Zaminni ko‘rpaday qoplab yotar qor

0
39
marta ko‘rilgan.

ChYeGARA

 

Cheku chegarasiz, degan gap yolg‘on,

Chegara mavjuddir quyoshda, oyda.

Urushlar boshlangan, daryo-daryo qon

Oqqan chegaralar buzilgan joyda.

 

Chegarasiz emas na daryo, na dor,

Hatto nuqtaning ham bordir hududi.

Do‘stim, do‘stlikning ham chegarasi bor,

Aslo buza ko‘rma ushbu hududni.

 

 

FIDOYILIK

 

Qoyil qilaman deb, dunyoyi dunni,

Hayratda qolsin deb, davru davvora;

Bedoru beorom o‘tkazib tunni

Qahramonlik izlab bo‘lma ovvora.

 

Vatanga sadoqat ko‘rsatmoq uchun

Ko‘krakni o‘q-cho‘qqa urmoq shart emas.

Ukam, chumolini avaylab sekin,

Yo‘lning bir chetiga olib qo‘ysang, bas.

 

Senga chinormonand kamolot tilab,

Yelkada ardoqlab turmish Ona yer.

Bir ojiz qushchaning qanotin silab,

Uchirib qo‘ymoq ham fidoyilikdir.

 

SIZNING QO‘LINGIZGA

 

Olamda mavjuddir necha ming olchoq,

Qancha muttahamu qancha olg‘ir, quv.

Shularning bari jam bo‘lsa ham, mutloq

Sizning qo‘lingizga qo‘yolmaydi suv.

 

 

TONG

 

Har tong turib tongga salom ber,

Har tong, tongga aytgin qasida.

“Assalom!” deb mardona hayqir,

Shodliklaring o‘tli sasidan;

 

Chinni kabi jaranglasin oy,

Jaranglasin somon yo‘llari.

Jaranglasin samoviy chiroy –

Sohir sahar kamalaklari.

 

Titrab ketsin tog‘lar tojiyu

Kavkabiston yulduzigacha,

Shamollarning chilvir sochiyu

Ummonlarning ildizigacha.

 

Qahrabo tun ko‘milsin kuyga,

Kuyga to‘lsin niliy falaklar.

Raqs tushsin ilohiy uyda,

Oq bulutlar – sarkash malaklar.

 

Ko‘m-ko‘k gumbaz mavjlansin, ma’sum

Shabnamlarning munchoq ko‘zida.

Chuchmomolar qilsinlar ta’zim,

Qizg‘aldog‘u bo‘tako‘ziga.

 

Zuhro yulduz – samoviy tug‘yon.

Nasimlarga yor-yorlar aytsin.

Shalolalar kuylasin doston –

Qirlar yashil alyorlar aytsin.

 

Boshga ko‘tar parivash siymo,

Munavvar tong – subhi sanamni.

Shunday sirli damlarda, ammo

Uxlab yotgan odam, odammi?

 

Hey, uyquchi zotlar, turing, de,

Uyg‘ot, mudroq ko‘zlarni uyg‘ot!

Turing, turing, chappar uring, deb,

Sokin sahar quchog‘iga ot!

 

Boshga ko‘tar munavvar tongni,

Har tong she’r ayt, aytgin qasida.

Mahkam quchib oppoq olamni,

O‘pib qo‘ygin peshonasidan.

ІAVAS

 

Ulgu olib yasha doim havasdan,

Bulbuldek kuylashga talpinsin qumring.

Faqat soya bo‘lib qolma havasga,

Havasga ergashib o‘tmasin umring.

 

Yarqiroq yulduzdek charaqla har dam,

Izingda gullasin sirli tilsimlar.

Ibrat bo‘l, orzu bo‘l, havas bo‘l sen ham

Kimlardir senga ham havas qilsinlar.

 

 

ЄUYOSH BALQIB TURAR…

 

Zaminni ko‘rpaday qoplab yotar qor,

Quyosh balqib turar kulrang ma’voda.

Go‘yo qish qo‘ynida barq urar bahor,

Go‘yo rayhon hidi qalqir havoda.

 

Biroq aldamchidir bu holat, illo –

Ayoz pusib yotar to‘ng‘ib muztoshga.

Eh! Qanday dunyo bu,

do‘st-ku, do‘st, hatto

Ishonib bo‘lmasa bobo quyoshga.

 

 

ЄARAB QO‘Y

 

Yuksak, yuksaklarda – go‘zal makonda,

Azim chinorlarday gurkirab o‘sgin.

Yolg‘on maqtovlardan zerikkan onda,

Bosgan izingga ham qarab qo‘y, do‘stim.

 

 

SADOQAT

 

Sadoqat yo‘q, deysan,

Sadoqat o‘lgan.

Hammayoq yolg‘onchi,

Qallobga to‘lgan…

Magar, shundoq esa

Fursat, bafursat;

Sadoqat tilama,

Sadoqat ko‘rsat!

 

TA’ZIM

 

Bilmam, nazar tutdingiz neni,

Omadlisan, deganda menga.

Ming bor shukur qilaman, meni –

Hayot sizga uchratgan kunga.

Kelgan bo‘lsa, zarra omadim,

Kulgan bo‘lsa, taqdiri mumtoz;

Boshim yerga tekkuncha ta’zim –

Sizga ta’zim qilaman, ustoz!

 

 

XATO QILMANG

 

Bir hamdam topay deb, topay deb do‘st-yor,

Daryo kabi toshdim, shamoldek shoshdim.

Gavharim tosh bo‘lib chiqdi har safar,

Har gal xato qildim, har gal adashdim.

Xato deganlari darddir bedavo,

Yalang‘och ko‘ksingga sanchilgan tikan.

Xatodir, xatoning eng cho‘nggi ammo,

Odam tanlamoqni bilmaydi, degan.

Men odam tanlashda ko‘p bor adashdim,

Qanotim qayrildi, ezildi shashtim.

Bir marta ishonmay adashgan bo‘lsam,

O‘n marta ishonib, o‘n bor adashdim.

Oh! Bugun yuragim majruh bir sato,

Ingrar – o‘z-o‘zimga qilgan haqsizlik.

Do‘stlar, siz adashmang, siz qilmang xato,

Sizdan nari bo‘lsin bizning baxtsizlik.

 

 

ІISSIZLARNI KO‘RSAM

 

Har bitta so‘zimni anglaydi itim,

Har bir ishoramni ilib oladi.

Yot, desam yuzimga termuladi jim,

Dardimni ko‘zimdan bilib oladi.

 

Kes-sakday betuyg‘u zotlarni ko‘rsam,

Ichdan ezilaman, tutab, kuyaman.

Qarashlari sokin, o‘ktam va ko‘rkam

Itimning boshini silab qo‘yaman.

 

NYeGA TUSH EMASSAN?

 

Qaylarda yurganding, ey gulrang bahor,

O‘n sakkiz…

O‘n to‘qqiz…

O‘ttiz yoshimda?!

Qo‘na boshlaganda sochlarimga qor,

Nega nilufardek kelding qoshimga?

Osmondan tushdingmi, chiqdingmi yerdan,

Nega tush emassan, emassan sarob?

Ko‘zlarim qamashib ketdi-ku nurdan,

Bulutli osmonga chiqqandek oftob.

Sezolmay qoldimmi yolg‘onni chindan,

Bizga atalganmi parivash basting?

Yo, qilich qanoti qayrilgan, singan

Burgutda bormidi g‘arazli qasding?

Shabnam iforidek nozik tabassum,

Mudroq o‘ylarimni solsa larzaga.

Nayzalar sanchaymi o‘zimga o‘zim,

Qayga bosh uray bu qaltis lahzada?

Yo‘q, yo‘q, o‘ynashmagin o‘t bilan aslo,

Tashvish sotib olma g‘amsiz boshingga.

Otash olovida yondirgay, illo –

Sevsa…

Sevib qolsa, mening yoshimda.

Qizg‘aldoq navosi kelmoqda qirdan,

Telba qilayotir bir sirli itob.

…Osmondan tushdingmi, chiqdingmi yerdan,

Nega tush emassan, ey sirli sarob?..

 

 

ULUG‘LIK

 

Bir-biridan aziz, muhtasham, porloq,

Xislatlarimiz ko‘p bamisli oftob.

Kattalar qoshida “xo‘p-xo‘p”, deb turmoq,

Shohona udumdir, sharqona odob.

 

Qonimizga kirgan mo‘minlik oqib,

Bajo aylagaymiz “xo‘p-xo‘p”ni bekam.

Ammo nohaqlikka tippa-tik boqib,

“Yo‘q!”, demoq bundan-da ulug‘dir, ukam.

 

QADR

Tinchgina yuruvdik.

Bir kun, ertalab,

G‘ir-g‘ir, taqir-tuqur boshlandi pastda.

Uyi eski edi, ko‘p ta’mir talab,

Demak, boshlabdi-da,

orzu havas-da…

Ta’mirni izohlash shart emas, illo

Besar, beoromlik bo‘lgay, albatta.

Devorga bir dona mix ursang goho,

Aksu sado bergay to‘qqiz qavatda.

Kimdir bolg‘a urar, kimdir loy qorar,

Nimadir gursillab urilar polga.

Bunday shovqin-suron boshni tars yorar,

Osonmas ko‘nikmoq mazkur ahvolga.

Biroq, iloj qancha, bir tom ― bir panoh,

Yon qo‘shni ― jon qo‘shni, hamsoya, hamdam.

Xullas, tishni tishlab yurgandik, nogoh,

Taqa-tuq boshlandi tepamizda ham.

Tars-tursu, gursu gurs tinmaydi bir on,

Go‘yo Reyxstagga boshlangan hujum.

“Katyusha” ovozi tingani hamon

Bomba portlaganday avjlanar gum-gum.

Endi holimizni qiling tasavvur,

Boshimiz uraylik qay devor, toshga.

Aziz qo‘shnilarga baxt tilab nuqul,

Tezroq tugasin-da, deyishdan boshqa.

Shunday lahzalarda anglarkan odam,

Notinchlik naqadar kuyukligini.

Tinchlik so‘zi esa qanchalar ko‘rkam,

Qanchalar muqaddas, suyukligini.

Mayli, obod bo‘lsin uying, qo‘rg‘oning,

Aslo to‘xtamasin qurilish, qurish.

Faqat sokin bo‘lsin yorug‘ jahoning.

Faqat, hech qayerda bo‘lmasin urush.

 

 

 

 

 

ULUG‘LIK

Bir-biridan aziz, muhtasham,porloq,

Xislatlarimiz ko‘p bamisli oftob.

Kattalar qoshida “xo‘p-xo‘p”, deb turmoq,

Shohona udumdir, sharqona odob.

 

Qonimizga kirgan mo‘minlik oqib,

Bajo aylagaymiz “xo‘p-xo‘p”ni bekam.

Ammo, nohaqlikka tippa– tik boqib,

“Yo‘q!!”, demoq bundan-da ulug‘dir, ukam.

 

 

 

 

TASODIF

Nogoh qarshimizda paydo bo‘ldi jar,

Ilkis yo‘limizni to‘sdi qaroqchi.

Tasodif desak-da bularni har gal,

Chindan ham shundaymi, bir o‘ylab boq-chi?

Axir, bo‘lgan emas jar kecha paydo,

Qaroqchisiz o‘tmas yozu kuzimiz.

Tasodif, deyilmish har qanday joyda,

Balki tasodifmiz bizning o‘zimiz.

 

 

U…

Jonimni bergayman ayol zotiga,

U – munir volidam, u – mushfiq opam.

Sodiq ayolim u ― qo‘sh qanotida,

Qo‘rg‘onim ko‘rkamu bog‘im muhtasham.

Alqissa, ayol-ku olamga ustun,

Ayol poyida-ku bu mumtoz dunyo.

Kechirim so‘rayman sizlardan bugun,

Peshonam tuproqqa tekkuncha, ammo –

Bitta yaratiq bor, ayoldir u ham

Qaydan paydo bo‘lgan, yetmaydi aqlim.

Onasi shaytonmi, iblismi, bilmam.

Bilmayman, kim chizgan shamoyil-shaklin.

U shunday jonzotki, tirnoqqacha to,

Fisqu fasohatlar qurgandir uya.

Hiyla -nayranglarin qirq tugul, hatto

Ko‘tara olmaydi qirq ming nortuya.

Qadami tekkan joy xor bo‘lar butkul,

Ummonlar aylanar ko‘lmakka – ko‘lga;

Do‘zaxga aylanar, yonar bo‘lib kul,

Yam-yashil o‘rmonlar aylanar cho‘lga.

Boshimda maynaday chirqillar savol,

Eng so‘nggi yaproqday titraydi dilim.

Ushbu yaralmishni ayol-ku, ayol,

Inson demoqqa ham bormaydi tilim.

Mayli, erkaklarga ko‘rsatma karam,

Turli sinovlarga duch qil ularni.

Tangrim-o, sho‘rlik shu ojizangni ham,

Tugalroq yaratsang nima bo‘lardi?

 

 

 

KIBR

Qachon ko‘zlaringni qopladi parda,

Qachon oyoqlaring uzildi yerdan?

Qachon diyonatga berilgan zarba,

Seni murid qilib qo‘ydi kibrga?

Axir, bu oqpadar, ne-ne zotlarni,

Holin xarob etib, ko‘zin o‘ygan-ku!

Dante bobong ham bu kasofatlarni,

Do‘zax kunjagiga qamab qo‘ygan-ku!

Nahotki, moziydan olmading saboq

Eski chorig‘ingni unutdingmi yo?

Yoki xor qilguncha bu razil tuzoq,

Ulfating bo‘lgaymi serhasham ro‘yo?

Aka-uka, do‘stu qadrdon, hatto,

Tanimay turibsan tuqqan onangni.

Qoshingda adolat bo‘lganda paydo,

Birov tinglaydimi ohu nolangni.

Begim, davring keldi, davroningni sur,

Deyilmish kunlarning quyoshi so‘ndi.

Tuyoqlar ostida xor bo‘lgan g‘urur,

Yana qad rostladi, tulporga mindi.

Qara, qing‘irlarning qilvir ishlari,

Qirq kunga ham yetmay bo‘layotir fosh.

Adolat toshidan singach tishlaring,

Qaysi ostonaga urajaksan bosh?

Nasihatgo‘ylikka hushim yo‘q, ammo

Bevaqt xazon qilma ertaklaringni.

Qasos olmasidan, qasoskor dunyo

Yig‘ishtirib olgin etaklaringni.

 

 

 

TUN

Uni sira bo‘lmaydi suyub,

Ichi to‘la fitna, sir, tutun;

To‘g‘rilarni uxlatib qo‘yib,

O‘g‘rilarni yashiradi, tun.

 

 

TOSHQO‘RG‘ON

Toshbaqajon, baxtlisan juda,

Metindayin toshqo‘rg‘oning bor.

G‘animlaring huda-behuda,

Berolmaydi joningga ozor.

Makoningga bosh suqqan zamon,

Yer yuzida sendek shodmon yo‘q.

Qalqoningni kamonku kamon,

O‘tolmaydi hatto, teshib o‘q.

Qallob do‘stlar ichdi qonimni,

Hamdardim bo‘l, hamnafas, g‘amxo‘r.

Mehribonim, tosh qo‘rg‘oningni,

Bir kungina menga berib tur.

 

 

 

OCHKO‘Z

Xayriyatki, uning tomog‘i bitta.

Magar, uchta bo‘lsa netardi?

Toshkent nima bo‘pti,

hatto, Nyu Yorkni,

Yamlamay,

chaynamay

yutardi.

 

BU DO‘ST

 

Vo darig‘! Do‘stman, debon, bemorligim istar, bu do‘st,

Ki bemor o‘lsam, bu hol, takrorligin istar, bu do‘st.

Nogahon tig‘dek oyog‘imni qonatsa tosh, tikon,

Yo‘llarimda tosh, tikon bisyorligin istar, bu do‘st.

Xo‘-o‘p xato qilsam, xatolar domiga tortsa beun,

Domi girdob qahrida abgorligim istar, bu do‘st.

Boshima kun chiqmasa, nur sochmasa oy qoshima –

Tuhfayu to‘yonaga tayyorligin istar, bu do‘st.

Kuydirar bo‘g‘zin olovdek, men nafas olgan havo,

Men uchun dunyoyu dun mozorligin istar, bu do‘st.

Vo darig‘! Do‘stman, debon bemorligim istar, bu do‘st…

 

 

Abdusaid Ko‘chimov

1951 yili tug‘ilgan.

Nizomiy nomidagi

Toshkent davlat pedagogika instituti(hozirgi universitet)ning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

“Kashfiyotchi bolalar”, “Mening O‘zbekistonim”, “Toshburgut”, “Mening yulduzim”, “Chanoq”, “Halqa”, “Ikki bahor”, ”Umid daraxt­lari”, “Qiyofa”, ”Yosuman”, “Baland tog‘lar”, “Ko‘zlarimning qarog‘idasan”, “Muhabbat bog‘lari”, “El suv ichgan daryolar”, “Safar” nomli publitsistik, she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan. M.Xarisovning “Qizil sayyoraga sayohat” qissasini tarjima qilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.