11 daqiqada öqiladi

91 marta körilgan

Onalar oğuşoda qolgan umr

Tilak Jöra

– Eşitdingizlarmi, endi “Tarjima nazariyasi”ga şoir Tilak Jöra kirar ekan!

– Ey, şoir ham dars ötadimi?

– Ötganda qandoq, fan nomzodi, ilmiy darajasi bor…

Oğizdan oğizga köçgan bu yangilik bir zumda talabalargagina xos mulohazalarga ham sabab böladi:

– “Yuqori kurs”dagilardan söraş kerak. Işqilib, imtihon-u sinovlarda juda qattiqqöl emasmikan!..

Qoraçadan kelgan, ozğin, biroz böyçan Tilak Jöra öşa kezlari (ötgan asrning 85-yili) qirq yoşlar atrofida edi. Ilk darsdayoq örtadagi begonalik hissini “quvib yuboriş” uçun bölsa kerak, öziga yaraşgan jarangdor ovozda şeʼr öqiy boşladi:

Ot çoptirib çiqding uyingdan,

Ot çoptirib qaytgin, ilohim!

Qölingdagi jiloving kabi

Erking bölsin özingda doim.

 

Mayli, meni öylama, bolam,

Topganingni sarf qil özingga.

Lek birovga bölmagin qaram,

Nam tegmasin sira tizingga.

 

Ulğaytirdim polvonim deya,

Toliqqanda darmonim deya.

Şamol kabi yelib borasan,

Olisdagi osmonim deya.

 

Osmoningni olib qayt, bolam,

Qolib ketma osmon vaslida.

Otang qurgan bu kiçik hujra

Osmondan ham kengdir, aslida.

 

Ot çoptirib çiqding uyingdan,

Ot çoptirib qaytgin, ilohim!

Qölingdagi jiloving kabi

Erking bölsin özingda doim.

 

Özbekiston va qöşni respublikalarning turli burçaklaridan, asosan, “Şoir bölaman”, “Yozuvçi bölaman” degan orzu-niyatlar bilan Toşkentga kelib, universitetning jurnalistika fakultetiga öqişga kirgan biz yoşlarga taqdirning bebaho inoyati edi bu holat. Kiriş imtihonlarida, undan avvalroq ham – hujjat topşirayotganimizda qabuldagilar, öqituv­çilar ijodiy işlarimiz bilan tanişib, “Bu yerda şoir yoki yozuvçi emas, faqat jurnalist tayyorlanadi, buni yaxşilab uqib olinglar” deb qayta-qayta taʼkidlaşgan edi. Şungami, öqiş davomi­da umuman badiiy ijod haqida gaplaşmasak kerak, deb öylab, könikib ham qolgandik. Ayni paytda esa olislarda qolgan ota-onalarimizning içkin orzu-niyatlari quyma ifodasini topgan “Ona niyati” deb nomlangan şeʼr – badiiy ijod namunasi şaxsan universitet öqituvçisi tomonidan aytilib, quloq­larimiz ostida jaranglab turganiga bir işonib, bir işonolmay turardik.

– Xöş, oralaringizda kimlar şeʼr, kimlar hikoya yozadi? Qani, yaxşilab tanişib ola­miz. Ö-hö, hali qissa, drama yozganlar ham bormi? Yaxşi, vaqti bilan hammasini öqiymiz, muhokama qilamiz, albatta. Hozir esa şoirlar bittadan şeʼr aytsin, şunga nima deysizlar?

Tilak Jöra auditoriyaga sinçkov köz taşladi va saboqdoşlarining qistoviga böyin bermayotgan “şoirlar”ni minbarga çorladi.

– Qani-qani, tortinmanglar, minbarga marhamat. Bittadan eng yaxşi şeʼrimizni öqiymiz!

Bunday samimiy muloqot auditoriyaga öz taʼsirini ötkazmay qolmadi. Kimdir tortinib, kimdir hayqirib şeʼr öqişga kirişib ketdi. Bugun öylab qarasam, talabalikning birinçi bosqiçida aksariyat saboqdoşlarimiz şeʼrlar maşq qilgan ekan. Hozirda Özbekiston xalq yozuvçisi, u vaqtda talaba Isajon Sulton Öljas Sulaymondan tarjimasini öqidi. Şeʼrning nomi yanglişmasam “Qiz quviş” edi:

“Meni quvib yet, yigit,

Quçoqlagin, öp, yigit…”

Bir pokiza, bir dilga yaqin davrlar ekan. Bir oila bolalariday bir-birimizning yutuqla­rimizdan quvonardik. Ustozlarning “O, ajoyib!” degan bir kalima olqişi dunyoning bor eʼtirof­laridan baland edi.

Nurli odam davralarga nur olib kiradi de­yişadi. Tilak Jöra biz tolibi ilmlar begonasirab turgan dorilfununni ana şunday nurlantirib berdi. Jurnalistlar “beşigi”da şoir, yozuvçi yoki dramaturg ham voyaga yetişi mumkin degan qaraşni hamişa himoya qildi. Bugun bu gaplarim kimlargadir ğalati, hatto eriş tuyulsa, ajab emas. Gap şundaki, ötgan asr­ning 80-90-yillarida “Jurnalistika fakultetiga faqat maqola, xabar, oçerk, lavha singari matbuot janrlariga oid materiallari çop etilgan abituriyentlarning hujjatlarini qabul qiliş kerak. Badiiy ijod bilan şuğullanayotganlar filologiya fakultetiga borsin!” degan mulohazalar ustuvor edi. Keyinçalik ana şunday bahs-munozaralarning birida zabardast olim, matbuot ilmining nuktadon bilimdoni Oçil Toğayev söz olib, bu masalaga uzil-kesil nuqta qöyganlarini ham yaxşi eslayman. “Badiiy ijod namunalarini taqdim etgan yoşlarning hujjatlarini qaytariş katta xato, – degandi öşanda Oçil Toğayev. – Öspirinlik çoğida hammayam şeʼr, hikoya yozadi. Lekin ular­ning barçasi ham şoir yoki yozuvçi bölavermaydi. Oralari­dan xayolot olamini emas, borliq hayotni tadqiq qilişga qiziquvçilar, albatta, köplab çiqadi. Ana şular keyinçalik haqiqiy jurnalist, jurnalistikaning çin ustuni böladilar. Şuning uçun bu masalaga uzoqni közlab, bağrikenglik bilan yondaşiş kerak!”

Bular “lirik çekiniş”lar emas. Tilak Jöra şaxsiyatini yorqinroq tasavvur etiş uçun ayrim voqeliklar haqida batafsil töxtaliş joiz, menimça. Şunday qilib, hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda, köngillarimiz tusagan suhbatlarga arjumandlik nasib etib turgan bir pallada men harbiy xiz­matga çaqiruv qoğozi oldim. Taqdir ekan, sobiq sovet ittifoqi qöşinlari tarkibida Ukraina respublikasi hududida ikki yil harbiy xizmatda böldim. Öşa yillari şörolarning Afğon zaminida bosqinçilik uruşi davom etayotgani uçun bizlarni şart-şaroiti bir-biriga yaqin degan maqsadda Qrim toğlarida jangovar harakatlarni örganişga taşlaşdi. Maşğulotlar “Maşqda qiyin bölsa, jangda oson keçadi” naqliga hamohang edi. Zamonaviy qurol-yaroğlarni toğ şaroitida qöllaş öquv darslari va jismoniy tayyorgarliklarning nihoyatda tiğizligidan şeʼr, adabiyot haqida öylaşga deyarli böş vaqt bölmadi. Bular kamlik qilganday dviziya harbiylarining yozgi muso­baqalarida samarali qatnaşiş uçun bizning qism askarlari örtasida saralaş ötkazildi-yu, men alohida sport bölinmasiga tuşdim. Sport bölinmasi taomnomasida askarlar tuşidayam körmaydigan şokolad, kun tartibida esa tuşlik uyqu közda tutilgan bölsa-da, tinimsiz yugur-yugurlar hisobiga baribir avvalgi umumiy xizmat közlarimizga “arzanda” bölib körinardi. Bu qiyinçiliklar-ku öz yöliga, ammo bizlarning oxir-oqibat Afğonga “yöllanişimiz” va bu xabar ota-onalarimiz uçun neçoğli afğon bölişini öylab siqilganla­rimiz hammasidan ötib tuşardi. Yöq, Ollohning inoyati, biz begunoh dindoşlarimizning umri-joniga zomin bölmadik. Öşa yili sovet qöşinlarini Afğonistondan olib çiqiş borasida qaror qabul qilindi va hamma birday yengil nafas oldi. Bilmadim, balki bu qarordan norozi zobitlar bölgandir, lekin askarlar quvonçining çeki yöq edi.

Gapning indallosi, Nikolayev, Odessa, Qrim harbiy maşq maydonlarida, dengiz floti askarlari bilan hamkorlikdagi qöşma öquv amaliyotlarida “çiniqib” Toşkentga qaytganimdan söng sokin hayotga könikişim, ijodiy kayfiyatga kirişib ketişim ança vaqtgaça qiyin keçdi. Ana şunday ruhsiz yurgan kunlarimning birida Tilak Jöraga duç kel­dim. Domla sokin qadamlar bilan fakultetimiz binosi tomon borardi. Bor-yöği bir neça soat darslarida qatnaşgan bölsam-da, köngillarda olam-olam taassurot uyğota olgan bu yetuk olim, tarjimon, şeʼriyatda öz yölini topgan taniqli şoirga salom berib, xiyol yölak çetiga tislandim. Salomga alik oliş maʼnosida boşini qimirlatib, men tomonga şunçaki köz taşlagan Tilak Jöra dafʼatan taqqa töxtadi va hozirgaça quloğim ostida öz jarangini yöqotmagan, öşa lahzada esa umuman kutilmagan jonbaxş sözlar yangradi:

– Vaalaykum assalom. Ey, şoir,
eson-omon bormisiz? Qalay, xizmatlar yaxşi ötdimi? Saboqdoşlaringizdan söragandim: “Nega körinmay qoldi”, deb… Durust-durust, bir maj­buriyatdan qutulib olibsiz. Endi heç narsaga çalğimay öqing, izlaning, aslo böşaşmang. Xöş, ijodlar qanday ketyapti, yangi şeʼrlar yozilyaptimi?

Javobimning bir qadar mujmal va sustligi, şaştim ham ançagina pastligi nazardan xoli bölmadi, şekilli, ustoz ortiqça gap-sözga örin qoldirmaydigan bir alfozda topşiriq berdi:

– Hozir jurnalistikada darsim kam. Şunga haftaning har çorşanba kunlari fakultetga kelyapman, xolos. Sizga ikki hafta muhlat, şu vaqt içida yigirmata şeʼrni ma­şinkada terdirib menga olib kelasiz. Köraylik-çi, bu ikki yilning taʼsiri qanaqa bölibdi ijodingizga? Esdan çiqmasin, ikki hafta muhlat!..

Bugun öylab qarasam, yigirmata şeʼrni saralab oliş uçun ularni qay­ta-qayta işlab, erinmay oqqa köçi­rişlarim menga nimadir qoralaş va uni ommaga asar deb taqdim etiş – şunçaki köngil işi emas, adabiyotga, söz sanʼatiga daxldor hodisa ekanini anglaşimga turtki böldi. Axir, kimsan buyuk turk şoiri Nozim Hikmat ijodi va faoliyatini tadqiq etib, katta risola yozgan, ilm qilgan, qolaversa, dunyo adabiyotining yetuk bilimdonlaridan biri bölmiş ijodkor-olimga xom-xatala maşqla­rimni şunday taqdim etişim mumkinmidi?

Aytilgan vaqtda, ança zahmatlar bilan bölsa-da, “topşiriq” bekam-u köst ado etildi. Lekin şundan keyingi haftaning çorşanbasida saboqdoşlarimdan biri Tilak Jöra meni yöqlayotganini aytib qoldi. Tanaffus payti “yurak hovuçlab” ming bir istihola bilan domla dars ötayotgan auditoriya eşigi oldida hozir bölib turdim. Tilak Jöra vaqt tiğizligi bois qisqagina salom-alikdan söng darrov qölimga ikkita xat tutqazib, maqsadga köçdi:

– Mana bu turkumni “Şarq yulduzi” jurnaliga, unisini esa “Yoşlik”ka eltib bering!

Xayolimga birinçi kelgan fikr: ”Şunday taniqli şoir meni öziga yaqin olib iş buyuryapti. Talabaligidan tahririyatlar eşigini tanisin, erta diplomni qölga olganda iş izlab qiynalmaydi, deb ğamxörlik qilyapti”, degan öy keçdi. Xatlar muhrlanmagan, har birining içida beş-öntadan varaq çiroyli buklab solingan edi. Yotoqxonaga keliboq xatlarni ta­yinli joyga qöyib, tahririyatlarga ötişni özimça juma kuniga rejalaştirdim. Ustozning şeʼrla­rim haqida heç narsa demaganiga esa xursand edim. Aslida, tanqid eşitişga ham zimdan tayyorlanib turgandim, aytadilar-ku, tanqid – kelajak mevasi. Xudo xohlasa, payt kelib men ham qoralamalarimni sira taraddudlanmasdan tahririyatlarga jönataveraman: unisi bu yoqqa, bunisi u yoqqa deb! Şu xayolda Tilak Jöraning menga bergan “omonatlari”ga qiziqib qoldim: nima bölsa ekan, şeʼrlarmi yo maqolami? Bir körsam, “Eʼlon qilinişidan oldin öqiganman” deb maqtanib yurardim…

Xatjilddan qoğozlarni avaylab çiqardim. Faraz qilganimdek, beş-oltita şeʼr turkum qilib jamlangan ekan. Ustidagi qoğozga bir band söz yozib, imzo qöyilibdi. Beixtiyor öqiy boşladim:

 

“Sirojiddin Rauf şeʼrlarida nozik ruhiy keçinmalar borliq bahri bilan oşufta holda ifoda etiladi. Bu hol ijodkorning dunyoni öziga xos idrok qilişidan, öziga xos his qilişidan dalolat beradiki, şoir uçun bu salohiyat özligini ang­laşda va anglatişda asosiy omil böladi. “Bir kun menga tuhfa etadi seni, Öjar nigohlarim mixlangan eşik”, deydi şoir. Uning şeʼrlarida nekbinlik ohanglari, umid va işonç tuyğulari dard va alam hislari bilan uyğunlaşib ketadi. Bu tuyğu, bu his esa borliq, vatan, muhabbat riştalari bilan çirmaşib, quyuq böyoqlarda böy çözadi.

Tilak JÖRA”

Kutilmagan bir himmat! Şu paytdagi holatimni bugun tasvirlab berişim juda muşkul. Lekin Tilak aka bunga himmat deb qaramagan. Keyinçalik özim bevosita guvoh bölgan qisqa, lekin ibratli hayoti misolida aytsam, şoir qalamkaş döstlari, yaqinlari, hamkasblari, talabalar – atrofida kim bölsa, hammaga qölidan kelgança kömaklaşgan, maslahatini ayamagan. Nafsilamrini aytganda, u zamonda halol rizq bilan rözğorini amal-taqal ötkazib yurgan ijod odamiga ataylab kimningdir könglini olaman deydigan imkoniyat bölmagan…

Şu örinda talabalik davrimizning sönggi oylaridagi bir voqeani aytib ötgim keldi. Sönggi bosqiç bitiruvçilarining jiddiy muammosi – “diplom işi” ayni kun tartibiga çiqqan kezlar. Talabalar yotoqxonasida ötadigan anʼanaviy ijodiy keçalardan biriga özim taşabbusni qölga olib, Tilak Jörani taklif qilganman. Öşa kuni hamma bir ovozdan eʼtirof etgandek, uçraşuv juda zör ötdi. Yoşlar tomonidan berilgan savollarga samimiy javoblar, fikr-mulohazalar, ayniqsa, matbuotda körinişi dargumon bölgan isyonkor ruhdagi şeʼrlarni muallifning öz oğzidan eşitiş judayam zavqli va öşa kunlar (bir ming töqqiz yuz töqsoninçi yillar, istiqlol arafasi) kayfiyatiga vobasta edi. Qissadan hissa şuki, bitta uçraşuv bahona samimiy, kamtar va dangal ustoz şoir rahbarligida beş nafar bitiruvçi “diplom işi”ni yoqlaydigan böldi-qöydi. Ke­yinçalik domlaning ilm jarayonida bu talabgorlarga körsatgan muruvvati, kuydi-pişdiligi oğizlarda doston bölib, hammani havasini keltirdi. Men esam mavzuni sal avvalroq tasdiqlatib qöyganim uçun fikrimdan qaytolmadim va beş nafarning oltinçisi bölolma­dim.

Oradan şunça yillar ötib, ozmi-köpmi oq-qorani angladim-ku, deganday bir holda bugun uning şaxsiyatiga töxtalsam, yaxşilik Tilak Jöra uçun xuddi nafas olişday bir hayotiy ehtiyoj bölgan ekan. Ha-ha, u xuddi şunday yaxşilik deb yaşadi, asarlarida ezgulikni, ozod va erkin hayotni soğinib tarannum etdi.

Tasviriy sanʼatda “Avtoportret” degan janr bor. Möyqalam ustalarining aksariyati bu janrdan juda qoyilmaqom qilib foydalangan. Eng muhimi, ana şu ijod mahsuli hamma zamonlarda musavvirning surat va siyrati haqida bafurja maʼlumot bera oladi. Bu esa musavvir şaxsi va faoliyati bilan qiziqqan muxlislar, umuman, sanʼat işqibozlari uçun ayni muddaodir. Xöş, bu holatning mazkur keçinmalarga nima aloqasi bor deysizmi? Juda töğri savol. Gap şundaki, Tilak Jöra söz sanʼati orqali öz avtoportretini – hasbi holini yarata olgan kamyob ijodkorlar sirasiga kiradi. Şeʼriyat ixlosmandlari şoirning “Sanduvoç” şeʼrini yaxşi eslaydilar. “Sayrab uçmoq­qa osmoning yöqdir, Yayrab quçmoqqa oşyo­ning yöqdir, Taşlab ketmoqqa makoning yöqdir, Osmoni oğuli, makoni doğuli quşçam, Turkiy tit­roğingda bunçalar sitam!” – bu istibdod davri şoi­rining iqrori, ohi-fiğoni emasmi? Darhaqiqat, şoir qam­çisidan qon tomib turgan siyosat közlarini şamğalat qilib, öz holini, dardini, orzu-alamlarini turfa obraz, istiora-yu taşbehlar vositasida aytişga harakat qilgan. Har safar uning “Isiriqçi çol” şeʼrini öqisam, köz oldimga muallif qiyofasi bor böyiça namoyon böladi. Hali qirq yoşniyam qoralamagan Tilak Jöra özining asl siyratini donişmand qariya suvratida gavdalantira olgan:

 

Yayraydi tanim:

Isiriqning böyidan,

Ezgulikning öyidan

Yayraydi tanim…

Men bir umr roziman

Belim bukçayib,

Isiriq tutatmoqqa

Yer şarimiz uzra!

Yer şarimiz uzra!

Şoirni hayot çoğida körgan, hamsuhbat bölganlar hozir şu şeʼrni yana bir bora qayta öqib, fikrimga, albatta, qöşiladilar deb öylayman. Tilak Jöra nekbin şoir edi. Istibdod iskanjasida ham erkinlikni köra oldi, ozodlik­ni avj pardalarda kuyladi: “Qaçonlardir otilmagan toş, Laxça çöğday yerga tökilar!” Ajab, öquvçi nazdida har bir şeʼr kelajakdan fol oçganday taassurot uyğotadi. Göyoki, Ollohning mömin va xokisor şoir bandasi qalam tebratayotganda fariştalar “Omin!” deb turganday. Tilak Jöraning ustozi Ğaybulla as-Salomga bağişlovidagi mazkur satrlar sözlarimizning ayni isbotiga öxşaydi:

 

Ohanglar oğuşida qolajak mening umrim,

Gözallik tovuşida qolajak mening umrim.

Umrimni kuyga örab, nurga örab yaratdim,

Şu quyoş şuʼlasida qolajak mening umrim.

Ha, heç şubhasiz şunday bölajak. Ohang­lar oğuşida qolgan umr quyoş şuʼlasida yal-yal yonajak. Şoirning özi katta işonç bilan taʼkidlab aytganidek, zavol undan juda ham yiroq:

Soğinib ölarman, soğinib… biroq –

Ölim mendan juda ham yiroq!

 

Sirojiddin RAUF

1967-yili tuğilgan.

Özbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

“Yiğlayotgan oy”, “Kök gumbaz”, “Siz menga keraksiz”, “Muallaq çeksizlik”, “Niliy naqşlar” şuningdek, bolalarga bağişlangan “Ğalati musobaqa” kabi şeʼriy töplamlari naşr etilgan.

 

2024 / 5

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (84)