Yuvib oling xayolingizni!

0
136
marta ko‘rilgan.

* * *
Kamalak rangidan jilo,
kapalakdan nafislik olib,
suvlardan so‘rab shaffoflik,
soflikdan ko‘chirib nusxa,
gul bargidan g‘isht terib,
quyosh yog‘dusi-la yopib tom,
asl saroy qurdim, do‘stlarim,
shoh – qalbim,
fuqaro – tuyg‘ular uchun.

Yuragimga vatan yaratib,
asramoqqa etildim mahkum:
– Artib kiring oyog‘ingizni…
Qo‘lingizda gul bilan keling.
Tartiblang kiyim, sochingiz…
To‘xtang!
Yuvib oling xayolingizni!

Musofir

Bu shaharda
qimtinmasdan kulish mumkinmikin?!
Tanib qolmasmikin iztirob
yuzimdagi o‘z imzosi –
ajinlardan.
Surish mumkinmikin
yorug‘ xayollar?!
Sirim sotmasmikin
sochim –
qora g‘amning ayg‘oqchilari.
Bu shaharda
atigi bir lahza
ayro tushish mumkinmikin
ayriliqdan…

* * *
Peshonangdagi yozuqni o‘qirkan qismat,
Ilg‘amay o‘tkazib yubordi meni –
Xatoni.

* * *
Sen baxtlisan, Sizif, toshing pastga yumalar.
Men-chi, bir lahzada turib qolganman.
G‘amning cho‘qqisiga chiqsam-da, yumalamas –
TOSh QOTGAN KO‘Z YoSh.

* * *
Yillarni ilib qo‘ydim,
Uchirib ketsa ketar shamollar.
Yillardan ham battar shoshyapman.
Shamoldan ham battar shoshyapman.
Bir nafasni ikki shukrga ko‘paytiraman.
Hijronni bo‘laman ikkiga.
Ikki barobar ko‘p tikilaman
Onamning yuzlariga.
Tiriklik madhiyasi –
ajinlarin yodlab olaman.

Hayotni yengaman
Sevib ikki barobar…

* * *
Hayotsevar bahor
va
qaynoq muhabbatli yoz
edik ikkimiz.
Parishon sochlari to‘zib
keldi kuz –
ma’yus qiz.

Yomg‘irman. Tomaman chak-chak:
– Ketsin kuz!
Shamolman. Uvlayman:
– Ketsin kuz!
Daraxtman. Sochlarim yulaman:
– Ketsin kuz!

Kechir, kuz.
Men ketolmayman.
Bahorman.
G‘amni ko‘tarolmayman.

SABR

O‘g‘lim Nadimbekka

1
Bo‘ronga chidadim.
Ko‘nglimni yoritgan
shamni o‘chirdi.

Onam meni kutardi.
Sog‘indim. Keyin
uni unutdim.

Sabr – vaqt.
O‘tib ketadi.
Jumladan, men ham.

2
Nadimim – najotim,
Sabr qilma.
Ulg‘ay! Gulla!
Sev!
Iztirobni
aylantir gulga!

Sabr – kuz.
Ortidan faqat
qish kelar.

Nadimim – taskinim,
sabr qilma g‘amga,
tinimsiz,
muttasil,
har lahza
men uchun
baxtli bo‘l!

Dilrabo MINGBOYeVA
1980-yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Sog‘inch”, “Yomg‘irzor” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.