- XX asr özbek şeʼriyatidagi mavzularning turfaligi, taşbehlarning ohorli ekannida ustoz şoirlarning çuqur bilim va saviyasi körinib turadi. Bu şeʼriyat tarixiy voqealarga, uluğ şaxslarga murojaat etdi, şuning barobarida, turfa keçinmalarni ifodaladi. Qisqasi, baland intellektual şeʼriyat böy-bastini körsatdi, boyidi. Bugungi yoşlar şeʼriyatini bu jihat ila maqtab bölmaydi. Ular bir neçta doimiy mavzu va köproq, köngil izhori bilan çeklanib qolişayotganday. Yoki öquvçi bunday serqirra, sermaʼno şeʼrlarni öqimay qöydimi? Umuman, zamondoşlarimiz qanday şeʼrlarni köproq öqiyapti?
- Yaqinda bir qadrdonimiz aytib qoldi, bizning adabiyotda hali telefon haqida tuzuk-quruq asar yozilmagan ekan. Öylanib qoldim, çindan ham şeʼriyat har vaqt davr ruhi, kayfiyatini özida jo etib kelgan. Ammo hozirgi şeʼriyatda ana şu ruh sezilmaydi, ellik yil oldin yasalgan qolip-taşbehlar hali ham “trend”da. Aytmoqçimizki, texnologik asrning unsurlari sezilmaydi. Bizningça, metroga tuşib manziliga yetib borgunça simlari çuvalaşib qolgan quloqçinini epaqaga keltirolmay xunobi çiqib yotgan yölovçi haqida ham gözal şeʼr yoziş mumkin. Bu bir misol, ammo bunday vositalar hayotimizda köp-ku. Kundaligimizdan muhim örin olgan mobil telefon haqida şeʼr yozsa, kişi modernist bölib qoladimi? Bu borada qanday fikrdasiz?
- Internet va ijtimoiy tarmoqlar turmuşimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, yoşlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanmagan, biror kun yöq, desak mubolağa bölmaydi. Albatta, bu omil ijodkorga, öz-özidan adabiy jarayonga ham taʼsir etmay qöymadi. Hozir “internet adabiyoti” degan tuşunça ham mavjudki, bundan asosan yoşlar “unumli” foydalanib, hali siyohi qurimagan asari uçun “like” yiğib olişmoqda. Xöş, sizningça, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jarayonga, xususan, ijodingizga qanday taʼsir körsatyapti?
- Xalqimiz ustoz körmagan şogird har maqomga yörğalar degan maqol köp işlatadi. Albatta, bu maqol şeʼriyatga, şoirga-da taalluqli. Bugungi şeʼriyatimizdagi ustoz-şogird anʼanalari, adabiy maktablar haqida fikringiz qanday?
- XX asrda ustozlarning ijodi yangi dovon bölgan. Birin-ketin saf tortib, öktam ovozlarda kirib kelişgan. Köpdan köp çiqadi, deganlaridek, ularning soni köp bölgani uçun ham yanada salmoqli tuyuladi. Yangi avlod vakillarining uçqunlab, yakkam-dukkam holatdagi “taşrif”lari sababli ovozlari ham unçalik sezilmagandir balki… Balki şuning uçun ularning ijodi haqida biron hukm aytiş qiyinroqdir. Negaki, har qanday bahoga loyiq böliş ham qança elaklardan ötişlarini talab etadi. Biroq “elakdan ötiş uçun” bilim kerak, degan fikrga işonmayman. Umuman, şeʼriyat va bilim butunlay boşqa-boşqa olamlar ekanligini aytiş uçun örtamiyona şeʼrxon böliş kifoya. Nega deysizmi? Ilm-u fanning köçasidan ham ötmagan, bizning közimizga ğirt besavod bölib köringan keksa otaxonlarning hikmatlar-u falsafalariga, taşbeh-u qiyoslariga quloq solsangiz, lol bölib qolasiz. Qalami qayralgan adib şapaloqday matn bilan bergan tasvirni “qişloqi” çeçanlar ikki oğiz gap bilan aytib qöya qoladi. Misol şart emas, deb öylayman.
Adabiy jarayonni tuşuna boşlaganimda, bir neça yil ilgari menda aynan şu öy bölgan. Hozir ham şu fikrda sobitman. Taşbeh-u qiyoslar istisnosiz kayfiyat va holatning kaşfidir. Ayni vaqtda ijodkorning luğati va bilimdonligi ikkinçi darajali omil. Yaxlit misralar çaqmoqday “yilt” etib tuğiladi.
Endi, “köngil izhori bilan çeklanyapti” xususida – menda ham şunday eʼtirozlar bölgan: nega hamma özining içida turib yozadi? Taşqariga çiqib, uçinçi odam bölib munosabat bildirib yozadiganlar kam?.. Ijodga kirib kelayotgan hozirgi yoşlar haqida bir nima deyolmayman, u qadar taniş emasman. Öşanda Bobur Elmurodning şeʼrlari bu eʼtirozimga eʼtiroz bölib köringan edi.
Bugungi yoşlar şeʼriyatini faqat köngil izhorlari deb taşxislasak xato böladi. Şoirning har bir şeʼri uning körgan, izlagan, qiynagan, his qilgan hududlariga ongi va qalbining “reaksiya”si bölib dunyoga keladi. Bu reaksiyani munosabat deymizmi yoki izhor – bu özimizning tanlovimiz.
“Öquvçilar”ning saviyasiga kelsak, boşida özimdan kelib çiqib bir xil darajadagi öquvçilar bor deb öylardim. Keyin jonini koyitadigan va koyitmaydigan öquvçilarga böldim. Hozir quyi, örta va yuqori qatlamdagi öquvçilarga bölaman. Tafakkurining kuçiga qarab öquvçilik qilişadi. Aksar zamondoşlarimiz esa, özlarini unçalik qiynamay şeʼrxonlik qilişayotganday. Mutolaa ham masʼuliyatli, katta iş.
Adabiyotşunos Rahimjon Rahmatning şunday gapi bor: “Badiiy asar içi böş idişga qiyos qilinadi. Uni öquvçi öz könglidagi maʼno bilan töldiradi. Agar öquvçi könglida maʼno bölmasa “idiş” böşligiça qolaveradi. Şunisi borki, çinakam badiiy asar heç qaçon tölmaydigan bir idişdir”. Zamondoşlarimizning jiddiyroq şeʼrxonlik qilişlariga xalaqit beradigan vositalar köpayib ketdi. Bozor iqtisodiyotida talab va taklif degan tuşunçalar bor. Yoşlar şeʼriyati ham ehtiyojga qaragan takliflar.
- Bu texnika asrida şundoq ham tuyğular yemirilayapti. Sanʼat bilan sanoatni aralaştiriş yaxşimikin?!
Kiçkinaligimizda uyda onamni topolmay qolsak, izlagan joylarimizda yöq bölsalar, qidirib borolmaydigan manzillarimizni aytib, “çamamda, öşa yoqdalar” deb qöyardik.
Boşida maʼno kaşf etolmagan, tuşunişga qiynalgan şeʼrlarimni modern yönalişi şunday bölsa kerak, deb xulosalardim. Telefon haqida şeʼr yozsa, modernist bölib qoliş öşa bosqiçdagi tuşunçamga töğri keladi. Hozir esa telefon haqida şeʼr yoziş modernistlik emas, zöraki zamonaviylikka öxşab tuyuladi. Fikrimça, mavzu yoki detal emas, yondaşuv zamonaviy bölişi kerak. Misol uçun, ikki ming yillar oldin oşiq-maʼşuqani gul-u bulbulga qiyoslaş qay bir omadli şoirning xayoliga kelgan. Ana şu muvaffaqiyatli öxşatiş heç qanaqa zamon va zamonaviylikni tan olmay, haligaça yaşab kelmoqda. Keyin, modern yönalişida yozilgan şeʼrlar, albatta, tuşunarsiz böladi, degan daʼvo ham unçalik töğri emas. Modern yönalişini hamma bir xil alomatlar bilan tuşunmasa kerak. Masalan, ustoz Usmon Azimning bir şeʼridan (öşa payt kundalik hayotining kiçik manzaralari tabiiy tasvirlangan) misralar keltiray:
“Telefonlar jiringlar faqat
Ruxsat berar köçalar sayrga.
Sen etmoqçi bölib ibodat
Adaşibmi kirding bu dayrga”.
Yoki boşqa bir şeʼrida lirik qahramon holati tasvirini zamon ruhiga monand şunday ifodalaydi:
“…Döstlarim oromin buzar telefon,
Uyqusirab bari ğuldiraydi: “Kim?”
Birov telefonga qiçqirar şodon:
“Tabriklab qöyinglar, döstlar, tirildim.
Mening kindik qonim tökilgan yurtda
Telegrafçi qiz aqldan ozdi.
Manov telba bölib qolgan apparat
“Ona, men tirildim” degan xat yozdi”. – Men modernni şu sarhadlarda tuşunaman.
Zamonaviylikni şeʼriyatga zörlab singdirib bölmaydi. Şeʼriyat ham sanʼatning boşqa turlari kabi davr manzaralarini tabiiy ravişda özida aks ettiradi. Şoir ijodining zamonaviy taşbehlar va “texnologik” detallar bilan boyişi mahorat emas, taassurot masalasi, xolos. Yaʼni, zamon, davr şoirni “hayratga sola olişi” kerak.
“Trend”dagi qolip-taşbehlar haqida esa, muhimi, yangi yöl emas, muhimi, şeʼrlar-ku! Lozim bölsa, öquvçini hayratga sola olsa, ulardan ham foydalaniş kerak. Qolaversa, keyingi zinaga kötariliş uçun avvalgilari asos bölib xizmat qiladi.
Qişloğimizda bir momo bölgan ekan. Uruşdan qaytmagan öğli uçun har kuni daryoning böyiga borib yiğlarkan – yillar ötsa ham. Har kuni bir xil joyda, bir xil yiğlaş joningizga tegmadimi desa, men har kuni boşqaça yiğlayman, sizlarga bir xil tuyuladi, der ekan. Menga köproq telefon haqida emas, “nauşnigi”ni epaqaga keltirolmay, xunobi çiqayotgan yölovçining holati haqidagi şeʼr samimiyroq tuyuladi.
- Internet, ijtimoiy tarmoqlar oçil dasturxonga öxşaydi. Yaxşi tomoni, istagan narsangizni topasiz. Yomon tomoni, odamlarni dangasa qilib qöymoqda. Borgan sari ixçamlik, soddalik, qisqalikning talabgoriga aylanib boryapti bu magnit maydonidagilar.
Avvalo, men “Internet adabiyoti” degan tuşunça bilan unçalik kelişa olmayman. Birinçidan, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi, degani asar yozildi va öquvçisiga yetkazildi degani emas. Keyin, biz internetni zamonaviy minbar deb qabul qilişimiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda töxtovsiz “like” yiğayotgan “asar”larga kelsak, ularning hammasini ham “ijod mahsuli” deb bölmaydi. Odamlar “like”ni baʼzan “qarzga berişadi”, baʼzan esa şunçaki ehson qilişadi. “Like” yoki “klass” yuzdan bir holatdagina çinakam eʼtirofni anglatadi. Yuqorida internetni “oçil dasturxon” dedik, undan “unumli” foydalaniş “like” yiğiş emas, adabiy jarayondan xabardor böliş, “foydalanuvçi” “adabiyot xaritasi”ning qayerida yuribdi, qaysi tomonlariga safar qilişi kerakligini körsatuvçi kompas ekanligini aksar yoşlar bilişadi.
Ijtimoiy tarmoq öquvçilarning tanlaş imkoniyatini kengaytirişi rost, ammo badiiy didini ötmaslaştirib taşlaşi ham bor gap. Özim haqimda gapiradigan bölsam, faol foydalanuvçi emasman. Kompyuter, telefon orqali internetdan öqigan narsalarim quruq bölib tuyuladi, könglimga köp narsa yuqmaydi.
Sanʼatda “şou biznes olami” degan, beşafqatlikni esga soluvçi tuşunça paydo bölgan. Beşafqatlik deyişimga sabab bu olam odamlarida asosiy maqsad “like” yiğişdan iborat. Özi umuman XXI asrda odamlar robotga aylanib borayotganday. Temir odamlar. Köp tuyğulardan begona. Siz tilga olgan “Internet adabiyoti”da ham baʼzan şu şou-biznesni, beşafqatlikni kuzatganday bölamiz. Yaxşi tomonlari ham bor, albatta. “Like” yiğiş haqidagi gapingizga aytdim bu gaplarni.
- Hali maktabga çiqmagan paytimda qişloğimizda bayram, töylar munosabati bilan köp kuraşlar uyuştirilardi. Davrada çiroyli “çil” işlatib, ğolib bölgan polvonga “falonçining şogirdi-da”, “buning ustozi falonçi-da” degan eʼtiroflar aytilardi.
Hunarmandda, sportçida, qöşiqçida ustozlik maşaqqati u qadar qiyin emas. Şogirdining körinib turgan faoliyatini tarbiyalaydi. Inson tafakkuri bilan boğlangan ustozlik faoliyati havodagi zarralarni tartibga solişday gap. Tuyğularga, ongga dars beriş hazil iş emas.
Öquvçiligimda öqituvçilarimni uyida ham yangi kiyinib yurişadi, deb öylaganman. Eski kiyim ham kiyişlarini tasavvur qilolmaganman. Hozir ham ustozlarimning tiynatini şunday baholayman.
Yoşlarning özidan katta barça ijodkorga “ustoz” deb murojaat etişlaridan oğrinib ketaman. Bu jarayon “ustoz” sözining maqomiga umuman yaraşmaydi. Husayn Voiz Koşifiy “Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati” asarida ustoz-şogird munosabatlari xususida şunday yozadi: “Agar şogirdlikning binosi nimaning ustiga quriladi, deb sörasalar, irodat ustiga deb javob bergin. Agar irodat nima deb sörasalar, samo va toatdir, deb aytgin. Agar samo (eşitiş) va toat nima deb sörasalar, nimani ustoz aytsa, uni jon quloği bilan eşitiş, çin köngil bilan qabul qiliş va vujud orqali amalga ado etişdir, deb ayt”.
Ustozlikning ham, şogirdlikning ham talablari bor. Bugungi kunda bu talablarni tölaqonli ado etiş muşkul vazifa. Ikki vazifadagi şaxs ham özidan ortişi kerak. Yer avvalgiga nisbatan tez aylanyapti degan gapni tez-tez eşityapmiz. Vaqt qadrini yana-da balandlatyapti. Faqat ijodda emas, şaxs sifatida ham bir-biriga munosib bölişi kerak bu ikki tomon. Bu gaplarim Ustozlarning ğaşiga tegmasin. Uzr söragan holda tuşunçalarimni bayon etyapman.
2-sinfligimizda ustozimiz “ertaga falon joyda töy bölayotgan ekan, maktabga kelmasdan hamma töyga borsin” dedi. Ustozimning gapini uydagilarga aytib, ertasi maktabga bormadim. Öşa kuni bitta men darsga bormagan ekanman. Ustoz sinaş uçun aytganini mendan boşqa hamma bilgan. Şogirdlarini har qanday gapiga işontira oladigan öşanday ustozlarni juda soğinaman.
Adabiy maktablar deb ustozlarning adabiy maktablarini nazarda tutayotgan bölsangiz, katta xazinalarimiz bor. Sanʼatda, hunarmandçilikda, umuman, boşqa har qanday sohada ustoz va şogird örtasida jonli muloqot zarur. Faqat adabiyotdagina ğoyibona ustoz-şogirdlik munosabatlari böladi. Muborak maktablarning tolibi böliş imkoniyati har bir adabiyotga daxldorlik daʼvosida yurgan eʼtiqod egasida bor. Qançalik buyuk siymolarga ğoyibona şogird böla olişim mumkinligi haqida öylasam, çöntagida kö-öp pul bilan bozorga otlangan odamday quvonaman.
Nargiza Odinayeva
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


