Xapamat

0
80
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Rang-barang mayda munchoqlardan o‘tovning qo‘r va tizmalariga o‘xshash gul va naqshlar solib to‘qilgan kashtali taqinchoq XAPAMAT deb atalardi. Qasaba, setira, latiba, baldoq kabi o‘zbek ayollarining qadimiy bezaklaridan biri. Janubiy viloyatlarda yashovchi qo‘ng‘irot momolari uni hali-hamon selpillatib ko‘kraklariga taqib yurishadi. Lekin men “xapamat” atamasi o‘tmishdagi sug‘diylar ma’budasi Onaxitaga uyqash bo‘lgani uchunmi, aynan uning ko‘ksini bezab turgandek tasavvur etardim. Ana, qadim Marokanda! Sug‘diyonaning gullagan bog‘lari, uzumzorlari, olmayu anorlari g‘arq pishgan hosildor zamini uzra saxovat ilohasining porloq chehrasi, bo‘ynida tillarang shokilali xapamat jivir-jivir mavjlanib turibdi!

Bu antiqa taqinchoqning alohida xosiyati borligini bilmadim-u, ammo uni taqqan ayollar chehrasiga o‘zgacha farishtalilik, ziynat va tamkinlik baxsh etardi. Bola emizayotgan chog‘da yosh onaning oppoq ko‘ksini xapamat yarim to‘sib turar, go‘dagi jajji qo‘lchalari bilan shokilalarini silkitib o‘ynaganda ajib manzara zohir bo‘lardi. Uning g‘aroyib nusxasini ilk bor enamda ko‘rgan edim. Ilgarilari men tug‘ilib o‘sgan tog‘li ovullarda ancha urf bo‘lgan, yangalarim rangdor suvmunchoqlardan turli xillarini to‘qishar edi. Eski xapamat ham ularga o‘xshardi-yu, ammo zehn solib qaralsa osmon bilan yercha farqi borligini payqash qiyin emasdi. Munchoqlarining rangi u qadar yorqin emas, balki unda olmos, ametist, feruza, Badaxshon la’lisi yo‘qdir, ayni chog‘da, ulardan-da noyobroq toshlardan tizilgandek g‘oyatda jozibador. Eng qizig‘i, almisoqdan qolganiga qaramay nafis iplari hanuz pishiq, biror choki ham sitilmagan.

Albatta, fetishiylik – narsalarga topinish zardushtiylikdan ham oldin yaralgan ilk e’tiqodlardan. Qadimda kishilar osmon yoritqichlariga, rangdor toshlarga va boshqa noyob buyumlarga sig‘inishgan. Kohinlar ular yordamida fol ochib turli marosimlar o‘tkazishgan, hatto odamlarni qurbonlik qilishgan. Tangridan yomg‘ir, rizq–ro‘z tilash, darddan forig‘ bo‘lish, balo-qazolarni daf etish vositasi sanalgan. Bu kabi irim-sirimlarning ayrimlari, buyumlarni muqaddaslashtirish, tuvdona, tumor, ko‘zmunchoq taqish odatlari hozir ham saqlanib qolgan. Menga kelsak, ularda hech qanday ilohiylik ko‘rmasdim. Xapamat haqidagi xotiralarimning ham fetishiylikka sira aloqasi yo‘q, faqat doimo ongimda nelarnidir akslantirgandek tuyulardi, xolos. Bolaligimda anchagina xayolchan, mutaassir bo‘lganimdanmi, har safar enamning bo‘ynidagi zarhal xapamatga qarasam qandaydir jimirlagan to‘lqinni his etardim. Go‘yoki sirli olamlarni, kechmishlarni ko‘rayotgandek jimjimador naqshlariga uzoq tikilib qolardim. Ko‘hna bitiklarga o‘xshash kashtalari, rangdor shokilalari nelarnidir so‘ylab g‘aroyib manzaralarni namoyon etayotgandek: mahobatli tog‘lar, sovut kiygan jangchilar, daralar ichra bazm qurgan devu parilar…

 

* * *

Bir necha yil burun tarixiy yodnomalardan birida makedoniyalik Aleksandrning Osiyoga yurishlari va sirli vafoti haqidagi qiziqarli tafsilotlarga nigohim tushdi. Kitobda ayni o‘limning bir talay izohlari, taxminiy sabablari bayon etilgan: bezgakka chalinish, forsiylar yoki o‘z xotini Ravshanak suiqasdi, Vatanga qaytishni istagan sarkardalar fitnasi, Govgamilla jangida hayotini saqlab qolgan inisi Klitni o‘ldirganidan norozi a’yonlar qasosi, saroyda uyushtirilgan bazmda haddan ziyod ko‘p sharob ichib bo‘kib o‘lgani va hokazo…

Qizig‘i shundaki, tarixchining o‘zi ayni taxminlarning qaysisi rost, qaysisi yolg‘on ekanini aniq ko‘rsatmagan. Iskandar Zulqarnayn o‘limida butkul noma’lum sabab ham mavjudligini va aynan shunisi haqiqat bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Xususan, Strabon, Klitarx va boshqa tarixchilarning tasvirlaridan ayonki, u Hindiston yurishidan qaytgach, Bobildagi sharobxo‘rlik bazmidan so‘ng roppa-rosa 10 kun o‘tgach vafot etgan. Shunisi bor, safarda u bilan birga bo‘lgan, bezgakka chalingan jangchilaridan birortasi Bobilga yetib kelmagan, u esa soppa-sog‘ bo‘lgan. Forsiylar esa Doro III ning qotili, Sug‘d hokimi Besni o‘ldirgani uchun Aleksandrdan minnatdor edilar. Klitning do‘stlari, vatanga qaytishni istagan lashkarboshilar (Aminta, Kaynos va boshqalar) Marokandada oldilarini to‘smagani, mo‘l-ko‘l o‘ljalar tortiq qilgani bois jahongirga sadoqat bildirishgan. Xotini Ravshanak eriga shu qadar vafodor ediki, uning vafotidan so‘ng ham Sug‘diyonaga qaytmagan, Pellaga ketib o‘sha yoqlarda ruhini yodlab o‘tgan. Sharobdan zaharlanib yoki bo‘kib o‘lganligi to‘g‘risidagi taxminlar ham haqiqatdan yiroqligi ayon edi. Negaki, bazmdan keyin roppa-rosa 10 kun yashagan, tabiblar uning kasalini aniqlay olishmagan. Alalxusus, yer yuzining yarmini zir titratgan yosh jahongir o‘limining asl sababi oradan qariyb ikki yarim ming yil o‘tsa hamki, pinhonligicha qolgan.

Ochig‘i, avvaliga tarix qatlarida bu kabi mub­hamliklar ko‘pligi bois Iskandar Zulqarnaynning qazosi sirlari xayolimni u qadar band etmagandi. Tasvirlamoqchi bo‘lganim xapamatga ham aloqasi yo‘qdek edi. Biroq keyinchalik negadir bevaqt o‘limning asl sababi nima ekanligi miyamdan nari ketmay qoldi. Bu kechmishda meni tamoman boshqa jumboqli holatlar qiziqtirib qo‘ygandi. Masalan, navqiron jahongir nima uchun Bobil, Marokanda, Usrushonada go‘zal malikalardan birortasiga ko‘ngil qo‘ymasdan baland tog‘lar orasidagi saklar boshlig‘i Oqsartning 16 yoshli qizi Ravshanakni yor qilgan? Uni bu qadar aqldan ozdirgan qandayin xilqat edi u? Va nihoyat, nima sababdan tug‘mas bo‘lgan u? Nazarimda bular zamirida qandaydir afsun, pinhoniy bog‘liqlik bordek edi. Go‘yoki o‘sha ko‘hna taqinchoq – XAPAMATning sirli munchoqlari kabi!

U asli amirlik zamonida bobokalonim Shermergan olis tog‘lar ortidan olib kelgan Parixotunga tegishli bo‘lgan. Uzun bo‘yli, cho‘zinchoq yuzli, ko‘zlari porlab turguvchi tog‘ kiyigiday o‘ynoqlagan kelinning asl ismini bilmaganlari yo boshqa ayollarga o‘xshamagan parivashligi uchunmi shunday nomlashgan. Zero elda u yashagan moviy qirlar ortida rostakam parilar hali ham bor degan uzun-quloq gaplar yurardi.

Bolaligimizda parilar haqida ertagu dostonlar o‘qib, ta’rif-tavsiflari, sehr-jodularidan ro­sa hayratlanganmiz. Biroq nechuk jonzotligi, ma­kon­­­lari qaydaligini ro‘y-rost tasavvur etmasdik. Ko‘­hi-qof, Bog‘i-eram, Go‘ro‘g‘li qirgan devlar, Yunus-Misqol parilar kim edi, buni ham bilmasdik. Kattalar ham: “E, nimasini so‘raysizlar, hammasi o‘tirik,” deb qo‘ya qolishgan. G‘aroyib jihati shuki, dostonlarda emas, hayotda, odamtopmas manzillarda qo‘nim topgan parilarni ko‘rgan-bilganlar ularni afso­naviy emas, go‘yoki har kim so‘zlashsa, ushlab ko‘rsa bo‘ladigan zohiriy tarzda ishonarli ta’riflashgan. Faqat aynan qayerdaliklari to‘g‘risida yakdil fikr yo‘q edi. Bir xillar Sangardak, Qizilnahr, Kengtola (Surxondaryoga qarashli) daralari oralig‘ida, desa, boshqa birovlar Hisorning Pomirga chegaradosh Aspiduxtar,Iskandarko‘l, Shotrud degan qishloqlari atrofida, deya uqdirishgan. O‘sha joylarda yashovchi tog‘chilar bilan azaldan muloqot qilib kelgan, sehr-jodularini biladigan oxun (kohin)lari bormish, duo o‘qib xizmatlariga hoziru nozir qilarmish, degan ertaknamo gaplar ham yo‘q emasdi.

Tog‘chilar qatag‘onlar, kiyikchilar kabi asli qa­dimiy saklarning avlodi bo‘lib ota-bobolari sug‘d tilida so‘zlashishgan, vaqt o‘tishi bilan turklashganlar. Katta o‘radagi qo‘ng‘irot-o‘zbeklar bilan azaldan bordi-keldi qilib ko‘pkari chopishgan, oshna-bilish, quda-andachiligi bor, sinashta odamlar. Ilgarilari Vori, Qiziltom, Zarmasdan to‘ylab kelishganda uyi­mizga qo‘shxonaga tushgan bo‘ydor, o‘rkachburun, chag‘ir ko‘zli chapdast chavandozlarini ko‘rganmiz. Saman polvon Zarmasdagi kurashda otam bilan olishib yiqilgan ekan, shuni eslashdi. Nashir degani kalta bo‘yli, g‘o‘labirdan kelgan qorabarang chavandoz, Yong‘oqlining Bo‘zadiridagi katta ko‘pkarida bosh zotni ayirgan. O‘shanda qo‘ng‘irotlarning chetkirlari surdovlashib qamab quvishdi. Qarangqo‘llik Mengliboy Eshmat: “Qo‘yma ukkag‘ar tog‘chini”! deya malang bersa ham foydasi bo‘lmadi – Nashir qora qashqa otda havorni ikki marta aylanib oxiri uloqni yakkaladi. Bakovul: “Yasha, haloling bo‘lsin!” deya uni olqishlab, zotga qo‘yilgan jiyron toyni yetaklatdi.

Boshqa safar Qiziltomga o‘zimiz to‘ylab bordik. Ularning tirikchilik tarzlari bizga o‘xshasada, farqli tomonlari ham bor edi. Jin ko‘chalar aro tig‘iz qurilgan sinchkori uylari, gugurt qutilaridek bolaxonalari, ayvonlar roviga o‘rnatilgan sernaqsh ustunlari, o‘ymakor eshiklarini ko‘rib angrayib qolganman. Mol-holi kam, qo‘proq ovchilik, dehqonchilik, hu­nar­manchilik bilan tirikchilik qilisharkan. Odamlari ancha omilkor, g‘ayratli, biroz jizzaki, sergap, ammo bachkanaroq. Xotin-qizlarini aytarli chiroyli deb bo‘lmasdi. Yuzlari u qadar to‘lin va tiniq emas, raftorlarida nedir nomutanosiblik yaqqol sezilsada xiyla jozibali ko‘rinishardi. Gap faqat noz-karashma, pardoz-andozda emas, balki chindan sal afsungarlik­lari borligida edi. Biz qo‘shxonaga tushgan uyning 14 yoshli chag‘alay ko‘zli nozik-nihol qizchasi bir zumda meni o‘ziga shaydo qilgan. Tog‘ kakligiday durkunligi, chopqillab ketayotib to‘xtab qiya qarashlari, tezda g‘oyib bo‘lib yana to‘satdan yonimda paydo bo‘lishlari hamon yodimda. Biroq ko‘pkariga rosa ishqiboz o‘s­pirinligimdan oshiqligimni ertasigayoq unutganman.

Teraklilik Shodi bilan ko‘kbuloqlik Ibroyim chavandozlar avji uloq chopib dong taratgan kezlar edi. Qiziltomning Novqot degan joyida chopilgan katta ko‘pkarida sovrinlarning ko‘pini shular olishdi. Tog‘chilar qiy-chuv ko‘tarib qancha surdovlashmasin, qo‘llaridan hech narsa kelmadi. Ertasi kuni rosa janjal ko‘tarildi. Shodi bilan Ibroyimga tashlanishdi. Ikkovi boshlarida vizillayotgan qamchinlarga dosh berolmay oxiri ko‘pkarini tashlab qochishdi. Ortlaridan Xonimqashqagacha quvib bordilar. Janjalning sababini turlicha sharhlashar edi. Bir xillar qo‘ng‘irotlarning mashhur chavandozlari o‘ktamlik qilib ularni zotlardan quruq qoldirgani uchun, de­yishsa, boshqasi: “Buning tagida bir gap bor. Shodi bilan Ibroyim kechasi qo‘shxonada jononlari bilan rosa aysh qilgan, tog‘chilar shunga oriyati kelib ur-sur qilishayapti. Hammasiga Nashir bilan Sa’dulla buyruq bergan,” deb tushuntirishardi. Yana: “Qiziltomlik boyvachchalar otlarini choptirish ilinjida o‘zlari “pari” qizlarini polvonlarning qo‘yniga solgan, endi yengilganlari uchun jirillashayapti”, deguvchilar ham yo‘q emasdi…

Burungi zamonlardan qolgan hikoyalar bulardan-da qiziqroq. Naql qilishlaricha, bobokalonim Shermerganning uch xislati bor ekan: Biri – mashhur yog‘ochyo‘nar ustaligi, ikkinchisi – osmonda uchib ketayotgan qir­g‘iyning ko‘zidan uradigan merganligi. Bu hunarlar qonida bo‘lgan. Rivoyat shulki, qo‘ng‘irotlarning bosh bobosi Jurluk mergan bir kuni inisi Qoboy Shirodan achchiqlanib unga tomon o‘q uzadi va qulog‘idagi halqadan o‘tkazib yuboradi, lekin o‘ziga qilning uchicha ham ziyon yetkazmaydi…

Shermerganning oxirgi xislati – valiyligi bo‘l­gan. Bir safar butun amirlikda dong taratgan Yashin laqabli uloqchi otini boylovdan o‘g‘irlab ketishadi. Qanchalik izlashmasin olis-yaqin yerlardan daragi chiqmaydi. Oradan olti oycha o‘tganda uning qayerdaligi o‘ziga ayon bo‘lgan. Birinchdan yasalgan kamonini yelkasiga osib kunchiqar tomon yo‘l olgan. Uyoqdan esa…Tulpori qanjig‘asiga bir pari qizni mingashtirib qaytib kelgan. Tabiatan kamgapligidanmi yo boshqa siri bormi, har qalay boshidan kechganlarni batafsil aytmagan. “Shermergan o‘sha tomonlarda pariga zarangdan kovush yo‘nib beribdi, hunariga qoyil qolgan sohibjamol otiga mingashib kelibdi”, degan gap-so‘zlar qolgan, xolos.

 

* * *

Samo bag‘ridagi tog‘lar goho kishini sehrlab qo‘yadi. Ko‘z o‘ngingizda noma’lum olamlar, o‘tmish manzaralari jonlanadi, go‘yoki tush ko‘rayotgandeksiz. Shunga o‘xshash holatni kakliklar armonsiz sayrashgan Keragatov yuzida Shermergan ikki asr burun yo‘ngan yog‘och novlarga tikilib o‘y surayotgan chog‘imda boshdan kechirganman. Go‘yoki kimsasiz tog‘da g‘aroyib olamlaru, ularda qaynayotgan hayotni ko‘rardim.Eng qizig‘i, bularning bari menga tanishday, oldin qayerdadir ko‘rgandayman. Ha, esladim: qadimiy xapamatda! Hozir yana undagi g‘aroyib manzaralar, jivir-jivir mavjlangan rang-barang munchoqlar, naqshlar aro pinhoniy olam va kechmishlar xuddi oynada aks etayotgandek edi. Avvaliga sokin tumanli borliqda allaqanday ko‘lankalar, olislarda esa ovulga o‘xshash manzillar, bolaxonali uylar, sharsharalar, hashamatli ayvonlar, oq libosli parivash ayollar ko‘zga elas-elas chalingandek…Biroz vaqt o‘tib hammasi aniq-tiniq ko‘rina boshladi. Ana, zovlar orasidan oyoqlariga choriq kiygan qil chakmonli yigitlar – yelkasiga kamon osgan alp qomatli Shermergan, yo‘l boshlab borayotgan katarlik oshnasi! Sirli xapamat ularning sarguzashtlari, parilar va boshqalarni ro‘y-rost va batafsil tasvirlar edi…

Ular uzoq yo‘l tortishdi, Hazrati Sulton qadam joyini ziyorat qilgach, atrofga nazar solishdi. Olisda qalin archazor orasidagi havordan quyuq chang ko‘tarilardi. Yo‘lovchilar xaltalaridagi talqondan yeb, buloq suvidan ichib bir oz tin olgach, mo‘ljal olib yana yo‘lga tushdilar. Peshin chog‘i Iskandarko‘lning havorida chopilayotgan katta ko‘pkarining ustidan chiqishdi. Shermergan yoyini chakmoni ichiga yashirib gazadan turib to‘daga razm soldi. Ko‘zlari qirg‘iyning ko‘ziday o‘tkir emasmi, ming otli surdovning ichida zar kokillari yarqirab, u yoqdan bu yoqqa ag‘darilib uloq ayi­­rayotgan Yashinni darrov tanidi.

– Ko‘pkari tarqalishini kutamiz, –  dedi hamrohiga. – Ko‘zingni ayirma, ot kimda, qaysi qo‘shxonaga boradi, shuni kuzat.

– Oshnam, meni desang, oting G‘aznavolik Oropning qo‘lida.

– Oroping kim?

– Tog‘chilar boshlig‘i, oxun ham deyishadi.

– Mening Yashinimni ham afsun bilan o‘g‘irlagan dersan.

– Kinoya qilma. Boylovda Yashinning po‘lat kishani o‘z-o‘zidan yechilgan, deysanmi?

Katari adashmagan edi. Uloq tarqab, bakovul: “Xush ko‘rdik!” degach, Yashinning jilovini Oropning qo‘shxonasiga burishdi. Qunduz yoqali oq bosma chakmon kiygan sur telpakli burni o‘roqday kishi otning bo‘yniga shappatilab urgancha, maqtab qo‘ydi. Yashin esa boshini to‘lg‘agancha havoni hidlab kishnar edi. Davangir yigitlardan biri ustiga g‘ojari digilni solib ustidan taroqi xurjunni tashladida, abjirlik bilan beliga mindi. Yo‘lga tushdilar. Yashin bugun zotlarning teng yarmini ayirgan bo‘lsa-da, charchoq nimaligini bilmay o‘ynoqlagancha havoni hidlab irg‘ishlab borardi. Shermergan bilan katari archa shoxlarini panalab qorama-qora izlaridan tushdilar. Uch-to‘rt chaqirim yo‘l bosishgach otliqlar ikki yoqqa ayrilishdi. Orop boshchiligidagi katta to‘da unga, keng darada ayqirib oqayotgan daryoning kungay betidagi qishloqqa qarab ravona bo‘lishdi. Yashinni mingan qizilko‘z barzangi esa besh-olti nafar hamrohi qurshovida so‘l tomondagi quyuq changalzor bilan qoplangan zovlar tomon ot solishdi. Orop ularga qamchin o‘qtalib ko‘rsatmalar berardi.

Shermergan oshnasiga yuzlandi. U “jim,” deganday barmog‘ini labiga bosib pichirladi:

– Otning oyog‘iga kishan solinglar, deyapti. Yana allaqanday sim qoplarni og‘izga olayapti.

– Bu nimasi yana ?

– Quzg‘un Orop isingni olganmi, deb qo‘rqaman.

– Yo‘g‘-e, nafasingni issiq qil. Bu yog‘ini gapir, endi nima qilamiz ?

– Endi gap Qilqoyadan eson-omon tushishda. Xotirjam bo‘l, buning uddasidan chiqamiz, – dedi katari hid olgan toziday uyoq-buyoqqa alanglarkan.

Shermergan esa qulog‘ini qaychi qilgancha Qil­qoyadan hakkalab-hakkalab enayotgan tulporidan ko‘z uzmas edi. Biroq tezda chakalakzor orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Ular ham labirintga o‘xshash aylana tik qatovlardan amal- taqal enib zaranglarning singan shoxlari va to‘kilgan uchqat barglaridan nishona olib boraverishdi. Otliqlar tezoqar daryoni kechib o‘tishgach yo‘lni chap solib kunchiqarga burilishdi. Ular borgan joy chinakam Bog‘i Eram – osmonning parchasi ko‘rinadigan tog‘ o‘ngiri, botayotgan oftobning qon tusli shafag‘i urgan baland zovlar bilan qurshalgan yam-yashil sayxonlik, gullar, qumrilaru bulbullarning chax-chaxi, naqshinkor ayvonli so‘rilar, atrofda sayr etib yurgan, sharsharalarda cho‘milayotgan parilar… Hammasi ertakka o‘xshar edi !

Davangirlar zovning adog‘idagi kamarga yetib to‘xtashdi. Yashinni o‘rtadagi gulmixga bog‘lab oyog‘iga kishan urishdi. Belini bo‘shatib kalta qantarib qo‘y­dilar. Shundan so‘ng bir to‘da qizlarga otga qa­rashni buyurib ayvonlar tomon yo‘l olishdi. U yerda ularni boshqa parilar qarshilab, yuvib-tarab shohi ko‘rpachalar to‘shalgan so‘rilarga olib bordilar. Qizilko‘z barzangilar shu taxlit parquv bolishlarga yonboshlab qizlar uzatgan gulobu sharoblardan ichib hordiq chiqarishga kirishdilar. Boshqa so‘rilarda ham bazm , qo‘shiq, musiqa , raqs, kayfu safo avjida edi.

Yashinni sayis qizlar parvarishlardi. Biroz vaqt o‘tgach suvlig‘ini chiqarib ayil-pushtanini yechishdi. Egar-jabdug‘ini olib yalang‘ochladilar, badanidagi ter va changni obdon artishgach, ustiga qalin julni yopib, baxmal bellik ustidan to‘shayilini tortishdi. Toshdan yo‘nilgan baland oxuriga ko‘m-ko‘k beda va olqoro‘tlardan solishdi. Ot bedani qasir-qusir chaynarkan, hamon uyoq-buyoqqa irg‘ishlab, havoni hidlab pishqirar edi.

– U sening hidingni oldi – deya oshnasini turtdi katari.

– Ha, sezganga o‘xshaydi,  lekin anavilar bilmasa bo‘lgani.

Ular qoya orqasidan barisini kuzatib turishardi.

– Bu qanday joy, nechuk jonzotlar, sen bilasanmi? – so‘radi hayrati oshgan Shermergan.

Katari shop mo‘ylovlarini silagancha o‘yga toldi, so‘ngra hardamxayol so‘zlandi:

– Bularni Sulaymon payg‘ambar davridan qolgan deyishadi. Tog‘larning eng ovloq go‘shalarini makon qilishgan. Birov ko‘radi, birov ko‘rmaydi. Sehr-jodu bilan erkaklarni rom etib, kayfu safo qilishadi, lekin bola tug‘ishmaydi. Go‘zallikda ularga teng keladigan ayol urug‘i yer yuzida yo‘q emish. Bir yomon tomoni, ular bilan yaqinlik qilgan odam bedavo dardga chalinib vaqti soati yetgach tayin o‘lar ekan. Bu sirni qadimiy saklar bilishgan, oxunlari afsun bilan yog‘iylarni o‘zlariga og‘dirib, parilarning qo‘yniga solib, shu tariqa daf qilishgan. Bu gaplarni afsona deguvchilar ham bor. Yana bir xillar: bular hur ham, pari ham emas, tog‘chilarning “uffori” degan ko‘hna jamoasidan, duo bilan pari qiyofasiga solingan qizlar, qonlari eskirganidan rangsiz, pushtsiz tug‘ilishadi, badanlari o‘ta nozik, quvvatga tashnaligidan hirslari baland, kuchli erkaklarga zulukdek yopisharmish, hatto qon so‘ruvchilari ham bo‘ladi, deyishadi. Yana kim bilsin, o‘zim ham birinchi bor ko‘rib turishim.

– Anavi qizilko‘z davangirlar kim?

– Erkaklari bo‘lsa kerak. Ularga kasallari dorimas emish. Eh, qani endi men ham shu kecha ular bilan bi-ir aysh qilsam, o‘lsam armonim yo‘q edi, oshna.

– E, hozirgina o‘zing ta’riflading-ku. Nima, ajalingdan burun…

– Meni yomon domlariga tortishayapti, oppoq siynalaridan quchgim kelyapti, oshna.

– E, valdirama! Sen otni qanday opqochishni o‘yla, – deya tanbeh berdi Shermergan ko‘zlari alang-jalang o‘ynayotgan oshnasiga. Katari gapni boshqa yoqqa burdi:

– Yashinning oyog‘idagi kishan zalvorliga o‘xshaydi.

– Bundan tashvish qilma, qulfni ko‘z ochib yumguncha kesaman. – Shermergan qo‘ynidagi po‘lat keskirga ishora qildi.

– Orop ham anoyi emas. U sim qoplarmi-yey, bir balolar deyotgandi. Yana anavi “devlar”…

– Ularni o‘zim saranjomlayman, faqat ko‘zim ilinsa, sahar payti uyg‘otsang bas. Tag‘in Xudo urib parilarga doxillashib qolma.

– Yo‘g‘-e, o‘libmanmi.

– Aytdim-qo‘ydim-da.

Ular xaltachalaridagi talqonni kapalagancha tamaddi qilishdi. Uxlab qolmaslik uchun katari xanjari dastasini, Shermergan yoy-o‘qini peshonalariga tiragancha o‘tiraverishdi. Saharga yaqin Yashin guldirab kishnadi. Shermerganning ko‘zi yarq etib ochildi. Yonida katari yuq! Tong yulduzi shu’lasida ko‘rdiki, oshnasi yaqinroqdagi so‘rida – to‘rt nafar parining quchog‘ida yotibdi. Undan umidini uzib dov-daraxtlarni panalab kamarga tomon yurdi. Atrof zim-ziyo sukunat, go‘yoki zog‘ yo‘qday. Orqa tarafdan otga yaqinlashdi. Yashin uni sezib yengilgina ixrab quydi. U qo‘ynidan po‘lat keskirni chiqarib otning old oyoqlariga engashgan edi hamki, to‘satdan “shart” etgan tovushni eshitib boshini ilkis ko‘tardi, va… O‘zini yo‘g‘on simlardan to‘qilgan to‘r qop ichida ko‘rdi. Atrofida esa haligi qizilko‘z barzangilar so‘yloq tishlarini irjaytib turishibdi. Yotgan joyidan katarini ham turg‘azib kelishdi-da, ikkovini oyoq-qo‘llarini zanjirband qilib ko‘zlarini bog‘lagancha kamar ichkarisiga haydab jo‘nashdi. Zulmat g‘or ichra qancha yurganlari noma’lum, nihoyat bir o‘yiqdan chiqarib ko‘zlaridan bog‘ichlarini yechishdi. Tong yorishgach, etakda qadimiy G‘aznavoning qorasi yaqqol ko‘rindi. Kungay betda bir-biriga mingashgan sinchkori uylarning son-sanog‘i yo‘q. Ularni jin ko‘chalar oralatib o‘rtadagi baland peshayvonli uy oldiga keltirishdi. Poda haydab yurgan chag‘ir ko‘zli bolalar, hovli supurayotgan oq chorsi yopingan suvilonday xotinlar ularni tomosha qilishardi. Ulkan o‘ymakor darvozadan ichkariga olib kirishdi. Baland hashamatli ayvonda qavat-qavat shohi ko‘rpachalar ustida yastangan o‘rkachburun, ko‘zlari ilonning ko‘ziday chaqchaygan o‘rta yoshli kishi qaddini ko‘tarib tutqunlarga gap qotdi:

– Ha mergan, kepsan-da. Buyoqlarda iting adash­dimi-a?

– Itim emas, otim, – deya javob qildi Shermergan zarracha tap tortmay.

– Bir toyni deb shuncha yo‘l bosib halak bo‘psan-da. Ana uyurimdan xohlaganingni olib ketaver.

– Uyuringdagi behisob cho‘birlaring Yashinning bir qiliga arziganida uni o‘g‘irlab kelarmiding, Orop?

Qatag‘onlar oxuni sukut saqladi. Haqiqat ba’zan har qanday g‘addorni ham gung qilib qo‘yadi deganlaricha bor.

– O‘tgan ishga salavot, – nihoyat tilga kirdi u, – O‘zing ko‘rding, oting sog‘-salomat, ardoqda, ayqirib uloq chopayapti. Sening qo‘ng‘irotlaring ko‘pkarini g‘irrom chopadi. Senga uyurimdagi eng sara Do‘nanni beraman, galadan o‘zing tanlaysan.

Shermergan lom-mim demadi. U hamon dog‘da qolgani, oshnasi parilarga ilakishib pand berganidan alami ziyoda edi.

– Otni ber! – dedi Oropga qattiq tikilib, – Yashin senday jodugar tulkiga hayf, uni menday lochin minadi.

– Maqtanma, gov qo‘ng‘irot! Hali mehmonim bo‘la­san, ko‘hna urfimizni ado etaman.

Orop bolaxona tomonga iyak qoqqan edi, u yerdan ikki nozanin chiqib ayvon panjarasiga suyangancha ularga ko‘rinish berdilar. Kashtali ok ko‘ylak kiygan, uzun bo‘yli, qirmizi sochlari nozik beliga chulg‘angan sohibjamol qiz tim qora ko‘zlarini suzib unga qaradi. Bo‘yniga taqqan, qo‘sh kaptarday ko‘kka talpingan ko‘kraklariga shaloladay enib turgan xapamati tog‘dan yarqirab chiqqan quyoshning zarrin shu’lasida jivir-jivir tovlanar edi. Shermergan unga ang-tang bo‘lib tikilib qoldi.

– Mergan, – deya unga yuzlandi Orop. – Eshitganman, uncha – muncha qizlarni nazaringa ilmay, uylanmay yuribsan. Ayvonda turgan oq ko‘ylaklisi yolg‘iz qizim. Yonidagi kanizi husnda undan qolishmaydi. Shu qizni senga beraman. Do‘nanning qanjig‘asiga qo‘ndirib ol-da ket. Yashin uning qalini bo‘lsin.

Chindan Orop ko‘rsatgan qizning husndan kami yo‘q edi. Ammo Shermergandan tag‘in un chiqmadi. U hamon xapamat taqqan oq ko‘ylakli sohibjamolga mahliyo tikilib turardi. Qiz ham cho‘g‘day nigohini undan uzolmas edi.

– Sendan so‘rayapman, rozimisan ? – dedi Orop.

– Yo‘q – dedi Shermergan hushini yig‘ib olib. – Yashin qalinga berilmaydi. Qo‘ng‘irotlar hech qachon otni xotinga alishmagan.

– Endi o‘zingdan ko‘r. Olib borib qamab qo‘yinglar. Kunjara va suvdan bo‘lak ovqat bermanglar, – buyurdi Orop.

Ularni hovli adog‘idagi o‘raday qop-qorong‘u kulbaga qamab orqasidan to‘nkadan yo‘nilgan eshikni tanbalashdi. Oradan uch kun o‘tgach chaqirtirib yana so‘roqqa tutdi:

– Qani mergan, o‘ylab bo‘ldingma? – Tutqundan sado chiqmagach, davom etdi. – Bo‘lmasa eshit, birinchi shartimga ko‘nsang qizni sepi bilan otingga mindiraman. Elinga eson-omon bor. Agar ko‘nmasang ota-bobolarimizdan qolgan udumni ado etaman. O‘zing ko‘rgan joydagi parilar malikasi bilan bir kecha ishrat qilasan. So‘ngra to‘rt tomoning qibla, paymonang to‘lib o‘lasan. Javobingni aytishing uchun senga o‘n kun muhlat beraman. Olib boringlar.   

Ularni yana yerto‘laga qamab qo‘yishdi. Katari parilar bilan tunagan oqshomdan beri o‘zini majolsiz sezardi. Rangi zahil tortib kun sayin so‘lib borar, ora-sira isitmalab tishlarini takillatgancha qilmishidan afsuslanib nola qilardi:

– Birinchi shartga rozi bo‘l, oshnam. Men ham bo­la-chaqamni ko‘rib o‘layin. Ahvolim og‘ir, odam bo‘l­mayman shekilli. Bu dardning muddati yo‘q, ertami-kechmi olib ketadi.

Shermergan ne deyarini bilmay unga hayronu lol boqardi. Muhlat bitishiga bir kun qolganda katari tirishib jon taslim qildi. Barzangilar uni yelkalariga ko‘tarib olib chiqib ketdilar. Shermergan do‘stining jasadini qayerga dafn etishganini bilmasa-da, ruhiga qur’on tilovat qildi.

Ertasi kuni uni Oropning huzuriga olib borishdi.

– So‘nggi qaroringni ayt, mergan, – dedi toqchilar boshlig‘i unga qahr bilan tikilib. – Ana, parilar bilan aysh qilgan katari oshnangni holini ko‘rding.

Shermergan olisda ko‘ringan Go‘balayning oq qor­li cho‘qqilariga boqdi, ammo tog‘lar sas bermadi. So‘ngra ayvonda sollanib turgan sarvinoz qizlarga qaradi. Xapamatli qiz unga nim tabassum qildi-da, ikki barmog‘ini xiyol ko‘tarib so‘ngra g‘unchadek labiga bosdi. Shermergan bu ishorada ne sir borligini bilmasa-da qizning ko‘zlariga sinovchan tikilib turib tavakkal javob qildi:

– Ikkinchisini tanlayman.

Tog‘chilar bir guvlab tinishdi. Orop boshini g‘o­libona ko‘tardi:

– Qismatingni o‘zing belgilading, mergan. Endi mendan gina qilma. Azaliy udumimizni ado etaman. Parilar bilan kayfu safo qil, armoning qolmasin. Omin!

Tumonat tog‘chilar guvlashib “omin”, deya tak­ror­lashdi. Oropning oq ko‘ylakli erka qizi dalda ber­moqchidek qo‘lidagi shohi ro‘molchasini u tomon silkitib, miyig‘ida kulib qo‘ydi…

Oqshom cho‘kib tog‘larni shom qorong‘usi qoplagach uni yertuladan olib chiqishdi-da, ko‘zlarini bog‘lab zim-ziyo g‘or ichidan olib jo‘nadilar. Narigi tomonga chiqqanlarida bog‘ichni yechishdi. Dastlab u hech narsani ko‘rmadi, keyinroq atrofini qurshagan parilarning oqarishgan vujudlarini ilg‘adi. Uni Gulhovuzda cho‘miltirgach, oppoq liboslarga o‘rab bardor-bardor ko‘targancha gulzor ichidagi eng bahavo, to‘rt tomoni harir pardalar bilan to‘silgan so‘riga olib borishdi. O‘rtadagi xontaxta ustiga yozilgan dasturxon ustida yetti uxlab tushiga kirmagan noz-ne’matlar, anvoyi maylar to‘latilgan ko‘zalar turardi. Parilar unga va yonidagi malikaga navozish ila xizmat qilishar, turli lazzatli taomlar keltirib maylardan uzatishardi, ud yoki arfaga o‘xshash ajabtovur sozlarda musiqa chalib, go‘zal qo‘shiqlar kuylashar, nozik harakat-la raqsga tushishardi. Havoda mayin shabboda ila jannatiy muattar hidlar ufurar edi.

U rohatu farog‘atdan, yonidagi huru g‘ilmonning tabassumidan mutaassir bo‘lib jonbaxsh tuyg‘ular og‘ushida mumday erigan kuyi o‘tirarkan, elu yurtini, sevimli otini, yorug‘ olamdagi jamiki narsalarni unutganday edi. Mayxo‘rlik va tanovvul tugagach, malika qo‘lidagi shohi ro‘molini silkitgan edi, parilar bazmni nihoyalab ikkisini gullar bilan bezalgan xobgohga olib kirishdi-da, mastu mastona Shermerganni malika bilan holi qoldirdilar. Shunda ular ilohiy ishq bo‘stonida bir-birlarini og‘ushlab tanlarini va ruhlarini bo‘salar ila bag‘ishladilar, samoviy visol ming asrlar davom etganday tuganmas muhabbat va lazzatdan masrur bo‘ldilar. Badanlaridan oqqan ter yetti qavat ko‘rpadan o‘tib tagidagi guldor gilamni ham shalabbo qilgan ekan. Sahar-sahar mast uyquda yotganida Shermerganni kimdir uyg‘otdi.

– Turing, begim, vaqt bo‘ldi, ketaylik.

– Qay… Qayoqqa ketamiz, Ko‘hiqofgami? – g‘o‘l­di­radi uyqusi rosa ochilmagan Shermergan.

– Keragatovga, – dedi malika jaranglagan ovozda aniq-tiniq qilib.

U ko‘zlarini katta ochib qaradi: ajabki, tepasida parilar malikasi emas, safar kiyimini kiyib, beliga futa bog‘lagan, bo‘yniga xapamat taqqan Oropning oq ko‘ylakli sohibjamol qizi charos ko‘zlarini chaqnatib turardi.

– Sen?!

– Ha, menman. Ko‘rgan paytimdayoq sizga oshiqu beqaror bo‘ldim. O‘shanda siz bilan qochib ketsam bo‘lardi, ammo otingizni ko‘zingiz qiymasligini bilardim. Shu bois, boshqa reja tuzdim, ikkinchi shartni tanlang, deb ishora berdim. Otamdan parilarni xizmatga shaylaydigan duolarni ozroq o‘rgangan edim… Sizni bu yerga keltirishlaridan oldin kelib, parilar malikasi qiyofasiga kirib siz bilan visol qurdim. Oldindan hammasini o‘ylab qo‘ygandim. Parilar va qizilko‘z davangirlar xizmatimda hoziru nozir. Endi meni yurtingizga olib ketasiz, sizga vafodor xotin bo‘laman, otingiz ham tayyor. Tezroq yo‘lga otlanaylik, tong yorishsa afsun yechilib, bo‘ysunmay qo‘yishadi. U yoqda otamning ayg‘oqchilari…

– Hammasiga tushundim. Meni otimning yoniga boshla, – deya Shermergan yotgan joyidan qoplonday sakrab turdi.

Parilar allaqachon otning kishanini yechib, egarlab qo‘yishgan ekan. Davangirlar sodiq mulozimlardek boshlarini egib ta’zim qilib turishardi. Shermergan Yashinning manglayidan o‘pti-da, ayil-pushtanini qaytadan tortib uzangiga oyoq qo‘ydi, Oropning qizini bilagidan tutib otning sag‘risiga qo‘ndirdi,“Hayt!” deya Qilqoya tomon yeldirib ketdi …

 

* * *

 Etak shamoli tog‘ boshini chalgan bulutlarni, daralarda cho‘kib yotgan tumanni tarqatib yubordi. Men hamon g‘aroyib manzaralar asiri bo‘lib o‘tiribman. Qadim Novtakaning toj yanglig‘ cho‘qqilari etakka oqqan oftobning yorqin nurlarida kumushday yarqirardi. Xapamat endi butunlay o‘zga tarix, o‘zga odamlar kechmishini so‘ylar edi… Tevaragi yo‘nilgandek tik zovlardan iborat mahobatli qoya ustida qo‘rg‘on, shinaklardan o‘q uzishga shay kamonchilar, pastda esa tog‘u toshni to‘ldirgan nayza tutgan behisob lashkarlar, boshlari uzra Iskandar Zulqarnaynning olovrang yalovi !

Uning o‘zi qo‘shinning oldida qora tulpori ustida osmon ila so‘ylashgan qoyaga shaxt bilan tikilgancha turibdi. Soqoliga oq oralagan yo‘g‘on gavdali sarkarda Parfenon unga gap qotdi :

– Nima, Busefaling qanot bog‘lab saklarning tilsimli qal’asiga uchib chiqadi, deb o‘ylaysanmi?

Jahongir nigohidagi shiddatni so‘ndirmay javob qildi:

– Busefal qanot chiqarmasa, askarlarim uchib boradi. Axir kelib, ko‘rib , olmay qaytgan qal’am borligini ko‘rganmisan, ey qariya?!

– Nega oqilalikda va go‘zallikda tengsiz Usrushona malikasini olmay, izinga qaytding? – bo‘sh kelmadi keksa sarkarda.

Jahongir sukut saqladi. Yusuf tal’atli nav­qiron Gefestion do‘sti uchun javob qildi :

– Yengilmas Aleksandrning xotini samoviy parilardek go‘zal bo‘lmog‘i kerak-da.

– Ha, saklar boshlig‘i Oqsartning afsonaviy huru g‘ilmonlari bor, deb eshitganman, – dedi Ptolomey Lag gapga aralashib. – Iloha Onaxitaning duosini biladigan kohinlari ularni afsun bilan xizmatga shaylashar ekan. Yog‘iylarni esa…

– Bo‘ldi, bas! – deya o‘kirdi Aleksandr. – Biz sak­larning so‘nggi qo‘rg‘onini olgani kelganmiz. Unga chiqishni o‘ylanglar. Antikatr! – U Parfenonning yonida nayza tutgan panjalari burgutnikiday, ko‘zlari yonib turgan jangchiga murojaat qildi :

– Qoyadagi qal’aga chiqa olasanmi?

Antikatr sarosimaga tushmadi, bir muddat tik zovlarga o‘tkir ko‘zlarini qadagach, javob qildi:

– Ilojini topaman, sarkardam.

Ptolomeyy Lag, “Qanotli qush ucha olmaydigan joyga qanday chiqasan?” demoqchi bo‘ldi-yu, ammo Aleksandrning qahrli nigohini ko‘rib fikridan qaytdi. Antikatr esa tunda, yetti kunlik yarim oyning yog‘dusida yuz chog‘li askari bilan zovlar yorig‘iga o‘tkir uchli nayzalarini qadab, pishiq arqonlarga osilib qo‘rg‘on tepasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni ko‘rgan kamonchilar o‘takalari yorilib qal’a ichkarisiga, Oqsartning qarorgohiga qochishdi.

– Yog‘iy bosdi, yog‘iy!

 Oqsart toshdan yo‘nilgan taxtida o‘tirgancha ularga baqirdi:

– Qanaqa yog‘iy? Nima, makedoniyaliklar maxfiy yo‘lni topishibdima?

– Yo‘q, qotlardan uchib chiqishdi.

Oqsart yonida o‘tirgan, bo‘yni va beliga devlarning tishlari osilgan kohinga yuzlandi:

–- Yunonlarning kohinlari askarlarni uchira oladigan duoni bilishadimi?

Kohin qoq suyak qo‘lini siltadi:

– Yo‘q, Arastu ularga afsun emas, faqat harbu zarbdan ilm-hunar o‘rgatgan.

– Siz bilasiz-ku, afsun bilan ularni qaytaring, muhtaram kohin, – yolvordi Oqsart chag‘ir ko‘zlarini yoshlab.

– Endi foydasi yo‘q.

– Taslim bo‘l, demoqchimisiz ?

– Ha!

– Axir butun Novtaka qo‘ldan ketadi-ku.

– Ularga saxovat ko‘rgazib Iloha Onaxitaning udumini ado et! Qadim Sug‘diyonani mahv etgan, olamdan nomu nishonini o‘chirgan Aleksandrga o‘lim! Sak­larning o‘chi shu! Parilardan eng go‘zalini qizing Ravshanak timsolida unga tortiq qil. Unga ham yor, ham “ajal parisi” bo‘lsin. Omin!

Kohin afsunkor duolarini o‘qish uchun tog‘ o‘ngu­ridagi otashkadaga kirib ketdi. Bu orada tashqaridagi kamonchilarni saranjomlagan Antikatr ham saroyga kirdi. U to‘rdagi toshdan yasalgan taxtida o‘tirgan Oqsartning qarshisiga borib nayzasini o‘qtalgan edi, u qo‘lidagi oq tug‘ini uning oyoqlari tagiga tashladi. O‘rnidan turib ta’zim qilgancha qiroat qildi:

– Biz buyuk jahongir Iskandar Zulqarnaynga tobe bo‘lgaymiz. Unga ayt: barcha a’yonlarim, askarlarim bilan taslim bo‘lib huzuriga boraman. – So‘ngra yordamchilariga o‘girilib buyurdi. – Kohinga aytinglar, maxfiy yo‘lni ochadigan duoni o‘qisin.

Hammalari g‘adir-budur devorlariga mash’alalar yoqilgan, labirintga o‘xshash g‘ordan pastga tusha boshladilar. Duoning kuchi bilan ikki yoqqa surilgan ulkan qoya yorig‘idan tashqariga chiqishdi. Antikatr mag‘lub saklarni baland havozada Gefestion bilan sharob ichib o‘tirgan Aleksandrning huzuriga olib bordi. Oqsart a’yonu akobirlari, askarlari, xotinlari, hisobsiz o‘g‘il-qizlari bilan yosh jahongir qarshisida ta’zim qildi, so‘ngra oqsoch boshini adl ko‘targancha g‘olibni qutladi. Biroq yunon arsloni uni ko‘rmas, so‘zlarini eshitmas edi. U eng oldinda quyoshday porlab turgan 16 yoshli Ravshanakdan ko‘zlarini uzolmay tikilib qolgan, qizning ko‘zni qamashtirgudek jamoliga asir bo‘lib bamisli yashin urgandek ishqida yonib ruhi ko‘klarga ravona bo‘lgan edi.

– Gefestion – deya bazo‘r g‘o‘ldiradi, so‘ngra ko‘z­lari chaqnagancha xitob kildi. – Ana mening xotinim. Boshiga gulchambar taqib yonimga keltir. Yo‘q, shoshma, o‘zim boraman!

U havozadan o‘ljasiga tashlangan yo‘lbarsday oti­lib tushdi-da, ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kilayotgan do‘stining qo‘lidagi gulchambarni olib parivash Ravshanakning boshiga qo‘ndirdi. Qilqoya ustida yolg‘iz qo‘nqayib o‘tirgan kohin qah-qah urib kuldi, kulgusi tog‘u toshlar aro aks-sado berib, ko‘hna Bobilning fusunkor Semiramida bog‘larini epkinlaganday olislarga taralib ketdi…

Oftob allaqachon botgan edi. Etak shamol to‘x­tagach, tog‘larni yana tuman qoplab oldi. Endi barchasi pinhon bo‘lgan: ko‘hna manzaralar, Shermergan, tog‘chilar, parilar, Ravshanak, iloha Onaxitaning o‘chi ila qazosini topgan Iskandar Zulqarnayn, nayza tutgan jangchilar va ularni ro‘y-rost jonlantirgan mo‘jizakor xapamat ham!

Darvoqe, rivoyat qilishganidek, bobokalonim Sher­­merganning tutqunlik chog‘i yog‘ochdan antiqa kovush yasab G‘aznavolik go‘zalni o‘ziga rom etgani chinmi – o‘tirikmi bilmadimu, Yong‘oqliga olib kelgach, u bilan ko‘p farzandlar ko‘rib, baxtli hayot kechirganini eshitganman. Parixotunning sirli taqinchog‘i esa momomga, undan enamga meros qolgan. U ham vafot etgach, sodda singillarim qishloqqa kelgan lo‘lilarning yaltiroq, sun’iy marjonlariga almashib yuborishgan. Hozir o‘sha ko‘hna buyumni ham, parilar haqidagi gurunglarni ham butkul unutib yuborishgan. Yana qachonlardir, Keragatovda bahor chog‘i chakamik va uchqatlar gulga kirib, kakliklar mast bo‘lib sayrashganda boshqa xotiralar kabi XAPAMATni va uni taqqan parilarni qayta eslashar, balki…

 

ShAMG‘ALAT

 

Bu g‘aroyib hikoyani bir vaqtlar Sangardak tog‘­larida sayohat qilib yurganimda eshitganman.

Buyuk Pomir bilan Hisor tizmalari tutashgan eng baland cho‘qqida turibman. Atrofni qurshagan ma­hobatli zovlar, oppoq sharsharalar, yam-yashil qo‘­riqlar, zangori zarangzorlar orasidagi ko‘hna qish­loqlar, ho‘kiz bilan qo‘sh haydayotgan kishilar, o‘roq o‘rayotgan qiz-juvonlar. Uloq-qo‘zi boqayotgan bolalarning qiy-chuvi… Naqadar ibtidoiy va sirli! Go‘yo bunda biz ilg‘ay olmaydigan nedir olamlar yashirindek. Aniqrog‘i, ayni bokira manzil, insonlar, billur sharsharalar, nabototu jonivorlar yerda emas, qaylardadir olislarda, samo qatlarida zohirdek. Men daxlsiz borliqqa mahliyo bo‘lib quyosh allaqachon botganini sezmay ham qolibman.

Pastga enishda yo‘ldan adashib Sharg‘un yaqinidagi konchilar qarorgohi ustidan chiqdim. Shu joyda tunab qolishimga to‘g‘ri keldi. Ajabki, menga o‘z palatkasidan joy bergan muhandis afsonaviy taassurotlarimga yanada tizginsizlik baxsh etdi. Bir qarashda unda hech qanday g‘oyibiylik asari yo‘qdek, aksincha, sodda, tiniq fikrlaydigan zamonaviy, o‘qimishli odam. Faqat… Zohirida va botinida boshqalarda uchramaydigan intihosiz joziba bor edi. Yoshi ellikni qoralagan bo‘lsa-da, qaddi raso, navqiron, xushsurat, baayni qadimiy Xitoy qo‘lyozmalari sahifalariga chizilgan Laotszining suratiga quyib qo‘ygandek o‘xshardi. Ayni chog‘da, bolalarcha beg‘ubor, g‘oyat ifodali chehrasi, butun borlig‘i yetti uxlab tushga kirmagan hikmatu ma’nolarni namoyon etardi go‘yo! Tarzini bir ko‘rgan kishi yana ko‘rishni, so‘zlarini bir marta eshitgan yana eshitishni orzulashiga aminman. Aytishlaricha, bir umr go‘zal ayollar uni sevishgan, yosh qizlar visoliga yetishni orzulashgan. Eng hayratlanarlisi, noyob xislatli bu odam juda faol, qizg‘in hayot kechirganiga qaramay, shu damgacha oila qurib xotin, bola-chaqa orttirmagan ekan. Boisini o‘zgalar tugul, o‘zi ham anglab yetmagan chog‘i, so‘raganlarga: “Ko‘nglimdagi ayolni hanuz uchratmadim, shekilli“ deya gapni qisqa qilarkan.

Men unga o‘z taassurotlarimni gapirib berdim. Naq bulutlar orasidagi tog‘ ovullari afsonaviy tuyulganini, ochig‘i, sirli hayotning chinakam namunasini ko‘rib kechirgandek bo‘lganimni, ularning kitob­larda tasvirlagan yondosh olamlarni eslatishini to‘lqinlanib so‘zladim.

U menga biroz hayratlanib qaradi-da, so‘ngra zul­mat qa’riga tikilib uzoq sukut saqladi. Anchadan keyin menga o‘girilib biroz o‘zgargan ovozda so‘radi:

– Siz ularga ishonasizmi?

Nazarimda savolining asl ma’nosi sal bosh­qacharoqday, ya’ni: ”Tushuna olasizmi?” demoqchidek edi. Shu bois biroz taraddudlanib, ammo qat’iy javob qildim:

– Ha, yaralishi sirli bo‘lgan borliqda nechun sirli dunyolaru jonzotlar, biz ilg‘amaydigan hodisotlar mavjud bo‘lmasin? O‘zga olamlarga ruhiy yo moddiy tarzda ko‘chib o‘tish, yoki aksincha, ularning bizga, bizning anglash doiramizga kirishlari kabi holatlar…

So‘zlarim unga boshqacha ta’sir qildi.U xuddi uzoq davom etgan letargiya uyqusidan uyg‘ongandek menga tikildi. Mutaassir chehrasi, ko‘zlari yolqinlanar, butun borlig‘i yangi voqelik ila yuzlashgandek hayrat va hayajon og‘ushida edi. Uning holati baayni tushdagi shodlikka o‘xshab ketardi. Shundagina men yuragi tubida cho‘kib yotgan, so‘zlarimdan qo‘zg‘alib, sirtiga toshib chiqqan so‘ngsiz armon va sog‘inchni ilg‘adim.

 Uzoq sukutdan so‘ng xitob qildi:

– G‘oyibiy makonlarga moddiy ko‘chib o‘tish! Qa­chonlardir aynan shunga o‘xshash sinoatlar boshimdan o‘tgan. Salkam yigirma yillik jumboq, so‘zlab bersam ishonarmikansiz…

– Bajonudil eshitardim, – dedim men tinglashga shaylanar ekanman.

 

* * *

– Asli Bobotog‘likman, – deb hikoyasini boshladi u. – Otam mashhur polvon, do‘mbirachi, oz-moz baxshiligi ham bor edi. Onam dindor oiladan chiqqan taqvodor ayol bo‘lgan. Otamning qiziqishi tufayli uyimiz dos­tonu termalar, rivoyatlaru qadimiy qo‘shiqlar ixlosmandlari bilan gavjum bo‘lardi. Ular orasida eng ashaddiy muxlis men – besh yoshli bolakay edim. Keyinchalik maktabga borganimda doston kitoblarni sharillatib o‘qib berganimni ko‘rgan birinchi muallimim taxtaday qotib qolgan va birdaniga ikki sinf sakratib uchinchi sinf o‘quvchilariga qo‘shib qo‘ygan. Qahramonlarning devu ajdaholarni qirib, parilarni qutqarishi va boshqa sarguzashtlari meni butkul rom etgan, kechayu-kunduz mard bahodirlarga hamroh bo‘lib zolimlarni, yalmog‘iz kampirlaru jodugarlarni mahv etib, adolatni qaror toptirish yo‘lida javlon urardim. Husni jamoli qorong‘u kechani yorug‘ qiladigan parilar xotiramda o‘chmas iz qoldirgan. O‘smirlik chog‘imda ular haqidagi xayollaru kechinmalarimning cheki yo‘q edi. O‘z “parim“ ham bor edi! Xoniya! U hali yoshgina, tim qora sochlarini selpillatib zilol buloq suvi kabi toshdan-toshga sakrab yurardi. U bilan goh urishib, goh yarashib kapalaklar misoli quvlashib o‘ynardik. Lekin chechalarimiz uyat sanaydigan o‘yin­larni hali bilmasdik. Bu – armonsiz, ta’rifga sig‘dirib bo‘lmas masrurlik edi. Shu qadar shuurimga joylangan ekanki, o‘sha o‘yinqaroq qizning shabnamdek tiniq yuzini, shalola sochlarini, sho‘x kulgusini bir umr unuta olmadim. “Parim“ ning muhabbatiga erishish uchun ne kuylarga tushmadim, deysiz. Hamisha, hamma yerda birinchi bo‘lish tuyg‘usi o‘shanda qonimga singgan bo‘lsa ne ajab!

Biroq omad mendan yuz o‘girdi. Raqiblarimdan o‘zaman deb chiranganlarim asar qildimi yo boshqa bo‘ldimi, har nechuk bo‘yim o‘smay pakanagina bo‘lib qoldim. Allaqachon bo‘ylari cho‘zilib, yuzlariga hu­sn­buzar toshgan tengdoshlarim ovozlarini do‘­ril­latib ustimdan kulishardi. “Parim“ning ko‘ziga ko‘­rinish esa o‘limdan-da og‘ir. U bo‘lsa panalab yurganimdan ajablanib yiroqdan g‘alati qarash qiladi, ba’zan uchrashib qolganimizda oldingidek ochilib-sochilib gap­lashgisi kelar, ammo mening qarayolmay nuqul tundlanishimdan hayratlanib jilmayib qo‘yardi .

Shu orada qishloqda tuman markazidagi olti oylik kurslarda o‘qib kelgan muallimchalar ko‘paydi. Ularning ixcham kamzul-shimlari, bo‘ynidagi guldor galstuklari, bilagiga taqqan yaltiroq bog‘ichli soatlari, tillarini burab shaharcha gapirishlari barchaning havasini keltirar edi. Shunda men ham o‘qishga borish, po‘rim kiyinish, hammani qoyil qilish istagi bilan yona boshladim. Men hatto Xoniyaning ishqiniyam, pakanaligimniyam unutgan edim. Maktabni bitirib ko‘m-ko‘k jildidan bo‘yoq hidi kelib turgan yap-yangi attestatimni qo‘ynimga solib yurgan orzumand kezlarimda omad qushi boshimga ko‘ngandek bo‘ldi. Otam qo‘shni qishloqdagi bir to‘yda institutda dars beradigan ukaxonini uchratib qolibdi…

Alalxusus, oradan bir yil o‘tib men haqimda qishloqda: “Rayimberdi polvonning o‘g‘li Azamat o‘qishdan ta’tilga kepti, juda ketvorgan, bilgir yigit, bilagida tilla soati bor emish”, degan ovoza tarqal­di. Bunda mubolag‘a talay, ammo mening kibri havoyim, saxtu sumbatim bulardan-da balandroq edi. Rost-da, qandaydir tuman markazidagi kurs emas, naq poytaxtu azimdagi institut talabasi! Eng quvonarlisi, bo‘yim ham ancha cho‘zilgan, qaddi raso, zarang tayoqday yigitga aylanganman.

Ilgari qizlarning hozirgidek yuz-ko‘zlariga bo‘yoq­lar, o‘sma-yu surmalarni obdon surib, ko‘kragi ochiq, yengsiz ko‘ylaklar kiyib yigitchalar oldiga zing‘illashi odat tusiga kirmagan. Nikoh kechasi “vakil so‘ratar“ga yig‘ilgan qizlar, kuyov jo‘ralarning qorasini ko‘­rish­magan. Hatto kelin boyaqish ham kuyovini chi­mildiqda tanigan, xolos. Lekin mening ta’rifimni eshitgan bo‘y qizlarning patagiga qurt tushdi. Uzun yengli adras ko‘ylak kiyib, sochlarini qirqta o‘rib uyimiz oldidan tinmay guzarga, suvga qatnashar, dalaga yoki maktabga borishda atayin bizning ko‘chadan gurra-gurra o‘tishardi. Ovullarga borsam, o‘tovlarining japsaridan qarashar, men esa xuddi oyparastdek ularni payqamasdim. Ayonki, birgina o‘zimning “parim”ni ko‘rishni istayman. Uyi ancha uzoqda, ataylab borishga istihola qilaman. Xoniya ham arazlagan shekilli, sira ko‘rinish bermaydi. Yozgan xatlarim, singlimdan tayinlagan gaplarim javobsiz qoldi. Yiroqdan alvon ko‘ylagini, quyosh nuri tushgan lahzada yarqiragan yuzini ko‘rardim, xolos. Shuning o‘zidanoq quvonchdan yuragim toshar, o‘zimning yerdami-ko‘kdami ekanimni bilolmasdim. Go‘yo olam lolazorga aylangandek, Xoniya ular ichra lovullab yonib turgandek. Ajabki, qanchalik toqatim toq bo‘lmasin, pinhoniy mushtoqlik, sirli hijronu bo‘lg‘usi visol xayoli, shodlanish va iztirob, – barisi menga benihoya masrurlik bag‘ishlar edi.

Shu asnoda tabiatimda va fe’l-atvorimda anchayin o‘zgarish yuz berdi. Endi men oldingidek botir o‘g‘lon bo‘lib “parim“ning yoniga chopib borishdan, jamalagidan tortqilab o‘ynashdan istihola qilar edim.Uchrashganda qizarib-bo‘zarib bazo‘r salomlashardim. U shunchalar afif, andishali ediki, men ham o‘zimni unga munosib, mard, olijanob yigitdek tutishim, Avazxondek qahramonliklar ko‘rsatishim lozim, shunda u meni chinakam seva oladi, deya o‘ylardim. Biroq shoirona xayollarim meni zamindan ham, sevgilimdan ham asta-sekin yiroqlashtirib taqdiri azalim – mangu hijron va xayoliy oshiqlik sari havolantirdi. Men olam mo‘jizalarini kashf etish, hayot sirlarini ochish va zafarlar quchish sari oshiqardim. O‘zimni ilmga urdim. Samoviy sevgim o‘sha-o‘sha qalbimda-yu, sevgilimni butkul unutdim. U allaqachon erga tegib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Adashgan ekanman, oxirgi kursda o‘qiyotganimda singlimdan xat keldi: Menga Xoniyani unashtirishibdi! Hech ishongim kelmasdi. Otam dostonlar aytishning piri bo‘lsa-da, hardamxayol odam edi. To u qizga boshqa qishloqdan sovchi kelib fotiha to‘yi belgilangunicha beparvo yurgan, keyin eshitib hech kimdan so‘rab-netib o‘tirmay to‘ylik mollarni va bo‘xchani olib borgan. “Ha”, de­yishsa: “O‘g‘lim shu qizga bolalikdan ko‘ngil qo‘ygan, uni men kelin qilaman. Narigilarni yaxshilikcha qaytarib yuboringlar”, deya gapni cho‘rt kesgan. Qizning otasi noiloj, aytganini qipti. Oldingi qudalar bu gapdan rosa darg‘azab bo‘lishsa ham otamning nomini eshitgach, shashtlaridan tushib, ashqol-dashqollarini ko‘tarib izlariga qaytib ketishibdi.

Mening quvonchim cheksiz edi. Axir endi “parim” bilan birga bo‘laman, intizorliklarim, iztiroblarim poyoniga yetadi, sevgim, sevgilim va men mangu baxtiyorlikda yashayman! 

To‘yga hali ikki yil bor edi: Men o‘qishimni adoqlashim, Xoniya gilamu bo‘g‘jomalarini, o‘tovining bog‘ichu kashtalarini, zebu ziynatini tayyorlashi zarur. Nihoyat to‘y bo‘ldi.Tog‘li qishloqlarda ko‘hna udumlar, har xil irim-sirimlar hali-hamon saqlanib qolgan. Bir qarashda jo‘n, eskirgan, keraksizdek tuyulgan ayni urf-odatlar aslida teran ma’nolarni anglatadi. Bolaligimda ularni tomosha qilish jonu dilim edi. Buni bilgan qudag‘aylar to‘y kechasi o‘sha irimlarni bekamu ko‘st ado etishdi. “Vakil so‘ratar” chog‘i ikki o‘spirin kelin va dugonalari o‘tirgan o‘tovga qatnab qizning inon-ixtiyorini tinglab, Vakil ota­ga yetkazishdi. U ham rizoligini aytgach, mulla nikoh o‘qidi. Shundan keyin meni jo‘ralarim bilan o‘tov ostonasida ta’zim qildirishdi, oldimga dasturxon yozib behisob qatlamalar tuzashdi, yangalaru ammalarga sarupo tarqatdilar. Shu damgacha to‘y risoladagidek, g‘oyat tantanali va qiziqarli o‘tayotgan edi. Hamma shod-xurram, bir yonda qo‘shiq, bir yonda o‘yin-kulgi! Do‘mbira sadolari ostida o‘tovga qadam qo‘ydim. Turli-tuman rangdor bog‘ichlar, naqshli qurlar, tizmalar, son-sanoqsiz popuklar taqilgan o‘tov ichi qora chiroqning xira yog‘dusida afsonaviy qasrga o‘xshardi. Ayni taassurot ongimda nelarnidir akslantirgandek, boshim aylanib oz-moz zamon va makon hissini yo‘qotgandek bo‘ldim. Bu holat kutilmagan sinoatlarni boshlab kelishini xayolimga ham keltirmagandim, albatta. Jo‘ralarim qurshovida shodu masrur edim. Ichkari ayollarga liq to‘la, yonlarida bolakaylar va qizaloqlar tizilishgan. Ammalarim boshimdan tanga va shirinliklar sochishdi. Shunda hammalari qiy-chuv bilan uymalashib ularni terishga tushdilar. Zavq-shavqlarining cheki yo‘q. Shu payt bo‘sag‘ada o‘tirgan alvastiga o‘xshash qari momo beo‘xshov og‘zini katta ochganicha, yakkam-dukkam so‘yloq tishlarini ko‘rsatib menga qarab go‘yo qari itday hura ketdi. Men hazarlanib orqaga tislangan edim, orqamdan itarishdi:

– Kiraver, qo‘rqma, “it irillatar” irimini bajarishayapti, – deyishdi jo‘ralarim.

Ular kampirga pul berishdi. U darhol irillashni bas qilib ortga chekindi. Shunda uning paytavadek patak sochlari orasidanmi, g‘orday og‘zidanmi, jimitgina qora narsa uchib chiqdi-da, chang‘oroq atrofida aylanib-aylanib chimildiq tomonga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning ko‘rshapalakliginiyam, kapalakliginiyam, nedir sharpaliginiyam bilolmadim. Meni yana olg‘a boshlashdi, ammo kampirning jirkanch basharasi va o‘sha qora sharpa qorachig‘imda o‘rnashib qolgan, a’zoyi badanimda noma’lum titroq sezardim. Chindan ham g‘alati: hech narsadan tap tormaydigan bo‘z bola bo‘lsam-da, yuragimni allaqanday vahima egallagan.

– Qo‘rqma, – deya jo‘ralarim yana dalda berishdi – hali marosim tugagani yo‘q, dadil bo‘laver, kuyov to‘ra!

Chimildiqqa yaqinlashdik.Endi bizni yosh, sho‘x-shaddod juvonlar o‘rtaga olishdi. “Ipak tikish”, “Oyna ko‘rsatar”, “Soch siypatar”, “Qo‘l ushlatar” kabi bir talay udumlarni ado etishdi. Jo‘raboshi ularga pul va ro‘molchalar ulashib turdi. Ayollar, kam berayapsizlar, deya talashib-tortishardi. Men bu irimlarning tugashini sabrsizlik bilan kutardim. Oradan go‘yo ming yillar o‘tganday edi…

Nihoyat qiy-chuv tindi, o‘tovni tark etishdi. Chi­mildiqda o‘tiribman, ro‘paramda oq chimmatga burkangan kelin… Biroq o‘tovda bizdan bo‘lak yana kimdir bordek. Nechundir yuragim shuvillab ketdi: o‘sha kampir bo‘lmasin tag‘in, degan xavotirli o‘y kechdi xayolimdan. Nazarimda qora sharpasi meni ta’qib etishdan bir zum ham to‘xtamasdi. Ayni damda o‘zimni qo‘lga olishim lozimligini his etardim, sabr-kosam to‘lgan edi: kelinning yuzidagi chimmatni olib uloqtirdim. Dimog‘imga gupillab o‘tkir mushki anbar hidi urildi. Qora chiroq shu’lasi xira bo‘lishiga qaramay “Parim”ning ko‘zni qamashtirgudek jamolini ko‘rdim. Ilgari ohuday toshdan-toshga sakrab yurgan sho‘x qizchaligida ham nihoyatda go‘zal edi. Endi! Ruxsorida barq urgan chiroyni ta’riflashga so‘z ham, xayol ham ojiz. Porlagan ko‘zlarida inson ongi, tasavvuri qamray olmaydigan husn-malohat, intizorlik va shodlik, abadiy ishq va baxtiyorlik zohir. Men uning oq bilagiga momomdan qolgan kumush bilaguzukni taqdim. U ohista og‘ushimga kirdi. Bo‘ynimdan quchib, yuzimdan so‘ngsiz sog‘inch va muhabbat bilan o‘pdiki, azoyi badanim jimirlab ketdi. Balki menga shunday tuyulgandiru, erkalashlari, mehr va ardog‘i butkul shahvoniylikdan holi, go‘yo qachonlardir, qaylardadir oshiq-ma’shuq bo‘lganmizu uzoq ayriliqdan yurak-bag‘rimiz xun bo‘lib ming yillardan keyin yana topishganmiz. Ko‘zlaridan shashqator yosh quyilardi. Men bahor yomg‘iri yuvgan lola yanglig‘ tozargan yuzidan bo‘sa olardim. Ikkimiz ham ilohiy baxtdan sarxush edik. Bora-bora yovvoyi, telbavor ehtiros bizni o‘z zabtiga oldi…

Oradan qancha vaqt o‘tgani noma’lum, qayerdaligim ham… Bosinqirayotganimni, yonimdagi zil-zambil gavdani va xirillagan ovozni ilg‘adim. Dimog‘im kuchli badbo‘y hiddan yorilar darajada edi. Uyg‘onib ketdim: chimildiq uzra qora sharpa charx urardi. Qo‘rqib ketib, ko‘zimni katta ochdim va dahshatdan qichqirib yubordim. Qu­chog‘imda qoqshol qo‘llari bilan menga mahkam yopishgancha alvasti yotardi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u o‘sha “it irillatar” irimini bajargan kampir edi! Umrimda bunaqa jirkanch basharani uchratmaganman. Yarim-yalang‘och badani shalviragan, patak sochlari qat-qat bo‘yni va bo‘rtilgan taram-taram chakkasiga yoyilgan. Qo‘lansa hid g‘orday og‘zidan, mo‘yi oqargan qo‘ltig‘idan anqir edi. Mening qichqirig‘imdan uyg‘onib chag‘ir ko‘z­larini hayrat-la ochdi-da: “Ha, sizga nima bo‘ldi, begim”, deya xirilladi. Aqli hushimni yig‘ib olgunimcha qancha muddat o‘tgani menga qorong‘u. Nihoyat yurak yutib so‘radim: “Siz?! O‘tovda edingizmi?” “Ha, bo‘lmasa-chi”, dedi u menga qattiqroq yopishib. Men uning kosovday bilagini bo‘ynimdan olib tashlab o‘shqirdim: “Bu yerga nega kirdingiz?” U ko‘zlarini chaqchaytirgancha menga dashnom berdi: “Nega baqirasiz, begim, sizga bir balo bo‘ldimi? Chimildiqqa kirmay qora yerga kirayinmi? Nikoh kechamiz-ku…”

“Kelin qani?”, deya gapini shart kesdim. Sabrim tugagan edi. U chinakam hayratlanib suradi: “Yana qan­day kelin?!”

“Xoniya!” – deya qichqirdim men.

“Ha menman, shu yerdaman. Ko‘zingizni ochib qarang, begim”, deya men tomon intildi. Oxiri, bu ahmoqona savol-javobdan foyda yo‘qligini anglab yetdim-da, alvastini nari itqitib o‘rnimdan sakrab turdim, chimildiqni ko‘tarib o‘tov ichiga qaradim. Hech zog‘ yo‘q. Tashqariga chiqib atrofga razm soldim. Jimjitlik. Xoniya hech qayerda yo‘q. O‘tovga qaytib kirdim. Yarim ko‘tarilgan chimildiq ortida isqirt kampir hamon yalpayib yotardi. Shu asnoda sarosar turaversam, aqldan ozishim mumkinligini fahmlab tezgina kiyimlarimni egnimga ildim-da tashqariga chiqib narigi o‘tovga yo‘l oldim. Ukalarim enamning atrofida tizilishib uxlashardi. Otam mehmonlar bilan katta o‘tovda. Oldiniga jigargo‘shalarim yoniga cho‘zilishni, tong otgach ne sinoat yuz berganini aniqlashni mo‘ljalladim. Nazarimda bu qandaydir hazil yoki anglashilmovchilik, tez orada hammasi oydinlashadi, degan o‘ydan xotirjam edim. Shunda orqamdan past, mungli chorlashga o‘xshash ovoz kelganday tuyuldi. O‘girilib qaradim. Chimildiqli o‘tov ostonasida endigina tog‘ ayrisidan mo‘ralagan yarim oyning so‘nik yog‘dusi ichra oq libosli kelinchak turardi.

”Xoniyam!” – quvonib shivirladim men.

”Ha,“ – deganday zaifgina sas keldi.

Qaytipti-da! Yuragim dukurlagancha u tomon chopdim. Lekin… Uch qadamcha qolganda hafsalam pir bo‘lib taqqa to‘xtadim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, isqirt kampir so‘yloq tishlarini irjaytgancha menga ta’naomuz baqrayib turardi.

”Sizga nima bo‘ldi, begim? Qayoqqa ketdingiz, men qo‘rqayapman,” dedi u gina aralash noz bilan. So‘zlari va beo‘xshov karashmasi Xoniyamning abadiy g‘oyib bo‘lganiga ishoradek yuragim orqamga tortib ketdi. Qora sharpa tinmay boshimda g‘ujg‘on o‘ynardi. Aqlu hushimni yo‘qotgandayman, miyamda birgina o‘y: tong yorishguncha bu yerdan ketish kerak, yo‘qsa aqldan ozishim hech gap emas, meni aslo shu jirkanch ta’viya bilan birga ko‘rishmasin! U bilan bu yerda bir zum ham qololmasligimni his etardim…

Chorak soatlardan so‘ng tuman markaziga eltadigan tosh yo‘lda ketib borardim. Ortimga bir marta bo‘lsin qayrilib qaramadim – oqarib kelayotgan tong ham qalbimga dalda berolmasdi. Qora ShARPA tog‘lar uzra charx urib meni tinmay ta’qib etardi… 

* * *

O‘qishni bitirib ish faoliyatimni boshlaganimga ham ancha bo‘ldi. Hayot bamisoli tegirmon charxi, tinimsiz aylanaverardi, aylanaverardi. U elakdan o‘tkazmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Hatto samoviy jismlar ham o‘zgaradi, vaqt ularni to‘zdiradi, rang­larni o‘ngdiradi, sadolarni sukunatga aylantiradi, borliqni yo‘qlikka mahkum etadi, yangi mavjudligu mohiyatlarni yaratadi. Men ham shu taxlit hayot tegirmonida tinmay charx urardim – ulkan rejalar, orzularu kurashlar, tashvishu quvonchlar bilan andarmon bo‘lib. Zarradan zar izlab, zaminu samo qatlaridan mo‘jizalar kashf etish shavqi bilan masrur edim. Hayotim bamisoli po‘rtana dengizni eslatardi. Go‘yo men zabt etolmaydigan cho‘qqining o‘zi yo‘qdek. Ammo hamisha, hamma yerda o‘sha qora ShARPA – azaliy hamrohim. U bir umr meni ta’qib etishdan to‘xtamay­di. Men esa hamon nurlarga yo‘g‘rilgan noma’lum olamim sari talpinib, chimildiqda yo‘qotgan “parim”ni – baxt qushimni izlab-izlab, sog‘inib-sog‘inib yashayman…

Qachonlardir boshimdan kechgan sirli voqeani dahshatli tush yo shunchaki bo‘lmagur sarguzashtdek xayolimdan chiqarib yuborgan edim. Biroq inson boshqa-yu, qismati boshqa, deganlari rost ekan. O‘sha nikoh kechasidagi hodisot xotiramdan ko‘tarilib mendan nari bo‘ldi-yu, ammo qoldirgan asorati yo‘qolmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdiri azalimga aylangan edi. Men bir umr xotin zotidan irganadigan bo‘lib qolgandim. Har safar ularda go‘zallik o‘rniga irkitlikni, sev­gi o‘rniga nafratni ko‘rardim. Yigitlik chog‘im, chi­mildiqqa ilk qadam qo‘yganimda yo‘liqqanim har ik­ki timsol: so­hibjamol pari va jirkanch alvasti borlig‘imda mudom hoziru nozir. Men unutsam-da, ular meni unutmasdilar. Yo‘limda uchragan go‘zal jononlarga necha bor shaydo bo‘lib uylanishga jazm qilsam-da, so‘nggi pallada ko‘z o‘ngimni qora sharpa zulmat kabi to‘sardi…

Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Bobotoqqa qaytib qadam bosmadim. Kindik qonim to‘kilgan ota makonimni, ichgan buloqlarimni, birga o‘ynagan jo‘ralarimni, jigargo‘shalarimni tark etib ketdim. Ancha ulg‘aydim shekilli, xayolot va oshuftaliklarim, olis bolalik xotiralarim ham endi mendan yiroqlashdi. Ilk muhabbatim, Xoniya, to‘y oqshomi o‘tovda yuz bergan hodisa, chekkan iztiroblarimga qaytadan doxil bo‘lishga menda xohish ham, biror sababu alomat ham yo‘q edi. Kunlarning birida xizmat safari bilan Hisorning quyi tizmasi – Qo‘ytanga borishimga to‘g‘ri keldi. Ishdan bo‘sh paytlarimda tog‘ manzaralarini tomosha qilishni xush ko‘rardim. Bolaligimdan bir rivoyat chala-chulpa esimda qolgan. Emishki, qaroqchilar bir cho‘ponni tutib o‘zlari makon qilgan g‘orga keltirishipti. Qaroqchiboshi undan: “Qo‘ytantovda nechta dara bor, – deb so‘rabdi. – Aytsang qo‘yib yuboraman, qo‘ylaring ham o‘zingga siylov. Aytolmasang boshing ketadi.” Cho‘pon ne deyarini bilolmay tavakkaliga: “360-ta” deb javob qilibdi. “Buni qanday isbotlaysan”, deganda: “Yuring men bilan, o‘zingiz bilasiz-qo‘yasiz, qizil tulki aytadi”, debdi. Bu gapdan hayron qolgan qaroqchi: “Qani o‘rmonga boshla, gaping yolg‘on bo‘lsa o‘ldim deyaver,” deb qilichini qo‘liga olganicha uni haydab yo‘lga tushibdi. O‘rmonga borgach cho‘pon o‘zining va qaroqchining salla choponini yechib ikki ayri to‘nkaga yaxshilab kiydiribdi. “Bu nima qilganing” desa: “Bosh ikkita ko‘rinsa tulki tilga kiradi. Siz to‘nka ortiga yashirinib gaplarini eshitasiz“ debdi-da, tulkini buyoqqa jo‘natish uchun toqqa yo‘l olibdi. Oradan bir osh pishirim vaqt o‘tgach, qip-qizil tulki terisini yopingancha emaklab kelibdi-da “pang-pang”lab qichqira boshlabdi: “Qo‘ytantovda ko‘rib edim 360 darani, hech ko‘rganim yo‘q edi ikki boshli baloni!” Qaroqchi o‘takasi yorilib ura qochibdi. Shu-shu buyoqlarga yaqin yo‘lamabdi. Men nechundir ko‘nglimda o‘sha tilga kirgan tulkini uchratib qoladiganday qiziqsinib daralarni kezardim.

Bu yerda mahobatli zovlar ham, sharqiroq daryo­lar ham yo‘q, ammo qizil va ko‘k tuproqli qirlar, quyuq chakalakzorlar bilan qurshalgan daralarning adog‘i yo‘q. Atrof kimsasiz, meni bokira tabiatning daxlsiz olami sehrlab qo‘ygandi. Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgach, zarrin nurga cho‘milgan borliq afsonaviy ranginlik kasb etgan. Shu’lalar zaranglarning zangori yaproqlari-yu ko‘m-ko‘k uchqat gullarida akslanib shudringlardan ko‘tarilgan yengil hovurni kamalakdek tovlantirardi.

Bir payt shu’lalar va ranglar aro yastangan bo‘m-bo‘sh daraning kungay betida bir-biriga mingashgan peshayvonli uylar tuman pardasi ortidan g‘ira-shira ko‘ringandek tuyuldi. Ko‘zlarimni uqalab yana qaradim. Ha chindan ham g‘aroyib! Darada ovul bor edi. Hov­lilar adog‘ida pastak molxonalar, tomorqalar, ularda ishlayotgan odamlar, ayvonda do‘mbira chalib o‘tirgan chollar, o‘rmak to‘qiyotgan ayollar, urchuq yigirayotgan momolar, eshak mingan o‘tinchi bolalar, uloq-qo‘zi bo­qib yurgan jamalak sochli qizaloqlar, sochi belida to‘lg‘ongan, do‘mboqqina bo‘y yetgan opalari… Ahyon-ahyonda qishloqning o‘rtasidagi chang yo‘ldan barzangi chavandozlar ot minib o‘tib qolishar, qizlar oppoq bilaklari­ni lo‘mbillatib ularga qarashardi. Yo‘lovchilar: “Nimaga qaraysilar, odam ko‘rganlaring yo‘qma?” deya yolg‘onda­­kam qamchin o‘qtalishardi. Qizlar nozlanib: “Boring-e, sizga qarayapmizma?” deya lab burishardi.

Bu ibtidoiy turmush, osoyishu oroyishga boqib esim og‘ib qoldi. Negadir ismsiz hayajon, olis va qadrdon tuyg‘u ich-ichimdan toshib kelardi. Yuragimni o‘rtab yuborgan bu tuyg‘uni ta’riflashga so‘z yo‘q. Men olis Bobotog‘da tug‘ilib o‘sganman. Jonajon qish­log‘imni, yaqinlarimni sog‘inganim rost, ammo ho­zirgidek jonbaxsh hislarni sira boshdan kechirmaganman. Ko‘rgan narsalarim aqlimni shoshirib, vujudimni larzaga soldi. Go‘yo bu zamin qachonlardir yashagan joylarim, odamlar esa mening qadrdonlarim. Yuragim uzilib-uzilib, uvishib-uvishib atrofga boqaman, hozir yonlariga chopib boramanu ular bilan diydorlashaman. Enam keng ko‘ylagining uzun yengi bilan ko‘zlarini arta-arta kelib meni bag‘riga bosadi. Ke­yin otam, ukalarim, jajji singilchalarim, ammayu-xolalarim…

Ajabo! Chindan ham hammasi shu taxlit kechdi. Men qirdan enib ular bilan topishdim. To‘dalashib meni eski peshayvonli uyimizga olib borishdi. Singillarim sochpopuklarini pirillatib uyma-uy chopqillab “akam keldi!” deya hammadan suyunchi olishdi. Odamlar kelib men bilan quchoqlashib ko‘rishdilar. Ko‘zlaridan sevinch yoshlari oqar edi. Shunda aqlga sig‘mas, qiziq bir holatning shohidi bo‘ldim: bu qishloq, odamlar, qarindoshlarim ikki tomchi suvdek o‘xshasalar-da, Bo­botog‘dagidan sal boshqaligini his etib turardim. Albatta, men tamoman o‘zga makon va zamon, o‘zga insonlar izdihomi ichra hozir edim. Ayni chog‘da menga ming karra yaqinroq, aslroq va azizroq! Boshqacha aytganda, aynan shular mening chin tug‘ishganlarimday edi. Go‘yo ular bilan qachonlardir, Bobotog‘dan oldin hayot kechirganmanu keyin tark etganman. Sevinchimni, hislarimni ta’riflashga so‘z yo‘q. Ular ham chinakamiga quvonishar, meni yaxshi ko‘rishar, berilib hol-ahvol so‘rashar edi. Hech qanday notabiiylik, anglashilmovchilik yoki xatolik sezilmasdi. Hovlida mol so‘yildi, qozon osildi. Yangalarim men yaxshi ko‘radigan yupqa, g‘ilmindi, patirlardan pishirib berishdi. Ziyofat avjiga mindi. Umrimda bu qadar shod va masrur bo‘lgan emasdim.

Ertasiga o‘ynab o‘sgan joylarimni ko‘rish uchun qirga yo‘l oldim. Balandlikda qulayroq o‘rnashib olgancha atrofni zavq bilan tomosha qildim: noma’lum hayot, g‘aroyib tafsilotlaru manzaralardan iborat kechmishlarim xuddi kinotasmasiday ko‘z oldimdan o‘tardi. Ochig‘i, buning nimaligini izohlay olmasdim. Nahotki hammasi Bobotog‘da kechmayotgan bo‘lsa?! Bu qandayin olam, qachon va qaylarda zohir: yerdami, ko‘kdami, o‘tmishdami, hozirmi, kelajakdami?!

Sayxonlikdagilar beixtiyor e’tiborimni tortdi. Atrofi shox-shabba bilan qurshalgan hayatda guldo‘zi qalpoq kiygan dumaloq yuzli, qisiq ko‘zli pakanaroq bola kartoshka chopiq qilardi. Ketmoni o‘zidan katta bo‘lsa ham pushtaga chapdastlik bilan urardi. Yon tomondagi chakamug‘zorda bir qizcha uloq-qo‘zi boqardi. Hali o‘n oltiga to‘lmagan bo‘lsa-da juda go‘zal, sho‘x-beg‘ubor, binafsha yaprog‘iga qo‘ngan shabnamning o‘z­ginasi. U atrofda chaman bo‘lib ochilgan uyurtmak­larni terib qushboshi yasardi-da, qop-qora sochlariga taqardi, kulib-kulib bolaning yoniga borardi. Ikkisi beg‘am-bearmon o‘yinlariga andarmon bo‘lardilar. Shodliklarining, zavq-shavqlarining chek-chegarasi yo‘q edi. Ulardan nariroqda esa bir bo‘ychan yigit sayr qilib yurardi. U juda kelishgan, egnida qimmatbaho kiyim, bo‘ynida tilla zanjir, bilagida antiqa soat, oyog‘ida oq krossovka! Beg‘ubor chehrasidan shijoat, tiyrak nigohlaridan orzumandlik yog‘iladi. Yigit lolazorda kezarkan, nigohini sochlari shaloladek do‘mboq qizchadan uzolmas edi. Gohida ko‘kalamga cho‘zilib kitob o‘qir, qo‘l telefonidan musiqa tinglar, gohida to‘garak oynachasiga tikilib sochlarini tarardi. Ke­yin hammasidan bezor bo‘lgandek homuza tortardi-da mushaklarini shishirib mashq bajarishga kirishardi. Qizcha bilan bola esa unga sira parvo qilishmas, o‘z o‘yinlariga berilib dunyoni unutishgan edi.

Bu manzara meni yanada sehrlar olamiga g‘arq etgandek, ular yoniga yugurib borgim, armonsiz o‘ynagim, qachonlardir boshimdan kechgan zavq-shavqlarga to‘lgim kelardi. Nazarimda, men ham ularga evrilgandayman. Go‘yo bular qishloq bolalari emas, menman!

 

* * *

Qancha xayol surganimni bilmayman. Bir payt tiniq osmonda osuda suzib yurgan oq bulutlarga adoqdan qora bulutlar hamla qilgach, birdan chaqmoq chaqdi va momaqaldiroq gumburladi. Yomg‘ir sharros quyib yubordi. Men panalash uchun yon tomondagi kamarga shoshildim. Uning ichi men o‘ylaganchalik yuza va yorug‘ emas ekan. Bamisli toshdan yasalgan ulkan o‘tov, deysiz. Og‘zi bo‘sag‘a yanglig‘ kun chiqarga ochilgan, girdi keragadek gir aylana, usti ham uvuqlar qadalgan chang‘oroqqa o‘xshaydi. Men to‘rroqqa o‘tdim, chunki tashqari vahimali g‘urumotga aylangan, tinimsiz chaqayotgan chaqmoq qora bulutlarni yalt-yult tilimlardi. Go‘yo ertaklarda tasvirlangan yer osti qasrida o‘tirgandayman… Kamarga bir talay uloq-qo‘zi tapir-tupir yopirilib kirib yondagi burchakka to‘da bo‘ldi. Hayal o‘tmay ularning egasi – haligi qizcha oq kashtali nimchasini boshiga soyabon qilgancha chopib kirdi. Yuzini aniqroq ko‘rolganim yo‘q, nozikkina qomatidan, sochiga taqilgan jamalagidan tanidim. Qariyb u bilan izma-iz, yigit bilan bola ham kelib kamardan joy olishdi. Momoqaldiroq tag‘in kuchliroq gumburladi…

Nazarimda, hushimni yo‘qotgandayman, bir lahza ko‘z oldim qorong‘ulashib yana yorishgunicha oradan ming yillar o‘tgandek tuyuldi. G‘or ichi unchalik qorong‘u bo‘lmasa-da, ko‘zlarim faqatgina qizchani ilg‘ardi, o‘s­pirin bilan bola chiqib ketishganmi,ko‘rinmasdi. Ajabo! Qiz ham endi tamomila boshqacha: ancha yoshamol, husndorgina juvonga o‘xshaydi, lekin hamon qizlardek nozik-nihol, harakatlari yengil va nafosatli. Undan mushk-anbar aralash qandaydir tanish hid taralar edi. Shunda…Allaqaydan paydo bo‘lgan ko‘rshapalakka o‘xshash qora sharpa tepamizda charx ura ketdi. Navbatdagi yashin chaqnab g‘or ichini bir lahza yoritganda juvonning yuzini aniq-tiniq ko‘rib, hayratdan qichqirib yuborayozdim. Yo alhazar! Bu – o‘sha alvasti kampir edi! Nikoh kechamda “parim”dan judo etib hayotimni ag‘dar-to‘ntar qilgan ta’viya! Nahotki hammasi qaytadan takrorlansa! Ajablanarlisi shuki, endi u qari ham, jirkanch ham, xunuk ham emas, aksincha qora zulflari tol-tol eshilgan, oq yuzli nozanin. Chehrasi biroz so‘lg‘in, ammo tengsiz husn-malohat izlari yaqqol sezilardi…

U bir so‘z demay, quvonchdan porlagan ko‘zlarini mendan uzmas edi. Men esa ayni mavridi kelgani uchun undan o‘sha tundagi qilig‘i boisini, Xoniyani qayerga yashirganini so‘rashni istardim. Biroq endi menda unga nisbatan nafrat emas, nedir g‘amgusorlik tuyg‘usi qaror topgan, go‘yo yana sehru jodusi bilan aqlu hushimni olib qo‘yganday, nafasimni chiqara olmasdim. Oxiri o‘zi so‘z qotdi:

– Meni taniyapsizmi?

– Yo‘-o‘… Ha, sal-pal. Siz o‘sha…

– Yo‘q, yana adashdingiz. Men Xoniyaman.

– …

– Ishonmasangiz, mana ko‘ring. – deya u bilagidagi taqinchoqni ko‘rsatdi.

 Men uni darhol tanidim: ilon tasviri tushirilgan kumush bilaguzuk! Qachonlar, kim tomonidan ishlangani noma’lum. Uni menga hayotligida momom bergan: “Nikoh kechasi yoringning bilagiga taqasan”, deb. Men uning vasiyatini bajargan edim. Endi esa… Bilaguzuk “alvasti”ning qo‘lida! Balki u chindanam…Hayratdan tilim kalimaga kelmasdi. Nahotki, men bir umr yo‘qotgan, izlab-izlab orzulagan xilqat ro‘paramda bo‘lsa! Ha, u Xoniya edi.

– Sen? Parivashim!

– Oradan yillar o‘tdi, unutgandirsiz… Men esa unutmadim. Bir lahza ham sizsiz o‘tgan kunim yo‘q.

– Axir sen… O‘sha tunda men seni yo‘qotib qo‘ydim. Chimildiqda boshqa birov…Sen esa g‘oyib bo‘lding.

– Men hech qayoqqa ketganim yo‘q, yoningizda edim. Tuyqusdan sizga bir balo urdi. Meni tark etdingiz… Bir umrga!

– Haligi qo‘rqinchli kampir?! Chimildiqdagi…

– Bilaman, hammasi o‘sha qushnochning ishi.U to‘yi qaytgan yigitning xolasi edi. U sizni sehr-jodu qilgan. Ko‘zingizni shamg‘alat tutdi. Qushnochlar azaldan shu taxlit jodulash sirini bilishadi. O‘sha tunda meni o‘z qiyofasida sizga ko‘rsatdi. Maqsadi – sizni mendan bezdirish edi, niyatiga yetdi. Siz joduni yengishga kuch topolmadingiz. Shu bois, baxtingizdan judo bo‘ldingiz.

– “ShAMG‘ALAT” degani nima?

– Ola-qorong‘uda ko‘zning tutilishi. Tumonat yi­g‘ilganda, kuchli hayajon chog‘i jodu kishining butun bor­lig‘ini egallaydi.

– Ha, demak shamg‘alat! Bu joduni ochsa bo‘ladimi?

– Ha, faqat o‘sha kampirning o‘zi ochadi. U esa al­laqachon narigi dunyoda!

– Sen unga hozir ham o‘xshaysan . ..

– Ha. Sizga shunday ko‘rinyapti, chunki hamon jodu ta’siridasiz. Men Xoniyangizman.

– Shu damgacha… Boshqa er qilmadingmi?

– Yo‘q. Bir kun qaytib kelishingizni bilardim .

– Anavi yigit bilan bola…

– Ularni tanimadingizmi? Ikkalasi ham o‘zingiz-ku! 

– Uyurtmakzordagi qizcha? Bu yerga kirgan…

– Menman! Xoniya! Mana oling. – U uyurtmakli qush­boshisini menga uzatdi. Hayratdan dong qotib qoldim: bahor chog‘i Bobotog‘ dashtlariga chechaklar yoyilganda armonsiz o‘ynab yurgan kezlarimizda tergan uyurtmak­laridan xuddi shunday chiroyli qushboshi tizib menga berardi. Men chechaklardan gulchambar yasab boshiga taqardim.

– Nahotki, sensan?! Xoniya!

U bag‘rimga xuddi osmonda chaqnagan yashin shu’lasiday uchib kirdi-da bo‘ynimdan quchib mislsiz sog‘inch va ehtiros-la o‘pa ketdi, ko‘zlaridan oqayotgan qaynoq yoshlari yuzimni kuydirardi. G‘orni mushk-anbar hidi tutib ketdi. Ta’riflab bo‘lmas, intihosiz, mangu visoldan sarmast edim. Qaysi dam, qay manzilda, samodami, yerdami ekanimiz noma’lum…

Shu asnoda qancha vaqt o‘tganini bilolmadim. Balki bir necha lahza, balki ming yillar…Kuchli momoqaldiroq gumbirlashidan o‘zimga keldim. Ko‘z­la­rim yarq ochilib ketdi. Kamar ichi bo‘m-bo‘sh edi! Hamrohlarim allaqachon chiqib ketishipti, qo‘zilar ham. Kamarni tark etdim. Yomg‘ir tingan, atrof charog‘on, yon bag‘irlar oftobning zarrin yog‘dulariga cho‘milib ming alvonda tovlanardi. Momoqaldiroq esa tog‘ning naryog‘ida gumbirlab, bu yerga aks-sadolarigina kelardi, xolos. Darani pushtirang tuman pardasi qoplagan, ortida qandaydir shaffof manzil elas-elas ko‘zga chalinardi… 

 

* * *

Tongga yaqin kon qidiruvchi hikoyasini tugatdi. Tuni bilan mijja qoqmay uning g‘aroyib sarguzashtlarini tingladim, biroq ming afsuski, davomini bila olmadim.To‘g‘rirog‘i, nihoyasiga kelganda meni qattiq uyqu bosdi…

U sahar turib ishiga ketgan ekan. Men ham shu ku­ni shoshilinch shaharga qaytishimga tug‘ri keldi. Yana ko‘rishmadik. Oradan juda ko‘p yillar o‘tdi. Balki u hamon hayotdir, Bobotoqqa qaytib uzoq ayriliqdan ke­yin Xoniyasini uchratgandir, yaqinlari bilan diydor ko‘rishgandir. Yana… Qo‘ytanda ko‘rganlari! Ochig‘i, meni bu insonning boshidan aslida ne siru-sinoatlar kechgani, bularning barisi borliqning qay zamon va makonida, qay yo‘sinlariga ko‘ra sodir bo‘lgani ko‘proq qiziqtirardi. Nechundir ularni uydirma, “shamg‘alat” yoki xayoliy narsalar deyishga ishonchim komil emasdi. Balki g‘oyib olamlar chindan-da mavjuddir, sirli voqeliklar bizning anglash doiramizdan tashqarida kechib, bizdagidan-da realroq bo‘lsa-chi, degan o‘y xayolimda tinmay aylanardi. Bundan tashqari mu­handisning hi­koyasidagi g‘ayri-tabiiy hodisotlar ich­ra uning o‘zi, ajib sevgi qissasi yanada sirliroq va g‘aroyibroq edi…

 

 

Hamid ELXON (Mallayev) 1953 yilda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. “Zuryod”, “Shaffof odam” kabi kitoblar muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.