Ma’naviyat beshigi

0
94
marta ko‘rilgan.

Akam qo‘shni ko‘chada joylashgan kutubxonaga olib borganlarida men ikkinchi sinf o‘quvchisi edim. Kutubxonachi opalar menga biri-biridan chiroyli to‘rtta ertak kitob berishdi. Shu kundan e’tiboran bu dargoh men uchun xuddi maktab kabi qadrdon maskanga aylandi. “Gulliverning sayohatlari”, “Tom Soyerning ko‘rgan-kechirganlari”, “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib”, kechki taomdan so‘ng oila davrasida ovoz chiqarib o‘qiladigan “Avazxon”-u “Kuntug‘mish” kabi dos­tonlar meni yangi bir maftunkor olamga olib kirdi. Avvaliga menga tavsiya qilishgan, qo‘limga tushgan kitob­larni o‘qir edim, keyin o‘zim izlab, tanlab o‘qiydigan bo‘ldim. Abdulla Qodiriy, Oybek, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, Chingiz Aytmatov, Valentin Rasputin… Ular juda ko‘pchilik edi va mutolaa chog‘ida asar qahramonlarining shu qadar hayotiyligi, voqealarning ishonarliligidan, borliq olam mukammal, jonli tasvirlanganligidan hayratga tushar edim. Ularga qoyil qolar va havas qilar edim, ammo o‘zim ham bir urinib ko‘rmoqqa sira haddim sig‘mas edi.

To‘qqizinchi sinfda o‘qib yurganimda bir ukamiz vafot etdi. Unga bag‘ishlab birinchi hikoyamni yozdim. Va shunda bildimki, yozmoq – to‘lganda to‘kilmoq ekan. Men yuragimni o‘rtayotgan iztirob, sog‘inch tuyg‘ularini oq qog‘ozga to‘kkan edim. Hikoya chiqqan gazetani butun maktab qo‘lma-qo‘l qilib o‘qidi. Shu hikoya orqali dardimni dasturxon qilganga o‘xshagan bo‘lsam ham, ustozlarim va maktabdoshlarimning tabriklari ko‘nglimga allanechuk tasalli bo‘ldi.

Lekin birinchi kitobcham roppa-rosa yigirma ikki yildan so‘ng chop etildi. Sababi, men kam yozar edim va yozganlarimni kimgadir ko‘rsatishdan yoki biron nashrga olib borishdan juda tortinardim. O‘rta maktabni bitirib, Toshkent Davlat dorilfunining jurnalistika kulliyotiga o‘qishga kirganman. Kursdoshlarim yozganlarini dasta-dasta qilib, gazeta-jurnallarga olib borib, tahririyatlardan o‘zlariga ustozlar topib, o‘qishni bitirgunlaricha, ko‘pchiligi “falonchi shoir” bo‘lib tanilgan bir paytda men bittagina diplom bilan yozib yurgan hikoyalarimni jomadonga joylagancha qaytib kelaverganman.

Vaholanki, atrofimda maslahatchilarim juda ko‘p bo‘lgan. “Sharq yulduzi“ jurnalida Shukur Xolmirzayev ishlaydi, “Guliston“ jurnalida Erkin A’zamov ishlaydi, hikoyalaringizni olib boring, e’tiborsiz qoldirishmaydi”, deyishardi. Ammo men bu ustozlarning huzuriga borishga tortinardim. Universitetdagi tahsil davomida “Shukur Xolmirzayev nasrida til va uslub” mavzusida ikki marta kurs ishi yozdim, diplom ishimning mavzusi ham Shukur Xolmirzayev nasridagi mahorat masalalariga bag‘ishlangan edi. Hikoyalarimni emas, o‘zlarining ijodlari haqida yozgan ilmiy ishlarimni olib borishga ham uyaldim. Shukur Xolmirzayevni ham, Erkin A’zamni ham o‘zim uchun adabiyotda katta aka va ustoz deb bilganman, lekin yozganlarimni ko‘tarib borib ularni be­zovta qilishga haddim sig‘magan. Biron narsam e’lon qilinsa ham ko‘nglimda “Shukur aka bilan Erkin aka nima der ekan-a?“ degan hadik turar edi. Yillar o‘tib, markaziy nashrlarda hikoyalarim chiqa boshladi va ustoz Shukur Xolmirzayev bu hikoyalarga matbuot orqali ko‘p yaxshi fikrlar bildirdi, gazetalarda chiqayotgan hikoyalarimga o‘sha nashrlar muharrirlarining iltimoslariga ko‘ra so‘z boshi yozgan vaqtlari ham bo‘ldi.

Bir safar “Oila va jamiyat“ gazetasida chop etilayotgan hikoyamga yozgan so‘z boshisida shunday gaplar bor edi: “…Nasr yozish ko‘pincha erkak adiblarning ishi sanaladi. Haqiqatan ham nasrnavis xotin-qizlarimiz barmoq bilan sanarli. Aytish joizki, bizdagina emas, umuman, dunyo adabiyotlarida ahvol shunday va buning tabiiy sabablari ham ayon: nasr adibdan katta kuch-quvvatni, vaqtni, tasvirda mumkin qadar xolis, hatto shafqatsiz bo‘lishni talab qiladi. Ayol… vaqti hamisha hisobli ayol bu ishga qanday jazm etsin? Tasvir bobida ham ayolga qiyin: u – tabiatan ta’sirchandirki, anchayin xatti-harakat ham unga kuchli ta’sir etishi oqibatida qalam ko‘zlangan maqsaddan chetga burilib ketishi, demak, sovuqqon yo‘l boshlovchi Aql o‘rnini “ko‘chasi ko‘p Ko‘ngil“ olishi xavfi hargiz muallaq turadi.

Endi shu barcha to‘siqlarni bosib o‘ta olgan Ayol yozuvchini tasavvur eting-chi?

Bundaylarga qoyil qolish kerak.

Buning ustiga, mahorat bobida talay erkak adib­lardan ham o‘tkazib yoza olsa…

Jamila – ana shunday adiblarimizdan biri”. (“Oila va jamiyat“ gazetasi, 1998 yil, may).

 Bu so‘zlar chekka bir viloyatning chekka bir tumanida yashab, yozganlaridan goh ko‘ngli to‘lib, goh to‘lmay yurgan ijodkorni qanchalar ruhlantirishini tasavvur qilish qiyin emas.

Daryodil ustozning bunday himmat va g‘am­xo‘r­liklari biz shogirdlar uchun, shubhasiz, bir ibratdir.

U kishi viloyatga tez-tez kelib turar, kelganlarida atroflarini to‘ldirib, do‘stlari, to‘p-to‘p muxlislari yurishar, shubhasiz, bu holatda ham yonlariga borib bir narsa deyishga jur’at qila olmas edim. Tahririyatlarning yo‘laklaridami, zinapoyalardami, qabulxonalardami duch kelib qolsak, “Eh-he, mening enam kelayapti-ku, enajonim kelayapti-ku!“ deb mehr bilan hol-ahvol so‘rab, ishlarimni surishtirib qolardi.

Shukur aka adabiyotni qismat deb bilgan, o‘zini adabiyotdek mashaqqatli ishga baxshida qilgan ha­qi­qiy fidoyi yozuvchi edi. U kishidan o‘zbek adabiyoti xazinasiga, biz shogirdlar uchun, adabiyotimizning buguni va ertasi uchun juda noyob va juda katta adabiy meros qoldi. Umrlarining poyoni ko‘rinib qolgan paytda Shukur aka o‘zlariga yaqin bo‘lgan shogirdlaridan biriga “Men ham yozuvchi bo‘la oldimmi o‘zi?“ degan ekanlar. Bilmadim, bu so‘zlarni aytish uchun inson o‘ziga nisbatan qay darajada talabchan bo‘lmog‘i kerak. Bilmadim, bilolmadim…

Allohga shukur, shu kungacha oltita kitobim dunyo yuzini ko‘rdi, ustoz Shukur akaning jonbozliklari bilan turk tiliga tarjima qilingan hikoyalarim ham bor. Yozganlaringizni kimdir o‘qib, to‘rt og‘iz iliq so‘z aytib, maqtab qo‘ysa, dilingiz yayrab ketadi. Ammo yaxshini yomondan ajratib, tanlab kitob o‘qib yurgan har qanday odam o‘zining yozganlariga ham xolisona baho bera olishi lozim. Eng xolis bahoni esa vaqt va kitobxon beradi.

Yozganlarimni kimlardir o‘qiyotgan, kimlargadir ma’qul bo‘layotgan ekan, yozaversam bo‘ladi, degan fikrdaman. Ammo yanada ko‘proq o‘qib-o‘rganib, hayotni yanada teranroq nigoh bilan kuzatgan holda albatta… Men o‘ttiz olti yil gazetada ishladim. Qaysi bir tashkilotlar yilda bir-ikki bor “Ochiq eshiklar kuni“ o‘tkazadi. Tahririyatlarning eshigi esa har kuni ochiq, dasta-dasta mashqlarini ko‘tarib kelaverishadi. Men ularga hamisha “Bolajonlarim, yaxshi odam bo‘lish uchun ham, yaxshi shoir yoki yaxshi yozuvchi bo‘lish uchun ham ko‘-o‘-o‘p o‘qish kerak. Kimgadir ma’qul tushadigan bitta so‘z aytmoq uchun, deylik, o‘nta so‘z bilmoq kerak. O‘nta so‘zni bilish uchun esa, ehtimol yuzta, yoki mingta so‘z o‘qimoq kerak. O‘qinglar” der edim. Bu maslahatni hech ayab o‘tirmasdan, balki birinchi nav­batda o‘zimga ham aytaman. Nazarimda olam so‘zining o‘zagi ilmdir. Adabiyot ham katta ilm, olam kabi, inson ruhiyati va qalbi kabi cheksiz ilm. Uni chuqurroq o‘rganganingiz sayin hali o‘rganishingiz lozim bo‘lgan jihatlari ko‘p­ligi ayon bo‘laveradi.

Agar ta’bir joiz bo‘lsa, men adabiyotni ma’naviyat beshigi, deb atagan bo‘lar edim. Eng avvalo bu qutlug‘ beshikda millat va uning kelajagi kamol topadi. Ba’zi muallimlar bolaning salohiyatini baholashda uning aniq fanlarni nechog‘li o‘zlashtira olishiga e’tibor qaratadi, adabiyot fani haqida esa, “E-e, bu fan bir ertak-da”, deyishadi. Aslida adabiyot inson ruhiyatiga bog‘liq ijtimoiy hodisadir. Inson ruhiyatini poklash, ma’rifat nuri va ma’naviy ozuqalar bilan insoniyat qalbida hayotning, o‘zining, o‘zligining, yon-atrofidagi aziz odamlarning, Vatanining qadriga yetmoq kabi ezgu fazilatlarni kamol toptirish, ya’ni komil insonga aylantirish – adabiyotning azaliy va abadiy vazifalaridir. Adabiyot insoniylik ilmidir, bu ilmni o‘zlashtirmasdan turib, aniq fanlarda erishilgan yutuqlar bilan maqtanmoq ancha erta maqtanmoqdir.

Adabiyot – ko‘ngil ehtiyoji, inson tafakkurining mevasi, qalbingni junbushga keltirgan tuyg‘ularni qog‘ozga to‘kish, hayotdan chiqargan xulosalaringni kim­largadir ilina olish yozarman kishiga huzur ba­g‘ishlaydi, ayni paytda bu bitiklar, ya’ni Adabiyot o‘qirman odamning ham ko‘ngil ehtiyojidirki, u pas­tu baland hayot yo‘llarida dono maslahatlari bilan olg‘a boshlovchi, komillikka eltuvchi sadoqatli do‘stdir. Ustoz Najmiddin Komilov aytganlaridek, “Inson ruhi san’atdan oziqlanib yayraydi va barcha qudratini san’atda ko‘rsata oladi”. Ayni shu so‘zlarni adabiyot haqida ham aytish mumkin.

O‘zbek adabiyoti o‘zining durdona asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘sha olgan ulkan adabiyotdir. Dunyoning qaysi burchida o‘zbekona ismlarga tili ham kelishmaydigan bir inson “O‘tkan kunlar”ni, “Mehrobdan chayon”ni o‘qib, Otabek va Kumushning, Anvar bilan Ra’noning iztiroblaridan xuddi o‘zbek o‘quvchisi kabi siqilib turganini his etishning o‘zi juda yoqimli. Bu kitoblarni o‘qigan kishi haqiqiy o‘zbek hayotini, o‘zbek odamlarini, o‘zbekona xarakterni ko‘z oldiga keltiradi. Shukurki, adabiyotimizda milliy kalorit quyuq bo‘yoqlarda aks etgan asarlar juda ko‘p, ular qaysi tilda chop etilgan bo‘lmasin, uning qahramonlari o‘zbeklar ekanligini bilib olish qiyin emas. Keyingi paytlarda shunday toifadagi asarlar paydo bo‘layaptiki, garchi ular o‘zbek tilida chop etilgan, qahramonlarining ism-shariflari o‘zbekcha bo‘lsa ham, na turmush tarzi, na fe’l-atvori o‘zbekka o‘xshamaydi. Ayniqsa, sarguzasht asarlar “bozorgir” bo‘lib qoldi-yu, ana shunday ismi o‘zbekcha-yu, o‘zi ham, fe’l-atvori ham bizdan tamoman boshqacha qahramonlar ko‘payib ketdi. Bu qahramonlarni ba’zilar “Globallashuv davridagi yangi asr odami” deb atamoqdalar, men esa, o‘sha sarguzasht asarlarimizda ham “Yangi asrdagi haqiqiy o‘zbek”ni ko‘rishni istayman.

Kasbim taqozosi bilan bir umr odamlar orasida bo‘ldim. Surxondaryoning men bormagan biron qish­log‘i, biron mahallasi qolmadi. Odamlar o‘z muammolarini hal qilish uchun menga intilsalar, men ularning shikoyatlarini jon qulog‘im bilan tinglab, imkoniyatim yetgancha yordam berish barobarida hayotni, odamlarimizni o‘rgandim, ularning yutuqlari bilan quvondim, dardlari bilan og‘ridim. Vaqti soati yetganda ular hikoyalarimning personajlariga aylandilar. Yozganlarimni o‘qib, ko‘pincha odamlar “Topdim, bizning qo‘shnimizni yozibsiz”, “Yozganlaringizni o‘qib, o‘zimni ko‘rganday bo‘ldim. Men sizga boshimdan o‘tkazganlarimni gapirib bermagan edim-ku”, deyishadi. Albatta, men haligi odamning qo‘shnisini ham yoki keyingi suhbatdoshimning o‘zini ham yozmaganman, shunchaki mening qahramonlarim hayotdan olingan, ular o‘zbek, urf-odatlari, fe’l-atvori, masalan, andishaliliklari, bolajonliklari, shu fe’l-atvorga yarasha taqdirlari bir-biriga o‘xshashdir.

Men badiiylikning birinchi shartini hayotiylik, haqqoniylikda deb bilaman. Bunga hamisha ham erishish qiyinroq. Ammo bunga erishmoq uchun muallif o‘z qahramonlarini, ularning dardlarini juda chuqur bilishi shart. Bir dugonam bor, umr yo‘ldoshi ancha avval o‘tib ketgan. Ikki farzandi oliy o‘quv yurtida tahsil oladi, o‘zi oliy ma’lumotli bo‘la turib, ilojsizlikdan o‘n besh yildan beri nogiron bolaga qarab, uyda tikish qiladi. Bolani nogironlar uyiga topshirgin, dey-dey ota-onasi ham o‘tib ketdi, u topshirmadi, topshirishni istamadi. Endi esa bolalari ulg‘aygani sayin, xarajatlari ham oshib, hayoti kundan kunga og‘ir bo‘lib bormoqda. Ikki talaba, bir nogiron bolani ignaning uchi bilan boqish oson emas. Yaqinda “bir yozilib ketsin” deb nevaramning tug‘ilgan kuniga olib keldim. Noz-ne’matlarga to‘la bayram dasturxonini ko‘rib, gapira olmaydigan haligi bola qiyqirib yubordi. Begona hech kim ham yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham bechora onasi juda xijolat tortdi, uni bir chetga o‘tirg‘izib, undan-bundan og‘ziga solar ekan, kuldi: “Bu sho‘rlik, jannatga tushib qoldimmi, deb hayron bo‘layapti”. Bu gapni u kulib aytayotgan bo‘lsa ham shu lahzalarda uning ichini qanday iztiroblar yondirayotganini his qilish qiyin emas edi va bunday so‘zni ana shu iztirobni yuragidan o‘tkazgan kishigina yetkazib yoza oladi, deb o‘ylayman.

Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda adabiyot davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Hurmatli Yurtboshimizning tashabbuslari bilan “Ijod” fondi tuzilib, bu jamg‘arma ijod ahlining, ayniqsa adabiyot gulshanida endigina tetapoya bo‘layotgan yosh qalamkashlarning beminnat homiysiga aylandi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi esa ijodkor qizlarimizga, butun ayol zotiga xalqimizning, yurt rahbarining hurmat va ehtiromi ifodasi bo‘ldi. Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” asari va undagi samimiy ko‘rsatmalar hammamiz uchun das­turulamal vazifasini o‘tamoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rliklar ijod ahlining zimmasiga katta mas’uliyatlar yuk­laydi. Qo‘liga qalam olgan, shu qalam orqasidan to‘r­tovoraning to‘riga o‘tgan har bir ijodkor Yurtboshimiz aytganlaridek, “Ijod, bu – o‘zini qiynash, mashaqqat chekish, huzur-halovatdan voz kechish, tom ma’noda fidoyilik” ekanligini unutmasligi lozim. Kitobxon qo‘liga tushgan har bir kitob uning qalbiga ma’rifat nurlari olib kirsin, ma’naviyatini javohirdek bebaho fikrlar, xulosalar bilan bezasin, xalqiga, suyukli Vataniga, hayotga bo‘lgan muhabbatini oshirsin. Axir, jahonga yuz tutgan ulug‘ mamlakatning yuksak ma’naviyatli kitobxonini shunchaki oldi-qochdi sarguzashtlar bilan chalg‘itib bo‘lmaydi. Qo‘lga qalam olgan odam “Mening yozganlarim sevimli xalqimga, jonajon Vatanimga, kitobxonlarga nima beradi?” degan haqli savolni o‘z oldiga qo‘ymog‘i lozim.

Darhaqiqat, endi oilam haqida biroz to‘xtalib o‘tsam. O‘g‘lim maktabda o‘qib yurgan paytlari jonivorlar haqida binoyidek hikoyalar yozgan. Seton Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a”si hali-hamon uning eng sevimli kitobi. Lekin u keyinchalik yozuvchilik ne­chog‘lik mashaqqatli kasb ekanligini tushunib yetdimi, iqtisodchilik yo‘nalishini tanlab, shu soha bo‘yicha ketdi. Biri-biridan shirin ikkitagina nabiram bor. To‘qqizga kirgan to‘ng‘ich nabiram Jo‘rabek o‘zicha she’r­lar, hikoyalar mashq qilayapti. Azbaroyi momolariga bo‘lgan muhabbatlari tufaylimi, “Katta bo‘lgach, shifokor bo‘lamiz, lekin momomizga o‘xshab kitoblar ham yozamiz”, deyishadi. Bugunning bolalari ham zamonasiga o‘xshab, hatto orzular haqida ham chuqur o‘ylab, jiddiy mulohaza yuritishadi. Osmondagi yulduzlarga intilgan chog‘da ham oyoqlari sira yerdan uzilmaydi, bizga o‘xshab, “Katta bo‘lsam, kosmonavt bo‘laman, Valentina Tereshkovaga o‘xshab oyga uchaman”, demaydi. Ha, men bir zamonlar kosmonavt bo‘lib, oyga uchishni orzu qilardim, endi esa, farzandlarimga doim maslahatlari, duolari as­qotadigan ona, nabiralarimga bir kun bir joyga chiqsam ham, o‘rni bilinib qoladigan mehribon momo, yoru birodarlarimga yaxshi-yomon kunlarida yonlarida tura oladigan sadoqatli do‘st, magar ismi-sharifimga “yozuvchi“ so‘zini qo‘shib yozsalar, shu qutlug‘ nomga munosib inson bo‘lishni orzu qilaman.

Fursatdan foydalanib, sevimli jurnalimiz “Yoshlik“ tahririyatiga muntazam ravishda jurnal sa­hifalaridan roman, qissa va hikoyalarimga joy ajratib kelganligi uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Mamlakatimizning katta-katta ijodkorlari taklif etiladigan “Adib xonadonida” ruknidagi muloqot savollarini olgach, to‘g‘risi, hayajonga tushdim. Shunday katta minbardan turib, qo‘yilgan masalalar yuzasidan munaqqidlarga xos mulohaza yuritib, arzirli xulosalar aytish oson ish emas. Qaysidir fikrimiz kimgadir ma’qul kelmagan bo‘lsa, oldindan uzr so‘rayman.  

 

Jamila ERGASHYeVA 1956 yili Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini bitirgan. “Izhor”, “Intiqom”, “Tanazzul”, “Ayol jodusi”, “Zulfizar”, “Qir ustidagi ayol” nomli roman, qissa va hikoyalar jamlangan kitoblari chop etilgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.                    

 

2015/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.