Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir

0
13
marta ko‘rilgan.

Zomin seminari ishtirokchilariga savollar:

1. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida qachon qatnashgansiz? Seminar sizda qanday taassurot qoldirgan?
2. Seminar ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatgan? Sizga qattiq ta’sir qilgan voqea, suhbat, uchrashuvlar bo‘lganmi?
3. Zomin seminari kashf etgan yoshlardan kimlarning ijodini kuzatib borasiz? Sizningcha, yillar mobaynida ularning ijodida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
4. Bu yil Zomin seminarining qanday o‘tishini istar edingiz?

Guljamol ASQAROVA

1. Eh, o‘sha kunlar yodi… Hozir xayolimdan Pushkinning “Bari oniy, o‘tishga shoshar, O‘tgan esa hamisha totli”, degan satrlari o‘tyapti… Oradan o‘n to‘qqiz yil o‘tibdi… Lekin hammasi kecha bo‘lgandek… Zomin seminari biz yoshlarga ustozlar duosini olib, ijod olamiga, adabiyot ziyoratgohiga qadam tashlashimiz uchun yo‘llanma bo‘lgan. Zomin seminari bizga adabiyot ufqlarini ochib bergan, ijodning mohiyati nima ekanini anglatgan edi.
1998 yilning yozida Yozuvchilar uyushmasidan xabar bo‘ldi: “Zominda yosh ijodkorlar seminari bo‘larkan!”. Biz so‘zsevar yoshlar o‘zimizcha adabiyotning ostonasida kirarga imkon qidirib yurgan kezlarimiz… Orzularimiz osmon, xuddi she’riyatda oliy bir maktabni yaratadigandek shahdimiz bor… Ham so‘zga, ham shoir degan zotga muhabbatimiz jo‘shib, ustozlarimiz Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf va boshqalar ham borarkan, degan xabar uchun ham Zominga oshiqqanmiz. Zominning viqorli tog‘lari, archazorlari hayratimizga hayrat qo‘shgani hamon yodimda.
Seminarning ochilish marosimida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev (u paytlari Jizzax viloyati hokimi edi) hamda ustoz Abdulla Oripov bizga qanot bag‘ishlaydigan so‘zlarni aytdilar. Ushbu yig‘indan ko‘zlangan maqsadni, adabiyotga g‘amxo‘rlik, yosh ijodkorlarni o‘stirish kabi olijanob g‘oyalar tilga olindi… Shunda kutilmaganda Abdulla Oripov menga so‘z berdilar… Ilk bora ulug‘ ustozlar o‘tkazayotgan imtihonga kiryapman, imtihon bo‘lganda ham oddiy emas. Hayajondaman… Nimalardir dedim, hozir esimda yo‘q, lekin bitta she’r o‘qib joyimga o‘tiraman desam, Abdulla aka yana bitta she’r o‘qi, dedilar, yana o‘qidim, yana de­­yishganida… qisqasi uchta she’r o‘qib, “Ulug‘ ustozlar oldida nimalarni o‘qidim, o‘zi?!” deb o‘zimni ayblay boshlaganimda, Abdulla aka “Biz shu qizchani Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilamiz, nima deysizlar?” dedilar va qarsaklar bilan bu taklif ma’qullandi. O‘sha damlar yoshligimning eng shukuhli onlari ekan, endi bilsam… Ochilish marosimidan so‘ng ustoz Halima Xudoyberdiyeva sekin chekkaga tortib, “Shu she’r­larni shu qo‘lchalaring bilan yozganmisan?!” deb erkalab qo‘yganlari ham umrbod quloqlarim ostida jaranglab turadi. Men u paytlari Yozuvchilar uyushmasi a’zosi degan so‘z mohiyatini, to‘g‘risi, u qadar tushunmasdim… Tog‘u sharsharalarni tomosha qilib yurganimizda Halima  opadan “Uyushma a’zosi nima degani?” deb  sekingina so‘radim. Halima opam: “Bu katta natija, qizim, men ham 20 yoshimda a’zo bo‘lganman, bu endi bundan ham yaxshi narsalar yozing degani”, dedilar… Uch kunlik seminarning oxirgi kunida yoshlar forumi o‘tkazilgan, uni olib borish menga topshirilganida ham, bilmayman, qayerdan kuch topib eplaganman (hozir shu vazifa berilsa, hayajondan qimirlolmay qolsam kerak…)
Bilmadim, men Zomin seminari bergan qanotlarni hali ham asrab kelolyapmanmi, o‘tgan shuncha yillar davomida bildirilgan ishonchni  oqlol­yapmanmi? Bilmadim…bu yog‘ini yozganlarimizni o‘qiyotgan muxlislar biladi, ustozlar, ona xalqimiz biladi… Bilganim, biz uchun parvoz maydoni bo‘lgan Zomin men uchun hamisha muqaddas va aziz…
2. Seminardan keyin, har qalay, marrani yanayam baland­roq olishga, ko‘p o‘qib, ko‘p o‘rganishga harakat qildim… She’rlarimni Zomin seminarida qo‘yilgan adabiy mezon va darajada bo‘lishi kerakligini ich-ichimdan his etdim… Xudo berganicha, hayot lahzalari va lazzatlari sabab ko‘nglimdan to‘kilganicha yozdim… Xudoga shukr, hozir ham yozyapman… Bu seminardagi yutuqlarim sabab ilk kitobcham nashr etildi, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim… Undan keyin yana 8 ta kitobim chop etildi… Rahmat  Zomin seminariga, rahmat muhtaram ustozlarga!

3. …Bu men uchun qiyin savol… Ko‘proq o‘zimga mahliyo bo‘libmanmi yoki  ularning chiqishlari kam bo‘ldimi, o‘sha yili Zominda kashf etilganlarni kam kuzatibman… Ayrimlari boshqa yo‘nalishlardan ketishdi… Xudoga shukr, ba’zilari  qalamini qo‘ldan qo‘ygani yo‘q… Lekin o‘tgan yillar davomida men uchun qadrli ijodkor do‘stlarimni Zomin bag‘ridan bir-bir uchirma bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Parkentlik Usmon Bekning:
“O‘zingizni Usmonlarga tanitingiz,
Qasringizga qarol bo‘lib yollansinlar” yoki
“O‘zbekman desam otdan tushib ko‘rishdilar” kabi satrlarini hamon takrorlab yuraman.
Orif To‘xtash, Muhabbat To‘xtasheva, Shuhrat Tohir kabi ijodkor do‘stlarimiz ham Zomin havosidan ruh olgan. Ularni o‘qib ijodiy yutuqlaridan, yaxshi she’rlaridan xursand bo‘laman. Dilrabo Mingboyeva, Oydinniso, Gulbahor Ortiqxo‘jayevalarning ijodiy o‘sishlari ham quvontiradi meni… Zomin seminari kashf etgan ijodkorlar hali adabiyotimiz rivojiga ko‘p hissa qo‘shadilar deb umid qilaman.

4. Bu yilgi Zomin seminari judayam baland ruhda o‘tishi aniq.  Adabiy maktabga aylangan ushbu anjumanning asoschisi, tashkilotchisi bo‘lgan Prezidentimizning adabiyotga, ijodkorlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi va e’tiborlarining o‘zi seminarning nechog‘lik baland saviyada o‘tishidan darak berib turibdi. Men bu yilgi seminarning Zomin tog‘laridan ham baland ruhda o‘tishini va xalqimizning ko‘ngil tarjimoniga aylana oladigan, odamlarning dardu iztirob­lari, quvonch­larini o‘z she’rlarida tarannum qilishga qurbi, quvvati, iste’dodi yetadigan, aro yo‘llarda qolib ketmaydigan hamda she’r­­ni umri qadar aziz bilib yashaydigan  ijodkorlarni kashf qilishini istardim…
Ruhimizga quvvat, ijodimizga rag‘bat, orzularimizga qanot bag‘ishlagan Zomin seminari bardavom bo‘lsin!

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.