(Hikoya)
Turon mamlakatining hukmdori Alp Er hoqon yolğiz öğli yigirma beş yoşga tölib, “Er” atanişi munosabati bilan yiğilganlarni birrov közdan keçirib, izdihom oldida qöl qovuştirib turgan öğliga köz tikdi:
– Kök Tangriga şukurki, biz butun Şarqu Ğarbni öz atrofiga birlaştirgan oq xunlar avlodimiz, ulim! Manovi Oqsaroyimizning boşidan nur soçib turgan Momo Oftobimiz bilan uning poyiga boş urib turgan oppoq otovimiz – Orol, bepoyon quruqlikning qoq örtasidagi yopiq dengiz, çuçuk suv, obi hayotning haqqi-hurmati şuni röy-rost aytamanki, Siz, ulim, Kök Tangrining bizga bergan buyuk ehsoni, umid çiroğimiz, uşalgan va uşalajak orzuimizsiz! Şuning uçun ham bundan yigirma beş yil avval sizga “OTOVUL” deb ot qöygan edim! Erta bir kun ulim er yetganida şu otovimizga munosib ul bölsin, Turon tangriqutlari mulkiga çinakamiga ega bölsin deb edim! Men endi qaridim! Mana, Kök Tangriga şukurki, siz ham Er atanib, har tomonlama yetuk, barkamol avlod, kiroyi erkak bölib turibsiz. Endi öz otingizni oqlab, yana bir ota, şu otovimizning egasi, tom maʼnodagi otovul böliş vaqtingiz yetib keldi. Endi Siz ham oila qurmoğingiz kerak! Xohiş bildirsangiz bas, qöl ostimdagi jamiki böysira qizlarni köz oldingizda kiprikdek tiziliştirib qöymoğim mumkin, toki ular orasidan könglingizga yaqin öz tengingizni toping-da, siz ham oila quring endi! Erta bir kun onangiz bilan meni nevara köriş baxtiga yetkazing-da, axir, ulim! Manovi Oqsaroyimizni qurşab turgan Tuproqqalʼa, uning atrofidagi Ellik qalʼa, ularning ham atrofidagi ellik ming qişloqlarimizda şunaqangi gözal qizlar bisyorki, ularning oldida afsonaviy pari-paykarlar ham ip eşolmay qoladi!..
Turon xoqonining yolğiz öğli yiğilganlarning köz oldida tiz bukib, qölini köksiga qovuştirdi:
– Bir qoşiq qonimdan keçingiz, ota! Men uylanmayman deyotganim yöq. Uylanib, sizning orzu-umidlaringizni uşatiş men uçun ham farz, ham qarz. Lekin siz ham mening könglimga qarang-da! Avvalo şu savolimga javob bering-çi! Men tinglagan aksariyat ertaklaru dostonlarimizda qahramonlar nega öz ovuli, qişloği, kentu şahri, hatto mamlakatidan uylanib qöya qolmaydi-da, baxtini qidirib butunlay boşqa mamlakatlarga safar-sayohat qiladi, xöş?.. Men bu asarlar qahramonlaridek Qalmoqqa, Köhi Qofga, Vayanganga, boşqa şular kabi ilgari borilgan maʼlumu maşhur manzillarga yana bormoqçi emasman, balki ularning hammasidan oşib ketmoqçiman. Dunyoning eng çekkasidagi butunlay nomaʼlum bir mamlakatga borib, dunyodagi eng bokira gözalni topsam-da, sizga munosib kelin qilib olib kelsam deyman! Birov yurgan yöldan yurib ötişni emas, heç kim yurmagan yangi yöl topişni, öz baxtimni özim ana şu yangi yöldan qidirib körişni istab turgan bölsam, nega siz mening şu istagimni qöllab-quvvatlamasligingiz kerak, ota, heç tuşunmayapman?! Avvalo şu istagimga yetişim uçun izn bering! Keyin menga oq yöl tilab duoyi fotiha qiling, Sizdan iltimosim şu!..
Alp Er hoqon beixtiyor taxtidan sapçib turib, asabiy etak silkidi:
– Yana şu gapmi, ulim?! Sizga nima yetişmaydi özi?! Istagan narsangiz muhayyo, mamlakatimning eng gözal, eng oqila qizlari sizga umr yöldoşi bölişni orzu qilib turgan bölsa! Şu quruqlikning qoq örtasidagi ulkan suvlik – Orol – otovimiz – bizning dunyomiz, axir! Bu dunyodan boş olib ketib, yangi bir dunyo oçiş… xöş, aynan sizga nima uçun kerak bölib qoldi?! “Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi öpka yaxşi” degan ota-bobolarimiz! Quyruqning özi ana öşa uzoqlarda bormi-yöqmi, buyoği ham noaniq bölsa!.. Nima qilasiz öz boşingizni özingiz xatarga qöyib, bizni yölingizga zor-intizor, özingizni sarson-sargardon qilib?!.
Otovul ham tiz çökkan joyidan turib, qaddini kerdi-da, otasiga yovqur qaraş qildi:
– Meni uzoq yöldan qaytaraman deb bekorga ovora bölyapsiz, ota! Ajdodlarimiz nafaqat Turonzamin, butun Çin-Moçin, Hindu Sindni kezib çiqqanida, hattoki ulkan qitʼamizning tor böynidan yurib butunlay yangi bir qitʼaga ötib, şu yoqlarda yaşab qolganlarida… nega endi meni özingizning mayda qadamlaringizga boğlab taşlaşga urinyapsiz özi?! Axir, men öşa uzoq ajdodlarimizdek boşqa qitʼaga butunlay ötib ketmoqçi emasman-ku! Nihoyati öz qitʼamizning kunbotariga qarab yöl yurib, uning narigi çekkasiga bormoqçiman, xolos! Oq xunlarning könglidek oppoq yalovini qitʼamizning narigi çekkasiga oborib qadab kelsam, nima, şu yomonmi?! Boz ustiga, köngli özimizning könglimizdek oppoq, bu dunyodagi eng bokira gözalni sizga kelin qilib olib kelmoqçiman-ku!.. Nur ustiga aʼlo nur deganlari mana şu emasmi, ota?! Yonimda özimga yetgulik qorovul, yasovul, bakovul, şiğovul, hirovullarim bölsa! Boş ustimizda – Kök Tangri bilan Momo Oftob, tagimizda – uçqur qorabayir otlarimiz, nortuyalar ustida – ötovlarimiz, köngillarimizda – dunyoni köriş-biliş, iloji bölsa, yerning kindigini topiş iştiyoqi bölsa!.. Siz nega bu iştiyoqimizni söndirişga urinyapsiz özingizça?! Şu işingiz butun umrini ot ustida ötkazgan Turk Otamiz bilan Yofas Otamizga munosibmi, axir, ota, özingiz öylab köring?!.
Alp Er hoqonning qoni qaynab, beixtiyor jumbuşga keldi-da, asabiy bir qatʼiyat bilan qöl siltadi:
– Mayli, ulim, Turk Ota bilan Yofas Otani örtaga qöyib turibsizmi, endi şu turk budunning köz oldida sizga oq yöl tilab, Kök Tangridan panoh sörab duo qilmasam, Turon hoqonlariyu xun tangriqutlarining asriy taomillariga zid iş qilgan bölaman! Mayli, toleingizdan köring endi!.. Iloyo yölingiz oq, boşingiz toşdan bölsin, ulim! Oy borib, omon qayting! Volidangiz, butun el-ulus bilan birga közlarimiz tört bölib yölingizga köz tikib yaşaymiz endi! Boşingiz ikkita bölib qaytganingizni, erta bir kun şu otovimizning qoşida köpdan-köp nabiralar – tangriqutlarning barkamol avlodlarini köriş baxti barçamizga muyassar bölsin!..
Ertasiga tong-sahardan Otovul özining qorovullari, yasovullari, şiğovullari, bakovullari, hirovullari, butun köç-köroni, başarti oldlaridan yoğiy çiqib qolgudek bölsa, mustahkam himoyada turajak yengilmas qöşini bilan yölga tuşdi. Ortlarida oppoq otov – Orol dengizi qoşida ajdodlar kuzatib qoldilar. Oq xunlarning asosan dunyoni anglaş iştiyoqidagi serğayrat yoşlari – eng barkamol avlodidan iborat yölçilar esa, qöllarida – oq bayroq, köngillarida – oppoq orzular, möljalni kunduzlari – Quyoşdan, keçalari – oy bilan yulduzlardan, avvalo Oltin Qoziq – Qutb Yulduzidan olib, kunbotarga qarab ketdilar. Yöl yurdilar, yöl yursalar ham möl yurdilar. Ana, Alpomiş zabt etgan Qalmoqlar yurti ortda qoldi. Mana, Yoyiq toğlardan oşib ötdilar. Yana bir uzoq ajdodi “E dil!” deb nomlagan ulkan daryodan ham keçdilar. Yana ne bir oq xunlar özlariça “Osmon tomi” deya taʼriflagan Köhi Qof – Qofqoz toğlaridan oşdilar… Tağin ne bir toğlardan oşib, daryolardan keçib ötib borib, nihoyat, dunyoning eng çekkasiga yetdilar. Yetişga yetdilar, lekin, ne köz bilan körsinlarki, köm-kök dengizga boqib, “Ana endi marraga yetib keldik, qitʼaning eng çekkasi şu!” deya quvonib turganlarida… közi ötkirligi bilan dong taratgan şiğovul qaçonlardir bir bilga yaratgan surnaysimon uskuna – durbin içiga köz tikib aytdiki: “Közimga butunlay yangi dunyo aniq-ravşan körinib turibdi! Aftidan, bizning qitʼamizdan boşqa yana bir qitʼa borga öxşaydi! Yangi qitʼa bölganda ham, köm-kök dengizning narigi tarafida oppoq oqarib turgan bir otov! Lekin bu otov…, bizning Orolimizga öxşab, quruqlikning örtasidagi suv emas, aksinça, suvning örtasidagi quruqlik!..
Otovul şiğovulining qölidan durbinni olib, köziga tutdi. Yo falak! Bu qanday Orol böldi?! Quruqlikning qoq örtasidagi suv emas, suvning örtasidagi quruqlik!.. Yana bir “Borsa kelmas”mi bu, nima balo? Qiziq!..
Dengiz sohilida uzoq davom etgan maslahatlar, hordiq çiqarişlaru yangi safar-sayohatga hozirlik körişlardan keyin tağin yölga tuşdilar. Yaxşiyamki, Orol dengizidagi “Borsa kelmas” orolçasiga suzib boriş uçun qayiq yasaş bobida tengsiz ustalar ham himoya qöşini orasida yetarli bölgani, ular yasagan qayiqlarda suza-suza, nihoyat, butunlay yangi sohilga yaqinlaşdilar. Yaqinlaşar ekanlar, durbinni tağin közga tutib qayta-qayta qaradilar. Ne köz bilan körsinlarki, butun sohil böylab sonsiz-sanoqsiz odamlar! Xuddi özlaridek novça-novça, alpqomat-alpqomat, rang-röylari oppoq-oppoq odamlar! Yöq, özlaridan ham oppoqroq! Lekin har birining qölida özidan kamida ikki baravar uzun qop-qora-qop-qora nayza borligiga nima deysiz! Nayza uçlari quyoş nurida tovlanadi! Hammalari nayzador! Behisob nayzadorlar! Olisdan döst tutiniş umidida kelgan mehmonni nayza bilan kutib oliş!.. Bu qanaqasi?! Axir, ular orolga nayza kötarib emas, köngillaridek oq-oppoq bayroq kötarib kelmoqdalar-ku! Qölida oq bayroq bilan kelayotgan odamni qora nayza bilan kutib oliş… yaxşimi?!. Qöllarida hilpirab, tinçlik-totuvlikka çorlab betöxtov-bezovta silkinib turgan oq bayroqlar öz taʼsirini körsatdi, şekilli, hartugul, orol egalari nayzalarini yerga qöyib, işonib-işonmay, hadiksirab kutib oldilar. Bir-birlari bilan qöl olişib körişgaç, birga-birga sohildan orolning içkarisiga tomon yurdilar. Yöl-yölakay imo-işoralar yordamida söraşib-tanişdilar. Bu mamlakat, özlarining aytişlariça, oqilçinlar mamlakati, mamlakatning oti esa, “Birtaniya” ekan. Butun orol ahli yoğiyga qarşi kuraşda bir tanu bir jon bölib, bir yoqadan boş çiqara olganlari, yovga qarşi jangda nihoyatda ahilligi uçun mamlakat “Uluğ Birtaniya” deb atalar ekan. Xalqning oti şuning uçun “oqilçin” deb atalar ekanki, avvalo, hammalarining rang-tuslari xuddi oq xunlardek oq, oppoq, oqimtir, oqiş, oqilçin ekan, qolaversa, ular çindan ham oqil-aqlli-bilga ekan… Orol egalarining tillarini ham, urf-odatlariyu turmuş tarzini ham bilib-örganib-tuşunib oliş unçalik oğir bölmadi. Lekin oq xunlar özlarini ularga taniştirişda ançagina qiynaldilar. Masalan, bu oqilçinlardan birontasi Otovulning ismini aniq-tiniq aytolmadi. Tili kelişgani “Attila” böldi. “Mayli, “Attila” bölsa “Attila”-da! – deb öyladi öziça Otovul. – Har qalay, til topişib boşlaşdi-ku, muhimi şu emasmi!” Yasovul, şiğovul, hirovul, qorovullarni – jangari qöşin, uni – qöşinning boş qömondoni deb, özlarining jangari tabiatlaridan kelib çiqqan holda tön biçişgan, şekilli, yana bir tuşunarsiz sözni tötiquşdek qayta-qayta takrorlab qolişdi: “jeneral”, “jeneral”!.. Tabiiyki, Otovul bu tuşunarsiz sözga ham eʼtiroz bildirib ötirmadi: “Mayli, jeneral bölsa jeneral-da, – deb öyladi tağin öziça, – muhimi, oqköngilu begunoh xunlarni öldiradigan xunxöru xunrez emas, qonxör emas, qotil emas, bosqinçi-kallakesar emas, nihoyati “jeneral”, özimizça aytganda, nihoyati “laşkarboşi” ekan-ku!..”
Uzoq davom etgan söraşuv-tanişuvlardan söng öz-özidan murod-maqsadga ötildi. Otovul safar-sayohatdan közda tutilgan eng asosiy murod-maqsadni aytganida, maʼlum böldiki, yo falak, odam bolasining qoni qoniga naqadar tutaş, tili tiliga naqadar öxşaş ekan, “Elga el qöşilsa – davlat” degan qadimiy maqol bu qavmda ham bor ekan! “Biz ham elga el qöşilişini hohlaymiz, albatta, – deyişdi ular, – faqat buning bir neça şartlari bor-da!” Otovul pirovard maqsadga ötdi: “Agar dunyoning eng gözal qizi sizning yurtingizda topilgudek bölsa va agar u mening könglimga ötirişsa, ana öşanda har qanday şartingizga, mayli, roziman”.
Ipga tizilgan qaldirğoçlardek tizilişgan közlari moviy-moviy, soçlari tillarang-tillarang qizlar orasida bir qizni körganida Otovulning köngli beixtiyor jiz etdi. “Şunisi yuragimdan urdi! – beixtiyor iqror böldi u. – Otini ayting endi bu qizning?” Javob qaytdi: “Dezdemona!” Yana söradi: “Bu sözning maʼnosi nima?” Javobdan köngli juda töldi-töliqdi-tölqinlandi: “Xohlang “Dezdemona” deng, xohlang “Mona Liza”, har ikkisining maʼnosi – “gözal malak”, “pari-paykar” degani böladi! Otovul tikilib qaradi. Rostdan ham, “pari-paykar” desa degudek ekan! Şunça yil dunyo kezib, bunday afsonaviy gözal malakni körmaganligi rost! Lekin u… kulyaptimi, yiğlayaptimi? Odamga mehr bilan boqyaptimi, yo qahr bilan? Dilidagisi nima: makrmi yo muhabbat?.. Yuz ifodasi şu qadar sirli, şu qadar ilohiy, şu qadar mubhamki, koşki könglidagini yuz-közlaridan bilib bölsa! Nima bölganda ham, şu bir dunyo gözali deb dunyo kezib yangi dunyoga kelib turgan ekan, endi böladigan işni qilmoq kerak! Bu pari paykarga erişiş uçun özini har nega qodir, mohir, hoziru nozir deb his qildi. “Böpti, şu gözalni Turon mamlakatiga olib ketiş yölida har qanday şartingizga roziman!” – dedi Otovul. “Bitta emas, bir juftgina şartimiz bor! – dedi oqilçinlar. – Birinçi şartimiz şuki, bizni Şarqiy Rim imperiyasining zulmu zuğumlaridan xalos qilasan! Buning uçun nimaiki yordamimiz lozim bölsa, biz tayyormiz. Masalan, qöşiningga istaganingça qöşin qöşib berişimiz mumkin! Şartimizning şunga boğliq davomi şuki, butun badaningga qorakuya surkab, özingni mavrmi-habaş deb eʼlon qilasan, toki imperiyadagilar bizni sen bilan til biriktirişda ayblab, başarti mağlub bölsang, holimizni battar tang qilişmasin! Qolaversa, anovi italyanlar ikki oqtan til biriktirib bir qoramağizni örtaga olişdi, deb öylaşmasin, aksinça, bular ham özimizga öxşaş qoraçagina ekan, deb öylaşsin!..” Otovulning köngliga, tabiiyki, bu şart ötirişmadi! Döst bölib kelganni duşmanga qarşi olkişlaş… yaxşimi?! Buning ustiga, oppoqni qop-qora qilib körsatişdek közböyamaçilik… kimga nima uçun kerak? Tabiiyki, şartga qarşi norozilik bildirdi: “Men heç qaçon heç kimga birinçi bölib muşt kötarmaganman, birovning buyruğini bajarmaganman, birovning nomidan iş körmaganman, Otovulman, oq xunman, yengiliş nimaligini bilmaganman, bilmayman ham. Qolaversa, imperiyasimi, undan kattaroğimi, agar u rostdan zolim yoğiy bölsa, öşa yoğiyni öz nomimni oşkora aytib borib yengib kelaman! Birovning nomidan iş körişni özimga isnod deb bilaman! Sizga keragi öşa özingizga zulmini ötkazayotgan “imperiya” degan yovuz kuçni taslim qilişmi, axir?!.” Uning yonib-kuyib aytgan sidqidil sözlarini tinglab turganlar miyiğida kulib aytdilarki, “Biz ham suvni körmay turib etik yeçmaymiz, qoş qöyaman deb köz çiqarmaymiz, jöjani kuzda sanaymiz… Xullas, birinçi şartimiz şuki, agar senga rostdan ham Dezdemona kerak bölsa, mavrmi-habaş qiyofasida borib Şarqiy Rim imperiyasini mağlub qilib qaytasan! Gap şu! Ikkinçi şartimizni ana öşandan keyin aytamiz!”
Modomiki ota-bobolari “Jon qiynalmay jonona qayda, Toqqa çiqmay dölona qayda” degan ekanlar, bu şartga rozi bölişdan özga çora yöq, şekilli, deb öyladi u. Mayli, dunyo gözaliga erişiş uçun bir muddat oqni qora qilib körsatsa körsatibdi-da, şu bilan bir umrga yuzi qora bölib qolmas, axir! Muhimi – zulm-zörovonlikka çek qöyiş – xayrli iş-ku!
Imperiyani özi boş bölgan qurama qöşin bilan murosasiz jangda taslim qilib, tuya-tuya tillolarni ölja olib, bundan taşqari, har yili katta miqdordagi sof tilladan ölpon tölaşini öşa “imperator” deganlarining böyniga tavqi laʼnatdek osib, ğalaba bilan ortiga qaytdi. Özi ham quruq qaytmadi. “Attila” bilan “jeneral” degan sözlarning yoniga yana ikki laqabni orttirib qaytdi: imperiyaning qoq yarmi uni “Xudoning balosi”, qoq yarmi esa, “Atla” deb atab boşlaşdi. “Tovuq nimalar yemaydi, mağlub nimalar demaydi, – deb öyladi Otovul. – Baribir, özi istamagan holda bir muddatga yuzi qora bölgan ekan, bu körgilikning oldida “Xudoning balosi” bilan “Atla” deganlari nima bölibdi! “Xudoning balosi”, aslida, kimligini ana öşa Xudodan boşqa kim aniq biladi, kim?! Başariyat tarixining atalasini çiqarib yotganlar uning otasi qöygan ismni ham bir muddat atalaga aylantirsa aylantiribdi-da! Axir bir kun asl haqiqat qaror topar-ku! Tepada Tangri turibdi-ku!..
Dezdemonani Otovulning közlariga yana bir marta körsatib, uning yurak-bağrini battar olovlantirganlar endi ikkinçi şartga ötdilar: “Yana bir şartimiz şuki, bizning noğoramizga öynaysan!”
Otovul umri bino bölib çildirmaga öynagan, dutorga öynagan, torga öynagan, qonunga öynagan, lekin… noğoraga ham öynab bölarkanmi?! Gös noğora odatda uruş boşlanişi oldidan çalinadi-ku! “Imperiya” deganlari taslim bölib, uruş balosi tugadi deb turganida… endi uruş-janjalga çaqirib çalinadigan noğoraga balo bormi! Qiziq böldiyu… Taajjubiga nisbatan qiziqişi ustun keldi: qani, köraylik-çi! Kimning noğorasiga kim qanday öynar ekan?..
“Noğora öyin” deganlari bu yerda uruşga çaqirişni anglatmas ekan. Öyinning mohiyati şunday ekanki, bir noğoraçi gumburlatib ulkan gös noğorani çalib turadi, boşqalar esa, bir erkak bir ayolni qoq belidan mahkam quçoqlab olib, ikkovlaşib raqs tuşişadi!.. Bu qanday öyin?! Öyindan öt çiqariş emasmi, aslida, bu?!. Qarasa, özi köz ostiga olgan öşa “pari paykar” Dezdemonani bir olaköz barzangi uning şundoqqina köz oldida bemalol quçoğiga bosib baçkana qiliqlar qilyapti! Yo falak! Bu qanaqasi? Bunisi hammasidan oşib tuşdi-ku! Uruş dedi – uruşdi, yuzing qora bölsin dedi – yuzini qora qildi. Endi özining bölajak umr yöldoşini boşqa birov bilan baham körişi qoluvdi! Bu qanday jaholat özi?! Baribir, ham urişqoq, ham yuzi qora bölgan ekan, öşa barzangining naq giribonidan oldi: “Hoy, dayus yoğiy! Sen nega kuppa-kunduzi mening bölajak tanmahramimga surkalib şilqimlik qilyapsan özi?! Sendek yoğiyni tilka-pora qilib taşlaymi hozir?! Yana bir marta qorangni Dezdemonaning qoşida körsam, naq yerga qoziq qilib qoqamanu uningni butkul öçiraman-qöyaman, uqdingmi?!.” Noğora öyini taqqa töxtab, butun öyinçilar ularni bir-birlaridan ajratişga urindilar. Bazör ajratgaç, gap nimadaligi – nima gapligini aniqlaştirişga tutindilar. “Bu jentlmen partnerni öz tilingda nima deb atading?” – deb söradi bittasi qattiq qiziqib. Otovul ajablandi: “Yoğiy dedim! Bölajak umr yöldoşim, bolalarimning onasiga tirğalgan nokas menga yoğiy, yov, ğayur bölmay kim, axir, döst-yor bölarmidi?!.” Masalaning mohiyatiga tuşunib yetganlar bir uni, bir yoğiyni masxaralab kuldilar. Bir qançalari yoğiyni qöllari bilan nuqib körsatdilar: Ana, “Yago!”, “Yago!”, bugundan boşlab “Ustasi farang” emas, “Yago” böldi endi u!
Otovul battar xunob bölib, qizişib uqtirişga tuşdi: “Endi anovi ustasi farangni qöya turib, manovi öyinga kelaylik! Bu qanday noğora bazm böldi özi?! Kelar yölimizda bir gurjidan otning erkagini körsatib, “Bu erkakmi?” deb söragan edik, u aytdiki, “Yöq, bu erkak emas, şunçaki ayğirgina! Çinakam erkakda yana pul ham bölişi kerak!” Men öşa gurjiga qöşimça qilib sizlarga aytamanki, odam bolasi puldor bölgani bilan ham öz-özidan çinakam erkak bölib qolmaydi. Erkakda avvalo oriyat, hamiyat, şaʼn-şavkat degan eng bebaho xazina-yu ganjinalar bölişi kerak! Şu bebaho boyliklar mana bu yerida bölişi kerak! – Otovul qölini muşt qilib çap köksiga dursillatib urdi. Keyin belboğini yeçib, xuddi közboylağiç qötosning köz oldida qizil matoni köz-köz qilgandek, oppoq belboğini yiğilganlarning köz oldida yozib silkitdi. – Mana, manovi törtburçak oq mato tört qutbning timsoli xisoblanadi. Şu timsoldan bir juft yirtiladi. Ular “çorçi” deb ataladi. Mana şu çorçidan biri erkakning beliga boğlanadi-da, unisi “belboğ” deb, yana biri ayolning boşiga boğlanadi-da, bunisi “römolça” deb ataladi. Şuning uçun ham bizning Turonimizda “Belingda belboğing bormi?” degan savol “Erkakmisan özi?” degan maʼnoni anglatadi. Xuddi şunday, “Boşingda römoling bormi?” degan savol “Ayolmisan özi? Boşingda panohing bormi?” degan maʼnoni anglatadi. Erkak şuning uçun ham erkakki, u özining belidagi oppoq belboği bilan ayolining boşidagi oppoq römoliga gard yuqtirmasdan avaylab-asraydi. Erkak avvalo biron boşqa erkak qölini ham uşlamagan, hattoki öz tuqqan onasi öpmagan bir bokira qizni umr yöldoşi sifatida tanlab, uning boşiga römol öraydi. Bu “Mening ikkinçi yarmim!” degani böladi. Anovi yoğiy… bölajak ikkinçi yarmimning qölini emas, belini bemalol uşlab, hammaning köz oldida quçoqlab bağriga bosib tursa!.. Bu qanday noğora öyin, bu qanday maynavozçilik, bu qanday yovvoyilik?! Öşa özlaring aytgan “ötaketgan varvarlik” mana şu emasmi?! “Varvarlik”ning çeki-çegarasi bor-ku, axir!..”
Uning çin yurakdan yonib-kuyib aytgan gaplarini diqqat bilan tinglab turganlar şu yerga kelganda beixtiyor qarsak çalib yubordilar. Biri olib, biri qöyib, xuşnud xitob qildilar:
– Yaşa, Attila!
– Bu olamda bor ekansan-ku!
– Mantiqning kattasi Turoningda ekan-ku, bilmay yurgan ekanmiz!
– Ikkinçi şartimizni ham qoyilmaqom qilib bajarding! Endi yuz-qölingni yuvib, aslingga qaytaversang böladi!
– Ayni şu lahzalardan boşlab Dezdemonani – senga, seni – Dezdemonaga topşirdik!
– Taqdiringni uzil-kesil hal qiluvçi şartlarni endi Dezdemonaning özidan eşitaverasan, birodar!..
– Ey, barno yigit! – dedi Dezdemona ikkovlon holi qolganlarida. – Sen menga bir qaraşdayoq köngil qöyganingdek, men ham senga bir qaraşdayoq köngil qöygan edim. Men seningdek barno, seningdek dono yigit bilan öz hayotimni bir umrga boğlaşga bajonidil roziman. Lekin butun qavmdoşlarim kabi mening ham şartim bor-da?..
– Har qanday şarting – boş ustiga! – dedi Otovul qattiq guvranib. – Men bu şartlaringni sen qanday istasang, xuddi şunday ado etişga tayyorman!
– Birinçi şartim şuki, – dedi Dezdemona, – meni öz yurtingga olib ketişingdan avval olti oy uyimda yaşab, avvalo mening, qolaversa, ota-onam, qarindoş-uruğlarim, butun yurtdoşlarimning köngil rayimizga qarab, köngillarimizga yöl topib, jamiki sinovlarimizdan ötasan, agar şu sinovlarda sinmasang!..
Otovul şartning mohiyatini unçalik tuşunmadi. Içkuyov-kuçukkuyov bölib yaşaşni taklif qilyaptimi bu “Dezdemona” degan pari-paykar? “Köngil rayimizga qarab” deganlarini qanday tuşuniş kerak? “Injiqliklarimizga könib”, “xarxaşalarimizga çidab” degani emasmi mabodo bu?! Köngillariga yöl topmoği uçun, xöş, nima qilmoği kerak böladi özi? Qölga örgatilgan layçadek yaltoqlanişi, ignaning közidan ötayotgan ipdek eşilib-buralişi, ip ötkazişdan avval burni teşilayotganida beixtiyor bökirib yuborgan tuyadek yulqinmasdan, aksinça, kurka-tovuqdek pusibgina turişi, şerdek naʼra tortişning örniga qanjiqdek ğingşib-ulib umrguzaronlik qilişi talab etilmoqdami?!. “Masala”ni aniqlaştirdi, albatta. Maʼlum böldiki, yöq, bunday emas, boşqaçaroq ekan. Şu sinov muddatida eng avvalo er yigitning iroda kuçi, muhabbati, hamiyati, oriyati, madaniyati, sabr-toqati, sabot-matonati va boşqa jamiki insoniy fazilatlari jiddiy imtihon qilib körilar ekan! Öylab qarasa, yaxşi, bamaʼni gaplar! Bularning ham dunyoga qaraşi turonliklarning dunyoga qaraşiga ançagina mos kelar ekan-ku! Axir, yigirma beş yoşida “Er” atangan alp yigitning bu yerga kelişidan boş muddaosi ham kiroyi erkak sifatida ayni şunday imtihonlardan şaraf bilan ötişi emasmidi?!.
Sinov muddatining birinçi kunidanoq, ayniqsa, bir hol uning köngliga mutlaqo ötirişmadi. Bu Dezdemonasi tuşmagur!.. Töğri, tilladek yal-yal tovlanuvçi oltinrang soçlarining gözalligiga gap yöq! Ularga bir umr maftun-mahliyo termulib ötirsa arziydi! “Soç emas bu, şarşara bu, şarşara bu, şarşara!” Lekin şarşaradek şovullab turgan sunbul soçlar içidagi boş!.. Uyda ham, köça-köyda ham hamişa yap-yalang, oçiq-soçiq, tağin deng, bu boşning sohibasi özining şu ahvoliga butkul parvoyi palak! “Ey Dezdemona! – dedi Otovul. – Bizning urf-odatlarimizga köra, erkakning besoqol-belboqsizligi qançalik keçirilmas gunoh, ötaketgan uyat bölsa, ayolning ham römolça taqmay, boşqalarga yalangboş – boşi oçiq holda erkakşoda körinişi ham şunçalik keçirilmas gunoh, ötaketgan uyatli hol hisoblanadi! Odatda erkakning beli belboğ bilan qançalik mahkam boğlangan bölsa, ayolning boşi ham römolça bilan şunday mahkam tanğib boğlanişi kerak! Bizning Turonimizda boşyalanglik-yalangboşlik ayol zoti uçun yalangoyoqlikdan ming karra oğirroq körgilik hisoblanadi. Eng katta fojia – ayol zotining boşida işonçli panohi, mustahkam boşpanasi yöqligi, boşi oçiqligi deb qaraladi. Şuning uçun ham yoş qizçalar boşlariga – durraça, oilali ayollar – qiyiqça, kayvoni onaxonlar – qoşboğ boğlab yuradilar. Bu boş kiyimlarning hammasi bir söz bilan “römolça” deb ataladi. Bu yerga kelayotib bilib oldik: masalan, slavyanlar uni “kosinka” deyişar ekan!.. Sen erta bir kun sinov muddatimiz tugaganidan keyin men bilan Turon mamlakatiga borib, Turon hoqonlari – xun tangriqutlarining puşti-palaklarini tuğib-östirib, tarbiyalab-voyaga yetkazişing kerak böladi. Buning uçun bizda avvalo ayol zotining boşi boğliq bölişi talab etiladi. Şu paytga qadar sening boşing oçiq bölsa bölgandir, buning uvoliyu savobi ota-onang bilan xalqingga havola! Lekin endi sen boşi oçiq emas, boşi boğliq ayolsan-ku! Mana men sening puştipanohing bölib yoningda turibman-ku! Modomiki mening bölajak hasmi-halolim, tuğilajak bolalarimning onasi ekansan, onam Oqqiz ataylab berib yuborgan, özim jon quşidek asrab yurganim manovi bir juft oppoq çorçidan birini boşingga römolça qilib mahkam boğlab ol! Bu römolçaga gard yuqtirma, heç qayerda boşingdan ola körma! Faqatgina mening oldimda uni yeçişga haqlisan, şuni unutma!
Römolçani dastlab taqib körganida “Voy, biram yaraşdiki!” deya astoydil suyungan Dezdemona ertasiga Otovulga qarşi boş kötarib, norozilik bayonoti eʼlon qildi:
– Ordona qolsin bu savil! Bu boşoğriqni boşqa taqolmayman, tamom-vassalom! “Doniyo – zindon!” deya xitob qilgan ekan zolimlarning zuğumu nohaqliklaridan yuragi örtangan bir sitamdiyda şahzoda. Öylab qarasam, öşa şahzodaning Doniyosi emas, sening Turoning zindonga öxşaydi-ku! Xöş, agar men boşim boğliq bölişini istamasam-çi, aksinça, böş, erkin, ozod boş bölişini istasam-çi? Nima qilasan? Bu istagimni qanday yöq qila olasan?!.
Otovulning qattiq boşi qotdi. Darhaqiqat, odam bolasining istagini qanaqasiga yöq qiliş mumkin? Ayniqsa, ozodlikdek jöyali istakni zulm-zuğum, tazyiq ötkazmagan holda tinç yöl bilan yöqotiş, uning örniga, oddiygina insoniy madaniyat uruğini ötqaziş mumkin?! Baland kelib zulm-zuğum ötkazişdan ham, past kelib yalinib-yolvorişdan ham tiyilib, oddiygina insoniy murosa-madora yölini tutişi, jumladan, yotiği bilan tuşuntirişi, şu yöl bilan yalang boşidagi insoniy miyasining tarxini oçişga harakat qilişi kerak böladi, albatta. Yagona çora şu!
– Axir, tuşunsang-çi, Dezdemona, azizim! – sevgilisiga mehr bilan boqib ohista gap boşladi Otovul. – Istakda ham istak bor-da! Özing jiddiyroq bir tanangga öylab qara! Tangri Taolo bu olamni faqatgina “Harakatda – barakot” deb emas, balki saralaş asosida yaratgan. Olamda hamma narsa saralanadi, saralanişi ham kerak! Faqat saralanişning şarofati bilangina hamişa zördan zör çiqadi. Aks holda ğördan ğör, kördan kör, şördan şör çiqaveradi!.. Masalan, dehqonçilikda eng sara uruğni eng sara uruğga qöşiş orqaligina ulardan ham zörroq uruğga ega böliş mumkin. Çorvaçilikda ham, ovçilikda ham… Mana, men yurtingga minib kelgan manovi qorabayir otga qara! Avval-boşda asli-nasli eng zotdor ayğirning eng zotdor biyaga qöşilişidan dunyoga kelgan eng gözal qulun bölgan edi bu qorabayir, bildingmi?! Şuning uçun ham u asl tulpor bölib voyaga yetgan! Bu olamda hamma jonzotlar kabi odam bolasi ham juft-juft qilib yaratilgan! Lekin hamma gap juftlaşişning özida emas, kim bilan kimning qaçon qanday juftlaşişida! Nega bizning Turonimiz hoqonlari öz juftlarini goh Xitoy imperatori, goh Hindiston rojasi, goh Eron şohanşohi, goh Yunon qaysarining muhtaşam saroylaridan qidirganlar-da, köpinça topganlar ham?! Çunki mana şu yöl bilangina butun olamga, butun başariyatga tatiydigan barkamol avlod, navqiron nasl, komil insonning dunyoga kelişi mumkin böladi. Bunday çinakam otovulni dunyoga keltira olgan oila butun başariyat ibrat olsa arziydigan kiroyi oila böladi. Bizning Turonimizda “Erkak – uyning ustuni, ayol – çiroği” deydilar. Ustun qançalik baquvvat, çiroq qançalik yoruğ bölsa, demak, uy ham şunçalik obod-farovonu yoruğ-nurafşon böladi. Odatda oilaning ustuni bölmiş erkakning quvvati – belida, oilaning çiroği bölmiş ayolning quvvati – boşida böladi. Baquvvat bel bilan tillo boş esa, belboğ bilan römolça orqali himoyalanadi. Axir, soğlom uruğ qaqroq çölga va yo botqoq-kölga emas, hosildor yerga ekilişi kerak böladi-da! Ana şundagina kutilgan hosilni oliş mumkin-da! Şuning uçun bizning Turonimizda, ayniqsa, ayol zotining yengiltakligi, suyuqoyoqligi, boşi oçiqligi, beboşligi, oilasizligi qattiq qoralanadi. Bu ozodlik istagi emas, boşboşdoqlik deb tuşuniladi. Avlodlarning barkamolligiga jiddiy putur yetkazişi mumkin bölgani uçun ham bu istak illat sifatida qattiq qoralanadi. Şu oddiy haqiqatni töğri tuşun-da sen ham endi!..
– Mayli, sen aytganingça böla qolsin, ey barno yigit! – dedi Dezdemona. – Faqat yalang boşni emas, römolça öralgan boşni ozod boş deb his qilişim uçun, xuddi men senga olti oylik muhlat belgilaganimdek, sen ham menga olti oylik muhlat ber! Men ham şu sinovdan köngildagidek ötişni juda-juda istayman. Faqat özimni senga har jihatdan munosib jufti halol deb his qilişim – ruhan tayyor bölişim uçun imkon berişing kerak-da sen ham?!.
– Bajonidil! – dedi beixtiyor dil-dildan orziqib Otovul. – Axir, bu olti oy faqat men uçun emas, sen uçun ham sinov muddati bölsa, ayni muddao-ku! Faqat bir iltimosim şuki, manovi belimdagi belboğimga közga körinmas uzvlar bilan boğlangan şu römolçani jon quşidek asrab-avaylaysan, unga doğ tuşirmaysan, yöqotib qöymaysan, mayli, faqat özing istagan paytingdagina boşingga durraça qilib taqasan! Men “Qani römolça?” deb söraganimida “Mana!” deb körsatasan! Kelişdikmi?
– Kelişdik! – yal-yal yonib rozi böldi Dezdemona. – Agar sen tuhfa qilgan römolça boşimda bölmasa, bilginki, yuragimning törida böladi! Agar şu ahdu paymonimizga sodiq qolmay, sening işonçingni oqlayolmasam, mayli, öşa kuniyoq meni böğib öldirsang ham roziman!
– Böpti! – Dezdemonani bağriga mahkam bosib, aqiq labiga lablarini qöydi Otovul. Söng uning moviy közlariga mehr bilan tikildi: – Faqat sen ölim haqida boşqa gapirma! Axir, biz öliş uçun emas, birga-birga yaşaş uçun ahdu paymon qilmoqdamiz-ku, töğrimi? Işonamanki, biz bir-birimizni böğib-böğişib-böğilib emas, aksinça, suyib-erkalab-ardoqlab yaşaymiz! Umid qilamanki, har ikkimiz şu sinov muddatidan şaraf bilan ötamiz. Mana, olti oylik sinov muddatining uç kunini yaxşigina ötkazdik, endi qolgan bir yuz sakson kuni ham!..
Şu kundan eʼtiboran Otovul Dezdemonaning har bir istagini bajonidil muhayyo qilaverdi. Afsonaviy Farhoddek toğni qöpor dedi – qöpordi. Payğambardek dengizni keç dedi – keçdi. Jahongirdek butun imperiyani özingga böysundir dedi – böysundirdi. Özi erkak şaʼniga munosib tarzda birin-ketin ötayotgan bu imtihonlarga javoban Dezdemonaning oldiga öqtin-öqtin birgina savolni köndalang qöydi, xolos: “Qani römolça?” Dezdemona har gal “Mana römolçang, azizim!” deya dam boşidan, dam köksidan olib körsatganida oşiq köngli toğdek yuksalib, özini har nega qodir, yengilmas bahodir, jahongiru sohibqiron deb his qildi.
Sinov muddatining yarmidan köpi şu zaylda keçdi. Lekin… kunlaru oylar ötişi bilan Dezdemonaning avvaliga köngliga juda-juda xuş yoquvçi erkaligi-şöx-şaddodligi tobora oşib-toshib, ötaketgan tantiqlik-tannozlikka aylanaverdi. Erkak şaʼniga munosib bir şartni endigina bajarib kelganida “Mana, römolçang” deb körsatadi-da, butunlay nomunosib yana bir şartga ötadi: “Endi mening oppoq oyoqlarimni yuvib qöyasan!”, “Endi mening tillarang soçlarimni öz qöllaring bilan tarab, oppoq yuzimni öz qöllaring bilan pardoz qilib qöyasan!”, “Endi anovi layçaga taqlid qilib mening poşnalarim ostida jilpanglaysan!..” Avvaliga bunday şartlarning har ikki tomonning ham şaʼniga yaraşmaydigan darajada bemaʼniligini uqtirişga urinib kördi: “Bu qanday gap axir, azizim Dezdemona?! Kiroyi erkakni toptab-tahqirlab, poy-patakka aylantirib, tağin uni xotinçalişlikda ayblaş… oqila ayolga munosib işmi şu?! Erkakning şaʼnini tahqirlab xotinçalişlikda ayblayotgan erkakşoda ayol!.. Xuddi pulsiz-boyliksiz va oriyat-hamiyatsiz erkak oddiygina ayğirmi-hangi deb atalganidek, bunday ayol ham “urğoçi”, “moda”, “baytal”, “qanjiq”, yana allambalo deb atalişi mumkin, ammo heç qaçon çinakamiga Hazrati Ayol bölolmaydi! Nahotki şu oddiygina haqiqatni tuşunişni istamasang?! Axir, men öz yurtimning hoqoniman, Buyuk Turon hoqonlariga munosib vorislar, özimdan barkamolroq avlodlarga ota böliş umidida sening poyingga boş urib turibman-ku! Mening beğaraz niyatimni töğri tuşunib, haddingdan oşma-da, insofga kel-da sen ham endi, azizim!..” Lekin Dezdemona qattiq oyoq tirab turib oldi: “Men sening şartingga çidab, römolçangni dam boşimda, dam köksimda, dam qölimda asrab-avaylab yurganimdan keyin sen ham mening şartlarimga çidaşing kerak – çidaysan-da, çidamay qayoqqa ham borarding!” Har nega qodir Otovul özini şu yerga kelganda ötaketgan ojiz-natovon his qildi: Turon yurtida Alp Er ota bilan Oqqiz ona, butun oq xunlar yöllariga zor-intizor bölib kutib turgan bölsa! Notavon köngli şu pari-paykarning ixtiyorida bölsa! Sinov muddatining köpi ketib ozi qolgan bölsa!.. Könglimdagi pari-paykarni topdim-u, lekin uning injiqligini kötarolmadim” deya söljayibgina qoq-quruq boriş… uning Erlik, Otovullik şaʼniga munosibmi şu iş?!. Naçora, çidaşga töğri keladi, köpi ketib, ozi qoldi-ku, deya özini özi ovutdi. Lekin kunlar ötişi bilan Dezdemonaning tannozlarça xarxaşalariga atrofidagilarning tahqiromuz nazarlari, hazil-mazaxlari, kalaka-masxaralari… qöşilib, dard ustiga çipqonga aylanaverdi. Ayniqsa, “ustasi farang” laqabi bilan maʼlumu maşhur anovi “Yago” deb atalgan yoğiyning bitmas-tuganmas fitna-fujurlari!.. Naq jonidan töydirayozdi, lekin tişini tişiga bosib çidadi. Oy sanab, kun sanab, soat sanab, nihoyat, bir yuz saksoninçi kunning tonggini muştoqlik bilan qarşiladi. Olti oylik sinov muddatining şu bir sönggi kunini ham bir amallab ötkazsa bas, Dezdemonani yoniga olib, Turon sari quşdek uçadi u! Otasi Alp Er hoqon bilan onasi Oqqizga Dezdemonani köz-közlab, köngli faxru ğururga tölib taniştiradi: “Mana, dunyoning eng gözal va eng bokira qizi, oti ham, zoti ham, asli ham, nasli ham çinakamiga pari paykar, mening ikkinçi yarmim, xun tangriqutlarining yangi nasli, sizga munosib barkamol avlodning volidayi mukarramasi!..”
Uning nurli orzularini Yoğiyning bemavrid taşrifi kunpayakun qildi. “Özi sovuqning sözi sovuq” deganlari, o, naqadar haq-rost ekan, har bir sözi naq yuragiga naştardek sançildi: “Işonganing Dezdemona Kasio bilan don olişib yuribdi! Işonmasang, römolçangni şu bugun yana bir marta sörab kör-çi özing! Römolçangni Kasioning yotoqxonasidan topasan, men senga oçiğini aytsam!”
“Yago” degan yoğiyni sanqi itni quvlagandek quvlab yubordi-yu, şunda ham köngli taskin topmadi. Qafasdagi arslondek najot istab asabiy bir şiddat bilan naʼra tortib tölğondi! Ortidan muşt öqtalib hayqirdi: “Ey yoğiy! Agar şu gaplaring böhton bölsa, bilib qöyki, qorningga qoziq qoqaman! Agar rost bölsa, agar işongan Dezdemonam mening közimga çöp solib, işonçimni sarobga aylantirib, umidimni puçga çiqarsa, sen ustasi farangni ham, butun Yevropangni ham ayab ötirmayman, şuni bilib qöy!!! Öt bilan öynaşiş, öyindan öt çiqarişning oqibati qanday bölişini közingga körsataman hali!!!” Yoğiy qoçib ketayotib uni masxaralab kular ekan, qiçqirdi: “Bekor ovora bölganing qoladi, hoy yovvoyi osiyolik! Şarq bilan Ğarbning qoni qirq yil emas, qirq asr birga qaynasa ham heç qaçon qöşilmaydi! Biz boşqa-boşqa dunyolarmiz, bildingmi?! Bu oddiygina haqiqatni Dezdemona ham yaxşi biladi! Başarti uni özingning Turoningga olib ketgan taqdiringda ham, erta bir kun öşa yoqlarda sening emas, özining puşti-palagini östirib-undiradi, şuni yaxşi bilib qöy!..”
Otovulning aqli bovar qilmadi: nahot olti oylik sinov muddatining oxiri şunday voy bölsa?! Nahot bu olamda odam bolasi uddalaşi mumkin bölmagan bir işga bekor-behuda ovora-sarson bölib yurgan bölsa u?! Nahot bu dunyoi dunda Janub bilan Şimol til topişa oladi, hattoki çor darveşdek tört qutbdan kelgan tört sayyoh ham özaro til topişa oladi-yu, nihoyati birgina ulkan qitʼaning Şarqi bilan Ğarbi heç qaçon til topişolmaydi?! Hamişa bir-biriga yoğiy, ğanim, yov emas, döst-yor, birodar, örtoq, bir tanu bir jon bölolmaydi?! Nahot Şarq bilan Ğarbni birlaştira oluvçi kuç bu olamda yöq?! Nahot işongan Dezdemonasi ham şu ezgu orzuini birgalikda bahamjihat uşatişning örniga uni har bob bilan aldab-avrab, şunçaki laqillatib yurgan bölsa?!. Agar şunday bölsa, başarti anovi fitnakor yoğiyning gaplari rost bölsa, Turon yurtiga nima deb, qanday boş kötarib, qanday qaytadi endi u?! “Şarqlik bilan ğarblikning qoni heç qaçon qöşilmas ekan!” debmi? “Qidirgan jufti halolimni topişga topdim, lekin unga erişolmadim, çunki u butunlay boşqa bir dunyo, buning ustiga, xiyonatkor ekan!” debmi?.. Erkak şaʼniga nomunosib bunday ötaketgan isnod yukini zimmasida kötarib borganidan şu yerlarda sanqi itdek xor bölib ölib ketgani yaxşiroq emasmi?! Mona Liza – Dezdemonaning közlarida sirmi, sehrmi, jodumi, fitnami, vafo-sadoqatmi, muhabbatmi, nafratmi… nima yaşiringan, aslida, özi?!.
Dezdemonaning yotoqxonasiga seldek bostirib kirib, oxirgi marta “Römolça qani?!” deb söradi. Biroq Dezdemonaning bezovtalanib közlarini olib qoçişi, uzuq-yuluq gaplari uning yuragini battar örtab, öt bölib yonayotgan vujudidan olov-otaş baayni vulqondek otildi: “Uvvv!.. Immm!..” Asabiy holda qöllarini panşaxa qilib Dezdemona tomon odimlar ekan, savolni qayta-qayta takrorladi: “Römolça qani?! Qani römolça?!”
OTAULI
2011/2
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


