Biz – ikki qit’aga ayrilgan g‘urur

0
150
marta ko‘rilgan.

* * *

– Bo‘ldi!

Bas qilamiz imi-jimida,

Hech bir kuduratga o‘rin qolmaydi.

– Ha, albatta.

To‘g‘ri…

So‘ng pichirlayman:

– Boshqasi o‘rnimni bosa olmaydi!

 

– Sen yaxshisan. Kechir, hamma ayb menda,

Do‘stona tugasin, bilmasin hech kim.

– Xo‘p.

Ammo qalbimda dovullar turdi,

Axir…

Axir Xudo bildi, azizim!..

 

Eshik xayrlashar men uchun behol,

Parda shokilasi qo‘lin silkiydi.

Kiyimilgich qotgan, biror so‘z malol,

Yig‘ladim,

Umrimda axir ilk eding.

 

Ilk ishonch, ilk mehr, so‘ng ilk muhabbat!

Barchasini senga atagan edim.

Ko‘ylagingdan tushib bir baxtli tugma,

O‘rniga yurakni qadagan edim!

 

Uni olib ketding,

Endi jonsizman,

U sening ko‘ksingda urib turibdi.

Qanday yashiramiz, axir, azizim,

Hammasini Xudo ko‘rib turibdi…

 

* * *

Eslamaymiz bir-birimizni,

Na biror xat, na bir qo‘ng‘iroq.

Biz teskari magnitlar go‘yo,

Na yaqinmiz, lekin na yiroq.

So‘ng kelasiz.

O‘ychan qiyofa,

qaddingiz tik, nigohingiz o‘q.

Shu lahzada anglayman birdan,

Olamda siz!

Boshqa hech kim yo‘q.

Ko‘ylagimning naqshlariga,

Ko‘zlarimga termilasiz jim.

Deysiz: – “Yo‘lim tushdi shu tomon,

Sizni ham bir ko‘ray deb kirdim”.

Ichidan chirt sinadi nogoh

Tashrifingiz xush yoqqan ko‘ngil.

Lahzalik baxt sezar zirqiroq,

Ko‘zlariga tortilgandek mil…

So‘ng chekasiz, o‘rlaydi tutun

Sizni o‘rar xalqali tuman.

Baxtimizni asriy tumanlik,

Qoplagandek g‘ashlik sezaman!

Ketasiz!

Qalb gulduroslari

Sizga yetmas, qaytarolmaydi.

Ammo…

Sog‘inch nuqsi o‘tirib qolgan

Ko‘zlaringiz aldayolmaydi!

Xayr, demam, kuzatolmayman,

Yuragimda noma’lum hadik.

Izingizdan surilar parda…

Tik qaddingiz tortgandek egik.

Xayollarga beraman izn,

Ko‘ksim tobor tortaverar g‘ash.

Ko‘ylagimning naqshlaridek

Nega bizning taqdirlar chalkash..?

”Xayr” og‘ir,

”Alvido” azob,

Darpardani g‘ijimlayman jim.

Ishqimizning gulgun yuziga

Qay kun parda tortdik, azizim?

Kelgandingiz, demadim:  “Qoling…”,

Sizni emas, o‘zni aldadim.

Shu lahzada…

Tepada bizni –

Ikkimizni bir zot qarg‘adi!..

 

 

 

***

Men qaysarman,

Siz esa mag‘rur…

Sevgi – ko‘zlari yosh bizga jovdirar.

Biz – ikki qit’aga ayrilgan g‘urur,

Dunyo lol,

Dunyo jim…

Dunyo dovdirar.

 

Dugonam  choy tutar, so‘ng pichirlaydi:

– Kuchlisan, qo‘lingdan qo‘yma sabotni!

– Kuchliman.

Bilmadim, negadir goho,

Choydek ichib qo‘ygim kelar hayotni…

 

– Kuchliman!

… Baxtliman,

Deyman-u, nega

Qadamimdan o‘tdek chaqnab turmas sha’n ?

Iztirob aqldan ozdirsa agar,

Men – hushim yo‘qotgan

Darddan karaxtman.

 

Ammo goh tunlari qo‘zg‘olar to‘fon,

Ochib yuborar qalb darchalarini.

Tonggacha yig‘layman, ko‘ksimga bosib

Yirtilgan suratlar parchalarini…

 

O, siz ham bardoshli,

Tog‘dek sabotli,

Jim xayol surasiz, yulduzga boqib.

She’rlarim pichirlab o‘qiysiz tunlar,

Gohida shunchaki,

Gohi yutoqib.

Garchi, borliq o‘lgan,

G‘ururlar tirik!

Ortga qayrilmoqqa yo‘l bermas jur’at.

Sezyapsiz, umringiz – nihoyasiz she’r…

Mening qolgan umrim – yarmi yo‘q surat…

 

Go‘zal RO‘ZIYEVA

1986 yili tug‘ilgan.

Buxoro davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida “Bahor yaqin” nomli she’riy to‘plami nashr etilgan. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.