Zebo Mirzo. Dilda ishq pinhon chayqalur

0
528
marta ko‘rilgan.

* * *

Mangu Ozodlikday yastangan dala,

Ko‘kka zinalarday ko‘tarilgan tog‘.

Oqparquv ortidan tushgan mash’ala

Va yolg‘iz so‘qmoq…

hech kimsa, hech kimsa yetmagan xilvat,

Isomi,

Musomi tashlab ketgan g‘or.

Odamzot ko‘zidan yashringan xilqat,

haybat sukuniday quyuq o‘rmonzor!…

Ariqcha hatlagan ko‘prik.

Yog‘och uy.

Kut, men borayapman ko‘ngil qatida.

Bir parcha tosh bo‘lib yashasam edi,

Ulug‘vor daraxtlar saltanatida!…

Tosh bo‘lsam!

Tosh bo‘lib tinglasam bir zum,

Koinot qo‘shig‘in yuragim to‘lib.

Ilohiy chashmadek yig‘lardim yum-yum…

Va kelardim Muhabbat bo‘lib!…

 

 

PORTRET: OVOZSIZ KADRLAR

Ayol chiqdi

Avtoulovga,

Chiqdi shoshib, chiqdi adashib.

Boqmas edi birov birovga,

Ketar edi hamma gaplashib…

Kimdir yonda,

Kim telefonda.

Kimda esa musiqa – shovqin.

Iylanganday bir tegirmonda

Aylanardi bir xilda oqim.

Boqmas edi birov-birovga,

hamma zada, asabiy, tashvish.

To‘qnashganday go‘yo yov-yovga,

Biroq unda sokin oroyish?…

U judayam tinch edi. Chaqnoq

Ko‘zlarini uzmasdi yerdan.

haydovchiga o‘grilib nogoh,

Ishoralar qildi u birdan!

Barq urganday hamma tinch bo‘ldi!

… Ortda qoldi bir-ikki bekat…

Nogoh uni kimdir tushundi,

Jon holatda dedi: “hoy, to‘xtat! ”

… Ayol kuldi. Va ta’zim qildi,

Uni topgan insonga rozi.

… Bu shovqinzor ichida uning

G‘oyat go‘zal edi ovozi!…

 

ALPOMISHSIZ OYBARCHIN

Yovlar bosib,

Qildilar vayron,

Toptadilar umrimni g‘anim,

Yeru ko‘kka yugurdim hayron,

Sen jim boqib turding, Sevganim.

Yuragimga bo‘ldilar qanot,

Kutganlarim, kutmaganlarim.

Xayolan ham bermading imdod,

Sen jim boqib turding, Sevganim.

Alpomishni kutgan Oybarchin

Kabi jangga tashlandi tanim.

Orim – talosh, ko‘nglim – yerparchin,

Sen jim boqib turding, Sevganim!

hech bo‘lmasa, ko‘zlar uchun to,

Kelsang edi, yo‘q edi kamim!…

Kelar edi tog‘ bo‘lsa hatto,

Sen jim boqib turding, Sevganim…

he-yey, Boychibor, tirikmisan, ayt,

Yerga botib ketdi o‘mganim.

Men uchunmas, eling uchun qayt!…

Sen jim boqib turding, Sevganim…

he-yey, o‘ldirgum Ulton bo‘lsa ham,

Qo‘limda yoy – o‘lsam, ne g‘amim?

Kelma endi Sulton bo‘lsang ham,

Bu dunyoda mening Sevganim!…

 

MOMO HAVVO

Yuragimda qay sir yashirin,

Gunohkorman,

Yig‘layman nechun?

Quvg‘in etding! Va lekin rahmat,

Meni Yerga berganing uchun!

Odam Atom,

Boshingni ko‘tar,

Qilmadim deb ko‘kni himoya,

O‘rtanma bas, sevmasaydi gar,

Tashlarmidi munavvar Soya?…

Jannat bog‘i,

O, Bog‘i Eram,

Aldamagin bizlarni bekor.

Sen orzusan bani basharga,

Lekin sendan go‘zalroq sir bor!

Shu sir haqqi,

Shu lahza haqqi,

Kechgan bo‘lsam Mangulikdan men,

Solgandursan Ruhimga balqib,

Buyuk Ishqning to‘fonlarin sen!…

Yaratguvchim,

Bilursan aslim,

Va dunyoga berganing nechun?

Keltiraman

men Odam naslin –

Seni sevib o‘tmog‘i uchun!…

 

HAZRATI XAYYOM

Dunyo degani bu – to‘ntarilgan jom,

Dam bu damdir – asli eng go‘zal ayyom.

Yurak xumdonida ming yillik may bor,

To‘yib ichmaymizmi, hazrati Xayyom?

“Oh” ursam “oh”imda osmon chayqalur,

Jismimda olovli isyon chayqalur,

Endi oshkor quying bu mayi nobni,

Harchandki,

Dilda ishq pinhon chayqalur.

Har lahza baxt degan boqiy kezmasmi,

Har nafas – ishq bergan oliy izmasmi?

Mayxona o‘rnida,

Majnun qabridan,

Maysalar unibdi – o‘sha bizmasmi?

Necha bor evrildi tevarak jahon,

Ne-ne qasru bog‘lar bo‘ldilar yakson.

Jannatdin chakillab bir tomchi tomar –

Maymi U? Dil qoni?

Bilolmay hayron…

Siz unda, men bunda chodir tikaylik,

Chog‘ir ila g‘amu hasrat chekaylik.

Bu sahro Majnunsiz g‘arib qolibdi,

Keling, ko‘nglimizni yerga ekaylik…

Bir qatim “his” ila “hirs”ning orasi,

Ajrata bilmoqning bormi chorasi?

his – Ruhning jilvasi,

hirs – nafsning mayli,

Lazzatdir qalbdagi Ishqning yarasi!

Eng og‘ir jihoddur Jismu Jon jangi,

hamisha qon erur lolalar rangi.

Shu qadar achchiq bir xunga tashnamiz,

Nedir bizga asli qari tok zangi?

Iznsiz qoraymas har giyoh, gul deb,

Qalbdan Arshga o‘tar do‘zaxiy yo‘l deb,

Kufrona so‘zlasam, imladi hazrat,

Ilohiy sirni fosh etma, jim bo‘l, deb!…

Kimlar kelib ketdi charx ayvonida,

Ruhimiz eng olis yulduz yonida.

Dunyoga kelmagan bir bo‘ydan mastmiz,

Yo‘qlik kutib turgan Vaqt poyonida!

Ko‘zagar qo‘lida bir parcha loyim,

Uning izmidadir ajru xatoyim.

Gunohkor tuproqdan qorigan bo‘lsa,

Nechun pok Ruhiga qo‘shar Xudoyim?

Falakning charxiday aylanadi charx,

Yana bir ijodga shaylanadi charx.

Do‘zax olovida kuydirib olib,

Pishsam, nechun yana o‘ylanadi Charx?

Ahli dil bu yerdan o‘tib ketibdi,

Izlarin qaro qum yutib ketibdi.

Endi chodirlarni yig‘aylik, hazrat,

Biz kutgan Yor bizni kutib…

Ketibdi!…

 

 

* * *

Men sahnada yashab o‘taman…

Ishq – “Yo hayot,

yo mamot! ” tamom.

Men ko‘ksimni g‘amga tutaman,

Lek ortimdan otilar kamon!

Kim u – yozgan taqdir kitobin?

Dunyo, menga o‘rgatmagin, bas!

Men Oshiqman, tayyor javobim,

Men notiq ham, aktyor ham emas!

Buyuk Sahna!

O, buyuk janggoh!

Yaratasan ne hiylalarni?

Yagolarni qo‘llab-ardoqlab,

O‘ldirasan Atillalarni!

Qasdu qasos, Nomusu Or deb,

Jaranglaydi qilichlar jangi.

Charchab ketar suflyorlar chetda,

Mashshoqlarning qochadi rangi!

Yiqilaman so‘ngbor yuztuban,

Yuragimni qo‘limga olib.

Sen chiqasan parda ortidan,

Sen chiqasan mag‘rur va g‘olib!

Senmiding – U?

Noma’lum xattot?

O‘ylagansan aniq va puxta.

Sening shonli asaring uchun

Umrim bilan qo‘yaman nuqta.

Milyon kaptar uchar havoga –

Kaftdan uchar milyon qarsaklar.

Buyuk rejissyor,

O, buyuk qotil!

Senga olqish, senga sharaflar!

Dunyo, dunyo aqldan ozib,

Peshvoz chiqar ekan bir baxtga.

Qahramonlar ko‘ksidan bosib,

Yosumanlar chiqadi taxtga!…

 

Zebo Mirzayeva 1964 yilda Kitob tumanining Beshterak qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan (1987). “Tun malikasi” (1990), “Ajr” (1997), “Nur kukunlari” (2004) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.