Sayyoh tuyg‘ular

0
16
marta ko‘rilgan.

Biz tezkor bir asrda yashayapmiz. Tirikchilik tashvishi hamma vaqtimizni tortib olib qo‘ymoqda. Ammo ko‘ngil baribir go‘zallikka, inja tuyg‘ularga tashna. Biz bunday sohir hislarni so‘zsiz adabiyotdan topamiz.Taraqqiyot tezliklaridan, shovqin-suronidan bezgan yuraklarga adabiyot, inja she’riyat halovat olib kiradi.

Yosh to‘kadi dardlar qog‘ozga,

Goh shodliklar tizilar – marjon.

Bu  so‘zlar bir qarashda odmi, ammo tagma’nosi zalvorli, chuqur. U bugungi inson botinida yashayotgan xotira muhtashamligini namoyon qila boshlaydi. Endi bu so‘zlarni suratdek tomosha qilish mumkin. O‘qigan sayin manzaraga kirib borasan go‘yo. Mo‘yqalamga olingan sokinlik shovqinlarni yopish uchun ifoda etayotgandek tuyuladi…

Yurakdagi sirli ovozga,

Borlig‘ini sadqa qilar jon…

Bu palitrada ranglar o‘rnini so‘zlar, so‘zlar o‘rnini ranglar egallab, ruh holatini muvozanatga sola boshlaydi. “Yurakdagi sirli ovoz” dard va shodliklardan tizilgan.  Endi lirik qahramon  o‘z olamini sof – o‘zi qanday bo‘lsa shunday istifoda etmoqchi. Chunonchi, muallif rangtasvirchi kabi she’rxonni o‘quvchi emas, sayohatchiga aylantirib, marjonga terilgan ruhiyat tasvirini namoyish etmoqchi. Sayyoh tuyg‘ular rangi orqali yo‘lboshlovchi ko‘ngil ko‘lamining har o‘zgarishiga shohid bo‘lib izidan ergashadi:

Ich-ichiga gohi yog‘ar qor,

Ninalarin sanchar izg‘irin…

Tishlasa ham  kunda bir ozor,

O‘zgartirmas ma’yus tasvirin.

Holatning parchalaridan asta-sekin bir butunlik hosil bo‘la boshlaydi. Rang vazifasida kelayotgan so‘zlar palitrada sodda ko‘ringani bilan polotnoga tushib butun bo‘y-basti namoyon bo‘ladi. Bu yerda “tushib” emas, uchib o‘tib, desayam bo‘laveradi. Botindagi manzarani  o‘z aslicha tasvirlash soddalikdek tuyuladi. Uni o‘zgartirib bo‘lmaydi: “O‘zgartirmas ma’yus tasvirin…”. Yurak – qolip. Undan joy olgan har nima shaklni buzmoqchi bo‘ladi-yu, baribir ichki ohangga jo‘r bo‘ladi.

Quvonchlari quvnoq,

Jarangdor, tuyg‘ular 

O‘z bag‘riga olgan har kalom.

Ular axir samimiy,

Nomdor,

Shu ko‘ngildan topgan ehtirom.

Qarang, evrilishlar tuyg‘u manzarasi orqali ifo­da etilmoqda. His-tuyg‘ular ham o‘z timsolini ruhiyatda aks ettiradi. Yo‘lga chiqqan sayyoh shu ikki sezgi bilan safarini davom ettiryapti. So‘zlarning rang shaklini olgani ham shundan. Bir sezgi – jaranglab sirli manzilga boshlaydi. Birdan yurak entikadi. Unda nima aks etsa, sog‘inchning jilvasidan vujudga keladi. “Jarangdor tuyg‘ular” aslida yurakning dukurlashi, hayajonli lahzaning suratdagi aksi. Borgan sayin manzil yaqinligi seziladi. Ularni to‘liq ifoda etgan sayin Qalb xaritasi to‘laligicha namoyon bo‘la boshlaydi. Bo‘ladi-ku, shunday, manzarani ko‘rasan-u, ifodalay olmaysan. Manzil esa borgan sayin yaqin qolyapti:

Xayoliga joylanar olam,

Kezar uni poyi piyoda.

Eziladi gohi juda ham

Yolg‘izligin sezib dunyoda.

Yurak shunday makonki, uni ochishga uringan sa­yin, aksincha yopilib boraveradi. Bu manzarani ko‘­­rish faqat uning o‘ziga nasib etadi. Uning ezilga­ni yolg‘izligidan emas, bu quvonchni boshqalar ko‘r­­maganidan. Endi o‘sha xaritadagi barcha belgilab bo­rilayotgan manzillarni yana ko‘zdan kechirishda davom etamiz: 

Bag‘ri chuqur oqshomlar guvoh,

Yulduzlar ham tikilar mahzun.

Kunduzlari umid bersa goh

Ne qiynoqqa yetaklaydi tun.

Bu yerda hammasi sof, shovqin-surondan o‘tib olgan va undan omon qolgan tuyg‘ular yulduzlarning porlashi sukunatga xalal berishidan xavotirda. Oq­shomlarning chuqurlashgani vaqtning besamar o‘tib ketgani uchun yuz beryapti. Kunduz tunning kirib kelishini xohlamay uzoq davom etishini istaydi. 

Mo‘jizami – dilga o‘t qalab,

Mashaqqatni ortadi tanga.

Yaratgandan boqiylik tilab,

Sajda qilar ona Vatanga.

Endi manzaradan qaytadigan vaqt keldi. Chunki bu safar juda uzoq davom etdi. Xaritadagi belgilar Kunduz, Tun va Tonglar ekan. Bizga oson ifodalab berilgan tasvirlar “Mashaqqatni” ortib olgan. Bu og‘irlik nima ekanini manzara ichida turgan paytdagina anglab yetamiz. Uzoq safardan qaytayotib Tongga yetib keldik.

Tonglar bilan tug‘ilar sabot:

Shodliklarin yashirar arang.

Orom topmay toshadi behad –

Nolamikan?

Sehrli ohang!

Birdaniga bu yo‘l qanday boshlanganini xayolimizga keltiramiz. Unga “olam joylanadi”. Bu baham ko‘rilmoqchi bo‘lgan quvonch. Sururlar o‘lkasining xayolda aks etgan manzarasi edi. Sehrli ohang shodlikni keltirib chiqaradi. Yashira olmaydi. Bunday va manzara bo‘lib ko‘ringan xayol ichida faqat Shoir qaytib kelishi mumkin. Sokinlikdan horg‘in qaytib kelgan Rassomgina bunday buloqdan to‘yib chanqog‘ini qondirishi mumkin…

Sizib chiqar buloq misoli,

Vujudida o‘rmalar birga.

Bu qalb sirli – ming bir havoli,

Atalgandir faqat shoirga.

 

* * *

Inson qalbida kechayotgan holatni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin. Ya’ni, bu botinda va zohirda kechayotgan manzaralar. Albatta, undan ham ko‘p bo‘laklarga bo‘lish mumkin, ammo bunga tafakkur yetgan darajada yondoshgan ma’qul.

Bu tafovut tabiatning hammaning ham ko‘zi tushavermaydigan, ko‘zga tashlanmaydigan kichik bir burchagi, parchasini kattalashtirish orqali yuz beradi:

Zarda qilmas oyoq ostida,

Zorlanmaydi, etaging tutar.

Poshnalarning axir zarbidan

Azoblarni ichiga yutar…

Manzara ko‘lami kengayib, tilga kiradi. Tabiatning bir bo‘lagiga qancha osmon va qancha tong kerak?  Yuqorida aytganimiz shartli ikki manzaraning biri ko‘zimiz o‘ngida, ikkinchisi tuyg‘ular bilan hisoblasha boshlaydi. Qarang, o‘zi kichik bo‘lsa ham:

Unga ham tong etadi nasib,

Shabnamlarni tutar kaftida.

Bunday manzarani ilgari ko‘rmagan ekanmiz. Uni birinchi bo‘lib zohirga yuborilgan xabardan ko‘rib, ikkinchisi, botinga yetkazilgan voqeaning shakl topishidan bilib oldik. Ya’ni, biz raqamli qulfni ochadigan so‘zni topdik. Va shu “yo‘l” orqali yurishda davom etamiz:

Erkalaydi sabo ham esib,

Isinadi oftob taftida.

… Surat bo‘ylab yo‘l yuramiz… Endi bu suratga ziyon yetkazib qo‘yishimiz mumkin ekanini birdan ang­lab yetamiz. Bu – Nekbinlik tuyg‘usi. Botinimizda shu voqea yuz berdimi, demak biz o‘zgarmabmiz. Go‘yo bepoyonlik bilan mangulik bir lahzada jamolini ko‘rsatgandek. Voqealar (botindagi va zohirdagi) birvarakayiga kishi ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi. Bu hol so‘z orqali kelib qalbga tutqun bo‘lganda ana shunday bo‘ladi. His qilingan holatnigina tasvirlash mumkin. Keling, davom etamiz:

G‘ayratining cheki yo‘q axir,

Talpinadi u ham ko‘k tomon.

Xoksorgina bu mitti bag‘ir,

Yashayotir yashnab sog‘-omon.

Og‘riqni ifoda etish uchun, albatta, uni boshdan kechirish kerak. Ana shundagina holat butun bo‘y-basti bilan ko‘zga tashlanadi va kishi diqqatini jalb etadi. Kam so‘z ishlatib ko‘p fikrlashga undash va tuyg‘ularni toliqishdan asrashga o‘xshaydi bu jarayon. Bunda  osongina  dardni o‘lchash mumkin.

So‘zlardagi har bir harf tilga kirgandek go‘yo. Bunda ko‘z oldimizda kichik bir lavhadan katta manzaraga o‘tgan edik. Biroq yo‘lda bilib qoldikki, qadamlarimiz go‘yo dukkillab urayotgan qon tomirlar ustida ekan. Bu – Yerning shoxtomirlari… Yana bir odim tashlasak… manzaraga ziyon yetadi.  Satrlar zinapoyaga aylanib  yo‘lga boshlayotgan bo‘lsa-da!  Musavvir bu holatni anglab yetgani uchun sizni bu makonga boshlab kelgan edi. Yo‘lni bosib o‘tish qiyin bo‘ldi. Ammo so‘z o‘z vazifasini shunday bajaradi:

Parvoyi yo‘q intilmoq kerak,

Poyandozdek oyoq ostida.

Nimagadir seskanar yurak,

Bir kun tutar boshi ustiga.

Mana endi botindagi voqealar zohirga, zo­hir­dagilar botinga buysunmay qoldi. Ammo oyog‘ing ostida turgan tuproqning hayajonini sezib qolasan. Bu suratning oxiri. Uni tomosha qilib bo‘lgandan keyin hammasi yakun topadi. Maysalar esa jimgina o‘sishda davom etadi.

Biz yuqorida tilga olganimiz ikki she’r – “Yosh to‘kadi dardlar qog‘ozga” va “Maysa va o‘zim” taniqli shoir O‘tkir Rahmatning “Xoksor maysa” kitobidan edi…

 

Davron RAJAB 1967 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy Adabiyot kursida tahsil olgan. “Bir tomchi yulduz” nomli kitobi nashr etilgan.

 

2014/7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.