(Oksford universiteti qoşidagi örta maktab bitiruvçilari qarşisida sözlangan nutq[1])
Bundan ança yillar burun, sizlar tuğilmasingizdan avval bir donişmand fransuz aytgan ekan: “Navqironlikning aqli yetganida edi, keksalik eplolganida edi”[2]. Biz bu sözlar maʼnosini şunday tuşunamiz: navqironligingda har nega qodirsan, lekin nima qilişni bilmaysan. Keyin munkillab keksayding, hayotiy tajriba va kuzatişlar köp narsaga örgatdi, biroq endi senga baribir; horigansan, hamma narsadan yurak oldirib qöygansan, seni holi qöyişsa bas; agar şaxsan senga taalluqli joyi bölmasa, adolatsizliklar uçun aza tutişga senda na kuç bor, na xohiş-istak.
Başarti, sizlar nimani va qanday bitirişni bilsangiz, bugun şu zalda yiğilgan va butun jahon böylab xuddi şunday minglab zallarda yiğilajak siz – yigit va qizlarning dunyoni özgartirmoqqa, uni uruş, adolatsizlik va azob-uqubatlardan xalos etmoqqa yetarliça kuçingiz böladi. Keksa fransuz aytganidek, modomiki, yoşligingizga borib nimaga qöl urişni bilmayapsizlarmi, buni sizlarga hozir qarşingizda turgan oqsoqol tuşuntirişi lozim.
Lekin u unçalik ham keksa va donişmand emasdek, jilla qursa, siyrak, oq oralagan soçlariga qarab turib şunday xayolga borasan. U sizlarga oddiy maslahat berolmaydi, töğri yöl körsatolmaydi. Lekin özi işonç hosil qilganlarini örtoqlaşişga şay.
Qörquv – bugun bizga şu narsa tahdid solmoqda. Atom bombasi ham emas, uning qarşisidagi vahima ham emas. Çunki agar atom bombasi bugun Oksfordga tuşsa, nari borsa, u bizni halok etardi, xolos, bor-yöği şu. Bizni halok etgani bilan u qörquv ila uşlab turilajak hukmronlikdan mahrum böladi. Yöq, xavf bunda emas. Biz uçun xavf-xatar – şaxsni özligidan, maʼnaviyatidan ayirmoq uçun insoniy qörquvdan foydalanadigan jahoniy kuçlardir; insoniyatni itoatkor ommaga aylantirmoqqa şay, şon-şuhrat va kuç-qudratga burkanmoq uçun yoxud insonning şijoati, barqarorligi, özini qurbon qila olişdek jasoratiga işonmaydigan yoki undan qörqadigan barça tizimlar, iqtisodiymi, ğoyaviymi, siyosiymi, qanday atalmasin va Amriqodami, Ovröpadami, Osiyodami, qayerda joylaşmasin, xayr-sadaqa va qörqitiş orqali kişilarni fikrlaşga noqobil omma darajasiga tuşirişga harakat qiladi, peşona teri qilmagan odamga tekindan-tekinga non-tuz, qadri yöq pul beradi.
Agar Zaminni özgartirib, uni başariyat uçun tinç-osuda makonga aylantirmoqçi ekanmiz, yuqorida aytib ötganlarimga qarşi tiş-tirnoğimiz bilan kuraşmoğimiz darkor. Insonni odamlar ommasi qutqarmaydi. Ezgulikni yovuzlikdan, haqni nohaqdan ajrata oliş qobiliyati bilan yaratilgan inson özi özini qutqaradi.
Şuning uçun heç qaçon qörqmang. Halollik, haqiqat va rahm-şafqat himoyasi uçun, adolatsizlik, yolğon va oçközlikka qarşi ovoz balandlatmoqdan çöçimang. Agar sizlar – nafaqat bugun mana şu zalda yiğilganlar, qolaversa, ertagami, bir haftadan keyinmi, butun yer yuzida xuddi şunday minglab zallarda yiğilajak qiz va öğlonlar – sinf-sinf bölib emas, şaxs sifatida harakat qilsangiz, dunyoni özgartirasiz. Ana öşanda barça napaleonlar, gitlerlar, sezarlar, mussolinilar, hukmronlik va topintirişga öç barça mustabidlar hamda insonni qul qilmoq uçun uning qörquvi va nafsidan foydalanayotgan yoki foydalanmoqçi bölgan siyosatdonlar, munofiqlar, johillar bir avlod badalida yer yuzidan yöqoladi.
Missisipi, 1951
Uilyam FOLKNER
(1897–1962),
AQŞlik adib, Nobel mukofoti sovrindori
Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi
“Yoşlik” / 2025 / 9
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


