(hikoya)
Har tong Yosiko erini işga jönatib, nufuzli “N” jurnalining yozgi sonida çop etilişi lozim bölgan romani ustida işlaş uçun ovröpaça jihozlangan ijodxona (eri ikkalasi uçun bitta bölma)da yolğiz qolardi. Yosiko nafaqat latofatli, iqtidorli, qolaversa, şunday maşhur ediki, Taşqi işlar vazirligining kotibi bölmiş turmuş örtoğidan-da özib ketgandi.
Har kuni nomaʼlum muxlislardan bir dasta xat kelardi. Mana, bugun ham qöliga qalam olişdan burun, odatdagidek, nomalarni közdan keçirdi. Aytarli yangilik yöq – bari uzundan-uzoq, zerikarli. Lekin Yosiko kamoli diqqat-la har bir xatjildni birma-bir oçaverdi. Birinçi galda ikkita qisqa xatni va qutlovxatni öqidi, semizgina – qölyozma bölsa kerak – qoğozxaltadagini esa keyinroqqa olib qöydi.
Qölyozma haqida biror gap-söz yöq edi, biroq avvallari yoş qalamkaşlar öz asarlarini – esnoq tuttiradigan romanlarini jönatib turişardi. Yosiko odatini kanda qilmadi: qoğozxaltani oçdi – jilla qursa, sarlavhasiga köz taşlaş kerak-ku.
Ha, adaşmabdi – salmoqli qoğozlar dastasi çindan ham qölyozma ekan, ammo qançalik ğalati tuyulmasin, birinçi sahifada na ism-şarif, na sarlavha bor edi, bitik şunçaki “Begoyim!..” deb boşlanardi. Yosiko xayoli qoçib bir neça satrga köz yugurtirdi va yuragi ğaşlandi. Tuğma qiziquvçanligi ustun keldi-yu, mutolaaga şönğidi.
“Begoyim!
Siz meni tanimaysiz. Beandişaligim uçun ikki bukilib afu etişingizni sörayman. Hayratlanayotganingizni tasavvur etgan holda boşidanoq aytib qöyay: Sizga dahşatli sirni oçmoqçiman. Jinoyatim sirini.
Mana, neça oydirki, dunyodan uzilib, iblisona hayot keçiryapman. Şubhasiz, heç bir tirik jon nima bilan maşğulligimni bilmaydi. Agar baʼzi bir holatlar bölmaganda, heç qaçon odamlar orasiga qaytmasdim…
Sönggi damlarda şunday özgarişlar yuz berdiki, qalbim ostin-ustun böldi. Ortiq jim turolmayman, istiğfor keltirişim şart! Maktubim ilk satrlardanoq Sizga ğalati tuyulgandir, yolvoraman, uni bir çetga taşlab qöymang, marhamat qilib oxirigaça öqing! Balki ana şunda Siz noçor ahvolimni tuşunarsiz, ne sabab aynan Sizga iqror bölayotanimni fahmlarsiz…
Nimadan boşlaşgayam hayronman. Körmaysizmi, aytmoqçi bölayotganlarim, şunçalik beiboki, hatto qalam ham böysunmayotir. Nima bölsa, böldi. Hammasini boşidan boşlayman.
Judayam beöxşovligimdan boşlayman. Buni yodda tuting. Nega desangiz, qattiq iltimos qilişimga qaramay, uzoq oylar davomida şundoğam manfur bölgan taşqi körinişim bundayin kun keçirişim tufayli jirkanç tus olganidan bexabar ravişda men bilan körişişni istab qolasizmi, degan hadigim bor… Bu uçraşuv Sizni larzaga solişi mumkin.
Eh, mening baxtiqaro qismatim! Bu badburuş jismda toza, jöşqin yurak urib turibdi… Badbaşaraligimni, miskin nasl-nasabimni unutib, şirin orzular olamida yaşadim.
Boy-badavlat oilada tuğilganimda edi, ayş-işratu öyin-kulgulardan özimga taskin topardim, qusurimdan iztirob çekmasdim. Yoki menga iqtidor berilganidami, gözal misralar töqib, baxtsizligimni unutardim. Ammo Tangri mendan marhamatini dariğ tutgan: men bor-yöği oddiy hunarmandman, qimmatbaho mebellar yasovçi ustaman…
Şunday böldiki, men turli stul va kursilar yasaydigan mutaxassisga aylandim. Mening qölimdan çiqqan mebellar eng noziktaʼb buyurtmaçilarga maqbul tuşardi; savdo-sotiq doiralarida maşhur böldim va qimmatbaho, serhaşam buyumlar: turfa şakldagi, yangi fasondagi, öymakor suyançiqli, tirsakqöygiçli, jimjima yostiqli, bir söz bilan aytganda, nafis kursilar yasaşni menga buyurtirişardi; bunday buyurtmani bajariş uçun aqlga töğri kelmaydigan mahorat va qunt talab qilinadi. Lekin işni tugatib, doim çeksiz quvonçni tuyardim – maşaqqatli mehnat ortda qolganidan emas, albatta. Siz meni havoyilikda ayblaşingiz turgan gap, ammo hislarimni hozirgina dohiyona asarini tugallagan musavvir xurramligi bilan tenglaştirişga botindim. Kursini yasab bölib, unda ötiriş qulaymi-yöqmi, özim sinovdan ötkazardim. Meni allatovur ajib bir titroq qamrardi. Bu onlar tussiz hayotimning hayajonli damlari edi. Men yasagan kursida kim ötirişini tasavvur qilib körardim – tagli-tugli aslzodami, tengi yöq sohibjamolmi… Öy-xayollarim meni kursi buyurtirilgan danğillama hovliga olib borardi, hovlida kursiga mos xona bölişi kerak: turli-tuman qimmatbaho va nafis bezaklarga töla, devorlarga atoqli musavvirlarning suratlari ilingan, şiftga billur qandil osilgan. Polda oyoq bossang, botib ketadigan momiq gilam… Möjazgina stolçada muattar böyli gullar solingan ovröpaça guldon. Telba orzularimda bu koşonaning xojasi edim, söz bilan taʼriflab bölmas huzur-halovatdan sarmast edim.
Tasavvurim çegara bilmasdi. Özimni kursiga ötirvolib, quçoğidagi gözal qalliğini oşiqona sözlar ila erkalayotgan zodagon deb tasavvur qilardim.
Biroq mört orzularim şallaqi xotinlarning çiyildoq ovozidan, mişiqi bolalarning höngrab yiğlaşidan çilparçin bölardi. Orzularimdagi sohibjamol-çi… U ham buğdek tarqalib ketardi… Bunisi-ku mayli, hatto bolasini yetaklab yurgan qöşni xotinlar-da menga qayrilib qaraşmasdi. Faqatgina özim yasagan dabdabali kursigina men bilan qolardi. Lekin u ham tez orada meni tark etardi. Har safar buyurtma kursi bilan xayrlaşarkanman, maʼyus tortib qolardim. “Qurt-qumursqadek kun körgandan köra ölganim yaxşi”, deb öylardim özimga içim açib. Muğombirlik qilmayapman: men hadeb ölim haqida öylayverardim.
Bir kuni miyamda ajoyib fikr yilt etdi: “Ölib nima röşnolik körardim? Boşqa çorasi bordir, axir?” Öy-fikrlarim yanada xatarli tus olaverdi. Öşa vaqtda çarm qoplangan kattakon kursi yasardim. Kursi qandaydir ovröpalikka qaraşli Iokogamadagi mehmonxonaga atalgandi. Avvalboşda u kursini çet eldan olib kelmoqçi bölibdi, biroq savdogarimiz örtaga tuşib, mening iqtidorimni maqtab, buyurtmani kaminaga berişdi.
Uyquni ham, yeb-içişni ham unutib, işga şönğidim. Kursiga butun qalbimni berdim, desam, mubolağa bölmaydi. Mana, kursi ham tayyor böldi. unga qarab özimda yöq zavq-şavqni tuydim. Şunday durdona kursi yasaganimga özim ham hayron edim. Odatimça, kursini oftobga olib çiqib, ötirdim. Oh, şunday rohatki! Ortiqça yumşoq ham emas, ortiqça qattiq ham emas. Çarm qoplamasini aytmaysizmi! Qoplamaning tabiiy rangini saqladim, uşlasang, xuddi terini uşlaysan-a… Badanga çippa yopişadigan suyançiği, momiq-momiq tirsakqöygiçi biram şinam, biram qulayki! Qulayroq ötirib, tirsakqöygiçlarini silab, közimni yumgança rohatlandim. Yana orzularga berildim. Bu safar orzularim şunçalik jonli, yorqin ediki, özimdan qörqib: “Aqldan ozdimmi, nima balo?” deb söradim. Şunda meni ğoyat zör bir fikr asir etdi! Bu fikrni naq iblisning özi aytib turdi menga. Ğoya şunday vahimali ediki, şu sabab xayolimdan haydab sololmadim. Bu fikr, şubhasiz, mehnatim samarasidan ayrilişni istamaganim uçun ongimning bir burjida şuʼladek paydo böldi. Kursimning ortidan dunyoning bir çetiga ham borişga şay edim. Fikr bora-bora dahşatli niyatga evrildi. Nima bölsa, böldi, ğoyani amalga oşirişga ahd qildim.
Darhol kursini qismlarga bölib, qaytadan tikladim. Endi kursi rejalarimni amalga oşirişimga bemalol xizmat qila oladi. Kursi kattakon, polgaça çarm tortilgandi; qolaversa, suyançiği va tirsakqöygiçlari şunday ölçam va şaklda ediki, içida bemalol odamni yaşira olardi. Albatta, qoplama tagida yoğoç sinçi, pölat prujinalari bor edi, ammo-lekin men bor mahoratimni işga solib, kursini şunday işladimki, örindiğiga tizzalarim, suyançiğiga gavdam va boşim joylaşdi. Kursi şakliga kirib, uning içida xohlaganimça qolişim mumkin edi. Xöb ter tökib işladim, özimga qulaylik yaratiş uçun kursini takomillaştirdim. Masalan, nafas oliş, kuzatiş va taşqaridagi ovozlarni eşitiş uçun közga taşlanmaydigan mayda teşikçalar oçdim. Boşim barobarida suv va oş-tuz uçun tokça örnatdim. Tabiiy hojat uçun esa rezina xalta ham bor edi. Xullas, kursi içida bir neça kun yaşasa bölardi, bir söz bilan aytganda, bir kişilik hujra…
Köylagimni yeçib, içkariga kirdim va ğujanak bölib örnaşdim. Juda ğalati! Özimni xuddi sağana içiga tiriklayin suvab taşlagandayman. Men körinmas ridoga yopinib, odamlar orasidan yöqolgandim…
Tez orada arava yetaklab kursini olib ketiş uçun eltuvçi keldi. Kursini aravaga ortişayotganda, bir hammol: “Laʼnati! Namunça zil-zambil bölmasa!” dedi. Qörqqanimdan yanayam ğujanak bölvoldim. Lekin bunday turdagi kursilar doim oğir bölgan, şu bois xavotirga örin yöq. Keyin önqir-çönqirlarda taraqa-turuq boşlandi. Bekorga yurak hovuçlabman: öşa kuni kursini mehmonxonaga eson-omon yetkazişdi va içkariga olib kirişdi. Keyin maʼlum böldiki, kursini dahlizga qöyişibdi.
Fahmlayogan bölsangiz kerak, men bir maqsadni – payt poylab, kursidan çiqib, u-bu narsani özlaştirişni közlardim. Kursida odam yaşiringani kimning xayoliga kelibdi deysiz?..
Xonadan xonaga kirib-çiqib soyadek tentiraşim mumkin edi, şovqin-povqin eşitilsa, panamga kirib ketardim. Damimni içimga yutib, öğrini qidirayotganlarning hovliqişlariga quloq solardim. Sohil böyidagi toşlar orasida yaşaydigan göşanişin qisqiçbaqani bilsangiz kerak? Körinişidan yirik örgimçakka öxşaydi. Tevarak-atrof jimjit bölsa, qisqiçbaqa surbetlarça sohilda tarallabedod qiladi, salgina şovqin eşitilişi bilan darrov qobiğiga yaşirinib oladi va jirkanç, sertuk panjalarini andak çiqarib, ğanimi harakatlarini kuzatadi. Men öşa qisqiçbaqaning özi edim. Faqat in örnida kursi, sohil örnida esa mehmonxona edi.
Ha, öylagan rejalarim inson tasavvuridan-da olislab ketgandi, şuning uçun ham omadim çopgandi. Mehmonxonaga kelganimning uçinçi kunidayoq “yoğliqqina” öljani qölga kiritdim. Har safar “ov”ga çiqarkanman, iç-etimni yoqimli hayajon çulğar, muvaffaqiyatli öğrilikdan keyin taʼriflab bölmas sevinçdan yuragim hapriqardi. Kursi atrofida kuymalanib taşvişga tuşgan odamlarning ahvolini bir körsangiz edi!
Taassufki, hozir körgan-keçirganlarimni batafsil tasvirlaşning mavridi emas. Izn bersangiz, hikoyamni davom ettirsam.
Ittifoqo, men öta qaltis va oxiratni kuydiradigan lazzat manbaini kaşf etdim – diqqat qiling, hikoyaning asosiy qismiga yaqinlaşyapmiz!
Lekin bundan oldin hikoyamning avvaliga qaytamiz.
…Şunday qilib, kursini dahlizga qöyişdi va mehmonxona xodimlari birma-bir kelib ötiradigan bölişdi. Birmunça fursat ötib turib ketişardi. Keyin suv quygandek jimjitlik hukm surardi. Çamasi, dahlizda heç kim qolmagandi. Panadan çiqay derdim-u, biroq meni kutib turgan ming bitta xavf-xatarni öylab fikrimdan qaytardim. Jon quloğim bilan atrofga quloq osdim. Köp ötmay oğir-vazmin qadam tovuşlari eşitildi. Söng deyarli eşitilmay qoldi. Aftidan, boyagi odam dahlizga töşalgan yumşoq gilamga qadam qöygandi. Keyin hars-hars nafas olganini eşitdim va taraddudlanişga ham ulgurmasimdan, tizzalarimga zilday tana özini tappa taşladi, vaznidan ovröpalikka öxşaydi. Yaxşilab ötirvolib, bir-ikki sakradi. Vazmin gavdadan meni faqat çarm qoplama ajratib turardi. Keng yelkalari köksimga tiraldi, oğir qöllarini bilaklarimga taşladi. Sigara çekyapti, şekilli, burnim açişdi.
Begoyim, özingizni mening örnimda bir tasavvur qilib köring! Juda notabiiy his. Badanimdan duv-duv ter oqib, dahşatga tuşdim, hatto miyam fikrlaşdan töxtab qoldi.
Şundan keyin önlab odamlar galma-galdan tizzamda ötirib ketişdi. Birortasining xayoliga kursiga emas, tomirlarida qaynoq qon oqayotgan odamning ustiga ötirayotgani kelmadi. Endi men uçun butun olam mana şu çarm ğilofdan iborat edi. Men uçun odamlar öz qiyofalarini yöqotib, ularning ovozlari, nafas olişlari, qadam tovuşlari, köylaklarining şitirlaşi, badanlarini his eta boşladim. Ularni yuzlaridan emas, ötirişlaridan ajratadigan böldim. Biri semiz, hidlangan baliqdek silliq; boşqasi qoqsuyak. Qolaversa, belining bukilişi, kuragi, qölining uzunligi, tosining kengligidan ham ajratardim… Odamlarni nafaqat taşqi körinişi, barmoq izlari, balki paypaslab körib ham ajratib oliş mumkin ekan.
Şubhasiz, bularning bari nozik hilqat vakillariga ham tegişli. Köpinça ularning taşqi körinişiga qarab gözal yoki körimsiz deya fikr yuritamiz. Ammo mening dunyomda bu haqda gap bölişi mumkin emas. Bu yerda ayollarning ipakday mayin terisi, huşohang ovozi, xuşböy isi muhim…
Begoyim, umid qilamanki, oçiqçasiga ötganimdan Sizni xijolatga qöymayman.
…Alqissa, bir kuni yuragimda jöşqin hislarni uyğotib bir xonimça kursiga ötirdi. Ovozidan ajnabiy qiz ekanini bildim. Raqsga tuşayotgandek yurib, ajib bir kuyni xirgoyi qilgança, quyundek dahlizga kirib keldi… Kursiga yaqinlaşib, bir zum tek turdi va birdan e yöq, be yöq tizzalarimga sakrab ötirib oldi! Yarim soatdan ziyodroq fursat xirgoyi qilayotgan kuyiga mos ravişda tebranib tizzalarimda ötirdi. O, bu şunday rohat ediki! Butun umr ayollardan özimni olib qoçdim – ular meni körişlari bilanoq yuzlarini buriştirib, teskari qaraşardi – lekin bu xonada men notaniş sohibjamol bilan yolğiz edim. Qiz naq bağrimda. Sirasini aytganda, şirin orzularga berildim…
Şundan söng boşdagi haris niyatlarimdan voz keçib, yettinçi falakka kötarguvçi, özgaça his-tuyğular girdobiga şönğidim.
Kursidagi muhabbat!.. Buni boşidan keçirmaganlar qayoqdan ham bilsin! Bu muhabbat paypaslaş, eşitiş va ifordan tuğiladi. Zulmat içra muhabbat. Hayotda nimalar bölmaydi deysiz!
Avvalboşda ança-munça “ölja”ni qölga kiritib, juftakni rostlab qolmoqçi edim. Lekin qayoqda! Sirli-notaniş tuyulgan lazzat asiriga aylandim-u, qoçiş fikri xayolimdan uçdi-ketdi.
Uzoq vaqt bukçayib ötiraverganimdan aʼzoyi badanim toş qotdi, hatto tik turolmay qoldim; tunda oşxona yoki xalajoyga yurib emas, sudralib borardim. Tentakligimni qarang! Şunça azoblardan keyin ham “oşyon”imni tark etmadim.
Mehmonxona mijozlari tez-tez almaşib turardi. Albatta, mening maʼşuqalarim ham özgarardi. Ularni tana şakllaridan eslab qolardim. Biri xuşbiçim, biri ilondek eşiluvçan, boşqasi koptokdek tarang, yana boşqasi antik davr haykallarini yodga soladi. Har birining öziga yaraşa malohati, jozibasi bor edi.
Gapiraversam, gap köp. Körgan-keçirganlarimga batafsil töxtalib ötirmayman, gapning indallosi bular emas. Şundoğam köp vaysab yubordim.
…Oradan bir neça oy ötdi. Mehmonxona xöjayini baʼzi bir sabablarga köra vataniga jönab ketdi. Mehmonxonani esa qandaydir yapon firmasiga sotib yubordi. Yangi xöjayin mehmonxonani oddiy, hammabop mehmonxonaga aylantirmoqçi böldi va barça qimmatbaho buyumlarni kimoşdi savdosiga qöydi, jumladan, kaminaning kursisini ham. Buni eşitib, çuqur qayğuga botdim. Bir xayolim odamlar orasiga qaytsammi, dedim. Savqitabiiyim bu eng töğri yöl, derdi. Şu oylar davomida durustgina boylik yiğişga ulgurgandim, yallama-yorim qilib yaşasam bölaverardi. Lekin tavakkaliga iş körişni maʼqul topdim. Gap şundaki, mehmonxona gözallari ming malohatli bölmasin, baribir ham ajnabiy edi, demakki, qalban menga begona. Men yapon ayolini sevib qolişni orzulardim!
Şu orada mening kursimni ham kimoşdi savdosiga qöyişdi. Içimda balki kursimni birorta yapon sotib olar deb umid qilardim. Şuning uçun sabr-toqat qilib, kursini tark etmaslikka ahd qildim.
Kimoşdi savdosi zalida alamdiyda holatda birmunça fursat ötirdim, baxtimga, köp ötmay xaridor topildi. Xaridor Iokogama yon-veridagi şaharda yaşovçi amaldor bölib çiqdi. Yuk maşinasida kursini olib ketişarkan, içim tökilib qolay dedi. Amaldor danğillama hovlida turarkan. Kursini ovröpaça jihozlangan xonaga olib kirişdi. Buni qarangki, xona er-xotin uçun bitta ijodxona vazifasini ötarkan. Öşa kundan boşlab bir oy davomida amaldorning rafiqasi bilan bir hujrada yolğiz qoldim. Tuşlik va uyqu vaqtini hisobga olmaganda, hamma vaqt tizzalarimda ötirib qandaydir asar ustida işladi; hatto xonaga kirgandan söng eşikni içkaridan qulflab olardi.
Bu ayolni telbalarça sevib qolganimni aytsammi-aytmasammi? Bu xonadonda men ilk bor çinakam sevgi sururini tuydim. Bu ayolning oldida boşqalari hatto ip eşolmasdi.
Bu dilbar xonim kursi içida ekanimni bilişini istardim. Bu öta qörslik, ammo men uning muhabbatiga taşna edim. Unga qanday şaʼma qilsam ekan? Agar ogohlantirişsiz şunday qilsam, qörqqanidan eri yoki xizmatkorini çaqiradi. Ana unda mening baxtimga nuqta qöyiladi. Ustiga ustak, meni jinoyatda ayblaşadi va qonun oldida javob berişimga töğri keladi.
Uning mehriga sazovor böliş uçun özgaça yöl tutdim: uzoq vaqt kursida ötiraverib toliqib qolsa, holatni özgartirib, qulayroq ötirişiga şaroit yaratardim; közi ilinsa, asta-asta belançakday tebranardim. Bora-bora u kursiga xuddi tirik jonday muomala qiladigan böldi.
His-tuyğularim kundan-kunga avjlanaverdi. Alaloqibat, butun dunyoni unutdim; mahbubamning raftoriga bir marotaba nigoh taşlasam-u, söng jon taslim qilsam, degan yondirguvçi istak yuragimni kuydiraverdi…
Begoyim! Siz, şak-şubhasiz, hammasini fahmladingiz. Sizni mahbubam deganim uçun bir qoşiq qonimdan keçing. Turmuş örtoğingiz kimoşdi savdosida mening kursimni sotib olganidan buyon Sizga oşiqu beqaror böldim.
Begoyim! Sizdan birgina ötinçim bor. Bir onga bölsa-da, Sizni körsam, dilga malham bölguvçi şirin yupanç sözlaringizni eşitsam bölgani! Bir noçoru notavondan marhamatingizni dariğ tutmang!
Sizga mana şu maktubni bitiş uçun keça tunda xonadoningizni tark etdim. Hozir Siz uşbularni öqiyotgan bir zamonda men yuragim taka-puka bölib derazangizga köz tikib turibman. Başarti beandişa ötinçimga rozi bölsangiz, iltimos, xonangiz derazasida turgan tuvakdagi gulga römolçangizni taşlab qöying. Şu belgi orqali eşigingizni taqillataman…”
Maktub şu yerda uzilgandi. Hali sönggi satrlarni öqib ulgurmagan Yosiko dokaday oqarib, jirkanç kursi turgan xonadan miltiqning öqiday otilib çiqdi. Beadablarça yozilgan xatni parça-parça qilib yirtib taşlagisi keldi-yu, allaqanday kuç töxtatib qoldi.
Dahşat! Nahotki, har kuni ötirgan kursisida begona erkak yaşiringan bölsa?! Yosiko ustidan muzday suv quyganday seskanib ketdi, vujudini titroq bosdi. U turgan joyida kişanlanganday qotib qoldi. Nima qilsa ekan? Kursini tekşirib körsamikin? Aslo! U ketdi, ammo kursining içida ovqat qoldiqlari, latta-puttalari qolgan-ku…
– Begoyim, sizga xat keldi!
Yosiko sapçib tuşdi. Ostonada qölida xatjild uşlagança oqsoç turardi. Yosiko beixtiyor xatni olib oçdi. Taniş iyerogliflarga közi tuşgaç, çinqirib yubordi. O, dahşat! Öşa husnixat bilan bitilgan yana bitta maktub!
Yosiko nima qilişini bilmay, öyga çömdi. Nihoyat, xatni oçib öqiy boşladi. Noma qisqa, lekin Yosiko mazmunidan esankirab qoldi:
“Yana bir bor haddim siğib Sizni bezovta qilayotganim uçun maʼzur tutgaysiz. Gap şundaki, ançadan beri sizning asarlaringizni öqib, muxlisingizga aylanganman. Bundan avvalgi xatim – ilk kamtarona ijodiy asarim. Agar qölyozmamga taqriz bildirsangiz, boşim kökka yetardi. Asarimni heç qanday izohlarsiz jönatganim uçun yana bir marta avf etgaysiz. Xöş, hikoyam Sizga maʼqul tuşdimi? Modomiki, ziğirça-da Sizni qiziqtirolgan bölsa, quvonçimning çeki yöq. Hozirça hikoyamga nom tanlamadim. “Kursi-odam” deb nomlasammi, deb turibman. Siz nima deysiz?”
Edogava RAMPO
Asl ismi Taro Xiroyi bölgan Edogava Rampo (1894–1965) yapon adabiyotida detektiv janriga asos solgan yozuvçi sanaladi. Taro yoşligida Edgar Allan Poning asarlarini yutoqib öqiydi, şuning uçun ham keyinçalik amerikalik yozuvçining ismi-şarifiga ohangdoş ravişda öziga “Edogava Rampo” taxallusini tanlaydi. Lekin Ğarb detektiv asarlaridan farqli ravişda Edogava Ramponing ijodida milliylik yetakçilik qiladi. “Egizaklar”, “Iblis”, “Zulmatdagi maxluq”, “Kursi odam”, “Alvasti” kabi asarlari maşhur.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


