Sanjar Javlon. San’atdan sanoatgacha…

0
186
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida zamonaviy estrada san’ati muammolariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

So‘zga chiqqanlar ko‘nglidagini o‘rtaga to‘kdi: qo‘shiq matnlari mazmunan g‘arib; musiqalar o‘g‘irlangan; kliplar milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi; shou-biznes ahli puldan boshqa narsani o‘ylamayapti…

Eng ko‘p tilga olingan jihat – ko‘pchilik xonandalarning kitob o‘qimasligi, yanayam aniqroq qilib aytganda, “savodi chatoqligi” bo‘ldi. Yig‘ilishda aytilayotgan mulohazalarni tinglarkanman, bir kitob o‘qiydigan(! ) san’atkor do‘stimizning qalam ahliga nisbatan e’tirozlari yodimga tushdi. “Sizlar, ya’ni jurnalistlar, – deb yozg‘irgandi u, – xonandalarimiz chalasavod, kitob o‘qimaydi, deb shunchalik ko‘p yozdinglarki, biror ziyoli davraga kirishga uyaladigan bo‘lib qoldik. Go‘yo “xonanda” degan so‘z dunyoqarashi tor, saviyasi haminqadar kimsaga yopishtirilgan yorliqqa aylanganday…

Uning alamini to‘g‘ri tushundim. To‘g‘ri tushundim-u, bunga sabab – san’atkorlar orasidagi ko‘p sonli “sanoatkor”lar, dedim. Va ilkis bundan o‘n besh yilcha oldingi bir voqea yodimga tushdi. O‘shanda televideniyening “Musiqiy dasturlar” studiyasida Badiiy kengash kotibi edim. Bir kuni oldimga yosh va taniqli estrada xonandasi kelib, qoidaga ko‘ra, yangi qo‘shig‘i yozilgan disk va uning matnini uzatdi. Matnga ko‘z yugurtirarkanman, undagi imloviy xatolar, shakli va ma’nosi o‘zgarib ketgan so‘zlarni ko‘rib, taajjublandim. “O‘zbek tilida shunaqa so‘z bor ekanmi?!” – dedim ana shunday “ko‘zi ko‘kargan, tizzasi shilingan” so‘zlardan birini ko‘rsatib. Xonanda qog‘ozga obdon tikildi va “Bilmasam, shoir shunday yozgan”, dedi. Uning javobi meni ikki karra lol qildi. Chunki undan “Ko‘chirishda xato ketibdi, aslida men bunday ijro qilmaganman, so‘zlarning asl shakli bunaqa bo‘ladi”, degan javobni kutgan edim. “Qaysi shoir? ” – dedim nim tabassum bilan. “Muhammad Yusuf! ” – g‘olibona ohangda javob berdi u. Aftidan, Muhammad Yusufning nomi xonandalar uchun zo‘r qalqon ekanini u bilardi. Endi o‘ylab qarasam, o‘shanda yosh ekanman, sal qizishdim: “Yo‘g‘-ye, shunaqami?! hozir Muhammad Yusufga qo‘ng‘iroq qilib, shu she’rni telefonda o‘qib, tasdiqlatib olsak, nima deysiz?!” “Bajonidil”, dedi u bamaylixotir. Tavakkal deya, ustoz shoirning Do‘rmondagi dala hovlisiga qo‘ng‘iroq qildim. Omadni qarang – go‘shakni ustozning o‘zlari oldi. Gap nimadaligini bilgach, “o‘qi” dedi. O‘qidim. To‘g‘rilab emas, qog‘ozda qanday yozilgan bo‘lsa, shunday o‘qidim. Xonanda ham eshitib turibdi. Go‘shakdan ustozning keskin ovozi yangradi: “Bu she’r menikimas. Oxirgi paytda mening nomimdan foydalanadigan qalloblar ko‘payib ketdi. Yana shunday shubhali she’rlar kelsa, menga telefonda o‘qib ber, xo‘pmi? Rahmat… ” Mana, dedim, go‘shakni joyiga qo‘yarkanman, Muhammad aka “bu she’r menikimas”, deyapti. Xonandaning yuzi gezardi va jahl bilan xonadan chiqib ketdi. Insof bilan aytganda, ko‘chirishda ma’nosi buzilib, anglamsiz holga kelgan ifodalar joyiga qo‘yilsa, matn judayam g‘arib emas edi. Lekin shu qo‘shiqni kuylagan, ovozini yozdirgan, klip ishlagan xonandaning matndagi saktaliklarni izohlab berolmayotgani ajablanarli hol edi. Qarshimdagi xonanda atoqli adibimiz Abdulla Qahhorning 1936 yilda yozilgan “San’atkor” nomli kichik hikoyasi qahramonini eslatardi. hikoya qahramoni – “kulturniy” san’atkor yodingizda bo‘lsa kerak!? O‘zini savodsizlikda ayblagan traktorchidan jahli chiqqan xonanda, “labingdan bo‘lsa olsam, e, shakarlab”, deganim u kishiga yoqmapti, “bo‘lsa” emas, “bo‘sa” emish! O‘zi bilmaydi-yu, menga o‘rgatganiga kuyaman! Senga o‘xshagan savodsizlar “bo‘sa, bo‘masa” deydi. Artist kulturniy odam – gapni adabiy qilib aytadi – “bo‘lsa, bo‘lmasa” deydi… ” – deb bo‘g‘iladi. Darvoqe, davra suhbatida taniqli hofizlarimizdan biri kuyunib, bir havaskor qo‘shiqchi mashhur ashuladagi “Shoh G‘oziyga karam avvalg‘ilarga o‘xshamas” misrasini “Shoh og‘ziga karam avvalgilarga o‘xshamas” deb ijro etayotganiga duch kelganini, ashula tugagach, unga xatosini aytganida, “rahmat, yaxshi aytdingiz, albatta tuzataman”, deyishning o‘rniga “e, qo‘yavering, aka, kim buning farqiga borib o‘tiribdi?!” deb javob berganini aytib qoldi. Bu – yuksak madaniyat sohibi bo‘lgan xalqimizga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emas.

Xo‘sh, ayrim xonandalarning bunday “kashfiyot”lar qilishiga sabab nima?! Javob aniq – kitob o‘qimaslik, asl she’riyatdan bexabarlik. ha, asl she’riyat deyapmiz, chunki bugungi kunda xonandalarning pinjiga kirib olib, o‘zlarining “nodir ijod namunalari”ni kuyga solishga orzumand qalamkashlar toifasi shakllandi. Ular el suygan, ustoz shoirlarimizning rangin misralarini go‘yo kishi bilmas tarzda “qaychilab” olib, o‘zlarining siyqa misralarini qo‘shib, keyin original mahsulot sifatida she’r topolmay yurgan (!?) xonandalarga taqdim qilishmoqda. Ya’ni, qo‘shiq matnini ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ular zohiran san’at va adabiyot o‘rtasida ko‘prik bo‘layotganday ko‘rinsa-da, aslida devor vazifasini o‘tamoqda. Bu, nazarimizda, alohida tahlil, yondoshuvni talab etadigan mavzu.

O‘qimishli, dunyoqarashi keng san’atkorlarimiz sha’niga soya solayotgan xonandalarga esa, bir iltimosimiz bor: jurnalistlarning “Maktabda qanday baholarga o‘qigansiz? ”, “Kitob o‘qishga munosabatingiz qanday? ” degan savollariga, agarda o‘qimagan bo‘lsangiz, bu holni fazilat sifatida pesh qilmasdan, yaxshisi, indamay qo‘ya qoling. Kitobxonlik targ‘ibotiga qo‘shgan hissangiz, hech bo‘lmasa, shu bo‘ladi…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.