Dunyo adabiyotidagi eng qisqa hikoyalar

0
1265
marta ko‘rilgan.

* * *

Ernest Xeminguey har qanday insonni ta’sirlantiradigan, o‘zi atigi bir necha so‘zdan iborat hikoya yoza olishdan bahs boylashgan. Unga g‘alaba olib kelgan hikoya mana: «Bolalar poyafzali sotiladi. Kiyilmagan…»

 

* * *

Frederik Braun eng qisqa va qo‘rqinchli hikoyani yozgan: «Yerdagi oxirgi odam xonada o‘tirardi. Birdan eshik taqillab qoldi…»

 

* * *

An’anaviy hikoyachilikning tugun, kulminatsiya va yechim kabi tarkiblaridan iborat bo‘lgan eng qisqa hikoyalar tanlovida O.Genri ushbu hikoyasi bilan g‘olib bo‘lgan: «Chekib olgan haydovchi qancha yoqilg‘i qolganini ko‘rish uchun benzobak tomon egildi. Marhumning yoshi yigirma uchda edi».

 

OYNA

 

Ritani shafqatsizlarcha o‘ldirib ketishgandan buyon Karter oyna yonida o‘tiradi.

Televizor ham, kitob o‘qish-u xat yozish ham yo‘q. Uning hayoti – parda ortida ko‘ringan neki bo‘lsa – o‘sha. Unga baribir, ovqatni kim olib keladi, hisobni kim to‘laydi… U xonani tark etmaydi.

 

Uning hayoti – yugurayotgan jismoniy tarbiyachilar, yil fasllari almashuvi, g‘izillab o‘tayotgan avtomobillar, Ritaning ko‘lankasi.

Namat bilan o‘ralgan ushbu palatada oynalar yo‘qligini Karter tushunmasdi.

Alan Ye. Mayer

 

 

 

OMADSIZLIK

 

Tanamdagi shiddatli og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochishim bilan karavotim oldida turgan hamshirani ko‘rdim.

 

 

– Mister Fudjima, – dedi u, – omadingiz bor ekan, siz ikki kun avval Xirosimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Hozir siz gospitaldasiz, ortiq xavf ostida emassiz.

Madorsizlikdan bazo‘r so‘radim:

– Qayerdaman?

– Nagasakida, – javob berdi u.

 

Robert Tompkins

 

 

HAQIQATNI QIDIRIB

 

Nihoyat, bu xilvat, ovloq qishloqda uning qi­diruvlari yakunlandi. Chirib, to‘kilay deb qolgan xaroba kulbada miltillab turgan olov yonida Ha­qiqat o‘tirardi.

 

 

U umrida hech qachon bundayin qari va badbashara ayolni ko‘rmagan edi.

– Siz, Haqiqatmisiz?

Qartaygan, burushiq alvasti tantanavor bosh silkidi.

– Ayting-chi, men insoniyatga siz haqingizda aytishim kerakmi? Ularga qanday xabarni yetkazay?

Kampir olovga tupurdi-da, javob berdi:

– Ularga meni yosh va sohibjamol deb ayt!

 

Endryu E. Xant

 

 

* * *

Afrikalik bolakay tomonidan yozilgan ushbu hikoya «2005 yilning eng yaxshi hikoyasi» tanlovida g‘olib bo‘lgan ekan:

«Tug‘ilganimda, men qora edim;

Qora bo‘lib ulg‘aydim;

Men quyoshda uzoq tursam, yana qorayaman;

Hattoki o‘lganimda ham qoraligimcha qolaman.

Siz, oqlar esa:

Tug‘ilganingizda – qizg‘ish bo‘lasiz;

Ulg‘ayganingizda – oqarasiz;

Oftobda toblanganingizda – qizarasiz;

Sovqotganingizda – ko‘karasiz;

Qo‘rqqaningizda – sarg‘ayasiz;

O‘zingizni yomon his qilganingizda – yashil tusga kirasiz;

O‘lganingizda esa bo‘zarasiz.

Va yana siz meni qora tanli deysiz».

 

Davronbek TOJIALIYEV to‘plab,

tarjima qildi.

 

 

“Yoshlik”2013/7

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.