Himoyaga chiqqanning  hammasi ham olimmi?

0
56
marta ko‘rilgan.
  1. Zamon o‘zgarmoqda. Shu bilan birga, badiiy tafakkur ham, adabiyot ham yangilanish yo‘lidan borib, tamoman o‘zgacha ifoda shakllarini taqdim eta boshlaganiga ancha vaqt bo‘ldi. Xo‘sh, adabiyot o‘zgarayotgan ekan, uni o‘rganuvchi soha – adabiyotshunoslik va uning metodlari ham o‘zgardimi? Yangi ijodkorlar avlodiga mos ravishda tanqidchilarning ham yangi avlodi shakllanmoqdami?
  2. Ba’zilar adabiyotshunoslik tanazzulga yuz tutdi, katta olimlar avlodining aksar vakillari olamdan o‘tib ketdi, hozir sanoqli adabiyotshunosni aytmaganda, chinakam olimlar qolmadi hisob, degan gaplar quloqqa chalinadi. Lekin OAKning saytiga kirib, ilmiy ishi himoyasiga chiqayotgan yosh olimlar­ning sanog‘ini ko‘rib taajjubga qolmay iloj yo‘q. Oldinlari qanday bo‘lgan, bilmadig-u, lekin doktorlikni himoya qilgan adabiyotshunoslar bugungidan kam bo‘lgan bo‘lsa kerak. Lekin qani ular? Nega yosh fan doktorlarimiz adabiy jarayonda faol emas? Yosh olimlarning vakili sifatida mazkur holning asl sabablarini nimada ko‘rasiz?
  3. Talabalik vaqtlarimizda domlalari­mizning biri akademik ilmning tanazzuli haqida so‘z yuritar ekan, bunga tabiiy jarayon sifatida qarashini aytgandi. Domlamiz, jumladan, adabiyotshunoslik ham sekin-asta chuqur ilmiy tahlillardan voz kechib, sodda, ommabop tahlil shakllariga o‘tishini aytgan o‘shanda. Xo‘sh, adabiyot soddalashyaptimi? Umuman bugungi ilmiy ishlar, adabiy-tanqidiy maqolalarning saviyasi, ularning o‘qishlilik darajasi haqida qanday fikrdasiz?
  4. Siz hozirda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan mashg‘ulsiz. Ayting-chi, faoliyatingiz uchun mavjud sharoitlar sizni qoniqtiradimi? Sohada o‘z yechimini kutib turgan muammolar bormi?

 

 

Qo‘yilgan savollar mohiyatan bir-biriga yaqin bo‘lgani sabab, keling, ularga umumiy qilib javob berishga harakat qila­man. Adabiyotshunoslik fanining predmeti badiiy asar hisoblanadi. Shunday ekan, adabiy jarayonda bu ikki sohaning yonma-yon yangilanib, o‘zgarib borishi bejiz emas. Aslida, adabiyotshunoslikning poetik qonuniyatlari badiiy asar mohiyatida nihon bo‘ladi. Shu ma’noda har bir ijodkor va adabiyotshunos nazariy poetikaga oid ilmlarni puxta o‘zlashtirmog‘i shart. Xalqimizda bir gap bor: “Sopini o‘zidan chiqar”.

Aytaylik, hazrat Navoiyning ijodiga xos poetik qonu­niyatlar uning badiiy asarlarida zuhur bo‘ladi.

Nazm anga gulshanda ochilmog‘lig‘i,                                Nasr qaro yerga sochilmog‘lig‘i.

Bo‘lmasa e’joz maqomida nazm,                                          Bo‘lmas edi tengri kalomida nazm.

Nazmda ham asl anga ma’ni durur,                                     Bo‘lsun aning surati harne durur.

                                                      (“Hayrat ul-abror”)

Demak, bugungi adabiyotshunoslik rivoji, uni­ng yangilanish tendensiyalari, tabiiyki, zamonaviy adabiyot bilan chambarchas bog‘liq. Ammo hozirgi adabiy jarayonda yaratilayotgan badiiy asarlar adabiyotshunoslikning yangi tamoyillari uchun asos bo‘la oladimi, degan savol kishini o‘ylantiradi. Shu sababli aksariyat adabiyotshunoslar o‘zining ilmiy-nazariy fikrlarini bayon etishda hazrat Navoiy yoki Qodiriy ijodiga tayanadilar. Shuningdek, adabiyotshunoslikning taraqqiyoti uning yangilanish tendensiyalari hamma davrlarda badiiy adabiyot rivoji bilan belgilangan. Bizningcha, hozirgi o‘zbek adabiyoti ham, zamonaviy adabiyotshunosligimiz ham o‘zining asl poetik o‘zaniga yuz burib yangi yo‘l izlayotganga o‘xshaydi. Aksariyat yosh tadqiqot­chilar adabiy jarayondagi asarlarni badiiy tahlil qilishda jahon adabiyotshunosligidagi mavjud tajribalarga tayanmoqdalar. Natijada faqat poetik shakl unsurlari e’tirof etilmoqda. Vaholanki, badiiy asarlarni baholashda uning badiiy semantikasidagi poetik qonu­niyatlar birlamchi sanaladi. Biroq ayni paytda himoya qilinayotgan ilmiy ishlarni varaqlaganda adabiy jara­yondagi yangiliklar poetik qonuniyatlarni yorib o‘tganligi haqida ehtirosli fikrlarni uchratamiz. Illo, asarning badiiy mohiyati poetik qonuniyatlarga muvofiq tashkil etiladi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek, aybni kimgadir to‘nkash noo‘rin. Faqat haq yo‘lni topib, adabiyotshunosligimizdagi ayrim illatlardan qutulish kerak. Buning uchun, avvalo, yosh adabiyotshunoslar ijodidagi kamchiliklarni bartaraf etish lozim. Bizning­cha, ushbu kamchiliklar quyidagilarda ko‘rinadi:

Sharq mumtoz poetika ilmidan bexabarlik;

dunyo adabiyoti tajribalaridan ko‘r-ko‘rona foyda­lanish;

tizimli fikrlashdagi noqislik;

yozma fikrni ifodalashdagi kamchiliklar;

ilmiy uslubning nochorligi kabilar.

Xullas, yosh ijodkorlar nima haqida qanday yozishni, adabiyotshunoslar nimani qanday tahlil qilish hadisini olmas ekan, bu sohadagi kamchiliklarni bartaraf etib bo‘lmaydi.

Zamonaviy adabiyotshunosligimizning metod va yangilanish tendensiyalarini belgilashda Suvon Meliyev, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Dilmurod Quronov, Uzoq Jo‘raqulov, Bahodir Karimov kabi olimlarning ilmiy maqolalari va monografiyalari katta ahamiyatga ega. Qiyosiy-tipologik, struktural, germenevtik, psixologik tahlil usullarining poetik imkoniyatlarini zamonaviy adabiyotshunoslikka tatbiq qilishda va badiiy asarning yangicha talqin yo‘sinini asoslashda ushbu olimlar­ning faolligini ta’kidlash kerak. Yosh adabiyotshunos va adabiy tanqidchilarni tarbiyalashda, adabiy jarayonga yangi tahlil usullarini joriy etishda yuqoridagi olimlar­ning jonkuyarligi, ilmiy-nazariy konsepsiyalari mazkur sohadagi ilmiy maktablarning rivojlanayotgaligidan dalolat beradi. Masalan, bugungi va kelajak adabiyotshunosligimizdagi yangi ilmiy tahlil usullari sifatida quyidagi metodlarni e’tirof etish mumkin. Birinchisi, Sharq mumtoz adabiyotida qo‘llanilgan ilmi balog‘at, ikkinchisi, dunyo adabiyotshunosligida rivojlangan poststrukturalizm metodidir.

Albatta, bu ishlarni amalga oshirish uchun filologiya sohasidagi muammolarni hal qilish zarur. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ta’sis etilishi, bo‘lajak filologlarni saralab olishda insho va diktantning joriy etilishi, ilmiy tadqiqot ishlarining himoyasi jadallashgani bu sohadagi islohotlarning debochasi hisoblansa-da, quyidagilar filologiya rivoji uchun muhim sanaladi:

o‘zbek tili va adabiyotining ijtimoiy hayotdagi mavqe­yini oshirish, ommaviy axborot vositalari va reklamalardagi imloviy, uslubiy xatolarning oldini olish hamda nazorat qilish maqsadida filologlar jamiyatini tuzish;

yosh filologlarni rag‘batlantirish va sohadagi il­miy-amaliy izlanishlarni rivojlantirish uchun turli grantlarni e’lon qilish;

yosh filologlarni tarbiyalash, ularda milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlash uchun o‘qilishi shart bo‘lgan ilmiy va badiiy asarlarning ro‘yxatini shakllantirish;

adabiy jarayonda adabiy tanqidni rivojlantirish, badiiy asarlarni keng yoritish maqsadida yosh filologlar uchun yozma nutqni ifodalash, ilmiy uslubni shakllantiruvchi kurslar tashkil etish kabilar.

 

Komiljon Hamrayev,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.