Tarix bilan hamnafas o‘lka

0
31
marta ko‘rilgan.

Kuzning havolari Bokuga o‘xshaydi…

Boku – Samarqand yo‘nalishidagi olis yo‘l chorlayotir bizni. Avvalboshda Bokudan Moskvaga uchdik. Uch soatlik parvoz… yo‘l bo‘yi kim bilandir suhbatlashgisi keladi odamning. Lekin Moskvaga uchish vaqtida biror hamsuhbat topilmadi…

Lekin Moskvadan O‘zbekistonga uchishda bir o‘zbek qardoshim menga hamroh bo‘ldi. Suhbatlashib ketdik… Yo‘ldoshimning aytishicha, u qurolsozlik bo‘yicha mutaxassis ekan. Bir muddat vatanida ishlaganidan so‘ng unga Moskvadan ish taklif qilishibdi va u mazkur shaharga kelib biroz ishlabdi: to‘g‘rirog‘i, u ishlamagan, balki chindan ter to‘kkan. Uning o‘zga yurtdan kelgani uchun zahmatli mehnat va sog‘inch chehrasiga iz solib turardi. Hamkasblari va ish beruvchilarning unga yot ko‘z bilan qarashi do‘stimizning jon-jonidan o‘tib ketibdi. Endi esa… oilasi yoniga qaytayotgan ekan. U bilan Ozarbayjon qurolli kuchlarining bugungi holati haqida biroz suhbatlashgan bo‘ldik. Qorabog‘ va unda kechayotgan ziddiyatlardan so‘radi. Qardoshimiz adabiyot muxlisi ekan. Ozarbayjon adibi Yunus O‘g‘uzning asarlarini o‘qigani va ulardan olgan taassurotini hayrat bilan so‘zlab berdi. Quvondim. Yana tangalarni kolleksiya qilar ekan. Unga safarxaltamdagi Ozarbayjon tangalaridan berdim. Xursand bo‘lib ketdi. Shoirligimni bilib biron kitobimdan berishimni so‘radi. Taassuflar bo‘lsinki, kitobim solingan jomadon yukxonada edi, biroq yonimdagi xaltalardan birida do‘stim, yosh shoir Turol Turonning kitoblari bor edi. Ulardan birini mamnuniyat ila qardoshimga uzataman. Samolyot qo‘nganida Turol kitobiga imzo qo‘yib beradi.

Nihoyat, Toshkent aeroportiga yetib keldik. Men pasportim va boshqa zarur hujjatlarni ko‘rsatib o‘tib ketdim. Ammo sherigim Turolga kelganda qandaydir muammo chiqdi. Siz chiqavering, do‘stingiz ortingizdan chiqadilar, deya meni qo‘yib yuborishdi. Yuklarimni olib tashqariga yo‘nalaman. Turoldan xabar yo‘q. Boyagi o‘zbek do‘stimizdan telefonini so‘rab oldim va bizni qarshilashga chiqqan qardoshlar bilan aloqaga chiqishga urindim. Aeroportdagi Turizm markaziga yo‘nalaman.

Xodimlar mening Ozarbayjondan ekanligimni bilib tabassum bilan kutib olishdi. Ularga muammoni tushuntiraman-u, lekin uning tezda yechilishini sezib turardim. Sal o‘tmay yosh shoir Mirzohid Muzaffarning qadrdon va biroz o‘zbekcha ohang aralashgan “Selamualeykum” deganini eshitib quvonib ketdim. Ko‘rishdik… Mirzohidning yonida yana bir yigit bor edi, tanishtirdi. Ismi Ikrom,

O‘zbekiston yosh ijodkorlar kengashining rais o‘rinbosari ekan.

Toshkentga qalin tuman tushgan, biroz sovuq. Turol Turon hamon chiqmayotgani uchun xavotir ola boshlayman. Mirzohid va Ikrombek meni tinchlantirishga harakat qiladi. Nihoyat Turol chiqib keldi. Bizni kutib olishga tayinlangan mashinaga o‘tirib, Ikrombekning uyiga yo‘l oldik. Hali tong oqarishiga 3-4 soat bor, soat yettida “Afrosiyob” bilan Samarqandga ketishimiz kerak edi…

Ikrombekning issiq uyidamiz. Biz bu aziz mezbonlarning yarim kechada biz uchun tuzatgan dasturxoni ustida suhbat qura boshladik. Qarang, bir-biri bilan necha yillardan beri ko‘rishmagan birodarlar kabi gurunglasha boshlaymiz. Qalblarimiz tili tarjimonga o‘rin qoldirmaydi.

Samarqand – yaxlit moziyning ulug‘ parchasi bizni kutayotir. Sal o‘tmay yana yo‘lga chiqishimiz kerak. Tong otgach, Shimoliy vokzal deb ataluvchi poyezdgohga bordik. U yerda ham boshqa turkiy o‘lkalardan kelgan qardosh­lar to‘planib turishgan ekan…

Bizni manzilga qadimiy Afrosiyobning uchqur po‘lat oti “Afrosiyob” olib bordi. Poyezdga o‘tirgach, ertaklardagi kabi ko‘z ochib yumguncha muazzam Samarqandga yetib keldik va bu yerdagi go‘zallikdan ham hayrat, ham iftixor tuydik. Samarqandlik maktab o‘quvchilari, mutasaddilar bizni karnay-surnay, non-tuz bilan qarshi olishdi. She’rlar, qo‘shiqlar, kulgi ovozlari, kuy jaranglari ruhimizda ajib hislarni uyg‘otadi. Mitti yuraklardan olamga olam-olam mehr va quvonch yoyiladi. Bir paytlar butun bir millatni birlashtirgan Afrosiyob o‘sha millat farzandlarini yana bag‘rida jamladi.

Buyuk Temur

yurtida

Ko‘chalarga nigoh tashlayman. Qadimiy binolar peshtoqidagi har bir yozuv­ni tushunishga urinaman… Hamma narsa tanish, hamma narsa qadrdondek ko‘rinadi. Biroz­dan so‘ng festivalning ochilish marosimi bo‘lishi kerak edi. Shu sababdan maxsus avtobusga o‘tirib qisqa manzilga otlandik. Shaharning naqd yuragida viqor to‘kib turgan muhtasham Registon majmua­si xuddi yaxlit she’rga o‘xshaydi! Har toshi bir naqsh, har naqshi – san’at asari. Men bu yerdagi minoralarni Samarqandning ko‘kka uzangan qo‘llariga o‘xshataman…

Xullas, festival o‘z ishini boshladi. O‘rtaga taniqli adabiyotshunoslari, Xalq shoirlari va mehmon ijodkorlar so‘zga chiqishdi. Yolg‘on gapirib nima qildim, o‘zim garchi zalda bo‘lsam-da, fikru zikrim Registon maydonida edi. Tashkilotchilarning ko‘zini shamg‘alat qilib Mirzohid va Turol bilan maydonga chiqamiz. Men tarixni qo‘llarim bilan ushlab ko‘rgim keladi. Ko‘hna devorlarni silayman. Barmoqlarim titraydi…

Tadbirlar poyon topgach, yana boyagi avtobuslarda mehmonxonaga yo‘l olamiz. Qarang, mehmonxonaning nomi ham Registon ekan. Bu yurtda o‘z tarixini asrash shu qadar kuchliligini ko‘rib juda quvondim!

Festival rejasiga ko‘ra, restoranga boramiz. Kuy-qo‘shiq, odamlar yuzidagi samimiy tabassum qalbingga anglatib bo‘lmas nekbinlik soladi. Tashkilotchilar quvonchli xabarni ochiqlaydi. Ertaga Samarqandning bosh­qa tarixiy obidalarini ko‘rishga borar ekanmiz.

16.11.2018… Hammamiz Sohibqiron qoshiga chiqmoqqa shaymiz. Yo‘lga tayyorgarliklar puxta. Yo‘nalishimizning ilk manzili buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining maqbaralari bo‘ldi. Ziyoratchilar ko‘p. Ular bu yerda ko‘ngil tili ila suhbat qurishardi. Duolar o‘qildi. Duoi fotihadan so‘ng shu maqbara yonidagi muzeyga kirdik. Bu yerda o‘zga yurtlarning O‘zbekis­tonga hadya qilgan Qur’oni karim kitobini ko‘rib, ko‘nglimiz allaqanday ilohiy sakinat topganday bo‘ladi.

Hazrat Imom Buxoriy ziyoratlaridan chiqib, yengilmas sarkarda Amir Temur mangu makon tutgan manzilga odim otamiz. Endi hayajonimizni tasavvur qilavering. Kitoblardan o‘qib, bir zamonlar ko‘rishni orzu qilgan va bugun o‘sha baxtga musharraf bo‘lib turgan tarix – Amir Temur xilxonasida turish… Sohibqiron maqbarasini aylanarkanmiz, o‘zbek do‘stlarimiz bu yerdagi har bir toshning tarixi haqida ma’lumot berishadi. Suhbatlar turli afsona va rivoyatlarga qorishib ketadi. Ularni eshitarkanman, voqealar ko‘z oldimda ro‘y-rost jonlanadi. Xayolan XIV asrda yashayotgandek his etaman.

Tarix ko‘zgusi bo‘lmish Samarqand obidalarini tomosha qilishga hech to‘ymasak-da, “Samarqand she’r oqshomlari”ning asosiy tadbiri bo‘ladigan joyga ketdik. Men avvaliga mazkur tadbirda, nari borsa, 100-150 odam qatnashsa kerak, deb o‘ylagandim. Biroq… zaldagi qariyb ming kishini ko‘rib, butunlay lol qoldim. Xalq ta’biri bilan aytganda, igna otsang, yerga tushmaydigan darajada tirband davra. She’rga, so‘zga bu qadar mehrini ko‘rib o‘zbek xalqiga hurmatim chandon oshdi. Tadbirdagi eng mayda detallar, mushoiraning har bir daqiqasiga qadar puxta tashkillangani ham tahsinga loyiq.

Ozarbayjon vakili sifatida men va Turol Turonning chiqishi Yosh ijodkorlar kengashi xodimlari tomonidan nihoyatda nozik did ila rejalashtirilgan ekan. Mamlakatimiz nomi e’lon qilingach, zaldagi qarsaklar guldurosi olamni tutib ketgandek bo‘ldi…

Xullas, Turk dunyosining turli nuqtalaridan tashrif buyurgan katta-kichik shoirlarning rangorang manzumalari ila mushoira boshlanib ketdi. Biz ushbu manzaralar ta’sirida umrini Turkiy xalqlar birligi yo‘lida fido qilgan ulug‘ ajdodlar ruhini yod etib, Yaratganga ming bor shukrona keltirdik. Esdalik uchun suratlarga tushganimizdan keyin bu ertaknamo kunga yakun yasaldi. Barchamiz ko‘nglimizda cheksiz muhabbat va Samarqand sog‘inchini tuyib, azim Toshkentga qaytish uchun hozirlik ko‘ra boshladik.

Biz joylashgan mehmonxonaning dahlizida yig‘ilgan, she’r o‘qigan mehmon shoirlarning chehrasida qandaydir xafalik bor edi. Chunki tez orada bu jannatmonand yurtdan uchib ketamiz… Mana shu tadbirning barcha og‘irligini nozik jussasiga yuklagan va ulkan qalbiga qardoshlar birligidek ulug‘ maqsadni joylagan Mehrinoz xonim Abbosova butun charchoqlar va turli muammolarga qaramay, uning yuzlaridan bir lahza bo‘lsin tabassum arimadi. Umuman olganda, biz ko‘rgan o‘zbek qardoshlarimizning bari xotiramizda iliq va o‘ta samimiy tabassumi ila manguga muhrlanib qoldi.

17.11.2018… xotiranomamizning boshida aytib o‘tganimiz o‘sha uchqur “Afrosiyob” poyezdining “oyoq”lari yana temiryo‘lga tushadi. Ko‘zlarimni cheksiz cho‘llar va baxmal adirlardan ola olmayman. Har bir daraxt, tosh va maysani eslab qolishga urinaman. Sirdaryo o‘zanidan o‘tayotganimizni adabiyotshunos Bahodir Karim aytib qoldi. Tarixiy kitoblarda o‘qiganim – nomlar yana tirila boshlaydi: Amudaryo… Sirdaryo… Amir Temur… Buyuk sarkarda mana shu ikki daryo orasida – Movarounnahrda tavallud topgan, bu yerni obod va ozod Vatanga aylantirgan.

Professor Bahodir og‘a bilan suhbatimiz qizg‘in tus oldi. Moziydan to hozirga qadar o‘zbek-ozar adabiy aloqalarini mus­tahkamlashga hissa qo‘shgan, ikki xalqning ma’naviy ustozlari bo‘lgan yorug‘ siymolar haqida fikr almashdik. Suhbat davomida ustoz Bahodir Karimning Ozarbayjonga cheksiz hurmat va muhabbati borligini his qildim.

 

Yana Toshkentdamiz…

Tashrifimizning dastlabki kunidagi kabi tuman-rutubat Toshkentni tark etibdi. Quyoshning beozor shu’lalari ichra poytaxt bor go‘zalligi va salobati ila ko‘rkam bo‘lib turgandi.

Birinchi bo‘lib O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stligini mustahkamlashda xizmat qilayot­gan “Kitob dunyosi” gazetasi tahririya­tiga yo‘l olamiz. Biz bilan Samarqanddan birga qaytgan o‘zbekning taniqli shoirasi Xosiyat Rustamova o‘zi rahbarlik qiluvchi ushbu gazeta tahririyatida bizni ko‘rib shu qadar quvondiki… Bu ayolning bizga ko‘rsatgan samimiy munosabatidan behad xursand bo‘ldik. Tahririyat bilan tanishgach, O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasiga yo‘l oldik.

Bizning til bilan aytganda, Yozarlar birligining so‘lim xiyoboni Prezident Shavkat Mirziyoevning qaroriga binoan bunyod qilinibdi. Bu qadar yuksak e’tiborga sazovor bo‘lgan Uyushmaning a’zolariga ichimizdan havas qildik. Qardoshlar o‘lkasida ahli adabiyot­ga bu qadar g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsayu, quvonmay bo‘ladimi?! Yozuvchilar uyushmasi binosidagi tahririyatlar bilan bir-bir tanisha boshladik. Dovrug‘i Hazar dengizidan o‘tib bizga qadar yoyilgan “Yoshlik” jurnalining bosh muharriri Faxriddin Hayit bilan hamsuhbat bo‘ldik. Suhbat zamonaviy she’riyat, jurnal faoliya­ti va o‘quvchilar saviyasi haqida bo‘ldi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, u kishi ham zamonaviy turkiy she’riyat namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan mashg‘ul ekan.

So‘ng “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati bilan tanishdik, shundan keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ish xonasida to‘plandik. Sirojiddin Sayyid janoblarining o‘zbekona lutfi va samimiyati, Turkiy dunyoga bo‘lgan mehri bizning u kishiga bo‘lgan hurmatimizni yanada orttirdi. Otashnafas shoir yurtimizdagi zamonaviy adabiyotdan so‘z ochdi, o‘zi tanish bo‘lgan ijodkorlarning holini so‘radi. Suhbat asnosida Ozarbayjonning taniqli adiblari Anor, Feruz Mustafoning Toshkentga kelganlarini so‘zlab berdi.

Uchish vaqti yetgunga qadar Toshkentni aylandik. Qadrdonlar bilan dasturxon atrofida jam bo‘ldik. Barchalari bizga samimiy hurmatini izhor etish uchun ozarbayjonchalab “gardash-gardash” deb yelkamizga qoqib qo‘yishardi…

Biroz o‘tgach, ota yurtda do‘stlashgan qadrdonlarimizga omonlik tiladik.

Yo‘lda yana bir yo‘ldoshga ehtiyoj bor. Ilinj bilan ob-havo yangiliklariga ko‘z tikaman. Mosk­va yana sovuq… izg‘irin… U yerdan Bokuga yo‘l olamiz. Axir, bizni ona Vatanimiz va Hazar dengizi kutayotir!

Omon bo‘lgin, Ota yurt!

 

Intiqom Yashar

1990 yili Ozarbayjonning Kedabek shahrida tug‘ilgan. Ozarbayjon davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Ilk uchrashuv”, “… va yana sukunat”, “Uyda yo‘qman” nomli kitoblari nashr etilgan.

 

Mirzohid Muzaffar

tarjimasi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.