Yevropani zabt etgan traktorchi

0
292
marta ko‘rilgan.

Rang-tasvir san’ati turlari orasida karikaturachilik o‘zining mavzu ko‘lami, yaratilish xususiyatiga ko‘ra boshqalaridan ajralib turadi. So‘nggi yillarda yurtimizda rassomchilikning boshqa turlari qatori karikaturachilik ham rivojlanmoqda. Karikaturachi rassom, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mahmud Eshonqulov hamkasblari orasida alohida o‘ringa ega.

Rassomni “Mushtum” jurnali va internet sahifalarida e’lon qilingan ko‘p­lab karikaturalari orqali yaxshi taniymiz. Ikki yuzga yaqin mukofotlar sohibi, bir necha davlatlarda o‘tkaziladigan turli tanlovlarga ishtirokchi va hay’at a’zosi sifatida muntazam taklif qilinadigan katta rassom Mahmud aka qiyofasida sodda va kamtar, tanti va chapani insonni ko‘ramiz. U ijodiy safarlar bilan dunyoning yigirmaga yaqin davlatiga borib, o‘zbekligimiz ramzi – do‘ppini boshidan hech tushirmaydi, ustoz shoir aytgani kabi boshda do‘ppisi bilan qaddini g‘oz qilib yuradi…

Ushbu suhbatimiz orqali siz ham Mahmud Eshonqulovni o‘zingiz uchun kashf qilasiz, degan umiddamiz.

 

– Assalomu alaykum. Xush kelibsiz, Mahmud aka. Bugungi suhbatimiz, rasmiyatchiliklardan yiroq, samimiy ruhda o‘tadi, degan umiddaman. Odatga ko‘ra, avvalboshda o‘zingiz haqda qisqacha gapirib o‘tsangiz.

– 1958 yil go‘zal Farg‘onaning Beshariq tumanida tug‘ilganman. O‘rtahol oila edik. Otamning xotiralaridan eshitganmanki, u kishi jadidlar ochgan yangi usul maktabida o‘qigan. Rasm chizishga nima turtki bo‘lganini yaxshi eslolmasam-da, lekin uyimizdagi kitoblarni o‘qib, gazeta va jurnallardagi turli suratlarni ko‘rib, rasm chizishga ishtiyoqim ortgani rost. Ochig‘i, rasm chizish uchun qog‘oz-qalam qidirib yurmaganman. Ko‘mir yoki mix bo‘lsa yetar edi – maktabimiz devori men uchun rassomlar taxtasi edi (kuladi). Devorlarni “ijodim” bilan to‘ldirganim orqasidan, ota-onamga ustozlarim shikoyat qilishardi. Uyda esa akalarim va ota-onalarim ishtirokida meni xonaki “sud” kilishardi… Boshqa foydali ishlar bilan shug‘ullansang bo‘lmasmidi, deb tanbeh berishardi…

– Shu o‘rinda bir narsa esimga tushib qoldi. Bolalarning sevimli yozuvchisi A. De Sent-Ekzyuperining “Kichkina Shahzoda” falsafiy qissasida uchuvchi olti yoshida filni tiriklay yutgan ilonni chizadi. Rasm xuddi shlyapaga o‘xshaydi. Kattalar ham xuddi shunday o‘ylab, yosh rassomni ranjitishadi. Bola esa o‘sha ilonni ichki ko‘rinishi bilan ikkinchi marta tasvirlaydi. Kattalar esa unga “Bundan ko‘ra, algebga, jug‘rofiya, hisob-kitobni o‘rgansang durust bo‘lardi” deb tanbeh berishadi. Sizda ham shunday bo‘lgan ekan-da?

­– Ha, shunga yaqinroq bo‘lgan. “Kichkina Shahzoda”da bolaning atrofidagilar tasviriy san’atni tushunmagan bo‘lishi mumkin. Ammo men asardagidek falsafiy yoxud tushunarsiz rasmlar chizmaganman. Oddiy, doim ko‘rib yuradigan predmetlarni tasvirlaganman.

Shu yerda bir nimani aytib o‘tgim keldi. Avval biz o‘qib yurgan paytda – 60­–70-yillarda maktabda rasm darsi yaxshi o‘tilmasdi. Sabab, mutaxassis yo‘q edi. Hozir ham ko‘p maktab­larimizda shu ahvol. Bolaning estetik didini shakllantirish uchun, uning ko‘ngliga ezgulik urug‘larini sochish uchun tasviriy san’at, adabiyot, musiqa fanlari maktablarda puxta o‘rgatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bularning hammasi – san’at. San’at esa yomonlikka boshlamaydi, aksincha undan uzoqlashtiradi. O‘sha paytlarda maktablarda yaxshi ustoz bo‘lganida, hozir O‘zbekistonda rassomlar safi ancha kengaygan bo‘lardi…

 

– Mahmud aka, bundan 30-35 yil avval siz dalada javlon urib traktor haydab, shudgorning bag‘rini “tilib” yurardingiz. Taqdirni qarangki, bugun sizni nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham karikaturachi rassom sifatida yaxshi tanishadi. Ayting-chi, traktorchi bo‘lib yurganingizda qachondir mashhur rassom bo‘laman deb o‘ylaganmisiz?

– Yo‘q. Chunki otam rassomchilikdan naf yo‘q, undan ko‘ra yaxshi kasb o‘rgan, derdilar. Rostdan ham, o‘sha paytda tevarak-atrofimizda rassomlik orqasidan nom qozongan, ro‘zg‘or tebratadigan odam yo‘q edi. Keyin otamning nasihatiga quloq solib, traktorchilik kasbini tanladim. O‘sha paytlarda qishloq xo‘jaligi ancha rivojlangan bo‘lib, traktorchilik orqasidan yaxshigina pul topish mumkin edi. Lekin baribir rasm chizishga bo‘lgan muhabbatim o‘shandayam so‘nmagan. Shunday qilib, 35-40 yoshlar oralig‘ida Toshkentga kelib, hozirgi Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining tasviriy san’at fakultetiga o‘qishga kirdim. Bir muddat maktabda rasm va chizmachilikdan dars berib yurdim, madaniyat uyida ishladim. Keyin savdoga o‘tib ketdim, yaxshigina daromad topib, uy-joy qildim, moshina oldim. Lekin baribir ular ko‘nglimga rasmdek rohat baxsh etmasdi. Shuning uchun karikaturalarimni gazeta-jurnallarga jo‘natib yurdim. 1996 yil “Mushtum”dan ishga taklif xati keldi. Shu-shu, Toshkentda ijod qilib yuribman.

 

– Boshqa o‘zbek karikaturachilardan farqli o‘laroq, sizning rasmlaringizda umumbashariy muammolar – terrorizm, giyohvandlik, irqchilik, ommaviy madaniyat, ekologiya kabi jiddiy mavzular qalamga olinadi. Rasmlaringizda shunchaki kulgi qo‘zg‘amasdan, satira yoki yumor orqali ijtimoiy muammolarni ko‘rsatib, hajv qilasiz. Shuning uchun ham ko‘plab nufuzli tanlovlarning mutloq g‘olibi, maxsus mukofotlaru gran-prilarning sohibi bo‘lgansiz. Siz karikaturalaringizga mavzuni atay axtarasizmi yo kutilmaganda xayolingizga keladimi? Umuman, rasmlaringizning yaratilish jarayoni haqida so‘zlasangiz…

– Ochig‘ini aytaman, mavzu izlayman. Siz aytgan yo‘nalish­larda rasm chizish doimgi rejam desam ham bo‘ladi. Ammo uni qay yo‘sinda chizish, qanday detallardan foydalanish uchun fikr yuritmasa bo‘lmaydi. Mana, hozir internet rosa ommalashgan. Internet saytlariga kiraman, televideniyedan yangiliklarni kuzatib boraman. Lof demang-u, dunyoga ovoza bo‘lgan hech bir voqea e’tiborimdan chetda qolmaydi. Har bir hodisaga munosabat bildirgim keladi, shuning uchun darrov qog‘oz-qalam olib, rasm chizishga kirishaman.

Karikaturachilikda bitta narsa muhim. Faqat kulgi uyg‘otib yoki mazax qilib obro‘ olaman deyish xunuk ish rassom uchun. Yoki katta tanlovlarda g‘olib bo‘laman deb, manfaat ortidan ijod qilish ham yaramaydi. Yana bir yomon odat urchiyapti: karikatura oxirgi paytlarda adovat qo‘zg‘ash, fitna yaratish uchun dastak bo‘layapti. Xabaringiz bo‘lsa kerak, Fransiyada Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni kamsitib, karikatura chizishdi. Bu faqat payg‘ambarimizga emas, u zotning ortida turgan butun musulmon ummatini haqoratlash edi. Boshqa narsa emas! Shuning uchun men insonni uning millati yoki diniga bog‘lab mazax qilishdan o‘zimni yiroq tutaman. Ko‘pchilikni qiynayotgan muammolarni rang orqali baralla aytishga urinaman.

 

– Mahmud aka, shu o‘rinda sal jiddiyroq savol beraman. Faqat meni to‘g‘ri tushunasiz, degan umiddaman. O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, hammamiz musulmonmiz. Islomda rasm chizish man qilingan, deyishadi. Shu holat sizni rassomlikdan qaytarganmi hech?

– Hecham xijolat bo‘lmang, sizni to‘g‘ri tushundim. Xo‘sh… savolingiz, rosti, jiddiy. Bu haqda ko‘p o‘ylab ko‘rganman. Haqiqatan ham, jonli yaratiqlarning shaklini yaratish faqat O‘zigagina xos. Men shu holni rad etmagan holda, ba’zan fikr yuritib ko‘raman, tarixga nazar solaman, ilmi bor odamlar bilan suhbatlashaman. Nazarimda, rasm chizishning ma’lum davr man etilgani o‘sha paytdagi holat bilan bog‘liq. Ya’ni, yaxshi bilasiz, odamlar yagona Yaratganga emas, turli rasm va haykallarga sig‘inib turgan bir paytda rasm chizish ma’qul ish sifatida qaralmagan. Ammo keyinchalik vaziyat, tasviriy san’atga munosabat o‘zgargan. Tarixga bir nazar soling: Kamoliddin Behzod katta musavvir bo‘lgan. O‘z zamonasining mashhur kishilarining suratini chizgan. O‘rta asrlarda yaratilgan me’moriy obidalarda turli hayvonlarning rasmlari bor… Hozirgi zamonda ko‘plab tanlovlarda arab dunyosidan ham rassomlar keladi. Eron Islom Respublikasi karikaturachilari dunyodagi eng mashhur rassomlardan… Aytmoqchi bo‘lganim, odamning amali niyatiga ham bog‘liq. “Amallar niyatga bog‘liq” degan hadis ko‘nglimga yorug‘lik bag‘ishlaydi…

 

– Karikaturalaringizni ko‘rgan kishi avvalboshda bir jilmayadi, keyin o‘yga toladi. Sababi, sizning rasmlaringizda kulgi emas, muammoni ochib berish birinchi o‘rinda turadi. Lekin tanqid ham, yumor ham omuxta. So‘ramoqchi bo‘lganim, rasmlaringiz orqasidan kel(alyot)gan rahmatlarni sanamasam ham bo‘ladi, ammo ular orqasidan malomat ham eshitganmisiz?

– Yo‘q. Lekin bir-ikki kishi rasmlaringizda unday demoqchi bo‘libsiz, bunday demoqchi bo‘libsiz, deb pisanda qilgan…

Avvallari har bir jamoa yoki shirkat xo‘jaliklarida dalashiyponlar bo‘lardi. Bu yerda dalada ishlaydiganlar ovqatlanib va dam olib ketardi yoki rahbariyat tomonidan ul-bul narsa aynan shu yerda tarqatilardi. Keyinchalik dalashiyponlariga oshna-og‘aynilar yig‘ilib, dam olishga borishlar ko‘payib ketdi. Soya-salqin joylar, hovuzlari bo‘lardi-da. Men ham xuddi shu holatni – maishat bo‘layotgan holatni tasvirlab, karikatura chizdim. Qanday desam ekan, xullas, ishchilar tushlik qilish uchun dalashiyponga kelishsa, brigadir “Uylaringda ovqatlanib kel” deganday ularni haydayotganini chizganman, xolos. Rost gap, aynan bir kishi yoki aniq bir joyni  nazarda tutmaganman.

Kunlarning birida vodiyga borib qoldim. Bir brigadir tanishim “Mushtum”dagi rasmingni ko‘rdim, yaxshimas unaqa qilish”, deb qolsa bo‘ladimi. Men hayronman. Keyin bilsam, o‘sha karikaturamni brigadir ko‘rgan ekan. U meni chizgan deb o‘ylab, hadiksirab qolgan. Men o‘shanda xursand bo‘lganman, ochig‘i. Demak, bitta rasm bilan kimdir o‘zini tartibga solib olibdi. San’atning kuchi ham shu-da o‘zi!

Yana bir gapni ham aytib o‘tmasam bo‘lmas. O‘zimizdagi muammo va kamchiliklar  tushirilgan rasmlarimni xalqaro ko‘rgazmalarga jo‘ntamayman. Agar shunday qilsam, yurtimni, millatimni, davlatimizni boshqalar ko‘ziga yomon ko‘rsatib qo‘yishim mumkin, boshqalar nazdida o‘zbeklar bunday xalq ekan, O‘zbekiston bunday davlat ekan, degan tasavvur uyg‘onishi mumkin. Ularni o‘zimiz uchun, yurtdoshlarimiz ko‘rib bu nuqsonlardan xalos bo‘lishlari uchun chizaman. Binobarin, bizda “Uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmaydi”, degan naql bor…

– Mahmud aka, iste’dod ham suyak suradi, degan gap bor. Ilm-fan ham buni tasdiqlab, qobiliyatlar muayyan darajada gen orqali avlodlarga  o‘tadi, deydi. Bu xususda nima deysiz? Sizning farzandlaringiz yoni nevaralaringiz ham rang-tasvirga qiziqadimi? Ishingizni davom ettirishyaptimi?

– Bir o‘g‘lim rasm chizishga qiziqdi. Hatto rassomchilik kollejida ham o‘qidi. Qiziqishi so‘ndimi, bilmayman, bir yildan so‘ng o‘qishni tashlab ketdi. Hozir u yonimda – Toshkentda. Uning bolalari ham qiziqmadi rassomchilikka. Lekin qishloqda qolgan o‘g‘limning uchta  farzandi rasm chizadi. Bittasi sal bo‘shrog‘-u, lekin ikkitasidan rassom chiqadi, deb umid qilyapman. Ularga mavzularni aytib turaman, borganimda rasmlarini ko‘rib, fikrlarimni bildiraman. Hatto ularning rasmlarini xalqaro tanlovlarga ham jo‘natib turaman. Shukr, kichik bo‘lsa ham mukofotlar olib turishibdi. Ular men egallamagan marralarni ham egallashlarini istayman.

 

– Samimiy suhbat uchun sizga tashakkur, Mahmud aka. Ijodingizga rivoj, oilangizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz.

– Salomat bo‘ling. Men ham jurnal ishlariga rivoj tilayman. “Yoshlik” doimo yoshlarga qanot bo‘lsin!

 

Husan Maqsudov sauhbatlashdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.