Bir guruh shoir va yozuvchilar davlat mukofoti bilan taqdirlandi

0
201
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma yetti yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida» farmoni e’lon qilindi. Quvonarlisi, mukofotlanganlar ichida elimiz ardoqlagan bir guruh ijodkorlar ham bor. «Yoshlik» jurnali jamoasi ijodkorlarni mazkur mukofot bilan qutlaydi.

«O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi»

O‘rozboy Abdurahmonov – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi

O‘rozboy Abdurahmonov 1949 yil 27 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1973 yili Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Turli yillarda “Jetkinchik” bolalar gazetasida, «Amudaryo» jurnalida, Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasida, “Qoraqalpoqfilm” uyushmasida, “O‘zbektelefilm”ning Qoraqalpog‘iston bo‘limida ishlagan. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi rahbari o‘rinbosari lavozimida mehnat qilmoqda. O‘rozboy Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Yoshlar mukofoti laureati (1979), ekologiya sohasida YUNYeSKO medali sohibi (1987), Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1999), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2001), Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchi (2004) unvonlari egasidir. Uning «Bir muhabbat tarixi» (1977), «Qo‘shnilar» (1981), «Changalzor payg‘ambari halokati» (1987), «Orolim, dardim mening» (1985) kitoblari chop etilgan. «Bo‘sag‘a» romani «O‘zbekiston» nashriyotida chiqish arafasida. Uning «O‘jar» komediyasi 1981 yildan shu kungacha Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat teatrida sahnadan tushmay kelmoqda.

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Zulfiya Mo‘minova – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

Zulfiya Mo‘minova 1959 yili Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. «Saodat» jurnalida, O‘zbekiston radio qo‘mitasida muharrir bo‘lib ishladi. Adabiyotga o‘tgan asrning saksoninchi yillarida kirib kelgan Zulfiya Mo‘minovaning 1988 yilda bir yo‘la ikki kitobi – «Vatan tashlab ketmaydi», «Beshiklarni asragin, dunyo» she’riy majmualari chop etildi. Keyingi yillardagi ijodiy izlanishlari samarasi sifatida yaralgan «Yonayotgan ayol» (1993), «Azizim, baxtiyorman» (1997), «G‘ijduvon oboddir, G‘ijduvoniy hayot» (1999), «Nikoh shartnomasi» (2006), «To‘ydan oldin tibbiy ko‘rik» (2006), «Surxonning muhtarama ayollari» (2009), «Birinchi o‘qituvchim» (2009) nomli kitoblari chop etildi.

«Do‘stlik» ordeni bilan

Farid Usmon – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir

Farid Usmon 1946 yili 1 avgustda Andijon shahrida tug‘ilgan. Andijon institutini tamomlagan (1964). «Umid gulzori», «Sadoqat», «Navosiz navo», «Qadr kechasi», “Ul qaro ko‘z bo‘lmasa”, «Jon qushi» kabi she’riy to‘plamlari hamda «Husn devoni» kitobi nashr etilgan.

«Shuhrat» medali bilan

Zebo Mirzo – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

Zebo Mirzo 1964 yilning 15 dekabrida Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani Beshterak qishlog‘ida tug‘ildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi (1982-1987). Toshkent Davlat san’at instituti katta laboranti, o‘qituvchisi (1987-1991), O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligining Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika markazi muharriri (1991-1995), «Yozuvchi» nashriyoti bo‘lim mudiri (1995-1999), O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Yoshlar» radiokanali katta muharriri (1999-2006) vazifalarida xizmat qildi. 2006 yildan «O‘zbekiston» telekanali katta muharriri sifatida faoliyat yuritadi.

Zebo Mirzoning «Tun malikasi» nomli ilk she’riy to‘plami 1990 yilda nashr etildi. Shundan keyin shoiraning «Ajr» (1997), «Nur kukunlari» (2004), «Ishq» (2012) kabi she’riy kitoblari dunyoga keldi. Zebo Mirzo, shuningdek, «Rangin dunyo», «Ijod maktabi», “Ijodxona sirlari”, «Qo‘shiqlarda qolgan umr», «Siz va Siz uchun» kabi tasviriy san’at, madaniyat, adabiyot namoyondalari hayoti va ijodi haqidagi madaniy-ma’rifiy mavzudagi bir qator turkum ko‘rsatuvlar muallifi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.