Taniqli yozuvçi Şoyim Bötayev bilan suhbat
– Şoyim aka, şeva sözlardan foydalaniş asar jozibadorligini oşiradi, deyişadi. Badiiy asarda tildagi yöqsillikni şeva sözlar orqali “joy-joyiga” qöyişga qanday qaraysiz?
– Til sofligi uçun kuraş ijodga ruh, ğoyalarga yuksaklik baxş etişi haqida avvallari ham aytganman. Abdurauf Fitratning qayd etişiça, “Eronda arabça hokim bölgan bir zamonda yozilgan “Şohnoma”da arabça sözlar yöq darajada ozdir. Firdavsiy bu ikki tilakni (birinçi tilak, Eron usulini arabdan sovutib, eronli tuyğusini bermak; ikkinçi tilak, arab tilini Erondan surib çiqarmak) bilib, onglab işga kirişganini bildirmakçi bölib yozadurkim:
Base ranj burdam soli si,
Ajam zinda kardam ba dini forsi,
demişdir. Turkçasi: “Bu öttiz yil içinda köp emkandim. Eronni forsiyça yozdiğim şu kitob ila tirgizdim”, demakdir. Forsiy tili, şunday qilib, yoqasini qutqarmiş. Lekin bizning baxtsiz turkçamiz bir Firdavsiyni yetiştira olmamiş”.
Turkiy qavmlarning avvalgi nufuzlarini qayta tiklamoq orzusi, eng avvalo, til orqali amalga oşmasa, yana orzuligiça qolaveradi. Muomala tili, adabiy til va ilmiy til jabhalari orasida oddiy xalq lahjalarda, şevalarda, özaro muomala munosabatda xalq öz tilining ohori va qadr-qimmatini asrlar davomida saqlab kela oldi. Bu hol xalq oğzaki ijodida, doston, terma, lapar, topişmoq, maqollarda namoyon böldi. Jillaqursa, endi ijod ahli uni buzmay sukut saqlab turmoği ham ota-bobolari ruhiga ehtirom ramzi sanaladi.
Bugungi kunda jamiyatimizda, xususan, seriallar, şou dasturlar, körsatuvlarda şevabozlik haddan ortiq xunuk körinişda namoyon bölmoqda. Sözlar, ayniqsa, atamalarni töğri talaffuz etmaslik uning etnik kelib çiqişiga hurmatsizlik hisoblanadi. Sözning etnik kelib çiqişiga hurmatsizlik xalqning etnik tarixiga nopisandlik bilan barobardir. Bitta harf özgarişi bilan söz maʼnosi özgaradi. Bitta tiniş belgisi joyi özgarişi bilan gap maʼnosi özgaradi. Söz orqali adabiyot obrö qozonadi. Obrödan ham taşqari öz vazifasini bajaradi. Xalq oldidagi, jamiyat oldidagi burçini eslaydi.
– “Şox” asaringizning yoziliş tarixiga töxtalsangiz. Bu romanda Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romani va Gyotening “Faust” asari taʼsiri bor deyişadi.
– Nega?
– Şayton obrazi tufayli bölsa kerak.
– Şox haqida qomusiy asarlarda öqigandim. “Odamzod olamidan köra hayvonot olamiga yaqin yurişni” yoqtiradigan Örozboy Abdurahmonov bilan suhbatlarimizdan birida tasodifan şu mavzuda söz oçilib qoldi-yu, u kişining haqiqatan ham tabiat ixlosmandi ekaniga işonç hosil qildim. Örozboy oğa Şohruh mirzoga ehtirom ramzi sifatida Xitoydan yuborilgan qimmatbaho toşlar-u matolar orasida şox ham nima uçun peşkaş qilinganini, Gorbaçyov va Yelsin islohotlaridan söng bölinib ketgan Markaziy Osiyo respublikalari çegaralarida paydo bölgan simtösiqlar-u avtomatlarning sayğoqlar migratsiyasiga salbiy taʼsirini sözlab berdi. Qarangki, xalqlar köksida faxr-u iftixor uyğotgan bunday hurlikdan hayvonot-u nabotot aziyat çekar ekan. Barçaning birdek haqi bölgan ona zaminda quşlar-u parranda-darrandalar öz çegaralarini ming-ming yillar davomida belgilab olişgani holda, ayrim tödalar ixtiyori bilan ularni özgartiravermas ekan. Xullas, gap köp ekan bu mavzuda.
– Şuni yozmaysizmi? – dedim Örozboy oğaga.
– Men hozir Orol bilan bandman, inim, – dedi Örozboy oğa odatdagi saxovatpeşalik bilan. – Sizga berdim şu syujetni, eplolmasangiz özim kirişaman.
Epladim, şekilli, Örozboy oğa jimib ketdi. Yöq, judayam emas. “Hayot” gazetasida şox haqida juda qiziqarli bir maqola eʼlon qildi. Mening asarimga kirmay qolgan narsalar öşa maqolada bor. Bu asar bilan Örozboy oğaning maqolasini bir muqova ostida çiqazaman degan azamat noşir topilsa, şu kitobni töliq holda deb qabul qilsa böladi.
Şaytonning millati bölmaydi. Yuqorida tilga olganingiz ikki maşhur va buyuk asarning taʼsiri haqidagi taassurotingiz bejiz emas. Bir-biriga boğliq bu ikki asar bizga ham begona emas. Bir-biridan olis tuyilgan xalqlardagi mifologik obrazlar muştarakligi Odam Ato, Momo Havo, Iblis haqidagi rivoyatlarda namoyon böladi. Bu juda qiziq. Mahdudlikni singdirmay tupurib taşlaydigan hodisa. “Faust”da ham, “Usta va Margarita”da ham Iblisning oyoği nega oqsaşi sababi oçilmagan. Buning ildizlari Rabğuziyning “Qisasi Rabğuziy” asarida juda qiziqarli tarzda bayon etilgan. Sababi aytilgan. Men “Şox”da bundan foydalanganman. “Qisasi Rabğuziy” badiiy tafakkurning juda keng kölamli mahsuli. Diniy ulamolar bu asarni öqişni tavsiya etişmaydi. Rabğuziy köp narsalarni özidan qöşib yuborgan deyişadi. Rabğuziy ham ulamo bölgan. Şuning barobarida Ijodkor ham. Ijodkorlikda goho oşkora, goho pinhoniy isyon mavjud böladi.
Mixail Bulgakov “Usta va Margarita” syujetini “Faust”dan olgan bölsa, “Ityurak”ni Gerbert Uelsning “Doktor Moro oroli”dan bemalol olaveradi. Ammo original va mangu qoladigan asarlar yaratadi. Şu maʼnoda, jahon mumtoz adabiyotidan, xalq oğzaki ijodidan foydalaniş ijobiy samaralar berişiga işonmoq kerak. Buning eng yaxşi namunasi Ğafur Ğulomning “Şum bola” qissasi. Ğafur Ğulom xalq ertaklaridagi syujetlarni bu qissaga şu qadar mahorat bilan singdirib yuborganki, uning originalligi asarni yuksaltirib yuborişga xizmat qilgan. “Tirilgan murda” hikoyasi ham şunday. “Ming bir keça”dagi yalqov Mamkajon yalqov bilan aka-uka deysiz. “Sudxörning ölimi”dagi sudxör, “Mehrobdan çayon”dagi Solih maxdum Gobsekning etagidan çiqqani kabi.
– Kiçik epik janrlarda boş qahramon sifatida tarixiy şaxsni oliş ğoyat muşkul iş. “Qora tuman” hikoyangizda Xolböta qörboşi obrazi yetakçilik qiladi. Şu asar yozilişi haqida biroz töxtalsangiz…
– Xolböta qörboşi tarixiy şaxs. Men bu hikoyani şöro davrida, talabalik yillarimda yozganman. Bu bölgan voqea. Turkiston toğ etaklaridan çiqqan qörboşi. Mard, jasur, oriyatli, nomusli. Yuragida din ğami bor. Uni Saidmurod degan noibi sotgan. Noiblar, yordamçilar xavfli odamlar hisoblanadi. Çunki ularning sorti şunaqa. Darajasi ikkinçi. Ammo birinçining yonida yurib özini öqtin-öqtin uning örnida köradi va axiyri sotadi. Birinçi ğoya bilan harakatlansa, ikkinçi birinçining soyasi ölaroq hamişa uning örnida özini köradi. Podşo xudoning yerdagi soyasi deyişganidan söng u özini xudo darajasida his qila boşlagani kabi. Şomilniyam noibi Hojimurod sotgan. Lev Tolstoyning bu haqda ajoyib qissasi, Rasul Hamzatovning nadomatli şeʼri bor. Oqlar kelsa darvozasi peştoqiga oq, qizillar kelsa qizil bayroq ilib qöyadiganlar ham bölgan. Qahramonlar ölimidan keyin xavfsiz bölib qoladi. Aslida ular barça uçun noqulay. Kim kuçli bölsa, öşa tomonga bosib ketadiganlar hamma zamonda köpçilikni taşkil etadi. Hozir ularning avlodlari bor. Baʼzilar biladi, baʼzilar bilmaydi. Muhammad Ibrohimbekni sotgan hamsafi ham ötgan asrning oltmişinçi yillarigaça kolxoz raisi bölgan. Öz zamonasining obröli şaxsi ölaroq sotqinligini qahramonlik darajasida söylab yurgandir balki.
– Asarlaringizda tabiat va inson munosabatlariga alohida fokus qaratiladi. Bu sizga qiyos uçun xizmat qiladimi?
– Tabiat jamiyatga qaraganda bağrikeng. Jamiyat insonni rad etişi mumkin. Tabiat rad etmaydi. Jamiyatda yolğon urçib yotadi. Tabiat aytganini qiladi. U va’da bermaydi. Ammo öşa kunda, öşa onda, öşa joyda bodom gullaydi. Jamiyat va’da beradi, ammo va’dani bajariş fursati yetganda va’da berganning özi parokandalikka yuz tutgan böladi. Jamiyat – muvaqqat. Tabiat – mangu. Bunday kontrastlar adabiy asar uçun juda zarur. Qarama-qarşiliklar nuqtasini topa olmasangiz, harakatlanişdan mosuvo qolaverasiz.
– Bugungi adabiy jarayon haqida ham fikrlaringizni bildirib ötsangiz. Siz kimlarni kuzatasiz, yoşlardan, nasrimizning kelajagi haqida nima deya olasiz?
– Tinimsiz evrilişda bölgan dunyo ummonida qavmlar basma-bas tölqinlar kabi sohil qumloqlarini yalab qaytib ketaverişadi. Isteʼdodli odamlarning murakkab xarakteri nainki yaqinlariga, köp jihatdan hatto ularning özlariga ham qoronğiligiça qolib ketadi. Bugungi adabiy jarayonda şeʼriyat peşqadamlik qiladi. Ötmişda ham şunaqa bölgan. “Saroy-klerikal adabiyotida qabihul maleh degan janr rivojlangan”, deya saboq berişardi talabaligimizda bilgiç domlalarimiz. Şeʼriyatda qasida, muvaşşah degan janrlarning nazarga tuşiş imkoniyati yirik. Kimning nazari degan narsani sanʼat va madaniyat ahli taloş qilişi esa fojia. Millat fojiasi. Şeʼriyat minbarda darhol közga taşlanadi. Nasr haqida bunday deb bölmaydi. U öz qobiğidan yuksaladi. Buni idrok etmoq ijodkorga katta kuç berişi kerak. Şu kuç barça narsadan ustunligini asta-sekin namoyon etadi. Bunda oşiqiş pand beradi, xolos. Adabiy asarlar köpaysa, adabiyotşunoslik rivojlanadi. Akademik Matyoqub Qöşjonov ikki gapning birida matn der edi. Matnda gap köp. Ernest Xeminguey taʼbiri bilan aytganda, u aysberg. Matn maydonlarida qalb evrilişlari öz olamini namoyon etadi. Qalb olami esa rostgöylikni yoqtiradi. Yolğon, maqtov, xuşomadgöyliklar uni aynitadi. Inson tanasining salomatligi yurakka boğliq bölgani kabi. Bunday muammolarni oçiq dasturxon qiliş adabiy jarayonga samarali taʼsir etadi. Adabiy jarayon öz holiça taʼsir olib turaverişi global dunyoning zamonaviy fuqarolari kabi öz kayf-safosi bilan özi ovora bölib qolişi emas. Hamma gap ğoyada. Ğoya nima özi? Hamma gap maqsadda. Maqsad nima özi? Ijodkor ğoyasi va maqsadi mahramona yumuşlarga böysundirilsa, sut tişi unmagan çaqaloqqa buvisi non çaynab berayotgani kabi sözlar ularning oğziga çaynab solinadi. Begona sölaklar taʼmi kitobxon könglini aynitadi. Çaqaloqning yutingani uning ulğayişi uçun ertangi kun mukofoti. Çaynab solingan sözlar yorliğidan xalq nafratlanadi.
Savolingizning ikkinçi qismiga kelsak, birinçi qismdagi nadomatlarni töldiriş umidvorligi paydo böladi. Yaxşi şoir deb eʼtirof etilgan Habib Abdunazarning tarixiy qissasini öqidim. Öziga xos. “Suvegiz”, “Daştdagi olov”, “Poxol boşmoq” kabi önlab hikoyalari xayolingizga kelmagan, ammo dilga yaqin syujetlari bilan maftun etadi. Odamlari tirik, ularni taniysiz, soğinasiz, yaxşi körasiz. Habibga köz tegmasin. Mansur Jumayev ham şoir, ham nosir – undayam yaxşi hikoyalar bor, çop etişga negadir şoşmayapti. “Akademnaşr” tomonidan çop etilgan Şahlo Hoşimovaning “Arosatdagi odamlar” degan qissa va hikoyalarini öqigandim – öziga xos intiliş. Uning “Şişa qolip” romanida ösişni kuzatiş mumkin. Eng muhimi dard bor, şakllaniş jarayonlari kuzatiladi. Muazzam Ibrohimovaning “Jinni” hikoyasini öqigandim. Qançalik mehr! Şerzod Xalil, Ma’mura Zohid, Javlon Jovliyev, Nargiza Asadova, Nargiza Usanboyeva, Dilfuza Sobirova, Nazokat Azim… köpçilik ular. Umrbek Rözimov degan yoşgina yigit bor. Maryam Sultonmurodova haqida kinoasar yozdi, töliq metrajli film işlanmoqda. Bular intiluvçan, çayir. Ba’zilari sukut saqlab turişibdi. Sukutda ham maʼno bor. Adabiy didni şakllantirişga urinişayotganidan darak bu.
Şoyim Bötayev
1959-yili tuğilgan. Xöjand davlat universitetining Özbek filologiyasi fakultetini tugatgan.
“Sirli yulduzlar”, “Dunyoning sarhisobi bor”, “Endi bari boşqaça”, “Şamol öyini”, “Kunbotardagi boğ”, “Hayot”, “Köçada qolgan ovoz” kabi qissa va hikoyalar töplamlari va “Qörğonlangan oy”, “Şox” romanlari naşr etilgan.
Suhbatdoş: Döstbek Sulaymonov
2022/9-10
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


