18 daqiqada öqiladi

721 marta körilgan

Adabiyotga kirib boriladi…mi?

Rahimjon Rahmat

Adabiyotşunos Rahimjon Rahmat bilan muloqot

Kökdagi yulduzlarni tomoşa qilib yotgan bola onasiga savol beradi:
– Ona, yulduzlar osmonning çiroqlarimi?
– Bilmadim, – deydi ona kulib.
– Yulduzlar osmonning çiroqlari, tongda öçirib, keçqurun yoqib qöyadilar, – deydi bola öylanib.
– Bu ğalati gaplarni qayerdan olyapsan?
Onaizor hayron. Çunki bola ulğaygan sari “ğalati” gaplari köpayib boryapti-da. “Yaxşilab tinglang, şamollar kuy çalyapti”, deydi bir kun. “Çaqmoqdan qörqib ketgan bulut yiğlayapti”, deganiga nima deysiz? Çindan ham ğalati-ku! Ha, hammasi şunday boşlanadi.
Ona öğlining yuragiga adabiyot kirib kelayotganidan hali bexabar. Haqiqiy ijodkorga adabiyotning özi kirib keladi. Adabiyotga kirib borilmaydi. Adabiyotga kirib borganlar şunçaki adabiy mehmonlar, xolos! Ular tuğma emas, surtma talantlardir! Haqiqiy ijodkorlar adabiyotga mezbonlik qiladilar.
Rahimjon aka, siz bilan qaysi mavzuda suhbatlaşsam ekan, deb uzoq öyladim. Şu öylar keçayotgan kunlarning birida jurnalimizga “adabiyotga kirib kelgan”lardan biri keldi-yu, bizga şu mavzuni oçib berdi.
Avval bu gurungni eşiting:
– Rostini aytsam, şeʼrlaringizni ança pişitişingiz kerak, – dedim andak istihola bilan.
– Nimasini pişitasiz? – mehmonning avzoyi buzildi.
– Şu… öz ustingizda…
– Aka, men özimga, talantimga işonaman! Ötgan yili Respublikadagi eng nufuzli tanlovlarda birinçi örinni olganman, – dedi u. Söng oldimga qatorlaştirib törtta kitobini taşladi. Törtta! Endigina kollejni tugatayotgan bola-ya!
Adabiyot uçun emas, tanlovlar uçun çop qilingan kitoblarni varaqlay turib amin böldimki, bitta emas, önta tanlovda birinçilikni olsa ham bu “talant”dan şoir çiqmaydi. Eng yomoni şundaki, u özini ham, adabiyotni ham aldab yuribdi. Bunga öxşaganlarning hammasini esa Tanlovlar çuv tuşiryapti.
Rahimjon aka, endi bu bolani ham, tanlovlarni ham tinç qöyamiz. Bu voqeani şunçaki suhbatimizga mavzu bergani uçun esladim, xolos. Siz menga çinakam şoirning tuğilişi haqida, özingiz yaşagan, his etgan tuyğular xususida aytsangiz…
– Badiiy ijodga qiziqiş tuğma böladi. Qonida badiiy ijodga muhabbati bölmagan boladan adabiyotga yönaltirilgan maxsus taʼlim yordamida yozuvçi yoki şoir tarbiyalab bölmaydi, albatta. Öz navbatida yuragiga Xudo isteʼdod yuqtirgan bola harbiy maktabda öqisa ham, şubhasiz, kelajakda ijod kişisi bölib yetişadi. Lekin, bilamizki, adabiyot öqituvçisi, universitet professori böliş uçun alohida ijodiy qobiliyat şart emas. Aʼloçi va tirişqoq maktab öquvçilari kelajakda adabiyot professorlari bölib yetişişlari mumkin. Olim böliş uçun, atoqli adabiyotşunos Ozod Şarafiddinov aytganlaridek, şim kerak, xolos. Bu degani stolda köp ötirib işlaydigan odamning şimining orqasi tez yirtiladi. Olim odam kiygan şimning orqasi ilviragan böladi.
Olimlik – tizimli taʼlim va sabr-toqat mahsuli.
Şoirning paydo bölişini esa mantiq bilan tuşuntirib bölmaydi. Şundayki, yillar davomida taqir bölib yotgan tuproqdan kutilmaganda qip-qizil lolaqizğaldoq paydo böladi. Hayron bölasiz: ilgari bu joyda lolaqizğaldoq kökarganini heç körmagandim, uruği qaydan kelib qoldi ekan. Yoki yillar davomida tuproqqa qorişib yotgan lolaqizğaldoqning uruği qulay şaroit tuğilib jonlanib qoldimikan.
Isteʼdodning paydo bölişini irsiyat bilan ham izohlab bölmaydi. Çunki juda kam hollarda maşhur şoirning öğli ijod kişisi bölişi mumkin. Şoirlik kutilmagan hodisa. Bu şunga öxşaşki, boğingizga yonğoq ekkaningiz yöq, lekin bahorda kiçkina yonğoq niholi unib çiqqaniga közingiz tuşadi. Qarğa boğingiz tepasidan uçib ötayotganda qayerdandir olib kelayotgan tumşuğidagi yonğoqni tuşirib yuborgandir…
Bizningça, muhit va tarbiya yönalişi tuğma isteʼdodning yuzaga çiqişini tezlatişi yoki sekinlatib qöyişi mumkin, xolos. Şuningdek, juda köp mutollaa qiliş bilan ham şoir yoki yozuvçi bölib yetişib bölmaydi. Badiiy ijodning ötkir aqlga ham unçalik daxli yöq. Çunki ijod – ilhom mahsuli. Ilhom deganlari tösatdan yoğib qoladigan jaladay gap. Lekin bilim kerak. Abdulla Qahhor aytmoqçi, muhit körmagan va yetarli bilim olmagan şoir baxşi bölib qoladi.
– Hazrat Alişer Navoiyning şoir Osafiyga aytgan maşhur gapini eşitgansiz. Keling, eşitmaganlar uçun eslab qöyamiz: sodda Osafiy Navoiyga aytibdilar:
– Keça bozordan uç tangaga bir şam sotib olib, şu şam yonib tugagunça uç ming misra ğazal bitdim.
– Hazrat, unda keçasi bilan uç tangalik ğazal bitibsiz-da, – debdi quvlik bilan bizning Hazrat.
Osafiylar Navoiy zamonida qolib ketgan emas. Har zamonning öz osafiylari bor. Nazarimda osafiylar isteʼdod degan joygaça yetib kelolmagan ijodkorlardir. Ammo şunça yöl bosgandan keyin ular ham quruq qolmaganlar. Mahorat kaşf etganlar! Öqisang, hammasi joyida, ammo biror narsa yulib ololmaysan. Endi uni tom-tom qilib “saylanma” qilişdan boşqasiga yaramaydi. Şunaqalar yöq deb öylaysizmi? Mayli, bu haqda öylaganlaringiz içingizda tura tursin, söramoqçi bölganim: şoirlik isteʼdodi nima-yu, şoirlik mahorati nima ekani haqida, şoirlikning asosiy xususiyati haqida…
– Bilasizmi, dard, iztirobning surunkali holatga ötişi isteʼdod deyiladi. Tanasi zaif odamlarda kasalliklarning tuzalişi qiyin keçadi. Immun tizimi kuçli odamlarga unça-munçaga kasal yuqmaydi, yuqqan kasal esa tezda tuzalib ketadi. Şunga öxşaş bir narsa sabab şoir yuragida paydo bölgan dard-hasratning ketişi oğir böladi. Xudo insonni şunday yaratgan: aslo çidab bölmas dardu azobdan şeʼr öqiş yoki şeʼr yoziş orqali xalos bölamiz.
Aqlli odamlar osongina qutulib ketadigan dard şoirona qalb egasi uçun hayot-mamot masalasiga aylanadi.
Bizlar beşta tuyğu orqali olamdagi voqea, hodisa, rang va tovuşlarni bilib olamiz. Bu maʼlumotlarni miyamizdagi turli markazlarga asab tolalari olib boradi. Şoirlar, umuman, sanʼat ahlida kişini taşqi olam bilan boğlaydigan mana şu asab tolalari nozik, taʼsirçan va hassos böladi. Şuning uçun ular biz körmagan narsalarni köradi, eşitadi, his qiladi.
Deyarli har bir odam yoşlikda sevgani bilan topişolmaydi. Lekin heç kim şoirçalik ayriliq qismatidan ulkan fojia yasamaydi. Demak, şoirlik bir fojiadan xalos bölib, ikkinçisiga boşi bilan şönğişdir.
Kirkegorning şoirlar töğrisida ajoyib taşbeh-öxşatişi bor. Qadimda, deydi u, jinoyatçilarni jazolaş uçun misdan içi ğovak ulkan hökiz yasaşgan. Jinoyatçini şu hökiz içiga qamab, tagidan öt yoqişgan. Mis hökiz qizigani sayin içkaridagi jinoyatçi issiqqa çiday olmay baqirgan, qiçqirgan, ökirgan, uning jon aççiğida böğzidan otilib çiqayotgan nolalari esa hökizning burnidan yoqimli musiqa bölib taralgan. Yaʼniki, şoir qalbida dözax azobini kötarib yuradi va şu azobni gözal obrazlar yordamida satrlar bağriga joylaydi. Bizlar esa uning ohangdor satrlarini tinglab estetik zavq olamiz. Qiziq-ku, şoir qalbidagi dözaxiy azob şeʼrga köçib köngillarga yoqadigan jannatiy musiqaga aylanyapti.
Ayrim şoirlar dard çekişni kasbga aylantirib oladi. Mahorati oşib, deylik, yoridan ayrilgan oşiq könglidan qanday hislar keçişini özlaştirib olgan şoir, nonvoy ertalab turib xamir qorib, zuvala uzgandek ayriliq mavzuidagi misralarni qatorlaştirib taşlaydi. «Bir keçada önta şeʼr yozdim!» – deb maqtanadi keyin. «Men har kuni şeʼr yoza olaman», – deb kerilib gapiradigan şoirlar ham topiladi. Ularning şeʼrlarida ohang ham, taʼsirli his-tuyğu ham yetarli, ammo ruhi ölik böladi. Palağda tuxumni çiroyli rangga böyab köz-köz qilganingiz bilan uning içidagi badböylik özgarmaydi.
Bilişimça, jamiyatda şoir bölib tanilganlarning töqson foizi öz qalbidan rosmana keçmagan mavzularni yo boşqa şoirdan özlaştirib yoki biror manfaatni közlab şeʼr qilib taşlaydi. Iztirob hammada böladi, lekin öşa iztirobning surunkali dardga aylanişi bor, mana şundagina çinakam şeʼr tuğila boşlaydi. Deyarli barça şoirlarning ilk ijod namunalarini qiziqib öqib yod olasiz, keyinçalik esa ularda şeʼr yoziş majburiyatga aylana boşlaydi. Yaʼni qalin-qalin kitob çiqariş, unvonga ega böliş kabi dunyoviy orzu-havaslarga intilgan şoir qatorlaştirib ruhsiz, lekin şoirlik mahorati sezilib turgan şeʼrlar yozib taşlaydi. Şuning uçun men «Şoirlik hunar ham, kasb ham emas, balki tez-tez xuruj qilib turadigan bedavo bir darddir», – deyman doim. Kits şoirlikni salbiy odat deydi. Bağrim oğriyapti deb şeʼr yozasiz-u, lekin yozganlaringizda oğriq sezilmasligi mumkin. Toş tuşgan joyiga oğir deyiladi. Masalan, doktorlar kasalliklarning klinik belgilarini aniq-tiniq ayta oladilar. Biroq ularning gapidan u yoki bu kasallik töğrisida nazariy maʼlumot olasiz, xolos. Buyrak-toş kasali xuruj qilib ingranib yotgan bemorni körgaç esa bunaqa kasallik naqadar oğriqli keçişini rostakamiga bilib olasiz. Demak, ruhi ölgan şoirning yozganlari kasallik belgilari töğrisida gapirayotgan doktorning sözlaridir. Har narsani çin maʼnoda öz qalbidan keçirgan şoirning yozganlari esa xastaligi xuruj qilgan bemorning ingraşlaridir. Bunday ingraşlar buyuk şoirlar ijodida köp eşitiladi.
– Odamzot yerga tuşgandan beri öziga himoya izlaydi. Ruhiga taskin, ayriliq yarasiga şörpaxta axtaradi. Adabiyot şu izlanişlarning samarasidir.
Tun keçalar dod aylasam,
Har dam Seni yod aylasam,
Işqingda faryod aylasam,
Kel, kör mani işq nayladi? – deydi Yunus Emro. Söfiy şoir ayriliqdan lovullab yonayotgan köngliga şunaqa qilib suv sepadi. Va bu “suv” asrlar oşa minglab yunuslarning kuygan köngliga malham böladi. Bu, odamiyat uçun şeʼriyatning kamsuqumgina xizmatidir!
Harqalay, men şunday öylayman-da. Har qanday şeʼr ruhiy ehtiyoj ortidan dunyoga kelişiga işongim keladi. Sizningça-çi, şeʼr qanday yoziladi? Umuman, şeʼr yoziş yoki şeʼr öqiş bilan odam özini darddan qutqarişi mumkinmi? Ijtimoiy hayot maşaqqatlari odamni şoir qilib yuborişi mumkinligiga nima deysiz?
– Şeʼr yoziş köngildagi alamli tuyğulardan xalos böliş usulidir. Misol uçun, men bir paytlar öta oğir ayriliq alamidan telbalardek baqirib şeʼr öqiş yordamida xalos bölganman. Öşa paytlar kun va tunimning asosiy qismini baʼzan ökirib, baʼzan ingranib şeʼr öqiş bilan ötkazardim. Öşanda «Layli va Majnun» va «Demon» dostonlarini öqirdim. Faqat şu ikkala dostonda aks etgan fojia, dard mening qalbimdagi musibatga mos kelardi.
Mening ilk öqigan şeʼriy kitoblarim Şarq adabiyoti klassiklaridir. Ularni birov menga tavsiya qilmagan, özim qişloq kutubxonasini titkilab topganman, yoqqani uçun sevib mutolaa qilganman. Keyinçalik universitetda öqib yurganimda köplab klassik şoirlarimiz söfiy ekanligini har xil olimlarning maqolasidan öqib bildim. Ular söfizmga tegişli istilohlar yordamida Maşrab şeʼriyatining söfiyona falsafasini oçişga urinişardi. Rosti, ularning maqolasidan keyin bolaligimda sevib öqigan Maşrab şeʼrlarini tuşunmay qolardim. Hurmatli olimlarimiz: «Maşrab söfiy şoir, uning şeʼrlarini söfizm falsafasisiz tuşunib bölmaydi», – deb yozişardi. Nahotki, bolaligimda Maşrab ğazallarini tuşunmay sevib öqigan bölsam. Tuşunmasam, nega sevib öqidim ekan?
Kördim yuzingni, devona böldim,
Aqlu huşimdan begona böldim
degan misralarni yodlab yurgan kezlarim bola edim va qalbimda ham rosmana sevgi uyğonmagan edi. Nega şu misralar bola qalbimga moydek yoqdi ekan?
Nasr – köproq insonning hayotiy tajribasi va kamoloti bilan boğliq ijod turi. Istaymizmi-yöqmi insonning hayot hikmati mohiyatiga yetib borişi yoş bilan boğliq. “Qari bilganni pari bilmaydi”, degan gap bor gap. Ellik yoşdan ötganidan keyin barça kasb egalari faoliyatini tugatiş va nafaqa haqida öylab qoladi. Yozuvçi uçun ellik yoş badiiy ijodning boşlanişidir. Yaʼni tengqurlari nafaqaga hujjat töğirlab yurgan payti yozuvçi ijodiy mehnatga rosmana kirişgan böladi.
Nisbatan yoş payti roman va qissa yozganlarning asarlarida baribir hayotiy hikmatdan köra şoirona keçinma va tasvirlar köproq böladi. Yozuvçining ellik yoşning nari-berisida yozgan asarida esa haqiqiy nasr uçun kerakli çin hayot hikmati böladi.
Şoirlik gullar olamiga sayohat, yozuvçilik esa ildizlar dunyosiga kirişdir.
Bilişimça, yolğizlanib qoliş, mehr körmaslik odamni şoir qilib yuboradi. Ayrim ayol va erkaklar keksayganda kutilmaganda şeʼr yozib, kimlargadir öqib beradi. Aslida yozilgan şeʼrni şoir birovga öqib bermasa, şeʼr yozilgan hisoblanmaydi. Şeʼr his-tuyğularingni özgaga bildiriş uçun yoziladi. Şeʼr – hayotdan, öz taqdiringdan nolişning juda gözal va odamni şarmandalikdan qutqaradigan vositasi. Şeʼr yozilişiga asos bölgan badbin tuyğularingizni birovga oçiq gapirib bersangiz tusi özgarib sizga açinadi, gohida esa sizdan nafratlanişi ham mumkin. Insonning biologik tabiati zaif va kuçsizlarga şafqat qilmaydi, balki oxirigaça yançib taşlamoqçi böladi. Şuning uçun kamroq nolib, muşkul ahvolga tuşib qolganingni yaqin qarindoşing va döstlaringga ham bildirmasliging kerak. Odam faqat Allohga öz holini bildirsin.
Qöşni qişloqlik bir kişi, maktabda boşlanğiç taʼlimni ham töliq özlaştirmagan, «ye» bilan «y»ning farqiga bormaydigan savodsiz, yoşi ellikdan ötib tösatdan şeʼr yoza boşladi. Köp yozardi. Bir keçada ikki tiyinlik katak daftarni töldirib taşlardi. Mening kitob öqişga iştiyoqimni, xususan, şeʼriy kitoblarni öqib yurişimni bilgani uçun köpinça yangi yozgan şeʼrini birinçi menga öqib berardi. Keyin esa köçaga çiqib, qayerda odam töplanib tursa, öşa joyga borib yozganlarini öqişga tuşardi. Töylarda esa atay örtaga çiqib uzoq-uzoq odamlarni «şeʼriyat şarobi» bilan siylardi. Farzandlari esa dadasining bu işidan uyalar, özlarini aybdordek his qilardi. Meni nima uçun bu odam keksayganda şeʼr yoza boşladi ekan degan savol qiziqtirardi. Uning yozganlarida turoq va qofiya degan narsa deyarli bölmasdi. Barining mavzusi bitta – odamlarni bir-biriga mehribon bölişga çorlaş edi.
Ozğin, böyni ingiçka, gapirganda kallasi silkinib turadigan kişining nima uçun faqat şu mavzuda şeʼr yozişini keyinroq bildim. U bolaligida ğirt yetim ösgan, bolalik payti mehr körmagan, juda köp xörliklarni, qaşşoqlikni boşdan keçirgan ekan.
Hammasi ayon, bu odam mehr körmaslik inson uçun juda oğir dard ekanligidan ogohlantiryapti. Bolalikda, qöyingki, butun umr mehr körmagan qalb u dunyoga ketiş oldidan isyon kötaryapti. Darvoqe, u kişi şeʼr yozişni boşlaganidan ikki yil ötib tösatdan vafot etdi.
Şu örinda yana bir gap. Juda erta isteʼdodini namoyon qilgan, his-tuyğulari jöşib turadigan sanʼatkorlar va şoirlarni körsam, «Şuning umri qisqa böladi-yov», – deb öylab qolaman. Çunki qalb jism qörğoni qaçon vayron bölişini oldindan aniq biladi va ölim yaqinlaşgan sayin qaynab-toşaveradi. Va toşayotgan vaqti tinib ulgurmasdan osmonga uçib ketadi. Ölim tuyğusining jonlanişi har qanday odamni şoirga aylantirib yuboradi. Soğlom odamda ölim tuyğusi mudroq böladi. Hammamiz bilamizki, umr mangu emas, dunyodan rizqimiz uzilgan kuni omonatimizni egasiga topşiramiz. Lekin bu haqiqatni bilişimiz bizlarni unçalik iztirob va vahimaga solmaydi. Ölim tuyğusi jonlanib qolsa-çi? Hayot tarzimiz va psixikamizda öta keskin özgarişlar sodir böladi. Masalan, ruhiy kasal odamlarni eng yomon qiynaydigan tuyğu ölim vahimasidir. Ular şu vahimaga çiday olmay, undan xalos böliş uçun öz jonlariga qasd qiladilar. «Ölim haqidagi öylardir hayot» (Rauf Parfi).
– “Men özimdagi barça yaxşi fazilatlar uçun kitoblardan minnatdorman”, debdi ahli bilgiçlardan biri. Odamiyat şu vaqtgaça kitobdan-da yaxşiroq döst, dildoş va darddoş topolmadi. Nazarimda insoniyatning kaşf etganlari orasida eng qiymatlisi ham şu kitobdir! Lekin bugungidek talotöp bir zamonda, bu haqiqatni har kimning ham oldiga qöyolmaysiz. Hazrat Zamaxşariy aytmoqçi: “Tumov kişi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kişi hikmat lazzatini bilmaydi”.
Ming vahki, bugun köpçiligimiz “tumov”ga giriftormiz. Gul bilan tikonni farqlayolmay qolayotgan yoşlarimizning eng katta muammosi ham şu – “hid” bilmasligidir. Vaholanki, kundan-kun tahlikalari kuçayib borayotgan XXI asr köçasiga bunaqa “yupun” holatda çiqib bölmaydi. Aks holda özingizni ham, ruhingizni ham boy berib qöyasiz. Çunki “yupun” odamga “issiq joy” körsatsalar böldi, qolgani bilan işi yöq.
Kitob adabiyotçi yoki olim böliş uçun öqilmaydi. Kitob Odam böliş uçun öqiladi.
Rahimjon aka, sizdagi kitobxonlik “kasalligi” qanday boşlangan? Bunga atrof-muhitning taʼsiri bölganmi?
– Men ulğaygan oila adabiyotdan juda yiroq edi. Oiladagi muhit sabab men ham juda köp tengdoşlarim kabi bir qölimda molning arqoni, bir qölimda ketmon uşlab katta bölganman. Na maktabda, na oilada kitob haqida gapirilmas edi. Bolaligimda heç kim menga kitob sovğa qilmagan va adabiyotga qiziqişim heç qaçon rağbarlantirilmagan. Aksinça, qişloq kutubxonasidan olganim kitobni berilib mutolaa qilib, mollarga öt soliş esdan çiqib qolgan paytlar kattalardan tuzukkina dakki ham eşitganman. Hatto, ayrim paytlar qölimdagi kitobni yulqib olib yirtib taşlaşlar ham bölgan. Nafaqat bizning oila, balki butun qişloqda kitob degan narsa yerda yotgan xazonçalik qimmatga ega emas edi. Lekin biz yoşlar, garçi kitobxonlik muhiti bölmasa-da, köp kitob öqirdik.
Xazonni töplab molga beriş mumkin, kitobni esa mol yemaydi. Hozir ham bizning qişloqda köpçilik köçada kitob kötargan odamni devonaga teng köradi va kitob öqişga qiziqqan yigitga unça-munça oila qizini bermaydi. Qalin-qalin kitoblarni öqiş ruhiy tanazzul belgisi hisoblanadi. Mahallaning eng badavlat kişilari, töylarning törida yastanib ötiradigan kazo-kazolar umrida na biron marta kitob sotib olgan, na bitta badiiy asarni oxirigaça öqib çiqqan. Men şu yoşimgaça bironta qişloqdoşimning şaharga borganida kitob magaziniga kirib öziga yoki öğil-qiziga kitob sotib olganini eslolmayman. Bundan ança yillar ilgari onam köylak olib kiy deb bergan puliga «Özbek tilining izohli luğati»ni sotib olgandim. Öşa hodisani onam va bu işimdan xabar topgan qöni-qöşnilar hozirgaça kulib eslab turişadi.
Şundoq. Men ulğaygan muhitda odamlar yegan bir kosa oşi va tinç ötgan kuniga şukr qilar edi. Öqiyman, olim bölaman, taqdirimni özgartiraman deb bir narsalarni orzu qilgan yoşlar mahalla odamlari orasida ğiybat obyektiga aylanardi. Mabodo, u yaxşi joylarda öqib, toza işlarda işlay boşlasa odamlar unga hasad qilardi.
Xullas, öşanda onam aytgandek qilib köylak sotib olganimda taqdirim hozirgidan ozgina boşqaçaroq bölarmidi. Çunki bizning qişloq qizlari qalin kitob kötargan boladan köra çiroyli köylak kiygan yigitni yaxşi körişadi… Xolasi yoki ammasining gapi bilan uçraşuvga çiqqan qiz uyalinqirab yigitning yuziga qarayolmaydi, yerga boqib turib «xaridori»ning kiygan şimi va tuflisini köradi, agar şim va tufli çiroyli bölsa, tez orada töy boşlanadi.
Bilasizmi, özbek sovet şoirlari meni juda qattiq aldagan. Özbekçaga tarjima qilingan Şarq klassik şoirlarining ijodini bir sidra mutolaa qilib bölgaç, şeʼr öqişga ehtiyojimni qondiriş uçun qişloq kutubxonasidan közimga köringan şeʼriy kitoblarni uyga taşiy boşladim. Bu kitoblarning aksari özbek sovet şoirlarining töplamlari edi. Hammasini bir boşdan öqib çiqdim. Lekin, ayrim, juda kam şeʼrlarni hisobga olmaganda, ularning heç birida özim izlagan keçinmalarni topa olmadim. Keyinçalik universitetda öqib yurganimda bildimki, kommunist şoirlarning yozganlari şeʼriyatga umuman aloqasi yöq narsalar bölib, ular kommunistik mafkuraning oddiy tarğibotçilari ekan. Öşa qalin-qalin kitoblarni öqişga ketgan vaqtimga açindim.
Universitetda öqib yurgan kezlarim adabiy tanqidga qiziqib, ustozlarning katta-katta kitoblari mutolaasiga kirişdim. Avvaldan aytib qöya qolay. Men ustozlarimni maqolalarini emas, muloqotda bölganlarimning özlarini hurmat qilaman. Çunki ularning hammasi, hatto eng yomoni ham özi yozgan maqoladan yaxşi hisoblanadi…
«Ming xayf xaşakka intilsa otaş», – deydi Bedil. Öşanday men ham şoir bölaman, adabiyot ilmi bilan şuğullanaman deb kommunistik davr mevasi bölgan mafkuraviy adabiyot otliğ «xaşak»ka röbarö böldim.
Bu «xaşak»lar adabiyotga heç qanday aloqasi yöq bölsa ham, lekin bu maydonni butunlay egallab olgandi. Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt «xaşak»lar orasida tentirab yurişga majbur edi. Talay isteʼdodli şoir va olimlar şu «xaşak»larni çin adabiyot deb öyladi, özlari ham «xaşak» yaratib taşladi.
Faqat öqişga kiriş majburiyati yuzasidan özbek sovet şoirlarining maktab darsligida berilgan bir parça-yarim parça şeʼrlarini yod oldim, xolos. Öqişga tayyorgarlik jarayonida adabiyot fanidan darsliklarni qölga olişga bezillab qolgandim. Darslik yozgan olimlarning nima demoqçiligini heç tuşunolmasdim. Ötgan asrning saksoninçi yillari oxiri edi öşanda. Bu paytda men yigirma beş yoşga yetgandim. Hozir öylasam, sovet davrida yozilgan adabiyot darsliklari öquvçilarning adabiyotga muhabbatini butunlay söndirişga qaratilgan ekan. Yaxşiyam maktabda adabiyot faniga qiziqmaganim, yöqsa mendagi badiiy sözga muhabbat beşikdaligidayoq böğilib ölgan bölardi. Maktabda adabiyot fanidan ötilgan darslardan juda kam narsa yodimda qolgan. Köylagining tugmalangan joylari tarang tortilib kindigi körinib turadigan adabiyot öqituvçimizning «Miltiqli kişi» pyesasi…» deb boşlanadigan gaplari yodimda qolgan. Nega aynan şu holat xotiramga muhrlanganini hanuz tuşunmayman…
– Bir paytlar… “Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt «xaşak»lar orasida tentirab yurişga majbur edi”. Ammo keyinçalik bu “xaşak”larni yangi davr şamollari uçirib ketdi va şu bilan hammasi barbod… bölmadi. Ha, bu “xaşak”larning yangi-yangi turlari paydo böldi. Ularning kitob holida çop etilişi, muallifining “odamgarçiligi”ga qarab eʼtirof etilişi, bir söz bilan aytganda, rağbatlantirilişi adabiyotning qiymatini tuşirib yubordi.
Ayniqsa, “tuşib ketiş” jarayoni şeʼriyatimizda yaqqol namoyon böldi. Qofiyasini topgan odam şoir bölaverdi va bu köpayiş jarayoni hamon töxtagani yöq. Bugun şeʼrning zörligini adabiyotşunos emas, xonandalar belgilayapti! Rost gap. Tuppa-tuzuk şoirlarning şeʼriyatiga bağişlangan maqolalarni ham bi-ir öqib köring! “Sönggi yillarda bu şoirning önlab şeʼrlari qöşiq böldi”, deya eʼtirof etiladi. Yozgan şeʼringizning qöşiq bölişi alohida fazilat sanaladigan bölib qoldi. Xonanda eʼtirof qildimi, demak, şeʼringiz zör! Yozavering, “kuçliroq sev”avering!
Xöş, bu “xaşak”larga nima deysiz? Yana şamollarni kutamizmi? Ungaça özimiz “şamollab” qolsak-çi…
– Bir kuni mahallamizdagi yoşgina yigitça uyalinqirab «Şeʼrlarimni körib berasizmi?» – deb qoldi. Darhol savol berdim: «Qayerda öqiysan?» Maʼlum bölişiça, qizlarga xos allaqanday uyatçanlik sezilib turgan bu bola temir yöl kollejida öqirkan. Yaxşi, uyimda öqiyman deb qölidan ijod namunalarini oldim. Uyda öqib kördim. Sodda, sayoz va beğubor şeʼrlar. “Sevganim sevmadi, çunki men kambağal edim”. “Dadajonimni soğindim”, “Onajonim azizdir” mazmunidagi şeʼrlar. Ularni qişloğimizdagi otarçilar qöşiq qilib aytsa tuzuk, ammo aslo qişloqdan taşqariga opçiqib bölmaydi. Yigitçadan qaysi şoirlarning ijodi bilan tanişligini söradim. Yöq, bironta eʼtiborli şoirning şeʼrlarini öqimagan. Nega şeʼr öqimay şoir bölmoqçisan deb sörayman undan. Javob yöq. Kulib turibdi, xolos. Dadasi ança yillar oldin avtohalokatda vafot etgan, u ota mehrini körmay ösgandi. «Eşakka öxşab hangraydigan otarçilarning qöşiğini tinglayvermay, katta şoirlarning şeʼrlarini ham öqib tur. Şeʼriyat – sanʼat! Tuşundingmi?» – dedim unga jahlim çiqib. Nega jahlim çiqmasin. Axir Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovning kitobini qölida uşlab körmagan yigitça baqrayib: «Şeʼr yozdim, kitob çiqarmoqçiman, sözboşi yozib bering», – desa jahlingiz çiqadimi, axir?!
Yoşligimda unça-munça misralarimni tuman gazetasiga kötarib borgani rosa uyalardim. Qişloğimizga yaqin Qöqon şahrida esa «Ilhom» degan adabiy tögarak borligini bilardim. Lekin tögarakka borişdan hayiqardim. Öylardimki, u yerdagilar juda bilimdon, darslikka kirgan hamma şeʼriy parçalarni yod olişgan, men esa darslikdagi bironta şeʼrni ham bilmayman, ularning davrasida uyalib qolaman. Xullas, muhitga köp muhtoj bölganman.
Insondagi taʼmagirlikning çeki-çegarasi yöq. U eng gözal va yuksak narsalarni ham öz manfaatiga böysundira oladi.
Yaqinda bir tanişimdan özim tuğilgan tumanda yaşab ijod qilayotgan şoirlarning öttizga yaqin kitobini sörab oldim. Maqsadim: ulardan eng yaxşi şeʼrlarni saralab markaziy matbuotda eʼlon qiliş edi. Turli hajmdagi kitoblarni öqib piçoqqa sop böladigan yarimta ham şeʼr topa olmadim. Ayrim töplamlarning sözboşisida bu kitob muallifning ön uçinçi töplami degan yozuv ham bor ekan. Şeʼr uçun tanlangan mavzularning bariga taʼmagirlik degan zahar içirib öldirilgan. Misralar aro baçkana manfaat itlari dumini likillatib, qilpanglab turibdi.
– Rahimjon aka, maroqli suhbatingiz uçun sizga rahmat!
Bilasiz, biz bugunning qariçi ertaga töğri kelmayotgan şiddatli bir davrda yaşayapmiz. Kundan-kun atrofimizda fitnalar, aldovlar quyuni quyuqlaşib bormoqda. Nima qilmoq kerak? Keça-yu kunduz eşik-derazani bekitib ötiramizmi? Ammo bu bilan muammo hal bölmaydi-da.
Ha, kalavaning bir uçi özimizning içimizda. Içki taʼlim-tarbiyani töğri yölga qöymoq majburiyatidamiz. Bugun bevosita maʼnaviyatimizga, madaniyatimizga tahdid soladigan ğoyalar, qaraşlar böhroni adabiy jarayonga ham kirib keldi. Fohişabozlik, öğirlik, öldiriş sahnalaridan iborat jild-jild kitoblarni şunçaki körib körmaslikka olib turibmiz. Vaholanki, inson qalbini öldiradigan bu adabiy qurollardan heç kimga foyda yöq. Bu adabiy qurollar qalbni yakson qiladi, buzadi. Buzilgan qalb xoindir! Har xatoning boşi va har qanday gunohning manbayi buzuq qalbdir! Taşqi duşman bunçalik xatarli emas. Bu ğanimni özimiz boqamiz, özimiz ardoqlaymiz va özimiz unga qurbon bölamiz.
Şunday ekan, bu boradagi masʼuliyatli vazifa, millat oydinlarining, ijodkorlarning zimmasiga tuşadi. Zero, haqiqiy ijodkor öz davrining vijdonidir.
Suhbatimiz asnosida ayrim aççiq-tiziq gaplar ötgan bölsa-da, maqsadimiz zimdan birovlarning tomorqasiga toş otiş emas. Bu, xatolarni tuzatiş va özimizni önglaşga bölgan kiçik bir urinişdir.

Suhbatdoş: Alişer NAZAR
2014/7

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)