19 daqiqada öqiladi

107 marta körilgan

Ivan bilan Marya

Ivan Naumenko

Hikoya

 

1

Yöq, munavvar tongni dastavval qarşi oluvçi, biz öylagandek, xörozlar yoki tun böyi huda-behuda hurib çiqadigan itlar ham emas, balki quşlardir.

Hali quyoş öz yotoğini butkul tark etib ulgurmay, uning huzurbaxş nurlari olam uzra taralmay anavi uy biqinidagi olçada çumçuqlar çuğuri boşlanadi. Olça qari, mevasiz, unda çumçuqqa yegulik heç narsa yöq, biroq bu mitti quşçalar unga yopirilgani-yopirilgan. Ular har tongni, har yoruğ kunni şu olçaga qönib, şodon çuğur-çuğurlari, qöşiqlari bilan kutib oladi. Keyin qarğa uçib keladi, uy böğotiga qönib olib, uzoq, joniga tekkunça qağillaydi. Göyo tomoq yölini oçib olmoqçiday. Söng qayoqqadir uçib ketadi. Sal ötib zağizğonlar paydo böladi. Ular panjaralarga qönib olişadi-da, tumşuqlari bilan temirni çöqilab taqillatişadi, u yoqdan bu yoqqa besaranjom borib-kelişadi, bu yerda zerikişgaç, qöşni hovliga uçib ötişadi.

Marya eski etikni oyoğiga ildi-da, öroqni hamda biqinida qora böyoqda qandaydir raqamlar bosilgan kattagina qopni yelkasiga taşlab, eşikni qulflab, sal oqsoqlangança tomorqa çekkasidan yölga tuşdi. U bugun kartoşka paykalidan öt yulib kelişni möljallagan. Hali erta, ikki qavatli klub oldida simyoğoçdagi radiokarnay ham sukut saqlayapti. Unga keyinroq, Marya yelkasida öt töla qop bilan qaytib kelayotganda jon kiradi. Öt-ölanga şudring qöngan, Marya odimlagan sari oyoğidagi kir-çir etik şudringda yuvilib, yangilanib borayotganday.

Marya – past böyli, girdiğumdan kelgan, qovoği solinqiragan, yoşi yetmişdan ötinqiragan kampir. Bolalari yöq, qarindoş-uruğlaridan birgina akasi Maksim qolgan.

Uning uyi tomorqaning oxirida, uyi yonida oğilxonasi ham bor. Maryaning sigiri öşa yerda, akasining oğilxonasida turadi. Öşa sigir tufayli ham Marya azonda ötga jönaydi. Kun böyi bir neça bor qatnaydi. Moldan ortganini piçan qiladi. Keyingi paytlar jazirama boşlanib, öt-ölanlar ösişdan qoldi, sarğaya boşladi. Endi Marya ekinlar uvatidan, jöyaklaridan öt örib kela boşladi.

Marya kartoşkapoya jöyaklaridan bir qopça öt örgandi hamki, dala qorovuli Xariton paydo böldi. U ham qartayib qolgan, Maryadan ikki yoş kiçik bölsa-da, undan keksaroq körinadi. Bujmaygan yuzidagi nimqizil, kartoşkaday burni hammadan oldin közga çalinadi.

– Bugun bu yoqqa kepsan-da, – dedi Xariton. – Yaxşisi, Mayak tomonga ötsang bölardi, u yerda çirmovuq serob.

– Çirmovuq çöçqaga yaxşi. Men bölsam sigirga piçan qilyapman…

– Sigirga har qanaqasi bölaveradi. Göngini körgin, nimalar ösib çiqmaydi.

Marya istehzoli kulimsiradi. Xariton gapni boşqa yoqqa burdi.

– Hm, kartoşka yaxşi ösyapti. Tomorqada bunaqamas…

Xaritonning aytganiça bor. Sovxozning kartoşkasi rostdan ham baravj. Tugunaklari ham katta-katta, ğozning tuxumiça keladi. Qaynatganda qumoq-qumoq bölib pişadi, öziyam juda şirin. Marya bu haqda neça martalab boş qotirdi-yu, ammo sababini topolmadi. Qiziq-da, kartoşkani maşina eksa, ostini maşina yumşatsa, jöyak olsa, buning ustiga, begona ötlar içida qolsa ham ösa­veradi. Marya şularni öyladi-yu, lekin Xaritonga qarşi gapirdi:

– Nimaga özingning tomorqang bilan so­liştirasan? Har yili kartoşka ekaverganingdan keyin qanaqqib möl hosil olarding?

– Töğriku-ya, – deb uning gapini maʼqulladi Xariton, – tomorqada agrotexnikaga rioya qilmaymiz, almaşlab ekiş yöq.

“Agrotexnika, almaşlab ekişmiş, – deb öyladi Marya ensasi qotib. – Xuddi simyoğoçday turvolib boşni qotirişini buni… Örgildim sendaqa agronomdan… Yaqindagina bekorçixöja öt öçiruvçi böp yonboşlab yotardilar. Pensiyaga çiqarvorişganidan keyin qorovul bölvoldilar. Xuddi men öt örvolsam, unga yetmay qoladiganday”.

– Xariton, saharmardondan laqillab yuriş sening işingmas, – dedi Marya. – Bolalaring işlayapti, non-çoysiz qolmassan. Undan köra yotib uxlasang bölarmidi. Dalani heç kim ortmoqlab ketmaydi.

– Keksayganda uyqu qayoqda deysan, özing bilasan-ku, Marya, – dedi Xariton maʼyuslanib. – Keça keçqurun öt örayotuvdim men ham, direktor kep qoldi. Öroqni huv anov yerga yaşirdim. Uning oldida noqulay-da, axir. Hozir şunga keluvdim…

Maryaning endi unga rahmi keldi. Xaritonni köp zamonlardan beri taniydi. U oçiqköngil, halol, sodda kişi. Heç qaçon oğzidan qöpol söz çiqmagan. Yigitlik çoğlarida hatto Maryaga xuşomad qilib yurardi.

Keyinroq, Marya beva qolgan, Xaritonning esa xotini ölib, uç öğli voyaga yetib, har yoqqa tarqab ketgan paytlarida bir neça bor qattiq mast bölib kelib, unga yorilgandi, senga uylanaman, degandi. Lekin Marya eʼtiborsiz, qöysang-çi, degandek qöl siltab qöya qolgandi. Hozir ham öşa işidan puşaymon qilmaydi.

– Bor, Xariton, şudring kötarilmay örib ola qol, – dedi Marya.

Söngra qopni yelkasiga oldi. Yölda u yana Xariton haqida öylab bordi. Xariton – itoatgöy, mömin-qobil. Marya esa bunaqa erkaklarni heç qaçon yoqtirmagan. Ammo Xariton xotinning jangarisiga yöliqqandi. Şallaqi, tili bir qariç ayol edi. Yangi kelgan paytlari birorta qöşni qolmovdiki, u bilan aytişib, yumdalaşmagan bölsa. Sal yoşi ötgaçgina biroz bosilgandi.

Marya yelkasidagi qopni akasining hovlisiga böşatdi. Keçagi ötlar hali qurib ulgurmagan ekan, ağdarib yoyib çiqdi. Söng sigirini soğib, yaylovga haydadi. Sutni uyga olib kirib, suzdi, beşta kuvaçaga bölib soldi. Ikkita kiçikroq kuvaçadagi özi bilan akasi Maksimga; qolgan uçtasini sotadi. Ikki muallima bilan bir buxgalter ayol undan sut olib turişadi.

2

Sutni egalariga tarqatib kelgaç, Marya tomorqaga kirdi. Bu paytda quyoş xiyla kötarilib, kun halitdan qiziy boşlagandi.

Maryaning yumuşi yetarli edi: sigirdan boşqa yana bir çöçqa bolasi ham bor, uni akasi ikkisi parvarişlaydi. Torgina hovlida yana uçta tovuq va oyoqlari uzun, çöğday qip-qizil, ovozi öqday xöroz ham yuradi. Ovozi bölmaganda bu boboqni uçtagina tovuq uçun asrab yurmagan bölardi. Qöşni hovlilarda xörozlar yetarli edi. Keçalari baʼzan Maryaning uyqusi öçib ketib, uyğoq yotaverar, bundan özi ham zerikib ketar edi. Eng yomoni, har xil mahzun xayollar ezib taşlaydi. Ana şunday paytda xörozning qattiq, tantanali ovozi eşitilib qolsa, unga qandaydir dalda bölardi.

Marya şöra va har xil ötlarni jöyaklar orasidan yulib çiqib, yoğoç toğoraçaga solib maydalaydi. Söng keçagi qatiqni ustidan quyib, çöçqa bolasiga olib boradi. Barça jonzotlar kabi erkalatişni, parvarişni bu qurmağur ham yoqtiradi. Egasining oyoq tovuşidanoq tanib, göyo yuz yildan buyon ovqat yemaganday çiyillaşga tuşadi.

Marya rözğordan taşqari biror yerda işlagan banda emas. Uruşgaça, eri Ivan bilan yaşagan davrlarda, bunga hojat ham yöq edi. Uruşdan keyin esa, goho-goho, loaqal örim-yiğim davrida çiqib kolxozga yordam berib turardi-yu, ammo endi quvvati ketib, işga yaramay qolgandi.

Yoşligida birov unga, hali payti kelib söppayib yolğiz qolasan, desa, heç işonmagan bölardi. Mana şunaqa kunga qolib ötiribdi. Keçalari oyoq-qöllari, butun tanasi qaqşab, uxlolmay çiqadi. Bu yilça sigirni bir amallab asraşi mumkin, lekin kelasi yildan qurbi yetişiga işonmaydi. Öttiz rubl nafaqa bilan bir nav kun ötkazar.

Havo qiziyvergaç, Marya lohaslana boşladi. Kartoşka jöyaklari orasidan yulgan ötlarini hovliga olib çiqdi-da, yuz-qölini yuvib, uyga kirdi. Boşi oğrib, közlari tinib borardi. Uyga kiriboq karavotiga çözildi. Issiqda tez-tez şu köyga tuşardi. Boşqa mahallar xonaga kirgaç, avval derazani bekitib, pardalarni tuşirar, söng karavotga çözilar edi. Salqin xonada tezda öziga kelardi. Hozir esa şunga ham holi bölmadi.

Derazadan şabada kirib, qiya tuşib turgan issiq quyoş nurlarini haydamoqçi bölar, qaysi bir qoronği burçakda paşşa asabiy vizillar edi.

Marya tuş kördi. Tuşida Fedka bilan emiş, vagonda qayoqqadir ketişayotganmiş. Marya biladiki, çipta olişmagan, tekşirib qolişsa, şarmanda bölişadi, şundan xavotirda. Fedka bölsa moşguruç möylovini burab, beparvo jilmayib qarşisida ötirardi.

Marya uyğonib ketib, tuşi haqida öyga toldi: Xudoning işlari xöpam qiziq-da. Qarib, yoşi bir yerga borib qolgan kampirning tuşi­ni qarang. U bilan yigirma yil umrguzaronlik qilgan Ivan emas, balki Fedka tuşiga kiribdi.

Fedka – hali Marya juda yoş paytlarida ixtiyorini öğirlagan, köp emas, uç oygina unga sevinç, dard, taşvişlar keltirgan yigit…

Marya örnidan turib, hovliga çiqdi. Kun tafti pasayibdi. Ammo havo dim. Yomğir yoğadiganga öxşaydi.

Öt-ölan uçun yomğir ayni muddao hozir. Kartoşka barglari ham sarğaya boşlagan.

Köçadan çang-tözon kötarib yuk maşi­nalari ötib turar, maktab hovlisida esa oftobda qop-qorayib ketgan yalangtöş bolakaylar töp quvar edi. Bolalar bu maşğulotdan sira zerikmaydi.

Marya qoniqiş bilan öyladi: ha, dunyo özgaryapti. Kişilar ham endi köproq sayr qiliş, öynab-kulişga harakat qiladigan bölib qolişdi. Bolalar bir zamonlar sigir boqişardi, otalariga yordam berişardi, bular esa tomorqaga tuşgan tovuqlarni haydaşga ham erinişadi.

Marya uyga qaytib, bir piyola qatiq içdi-da, yana qöliga öroq va qopni oldi. Eşik­­ni qulflab, kalitini deraza tirqişiga bekitdi. Çunki qişloqdan Valya kelib qolişi mumkin edi. Valya Maryanikida ijarada turadigan qiz. Bundan bir yil muqaddam Maryaning eri – qariya Traximoviç vafot etgandi. Marya eriga suyanib qolgan ekan, uyi huvillab qolganday tuyildi unga. Özini yolğizlikda juda ojiz, notavon his qilib, siqila boşladi. Öşa paytda şu qiz joy sörab kelib qoldi va Marya uni bajonidil uyiga kiritdi.

Marya endi temiryöl yoqasidagi daraxtzor tarafga yöl oldi. Uruş tugagaç, bu yerlarga qayin, tol, qarağaylar ötqazişgandi. Nihollar bexato kökarib örmonça hosil böldi. Daraxtlar tagi quyuq soya bölsa-da, havosi dim, nafas oliş oğir edi. Marya bir-ikki tutam öt örişi bilan özini yana lohas, madorsiz his qildi. Uning boşigina emas, barça böğinlari qaqşab oğrirdi.

“Yomğir yoğadi, – deb öyladi Marya, – şuning uçun dim. Ertalab örganla­rimni Maksimning çordoğiga çiqarmasam bölmaydi. Yomğirda tağin…”

U örgan ötlarini şoşa-pişa qopga tiqa boşladi, kutilmaganda holsizlanib yerga uzala tuşdi. Faqat qopni boşi ostiga tortişga ulgurdi. Söngra qoronğilik içiga kirib borayotgandek his qildi özini. Qança yotdi, bilmaydi. Ğalati tuşlar kördi, relslar taqirlaşini, parovoz gudoklarini eşitdimi-yey… Lekin bir-ikki soat ötib, daraxtlar orasida keçki epkin esa boşlagaç, u yana öziga kelib, örnidan turdi. Ruhi ança tetik edi.

Marya özini tartibga keltirdi, kiyim-boşlarini xas-xaşakdan tozaladi. Yarim qopgina öt bilan uyga qaytgisi kelmadi. Yana öt örişga tuşdi. Endi iş unça oğirlik qilmas, havo salqin edi.

3

Marya kelsa, Valya uyda ekan – qişloğidan qaytibdi. Şkafning eşigi oçiq, undagi bor narsa uy yuzida, töğri kelgan yerda yotibdi. Karavotda, stul suyançiğida, hatto tikiş maşinasi ustida ham köylaklar, bluz­kalar… Stolga adyol töşalgan, aftidan, qiz kiyimlariga hozirgina dazmol bosib bölgan edi. Deraza pardasi tuşirilgan, çiroq yoqilgan, qiz közgu oldida öziga pardoz berar edi.

Marya qiz bilan söraşdi-da, yana qopni böşatiş, sigir soğiş uçun taşqariga çiqdi. Köz oldidan Valyaning hayajonli holati ketmas, qizginaning hayajonini ham tuşunib turar edi. Qiz ön töqqiz yoşda, ayni öynab-kuladigan davri. Marya bu qiz haqida biror oğiz bölsin yomon söz atolmaydi. Ozoda, mehnatkaş, heç vaqt qarab turmay, rözğor işlariga unnab ketaveradi. Qiz bir yil oldin maktabni tugallab, institutga kiriş uçun qişloğidan jönagandi. Biroq omadi kelmadi. Lekin qişloğiga ham qaytmay, şu yerda yaşab qoldi. Umuman, hozir köpçilik şunday qiladi.

Qiz maoşiga kiyim-keçak oladi, tiktiradi, oziq-ovqatiga esa otasi qaraşib turadi. Har şanba avtobusda uyiga ketadi va törxalta­sini göşt, çöçqa yoği kabi yeguliklar bilan tölatib qaytadi.

Marya qopni böşatayotganida akasining xotini Aksinya xurma yuvayotgan edi.

– Yomğir yoğadiganga öxşaydi, – dedi Aksinya şanği ovozda. – Aytmoqçi, eşitmadingmi, Semçixa ölganini? Keça ölipti, bugun çiqarişdi. Ammo odam kam böldi, havo issiq-da…

“Biror marosim sensiz ötmaydi, – deya Marya ijirğanib öyladi. – Motammi, töymi, senga farqi yöq – hozir-u nozirsan”.

– Hammamiz ölamiz, – dedi Marya tönğillab, – Semçixa yoşini yaşadi…

Marya ötlarni yoydi. Söng quduq oldidan çelakni oldi-da, sigir soğişga ketdi. Çambarşox, odatdagidek, egasini jimgina kutardi. Egasining tinmasligi, yolğizqölligini bilganday, sira qiynamay soğdirdi. Çöçqaça ham, aftidan, töq, Aksinya ovqatini bergan körinadi, tovuqlar allaqaçon kataklariga kirib, dakan xöroz yoniga tizilişgan edi.

Aksinya negadir xurmasini kötargança uning tepasida qaqqayib turar, nimanidir kutar edi. Marya şubhalanib qoldi. Unga köpdayam işonib bölmaydi, sutni solib xurmani hozir­ning özidayoq qöşnilardan birortasinikiga kötarib borişi heç gap emas.

– Sutni uyga opkiraman, – dedi Marya ensasi qotganini yaşirmay, – qörqma, suv qöşmayman yoki birovga bervormaymanam.

Aksinya törsayib, ortiga qaytib ketdi.

Maksim bilan Maryalarning hovlisini faqat tomorqa ajratib turardi. Marya Ivanga turmuşga çiqqandan beri şu uyda yaşaydi. Ivanning qöli gul edi, evini qilolmaydigan iş yöq edi. Lekin öz uyiga beparvo, bözçi belboq­­qa yolçimas degandek, yigirma yil mobaynida loaqal piçan bosiş uçun bostirma ham qilmagan edi. Bir umr Maksimning molxonasidan foydalanib kelişadi. Şu tufayli kuniga ikki-uç bor Marya bu hovliga kirib çiqadi. Akasi – oqsoq. Germaniya bilan bölgan birinçi uruşdan yoğoçoyoq bilan qaytgandi, qarigan çoğida yolğiz qolib qiynala boşladi, oxiri bölmadi, Aksinyaga uylandi.

Ijaraçi qiz Valya hali uyda edi. Kiyinib bölibdi. Qizning jussasi juda kiçik bölsa-da, özi istaralikkina. Lekin Marya uning feʼl-atvorini unça tuşunib yetganiça yöq. Bir qaraşda juda vazmin, bölar-bölmasga sannayvermaydi, lekin Marya uning ança erkin, öziga yetgunça öjar, xiyla sipo ekanini sezardi.

Valyaning qayliği ham bor, kelişgangina yigit, u yoqda, qişloqda öqituvçilik qiladi. Lekin Marya qizning turli navbatçiliklar, bazm-keçalar bahonasida uyga kelmay qo­lişlari, özini tutişlaridan uning boşqa yigiti ham bölmasaydi, deb taxmin qiladi.

Marya sutni idişlarga solib çiqarkan, qiz unga nimadir demoqçi bölayotganini sezdi.

Nihoyat, qiz yorildi:

– Marya xola, men siznikidan ketsam kerak. Turmuşga çiqyapman.

Marya unga köz solib negadir köngli böşaşib ketdi. Qiz jimgina, öyçan tikilib turar, na yuzi, na ovozida quvonç sezilmas edi.

– Baxting oçilsin, qizginam. Agar sir bölmasa, ayt-çi, kimga?

– Uni taniysiz. Institutni sirtdan tugatdi, direktorlikka kötarişmoqçi ekan.

Marya qizning gap ohangidan sezdiki, öşa yigitga turmuşga çiqişdan tamoman norozi.

– Hali yoş bölsang, nima, birov majburlayaptimi bunça?

– U keyinga surişni xohlamayapti.

Marya jim qoldi. Eski qöşiq. Qiz boşqa yöl topolmagan, suymagan kişisiga tegyapti. Özini bir umrlik iztirobga giriftor qilyapti.

Qiz çiqib ketdi. Marya ham uning ortidan çiqdi. Kuvaçada Maksimga sut olib bordi, keyin muallimalarga ham berib qaytdi. Içkariga kirgisi kelmay, uy oldidagi örindiqqa çökdi. Osmonni bulut qoplagan. Yer hansirab nafas olayotganga öxşaydi. Butun borliq jimib qolganday. Hatto daraxt barglari ham qilt etmaydi. Qoronğilik tobora quyuqlaşib borar, osmon çetlarida yaşin yaltirab ketar edi. Ovozi eşitilmaydi. Marya yoşligidan çaqmoqdan qörqadi, şunça yoşga kiribdiki, bu odati qolmagan. Sal narida, tomorqa örtasida ikkita simyoğoç bor. Ular örtasidagi xariga temir sandiqça örnatilgan, elektrni boşqarib turarmiş. Maryaga bölsa, albatta, yaşin simyoğoçlarga uradiganday va undan uylariga öt ötib ketadiganday tuyilaveradi.

U yana özidan-özi qörquvga tuşa boşladi. Maksimlarnikiga borsinmi? Yöq, noqulay, boya Aksinyaga qöpol gapirib qöydi. Aksinyaga tegib qolibdi, şekilli, keyin borganida ögirilib qaramadi ham.

Marya uyga kirdi. Karavotga ötirdi-da, derazadan yaşinning osmonda tomir otib yarqiraşini kuzata boşladi. Bugun dafn qilingan Semçixa yodiga tuşdi. Töqsonga kirdi. Olti öğil-qiz östirdi. Oxirgi çoğlarida esa yolğiz qoldi. Bolalarining hammasi onasidan oldin dunyodan köz yumib ketişdi. Taqdir qilmasa ham qiyin ekan-da.

U karavotiga yonboşlab mudray boşlagandi hamki, taşqaridan past, böğiq ovozlar eşitildi. Valyaning ovozini darhol tanidi, ammo yöğon, erkak ovozini tanimadi. Avvaliga, Valyaning qayliği bölsa kerak, deb öyladi. Lekin şu zahoti bu boşqa odam ekanini his qildi. Bu Adam, bir neça marta – şaharga öqişga ketayotgan kuni va şahardan qaytayotgan kuni – uyga kirgan. Bir safar Valya uyda yöqligida kelib, Marya bilan yarim kun ezmalanib gaplaşib ötirgandi.

Qöqqisdan Marya, ijaraçi qiz nazarda tutgan yigit şu yerda turadi-yu, lekin, çamasi, işlari yurişmayapti, yigit unga uylanişni istamayapti yoki rostki, boşqasiga tegayotgan ekan, bunday qilolmaydi, çoği, degan öyga bordi.

Marya şunda birdan öşa qişloqlik yigitni, öqituvçini yomon körib ketdi. “Nima, körmi u? Heç baloni körmaydimi yo sezmaydimi? Öylaydiki, hammasi şunday oddiy, bilimni egalladi, endi baxtgayam şunday osongina erişib qöya qoladi… Yöq, şovvoz, bu sen öylagançalikmas. Hozirgi qizlarni bilmabsan…”

Deraza oynasida yaşin aksi yarqirab turardi. U yoqda, taşqaridagi örindiqda esa hayajonli suhbat davom etar, köproq qizning ovozi eşi­tilar edi. Maryaga qiz yiğlamsirab gapirayotganday tuyildi. Göyo qiz közyoşlari bilan nimagadir işontirmoqçi, nimanidir isbotla­moqçi bölardi. Erkak esa miq etmasdi. Hammasi ravşan, qilğilikni qilib qöyib, endi özini çetga tortyapti. Valya ham qiziq, nega şunaqa odamga işonadi, u bilan aloqada böladi? Şunaqa nomardlik qilyaptimi, hammasini yuziga aytib, şarmandasini çiqarmaydimi?!

Marya qizga açinib ketdi. Bu işda özini ham aybdor sezdi. Unga örgatmadi, ogohlantirmadi, yöl-yöriq bermadi. Qiz yoş, ğör, hayot­­da hali nima köribdi? Endi esa vaqt ötdi…

Maryaning köz oldida xuddi kunduzi tuşida körgan kabi mallasoç, kökköz Fedkaning siymosi paydo böldi.

Yöq, aftidan, Fedkaning xayolidan, demakki, ötmişdagi öşa işlaridan qoçib bölmaydi. Öşanda, hali qizlik çoğlarida, bilmaganmidi, askarni seviş (buning ustiga, uruş ketayotgan payt) yaxşilik keltirmasligi­ni? Oxiri voy bölişini bilgandi, lekin har xil şubha-gumonlarga borib ötirişni xohlamagandi. Endi esa, umr ötib, öz işlarini mulohaza qilib ötiribdi.

Öşa uç oy xuddi şirin tuş misoli ötib ketdi. Kazaklar bu yerda ozgina turişdi. Xaşak tayyorlaşdi, vagonlarga yuklaşdi va birinçi kuz yomğiridan keyinoq jönab ketişdi. Marya har kuni Fedkaning ortidan yugurgani-yugurgan edi. Kazaklar stansiya naryoğidagi toş uyda yaşaşardi (bu uy hozir ham bor). Ular şu uy yaqinidagi tolzorda uçraşişardi. Onasi Maryani bu yöldan qaytarişga urinib, etikçalari, kiyimlarini yaşirib qöyar, urişar, qöşnilar bölsa turli ğiybat gaplar tarqatişar edi. Ammo heç narsa uni yölidan qaytarolmagandi. Fedka Marya uçun barça narsadan azizroq edi. Fedka nihoyatda oçiqköngil, samimiy yigit edi. Uruşda omon qolganida uning oldiga, albatta, qaytib kelardi, bunga Maryaning işonçi komil edi. U Fedkadan qizça kördi, lekin qizça peşonasiga siğmadi, kasallanib öldi. Xuddi öşa kunlarda unga uzoq Kuban stansiyasidan xat keldi. Xatni Fedkaning onasi yozgan bölib, uni çaqirgan, birga yaşaşga taklif qilgan edi. Biroq u yoqqa borişni Marya öziga ep körmadi. Şunga ham, mana, ellik yildan oşibdi…

Taşqarida kuçli şamol qözğaldi. Şamol vahimali uvillar, eşik, derazalarni oçib yuborar darajada zarb bilan urilar edi. Borgan sari şamol zöraydi. Tomda nimadir qarsilladi, oynaning singani eşitildi, keksa daraxtlar şoxlari nolakor ovoz çiqarardi. Ammo köp ötmay tabiatning beqaror isyoni bosildi. Yaşinsiz, momaqaldiroqsiz yomğir boşlandi. Göyoki u yoqda, osmonda tuynuk paydo bölgan-u, çelaklab suv quyilayotganday.

Yomğir endi har qança zöraymasin, dera­­za oynalariga şatirlab urilmasin, çaqmoq çaqmayotgani tufayli Marya xotirjam, hatto mamnun edi. Nima böpti yoğsa? Havo tozalanadi, çang-çung yuviladi. Yer issiqdan yorilib ketay deb turgandi kunduzi, endi rohat qilyapti. Buğdoy boşoqlari tölişadi. Lekin… bu jala uni yerparçin ham qilib ketişi mumkin. Kartoşka poyalari-ku önglanib oladi, arpa-buğdoyga qiyin.

Marya örnidan turib, deraza oldiga bordi. Qoronği, köz heç nimani ilğamaydi. Hovlida göyoki katta köl hosil bölgandi. Quloqqa faqat şamolning vizillaşi-yu, suvning şaloplaşi eşitilardi. Marya joyiga çözildi. Yomğirning şitir-şitiriga quloq tutib yotib, mudray boşladi. Ammo şu payt yondagi xonada nimadir taraqladi. Marya sergaklandi. Sezdiki, Valya uyga kiribdi. U yolğiz emas, xuştori ham kirgan. Qaçon içkariga kira qolişdi ekan? Balki böron kuçayib, şovqin-suron boşlanganda kirişgandir.

“Oxiri yaxşi bölmaydi, – deb öyladi u qiz haqida, – bir umr begona erkaklarga havas qilib, ergaşib yuraversa… Şu feʼli bor ekan, bir kuni ersiz qolişi aniq”.

Şamol bir zum tin olganday böladi-yu, yana zörayadi. Yomğir ham hali-beri tinişni istamaydiganga öxşaydi.

Uxlamoqçi böldi, uxlolmadi. Agar ijaraçi qizning yonida anovi erkak bölmaganida-ku, şunday havoda xotirjam uxlaganga nima yetsin edi-ya.

“Sen özingam şunaqa eding, – degan taʼnali öy urildi uning miyasiga, – Fedka senga kim edi? Unga öz qizligingni barbod berding, keyingi turmuşing haqida öylamading. Uni sevding. Lekin sevgi telbalik, baxtsizlikdir. Kişini öz izmiga olgaç, istagan köyiga soladi”.

Marya darhol bu öylarni miyasidan haydadi. Ha, u Fedkani sevdi, öşanda ön yetti yoşda edi. Turmuş masalasida esa hayotini Ivan bilan boğladi. Bu paytda yuragidagi böron tinçigan, oradan beş yil ötgan edi.

Ivan öşanda Germaniya asirligidan qaytgan, Fedka bölsa ölib ketgan edi. Yöq, birovni sevib, boşqasiga turmuşga çiqolmagan bölardi. U Ivanni ham sevardi. Çunki Ivan nimasi bilandir Fedkaga öxşardi. Yuz körinişi, qaddi-qomati bilan emas, xulq-atvori bilan. Fedka baland böyli, xuşbiçim, yelkador bölsa, Ivan uning oldida çumçuqday edi. Ammo ular ikkisi ham olov, haqiqiy er-yigitlar edi. Ivanning qölidan hamma hunar kelardi, xohlasa, peçka qurardi, xohlasa – eşik-dera­­za. Öz uyiga esa eʼtiborsiz edi.

Dastlabki paytlar köp içdi. Marya mudom yiğlab-siqtab erining ziyofatlardan qaytişini kutib ötirar, içkilikdan qaytariş ilojisini topolmas edi. Keyin yölini topdi. Ivan qayoqqa borsa, birga boradigan, birga içadigan böldi. Ivan buning uçun endi xotinini hurmat qiladigan böldi, surunkali içişni bas qildi. Endi ular faqat bayramlardagina bir qadah-yarim qadah içişni odat qilişdi. Ivan undan bir qadam uzoq­laşmasdi. Lekin u bilan qişloq kengaşiga, qonuniy nikohdan ötişga bormadi, kim bilsin, hafsala qilmadimi… Nikohdan ötib qöyişganida Marya hozir qariya Traximoviç uçun emas, Ivan uçun olayotgan bölardi nafaqani.

“Eh, Ivan, Ivan! Sen baribir meni tuşunmay ötding. Seni jonimdan ortiq körardim. Fedka uçun esa xafa bölişing kerak emas edi. Yoki bölgan voqeani sendan yaşirganmidim? Barça ikir-çikirlarigaça aytib ber­mabmidim? Har daqiqa sen uçun har narsaga tayyor turmasmidim?!”

Yöq, baribir Ivanni unutolmaydi, u haqda biror oğiz yomon söz aytolmaydi. Odamlardek yaşaşdi, bağrikeng erkak edi. Özi kasalmand, nimjon bölsa ham himmati baland edi, unça-bunça narsaning yuzi­­ga bormasdi. Maryani ayar, rözğor bekasi deb bilar edi uni. Lekin öz mağrurligini yengolmasdi – bu endi boşqa masala. Avvallari – unda juda yoş edi – öylardiki, agar dunyodan ötişsa, ikkovlarini bir yerga kömib, temir panjara çetiga “Ivan bilan Marya” deb yozib qöyişlarini vasiyat qilmoqçi edi. Çunki faqat Ivan uning qonuniy eri, ikkalasi bir vujud bölib ketişlari lozim edi. Oqibati şunday böldiki, Marya endi hatto Ivanning qabri qayerlarda qolganini ham bilmaydi…

Şamol deyarli tindi. Yomğir esa tomçilab turardi. Qöşni xonadan hamon şivir-şivir eşitilardi. Qizning xuştori böğiq dörillar, lekin ovozini birovlar eşitib qolişidan çöçiyotganga öxşar edi. U bu tentak qizga nimani isbotlaşga tirişyapti özi? Hozir borib yaramasni quvib bersamikan? Qiz erga tegyapti-yu, uni yöldan urmoqçi… Lekin Valyaning özi ham durust. Boşqa kişi bölganda uyatdan yonib ketardi, bu bölsa begona erkakni uyga yetaklab kelib ötiribdi.

“Sen özing-çi, – yana taʼnali ovoz yangradi uning quloği tagida, – qariya Traximoviçni uyingga olib kelding. Nikohdan ötiş uçun qişloq kengaşigayam yetaklab bording. Çunki bilardingki, u qaltirab turibdi, dunyodan ötgaç, pensiyasini olasan. Şu halollikmi? Vijdondanmi? Hatto uning familiyasigayam ötvolding…”

Şu payt Maryaning butun sezgilari bu fikrlarga qarşi isyon kötardi.

Töğri, u qariyani qabul qildi. Lekin Traximoviçga sidqidildan qaradi, yuvib-taradi. Keksaygan çoğida qariyaga ham şunday bir kişi kerak edi-ku. Xayriyatki, umri bor ekan, uç yil yaşadi. Nima, agar birinçi uruş Fedkasidan judo etgan bölsa, ikkinçisi Ivandan ayirgan bölsa, ayb undami?! Hatto Ivanni mehnat armiyasiga olişgandi, peşonasi şör bölmasa, nega ölib ketadi?!

Ayol kişi keksaygan çoğida na er, na farzandsiz qolişidan yomoni yöq.

Marya özi sezmagan holda uyquga ketdi… Uyğonganida esa ğayritabiiy jimlikdan hayron qoldi. Yomğir tingan, qöşni xonada ham sukunat. Sekin eşikni oçib qaradi. Valya öz xuştori va çamadoni bilan ğoyib bölgandi. Stol ustida yangi ön sömlik yotardi.

Marya kuldi: qiz ijara haqini ikki hafta burun tölab qöygan edi.

– Nimayam derdim, qizaloq, şunday qarorga kepsanmi, ixtiyoring…

Taşqarida kun yorişib qolgandi. Quyoş çiqib kelar, qari olça novdalarida yomğir tomçilari yaltirar edi. Tomorqadagi kartoşka poyalari yer bağirlab qolibdi. Lekin hamma yoq qaytadan yaşillanib, yaşarib ketganday.

Köçalar kölob, ariqçalar içi suvga töla.

Marya nogoh yölakda yerparçin bölib yotgan, endigina uçirma bölgan çumçuqlarni kördi.

– Eh, jonivorlar-ey, – deb yubordi beixtiyor.

U, bunaqangi jalada, tös-töpolonda himoyasiz, nimjon jonivorlarning qismati şu-da, deb öyladi.

Ivan NAUMENKO (1925–2006)

 

Belorus yozuvçisi.

“Ön yettinçi bahor”,

“Yöl çetidagi qarağay”, “Xayolparast”,

“Yoşlikka sayohat” kabi asarlari maşhur.

 

Rus tilidan Orziqul ERGAŞ tarjimasi

 

2025/2

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (164)