Adabiyot tirikchilik emas, tiriklik manbai

0
500
marta ko‘rilgan.

– Sizda adabiyotga havas qachon uyg‘ongani, matbuotdagi ilk chiqishingiz, so‘ngra birinchi kitobingiz o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan damlarni bir eslab o‘tsangiz.

– Menimcha, har qanday qalamkashda ham ijodga havas bolalikdan boshlansa kerak. Havas esa hayratdan boshlanadi. Boshqacha ta’riflaganda, ta’sirchanlik, ziyraklik, hayrat va havas iste’dodni namoyon etadi. Albatta, bola buni bilmaydi. Hammasi tabiiy bir tarzda kechadi. Atrofida kechayotgan voqealarga befarq qaramaydi, nelardandir quvonadi, nelardandir iztirob chekadi. Natijada, uning ongida, ko‘nglida turli savollar, jumboqlar paydo bo‘ladi. Xuddi shu o‘zini qiynagan sir-u sinoatlarga javob topish uchun kitoblarga talpinadi. Kitoblar, eng avvalo, ertak-u dostonlar bola ko‘z oldida yangidan yangi dunyolarni ocha boshlaydi. Jajji o‘quvchi ko‘nglida kezingan o‘sha savol-u so‘roqlarning ayrimlariga qandaydir javob topganday bo‘ladi va yana mutolaada davom etadi. Kitobdan kitobga, ertaklardan hikoyalarga, hikoyalardan qissalarga o‘tadi. Nihoyat, asta-sekin u jumboqlarga javob izlovchi emas, dunyo, jamiyat oldiga savol, so‘roq qo‘yuvchiga aylana boshlaydi. Tevaragida kechayotgan jarayonlarga munosabat bildirishni istaydi. Voqelikka o‘z nuqtayi nazarini aytishga intiladi. Oqibatda, qo‘liga qalam tutadi. Ilk g‘o‘r, jo‘n satrlar qog‘ozga to‘kila boshlaydi. Mening ham adabiyot bo‘sag‘asida paydo bo‘lishimning ilk pallasi xuddi shunday kechgan, desam bo‘ladi. Eng muhimi, meni badiiy ijod sari yetaklagan o‘sha hayrat, o‘sha quvonch-u iztiroblar hanuz qo‘limdan tutib turibdi deb o‘ylayman.

She’rga o‘xshash ilk ijodiy mashqlarim avval maktab devoriy gazetasida, so‘ngra tuman gazetasi sahifalarida paydo bo‘ldi. Keyinchalik, o‘rta maktabni bitirgach, oliy o‘quv yurtlari tuprog‘ini yalash uchun poytaxtni ko‘zlab jo‘nadik. Imtihonlardan yiqildik. Harbiy xizmatga ketdik. Qaytgach, yana talabalikka urinib ko‘rdik. Nihoyat, bu gal amal-taqal ilashdik.  Xullas, 1986-yili Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakulteti talabasi bo‘ldim. Hayajonimizning, quvonchimizning cheki yo‘q. O‘sha kezlari ijodiy muhit kuchli edi, adabiy jarayon qizg‘in kechardi. Hamsabog‘imiz To‘xtamurod Rustamov bizdan ancha yosh bo‘lishiga qaramay  adabiyot olamida   tuzukkina tanilib qolgan yozuvchi edi. Ilk hikoyalarimni unga ko‘rsata boshladim. To‘xtamurod bitiklarimni erinmay ko‘rib chiqar, kerakli maslahatlar berar, ezib ishlatar edi. Bilmadim, hamsabog‘im yaxshi ustozmidi, yoki o‘zim uquvliroq shogird chiqib qoldimmi, xullas, adabiy qarashlarim, ijodga munosabatim ancha o‘zgarganday bo‘ldi. Oz-moz pishib qolganimdan ko‘ngli to‘lgach, galdagi mashqlarimdan bir nechasini tanlab olib, To‘xtamurod Rustamov ajoyib kunlarning birida meni “Yoshlik” jurnali tahririyatiga boshlab bordi. U yerdagi jamoa bilan tanishtirib qo‘ydi. 1987-yili “Begimqul katta” deb nomlangan ilk hikoyam “Yoshlik” jurnalida chop etilib adabiy jamoatchilikda iliq taassurot uyg‘otdi.

 

– Qaysi ustozlarning ta’limini olgansiz? Ular turmush tarzingizga, ijodiy faoliyatingizga ta’sir etganmi?

– Modomiki, so‘z ustozlar haqida borarkan, yuqorida aytganimdek, To‘xtamurod Rustamni birinchilar qatorida tilga olib o‘tishim mumkin. Albatta, o‘quvchilik davrimda Eshbolta aka Xo‘jayev degan (iloyo, go‘ri nurga to‘lsin!) boshlang‘ich sinf muallimidan ko‘p narsa o‘rganganman. Badiiy ijod borasidagi ilk ustozim sifatida o‘sha insonni mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Keyinchalik kekkayib ketdimmi, yo tortinchoq fe’lim sabab bo‘ldimi, ishqilib, biror adibning etagidan tutolmadim. Kitoblar men uchun beminnat ustozga aylandi. Qo‘ldan kelganicha, fahmim yetganicha o‘qib-o‘rgangan bo‘ldim. Adabiy uchrashuvlar payti yoxud suhbatlar davomida biror saboq olishga harakat qilardim. Masalan, taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad bilan gurunglashish men uchun juda maroqli edi. Xurshid akaning fikrga, mulohazalarga boy gap-so‘zlari, qarashlari chuqur taassurot qoldirgan. U kishidan juda ko‘p narsalar o‘rganganman.

 

– Ayting-chi, kitobga munosabat, kitobxonlik madaniyati targ‘iboti masalasida fikringiz qanday?

– 1991-yili “Yalangoyoq” degan kichkina hikoyalar to‘plamim “Cho‘lpon” nashriyoti tomonidan nashriyotning o‘sha paytdagi rahbari, atoqli adib Nurali Qobulning alohida e’tibori ostida chop etildi. Shundan so‘ng kitoblarim, turli hajmdagi to‘plamlarim yorug‘lik ko‘ra boshladi. Shu kungacha o‘ndan ortiq kitobim turli nashriyotlar tomonidan chop etildi. Hammasi ham o‘z davri nuqtayi nazari bilan qaraganda katta adadlarda nashr etildi. Biroq biror do‘kon yoxud sotuv rastasida turib qolganini ko‘rganim yo‘q. Biz kitobingizni chiqaraylik, aka, deb turadigan noshir do‘stlarimiz ham ko‘p. Barchalariga, fursatdan foydalanib, tashakkur bildiraman. Umumiy tarzda  ifodalaganda, bir qalamkash sifatida shu paytgacha  kitob chiqarish bo‘yicha biror muammoga uchramadim. Ammo muammo boshqa tomonda. Poytaxtda chiqqan kitoblar, menimcha, poytaxt hududida qolib ketyapti. Joylarga yetib bormayapti. Bir gal viloyatlarning biriga xizmat safari bilan bordik. Maqsad kitobning ahamiyatini, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, yoshlarni mutolaaga chorlash. Minbarni hech kimga bergimiz kelmaydi. Donolarcha nasihatgo‘ylik qilamiz. Shunda some’lardan biri o‘rnidan turib savol berdi: “Hamma gaplaringizga qo‘shilamiz. Lekin sizlar aytayotgan o‘sha kitoblar qani? Qayerdan topib o‘qisak bo‘ladi? Masalan, bizning tumanda birorta ham kitob do‘koni yo‘q. Daftar-paftar sotadiganlar uch-to‘rt dona risolani yoyib qo‘yibdi. Uni ham o‘sha qalam-palamga qo‘shib bergan, esam, opkemasdi”. Albatta, bu haqli savolga jo‘yali javob berolmadik. Porloq kelajak haqida va’dalar berib qaytdik. Aslida, bu borada holat shunday, achinarli. Joylarda kitob do‘konlari kam, borlari ham g‘aribgina, ichi deyarli bo‘m-bo‘sh, go‘yo bu magazinlar siyosiy-ijtimoiy talablarga binoan, kimningdir zug‘umi bilan, nomigagina ochilganday. Bu masalani jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Kitob savdosi tizimini yaratish dolzarb masala! Nashr masalalarida imtiyozlar, zaruriy yordamlar qo‘llanishi lozim. Aks holda, hamma ishlarimiz otga qamchi bosib, uning jilovidan tortib turganday gap.

 

– Sizning qalamingizga mansub “Jaziramadagi odamlar” romani adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingandi, o‘z o‘quvchilarini topgani ham bor gap. Shu asarning yozilish tarixidan o‘quvchilarni xabardor qilsangiz. Sabablari, turtkilari, deganday…

– G‘iyosiddin, buning hammasiga yangangiz sababchi! Yangangizning aybi shuki, holi jonimga qo‘ymay bozordan sopol idishlar, unga ekish uchun gul urug‘i, har xil o‘g‘itlar sotib olishidan boshlandi. Uyga keldik. U o‘sha gultuvaklarni qatorlashtirib ixlos-u ilhom bilan  o‘g‘itlardan aralashtirib toza tuproq soldi, nihollarni qadadi. Xiyla chiqimdor qilgan bu jarayonni men iztirob bilan kuzatib turdim. Shu kuzatish asnosida sun’iy gullar, sun’iy go‘zallik haqida o‘ylab qoldim.  Ochiqrog‘i, yasama hayot, yasama an’analar to‘g‘risida… Xayol olis-olislarga uchdi. O‘zlashtirma cho‘l hududlarida yashovchi el-u xalq ko‘z oldimda jonlandi. Mamlakatimizda bunday joylar ko‘p. Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi qator tumanlar o‘zlashtirilgan qo‘riqlar hisobidan tashkil etilgan. Aholisi tirikchilik tashvishida tog‘-u toshlardan, turli shahar-u qishloqlardan ko‘chib kelgan. Ular menga ildizidan qo‘porilib ketgan dov-daraxtlarni eslatadi. Tosh-betondan qurilgan uylar, lotok ariqlar, tag‘in allaqanday imoratlar, ochig‘i, menda noxush hislar uyg‘otadi. Qandaydir hamma-hammasi sun’iy, yasama. Odamlar bu yerlarda xuddi vaqtincha yashab yurganday, erta-indin yana allaqayerlarga ko‘chib ketadiganday tuyuladi. Xullas, tuzum, davr zo‘rma-zo‘raki singdirgan an’analarga, udumlarga qorishib, tabiiy intilishlariga xilof bir tarzda hayot kechirayotgan cho‘llik yurtdoshlarning turmush tarzini tasvirlash, ular orqali o‘zlikdan judo bo‘lish fojialarini ko‘rsatish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Oqibatda, o‘sha siz aytgan “Jaziramdagi odamlar” degan romanim dunyoga keldi.

 

–    Adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rnini qanday tasavvur etasiz?

– Suvning, havoning inson tirikligida nechog‘lik zarurati bo‘lsa, adabiyotning ham jamiyat hayotida  shunchalik  ahamiyati bor. Shu kecha-kunduz qay bir davlatda qandaydir virus paydo bo‘libdi. Eshitganlar, vahimaga tushganlar og‘iz-burniga bir parcha niqob taqib oldi. Badaniga qandaydir em, dori-darmon yuborayotganlarning ham soni ming. Go‘yoki shu yo‘llar bilan o‘zlarini o‘sha balodan himoya qilmoqchi. Jon shirin-da: hamma bilganicha, aqli yetganicha qattol kasallik oldini olish ilinjida chopadi. Xo‘sh, odamzodning ma’naviyatiga, qalbiga o‘shanday ofatlar xuruj qilsa-chi?! Uni qanday niqob bilan qo‘riqlay olamiz? Odamning ong-shuuriga, tafakkuriga darigan o‘latning biror emi, muolaja usuli bormi? Ha, bor. Buni oqil-u donalarimiz ming yillardan beri takrorlab keladi. Ilm, nazm, fasohat, latofat dunyoni, odamni qutqaradi, deyishadi. Bu xaloskor omillarning barchasi badiiy adabiyotda mujassam! Ha, adabiyot shunday buyuk najot, ammo ko‘p hollarda uning o‘zi yordamga, madadga, e’zoz-ehtiromga muhtoj. Avvalo, adabiyotning o‘zini qutqarishimiz zarur! Shovqin-surondan, johillikdan, yolg‘ondan, ta’madan, yalang‘ochlikdan asrashimiz lozim. Uni bozorga solmasligimiz kerak! Savdo-sotiqning dag‘al va sovuq muomala-munosabatlari unga to‘g‘ri kelmaydi. Axir, adabiyot tirikchilik emas, tiriklik manbai! U hayotning ham, jamiyatning ham mavjudligini ta’minlaydi. Shuning uchun bozor ham, gulzor ham adabiyot xizmatida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

 

 – Umumta’lim maktablarida Adabiyot fanini o‘qitish masalalari yuzasidan fikringiz qanday? Bu borada qanday maslahatlar, tavsiyalar berishingiz mumkin?

– Maktab, darsliklar, adabiyot saboqlari… bular og‘ir va og‘riqli muammolar. U haqda ko‘pdan beri gapirib kelinyapti, lekin natijasi kamroqqa o‘xshaydi. Avvalo, ta’kidlash o‘rinliki, barcha darsliklar kabi adabiyotga oid darsliklar, qo‘llanmalar ham o‘ta islohtalab. Bolalar o‘rganishi kerak bo‘lgan bilimlar ularda aks etmagan. Mazmunan sayoz, chalkashliklar ko‘p. Xo‘p, bunisiga ko‘ndik. Adabiyot muallimlarining saviyasi qanday? Bu ham jiddiy muammo. Aksariyat o‘qituvchilar bu sohani tasodifan yoxud majburan tanlagandek taassurot uyg‘otadi. Ularning katta qismi bugungi adabiy jarayondan mutloq xabarsiz. Oxirgi paytda qanday badiiy kitob o‘qidingiz deb so‘ralsa, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini o‘qidim, deya javob beradi. Aslida, shuni ham o‘qimagan, kinosini ko‘rgan. Menimcha, zamonaviy adabiyot o‘qituvchisi zamonaviy adabiy jarayondan xabardor bo‘lishi shart. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Adabiy jarayon nafasi anqib turgan “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti” kabi jurnallar, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi” singari gazetalar har bir maktabga, hech qursa, bir donadan yetib borishini ta’minlash zarur. Majburiy obuna mumkin emas, degan gapni bayroq qilib, ko‘pgina joylar avvallari bir dona-ikki dona olib turadigan nashrlariga ham yozilmay qo‘yishdi. Menimcha, majburiy ta’lim bor ekan, majburiy obuna ham bo‘lishi kerak. Aks holda, majburiy ta’limdan ko‘zda tutilgan murod-maqsadga to‘laqonli yetisha olmaymiz. Shuningdek, barcha oliy o‘quv yurtlarida, test sinovlaridan avval talabgorlar insho yozish imtihonidan o‘tishsa, ayni muddao bo‘lardi. Chunki insho yoshlarning nafaqat bilim saviyasini, balki o‘z fikrini yozma tarzda ifodalay olishini ham ko‘rsatadi. Menimcha, bo‘lajak oliy ma’lumotli mutaxassisga bu jihat o‘ta muhim.

 

– Yosh ijodkorlarga tilaklaringiz.

 – Yoshlarga, eng avvalo, jo‘rovozlik emas, hur ovozlik tilayman. Ulkan-ulkan dardlar, og‘riqlar tilayman. Aytmay turib, ayta olish, ko‘rmay turib, ko‘rsata olish san’atini tilayman. Yosh ijodkorlarimiz doimo ilhomdan entikib, iztirobdan lazzatlanib yursinlar. Oq qog‘ozga hamisha oppoq qalb bilan yuzlansinlar. Sog‘lik, omonlik ularni aslo tark etmasin!

Suhbatdosh: G‘iyosiddin O‘narov

 

Luqmon Bo‘rixon 1965-yilning 15-iyulida Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanining Yangiobod qishlog‘ida tug‘ildi. 1986–1991-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti (ilgarigi ToshDU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Shundan so‘ng “Turkiston”, “Ma’rifat” gazetalarida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari vazifalarida xizmat qildi.

“Begimqul katta” hikoyasi “Yoshlik” jurnalida chop etilib, ustozlar nazariga tushdi. Birinchi hikoyalar to‘plami “Yalangoyoq” 1991-yili “Cho‘lpon” nashriyotida chop etilgan. “Jaziramadagi odamlar” romani ikki marotaba 2005 va 2012-yillarda nashr etilgan. 2006-yili “Sirli muallim” nomli qissasi o‘qituvchilar hayotidan olib yozilgan asar sifatida Xalq ta’limi vazirligi tanlovida g‘olib deb topilgan. Navbatdagi 2007-yili “Xizr ko‘rgan yigit”, 2009-yili “Temiryo‘l” romanlari ham muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Sermahsul ijodkorning 2002-yili “Tun qa’ridagi shu’la” nomli qissa va hikoyalar to‘plami, 2012-yili “Buyuk ipak yo‘li” badiiy-publitsistik maqolalar to‘plami, “Quyosh hali botmagan” qissalar to‘plami shunungdek, 2018-yili “Olov tutgan odam” romani nashr etilgan

2009-yili badiiy-publitsistik maqolalari uchun xalqaro “Oltin qalam” tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Luqmon Bo‘rixonning adabiyot sohasidagi xizmatlari munosib baholangan: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 2007-yilda “Shuhrat” medali va 2012-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.