Himoyaga chiqqanning  hammasi ham olimmi?

0
212
marta ko‘rilgan.
  1. Zamon o‘zgarmoqda. Shu bilan birga, badiiy tafakkur ham, adabiyot ham yangilanish yo‘lidan borib, tamoman o‘zgacha ifoda shakllarini taqdim eta boshlaganiga ancha vaqt bo‘ldi. Xo‘sh, adabiyot o‘zgarayotgan ekan, uni o‘rganuvchi soha – adabiyotshunoslik va uning metodlari ham o‘zgardimi? Yangi ijodkorlar avlodiga mos ravishda tanqidchilarning ham yangi avlodi shakllanmoqdami?
  2. Ba’zilar adabiyotshunoslik tanazzulga yuz tutdi, katta olimlar avlodining aksar vakillari olamdan o‘tib ketdi, hozir sanoqli adabiyotshunosni aytmaganda, chinakam olimlar qolmadi hisob, degan gaplar quloqqa chalinadi. Lekin OAKning saytiga kirib, ilmiy ishi himoyasiga chiqayotgan yosh olimlar­ning sanog‘ini ko‘rib taajjubga qolmay iloj yo‘q. Oldinlari qanday bo‘lgan, bilmadig-u, lekin doktorlikni himoya qilgan adabiyotshunoslar bugungidan kam bo‘lgan bo‘lsa kerak. Lekin qani ular? Nega yosh fan doktorlarimiz adabiy jarayonda faol emas? Yosh olimlarning vakili sifatida mazkur holning asl sabablarini nimada ko‘rasiz?
  3. Talabalik vaqtlarimizda domlalari­mizning biri akademik ilmning tanazzuli haqida so‘z yuritar ekan, bunga tabiiy jarayon sifatida qarashini aytgandi. Domlamiz, jumladan, adabiyotshunoslik ham sekin-asta chuqur ilmiy tahlillardan voz kechib, sodda, ommabop tahlil shakllariga o‘tishini aytgan o‘shanda. Xo‘sh, adabiyot soddalashyaptimi? Umuman bugungi ilmiy ishlar, adabiy-tanqidiy maqolalarning saviyasi, ularning o‘qishlilik darajasi haqida qanday fikrdasiz?
  4. Siz hozirda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ulsiz. Ayting-chi, faoliyatingiz uchun mavjud sharoitlar sizni qoniqtiradimi? Sohada o‘z yechimini kutib turgan muammolar bormi?

 

  1. Davr o‘zgarar ekan, ada­biy jarayon ham, badiiy tafakkur ham yangilanib boraveradi. Har bir avlodni o‘z aytar so‘zi, ovozi bo‘ladi. Inson doimo yangilikka intiladi. Cho‘lpon “Ko‘ngil yangilik qidiradir” deb bejizga aytmagan bo‘lsa kerak.

Bugun badiiy asarni o‘rganishga bo‘lgan yondashuv o‘zgardi. Bu nafaqat hozir yaratilayotgan asarlar, balki o‘zbek mumtoz va XX asr adabiyoti namunalarini tadqiq, tahlil, talqin qiladigan yangicha mezon va usullarni talab qilmoqda.

Adabiyotga yangi, yosh avlod vakillari kirib kelmoqda. Ammo adabiy tanqidchiligimiz hamon uyquda. Tanqidchilarimizning yangi avlodi shakllandi, deya olmayman. Bu fikrimga ko‘pchilik qo‘shilmas, balki. Adabiy tanqidchilik adabiy jarayondan orqada qolmoqda. Yangi-yangi badiiy asarlar yaratilmoqda. Lekin matbuotda biron munosabat, tanqidiy-tahliliy tadqiqotni kam ko‘ramiz. Borlari ham o‘rta va katta avlod vakillari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bugun adabiyotimiz D.Quronovning “She’rda mantiq ke­rakmi?” maqolasi singari tanqidiy-tahliliy munosabatlarga muhtoj.

Bugungi adabiy tafakkur rivoji, kitobxonning badiiy saviyasi va didini o‘stirishda tanqidchilikning o‘rni juda muhim. Agar 70–80-yillar matbuotini kuzatsak, adabiy tanqidchilik ancha faol bo‘lganli­gini ko‘rishimiz mumkin. Biron yangi asar yaratilsa, darhol unga munosabat bildirilgan. Bahs va munozaralar, davra suhbatlari tashkil etilgan. Fikrlar­ning qarama-qarshiligi, tanqidiy-tahliliy munosabatlar ijodkorning shakllanishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashiga undagan. Afsuski, bugun matbuotimizga bu an’analar deyarli kuzatilmaydi. Nazarimda, bugun adabiy tanqidchilik sohasiga e’tibor, rag‘bat kerak. Ko‘pgina oliy o‘quv yurtlarida adabiyotshunoslik muta­xassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat yuritmoqda. Ammo adabiy tanqidchilik yo‘na­lishi mavjud emas. Bugungi talabdan kelib chiqib, bu sohada ham alohida magistratura yo‘na­lishi ochilishi lozim. Qolaversa, adabiy tanqidga bag‘ishlangan alohida nomdagi ilmiy jurnal ta’sis etish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.

  1. “Adabiyotshunoslik tanazzulga yuz tutdi”, degan fikrga qo‘shila olmayman. O‘zbek adabiyotshunosligining katta maktabi shakllangan. Qolaversa, ustoz-shogirdlik tizimi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. To‘g‘ri, ko‘pgina ustoz adabiyotshunos­lar o‘tib ketishdi. Lekin ularning ishini davom ettirayotgan shogirdlari ko‘p. Umarali Normatov, Naim Karimov, Ibrohim G‘afurov, Ibrohim Haqqulov, No‘monjon Rahimjonov, Baxtiyor Nazarov, Hamidulla Boltaboyev singari katta avlod vakillari hamon ilmiy faoliyat bilan band. Qolaversa, Dilmurod Quronov, Suvon Meli, Bahodir Karimov, Uzoq Jo‘raqulov, Nurboy Jabborov, Islomjon Yoqubov, Abdulla Ulug‘ov, Sanobar To‘la­ganova, Marhabo Qo‘chqorova singari iste’dodli olimlarimiz adabiyotshunosligimizning turli muammolari bo‘yicha o‘z tadqiqotlarini olib borishmoqda. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Shuningdek, respublikamizning turli hududlar­dagi oliygohlarda faoliyat yuritayotgan adabiyotshunoslarimiz ham bor. Bugun yosh adabiyotshunoslar avlodi ham shakllanib kelmoqda. 

To‘g‘ri, bir yilda adabiyotshunoslik sohasida o‘nlab falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoya qilinmoqda. Nega ular jarayonda faol emas? Buning ko‘plab sabablari bor, albatta. Ilmiy daraja olishni davrning o‘zi talab qilmoqda. Agar professor-o‘qituvchi oliy ta’lim muassasasida faoliyat olib bormoqchi bo‘lsa, u ilmiy daraja olishi lozim. Ilmiy daraja unga ko‘p imkoniyatlarni taqdim etadi. Albatta, uning maoshi oshadi yoki lavozimi ko‘tariladi. Bu ham inkor etib bo‘lmaydigan sabablardan. Lekin dissertatsiya himoya qilganlarning barchasini olim deyish to‘g‘rimikin? Menimcha, ularning sanoqlilarigina ilm yo‘lini tanlashadi. Ilm yo‘li esa doim og‘ir va mashaqqatli bo‘lgan. Yoshlar orasida o‘z taqdirini adabiyot ilmiga bag‘ishlaganlari ham talaygina.

  1. Adabiyotshunosligimiz chuqur ilmiy tahlillardan voz kechgani yo‘q. Aksincha, sodda uslub, esseistik qarashlardan ko‘ra, akademik uslub ustuvorlashmoqda. Bugungi adabiyotshunosligimiz tahlil va talqin jarayonida an’anaviy hamda dunyo adabiyotshunosligining yangicha metodlariga tayanmoqda. I.Haqqul, D.Quronov, S.Meli, B.Karim, U.Jo‘raqulov, I.Yoqubov, S.To‘laganova, M.Qo‘chqorova kabilarning tadqiqotlarida badiiy asarga yondashuvda zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligining yangi prinsiplari o‘z ifodasini topgan.

Bajarilayotgan ilmiy ishlarning saviyasi bir xil emas, albatta. Yuqorida javobla­rimizdan birida ta’kidlab o‘tganimizdek, adabiy-tanqidiy maqolalar kamdan-kam. Ilmiy jurnallarimizda tanqidiy maqolalarga ham keng o‘rin berish, soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari, bahs va munozaralar tashkil etish lozim.

  1. Ayni paytda Termiz davlat universiteti o‘zbek adabiyotshunosligi kafed­rasida ilmiy-pedagogik faoliyatimni olib bormoqdaman. Bugun yurtimizda ilmga, olimlarga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Yaqin-yaqingacha vaziyat, sharoit boshqacha edi. Majburiy mehnat, kam maosh va tizimdagi boshqa ko‘plab muammolar iste’dodli ilm ahli vakillarining boshqa sohalarga o‘tib ketishi yoki xorijiy mamlakatlarga o‘z faoliyatini davom ettirishiga sabab bo‘lganini yashirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Bugun Prezidentimizning tashab­buslari, islohotlari o‘laroq ilm ahliga keng imkoniyat va sharoitlar yaratilyapti. Xorijiy mamlakatlardagi ko‘plab vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib, yana o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda. Chunki u yerdagi mavjud sharoit va imkoniyatlar vatanimizda ham yaratilmoqda.

Pedagog, bir adabiyotshunos sifatida ayrim muammolarni sanab o‘tmasam bo‘lmas. Avvalo, bu bugungi adabiyotshunoslik sohasini o‘qitish bilan bog‘liq. Yaratilayotgan o‘quv fan dasturlari tayanch oliy o‘quv yurti mutaxassislari tomonidan tuziladi. Biz dasturga kiritilgan mavzular doirasida dars mashg‘ulotlarini olib boramiz. Belgilangan mavzu bo‘yicha o‘z ishchi dasturlarimizni shakllantiramiz. Masalan, biz dasturga “Hozirgi Surxon adabiy muhiti” degan mavzuni qo‘sha olmaymiz. Dasturlarni tuzishda mahalliy hudud imkoniyatlari, ularga xos mavzular ham e’tiborga olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Obidjon Shofiyev,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.