Axir, jannat poyingdadir, tovoningda

0
126
marta ko‘rilgan.

YoMG‘IR YOG‘AR

 

Yomg‘ir yog‘ar, ko‘zda bahor, ko‘ngilda kuz,

Bilmam qaysi manzil, qaysi hayotdamiz?

Shivirlaysan, tomchilardek hazin bir sas,

Yomg‘ir kabi to‘kilmagin, to‘xta, hargiz.

 

To‘xtagim yo‘q, ne uchundir, to‘xtagim yo‘q,

O‘tib ketgan og‘riqlarga o‘xshagim yo‘q,

O‘lgim kelmas, yana qayta ungim kelar,

Yolg‘izlikning ovozidan qaqshagim yo‘q.

 

Yurak xokdir, qadrdonim, tanim tuproq,

Hayot sira ayamaydi, dilim g‘amnok.

Kurashmoqqa kuchim yetmas, bemajolman,

Taqdir meni qay siyohda chizgan, e voh…

 

Oyog‘imda kishan, boshim alangada,

Kutgan baxtim qoldi olov changalida.

Yupatmanglar, ovutmanglar, og‘ritmanglar,

Kirgim kelar shu gulxanning ranglariga.

 

Ko‘zda bulut, ko‘ngilda kun, yoshim yomg‘ir,

Kuyib kulga aylantirdi meni taqdir.

G‘o‘r yoshligim, gul yoshligim olib qo‘ydi

Qobirg‘amning qat-qatida yashiringan nur.

 

Qarog‘imda gulga kir, umrim bahori,

Shoshma, to‘xta, ko‘zlarimda yashna, yorit.

G‘uncha boyla, yaproq yozgil qayta yana,

Bahor bo‘lib yuragimdan dardni arit.

 

Yomg‘ir yog‘ar, ko‘zda bahor, ko‘ngilda kuz…

 

ONA YURAGI

 

O, onajon, baxt boqmadi jamolingdan,

G‘amga botding, mening davru zamonimda.

Nega endi ko‘kka boqib izlay behisht,

Axir, jannat poyingdadir, tovoningda.

 

Ha, jannatim, mehrim bor, sen-la butun,

Ha, jannatim, baxtim bor, sen bor uchun.

Onaginam, nur balqigan oy yuzingga

Nodon dardning suratini chizgan ochun.

 

Har lahzada menga ardoq aylar nasib,

Buncha ulug‘ onalikning martabasi.

Taqdirimning tosh zarbidan qulab yotsam,

Yuragingdan alvon qonlar turar sizib.

 

Bolalikning shu’lalari o‘chib borar,

Fasllardan fasllarga ko‘chib borar.

Qalbingga qulf ossa hayot, zulmat bossa,

Sening zehning har eshikni ochib borar.

 

Bir hodisa yodga tushsa, sanchir etim,

Jondek do‘stim yosh holida qoldi yetim.

Kema kabi cho‘kdi, botdi g‘amga, axir,

Yosh onasi bu olamdan ketdi o‘tib.

 

Hamon do‘stim g‘am-qayg‘uga botib yurar,

Nadomatning nasibasin tatib yurar.

Dard ko‘rmagan, g‘am bilmagan o‘sha odam,

Onajon, deb ko‘ksin toshga otib urar.

 

Qarog‘imda qon qalqidi – juda yomon,

Jon do‘stimning taqdiridan o‘rtanaman.

Onang bor-da, deydi, menga mahzun boqib,

Ko‘kragingni g‘ajimaydi hajru armon.

 

Do‘stim so‘zi rost ekan-ay, o‘ylab ko‘rsam,

G‘am ko‘rmagan, dard ko‘rmagan bola bo‘lsam.

Bor bisotim taftish qilib, boqsam nogoh,

Onam bilan yorug‘ ekan ko‘ngil go‘sham.

 

O‘ylanaman, volidamga tashlab nigoh,

Men bir novda, onam esa ulkan daraxt.

Eshik qoqib yo‘qlab kelsa bir kun ajal,

Mening uchun jon beradi onam har vaqt.

 

Yelkasida hayot yuki – ulkan, og‘ir,

Mehri bilan ko‘ngil ko‘zim ochgan axir.

Yo‘q bo‘lsa gar uyda onam – dilim xira,

Qaralmagan uydek to‘zir yurak, bag‘ir.

 

Dovonlarga ko‘z yetmaydi, onam o‘tgan,

Sinovlarga so‘z yetmaydi, onam o‘tgan.

Ona o‘xshar bir kemaga qo‘nji to‘lib,

To‘lqinlarda qalqib-qalqib kelayotgan.

 

O‘g‘illarin orqasidan ergashtirib,

Ona borar qo‘llarida tugun – horib.

Umidi shul, suyanadi asosiga

Nola qilmay yashaverar, ona, g‘arib…

 

Garchi zahmat ko‘rsa hamki, chekmaydi oh,

Ko‘ksin tutar azobga-da, ozorga-da.

So‘z aytishga qalbim ojiz, qo‘li qadoq,

Yonda xalta, do‘konga-da, bozorga-da.

 

Qo‘l yetmagan shoxda ham ona yurar,

Sho‘r ketmagan dashtda ham ona yurar.

Tinim bilmay sahardan to shomga qadar,

Tiriklikni tebratadi ona yurak.

 

Tegrasida nur kezgan ona yurak,

Qat-qatida gul o‘sgan ona yurak.

Ota yurtga mehrini to‘shab qo‘yib,

Taqdirning tosh ko‘chasidan ona yurar.

 

Ko‘lankaday ortingdan ergashgan kim,

O‘g‘illarin yovga bermay tirashgan kim?

E, voh, jannat eshiklari yopiladi

Onalarning ol yuragi to‘xtagan kun.

 

Har kim hayot gashtin omon surib yursin,

Onalarning cho‘g‘ yuragi urib tursin!!!

 

 

Qirg‘iz tilidan

Faxriddin Hayit tarjimasi

 

 

Berdibek Jamgirchiyev

 1987 yili Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l viloyatida tug‘ilgan. 2010 yili Bishkek ijtimoiy fanlar universitetining qirg‘iz filologiyasi fakultetini tamomlagan. Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Yurakda qolgan bir ism” nomli kitobi chop etilgan. Bir necha adabiy tanlovlar g‘olibi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.