Evard Munk: “Qichqiriq”

0
24
marta ko‘rilgan.

“Qichqiriq” – norvegiyalik rassom Edvard Munkning eng mashhur va sirli kartinalaridan biri. Ko‘plab tanqidchilar fikricha, asar syujeti ijodkorning ruhiy iztiroblari mahsulidir. Ba’zilar unda bo‘lajak ekologik fojialardan dahshatga tushish holatini ko‘radi. 

Qizil, olovli osmonning vahimali soyasi butun ko‘rfazni qoplagan. Qoliplar, chegaralar o‘z maromini yo‘qotgan, ranglar chaplashib, dahshatli bir manzara tusiga kirgan. 

Tomoshabinga g‘alati tuyulsa ham bu holat birgina ko‘prik ko‘rinishiga daxl etmagan. Go‘yoki ko‘prik ularni tabiatdan, to‘zg‘inlik va taloto‘plardan ajratib turibdi. Rassom nigohida odamlar his etish, ko‘rish, eshitishdan tobora mahrum bo‘lib bormoqda. Hamma bir-biriga befarq.   Chunonchi, asar ortidagi ikki shaxs voqealarga mutlaqo hissiz va munosabatsiz kishilar ramzidir. Bu holatning yanada fojiali ekanini anglatadi.  

Kompozitsiya markazidan joy olgan — hayqirayotgan kishi yuzida afsus, tushkunlik, qo‘rquv, dahshat, telbalik alomatlari qorishib ketgan. Uning qattiq og‘riq va azobdan og‘zini katta ochib hayqirayotganini tomoshabin bir lahza eshitgandek bo‘ladi. Qulog‘ini qo‘li bilan yopib turishi esa uni o‘rab turgan olamdan xalos bo‘lishni, hech narsani eshitish va bilishni istamayotganini anglatadi.

Rassom ushbu kartinasini XIX asr oxirida yaratar ekan, XXI asr kishisining ruhiy holatini ham bashorat qilgandek bo‘ladi. Go‘yoki kartinada axborot  texnologiyalari bilan to‘lib-toshgan olam ichida gangib qolgan odam tasviri ko‘rinaveradi.

Rassom kartinani yaratishda murakkab texnika — yog‘li va tempera bo‘yoqlaridan foydalanib, atrofni qizil va ko‘k ranglar tegrasida ifodalashga urinadi. 

Edvard Munkning aynan shu asari bir necha bor o‘g‘irlangan. Qizig‘i, buni kartinaning bahosi bilan emas, tomoshabinga ko‘rsatadigan o‘zgacha ta’siri bilan izohlashadi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.