Bir umr shirin she’r izlagan edim

0
91
marta ko‘rilgan.

Yaqinda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Tojikiston Respublikasi madaniyat kunlari mezbonu mehmonlarda birday katta taassurot qoldirdi. Tojik san’ati va adabiyoti bilan yaqindan tanisharkanmiz, bu ikki xalqning ruhan yaqinligi bejiz emasligini angladik. Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida xalqlarimizning abadiy do‘stligi va qadrdonligi haqida bir ajoyib g‘azal yozgan edi. Unda shunday misralar bor:

 

Bir egatning boshi sen-u, bir egatning boshi men,

Yer ekib tinmas hamaldan o‘zbegim tojik bilan.

Tojik va o‘zbek. Mangu hamroh, yo‘ldosh­­ga o‘xshaymiz biz. Navoiyni o‘qigan o‘zbek Jomiyni ham xatm qiladi, Loyiq Sheralini sevgan tojik Erkin Vohidovni ham sevishi tayin. Adabiyot tarixiga nazar solsangiz, ikki xalqning sevimli shoirlari G‘ufur G‘ulom va Mirzo Tursunzoda o‘rtasidagi ijodiy do‘stlik aloqalari, yozishmalari ma’lumu mashhur.

Bu an’ana bugun yana jonlanib, davom etyapti. Jurnalimizning ushbu sonida bir guruh yosh tojik shoirlarining she’rlarini e’lon qilishni lozim topdik.

Tolib Luqmon

1990 yili Panjakent shahrida tug‘ilgan.

 

Tegirmon

Maning onam tegirmondir,

Tiriklikning tegirmoni u.

Minglab ishqu umid va orzularning

Bug‘doyini un qiluvchi tegirmondir u.

Anduhlarning xirmonini elar shamolda.

Och qolmaymiz,

Nonsiz qolmaymiz,

Toki aylanarkan ushbu tegirmon.

 

Ko‘ngil shishasi

Oyog‘ingni kesibdi shisha,

Olmos kabi shisha sinig‘i.

Hayron qolma, bu, axir, o‘sha

Sen tosh otib sindirgan

Ko‘ngillarning parchalaridir.

 

Muhriddin Saburiy

1988 yili Vazrob

tumanida tug‘ilgan.

 

Mening manzilim

Men

G‘am qishlog‘ining

Yolg‘izlik ko‘chasidagi

Xayollarga botgan etakdagi

G‘aribona bir kulbada

Istiqomat qilaman.

So‘nggi yo‘lim esa

Borsa-kelmasdir.

 

 

Sangtarash

 

Erinmayin ishxonasida

Ishlar edi bir usta, yohu.

Ruhidagi xastalik bilan

Bir qabrtosh yo‘nar edi u.

 

Poyteshani urar edi u,

Urar edi misoli Farhod.

Ko‘zlaridan anglasa bo‘lar,

Ich-ichidan qilardi faryod.

 

Mozor toshin yo‘ndi bir umr,

Tesha urdi sachratib uchqun.

Hakkokladi tosh ustiga bayt

O‘lganlarga yodgorlik uchun.

 

Tugab borar uning ham umri,

Ta’qib etar o‘lim bu cholni.

U gohida toshlarga boqib,

O‘ylar edi bitta savolni:

 

Qabrtoshim kim yo‘nar, o‘lsam?

(Buni o‘ylab ko‘ngli ozadi).

Qabrtoshim lavhini tirnab

Qaysi shoir she’rlar yozadi?

 

Buzurgmehri Hakim

1999 yili Vahdat shahrida tug‘ilgan.

 

Qilgum hame

 

“Gul kabi nazzorai ro‘yi jahon qilgum hame,

Bu dilimda neki dog‘dir, men nihon qilgum hame”.1

 

Oq, binafsha, sap-sariq ranglar bilan aylab bayon,

Xotiri yodim bahorin men ayon qilgum hame.

 

Atri xushbo‘ylarni yelning qo‘liga bergach yana,

Gul giyohsiz ko‘chalarga atr ravon qilgum hame.

 

Men kuyuk jonim bo‘yini atri xushbo‘y aylagach,

Keksalarning xasta qalbin yosh-javon qilgum hame.

 

Men shafaqqa hamdam o‘lmoq qasdi birla har zamon,

Oq bu tog‘lar domanini xush makon qilgum hame.

 

Ko‘zlaringning nuri birla, ko‘zlarimning yoshi-la,

Ko‘kda naqshi yetti rang – tiru kamon qilgum hame.

 

 

E’tiqod guli

 

Gulbahorda ul guli xushrang bilan gullash kerak,

Tog‘u toshlar ichra toshu sang bilan gullash kerak.

 

Gulshan ichra gullamoqning e’tibori yo‘qdurur,

Darra garchi tangu tordir, tang bilan gullash kerak.

 

Qarg‘a bazmi ichra tingan jumla bulbul qasdiga

Xush navolar birla xush ohang bilan gulash kerak.

 

Sen imonu e’tiqoding toza rang olsin desang,

Ul Zaburu Mus’hafu Arjang bilan gullash kerak.

 

Bu faromushlik ichida garchi gullash ko‘p qiyin,

Ham kashokash, ham jadallab, jang bilan gullash kerak.

 

Buzurgmehri Tojiddin

1990 yili Panjakent

tumanida tug‘ilgan.

 

To‘rtliklar

 

* * *

Qo‘lingda alamdan may, jom bo‘layin,

Yuzing pishgan olma, men xom bo‘layin.

Komron bo‘lsang agar nokomligimdan,

Toki umrim bordir nokom bo‘layin.

 

* * *

Lablaring qizildir sharmu hayodan

Ko‘zlaring tiniqdir shaffof daryodan.

Sen mendan ko‘z yumib o‘tmoqchi bo‘lsang,

Ikki ko‘zim yumgum ikki dunyodan.

 

* * *

Husningdan men chandon qissa olgandim,

Men sendan bir shirin g‘ussa olgandim.

Erib ketding, chunki zar quyosh kabi

Yuzlaring koridan bo‘sa olgandim.

 

* * *

Ko‘ngil eshigini ochmasman yopsam,

Kulmagin soatdan oldinroq chopsam.

Ertangi kunimdan kechib yuborgum –

Men seni agarki bugundan topsam.

 

* * *

Hijron kunlarini taqdirga yo‘ydim,

Jafolar nonidan bezdim va to‘ydim.

Qolgan lahzalarning hisob-kitobin

Dilning soatiga topshirib qo‘ydim.

 

* * *

Nazarga ilmagum g‘amni, alamni,

Sindirib tashladim yolg‘on qalamni.

Yolg‘izlatib qo‘yding meni olamda,

Yolg‘izlatib qo‘ygum men ham olamni.

 

* * *

Holi zorim she’rin bilmading bir on,

Ko‘zimdan xush kundek bo‘lgansan nihon,

Bir umr sen uchun ko‘z yoshi to‘kdim,

Ko‘z yoshlari kabi kelgin nogahon.

 

* * *

Daryoning izidan ketarman bir kun,

Bu yerning bo‘zidan ketarman bir kun.

Bu kun kelgin mening giryon ko‘zimga,

Dunyoning ko‘zidan ketarman bir kun.

 

* * *

O‘zgani izlashdan menda parhez bor,

Chunki yor izlashda bo‘ldim xoru zor.

Yozgan xatlarimning javobi uchun

To‘yga taklifnoma beribdi bu yor.

 

* * *

Sadoqat degan ul yerni topmadim,

Tulkilar bazmida sherni topmadim.

Bir umr shirin she’r izlagan edim

O‘pichingdan shirin she’rni topmadim.

 

Tarjimon – Sayfullo Qulayev 1960 yili To­ji­kiston Respub­li­ka­sining Ko‘lob viloyati Farxor tumanida tavallud topgan. Dushanbedagi Mirzorahmat Olimov nomidagi respublika rassomlik bilim yur­tida tahsil olgan.

She’rlari O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Ho­shi­movning tavsiyasi bilan “Sharq yulduzi” jur­nalida e’lon qilingan.

“Tungi ziddiyatlar”, “Jannat saroyi”, “Osmondagi yer”, “Shamchiroq” kabi she’riy to‘plamlari nashr etil­gan.

Ayni paytda Tojikiston yozuvchilar ittifoqi tar­jima markazining sharq tillari bo‘limi mudiri bo‘lib xizmat qilmoqda.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.