas-elas anglardim. Ko‘prikdan uzoqlasharkanmiz, u yerdan esa hamon achchiq yig‘i, o‘qlar ovozi eshitilardi. Artofni tutun, qo‘rg‘oshin hidi tutgandi. Bir uyum o‘lik oqimida otam ikkimiz hayot uchun talpinardik.  Otam juda matonatli odam edi. U o‘shanda ikkimizni qutqarib qolgandi. Hozir esa bu kartinaga qarab hayotimdagi eng mudhish kun, o‘sha yaxdek daryoda chalajon  oqqanim emas, balki kungaboqarlar o‘sgan daladagi voqea ekanligini his etaman.

 

VI

Bugun yomg‘ir yog‘di. Xiyobonda odam kam. Hali maydon qurib ulgurmagan. Odamlar ham g‘alati bo‘ladi. Shu salqinda ham muzqay­moq yeguvchilar topiladi. Ikki sevishgan qo‘ltiqlashib o‘tib ketdi. Ertalabdan yomg‘ir yoqqan bo‘lsa-da, favvoradan suv otilib turibdi. Suv marjondek atrofga sachramoqda. Men esa hamon minorada qurolimni tutgancha atrofni kuzatayapman. Balki aynan bugun nishonim aniq bo‘lar? Sukunat. Odamlar orasida qandaydir paxmoqsoch, yuzlarini sepkil bosgan bola suvga angrayib qarab turibdi. U biram bechora ko‘rinardi. Balki tilanchidir? U men eshit­gan dahshatli hikoyadagi o‘sha o‘roq tutgan bolaga o‘xshardi. Faqat qo‘lida o‘rog`i yo‘q. Peshonamdan sovuq ter chiqdi. Yuragim tez urib ketdi. Bugun maydonga suratlar sotadigan yigit chiqmadi. Uni bir necha soat kutdim. Balki, ertaga kelar…

 

VII

Biz omon qoldik. Otam ikkimiz urushda birga xizmat qildik. Hali bola bo‘lsam-da, qo‘limga qurol tutishdi. Merganlik san’atini o‘zlashtir­dim. Birinchi bor  odam o‘ldirganimda qo‘llarim titragandi. Qurolni to‘g‘ri ushlab tura olmasdim. Lekin yig‘lamaganman. O‘shanda men­dagi ikkinchi iqtidor ochilgandi. Aytishlaricha, ajoyib nafas olarkanman. Bu merganlik uchun ayni muddao. Soatlab bir joyda jim  yotgancha kerakli nuqtadan ko‘z uzmay sabr bilan kutish go‘yo o‘yinga o‘xshardi. Boshingni ko‘tarsang – yutqazasan. Keyin boshqa bu­naqa o‘yin bo‘lmaydi. Men partizanlar orasida afsonaga aylandim. Bir nuqtadan turib ba’zan yettitagacha askarni otardim. Odam o‘ldirish menga zavq bermasdi. Lekin ikki ko‘zning o‘rtasini nishonga olish o‘zgacha ish edi. Sen o‘q tekkan askarni bir lahzada ko‘zlari xiyol te­paga ketayotganini ko‘rasan. Ba’zan odamlar juda xunuk o‘lim topadi. Hali joni uzilmasdan chakaklari osila boshlaydi. Kalovlanib yiqiladi. Gohida jon talvasasida tipirchilaydi. O‘q bilan jonni olish mumkin. Lekin bu shu onning o‘zidayoq o‘ladi degani emas. O‘q yeganlar orasida bir necha daqiqa alanglab yotaveradiganlari ham bo‘ladi. Bulutli kun quyuq o‘rmonzorda bittasini otdim. Avval nishonni doimgidek ikki ko‘zning o‘rtasiga oldim. Bu mening uslubim edi. Keyin o‘q uzdim. Askar boshi chayqalib, ortidagi daraxtga borib urildi. Biroq joni uzilmadi. Qon peshonadan sizib chiqar, bazo‘r nafas olardi. Men atayin qayta o‘q uzmadim. Uni diqqat bilan kuzata boshladim. U na tirik edi, na o‘lik. Barmoqlari titrab harakatlanar, og‘zi yopilmasdi. Og‘zidan qon oqardi. Ko‘zlari men tomon yo‘nalgandi. U go‘yo meni ko‘rib turardi. Ko‘zlari moviy edi. Menga  boqib “Men hammasini ko‘rdim, bu sen…” deyayotgandek edi. Men ancha uzoqda, quyuq butalar ostida yotibman. Qay burchakda pisib yotganimni hech kim bilmaydi. Lekin u menga boqib turardi. Nazarimda, bu inson ko‘zlari emas. Boshqacha ko‘zlar… O‘lgan odam yig‘laganini o‘shanda ko‘rganman. Uning ko‘zlaridan yosh sizib chiqardi. Biroq nafas olishdan to‘xtagandi. Atrofimizda bir necha askar bor. Barchasi bizni izlar, butazorda esa uchta mergan yotibmiz. Boshqalarni otmadim. Men o‘z nishonimni kuzatardim. U nimagadir yetisha olmay armon bilan ko‘z yosh to‘kar shu bilan birga, go‘dakka o‘xshardi. Biroz o‘tib ko‘zlari qotdi. Joni uzildi. Shundagina u boshqa murdalardek tinchib qoldi.

Merganlik tug‘ma bo‘ladi, deyishadi. Bu haqda biror nima deya olmayman. Men faqat otishni bilaman. Ko‘zlarim nishonni izlayotganda boshqa odamga aylanaman. Bu go‘yo ishqibozlar o‘yinidek. O‘zgacha shiddat va lahzalik lazzatlanish. Shunchaki o‘lim o‘yini. Undagi lazzat aniqlik hamda murakkablikda. Bir safar haqiqiy merganni ham otdim. Uni partizanlar Shlosnberg deyishgandi. Yuzga yaqin kishini o‘ldirganmish. U bilan o‘ynashish menga yoqdi. Bu odam boshqalarga o‘xshamasdi. Unda o‘ziga xos taktika bor edi. Men qadimiy afsonadagi qahramon kabi labirintdagi Minotavrni har burchakdan izlardim. Bunaqa vaqtlarda  uni qay tomondan chiqib kelishini bashorat qi­lish qiyin. Xarobazorga aylangan shaharda teshiklar, pastqamlar ko‘p. Aynan qay biridan Minotavr meni kuzatyapti? Uni qonga to‘lgan ko‘zlarini izlardim. Tavakkal qila olmayman. Faqat nishon, yo o‘lim. Ko‘zlarimni zumga yumdim.  Chang ko‘tarilgan, atrofni o‘q ovozlari tutgan, qora tutunga burkangan xarobazorni keng, ochiq daladek  tasavvur qildim. Faqat ichki ovozimga quloq tutardim. Ayni damda men uni allaqanday ichki ishonch bilan qayerda pusib yotganini sezgandim. Ana u, o‘sha Minotavr! Qizil, qonga to‘lgan ko‘zlari bilan menga qarab turibdi. Ko‘zimni ochdim-u, chaproqqa burilib birinchi yarqiragan nuqtaga o‘q uzdim. Chamamda, janggohda uch soatlar yotdik. Tanim beton siniqlari ustida momataloq bo‘lib ketgandi. Kech tushgach dushman ham mavhumlikka kirib ketdi. Biz chumolilardek g‘imirlay boshladik. Albatta, nishon tomon shoshardim. O‘q unga tegdimi yo boshqaga, shunisiga qiziqardim. Beton ostida Shlosnberg yotardi. O‘ng ko‘zini aniq nishonga olibman. Uning o‘limi xabari tez tarqadi. Suratini gazetada ham bosishdi. O‘shanda quvonchdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Bugun bu quvonchdan asar ham yo‘q. Ichimda qandaydir g‘alayon, achchiq alam, qasos hissi cho‘g‘dek ko‘ksimni kuydiryapti. Shu la’nati minoradan turib men har kuni o‘sha qo‘li qonga botgan rassom ishini kuzataman. Buni qanchalar og‘ir ekanligini tasvirlab berolmayman. Men uning kelishiga ishonaman. Albatta, shu minoradan turib uni naq ikki ko‘zi o‘rtasiga o‘q joylayman. U boshqalardek o‘lmaydi. Yerga yiqiladi. Qoni tirqirab joni uzilmay qiynaladi. Alanglab, jon hovuchlab favvora oldigacha sudralib kelar… Aytishlaricha, jon halqumga kelganda odamning tomog‘i  qaqrarkan. U ham o‘lardek chanqasa kerak. Kaftini ochib suv ichishga urinadi. Qo‘llari titrab suv to‘kilib ketadi. Titrayotgan lablari bilan suv tekkan qo‘llarini yalaydi. Men uni shu minoradan turib kuzataman. U osonlikcha jon bermaydi. Axir u qotil… Uni qanday o‘lishini ming marotaba tasavvur qilib ko‘rgandim.

 

VIII

Odamlar haqida bir nima deyish qiyin. Bir ruhoniyni cherkovda osishganini ko‘rganman. Gunohi og‘ir edimi, ko‘zlari o‘yib olingandi. Yuzini qon yuvgan, panjalariga mix qoqilgan. Balki uni avval xochlashgandir. O‘shanda birinchi bor tamaki tortgandim. Cherkov vayronasiga suyangancha osilgan ruhoniyning suratini qoralardim. U shamolda xiyol tebranib turardi. Qalamimning uchi sinib ketdi. Tamakini chuqur tortgancha ruhoniyga tikildim. Tama­kini tortganimda ko‘pincha osmonga qarardim. Bizning ishda bulutlarga ko‘pam angrayish yaramaydi. Aslida, merganlar umuman chekishi mumkin emas. Seni o‘qqa yo sigareta cho‘g‘i, yo undan chiqayotgan tutun tutib beradi. Nima ham qilardim. Bu bir ermak. Bolalik degani butazorda, yomg‘irlar ostida, ustiga-ustak urushda o‘tayotgandan keyin yana nima ham qilardim. Birdan bir ovun­chog‘im shu – tamaki. Uni ham hadeganda topib bo‘lmasdi. Chekmasang ham bo‘lmaydi. 

 

IX

O‘sha rassom kungaboqar dalasida nima­nidir qoralardi. Qurolimning durbinidan kartinaga boqdim. Kungaboqarlarni chizayotgan ekan. Unda sokin shamol, tebranayotgan kungaboqarlar, botayotgan quyosh tasvirlanayotgan edi. Rassom harbiycha kiyingan, “SS” armiyasining xos zobitlaridan. Bu iqtidor bilan u yaxshi rassom bo‘la olardi. Uning ishini uzoq kuzatdim. Kungaboqarlar xuddi jonlidek tasvirlangandi. Ranglar bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan. Kartinadan hatto shamolni his etish mumkin edi. Balki u rassomlik akademiyasi­ning talabasi bo‘lgandir. Har holda oddiy ishqiboz bunchalik mukammal asar yarata olmaydi. Rasmdagi osmon, botayotgan quyoshga nimadir yetishmasdi. Ranglari tirik emasdi. Hali yakuniga yetmagan asar bir qarashda odamga osoyishtalik berardi. U, haqiqatan ham, iqtidorli edi. Kartina ranglarini Renuarning qaysidir ishiga o‘xshatib yubordim. Qiziqish ustun kelib ishni kuzatishda davom etardim. Qo‘limga pa­litrani tutib, shu dalani judayam chizgim keldi. Kungaboqarlarni tasvirlayotib, uning ortidan siniq quyosh nurlarini chiqarardim. Ranglar shiddati shunda seziladi. Orqa fon kenglikdan ufqqa ulanib ketsa, ranglardagi sezilar-sezilmas kontrast kishini asarga tortib ketaveradi. Shu payt qandaydir ovozlar eshitila boshladi. Uzoqdan askarlar rassom oldiga ikki kishini boshlab kelishardi. Zobit ularga yuzlandi. Birdan g‘alati iljaydi. Chamamda ishiga xalaqit qilishgani unga yoqmadi. Yoki kartinasiga qandaydir yangilik topgandi. Shu tobda uni qanday kayfiyatda ekanligini anglash qiyin edi. U ikki tutqunga bejo boqdi. Sekingina ularga yaqinlashib, tutqunlardan biriga pichoq sanchidi. U yerga yiqildi. Darhol mo‘ljalga oldim. Qurolimda o‘q qolmabdi. O‘qsiz mergan tishi yo‘q bo‘riga o‘xshaydi. Asablarim qaynab ketdi. Zobit esa ikkinchi tutqunning, bo‘yniga pichoq tortib yubordi. U men tomonga tisarildi, yiqilayotib, yuzi menga burilgandagina uni ta­nidim. Bu otam edi. Bo‘g‘zimga achchiq nimadir tiqildi. Otam yerda jon talvasasida yotardi. Kungaboqarlar shamolda tebranar, tepalikda – daraxt ostida esa otam jon berayotgandi. U bu dunyo bilan vidolashmoqda. Mening esa shu onda ko‘zlarimda yosh tirqiragancha uning ayanchli holatini kuzatishdan boshqa choram yo‘q. Ovozim xirillar, lablarim titrar, otamning ko‘zlarini kuzatayotgandim. U men tomonga qaragancha “Xayr, o‘g‘lim. Alvido, bolajonim…” deyayotgandek edi. U shu alfozda bir necha daqiqa yotdi. Atrofda askarlar sergak turar, men na qochishni va na shu yerda yotishni bilardim. Otam esa menga termilgancha nimalardir demoqda… Boyagi rassom esa bamayli­xotir kartinasi ustida ishlar, osmonga, botayotgan quyoshga qarab-qarab qo‘yardi. U birdan moybo‘yog‘ini otamning bo‘yniga botirgancha kartinasini chizishda davom etdi. Endi rasmda shafaq qizarib qonayotgandi. U bo‘yoqda emas, otam qonidan chizilayotgandi. Zobit esa iljayib ishidan zavqqa to‘lardi.

 

X

Qishloq yaqinidagi qahvaxonadan chiqar ekanman sigareta tutatdim. Mayin shamol esmoqda. Uzun yo‘lka bo‘ylab o‘sha kungaboqarlar o‘sib yotgan keng dalaga yo‘l oldim. Dala o‘rtasidan kesib chiqib, yolg‘iz daraxt oldiga bor­yapman. Atrof sokin. Rassom bo‘lganimda shu dalani chizardim, har faslda uni tasvirlardim. Kenglikka shu daraxtgina o‘zgacha kayfiyat berib turadi. Ba’zan uni yoqib yuborgim keladi. Gohida esa suyanib to‘yguncha yig‘lardim… U ham men kabi yolg‘iz. Bolalikni xotirlayman. Onamning shirin kulchalari. Murabboli kulchalar… Shu onda o‘sha qo‘rqinchli bolakay qo‘lida o‘roq bilan kungaboqarlar orasidan chiqib kelganda-mi. Balki undan nega bunday qilganini so‘ragan bo‘larmidim? Yoki ikkimiz jimgina shamolda kungaboqarlarning tebranishini kuzatib o‘tirarmidik. Har holda u ham bola bo‘lgan-ku… Odamning aytadigan so‘zi qolmasa, jimgina sigareta tutatishga hech nima yetmaydi. Daraxtga bosh qo‘ydim. Qiziq, bu daraxtning yoshi nechada ekan? Yuzmi, yo undan ortiq? Bir chetidagi shoxlari quriy boshlabdi. Urushdan bus-butun chiqish hamma daraxtlarga ham nasib etmagan. U esa hamon o‘shandagidek. Keng dalada kungaboqarlar o‘rtasida vazmin qad rostlab turibdi.

 

XI

Kulbam binoning tomida joylashgan. Yomg‘ir yoqqanida tomchilarning tiqir-tiqiri odamni allalaydi. Avvallari yomg‘ir ostida soatlab yotardim. Ko‘zlarim bir nuqtaga termilaverib tinib ketardi. Ust-boshim shalabbo bo‘lsa-da jim yotaverardim. Bahorda ba’zan yomg‘ir yoqqanidan suv dahangacha kelardi. Loyqadan g‘alati hid anqiydi – tiriklik isi. Bu o‘sha mash’um daryoga o‘xshamaydi. Hozir yomg‘irdan uyqum keladi. Beton ustida to‘shakda jim yotibman. O‘ylab qarasam, mening hech qachon karavotim bo‘lmagan. Faqat bolaligimda, olti yoshgacha kichkina yog‘och karavotda yotganman. Yog‘och chetlari naqshinkor edi. Keyin umuman boshim yostiq ko‘rmadi. Osmonga qarab yotaverardim. Uyqu ham kelmasdi. Ba’zan tush ko‘raman. Unda o‘roq ko‘tarib yurgan sochlari paxmoq malla bola kungaboqarlar o‘sib yotgan dala ichiga kirib ketadi. Uning ortidan yuraman. U esa har gal meni adashtirib ketadi. Aylanib yana yakka daraxt oldidan chiqaman. Daraxt oldida kichik molbert ustida o‘sha mudhish kartina. Osmon esa qonamoqda… Birdan o‘q ovozlari. Askarlar hayqirig‘i. O‘layotgan  askarlar qiyofasi. Bolalarning alamli yig‘isi. Moviy­ko‘z askar “Men hammasini ko‘rdim, bu sen…” deydi. Nazarimda, u o‘lmagan.

XII

Maydonda o‘sha kartina ko‘rinmay qoldi. Si­gareta tutatgancha maydonda aylanib yurdim. Uni kim sotib olgani haqida o‘ylardim? Menga o‘sha rassom kerak. U tirik. Qayergadir yashiri­nib olgan. Meni, albatta, izlab kelishimni bilgan. Rassomlar o‘zi telbanamo bo‘ladi. Ular­ning o‘z olami bor. Men rasm chizganimda otam ko‘p urishardi. U bolalar bilan ko‘cha changitishimni xohlardi. Yuz-ko‘zim ko‘karib yursa ham, kiyimlarim kir bo‘lsa ham, o‘ynab yurishimni istardi. U rassomlarni yoqtirmasdi. Ijodkorlarni telba der, ularni hecham xushlamasdi. Balki rassomlikka mehrimni otam sindirgandir? Bir safar oddiy qora qalamda daraxt chizdim. Yonida sigir. Bolakay esa yerni supurmoqda. O‘shanda otam rasmga qarab “O‘g‘il bola ham yer supuradimi?” deya jahl qilgandi. So‘ng qog‘ozni yirtib tashlagan. Bilmasam, balki otam haq bo‘lgandir. Balki qo‘limga qalam tutmaganimda tovuqni so‘ya olarmidim? Bolalar ustimdan mazax qilishmasmidi? Yo‘q, unda paxmoq sochli anavi bolakay kabi vahshiy bo‘lib ketardim. Otam meni kim bo‘lishimni istardi? U bu haqda hech gapirmagan. Shu xayollar bilan maydondan uzoqlashdim.

 

XIII

Uzoqdan nimadir ko‘rinib turibdi. Daraxt oldida turgan nima bo‘lishi mumkin. Tezlik bilan kungaboqarlar orasiga yashirindim. Bu yerda kimdir bor. Qandaydir ichki hissiyot bilan qurolimni yig‘a boshladim. Bir zumga xuddi urush­dagi kabi sokinlik qa’riga cho‘mdim. Durbin orqali atrofni kuzata boshladim. Daraxt oldida molbert. Unda allaqanday kartina turibdi. Daraxtni aylanib o‘tdim. Surat xuddi kaftdek ko‘rinib turardi. Bu o‘sha asar! Kungaboqarlar chizilgan, qonayotgan shafaq aks etgan kartina. Atrofda hech kim yo‘q. Kim bu asarni shu yerga qo‘yib ketdi? Boyagi rassommi? Men uni izlayotganimni bilar ekan-da? Shu yerda uchrashmoq­chimi? Qiziq, o‘zi qani? Rassomlar telbanamo bo‘ladi deganlari to‘g‘ri-da. Bo‘lmasa, oldimga o‘z o‘limini so‘rab kelarmidi? Biroq daraxt ostida faqat molbertda kartina turibdi. Atrofda hech zog‘ yo‘q. Asarga yaqinlashdim. Go‘yo oyoqla­rim titrardi. Ko‘zimga yosh quyilib kelardi. Axir unda otamning qoni bor. Qonayotgan shafaq bo‘yoq emas. Otam­ning joni…

Kartinaga yaqin keldim. Unda avval sezmagan jihatini ko‘rdim. Asar chetida yozuv bor ekan. Kichik harflarda “Konstantin. M”. Bu rassomning imzosi. Uning ismi Konstantin. Mana otamning qotili, qo‘li qonga botgan rassomning ismi kim ekanligini bilib oldim. Kartinada g‘alati kayfiyat bor edi. Unga o‘sha marhumlar ruhi singib ketgandek. Tebranayotgan kungaboqarlar orasidan soyadek sokin boqib turgandek. Ba’zan asarda odam aks etmagan bo‘lsa ham, uning ruhi bo‘ladi. Holat kayfiyati seziladi. Shamollar shitiri bilan bo‘yniga pichoq tortilgan odamning xirillab nafas olishi eshitilayotgandek. Asarda urush hidi sezilib turibdi. Qo‘rg‘oshinning tomoq qirar isi…

 

XIV

Dala sokin. Qurolimni daraxtga suyab qo‘yib cho‘ntagimdan sigareta chiqarib tutata boshladim. Shamol tutunni yuzimga urardi. Men uni bu safar ham qo‘ldan chiqardim. Telba rassom asarni menga tashlab qochib qoldi. Ustimdan mazax qilgandek ismini ham o‘chirmabdi. Odamning ustidan kula boshlashingiz bilan uning g‘azabi qaynaydi. Miyamda fikrlar g‘ujg‘on o‘ynamoqda. Afsus, shu onda achchiq qahva yo‘q-da. Kallamga birorta ham aniq fikr kelmayapti. Asabim qaqshab, ich-ichimdan g‘azabga to‘lyapman. Faqat hozirgina o‘sha qotil bolakayning holatini his qilyapman. U ham bekorga o‘roq bilan ikki tengdoshini boshiga yetmagan. G‘azabda bo‘lgan. Ustidan mazax qi­lishgandir. Balki u ham mendek tovuq so‘ya olmagandir? Rassom-chi? Shuncha yil qayerlarda yashirinib yurdi? Meni bu yerga kelishimni u qanday bildi? Kimlardir meni kuzatganmikin? Har xil fikrlar ustma-ust kela boshladi. Jin ursin bu telba rassomlarni! Shu payt bo‘ynimga nimadir sanchildi. Ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Ortga burilib qurolimga talpindim. Ammo qadam tashlashga ham ulgurma­dim. Yerga quladim.

 

XV

Ko‘zimni ochganimda qo‘lim kishanlangan, nim qorong‘i xonada o‘tirardim. Boshim qattiq og‘rirdi. Nima bo‘lganini anglay olmasdim. Oldimga qalin jild tashlashdi. Jildda yuz betdan ortiq qog‘ozda allanimalar yozilgandi. Uni ochib, sekin ko‘z yugurtirdim.

“53-ish.

  To‘liq ism-sharifi: Konstantin Mixaylov Dmitriyevich

  Tug‘ilgan yili: 1926-yil 7-oktyabr

  Tug‘ilgan joyi: Sovet Sotsialistik Ittifoqi Respublikasi. Stalingrad shahri.

Birinchi tashxis: 1941-yil. Qotillik. Kuchli ruhiy zo‘riqish. Stalingrad “K.Marks nomidagi markaziy klinika”

Tashxis: shizofreniya

Uslubi: o‘tkir buyumlar bilan chala so‘yish,vintovka yordamida o‘qqa tutish.

O‘ziga xosligi: o‘zini uch va undan ortiq kishi deb hisoblaydi. Aksar holatlarda davlatning maxsus xizmatchisi deya o‘ylaydi.

 

1941-yil Konstantin Mixaylov Dmitriyevich o‘n uch yoshida kuchli ruhiy zo‘riqish oqibatida ikki tengdoshini o‘roq bilan o‘ldirgan. Germaniya Sovet Ittifoqiga hujum qilgach, shoshilinch ravishda oddiy poliklinikaga o‘tqazilgan. 1942-yilgi Stalingrad qamalida u maxsus qaror­ga muvofiq oddiy askar sifatida Sovet askarlari safiga kiritilgan. Stalingrad janglarida merganlar safida xizmat qilgan. Polsha, Fransiya o‘rmonlarida partizanlar safida mergan bo‘lgan. Yuzga yaqin askar va yuqori lavozimli harbiylarni yo‘q qilgan. Parij yaqinidagi kenglikda otasi va vzvod komandirini so‘yib tashlagan. Shundan so‘ng 1944-yili harbiy tribunal tomonidan hibsga olingan. O‘sha yili qishda kasalxonadan qochib ketgan. 1967-yilga qadar turli jinoiy to‘dalar safida mergan sifatida faoliyat yuritgan. Yuz va undan ortiq kishining o‘limida gumon qilinadi.

Konstantin Mixaylov Dmitriyevich bir necha yillar davomida qotillik bilan shug‘ullangan. U qidiruvdagi xavfli jinoyatchi bo‘lib…

Bu satrlarning so‘ngi yo‘qday edi. Ko‘zim tinib ketdi. Oxirgi varoqda esa 1969-yil. Parij. deb yozilgandi. Nima, bu yangi topshiriqmi? Odatda, ishlar bunday buyurilmasdi? Surat va manzili. Bugun esa umuman boshqacha yondashishmoqda. Nega men hibsdaman? Nahot, shunchalar jiddiy topshiriq bo‘lsa? Shu onda shakarsiz qahva ichib, burqsitib sigareta tutatgim keldi. Miyamda bir savol aylanardi. Tanish ism… Konstantin deganlari kim edi? Jildning so‘nggi beti: surat. Mening suratim… Yalt etib to‘g‘rimga qaradim. Ro‘paramda boyagi askar. U moviy ko‘zlari bilan hamon menga tikilardi. Go‘yo mening ichimga kirishga urinayotgandek. Men uni qachonlardir ko‘rgandim. Nahot, bu o‘sha? Jin ursin! Ha, u o‘sha joni halqumiga kelib qolgan, jon talvasasida yotgan askar… U moviy ko‘zlari bilan menga qarab, go‘yo “Men hammasini ko‘rganman, bu sen..”deyayotgandek edi.

 

Shahzod SHOMANSUROV

1986-yili tug‘ilgan.

Kamoliddin Behzod nomidagi

Milliy rassomlik va dizayn

institutini tamomlagan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.