Yoniq bo‘lsa sening chirog‘ing

2
93
marta ko‘rilgan.

Uchinchi xulosa

 

bu rasmni sevaman uyg‘oq,

bu rasmda yig‘lamli alam:

bola

qo‘lida non.

qonagan

labi qizil va alvon non ham.

 

xulosalar ingichka o‘tkir

yoki keskir ustaradek tan,

tamakini chekib kuzatib,

xulosalar urchir

masalan:

 

qiyinchilik qobirg‘asi-la

qismatining ipi bitishgan.

gung ochlikning nihoyasida

labi qonab nonga yetishgan

yoki boshqa xulosa mana:

 

sag‘irlikda qolgandir omon,

labi maysa kabi yumshoqdir…

lablarini kesgan qattiq non.

 

uchinchi xulosa qo‘rqinchli

(sig‘may qolar yuvoshroq ongga)

millatini sotgan yovni o‘ldirib,

so‘ng

botirgan nonini qonga!..

 

bu rasmni sevaman uyg‘oq…

 

 

Yig‘ilishdan so‘ng…

 

Majlis tugaydi.

Farrosh

kirib kelar katta saroyga

 

polyuvgichini olib

qarsaklarni yig‘a boshlaydi.

 

xom, chala pishgan

pismiq qarsaklar.

nomiga yangragan va yoki

ikki kaft orasida yorilib

shu zahoti jon bergan qarsaklarni

artib olar stollar aro.

 

minbar ustida esa

pastroq parvozlagan yalong‘och ovoz

turadi hanuz…

 

 

Dilparchalar

 

1

Ikki ko‘zing – ikkita quduq:

Biriga gul ekdim,

Biriga esa tashladim tanga…

Gul so‘ldi…

Tanga esa hanuz yaltirar…

Tubda…

 

2

Xush ko‘raman

Chuqur kissali kiyimni.

Ko‘proq narsa yashirsa bo‘lar,

Ko‘mib qo‘ysa bo‘lar kaftimni.

 

Cho‘ntakka yashirilgan narsa

Bilinmasligi kerak.

Yoki jim bo‘lmog‘i lozim…

Og‘zim – yonboshlagan cho‘ntak.

 

3

Qorong‘i va sovuq uyda

E’tiqod kuchayar.

Issiq bo‘lsa gunoh istagi…

 

Yuz yil yorug‘lik ko‘rmagan odam

Kalit teshigidan tushgan nurni

Xudoning yolqini deb o‘ylar tayin…

 

4

Tongda oyna oldida turib

Ayolingga qilgan xiyonating

Yodingga tushsa.

 

Galstuk bog‘layotgan qo‘llaring

Titrasa –

Siqishi kerak bo‘lgan bog‘ichni

Bor kuching bilan tortsang…

 

…ishga ketasan galstuk bog‘lamay…

Bor kuchi bilan seni tortar

Yana xiyonat…

5

Bekatlarni kuzatsang. Ketsang.

manzil istagan odam – chiroyli.

Odam – chiroyli.

 

Bekatlarni kuzatsang. Tushsang.

Ketayotgan odamlar – go‘zal.

Odamlar – go‘zal.

 

Bekatlarni kuzatsang. Kutsang.

Kelmasa sen kutgan avtobus.

Kutishga aylansang…

 

Faqat kuzatsang go‘zal odamlarni…

Seni payqamasa hech kim…

 

6

Yoniq bo‘lsa sening chirog‘ing

Qush bo‘lsamu oynangga ursam,

G‘ussadan ezilgan vujudni.

 

Ayoz bo‘lsa tashqari. Sovuq.

Derazangni ochsang baribir.

Qo‘llaringga olsang ohista

G‘ussadan ezilgan vujudni.

 

Mehribon ko‘zlaring yumilib

Qo‘llaring boylansa bo‘yniga

G‘ussadan ezilgan vujudni…

 

Qora paltoimga o‘rab shaharni

Darbadar aylantirib qaytaman

G‘ussadan ezilgan vujudni.

 

Sovuq to‘shagimga yotqizib

Uxlashin kutaman tun bo‘yi

G‘ussadan ezilgan vujudni…

 

Abdulazizxon Akramov

 

1987 yili tug‘ilgan. Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagan. She’rlari matbuotda e’lon qilingan.

2 Mulohaza

  1. Men bu jurnalni sevib mutola qilaman. Bunda berilgan har bir hikoya yoki sherlar o’quvchi qalbida qandaydir o’zgacha his tuyg’ularni jumbushga keltiradi. Men ham o’z sherlarimni shu jurnalda chop etilishini orzu qilib kelaman. Agar loyiq topsangiz men va men kabi Buxoro yoshlarining boshi ko’kga yetgan bo’lardi. Hurmat bilan Azimsher Odilov javobingizni intizorlik bilan kutamiz! Buxoro Muhandislik tehnologiya instituti ijodkor talabalari

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.