Liliana yig‘layapti

0
41
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Yaxshiyamki, bu o‘zimizning Ramos, begona vrach bo‘lganda nima qilardim – nima deb tushuntirardim unga, Ramos harqalay o‘zimizniki, ancha bo‘ldi u bilan kelishib olganimizga, shuning uchun ko‘nglim to‘q – kunim bitdi, deganda, yo menga indallosini shartta aytadi yoki jillaqursa, aylantirib o‘tirmay ishora qiladi-qo‘yadi. Boyaqishga qiyin, nega deganda o‘n besh yillik qadrdonim, poker o‘ynab goh biznikida, goh ularnikida tonggacha qolib ketganlarimiz, shanba-yakshanba kunlari oilalarimiz bilan birga shahar tashqarisiga chiqib dam olishlar – qarindoshdan ham yaqin bo‘lib qolgan odamga bunaqa og‘ir gapni ayta olishning o‘zi bo‘ladimi! Lekin u ayta oladi, haqiqiy do‘st hech qachon tilyog‘lamalik qilmaydi, chunki yigit kishi uchun shirin yolg‘ondan achchiq haqiqat afzal. Kasalxonadagi vrachlarga yarashadi yolg‘ondakam ko‘ngilni ko‘tarib, odamni umidvor qilib qo‘yish, ularning tasallisi o‘zlari beradigan usti shirin, ichi achchiq doridan farqi yo‘q.

Uzog‘i bilan uch-to‘rt kun, u bunday demagan, lekin ishonchim komilki, uzoq qiynalib, itdek azob chekib yotishimga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Nima keragi bor buning? Men unga yuz foiz ishonaman, o‘sha kun berishadigan dorilar odatdagidek yashil yo qizil tusda ekani bilan ichi butunlay boshqacha bo‘ladi – ichaman-u, abadiy uyquga ketaman, va’dasiga binoan to‘g‘risini aytadigan bo‘lgani uchun oldindan minnatdorlik bildirib qo‘yganman, ana o‘shanda Ramos karovatimning oyoq tarafida, o‘zini yo‘qotib qo‘ygancha bir ahvolda mendan ko‘z uzmay turadi, yashirmasdan to‘g‘risini aytganiga biroz afsus chekar, hechqisi yo‘q, siqilma, og‘ayni, faqat Lilianaga gapirib yurma, uni o‘zing yaxshi bilasan – ko‘ngli bo‘sh, kuyib ado bo‘ladi birpasda, to‘g‘rimi gapim?! Alfredoning yo‘li boshqa, unga bemalol aytishing mumkin, u qaytanga oldinroq, Liliana bilan onamning ahvolidan xabar olib turgani ishxonasidan javob so‘raydi. Keyin-chi, do‘stim, hamshiraga aytib qo‘ygin, yozayotganimda xalal bermasin, sen tavsiya qilgan ajoyib dorilardan boshqa og‘riqni unutishimga yordam beradigan yagona narsa shu. Ha, aytgancha, vaqt-bevaqt so‘rab qolsam, qahva keltirib berishsin, shifoxonadagi tartib-qoidalarning jiddiyligidan o‘rgildim!

Rosti, yozayotganimda loaqal ozgina bo‘lsin og‘riqni unutaman; balki, o‘limga mahkum etilganlardan son-sanoqsiz maktublar qolishining sababi ham shundadir, men endi buni tushunyapman. Bundan tashqari, o‘zim tasavvur qilgan va ko‘nglimdan o‘tayotgan his-tuyg‘ularning qog‘ozga tushganini ko‘rishni yaxshi ko‘raman, shu lahzalarda tomog‘imga bir nima tiqilgandek bo‘ladi, ko‘nglim to‘lib yig‘lagim keladi; so‘zlar tufayli o‘zimni butunlay boshqacha his qilaman, ko‘nglimga kelgan narsalar haqida xayol surib, shu xayollarimni qog‘ozga tushiraman, bularning bari yozuvchilik kasbining asorati bo‘lsa kerak, men faqat Liliana kelgandagina yozishdan to‘xtayman, boshqalarga esa bunaqa iltifot ko‘rsatish qayoqda, modomiki, ular menga ko‘p gapirish mumkin emas, deb o‘ylashar ekan, nima qilaman o‘zimni ham, ularni ham qiynab, har xil xayolga borishmasin yana, deb hol-ahvol so‘rab qo‘yaman-da indamay o‘tiraveraman ishimni qilib, ana undan keyin ko‘ribsizki, ular biri olib, biri qo‘yib bugun havoning salqinligiyu saylovda kim yutib chiqadi – Niksonmi yo Makgovernmi – shular xususida berilib fikrlarini bildirishga tushishadi, men ularga xalal bermay tinglayman, ba’zan esa umuman qog‘ozdan bosh ko‘tarmayman, Alfredo hammasini sezadi. Ko‘ngling tusaganini qilaver, yozging kelyaptimi yozaver, – deydi, o‘zi esa, xasti nestnamoyi bo‘lib o‘tiradi, qolaversa, qo‘lida gazeta bormi, tamom, bu uning hali-veri ketmaydi, degani. Lekin rafiqamga bunaqa qilmayman, u kelganda hamma ishni yig‘ishtirib qo‘yib u bilan chin dildan suhbatlashib o‘tiraman, gaplarini jon-quloq bo‘lib tinglayman, ko‘zlariga tikilib jilmayaman, ishonsangiz shunda og‘riq taqqa to‘xtagandek bo‘ladi, uning erkalab, yuzlarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pib qo‘yishlariga besh ketaman – shunaqayam xursand bo‘lib ketaman, asti qo‘yavering, ochig‘ini aytsam, uning nam lablaridan keladigan rayhon hididan ilgari ham esim og‘ib qolardi, ana shuning uchunmikin salga charchab qoladigan odam Liliana ko‘rgani kelganda tetiklashib qolaman, umuman uning qachon, qanaqa paytda kelishini oldindan ko‘nglim sezadi, hech kimga, hatto Alfredoga ham sezdirmay iloji boricha tayyorgarlik ko‘raman, soqolimni qirtishlab olgan kunim lablariga botsa kerak, boyaqish jonginamning. To‘g‘risi, menga kuch bag‘ishlayotgan ham, tasalli berayotgan ham Liliananing sabr-bardoshi! Agar uning ko‘zlarida chorasizlik, ruhan ado bo‘layotgan ayol qalbining umidsizligi aks etayotganini ko‘rib qolsam bormi, tamom, mening yuragimda o‘chay-o‘chay, deb lipillab yonayotgan hayot sham’i o‘sha zahoti so‘nadi; darmonsiz, uning taskinbaxsh bo‘salarini his qilishga qurbim yetmay, so‘zlarini tinglashga holim kelmagan kunlari u kelib-ketgandan keyin odatdagidek ukollar va ko‘ngilga urgan daldayu ovutishlardan iborat muolaja boshlanadi va men beixtiyor alamimni yana yozishdan olaman. Liliana shikasta xayollarimni o‘zi bilan birga olib ketolmaydi, ming afsus, yuragimning tubida hech qanday shaklda ifodasini topmay cho‘kib yotgan tuyg‘ular faqat shu daftarda o‘z ifodasini topishi muqarrardek tuyuladi, xolos. Bironta odam daftarimni olib o‘qishga botinolmaydi, uni bemalol yostiq tagida yoki tortmada saqlashim mumkin: “Injiqlik bo‘lsa ham hamshiralar, xonani deyarli har kuni tozalab ketuvchilar va hatto muolaja qiluvchi shifokorlar ham tegmasligini tushuntirib qo‘y”, – deya Ramosdan iltimos qilganman; doktor Ramos menga xalal bermaslikni buyurgan, to‘g‘ri-da, uni tinch qo‘yish kerak, sho‘rlik shu bilan ovunar balki.

Demak, yo dushanba, yo seshanba, chorshanba yoki payshanba kuni dafn marosimi. Avji yoz pallasida Chakarita, hech bir mubolag‘asiz aytaman, issiqdan yonadi, yigitlar rosa qiynaladi o‘ziyam, tasavvur qilaman, Pincho ikki yoni tugmali, qoplama kift o‘rnatilgan kostyumda, qachon kiysa Akosto askiya qilib ko‘zini ochirmasdi, o‘zi-chi, doim yengil kurtka kiyib yuradigan Akosto dafn marosimi, buning ustiga, yaqin do‘stini so‘nggi yo‘lga kuzatib qo‘yayotibdi – kostyum kiyib olgan bo‘ladi, bu ham yetmagandek galstukda, ko‘rsang – qotasan! Fernandito ham shu, qisqasi, ajralmas uch og‘a-ini botirlarning hammasi shu yerda bo‘ladi, so‘ng albatta Ramos – marosim tugamaguncha u hech qayoqqa ketmaydi, oxirigacha qoladi shu yerda, keyin Alfredo – u Liliana bilan oyimni qo‘ltiqlab olgancha ularga qo‘shilib yum-yum yig‘laydi. Astoydil, bularning hammasi samimiy, chunki hammalari meni qanchalar yaxshi ko‘rishlarini bilaman, ular menga qattiq o‘rganib qolishgan edi, bir kun ko‘rishmasa yeganlari ichiga tushmasdi – endi nima qilishadi, hayronman; baqaloq Tresaning dafn marosimiday bo‘lmaydi – unda ulfatchilik qilib yurganimiz hurmati oilasi oldidagi burchimizni ado etishga borgandik, xolos, shu sababli bir maromda davom etib kelayotgan odatiy hayot quchog‘iga qaytish, tezroq unutish istagi kuchli edi. Endi bunaqa bo‘lmaydi. To‘g‘ri, odam banda, charchaydi, qorni ochadi, ayniqsa, Akostoga og‘ir, u: “Qornim piyozni po‘sti bo‘lib ketdi”, – deydi shikoyatomuz, lekin, ko‘z tegmasin, ishtahasi karnay uni, bu jihatdan hech kim uning oldiga tusholmaydi; biroq do‘stlariga jonlari achishib, shunday yosh, avji kuchga to‘lgan paytda uning o‘lib ketishini lozim ko‘rgan taqdirni har qancha la’natlashmasin, baribir, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, hayot davom etyapti, metroga tushish haliyam huzur bag‘ishlaydi, uyga borgach, muzdekkina suvda cho‘milsang yengil tortish tugul badaning, hatto ruhing yayraydi, rohatlanasan, vijdoning ozgina qiynalgani baharnav – ishtaha bilan ovqatlanasan, lekin bunaqa og‘ir kun, aza, motam oldida boshlar quyi egilgan, gulchambarlardan anqiyotgan hid, ketma-ket chekilgan sigaretlar va qabristonning ensiz yo‘lkalaridan behol, ohista yurib borishlar ochlik tuyg‘usini bosolmaydi, har doim shunday bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi, yolg‘on gapirishdan nima foyda, men ham shunday qilgan bo‘lardim. Fernandito, Pincho va Akostolarning gazakxonaga borish­larini tasavvur qilishning o‘zi bir gasht, ular birga borishadi, albatta, chunki baqaloq Tresaning dafn marosimidan keyin ham shunday qilgan edik, ulfatlar birga bo‘lgani durust bunaqa og‘ir kunda, yaxshi musallas ichsa ozgina bo‘lsin g‘amni unutadi odam, kalla-poycha yeyishsa kerak; jin ursin, ular qanday o‘tirishgani ko‘z oldimda shunday gavdalansa deng: dastlab Fernandito qadahni shaxt ko‘tarib ichadi-da, xudoning o‘zi kechirsin, deb kolbasaning katta bir bo‘lagini og‘ziga soladi, Akosto ko‘zini g‘ilay qilib unga qaraydi, lekin Pincho o‘zini tutib turolmay kulib yuboradi, shunda Akosto, umuman olganda, Akosto odamshavanda yigit, ularga o‘zingni xudojo‘y qilib ko‘rsatishning hojati yo‘q, degandek, Pinchoga qo‘shilib hiring-hiring kuladi, so‘ng kulaverib yoshlangan ko‘zlarini artadi-da, sigaret tutatadi. Biri olib, biri qo‘yib meni eslab ketishadi, oramizda bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni uzoq eslashadi, hayotimizda ro‘y bergan qanchadan-qancha hodisalar, bizni bir-birimizga bog‘lab turgan mehr-muhabbat, oqibatdan iborat rishtalar haqida, daf’atan Akosto yoki Pinchoning yodiga tushgan gina-kudrat, arazlab gaplashmasdan yurgan paytlar to‘g‘risida armonlar va umidlar, ushalmagan orzular bormi – hamma-hammasini eslashadi. Xayrlashib ketish og‘ir bo‘ladi ularga, chunki xuddi shu kunlarda yana kechagi, o‘tgan kungi, qisqasi, shu kunga qadar davom etib kelgan eski hayot yana ularni o‘z qa’riga oladi, o‘zga iloj yo‘q – uy uyiga, tepa to‘yiga – janoza tugadi, tamom. Xayrlashish ko‘mish marosimidan ko‘ra og‘irroq. Alfredo bundan mustasno, u bizning davradan bo‘lmagani uchun emas, aslo, lekin uning boshqa vazifalari bor, u Liliana bilan oyimning holidan xabar olib turadi; buni na Akosta, na boshqasi eplaydi, hayot oshna-og‘aynilar o‘rtasida alohida munosabatlar o‘rnatar ekan, hammalari bizning uyimizda ko‘p bo‘lishardi, oyim do‘stlarimning barini birday yaxshi ko‘rardi, uyimizga qaysi biri kirib kelmasin, boshi ko‘kka yetardi, lekin Alfredoning o‘rni tamomila boshqa edi, u kelsa uyimiz to‘yxonaga aylanardi, oila a’zolarimning hammasi xursand; o‘zi ham ketishga oshiqmasdi, oyim bilan gulko‘chatlar va dori-darmonlar xususida soatlab gaplashardi, Pochoni hayvonot bog‘i yoki sirkka olib borishni kanda qilmasdi; o‘zi bo‘ydog‘-u, barchaning ko‘nglini olishga harakat qiladi, oyimning toblari qochganda, albatta, pishiriq yoki shokolad keltirar, qarta o‘ynab zeriktirmasdi, lekin hammadan ham Lilianani boshqacha ko‘rardi – qisqasi, u chin do‘st edi, bu yog‘iga, ayniqsa, ikki kun ko‘zyoshlarini yashirib yurishiga to‘g‘ri keladi, balki Pochoni dala hovlisiga olib borar, lekin ishonchim komilki, borgani bilan tezlik bilan iziga qaytadi – oyim bilan Lilianani ko‘zi qiyadi deysizmi? Bu ham yetmagandek, oilada erkak kishi nima qilishi lozim bo‘lsa, hammasini zimmasiga oladi, nolimaydi, dafn marosimini o‘tkazuvchi tashkilot bilan kelishib, tartib bilan zarur-nozarur irimlarning hammasini o‘tkazadi, holbuki, ayni paytda keksa otam Meksikadami, Panamadami aylanib yurgan bo‘ladi, boyaqish marosimga yetib keladimi, yo‘qmi, noma’lum, shu sababli Lilianani aynan Alfredo olib boradi qabristonga – oyimning borishiga ruxsat berishmasa kerak – Lilianani qo‘ltiqlab olgancha, uning a’zoyi badanidagi titroqni his qilgan ko‘yi, bir vaqtlari baqaloq Tresaning rafiqasiga men nimalar degan bo‘lsam, xuddi o‘shanday befoyda, ammo zarur so‘zlar bilan taskin-tasalli beradi va bekorchi safsata, hatto savob bo‘ladigan yolg‘on-­yashiq gaplarni emas, yo‘q, shunchaki: “Men yoningdaman”, – deydi, – shuning o‘zi katta gap.

Eng yomoni, qaytib kelishayotganida qiyin bo‘ladi ularga, ungacha – marosim va gullar, ta’ziya bildirib uzatilgan qo‘llarni siqib qo‘yishlar, sag‘ana oldida sukut saqlab turish, dafn marosimini tashkil etgan xodimlarning aniq xatti-harakatlari, alohal, ijaraga olingan avtomobil, ayniqsa, uyga qaytib borgach, ishxonadan qilingan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish, Liliananing ko‘nglida hayotga umid uyg‘otuvchi Ramosning yupatishlarisiz hech narsa tatimaydi, Alfredo unga qahva qaynatib beradi va: “Pocho dala hovliga borsa maza qiladi o‘ziyam, o‘tgan safar borganida maza qilib poni mingan, boshqa bolalar va peonlarning bolalari bilan o‘ynagandi”, – deydi, lekin oyim bilan Lilianaga qaramasa bo‘lmaydi, Alfredochalik bizning uyni yaxshi biladigan kim bor, hech bir ikkilanmay aytaman, u bir paytlar qarta o‘ynab, bor pulini yutqazib, alamiga chidayolmay rosa konyak ichib, o‘chib qolgan Fernanditoni olib kirib yotqizgan mening xonamdagi divanda tun bo‘yi bedor o‘tirib chiqadi. Liliana bir necha haftadan buyon yakka o‘zi yotib, qattiq charchaganidan hamma yog‘i qaqshab og‘riydi – uxlash qayerda deysiz, Alfredo Liliana bilan oyimga tinchlantiruvchi dori berishni unutmaydi, Sulema xola hammaga jo‘ka gulidan qo‘shib damlangan olma choy ichiradi, Alfredo g‘amxo‘rlik bilan uni jim-jit xonaga yotqizadi-da eshigini zich yopib qo‘yadi, so‘ng o‘ziyam divanga yonboshlashidan avval yana bitta sigara tutatadi – u oyimning oldida chekishga botinolmaydi, chunki tutundan oyimning yo‘tali xuruj qilishi mumkin.

Nachora, shunisiga ham rahmat, jillaqursa, Liliana bilan oyim o‘zlarini bu qadar yolg‘iz sezishmaydi yoki undan battari, azador xonadonga ta’ziya bildirish uchun mo‘r-malaxday yopirilib keladigan uzoq qarindoshlarning hamdardligi, achinishlaridan xoli bo‘lishadi, ko‘pincha bir qavat yuqorida yashaydigan, to‘yda ham, azada ham biznikida bo‘lishiga o‘rganib qolganimiz, Sulema xola bilan oilamizning qadrdoni Alfredo shu yerda qolishadi; ehtimol, boshida, bir soatlardan keyin qarindoshlarning quchoqlashib ko‘rishishlari va balandparvoz ohangda hamdardlik bildirishlariga chidagandan ko‘ra judolik alamini his qilish yengilroq kechadi; ishonchim komilki, Alfredo ularni bu izdihomdan asray oladi, Ramos oyim bilan Lilianani kirib ko‘radi, ularga uyqu dori yozib beradi, Sulema xolaga esa hapdori qoldiradi. Nihoyat, qorong‘u tushib uyni sukunat va zulmat qoplaydi, yolg‘iz cherkov qo‘ng‘iroqlarining sadolariyu gohi-gohi allaqayerdan mashina signallarining ovozi eshitiladi, umuman olganda, bu yerlar tinch, beshovqin. Bedorlik tufayli karaxt Lilianani ham sekin-sekin uyqu domiga tortadi, u chuqur-chuqur esnaydi, so‘ng bahaybat mushukka o‘xshab g‘ujanak bo‘lib oladi, bitta qo‘li atir va ko‘z yoshlaridan nam tortgan yostiqda, ikkinchi qo‘lining bilagi esa xuddi uyqudagi go‘dak singari yuzi bilan chakkasi ostiga jajjigina yostiq qo‘yib berishganidek yotadi. Uxlayotgan Lilianani aynan shunday tasavvur qilish oson va yaxshi, chunki Liliana birinchi kun tugab kechagi kunga aylanayotganini g‘ira-shira his qilgancha zim-ziyo g‘orning yoki yer osti yo‘lining adog‘ida turibdi, darparda oralab o‘tayotgan nur, boya Sulema xola javonni ochib qora ko‘ylaklar bilan yuzni to‘sish uchun to‘r pardalar olayotganda xonani to‘ldirib, derazadan tushayotgan paytdagiga qaraganda ro‘y bergan hodisaga nisbatan dillarda uyg‘ongan eng so‘nggi, befoyda norozilik tufayli hamda judolik uqubatlariga chidayolmayotgan ko‘zlarini to‘ldirgan, limmo-lim qo‘shilib ketgan yog‘duga nisbatan tamomila o‘zgacha edi. Bundan buyon tong nuri uzuq-yuluq tushlaridan sitilib chiqqan xotiralar og‘ushida uyg‘onishidan avvalroq uning xonasini yoritadi. Mana shu yolg‘izlikda, shu to‘shakda va mana shu xonada butunlay o‘zgacha boshlanajak kunda, tamomila yolg‘iz qolganligini his qilib yotganida, Liliana ehtimol yostiqqa yuzlarini burkab yum-yum yig‘lab yuboradi, ajabo, hech kim uni yupatgani kelmaydi, to‘yib-to‘yib yig‘lab olsin, degandek birov xabar olmaydi ham, faqat anchadan keyin, oppoq choyshab ichra uyqusirab yotganida shavqsiz, befayz kun, qahva, ohista surilgan darparda ilgaklarining shiqirlashi, Sulema xola, kungaboqarlar bilan otlar, rosa urinib axiyri to‘rga tushirgan suzgichlari keng, kattakon laqqa baliq, shuningdek kaftiga zirapcha kirgani va don Kontreras yara-chaqalarning bir zumda zahrini oladigan malhamli mato yopishtirib qo‘ygani haqida aytib berish uchun dala hovlidan qo‘ng‘iroq qilayotgan Pochoning ovozi hayot davom etayotganidan darak beradi. Alfredo Lilianani katta xonada kutib o‘tiradi, qo‘lida har doimgidek gazeta, u oyingiz tinchgina uxladi, Ramos o‘n ikkida keladi, deb o‘zicha ko‘ngil olgan bo‘ladi va tushdan keyin Pochoni ko‘rib kelish uchun dala hovliga uni taklif etadi, bunaqa issiqda dala hovliga yoki umuman shahardan tashqariga chiqib ketgan ma’qul, umuman olganda, hatto oyimizni birga olib ketishimiz mumkin, toza havoning odamga ta’sir qilishi aniq, balki hammamiz haftaning oxirigacha o‘sha yerda qolarmiz, Pocho rosa xursand bo‘ladi-da. Birga borishga rozi bo‘lishadimi, yo‘qmi Lilianaga baribir, buni hamma tushunadi, uning nima deyishini ham bilishadi, tong otadi, oppoq tong, indamay nonushta qilishadi, to‘qimachilarning ish tashlaganlari haqidagi suhbatga beg‘amgina beparvolik bilan qo‘shilishlar, “yana bir piyola qahva tayyorlab bering”, degan iltimoslar va yana ulab qo‘­yilgan telefon yoniga borib gaplashishlar, xorijdagi qaynotasidan kelgan telegramma, muyulishda ikkita mashina to‘qnashib ketgani tufayli shovqin-suron ko‘tarib, hushtak chalishadi, devor ortida shaharga xos odatdagi hayot qaynab-toshadi, soat ikki yarim, oyim va Alfredo bilan dala hovliga bormasa bo‘lmaydi, har qalay, qanaqa zirapcha ekan o‘zi, bola bola-da, baribir, har narsa bo‘lishi mumkin, Alfredo mashina haydaydi, don Kontreras bunaqa paytda har qanday vrachdan ko‘ra yaxshiroq biladi nima qilishni, deb oyim bilan Lilianani xotirjam qiladi, Ramos-Mixia qish­log‘ining ko‘chalari, quyosh olov purkaydi, devorlari ohak bilan oqlangan salqin xonalarga kirib jon saqlash, soat beshga borib mate ichish, aloha, Pocho o‘zi tutgan baliqni ko‘rsatadi: “Baliqning oyqulog‘i sasiy boshlagan, lekin o‘zi chiroyli, juda bahaybat, daryodan tortib chiqarish rosa qiyin bo‘ldi-da, oyi, qarang, tishlarining o‘tkirligini, qarmoqning ipini uzishiga oz qoldi, aldayotganim yo‘q, qarang tishlarini o‘tkirligini”. Xuddi fotosuratlar yopishtirilgan albomni varaqlayotgandek yoki film ko‘rayotgandek bo‘lasan, qiyofalar va iboralar, shavqsiz, zavqsiz hayotini to‘ldirishga yordam bergandek go‘yo hammasi birin-sirin ko‘z oldingdan lip-lip o‘tadi, qarang, senora, Karmen qanaqa qovurdoq qilganini, biram latif va lazzatli, bir tishlam bo‘lsayam oling, lahm go‘shtdan tayyorlangan, ozgina achchiq-chuchuk bilan, boshqa yemasangiz ham mayli, bunaqa issiqda tomoqdan o‘tishi ham qiyin, men o‘zim bilan hashoratga qarshi sepiladigan dori olib kelganman, ehtiyot-shart deb, ayniqsa, bunaqa paytda chivin qaynaydi bu yerda. Alfredo Lilianaga bir og‘iz gapirmaydi, Pochoning qo‘lini silab o‘tiradi: “Qalay, og‘ayni, baliq ovlash bo‘yicha chempion bo‘libsan-ku, ertaga kallai saharda turib birga boramiz ovga, menam omadimni bir sinab ko‘ray, ehtimol, senga o‘xshab zo‘rini tutib qolarman, aytishlaricha, shu yerlik bir dehqon uch kilolisini tutib olganmish”. Shiypon g‘ir-g‘ir shabada, oyim halinchak kursida mizg‘ib o‘tirishlari ham mumkin, don Kontreras to‘g‘ri aytibdi, yarang arzimagan ekan, hammasi yaxshi, qani, xol-xol ponida qanaqa yurishingni bizga ham ko‘rsat-chi, qarang, oyi, chopishini, men sirayam qo‘rqmayman, biz bilan borasizmi ertaga baliq ovlagani, men o‘zim o‘rgataman sizga, meni aytdi dersiz, juma kuni havo zo‘r bo‘ladi, rosa baliq ovlaydigan kun, Pocho don Kontrerasning o‘g‘li bilan kimo‘zarga poyga o‘ynashadi, qoq tushda o‘tirib nari-beri ovqatlanishadi, oyim jo‘xori so‘tasini tozalashga qarashadi, Karmenga, baloga yo‘liqsin, sira tuzalmayotgan qizining yo‘taliga qarshi nima qilish lozimligini o‘rgatadi, jazirama yoz tafti o‘tirib qolgan bo‘m-bo‘sh xonada tushdan keyin mizg‘ishadi, dag‘al choyshabda yotish biroz noqulay, shiyponda o‘tirishganda qorong‘u tushadi, chivinlardan bezor bo‘lib gulxan yoqishadi, Alfredo uning yonginasida odob doirasidan chiqmay o‘tiradi, qoyil qolish kerak unga, zarracha malol keladigan ortiqcha gap qilmaydi, savol bermaydi, qoyil qolish kerak Alfredoga, yonida o‘tirgani bilan Pochodan ortmaydi sira, hammaning ko‘ngliga qaraydi, hammalaridan bir xilda rovish oladi, jim-jit bo‘lib qolishganda, nima deyishni biladi doim, noqulay vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi, fursatni boy bermay limonad ochib, finjonlarga quyib uzatadi, dastro‘mol olib beradi, yangiliklar, ish tashlashlar va Nikson haqidagi xabarlarni ting­lash bahonasida radio qo‘yadi, boshqa nimayam kutish mumkin, tavba, qanaqa mamlakat bu o‘zi?!

Bir hafta ko‘z ochib yumguncha o‘tadi, Pochoning qo‘lidagi yara ham bitay deb qoldi, ular dushanba kuni ertalab, hali kun isib ulgurmasidan Buenos Ayresga qaytib kelishadi, Alfredo ularni uyga qo‘yib, o‘zi qaynotani kutib olgani ketadi, Ramos ham u bilan Eseys tayyoragohiga yo‘l oladi, Fernandito esa oyim bilan Lilianaga ko‘maklashgani qoladi, kimdir bo‘lishi kerak-ku ularning yonida, soat to‘qqizlarda qizini yetaklab Akosto keladi, yaxshi o‘ylabdi, yuqori qavat-u, lekin Sulema xolanikida Pocho ikkovi zerikmasdan o‘ynaydi, hamma narsa o‘zgarib qolgandek, qabristondan qaytib kelishsa xuddi begona yerga o‘xshaydi, Liliana qariyalar bilan andarmon bo‘ladi – boshqa iloj yo‘q, picha dardini unutadi, Alfredo, Fernandito va Akosta unga ko‘maklashadi, ammo-lekin Fernanditoga qoyil qolish kerak, u Liliana uchun, Lilianani deb o‘lib-tiriladi, darhol gap nimadaligini payqab, Lilianaga yengil bo‘lsin uchun qaynotasini narigi xonaga chiqib dam olishga taklif etadi, to‘g‘ri-da, shuncha yo‘ldan kelgan keksa odam, yo‘l azobi – go‘r azobi deyishadi, rost-da, birin-ketin hamma tarqab ketadi, faqat Alfredo bilan Sulema xola qolishadi, uyga jimlik cho‘kadi, Liliana tinchlantiruvchi dori ichib, uxlagani itoatkorona xonasiga kirib o‘rniga yotadi va o‘sha zahoti dong qotib uxlab qoladi. Ertalab Pochoning katta xonada shovqin ko‘tarib u yoqdan bu yoqqa yugurgani, qariya shippaklarining shipillagan tovushi, telefon qo‘ng‘irog‘ining jarangi, yo Klotilda yoki Ramos bo‘lsa kerak, oyim issiq loxas qilayotganidan yoki havo dimligidan zorlanadi, nima ovqat tayyorlash lozimligi haqida Sulema xola bilan maslahat qiladi, soat oltida Alfredo, ba’zan Pincho sing­lisi bilan yoki Akosta qizi bilan keladi, tajribaxonada birga ishlaydigan hamkasblari ta’ziya bildirgani yo‘qlashadi va: “Uyda o‘tiraverib, to‘rt devor ichida qolib siqilgandan ko‘ra ishga chiqsang yozilasan, – deb tushuntirishadi, – jillaqursa, biz uchun chiqaqol, bilasan o‘zi kimyogarlar yetishmaydi, ayniqsa shu kunlarda sen zarursan, yarim kunga bo‘lsa ham, sal chalg‘iysan”, – deb uqtirishadi. Birinchi safar Alfredo eltib qo‘yadi tajribaxonaga, chunki Liliana hozir mashina haydolmaydi, so‘ngra uni qiynamaslik maqsadida o‘zi haydab boradigan bo‘ladi, gohi-gohida u o‘zi bilan Pochoni olib ketadi-da ishdan keyin hayvonot bog‘igami, kinogami borishadi, tajribaxonadagilar unga avji yangi vaksina tayyorlashayotgan paytda yordami tekkani uchun minnatdorlik bildirishadi, dengiz bo‘yidagi tumanlarda yuqumli kasallik tarqagani tufayli, tajribaxonada allamahalgacha ushlanib qolishiga to‘g‘ri keladi, umuman, ish ovuntirmay iloji yo‘q, hamkasblari bilan birdan Rosarioga xizmat safariga borish, yigirma quti ampula, ish mana bunday bo‘pti, Pocho kollejga qatnay boshlagan, Alfredo hozircha bolalarni arifmetika fani bo‘yicha tamomila boshqacha o‘qitishadi, deya xunobi oshadi: “Savollarini tushunsam o‘lay agar, qariyalar damini olib o‘tirishadi, bizning davrimizda boshqacha edi, Alfredo, bizni husnixatga o‘rgatishardi, chiroyli yozmaslikka yo‘l qo‘yishmasdi, bu bolaning yozganlarini ko‘r, aji-buji – shunaqayam bo‘ladimi, muallimlar qayoqqa qarashyapti, bu ketishda ishlar pachava-ku”. Lilianaga indamay tikilib o‘tirish naqadar yaxshi, hayhotday divanda jajjigina bo‘lib olgan, gazeta osha ko‘z tashlab qo‘ysang-u, jilmayishini ko‘rsang, so‘zsiz tushunasan uni, u qariyalarning gapi to‘g‘ri, deydi va o‘zi esa xuddi yosh qizchalardek unga uzoq jilmayadi; lekin bu uning samimiyat to‘la ilk kulgusi edi, Pocho bilan sirkka borib yurganlarida shunday qilardi, Pocho kollejda darslarni yaxshi o‘zlashtirayotgani uchun muzqaymoq bilan ko‘rfazda sayr qilishga erishadi. Sovuq kuchayib, kasaba uyushmasida ham muammolar ko‘pa­yib, tez-tez viloyatlarga borishga to‘g‘ri kelgani sababli Alfredo oldingidek har kuni kelmaydi, ba’zida Akosta qizi bilan xabar oladi, yakshanba kunlari Fernandito yoki Pincho yo‘qlaydi, bunga alohida ahamiyat berish shart emas, chunki hamma o‘zidan ortmaydi, tashvishlari yetarli o‘zlariga, kunlar esa xiyla qisqarib qoldi, Liliana tajribaxonadan kech qaytadi, o‘nli kasr bo‘yicha hamda Amazonka daryosining havzasi haqida hech narsa bilolmay boshi qotgan Pocho bilan birga dars tayyorlashga o‘tiradi, oxir-oqibat u bilan yolg‘iz sadoqatli Alfredo birga qoladi, katta xonalarga qari-qartang kirib dam oladi, halovat istagan vujudlar yayraydi, kechqurun kamin yonida mamlakatdagi muammolar, oyimning salomatligi haqida past ovozda suhbatlashib o‘tirishganida Alfredo Liliananing yelkasiga qo‘lini qo‘yadi: “Charchayapsan judayam, shuning uchun so‘lg‘in ko‘rinasan, – deydi, bu yolg‘on, lekin baribir bunga javoban uning lablarida minnatdorlik tuyg‘ulari aks etgan tabassum uyg‘onadi, – ilojini topib dala hovliga yana boramiz, doim bunaqa sovuq bo‘lmaydi-yu, to‘g‘rimi, doimiy narsaning o‘zi yo‘q”. Liliana uning qo‘lini ohista olib qo‘yadi va sigaret izlab xontaxtaga ko‘z yugurtiradi, so‘zlar hech narsani anglatmaydi, Alfredo unga doimgidek termilib qaraydi, qo‘llari uning yelkalaridan yana quchadi, ular boshlarini xiyol egib, manglaylarini bir-birinikiga bosib shivirlashadi, so‘ng shu ko‘yi uzoq jimib qolishadi, uning yonog‘ini beozor bo‘salar kuydiradi.

Nima qilarding, bo‘lar ish bo‘ldi, gapirishning hojati yo‘q. Titrayotgan barmoqlari orasidagi sigaretni yoqib olish uchun Liliana tomon engashib, so‘zsiz umid qilish kerak, xolos, ehtimol, chindanam gapirish shart emasligini aniq bila turib ham shunday qilish lozimdir, shundoq ham Liliana ichiga chuqur tortadi-da, xo‘rsinish aralash tutunni chiqarib yuboradi va titrab-qaqshab hiq-hiq yig‘lashga tushadi, Alfredoning yuziga tegib turgan yonog‘ini olib qochmay, qarshilik qilmay va unsiz ko‘zyoshlarini to‘kkancha endilikda yolg‘iz uning uchun, yakka uning o‘ziga ayon bo‘lgan hissiyot to‘lqiniga g‘arq bo‘layotganini yashirmoq maqsadida unsiz ko‘zyosh to‘kadi. Siyqasi chiqqan iboralarni shivirlash befoyda, Lilina yig‘layotibdimi, bas, tamom, bu uning chorasizligi, o‘zga iloji qolmaganini ang­ladi degani, bu eng oxirgi chora – qismat, bu yog‘iga o‘zga hayot boshlanishi muqarrar bo‘lgan chegara! Uni yupatish, tong qotib qolgan har bir lahzani bir onda chizilgan rasmlar kabi abadiylashtirishdek adoqsiz kun jarayoniga yordam tariqasida o‘tmishdagi osoyishta va xotirjamlikdan iborat halovatini tiklab berish, ushbu so‘zlarni daftarga yozish kabi mumkin bo‘lganda edi…

Mabodo, shularning barini amalga oshirish imkoni bo‘lganda edi, biroq qorong‘u tushib Ramos ham kirib keladi, u eng oxirgi tibbiy tahlil natijalarini ko‘zdan kechira turib talvasaga tushib, avval chap qo‘limni, keyin o‘ng qo‘limning tomiriga barmog‘ini bosib yuragim urishiga quloq soladi, taajjublanayotganini yashirolmay ustimga yopilgan choyshabni tortib oladi-da yalang‘och holda a’zoyi badanimni ko‘zdan kechiradi, biqinimni paypaslab ko‘radi-yu, hamshiraga notayin topshiriqlar beradi, men baayni elas-elas g‘alati bir narsani ilg‘ay boshlayman, g‘alati juda, chunki bunday bo‘lishi mumkin emasligini men bilaman-ku, Ramos yanglishayapti, bularning bari yolg‘on, haqiqat butunlay boshqa narsada – uning mendan bekitmagan muddatida aks etadi axir, Ramos jilmayadi, go‘yo umidlari puchga chiqqanu shuning uchun garangsib, buni qabul qila olishga qodir emasdek uning yana biqinimni, qornimni g‘alati tarzda paypaslab ko‘rishi, bema’ni ilinji, menga hech kim ishonmaydi, og‘ayni, men bo‘lsam shuni bo‘ynimga olishga urinyapman, ehtimol, chindanam shundaydir, kim biladi tag‘in, men qaddini rostlab yana so‘ljayib farmoyish berayotgan Ramosga tikilaman, uning ovozi shunaqa chiqadiki, bu to‘rt devor ichidagi g‘ira-shira qorong‘ulik qo‘ynida necha-necha kunlar yarim behush yotganimda biron marta ham eshitmagandim va chindan shunday ekaniga asta-sekin o‘zimni ishontirishga muyassar bo‘laman, biroq hozir, hamshira chiqib ketishi bilanoq undan ozgina kutib turishni, bu xususda Lilianaga aytishdan avval, uning uyqusini buzmay, shuncha paytdan buyon ilk bora yolg‘izlik yamlamagan tushidan va bu tush aro bag‘riga bosib quchoqlayotgan kimsaning qo‘llaridan nogoh yulqib olmasdan, loaqal ertalabgacha kutaqol, deya undan albatta so‘rash darkor…

 

Xulio Kortasar

(1914–1984)

 

“Imtihon”, “Yutuq” romanlari, “Ta’qibchi”, “Manuelning kitobi” kabi qissalari, “Boshqa bir osmon”, “Janubiy shosse”, “Avtobus”, “Iblis so‘lagi”, “Istilo qilingan uy” kabi hikoyalari jahon adabiyotiga munosib ulush bo‘lib qo‘shilgan.

 

Rus tilidan Olim OTAXON tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.