MAHORAT  ASOSIY MEZON BO‘LISHI KERAK

0
93
marta ko‘rilgan.

Taniqli yozuvchi Sobir O‘nar bilan  munaqqid Jovli Xushboq suhbati

 

 Jovli Xushboq: – Bugungi ijodiy jarayon xu­susida so‘z ketganda, nasrda talay muammolar to‘planib qolganligidan so‘zlaydilar. Eng muhimi, mahorat, iste’dod va iste’dodsizlik haqidagi bahslar hamon kun tartibidan tushgan emas.

Shu jihatdan olganda ko‘ngilning tub-tubida yotgan dardlar, armonlar va orzular yuzaga qalqib chiqadi. Nega o‘zbek nasrining bugungi namoyandalari jahon adabiyoti sahnasiga chiqa olmayotir, deya savol berging keladi.

Ehtimol, bugungi adabiy suhbat mavzusini tanlashda ijodiy jarayonning shu nozik jihatlariga e’tibor qaratish zarurdir.

Yuqoridagi kabi o‘ylar, mulohazalarni hisobga olib, sizga ayrim savollar bilan murojaat qilishni lozim topdim. O‘ylaymanki, sizni ham qiynayotgan dardlar ichida shu kungacha ochiq va oshkora ayta olmayotgan mulohazalaringiz, takliflaringiz yetarli.

Ayrimlar kitob do‘konlarida maza-matrasiz, bo‘sh asarlarning ko‘payib ketishi sababini, birinchi navbatda, adabiy tanqidchilarning faol emasliklaridan qidirishmoqda. Avvallari “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi”, “Qishloq hayoti” kabi nashrlarda taqrizlar ko‘p bosilar, M.Qo‘shjonov, N.Xudoyberganov, A.Rasulov, P.Shermuhammedovning keskin fikrlari, ijodiy jarayondagi muammolarni ko‘tarib chiqqan adabiy-tanqidiy maqolalari tez-tez ko‘zga tashlanib turar edi.

Hozir-chi? Tanqid deyarli yo‘qolib ketdi. Adabiy tanqidchilikni bugungi kun talabi darajasida yuksaltirish zarur nazarimda…

Sobir O‘nar: – Agar buni kamchilik emas, illat deb qarayotgan bo‘lsak, faqatgina adabiy jarayonga emas, butun bir jamiyatga taalluqli desak o‘rinli bo‘ladi. Nega? Chunki, mana, siz bilan chorak asr sirkasi suv ko‘tarmaydigan jamiyatda yashab keldik. Boisi – o‘sha ichingizda bilib turgan, hozir ham sirtimizga chiqarishni xohlamaydigan biqiq bir siyosiy muhitning mavjud bo‘lgani. Vijdon pozitsiyasidan turib biron kimni tanqid qilib ko‘ring edi, ertasi kundan boshlab sizga qarshi siyosiy kampaniya boshla­nib ketardi.

Muhammad Yusufning 60 yoshlik yubileyi mamlakatimizda keng nishonlandi. O‘sha tadbirlarning birida katta obro‘ga ega bir kishi M.Yusuf va ijodi haqida nutq irod etayotir. Nutqining so‘ngrog‘ida u to‘satdan “eng muhimi, Muhammad Yusuf ba’zi birlarga o‘xshab adabiy payg‘ambarlik da’vo qilmadi, kamtarona yashab o‘tdi”, dedi. Yalt etib Abdulla akaga qaradim. Ha-ha, Abdulla aka sapchib tushdi. Yonida Hanifa yanga bor edi. Abdulla akaning qo‘lidan tutdi. “Bardam bo‘ling!” degan dalda edi bu.

Men qo‘rqib ketdim. Nimaga?

Shuning uchun qo‘rqdimki, Abdulla Oripov uyushma raisligidan ketgan, televizorda A.Oripov qiyofasi ko‘rsatilmayotganiga o‘n yildan oshgandi. Notiq esa ulug‘, daho shoirni tepkilash­da davom etardi. Ana shu yerda Abdulla akaga, mabodo, yurak xuruji tutib, bir kor-hol yuz bersa ajablanmas edim. Sababi, azbaroyi Kattaga yoqish uchun bo‘lsa kerak, adabiyotga aloqasi yo‘q kishi­lar Abdulla aka, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Tog‘ay Mu­rod, Erkin Vohidov va boshqalarni minbarga yo‘latishni xohlamas edilar. Halima Xudoyberdiyeva bilan Abdulla Oripov mana shunday muttasil tuhmatlarning qurboni bo‘lishdi. Yuraklarini atayin adoyi tamom qilishdi.

Bizda shoir-yozuvchini qamoqqa oborib tiqish shart emas. Ochiqdagi mahbus qilib qo‘yishardi, tamom, o‘z qobig‘iga o‘zi o‘ranib, infarkt bo‘lib dunyodan o‘tib ketardi.

Ahmad A’zamni yaxshi bilasiz. Yaxshi adabi­yotshunos, zo‘r yozuvchi edi rahmatli. Umrining so‘ngida “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” degan roman yozdi. Nechadir nusxada kitob bo‘lib chiqdi. Qo‘lma-qo‘l o‘qildi, deb aytolmayman. Chunki bunaqa asar qo‘lma-qo‘l bo‘lmaydi. O‘qilmasa ham hayron bo‘lmayman, sababi, ommaga emas, ziyoli qatlamga mo‘ljallangan. Qizig‘i, ziyoli-yu hatto yozuvchilar ham aks sado berishmadi. Sababi oddiy: roman G‘uliston, ya’ni Quliston fuqarolarining ahvoli xususida edi. Qullar, zanjirbandlar, buni turmush tarziga aylantirgan, mazkur ahvolidan ajablanmaydigan, keyingi tug‘ilgan farzandlari ham zanjir bilan dunyoga kelayotgan odamlar va ularning ustidagi diktator xususida. Yaqin o‘tgan tariximizda. Axir, ti­rik shoir­ning o‘ziga “payg‘ambarlik da’vo qilyapsan!” deb tuhmat qilishganini aytdim-ku.

Bilasiz, chin adabiyot dard-hasratli bo‘ladi, maddohlik bilan adabiyot barpo qilib bo‘lmaydi.

Bizning adabiyotimiz jim turgan adabiyot emas. Zamonaviy nasr Shukur Xolmirzayev tirik paytda “Dinozavr” romani bilan boshlangan. Hali u romanni ko‘pchilik o‘qimadi, baho bermadi. Aytish joizki, nasr undan keyin ham yangilanib boryapti. Juda ko‘p asarlar, romanlar yozilyapti. Afsuski, xalq u yoqda tursin, yozuvchilarning o‘zlari ham asarlarni o‘qigani yo‘q. O‘zi adabiyotda ham hech kim aks-sado bermaydigan turg‘unlik davri bo‘ladi shekilli.

Ba’zi bir tengqur jo‘ralari­mizning romanlarini o‘zlarining yurtdoshlari, taniqli adabiyotshunoslar maqtashyapti.

Adabiyotni dunyo sahnasiga olib chiqish to‘g‘risidagi gapga uncha tushunmayman. Masalan, “O‘tkan kunlar” romani “Tanholikning yuz yili”dan past baholanishiga asos bormi? Sh.Xolmirzayev butun bir yozuvchi sifatida Nobel mukofoti olgan biror yozuv­chidan kam joyi bormi? Isajonning keyingi romanlari Paulo Koelonikidan past turmaydi. Buni baralla ayta olaman. Isajon o‘zi til bilgich oshnolar topib ba’zi chet davlatlarda kitob chiqardi, bir xil joylarda e’tirof etilib, mukofot ham olibdi. Haloli bo‘lsin!

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ming rahmat, kitob­xonlikni rivojlantirish, kitob o‘qitish bilan bog‘liq qator qarorlar chiqardi, bu borada uzluksiz, qat’iy siyosat yurityapti, viloyatlarga millionlab nusxa kitoblar yetkazib berishni tashkil qilyapti. Otasiga rahmat!

Ba’zilar bo‘lsa, zo‘r berib obunani to‘xtatish bilan ovora. Yo‘q, do‘stlar, obuna yo‘qolar ekan, zamonaviy kitoblar o‘qilishi, umuman kitobxonlikni kengaytirish haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?

Hozir eng katta o‘quvchilar armiyasi kim? Albatta, ta’lim maskanlari. Adabiy nashrlar o‘quvchilarni, kerak bo‘lsa o‘qituvchilarni ham zamonaviy o‘zbek va jahon ada­biyoti asarlari, yangiliklari bilan tanishtirib boruvchi asosiy nashrlar. Prezident bolalar kitob o‘qisin desa-yu, bu yoqda kimdir yo‘q deb oyoq tirab tursa. Toki shuna­qa johil kimsalar bor ekan, maktabga adabiyot yetib bormaydi, to maktab o‘quvchisi, adabiyot o‘qituvchisi zamonaviy adabiyotdan bexabar qolar ekan, qolgan ommadan sira o‘pkalab bo‘lmaydi!..

 

– Bir necha yil avvalgi matbuotda shoir Shodmonqul Salom bilan suhbatingizda: “Ruslarda professional yozuvchilar ko‘p: Paustovskiy, Katayev, Kazakov, Prishvin… Bizda kam” deya afsus chekkansiz.

Biroq… Toshkentdagi kitob do‘konlariga kirsangiz, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Muhammad Ali, Ne’mat Arslon, Asad Dilmurod, Erkin A’zam, Nurali Qobul, Xurshid Do‘stmuhammad, Shoyim Bo‘tayev, Abduqayum Yo‘ldosh, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Qo‘chqor Norqobil, G‘afur Shermuhammad kabi o‘nlab adiblarning roman, qissa, hiko­yalaridan iborat to‘plamlari taxlanib turibdi-ku? Nahotki, “professional yozuvchilar… bizda kam” degan fikringiz haqiqatga mos kelsa? Yuqoridagi yozuvchilarning qaysi birini professional emas, deb hisoblaysiz?

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosilgan ana shu suhbatingizda: “Ba’zi bir yozuvchilarimizdagi zo‘rakilikni, notabiiy-sun’iylikni ko‘rib, ruhiy kuchlariga havas qilgan holda daholik tabiiylikka daxl­dor ekaniga iqror bo‘laveraman”, deysiz. Va afsus bilan aytasizki, “taassufki, bizning mustaqil zamonimizning qahramonlari ada­biyotimizda hali to‘la bo‘y ko‘rsatganicha yo‘q”. Va yana aytasizki, “Nazarimda so‘zni behuda isrof qilmaslik bugun adabiyotda tag‘in kun tartibiga chiqayotir. Obrazla­rimiz juda ko‘p gapiradigan vaysaqilarga aylanib borma­yaptimi? Tushunarsiz holatni tushuntirib bera­miz deb o‘zimiz ham obdon urinib yotganga o‘xshaymiz”.

Bu fikrlar asosli va haqqoniy­ligiga shubha qilmayman. Ammo keyingi yillarda ko‘pchilik yozuvchilar ko‘ngildagi gaplarni tiliga chiqa­rishga nega istihola qilishayotir?

– Endi, Jovli aka, sizam juda yoqadan olmang-da. Siz tilga olgan adiblarning professional ekaniga shubha qilmagan holda men, masalan, Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” asarini misol keltiray. “Xayol chechaklari” shunaqa nozik kuzatishlarga boyki, uni o‘qib rohatlanasiz, g‘aroyib go‘zalliklarga oshno bo‘lasiz. U yerda hech qanday jamiyat muammosi yo‘q, yozuvchi va hayot bor, xolos. Aytish kerak: “Xayol chechaklari”ni filologiya va jurnalistika fakultetlari­da darslik sifatida qo‘llasa bo‘ladi. Taniqli shoir va dramaturg Mashrab Boboyev uni go‘zal tarjima qilgan.

Paustovskiyning ulug‘ rus rassomi Savrasov va shogirdi Levitan haqida hikoyasi bor. Ijodkor, uning real hayoti, dunyosi, xayoloti, mohiyati anglashiladi hikoyada. Qahramon birov bilan kurashmaydi, dushman orttirmaydi, yozuvchi ham ortiqcha g‘oyalar ortidan o‘quvchini sudramaydi, mohiyat-mazmun, o‘zga bir olam bilan sizni yuzlashtirib, go‘yo o‘zi chetda tomosha qiladi.

Yozuvchining “Oltin gul” degan poetik bir asari ham bor. Uni ham filologlar, ijodkorlar uchun o‘ziga xos muhim darslik degan bo‘lardim.

Yana Katayevning Lenin haqida bir romani bor, nomi “Devordagi kichik eshik” edi chog‘i, Ozod aka tarjima qilgan, 1987-yilda “Yoshlik” jurnalida bosilgan.

Bilasizmi, biz Leninni kera­gidan ortiq yomon ko‘ramiz. O‘sha paytda ham ziyoli qatlam yomon ko‘rgan. Oshkoralik yillarida garchi “dohiy” asarlaridan bahramand bo‘lsak-da, tuyqus unga nafratimizni pesh qildik. Katayev bu “moda”ga ergashmagan. Leninni inqilobchi emas, bir hayotiy tashvishlar, turmush azoblaridan xoli bo‘lmagan Odam sifatida qalamga olgan. U kitob bo‘lib chiqmadi shekilli, agar hozir do‘konda ko‘rsam, ikkilanmay xarid qilib, tag‘in o‘qigan bo‘lardim.

Adabiyot muammoshunoslik yoki shaklbozlik emas, san’at. U tarixiymi, ijtimoiy masalalar yoki inqilobiy yoxud diktaturani fosh etadimi, agar yozuvchi asarda mahoratini to‘la namoyon etmas ekan, publitsistik darajada bo‘lib turaveradi. Bu – mening, avvalo, bir o‘quvchi o‘laroq qarashlarim.

Vafo Fayzulloh Frans Kafka­ning “Otamga maktublar” degan biografik asarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Tarjimayam zo‘r chiqqan. Ochig‘ini aytay: “Jara­yon” romanini o‘qigandan ko‘ra buni mutolaa qilib ko‘proq zavq oldim, yozuvchi­ning ruhiga yo‘ldosh bo‘ldim. Sababi nima? U shundan iboratki, adib, so‘z san’atkori sanalgan bir inson bu yerda o‘z qalbini tarjima qilolgan, o‘quvchiga u yuqmay qolmaydi.

Jamiyat muammolarini ochiq tanqid qilish adibning ishi emas, uni jurnalist ham eplaydi, lekin uni badiiy asarga aylantirib, qoyilmaqom tarzda ifoda etib berish – alohida bir ish.

Qodiriy agar “O‘tgan kunlar” romanida Otabek va Kumush sevgisi bilangina cheklanib qolganida, balki biz muhabbat haqida falon yozuvchi shirin bir qissa yozib qoldirgan edi, deb, ehtimol, zo‘rg‘a eslagan yoki eslamagan bo‘lardik. Sevgi fonida tarix, jamiyat dardini me’yorida (!) badiiy ochib berish, ayni san’at odamining yoki birov eplolmaydigan sirli yumushi.

Shu ma’noda, professionalizm deganda kamina qalbni o‘rtab turgan umumbashariy yoki o‘zbekka, Vatanga xos dard-hasratni aytishni emas, qay tarzda go‘zal, yo‘lini topib, mohirona badiiy priyomlar, yana o‘quvchi qalbi bilan bog‘lanib, ya’ni avval o‘zi rost yozayotganiga ishonib yaratgan asarni tushunadi.

Siz tilga olgan adiblar bizga ustoz, ko‘pchiligi do‘stlarimiz. Hamma yozuvchi o‘z asarining e’tirof etilishi-yu odamlar sevib mutolaa etishlarini xohlaydi. Ammo o‘zi bilan o‘zi qolganda – qoniqmaydi. Hali o‘zi xohlagan asari yozilmaganini, endi yozishi mumkinli­gini anglaydi.

Qodiriy hazratlari ham “Amir Umarxonning kanizi” romaniga material to‘playotib, qo‘rqamanki, buni o‘qiganlar avvalgi “O‘tgan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ni qo‘lga olmaslar, deya tashvish chekadi. Ayni chog‘da ushbu yaratilajak roman favqulodda zo‘r yozilishiga ichidan iqror bo‘ladi, demak, kuch topadi.

Professionalizm o‘tirib olib yaratiladigan, yonboshlab olib shakllantiriladigan bir mo‘jiza emas. U o‘z-o‘zidan shakllanadi, yuzaga keladi, ravshanki, ikki-uch kunda sodir bo‘lmaydi.

Gazeta muharriri yoxud nashriyot, masalan, 9-may – Xotira va qadrlash kuniga shiringina bir maqola yozib bermaysizmi, deb buyurtma beradi. Yozuvchining bu “shirin” maqolasi tabiiy ravishda gazetaning birinchi sahifasida beriladi, qalam haqi bilan rag‘batlantirilar ham.

Albatta, muharrir sizning qo‘lingizdan bu ish ke­lishini bilib atay buyurtma berayotibdi, aksincha bo‘lsa, no‘noq yoxud havaskor qalamkashga “shirin” bir asar yozib bering, deb o‘tirmas edi. Fojialarga to‘la bir zamonni eslab “shirin” narsa yozmoq – ayrim mualliflarning qo‘lidan keladi.

Bu borada men barmog‘im bilan nuqib Shukur Xolmirzayevni ko‘rsatgan bo‘lardim. Qo‘ymadingiz, Erkin A’zam ham buyurtmaligi bilinmaydigan, “shirin”, ammo buyurtma bo‘lsa-da, birovning xayoliga kelmagan bir asar yoza oladi, boshqalar ham, alalxusus, o‘zimiz ham to‘daga uramiz, ammo buyurtma bo‘lsa-da, uni ko‘ngil ishiday, chin ilhom bilan, yurak amri bilan bitilganday qilib eplash – profesionalizm.

Undaylar bizda ko‘p emas, deganim, aslida, o‘zimizni yozg‘irganim, xolos, birovga ayb yukla­mayapman.

Boyagi “bu dunyoning tashvishlaridan qo‘l siltab, ijodga sho‘ng‘ish” masalasiga birrov qaytsam. Xo‘-o‘sh, odam nega shunday tavakkal qilolmaydi? Nega o‘zi shunday qilolmaymiz, axir, Shukur aka bu zohidona hayotni boshlab bergan va kam bo‘lmagan edi-ku?

Yo‘-o‘q, biz qo‘rqoqmiz!

Kezi kelganda Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev avlodi ustidan hukm qila olamiz, kibrlanib kula olamiz, lekin kezi kelganda ular jur’at qilgan jasoratga qo‘l urolmaymiz. Jasorat kerak.

Shu barobar davlat ishidan, demak, maoshdan uzilib, bola-chaqa qosh-qovog‘iga qaramay, uzlatga chekinish uchun, albatta, birinchi galda aqalli bir-ikki yilga yetgulik mablag‘ing, yostiqni qoringa bosib, ko‘k choyni xo‘rillatib ichib ijod tafakkuriga cho‘mib, berilib ketish uchun inson hammasidan ko‘ra xotirjam bo‘la olishi kerak. Shunisi muhim. Xotirjamlik bo‘lmasa, kishi hech bir ishga tavakkal qila olmaydi.

 

– Matbuotdagi chiqishlaringizning birida yoshlar faol emasligidan noligan edingiz: “Hozirgi yoshlar katta bir oqim bo‘lib yuzaga chiqayotganlari yo‘q. Men ularning aksariyati o‘qimaslik kasaliga duchor bo‘lganidan qo‘rqaman. Yozadilar, lekin o‘qimaydilar. Bir xillari eksperiment usulida bir balolarni yozadi, tushuntir-chi, o‘zi kimga o‘xshab, kimga ergashib bunaqa narsa bitding desang, yelka qisadi. Holbuki, biz butkul boshqa zamonga kelib qolgandek. Xabardorlik, ogohlik kerak.

Badiiy adabiyotga bevosita taalluqli bo‘lgan ancha-muncha adabiyotlar internetda ham mavjud. Atoqli shoir Xurshid Davron juda ko‘plab arzirli asarlarni internetga joylashtirdi. Buyam jonkuyarlik. Ammo yoshlar na internet, na kitob­ga e’tiborsiz bo‘layotgani chatoq. Internetga qiziqishadi, lekin asarga, adabiyotga emas.

Yilda bir-ikki marta yoshlarning adabiy ko‘rik-tanlovlarida xizmat taqazosiga ko‘ra qatnashishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, shoir bo‘laman degan yoshlar o‘qimaslik bobida hayratga solishadi meni. O‘smoqchilab so‘rab kelsang, Muhammad Yusufning she’rlarini o‘qiyman deydi, uning ham kitoblari nomini bilmaydi. Aslida ular M.Yusufni ham o‘qimagan bo‘ladi, radio yoki televizorda shoir she’rlari bilan aytilgan qo‘shiqlarni eshitgan, xolos”.

Bu fikrlaringizga men ham qo‘shilaman. Yoshlar bilan gurunglashganimda ular bugungi ijodiy jarayonda faol shoir va yozuvchilarning hatto ism-familiyasini bilmasliklari meni ajablantirdi.

– Maktabda o‘qib yurganimizda hozirgiday adabiy anjumanlar deyarli bo‘lmasdi. To o‘qishga hujjat topshirib to‘satdan shoirlarni uchra­tib qolmaganimizda, ehtimol ularga qiziqishlarimiz orqavarotdan, sirligicha qolib ketarmidi… Ammo bugun vaziyat butunlay boshqacha. Xohlagan ijodkor bilan xohlagan kuning, xohlaganingcha suhbatlashsang bo‘ladi.

Lekin, aytaylik, Xurshid Davron, Murod Muhammad Do‘st, Nazar Eshonqul yoxud boshqa shu toifa ijodkorlarga “Ilk qo‘lingizga qalam olishga undagan narsa nima?”, “Birinchi nima haqida yozgansiz?” va hokazo ensani qotiruvchi “dejurniy” savollar bilan joniga tegsangiz, ya’nikim, uning asarlarini o‘qimagan bo‘lsangiz, bahs yurita olmasangiz, qo‘lini siltab jo‘nab ketaqoladi.

9- yoki 10-sinfdaligimda Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti talabalari bilan shoir A.Oripovning uchrashuvi televizorda ko‘rsatilgan. O‘sha davr sxemalariga mos uyushtirilgan bo‘lsa-da, baribir mashhur shoirning jonli muloqoti o‘ta qiziq edi. Chamasi Abdulla aka hali qirq yoshga to‘lmagan yosh yigit edi, biroq tiyran dard, teran falsafa, ko‘ngilni junbushga keltiruvchi armonli she’riy misralari tamoman bizni oshufta qilib qo‘yardi.

Hozirgi havaskorlarda ham shoir zotiga shunday talpinish, ijodiy mahoratidan hayratlanish tuyg‘ulari bormikin? (Bormikin-a?..)

Katta ijodkor bo‘lish uchun ko‘p o‘qish kerakligi bor gap. Ammo zinhor va zinhor Navoiy, Mashrab, Ogahiy, Oripov yoxud Muhammad Yusuf biror imtiyoz tufayli shoir bo‘lib qolmagan. Va o‘z navbatida “zulfiya”chi qizlarimizning aksariyati to‘tiqushdek sayrab “vatanparvar” bo‘lib qolishlari ortida, agar iste’dod yo‘q ekan – hech narsa yuz bermaydi, ya’nikim yo‘q iste’dodni bir mukofot bor qilolmaydi, aksincha, bor iste’dod, garchi u davlat mukofoti darajasida ma’qul ko‘rilmasa ham adabiyot, xalq uchun yorqin voqea bo‘lib qolaverishi mumkin. Bizning mukofotlarimiz talantlardan ustun turadi, teskarisi bo‘lishi zarur…

Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ya’ni tilga tushgan shoir-u yozuvchilarning xalq orasiga, shu kabi oliy o‘quv yurti talabalari ichida bo‘lishi, muloqot qilishi, kerak bo‘lsa, dars o‘tishlari foydadan xoli emas. Ayni zamonda, virtual tarmoqlar kuchaygan davrda ehtimol bunga ehtiyoj ham kamaygandir.

Men 8- yoki 10-sinfda “Sharq yulduzi” jurnalida yozuvchi Nurali Qobulning “Tubsiz osmon” qissasini o‘qib ho‘ng-ho‘ng yig‘laganman. Talabaligimning dastlabki oylarida fakultetimizda Nurali Qobul bilan uchrashuv bo‘lgan. Hayajonlanganimdan hushimdan ketayozganman.

Boshqalar savol bergan, men yozuvchining so‘zla­rini tinglaganman, harakatlarini tomosha qilib o‘tirganman…

Agar muxlisda, kitobxonda chindan ham ixlos bo‘lsa, jonli muloqot kerak, ustoz tajribasidan ulgi olmoq koni foyda. Mabodo, kitobxon kim bo‘pti, buyam bir odam, biologik mavjudot, nima qipti, gapiradi-da, deb mehrsiz, bepisand qabul qilsa, bilingki, unday jonli suhbatdan sira foyda yo‘q.

O‘ylaymanki, bizdagi o‘quvchilarda unday sovuqqonlik bo‘lmasa kerak. Ijodkorlarga hurmat, mehr va hayajon doim balqib turadi.

 

– Ayrim hikoyalaringizni jahon adabiyoti klassiklari asarlari kabi sevib o‘qiyman. Misol uchun, “Minnat” asaringizni olaylik. A.Chexovning ba’zi hikoyalaridan nimasi kam?

Asar tili shirali, g‘ashingizga tegmaydi. Eng muhimi, hikoyada oddiylik, tabiiylik mavjud, sun’iylikdan xoli: “Akamni, oradan olti yil o‘tibdi vafotiga, endi-endi shunday qo‘msaymanki, Xudo haqqi, agar hozir hayot bo‘lganida, bo‘yniga osilib to‘yib, bo‘kirib yig‘lar edim. Odam shunday ekan-da: tirik va sog‘lom yurganida xuddi mangu shunday qoladigandek, sen ham oshingni oshab, yuz yil yashab yuraveradigandek tuyulaverarkan. Talabaligimda, Abduxoliq akam ichimizda katta bo‘lgani uchun dastavval bir kilo konfet ko‘tarib uyiga o‘tardim, o‘g‘il-qizlari­ni erkalab o‘tirishni xush ko‘rardim”. Hech qiynalmaysiz, qoqilmay-suqilmay, murak­kab, atayin chalkashtirilgan jumlalarga duch kelmay o‘qib ketaverasiz.

Hikoyada xarakter yaratish – mushkul yumush. Buni Shukur Xolmirzayev kabi nasr ustalari uddalashgan. “Minnat”da Abduxoliq xarakteriga xos jihatlar uning xatti-harakatlari dialoglar vositasida ochib berilgandek. Hatto asardagi epizodik personajlar ham esda qoladi.

Lekin hayron qoldiradigan jihat shundaki, bir necha qissalar yaratib, ijodiy mahoratingizni sinab ko‘rgan bo‘lsangiz-da, negadir birorta romaningiz nashr qilinmagan. O‘ttiz yoshingizda davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edingiz. To‘g‘ri, ijodkor unvon olish uchun yozmaydi. Ammo… Hatto sizning yoshingizdan kichikroqlar ham ilgari xalq yozuvchisi bo‘lishganligini nazarda tuta­digan bo‘lsak, ijodiy kamolotigizda biroz kechikish jara­yoni kuzatilma­yaptimikin?

Sizdek yozuvchi dunyoning barcha ijtimoiy, maishiy tashvish-u vahimalaridan qo‘l siltab butkul ijodiy mashg‘ulotga sho‘ng‘ib ketolmayotganligiga afsus chekaman. O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?

– Mezon qissa yo roman yozish bo‘lmasligi kerak, chamasi. Odam o‘zini bag‘ishlab, kuchi, ilhomini ayamay yozishi, yuzakilikka berilmasligi lozim. Nuqtai nazarim, prinsipim shu. Ammo epik ko‘lam bilan ijod qilganlarga, ochig‘i, havasim keladi. Tolstoy, Sholoxov, Qodiriy, Odil Yoqubovlarni oling. Qan­cha chigal taqdir, zamon, makondagi murakkabliklar, yozuvchining ayni o‘sha qismatlardan ham ustun kelib bayon etishi… Bu – kuchlilik belgisidir.

Romanga havasmand bo‘lganimga o‘n besh yildan oshdi, deylik, shu yillar davomida qaysidir ma’noda unga unnab yotaman, ba’zan hafsalasiz­lik, yalqovlik ustun keladi, goho o‘tirib, chinakamiga “chechilib” yozishga yumush xalaqit qiladi, umuman, bahona ko‘p. Shukur akaga o‘xshab “hayt!” deya hamma narsadan voz kechib uzlatga ketish, asli – jasorat. Shu bois malomat qilsam, birovdan emas, o‘zimdan o‘pkalashim kerak.

Hikoyalarimni e’tirof etayotganingizdan xursandman. Chunki bu gaplarni oddiy o‘quvchi emas, katta bir ijodkor, munaqqid aytayotibdi. Keyingi chog‘larda, vaqt nuqtai nazaridan, hikoya menga qulayroq tuyulib qoldi. Hikoyaga sig‘maganlarini yig‘ib yuraman, qani, kun kelib chog‘roq bir-ikki romanga joy bo‘lar.

 

– Yozuvchining publitsistikaga murojaat qilishi tabiiy hol. Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov kabi mashhur nosirlar otashin publitsist ham bo‘lishganini yaxshi bilamiz. Hatto siz ham yigirma yillar avval “O‘zbekiston ovozi” gazetasida “Goh huquqni bilmaslik, goh hiylai shar’iy” kabi nordon tilli muammoli maqola e’lon qilgan edingiz. “Achchiq, ammo ochiq gaplar” rukni ostida bosilgan qariyb bir sahifani egallagan maqolangizda jinoyat yo‘liga kirib qolgan kishilar xususida hikoya qilgansiz. Yana ko‘plab maqolalaringizga ko‘zim tushgan.

Adib publitsistikasi adibga nima beradi? Boy hayotiy materialmi yoki yozilajak asarlar syujetini qiziqarli qilish yo‘lini ochadimi?

Balki yozuvchi publitsistikaga kamroq murojaat qilgani, gazeta va jurnalda uzoq vaqt o‘tirib qolmasligi kerakdir? Negaki, nashrlar nonini yeb kun kechiradigan yozuvchining badiiy asarlarida publitsistik ruh ustuvorlik qilib qolmasmikin?

– Yozuvchi publitsistikasi boshqa jurnalistlar publitsistikasidan, tabiiyki, farq qiladi. Gap shundaki, adib hayotga, jamiyatga ko‘lamdorroq nazar soladi, voqea-hodisalarning ma’naviy oqibatlariga teranroq razm solishi mumkin, shu bois u oddiy reportaj yoki lavha uyushtirayotgan jurnalistdan ayricha fikrlashi muqarrar.

Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, O‘ljas Sulaymon, Andrey Voznesenskiy publitsistikasi, suhbatining ko‘p shov-shuvga sabab bo‘lgan hollarini kuzatganmiz.

Bu adibga nima beradi? Aytish joizki, ko‘p narsa! Avvalo, jonli hayotga, kishilik jamiyati muammolariga yaqin bo‘ladi. Biroq yozuvchi hayotga, modomiki, yozuvchi ko‘zi bilan qararkan, albatta, boshqa qarashlar qobig‘idan chetga chiqishga majbur va shunda u… jurnalistik zamin o‘ziga torlik qilayotganini sezib qoladi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, ayniqsa, gazetachilikda rasmiyatchilik maqomi ko‘pincha ustuvorlik qiladiki, shu nuqtada aksariyat adibman degani jurnalistika qobig‘idan chiqadi. Samimiyroq, hayotiyroq, “odamgarchiligi” ko‘proq bir davrani qo‘msab qolasiz-ku, shunda beixtiyor rasmiyatchilikni yig‘ishtirib qo‘yaqolasiz. Yoki butunlay xayr-xo‘sh qilasiz.

Juda jo‘n misol aytay: ikki do‘stdan biri – Anvar Jo‘raboyev yozuvchi bo‘lolmadi, Nurali Qobul jurnalist bo‘lib qolmadi.

 

– Siz taniqli adibgina emas, balki davlat va jamoat arbobi bo‘lib yetishishingiz ham mumkin edi. Negaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi auditoriyalarida yigirma yillar avval siyosiy mavzularda leksiyalar tinglaganingizni yaxshi eslayman. Bunday nufuzli o‘quv yurtida tahsil olish hammaga ham nasib qilmagan.

Ehtimol, demak, siz Qo‘shrabotga yoki Toshkentning biror tumaniga hokim yoki boshqa kattaroq mansabdor bo‘lib ketsangiz badiiy ijod bilan izchil shug‘ullanarmidingiz?

Misol uchun, Chingiz Aytmatov, O‘ljas Sulaymonov kabi yirik, adabiyotning taniqli namoyandalari ham siyosatchi, (bir necha davlatlarda elchi) ham ijodkor sifatida dovruq qozonganlar.

Siz-chi? Lavozim ijodiy ishga xalal beradi, deb o‘ylaysizmi? Bugungi kunda ham xoh nashriyotda, goh siyosiy gazetada ishlab ko‘p vaqtingizni tashkiliy, yugur-yugur ishlarga isrof qilib yuribsiz. Achinmaysizmi?

Balki iste’dodlarga ijtimoiy hayotda faollik xalal berar? Yoki ishlamay ijod qilayotganlar­ning yigirma-o‘ttiz nafariga oyiga bir necha million so‘m maosh tayinlash tajribasini qo‘llash kerakmikin?

– Prezident Akademiyasida o‘qiganim rost. 1996-97-o‘quv yillarida o‘qidim. Men bilan rahmatli Muhammad Yusuf, shoir G‘ulom Mirzo o‘qishdi. Bizdan so‘ng shoir Abduvali Qutbiddin, undan so‘ng Qo‘chqor Norqobil o‘qidi.

Gapning ochig‘i, Abdulla Oripov M. Yusufga va kaminaga akademiyaga o‘qish uchun tavsiya berayotganida keyin rahbar bo‘lasizlar deb qiziqtirgani esimda. Lekin na shoirlar, na boshqalar rahbarlik orqasidan quvganini ko‘rmadim. 1997-yili avvalgi Prezident devonining “rezerv kadri” hisoblanardik, hozir ham…

Ichimizdan viloyat hokimlari, vazirlar chiqdi. Vaqti kelganda ular “Yoshlik” jurnalining obunasi ko‘payishiga yordam berishdi, shu bois vazir, hokim bo‘lgan birodarlarimdan hanuz xursandman. Biroq bugunga kelib deyarli barchalari “rezerv kadr”ga aylanib qolishdi.

Kim bilsin, zamon – yoshlarniki bo‘ldi chog‘i. Bir kun kelib yozuvchilar ham yoshlardan bo‘lsin, kattalar yig‘ishtirsin, deyishmasa bo‘lgani.

Albatta, bu-ku hazil. Yozuvchi, shoir o‘lgunicha pensiya so‘ramaydi. Ammo ijodkor degani bora-bora xashakilashib ketmasmikin?

Xavotir olasan-da odam. Mana, san’atkorman degani yoshi kattaroqlari ham xashakilashdi, aytayotgan qo‘shig‘ini ko‘rib, tinglab qo‘l siltab qo‘ya qolasan. Yo‘q, bu bilan na gaplashib bo‘ladi, na qo‘shig‘ini toqat qilib tinglaysan. Meni xavotirga soladigani shu.

O‘zbek yozuvchilaridan arbob chiqmadi. Yo‘l berishmadi chog‘i. Aytmatov, Sulaymonov, Shoxonov elchilik qilgan joyda o‘zbek yozuvchilari ham elchilik qila olishardi. Yozuvchi, shoirni yaxshi ko‘rish uchun katta rahbar adolat­ni seva olishi lozim. Hu­sayn Boyqaro davlatchilik tizimida Navoiyning aqliga, adolatiga suyanganini o‘qiganmiz. Shu ma’noda o‘zbek davlat ishida adiblar aralashgan. Mirzolik, kotiblik, maslahatchilik qilishgan. Boburdek inson shoh va shoirlik maqomiga ko‘tarildi.

Mansab va pul ijodkorga ortiqchalik qilmaydi. Qaytanga rag‘bat, ilhom berishi mumkin. Lekin agar ijodkor hokim bo‘lib qolsa, aniq – u ijodkor sifatida o‘ladi, tamom bo‘ladi. Mana, hokimlarimizning ahvolini ko‘ring, tepadan urish, so‘kish eshitgani-eshitgan, bu yoqda esa xalqning qarg‘ishi, “ichib qo‘ydi – yeb qo‘ydi” degan malomatlari-chi.

Bugun, – bilmadim shunaqa ishxona-idora bormikin, – bemalol ishga borib kelsang, 4-5 million so‘m maosh olsang, kechqurun uyda, bola-chaqang bilan dam olsang, shanba, yakshanba kunlari ijodga vaqt topsang, kasal qarindoshingni ko‘rib kelishga og‘rinmay vaqt, pul topolsang, qarindoshing to‘yiga borib yonida turolsang, farzand, nevara to‘ylariga qatnashsang.

Seni oqsoqol, yoshingni katta deb to‘rga o‘tqazishsa, bilmadim, hurmat-izzatning tag‘in qanday mezonlari bor…

Xullas, odam, shularning bir a’zosi – yozuvchi baxtli yashashi uchun juda ko‘p narsa kerak emas.

Faqat ijodkor ham siyosatning qo‘shig‘ini aytsa, umr bo‘yi xizmat qilsa-yu, oxirgi kezda xuddi Abdulla Oripovga o‘xshab “keraksiz” ijodkorga aylanib qolish alam qiladi. Ikki dunyongdan ham rozi bo‘lmaysan. Siyosat yaxshidir, ehtimol. Lekin adolatsizlik qilaturib adolatsizligini hech vaqt bo‘yniga olmaydi, sen ham, zinhor urinma – bo‘yniga qo‘yolmaysan…

Tinch, qarindosh, farzandlaring e’zozida o‘lim topsang – baxtli yashab o‘tganing. Ko‘p zamonlarda bundan ortiqchasi ortiqcha bo‘lgan…

O‘ylab-o‘ylab zo‘rg‘a esladim, o‘sha vaqtlarda shiddat, g‘ayrat ko‘p ekan-da odamning bir-biriga e’tibor, hurmati ham ko‘proqmikin…

Katta yoshdagilar, oqsoqollarning bir-birini e’zoz­lashgani, matbuotda – buni e’tirof etishganiniyam ko‘rganmiz. Oqibatli odamlar davri ekan. Ha, o‘sha ustozlar ming qilganda ham mazmunli hayot kechi­rishdi, o‘tganlarini Alloh rahmatiga olsin.

Oqibatlilikda gap ko‘p-da, shunday emasmi?

 

– Mening “Shirindir azobi sevgining” (Ada­biy-tanqidiy va publitsistik maqolalar) deb nomlangan kitobimdan taniqli shoir Salim Ashur bilan Siz yozgan so‘zboshi o‘rin olgan. Buni eslashdan muddao mahoratli adibgina bo‘lib qolmay, o‘shanda sizning asarlar, ulardagi obrazlar mohiyatini nozik his eta oladigan adabiyotshunos sifatidagi qobiliyatingiz ham namoyon bo‘lgan edi.

Yaxshi eslaysiz, burungi katta ijodkorlar – Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, O‘ktam Usmonov va boshqalar hamkasb yozuv­chilarning roman, qissa va hikoyalariga munosabat bildirib turishar, adabiy nashrlar u yoqda tursin, siyosiy gazeta va jurnallarda ham maqolalari bosilib turardi.

Bugungi kunda negadir Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldosh, Shodiqul Hamro singari iste’dodli yozuvchilar keyingi yillarda nashr etilgan “semiz” va “oriq” kitoblar xususida lom-mim demayaptilar. Nima deb o‘ylaysiz, fikr bildirish, ilmiy va estetik tahlil qilish faqatgina adabiy tanqid(chi)ning yumushimi?

– Yozuvchiga bu borada nima deysiz, deb turtkilash, albatta, noqulay bo‘lar. Lekin, bilasizmi, agar siz ushbu adiblar bilan bevosita ko‘rishib qolsangiz, biror sabab bilan duch bo‘lsangiz, o‘z-o‘zidan adabiyot va ayni paytda yozilayotgan mavjud asarlar xususida so‘z ketadi. Tabiiyki, yuqorida Siz tilga olgan va boshqa adiblar hamda ularning asarlari haqida fikrlar aytiladi. Hech kutmagan va bemalol tanqid ruhidagi gaplar bo‘ladi. Biroq buni biror nashr uchun so‘zlashni so‘rasangiz, u juda “odobli” odamga aylanadi. Ataylab shu ishni orqaga suradi yoki butunlay bosh tortib qo‘ya qoladi. O‘zaro davradagi fikr boshqa, matbuotdagisi boshqa. Andisha ko‘pincha prinsipial gapni rasman aytishga yo‘l bermaydi. Bu holatni ham tabiiy qabul qi­lish kerak chog‘i. Navoiy hazrat yozgani kabi har rost­ni so‘zlash ham durust emas. Siz yaxshi bilasiz, Lev Tolstoy Dostoyevskiyday buyuk yozuvchining, Sheks­pirdek ulug‘ dramaturgning deyarli barcha asarlarini po‘stagini qoqib tashlagan, ayamay tanqid qilgan. Biroq Tolstoy tanqid qildi-ku deb birov na Shekspirdan, na Dostoyevskiydan voz kechgan yoxud ixlosi susaygan emas. Bundan Tolstoy, Dostoyevkiy, Shekspir dahosiga zaxa yetmagan. Bu daho yozuvchining qat’iy adabiy prinsipi yoki ular dahosi qoshida g‘ashi kelgani belgisidir – buni har kim har xil tushunishi mumkin. Ammo o‘tgan asrning 80-yillaridagi kabi asarlarga qizg‘in munosabat bildirilmayotgani bor gap.

Nazar Eshonqul bir maqolasida bizning avlodni avlod deb atab bo‘lmasligini yozg‘irgan. Ma’lum bir adabiy tamoyil, a’mollarni birgalashib yoqlamaslikla­rini tanqid qilgan. Sustkashlik bor narsa, ammo butun bir o‘n yilliklarni yashab, yozib, kerak bo‘lsa, shu orqali o‘zlarining jamiyatga, hayotga, mavjud tuzumga munosabatlarini bildirib, ma’lum ma’noda boshqa qarashlarga, shakllarga intilayotgan o‘nlab adiblarga bir xilda baho berish, balki to‘g‘ri emasdir, menga shunday tuyuldi.

Hozirgi yetmish yoshli yozuvchilar bilan suhbatlashganingizda ham tengqurlari asarlarini og‘zaki suhbatda bemalol tanqid qila­veradi, lekin shu fikrining rasmiy tus olishini xohlamaydi, xolos. Biz mansub 50-60 yosh tegrasidagi ijodkorlarda ham xuddi shu “kasallik” mavjud. Bu yaxshimi, yomonmi – bir narsa deyish qiyin. Biroq bir narsani aniq ayta olamanki, bular avvalo bir-birlarini hurmat qiladi, asarlarini o‘qigan va o‘z pozitsiyalariga ega. Adib adibning asarini o‘qimay turib uni pisand qilmasligi – yomon qusur. Afsuski, hayotda bunday hodisalarga duch kelganmiz…

Jovli aka, ushbu suhbat doirasidan chiqib yana ko‘p fikrlar bayon etish mumkin ekan. Ammo bu alohida suhbat bo‘lgani tuzuk. Vaqt topib, hafsala qilib shu gaplarni aytishga undaganingiz uchun Sizga tashakkur!

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.