Bedor ruh

0
83
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

“Zolujo aydi:

“Ey Jabroil, Izi azza va jalla Yunusni o‘zga zindonga solur bo‘lsa manda-o‘q tursun.

Man anga sandin bag‘irsoqman”

“Qisasi Rabg‘uziy”dan

Tongda dengiz sokin bo‘ladi.

Faqat uning siynasi qa’rida ojiz bir shovullash elas-elas eshitilar, go‘yo uyqusida alag‘-chalag‘ tush ko‘rib bezovtalanayotgandek, suv yuzi bexosdan titrab-titrab ketardi. Kirib kelayotgan tongning bo‘zargan va tumanli jilosi miltillashi bilan tunda, osmon chiroqlarining qizg‘ish shu’lasida musallas rangiga g‘arq bo‘lgan dengiz yuzi asta-sekin o‘zgara boshlaydi, goh och yashil, binafsha, goh zumrad rangda tovlanadi; baliqchi qushlar jimgina charx uradi, oppoq to‘lqinlar shovqinsiz kelib qirg‘oq quchog‘iga otiladi va yana shu zahoti dengizga qaytadi.

O‘zining naqshin ustunlar qad ko‘targan ayvonlari bo‘lgan son-sanoqsiz uylari, yonma-yon joylashgan qator-qator do‘konlar-u qovoqxonalari, qubbalari yaltiroq gumbazli ibodatxonalari, tijorat kemalari hech arimaydigan bandargohlari, ayollardek ko‘rkam va mag‘rur, tillarang bargli daraxtlari bilan dengizga yorib kirgan dabdabali va serviqor ko‘rfaz ham odatda tong chog‘ida sokin bo‘ladi, hayajonga to‘la yuragi qotib qolganday, tiq etgan tovush eshitilmaydi; go‘yo tungi ehtiroslar quyuni tinganidan yengil tortgan tabiat hordiq chiqarayotgandek, borliqda sukunat hukm suradi. Baland va keng qilib qurilgan, hafsala bilan turfa ranglarga bo‘yalgan uylarning devorlarida, noz-karashmali ayollarning shoyi liboslarida, yoqut ko‘zli marjonlariyu tilla taqinchoqlarida o‘zini ko‘z-ko‘z qilgan chiroqlarning olovrang shu’lasi ham endi ko‘rinmaydi.

Dengiz ortidan tong shafag‘i mo‘ralab, qu­yoshning ilk nurlari suv yuzini tila boshlagan mahal safardan qaytgan kemalar gudogi mudrab yotgan ko‘rfazni mast uyqudan uyg‘otadi. Eng avval qirg‘oqdagi omborxonalarda yotib yuruvchi hammollar uyquli, qizargan ko‘zlarini ishqala­gancha bandargoh og‘ziga sekin kirib kelayotgan kemalar sari yugurishadi. Keyin olibsotarlarning o‘tkir ovozlari yangraydi. Novvoyxonalar tepasida tutun o‘rlaydi. Dengiz shamoli kuydirilgan zaytun yog‘i hidini olislarga olib ketadi. Bozorlarning son-sanoqsiz rastalari odamlarga to‘ladi. Yuk ortilgan aravalar qo‘shilgan otlarning shiddatli tuyoqlari ostida yer titraydi.

Nozik qo‘lchalarida chiroyli tuflilarini likillatgancha oftobning ilk nurida erib ketayotganday mayin shitirlayotgan qumda g‘ovur-g‘uvur qilib chig‘anoq terib yurgan ayollar paydo bo‘lishi hamon bandargohda ishni tugatib, qo‘li pul ko‘rgan hammollar mamnunlik bilan kaftlarini bir-biriga urib qo‘yib, asalarilarday g‘uvillagancha qirg‘oq tomonga otilishadi…

Peshinga borib ko‘rfaz ahlining hashamatga o‘ch tabiatlari ifodasi bo‘lmish – poydevori baland binolari, tundan tonggacha mast-alast kishilar arimaydigan qovoqxonalarning derazalari va sohilning noz-u ishvaga usta jononlaridek solla­nib, suvdagi aksiga mahliyo bo‘lgan daraxt­lar dengiz yuzida xuddi ko‘zguda aks etgandek tovlanib, lipillay boshlaydi, go‘yo barchasi bir lahzada izsiz yo‘q bo‘lib ketadigandek…

Kech tushib, qirg‘oqqa bog‘langan qayiqlar tepasini moyga shimdirilgan olov-tayoqlar yorita boshlagan bir vaqtda ulkan baliq ko‘krak qanotlarini keng yoyib, ulkan quyrug‘i bilan zim-ziyo qorong‘ilikni tilimlagancha sohilga yaqin suzib keladi. U olam hali murg‘ak pallada, dunyo faqat suv va jonzotlardan iborat bo‘lgan zamonlardan buyon shu dengizni makon tutgan; uzoq yashaganidan hatto necha yoshdaligini ham eslay olmas; mudom umrlarini harbu zarblarda o‘tkazadigan, nuqul urush va hiylagarliklar o‘ylab to­padigan, hashamatga o‘ch odamlar paydo bo‘lgach tez-tez qirg‘oqqa yaqin kelib, suv ostida qimir etmay turgancha otlar dupuri, suvoriylar hayqirig‘i, qilichlar jarangidan tor­tib, aravalar­ning tosh yo‘lga urilib g‘ichirlagan tovushlari va bilyard­xonalardagi qah-qahalar-u, go‘sht chopilayotgan to‘nkalarning gursillashlarini, doshqozonlar tagiga qalangan o‘tinlarning chirsilla­shi-yu tovuqlarning qoqog‘lashlarigacha eshitardi.

Unga odamlar hayoti sirli va qiziqarli tuyulardi.

Ulkan baliq shu qadar ehtiyotkor ediki, mavjud bo‘la turib, nomavjuddek yashardi.

Qirg‘oqda yashovchilar qanchalik aqlli, boy-badavlat, o‘zlariga baland-baland qal’alar qurib olgan, ziynatlagan, ustaxonalar qurgan, himoya aslahalari yasagan, hech kimni nazar-pisand qilmaydigan, o‘zlariga haddan ziyod ishonadigan kishilar bo‘lmasin, shu vaqtgacha uning mavjudligini payqashmagandi. Goh-gohida ulkan baliqning qiziquvchanligi, tabiatan sarguzashttalabligi ustun kelib, odamlarga bilinmoqni, oshkor bo‘lmoqni istab qolardi, lekin eshkaklarning shaloplashi, baliqchilarning yovvoyi qichqiriqlari quloqlari ostida jaranglashi bilan oshkor bo‘lish yaxshilikka olib kelmasligini eslab, bu istakni ortga surardi har safar…

 

* * *

Bu vaqtda ko‘rfaz ahli odatdagidek, dengiz bo‘yidagi qovoqxonaga jam bo‘lishgandi. Ular tillarang naqsh bilan bezalgan gumbazsimon shifti musiqa sadolaridan titrayotgan keng va yorug‘ xonada, to‘kin-sochin stollar atrofida o‘tirgancha maishat qilishar, o‘ynab-kulishar, kunduzi qo‘qqisdan osmonda paydo bo‘lgan oy kabi kutilmaganda kirib kelgan baland bo‘yli, kelishgan, yuzidan nur yog‘ilayotgan muhtaram Zot tomonga qaramasdilar ham.

Eshik oldidagi stolda o‘tirgan bir necha kishigina ensalari qotib, ijirg‘anib kulimsiragancha qarshilarida turgan Muhtaram zotning so‘zlarini tinglardilar:

– Ey qavmim, men sizlarga faqat yaxshilik tilayman. Agar bu zalolat, gumrohlikda davom etsangiz, Ug‘on tengri sizlarga shunday bir azob, balo-musibat yuboradiki, aniq halok bo‘lursizlar!

Shunda odamlar orasidan past bo‘yli, jikkak bir kishi chayqalgancha o‘rnidan turib xirillagan ovozda dedi:

– Bas qilmaysanmi, ey, o‘zini payg‘ambar deb atayotgan zot. Axir, ko‘rmayapsanmi, biz kun bo‘yi eshakday ishlab, endi dam olishga kelganmiz…

Jikkak kishi yonidagi yarim yalang‘och ayolni yetaklagancha nari ketarkan, ayol ishva bilan jilmayib, Unga likopchada bir bo‘lak go‘sht tutdi.

Muborak zotning og‘riqli nigohlari na ayolga, na go‘sht bo‘lagiga parvo qildi, deraza osha dengizga talpindi.

– Xudodan qo‘rqing…

– Nima, seningcha, ota-bobolarimiz sig‘inib kelgan xudolar hech kim emasmi? – deya e’tiroz bildirdi o‘tirganlardan biri ingichka bo‘ynini cho‘zib. – Sen aytayotgan o‘zi yo‘q Xudoga ishonib, biz uchun muqaddas bo‘lgan ma’budlarimizdan harom narsadan irgangandek yuz o‘girishimiz kerakmi?!

– Sizday shahvatparast, johil va gunoh­korlarning gaplariga quloq soladigan xudolar qanaqa xudolar ekan?! – kinoya qildi Muhtaram zot.

Olomon Muhtaram zotni gapini davom ettirgani qo‘ymadi.

– Yakkayu yagona Parvardigoringga borib ayt, agar biz gunohkor bo‘lsak, o‘sha sen aytib, qo‘rqitayotgan azobini yubora qolsin! – deya qichqi­rishdi ular.

Likopchada go‘sht tutgan ayol kutilmaganda yonidagi jikkak kishini ko‘kragidan itarib yubordi-di, xona o‘rtasida to‘ntarilgan bochka ustiga sakrab chiqdi va moda silovsinday eshilib-buralib raqs tusha boshladi. Kimdir “Balandroq!” deb qichqirdi. Jazavali musiqadan qovoqxona shifti larzaga tushdi. Erkaklar vahshiyona qichqirgancha ayolni olqishlashardi. Ayol noz-u ishva bilan xirom aylarkan, joduli ko‘zlarini Muhtaram zotdan uzmasdi.

Muhtaram Zot beozorlik bilan quturgan olomonga bir zum qarab turdi, so‘ng qahvaxonadan otilib chiqdi. Zero, chak-chak zahar tomib turgan hashamat va go‘zallikdan uning ko‘ngli ayniyotgandi

Hovlida dog‘ bosgan yuzi go‘shtdor, chaqchaygan ko‘zlari qonga to‘lganday qip-qizil, bo‘yni qat-qat yog‘ orasidan zo‘rg‘a ko‘rinib turgan qahvaxona xo‘jayini keksa Lahabiyga duch keldi.

– Hey, Mano o‘g‘li, otang durust odam edi, lekin sen telva desam, telvaga o‘xshamayursan, ammo g‘irt telvaning ishini qilyapsan, bunaqada meni xonavayron qilasan-ku! – dedi Lahabiy xuddi bir yeri og‘riyotgandek og‘zini qiyshaytirib, norozi ohangda.

Qahvaxonaning orqa hovlisida beliga isqirt peshbog‘ bog‘lagan, qo‘lida tig‘i yaltiragan pichoq tutib, kallasini olish uchun semizgina xo‘rozning ketidan quvib yurgan bukri xizmatchi axiyri xo‘rozni tutolmasligiga ko‘zi yetib, jahl bilan pichog‘ini qiniga soldi va ularning oldiga kelib, harislik bilan iljaygancha Muhtaram Zotning atrofida aylana boshladi.

Muhtaram Zot qontalashgan ko‘zlarini qi­sib, mazaxomuz qarab turgan “bir qop go‘sht”ga nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin fikridan qaytib yo‘lida davom etdi.

– Agar Ug‘on tengri payg‘ambar yuborishni xohlaganida, osmondan farishtalarni tushirgan bo‘lardi, shunga aqling yetmadimi, telva?! – deya qichqirdi keksa Lahabiy meshday qornini selkillatib, pixillab kularkan.

Bukri xizmatchi “Hozir uni boplayman,” degandek yaltoqlangancha qahvaxona xo‘jayniga ko‘zini qisib qo‘ydi va Muhtaram zotning ortidan yugurdi.

– Agar Sen haqiqatan ham Xudoning elchisi bo‘lsang, Unga ayt, mening bukrimni to‘g‘rilab bersin! – dedi u tirjaygancha Muhtaram zotning yo‘lini to‘sib, sap-sariq ko‘zlari yiltiragancha.

Muhtaram Zot bukriga boqdi, uning nigohlarida qismat o‘z muhrini bosgan jafokashning azobi emas, balki bo‘lg‘usi baxtsizliklar va falokatlar qayg‘usidan bashorat bor edi.

– Noshukr bo‘lma, Horon.

Bukrining jazavasi qo‘zidi, u barcha omadsiz odamlar kabi alamzada edi:

– Nimaga shukr qilishim kerak?! Ayt-chi, nimaga? Meni va xotinimni bukri qilib yaratgani uchunmi?!

Haqiqatan ham bukrining nafaqat o‘zi, balki xotini ham bukri edi. Ammo ularning o‘n ikki yashar o‘g‘li sog‘lom va hech bir kamchiliksiz tug‘ilgandi.

– Ibodat qil, deyishdan boshqa gap aytmayman senga, – dedi Muhtaram Zot va yo‘lida davom etdi.

Bukri uning ortidan quloqni teshib, kar qilguday uzun hushtak chalib, qichqira boshladi:

– Topgan bahonasini qaranglar! Men undan nima so‘radimu u menga nima dedi!..

Polizda turgan qo‘riqchidek, o‘tirganlarning ko‘ziga balo-qazo bo‘lib ko‘ringan Zotning qah­vaxonani tark etishi olomonga qo‘l keldi, ular endi juft-juft bo‘lib raqsga tusha boshladilar. Avvaliga ayol va erkak, keyin erkak bilan erkak…

Ular qalblarini junbushga keltirgan yovvoyi ehtiroslarini ko‘proq, ko‘proq va yanada ko‘proq sarflashga shoshardilar.

Muhtaram Zot qirg‘oq bo‘yiga keldi. Bu vaqtda yerdagi ehtiroslar qaynovini jimgina yoritgan homilador oy barkashday bo‘lib dengiz ustida osilib turardi.

– Tog‘da, qo‘ychivonlar orasida yurgan bir banda edim, – so‘zlandi u o‘zicha, yuzida o‘ychan tabassum jilva qilardi, go‘yo o‘zining gaplaridan o‘zi kulayotgandek. – Munda keltirishdi. Yala­vochlig‘ qilarmushmen. Keksa Lahabiy unchalik aqlli odam bo‘lmasa ham, shu gal to‘g‘ri aytadir, biror marta yumshoq o‘rinda yotmagan, biror marta yaxshi to‘n kiymagan va biror marta to‘yib arpa noni yemagan odam yalavoch emish… Qav­mingni to‘g‘ri yo‘lg‘a boshlag‘il, chunki ular hech narsani bilmaydilar, deyildi. Ular hech narsani bilmaydilarmi?! Ular-a?! Uy qurishni, ziynatlashni bilgan odamlar-a! Ular juda yaxshi biladilar. Faqat o‘zlari istaganday yashashni istaydilar. Nafslarini tiyishni istamaydilar. Qandayligidan qat’i nazar, orzularidan voz kechishni istamaydilar. Shularni epga solib bo‘ladimi?..

Ufq ortidan ko‘pchigan qornida o‘tli iplar chaqnagan qop-qora, qahrvor bulutlar to‘dasi ko‘tarilib, irillayotgan arslonlar kabi guldiragancha asta-sekin quti o‘chgan dengiz tomon yo‘l oldi. Go‘yo sirli iloha ulkan qanotlarini keng yoygancha porlab turgan yulduzlarni bir-bir o‘chirayotgandek, osmon bag‘rini zulmat qoplay boshladi.

Muhtaram Zot ko‘kka umidvor tikildi. “Ug‘on Tengri ularg‘a balo yiborg‘aymen teb va’da qil­mish erdi…”

Bulutlar to‘dasi irrilayotgan arslonlar kabi guldiragancha Uning tepasidan o‘tib ketdi.

Muhtaram Zot endi ko‘kka ta’na bilan tikildi…

 

* * *

Ammo yarim tunda dengiz jazavaga tushgan ulkan nahang misol ko‘rfazga bostirib keldi. Kuchli to‘fon shaharni qamradi va shu damning o‘zida uylarni, daraxtlarni, odamlarni o‘z komiga tortib, chirpirak qila boshladi. Ko‘z ochib yumguncha to‘fon hamma narsani vayron qildi. Ko‘rfazni chang-to‘zon, qorong‘ulik bosdi. Sho‘rta’m, muzday havodan odamlar nafas ololmay yerga yiqilar, yiqilgan qaytib o‘rnidan turmas, muzga yopishganday qotib qolardi.

Shamol esa lahza sayin kuchayib, boshvoqsiz daydiga o‘xshab, ko‘rfazdagi bor narsani yakson qilar, ko‘kka uchirardi.

Dovdiragan, rang-quti o‘chgan odamlar o‘zlarini ibodatxonaga urishdi. Bu yerda ularning o‘zlari uchun holvadan yasab olgan butlari turardi.

Olomon holva but qarshisida tiz cho‘kdi. Ular shu yerda, holva but qarshisidagina jon saqlab qolishlariga ishonishardi.

Ko‘rfazda, qirg‘oq bo‘yida faqat birgina inson qolgandi…

 

* * *

Kuchli to‘fon ikki kun davom etdi.

Uchinchi kun tongida shamol o‘z makoniga, dengizga qaytdi.

Odamlar birin-sirin ibodatxonadan chiqa boshladilar. Muhtaram zot o‘z qavmdoshlarini endi imonga kelishlaridan umidvor edi. Ammo pishqirayotgan olomon och edi. Ular baqir-chaqir qilgancha to‘fon qirg‘oqqa uloqtirgan baliq va qisqichqabaqalarni terish bilan band edilar.

– Ey qavmim, – deya murojaat qildi muhtaram zot ularga. – Allohga imon keltiring. Undan boshqa iloh yo‘qligiga ishoning! Uning balosini ko‘rdingizmi?!

Och-nahor olaomonga bu gap yoqmadi, ular g‘azablanib ketishdi:

 

– Allohning yuborgan azobi shumi?! Bu bilan bizni qo‘rqitolmaysan! Agar buzilgan imoratla­rimizni aytayotgan bo‘lsang, xotirjam bo‘l, bundan yaxshiroqlarini qurib olishga qurbimiz yetadi. Faqat avval qornimizni to‘ydirib olaylik!

Muborak zotning yuzi og‘riqdan burishdi. Odamlardan yuz o‘girib, dengizga yuzlandi.

– Meni zolimlardan qutqarg‘il, – ich-ichidan nola qildi u: – Ularning yomonligini daf qilishda ojizmen… Ular faqat gumonga ergashurlar. Gumon esa Haqiqatning o‘rnini bosolmaydi-ku!

Shu vaqt har tomondan boshiga namxush qum sochildi.

Muhtaram Zot seskanib, ortiga o‘girildi.

Uch-to‘rt qadam narida Bukri boshchiligida qo‘llariga tosh-kesak ushlagan darg‘azab odamlar turishardi:

– Ilohingga ayt, uning mutloqo keragi yo‘q bizga!.. O‘zing ham daf bo‘l! Yana ishimizga ara­lashadigan bo‘lsang, tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan!

Muhtaram Zot yolvordi:

– Jim bo‘lsangiz-chi! Men Ug‘on tengri ko‘nglimga solganini aytib olay…

 

Olomon uning iltijosiga quloq tutmadi. Qo‘llaridagi tosh-kesaklarni uning ustiga yog‘di­rishdi.

 

* * *

Yozning jazirama kunlaridan birida tuyqusdan osmonni zulmat qopladi. Samodan olov yog‘ilganday suv yuzini chaqmoqlar tila boshladi. Sevimli mashg‘uloti – tijoratchi sayyoh kemalar bilan quvlashib yurgan Baliq ko‘rfazdan kelayotgan nog‘oralarning ovozi va kuchli shovqin-su­ronni eshitib qoldi. Bu ovozlar ham avvalgila­ridek, xuddi bo‘ronda qolgan ochofat qushlarning ovoziday o‘tkir va qo‘rqinchli edi.

Baliq qirg‘oq tomon intildi.

– Qornimiz to‘q, ustimiz but, uylarimiz koshona bo‘lsa, bizga Xudoning nima keragi bor?! Biz xudosiz ham o‘z yo‘limizni topib olamiz! – bu bozorda to‘plangan odamlarning ovozi edi.

Baliq quvonchdan entikdi. Mana hozir… o‘sha, odamlarga yaxshilik istovchi, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, balolardan asraguvchi Muhtaram Zot g‘azabga to‘lgan odamlarga qarab:

– Ey qavmim, men sizlarga faqat yaxshilik tilayman!.. – deydi.

Baliq tanish va qadrdon ovozni eshitish ilinjida butun vujudi bilan qirg‘oqqa quloq tutdi.

Darhaqiqat, ana u!

– Sizlarga ne bo‘ldi? Sizlar Alloh balosi neligin bilmayapsizlar! Quloqlaringiz kar emas, ammo o‘zingizni kardek tutyapsiz! Ko‘zlaringiz ko‘r emas…

Havoda toshlarning vizillib uchgan tovushi eshitildi.

Muhtaram zotning ham toqati toq bo‘lgandi. U keng yag‘rinli, baquvvat kishi edi, lekin kiftida og‘ir yuk bordek va bu yuk uni ezib, parchalab tashlagandek, nihoyatda dili xufton edi.

– E, menga desa yer yutmaydimi ularni! – Uning qahri qo‘zigan, hamma narsani chilparchin qilib tashlagisi kelardi. – Buzuqlik va fahsh botqog‘iga botgan bu zaminni dengiz yutib yuborsaydi, undan bir dona tosh ham qolmasaydi!

Zulmat quyuqlashib, ko‘pirib-toshgan bag‘rida chaqmoqlarni ortmoqlagan bulutlarning paq etib qorni yorildi: sharros jala quyib yubordi.

Yomg‘ir shu qadar kuchli quydiki, suv yuzida “chuchvara qaynadi”, to‘lqinlar mavji dengiz bag‘riga sig‘may, ko‘kka otildi…

 

* * *

Nihoyat, kamalak paydo bo‘ldi.

Chiroyi ochilgan osmon yana avvalgi beg‘ubor qiyofasiga qaytdi. Baliqning qalbini qamragan o‘kinchli g‘ussa tarqaganday bo‘ldi. Umidlandi, mana, endi hammasi o‘z o‘rniga tushadi.

Lekin negadir hamma yoq suv quyganday jim-jit edi. Go‘yo dengiz poyiga yastangan ko‘rfaz o‘zining baland-baland uylari, tillarang yaproqli daraxtlari bilan olis-olislarga ketib qolganday.

Bir mahal qirg‘oqdan zardali ovoz eshitildi.

– Tangrim, yorlig‘ing qirq kun edi. Undadim, biragu ham imonga kelmadi. Ular menga muhtoj emas… Ular bir sichqon misol. Kavaklari joylashgan binoni kim qurgan, qancha yashaydi, ishlari yo‘q. Faqat yaxshi yashashni, inlarini yovvoyi jonivorlardan himoya qilishnigina biladilar, xolos.

Ufq tomonda ulkan kema tutun chuvatib suzib kela boshladi.

Muhtaram Zot barcha azoblardan qutilishning birdan bir chorasi topilgandek, yengil tortib, bir zum o‘sha tomonga tikilib turdi, so‘ng bariga qo‘l siltab, kema tomonga tez-tez yurib ketdi. Uning yuragida bo‘ron vaqtidagi to‘lqinlardek shiddatli alam va g‘azab mavj urardi:

– Itoatsiz kimsalar! Gaplarim ularga og‘ir botgan bo‘lsa, bas, butlari bilan bilganlarini qilave­rishsin! O‘zlari aql yurgizmagan odamlarga tushuntirib bo‘larmidi?! Ug‘on tengrining va’dasi ham qirq kun edi. Bugun qirqinchi kun. Muhlat bitdi! – uning so‘nggi so‘zlari keskin ta’nayu alamga to‘la edi.

Muhtaram zot kemaga chiqdi.

 

* * *

Afsus… Buyuklarning ko‘rgan kuni qursin, har qadamda xorlik…

Dengizda notinchlik, ola-tasir to‘polon qo‘pdi.

Kemaning cho‘kishi aniq bo‘lib qoldi.

“Gunohkorni suvga uloqtirmagunimizcha, bizga tinchlik bo‘lmaydi,” deyishdi kemadagilar va o‘zaro maslahatlashib, qur’a tashlashga, qur’a kimning nomiga chiqsa, o‘sha kishini suvga otib, o‘zlarini qutqarib qolishga kelishib olishdi.

Yo tangrim!..

Birinchi qur’a ham, ikkinchi va hatto uchinchisi ham muhtaram zotga chiqdi, chiqaverdi…

 

* * *

Dengiz tinchlandi.

Kema olg‘a intildi.

Kema bilan birga avvalgiga qaraganda ancha og‘irlashib qolgan Baliq ham shiddat bilan suzar, kemadan ortda qolmaslikka tirishardi. Bu uning uchun, ayniqsa, maroqli edi. U kemalarni, ular bilan quvlashmachoq o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Bir gal tijoratchi kema bilan bahs boylashganday, uning ortidan suza-suza qutb yog‘dusi va abadiy muzlik, sokinlik hokim bo‘lgan shimoliy dengizga borib qolgandi. Oh, qanchalar ajoyib edi! Katta-katta muz bo‘laklari… muzday to‘lqinlar… kumush zarralar… Kemadagilar asosan tijoratchi, badavlat kishilar emasmi, yo‘l bo‘yi suvga mo‘l-ko‘l yemish tashlardilar, ammo baliq bularga qayrilib ham qaramasdi…

Biroq bu safar baliq kema ortidan uzoqqa ketolmasligini his qildi. Chunki ich-ichida, zimiston aro dimiqib o‘tirgan pok bir banda tinmay iltijo qilardi:

– Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen barcha nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men o‘zimga zulm qilguvchilardan bo‘ldim. O‘zing kechir, parvardigorim!

Uch kundan keyin Ulkan baliq qirg‘oqqa yaqin keldi va og‘zini ochdi. Undan biroz holdan toygan, ammo onadan qayta tug‘ilganday ruhan pok Muhtaram zot chiqdi.

Ular bor-yo‘g‘i bir necha kungina birga bo‘l­dilar. Shu vaqt mobaynida Inson xuddi onasining qornida yashaganday baliqning vujudida yashadi. Baliq esa o‘z vujudida inson taftini his etdi.

Mana endi ular ajralyaptilar.

Muhtaram Zot go‘yo minnatdorlik bildirganday, egilib uning qansharini siladi, ko‘zlariga tikildi, keyin tez-tez yurib ketdi.

Ulkan baliqning borlig‘ida undan, insondan nimadir qolganday edi…

 

* * *

Baliq o‘z vazifasini ado etdi.

Endi ortga qaramay ketish qoldi.

Ammo baliq Uni baxtiyor holda yana bir bor ko‘rishni, ovozini eshitishni istardi. Bu istak shu qadar kuchli ediki, yuragini behalavot, tushuniksiz iztirob chulg‘ab olgandi.

Zero, endi hammasi boshqacha bo‘lishiga ich-ichidan ishonardi. Kuchli to‘fon tufayli yuz bergan ocharchilik sabab o‘zlari holvadan yasagan butlarini paqqos tushirgan odamlar Muhtaram Zotni tirik holda ko‘rib, ko‘zlariga ishon­masliklari mumkin, lekin endi albatta uning aytganlariga ishonadilar va imon keltiradilar, deb umid qilardi.

Hadeganda Uning ovozi eshitilavermadi. Baliq kutishga qaror qildi. Zero, u kutib o‘rgangan edi.

Nihoyat, dengiz botayotgan quyoshning olovrang nurida yorqin tovlanayotgan vaqtda qirg‘oqdan odamlarning shovur-shuvuri, bukri xizmatchi Horonning tovuqlarini chaqirib “tu-tu”lagani eshitildi. Baliq bu ovozlar ichidan o‘ziga tanish ovozni, o‘ziga tanish nafasni eshi­tish ilinjida qirg‘oqqa yanada yaqin keldi: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen barcha nuqsonlardan poksan. Darhaqiqat, men o‘zimga zulm qilguvchilardan bo‘ldim…”

Ammo hamon tanish ovoz eshitilmasdi.

Son-sanoqsiz “ko‘z”lar o‘ziga qadalganini his qilgan Baliq kech kirganini, ko‘kda yulduzlar bodray boshlaganini sezdi, hademay gunohkor kelindek xijolatdan qizargan to‘lin oy ham suvni shaloplatmasdan, ohista cho‘milishni boshlab qolsa ajabmas.

Qirg‘oqdan notanish odamning ovozi keldi:

– Yolg‘onchi yalavoch senmusen? Malik har kimki yolg‘onchi Yalavochni munda ketursa, dor tikib, dorga osayin teyur!..

Baliqning yuragi xavotirdan uvishdi.

“Nahot Uni yana zindonga solsalar?! Odamlarning boshi aylanib qolganmi? Namuncha o‘zlariga bino qo‘ymasalar!”

Baliqning suv ostidan o‘sib chiqqanday ulkan gavdasini o‘zidan-da og‘ir yuk bosib, parcha­lab tashlagandek, g‘amgin bo‘lib qoldi. Qalbiga qo‘rqinch bostirib kirdi.

“Odamzod qalbi chumchuqqa o‘xshab, bir kunda goh u yoqqa, goh bu yoqqa aylanib turarkan-da!..”

Avvallari sezgilari qanchalik o‘tkir, uchqur bo‘lmasin, baliq voqea-hodisalarning mohiyatini qamrab oladigan quvvatga ega emasdi. Shu­ning uchun ham avvallari qancha o‘ylamasin, o‘z mavjudligidan biror maqsad va ma’no topmasdi. Ammo kutilmaganda u o‘zini butun olamni mushohada qila olishdek ilohiy kuchga ega bo‘lganday, yuz berayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini anglayotgandek his eta boshladi.

To‘g‘ri, ummon tublarida uni sevguchilar son-sanoqsiz, lekin uning birorta ham do‘sti yo‘q edi. Suv maxluqlarining unga yaqin kelish tugul, hatto shovurini eshitgan zahotiyoq tum-taraqay bo‘lishlari, o‘z mahobati bilan atrofdagilarni larzaga solishlari avval-boshda zavqlantirgan bo‘lsa, endi alamini keltirardi. Uning xo‘rak ilinjida o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urishdan toymaydigan mayda baliqlarga havasi kelar, ammo tishlari irjaygan akulalarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Akulalar azbaroyi u bilan yaqin bo‘lish ilinjida har qanday vahshiylikdan qaytmasdilar, ammo qalblarida jo‘sh urgan tuyg‘ulari ola-kula ko‘zlarida qanchalik oshkor porlamasin, ular unga duch kelishdan, unga ro‘baro‘ bo‘lishdan, u bilan uchrashib qolishdan shunchalik bezillashardi! O, bu olako‘z nigohlarni u qanchalar yaxshi bilardi! Hatto ularning o‘zlaridan ham yaxshiroq ularning dillarini va hayotlarini yaxshi bilardi. Faqat… baliq favqulodda diliga tushgan g‘ulg‘uladan qutulol­may, yana besaranjom bo‘la boshladi. Bu ham g‘alati, ham yoqimli, shuningdek, qalbni siquvchi, og‘ir va haddan ortiq qayg‘uli tuyg‘u edi.

Qirg‘oqdan tanish ovoz eshitildi:

– Mani borsun teb yana yorluq bormu?

– Izi yorliqar, Ninvag‘a borg‘il, yorliq tegurgil, imon keltirsunlar.

– Mavloning yalavochi mundoq bormoq loyiq ermas. Oncha zamon bergil!

– Mavlo tariqinda zamon bermak yo‘q!

Baliqning ich-ichidan allanechuk istehzo ko‘tarildi: Savdolashish bundan ortiq bo‘lmas!

Iylanmagan teridan choriq kiygan oyoq saslari suvga yaqinlashdi.

“Sening fazlingga mushtoq bir tilanchimen…”

Baliqning tuyg‘ulari idrokidan ustun chiqdi, natijada u o‘zini ana shu tuyg‘ulari ixtiyoriga topshirdi va qirg‘oqqa har doimgidan ham yaqinroq keldi.

Baliq Uning o‘zini suvga otishini intiqlik bilan kutdi. Ayni damda u hamma narsaga tayyor edi. Keyin… nima bo‘lsa bo‘lar, ammo hozir… o‘zi intilayotgan maqsadga hamma narsani qurbon qilish sira oqlab bo‘lmaydigan ish ekanligini yaxshi bilsa-da, ayni damda u hech narsadan o‘zini tiyib turolmasdi. U o‘zini suvga otsa bas!

Muhtaram Zot namxush qum ustiga cho‘k tushdi. Go‘yo yelkasidagi yuk zalvoridan charchagandek, nihoyatda behol va hafsalasiz ko‘rinsa-da, odamlarning shafqatsizligidan ranjib, o‘lib ketadiganlar xilidan emasligi yuz-ko‘zlaridan sezilib turardi.

– Inson ustidan zo‘rlik bilan g‘alaba qilib bo‘lmaydi. Inson o‘zi tushunib yetmaguncha uni majburlash tahqirlash bilan barobar. Xuddi g‘irrom o‘yinda o‘z baxtini sinab ko‘rishga urinayotgan qimorbozga o‘xshaymen… Bas, bu o‘yinda men o‘zimning oxirgi soqqamni tashlab bo‘ldim! Endi meni eng og‘ir jazoga mustahiq qil, shunda odamlar ahvolimni ko‘rib hushyor tortar, dunyo behudaligidan o‘zlariga kelib, o‘z qalblariga, qilayotgan ishlariga razm solarlar, tavba tazarru qilarlar – maqsading ham aslida shu-ku!

U bemisl uqubatlar vaqtlar o‘tib, o‘ziga abadiylikka erishish saodatini ato etishini bilmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan holda ovoz chiqarmay yig‘lardi.

Go‘yo g‘ussasida xudbinlik, itoatida kibr-havo borday…

Shu vaqt kimdir hayajon bilan qichqirdi:

– To‘rni ollaring! Nahang!

Qirg‘oqda shovqin-suron qo‘pdi:

– Dengizni chayqatishiga qaraganda, u oddiy nahang emas! Qayiqqa tushlaring!

Qarmoq va changaklar bilan qurollangan odamlar o‘zlarini qayiqlarga urishdi.

Muborak Zot ko‘zlarida olov yolqinlanayotgan olomonning yo‘lini to‘sdi:

– Unga yemish sifatida qaramang!

Ammo hech kim Unga quloq solmadi.

Baliq ehtiyotsizlik qilganini angladi.

Yuragini dahshat chulg‘adi: ketish kerak, ketish!

Yuragi qanchalik o‘rtanib turgan bo‘lmasin, o‘z tinchini o‘ylab qirg‘oqdan ancha uzoqlarga suzib ketdi.

Baliqchilar esa ikki soatlardan keyin qayiqlari ag‘darilgan, nayzalari singan holda quruq qo‘l bilan qaytishdi…

 

* * *

Halovat istab borgan yeri tinch, osoyishta, ammo o‘ta zerikarli… va sovuq edi. Shunday bo‘lsa-da, u okeanning tub-tubida ko‘krak qanotlarini keng yoyib, ulkan quyrug‘i bilan zim-ziyo qorong‘ilikni tilimlagancha, odam bolalarining turli-tuman munofiqliklari va hiyla-nayranglari­dan yiroqlarda yashab yurarkan, ichida, zulmat ichra o‘tirgan odamni hech unutolmasdi. Elchilik uyidan chiqqan yagona sarkash!.. Qochoq… Be­sabr… deya erkalab o‘ylardi u uning “Hech kimni ko‘rishni istamayman! Menga hech qanday siylov kerakmas!” degancha ovchining ta’qibidan qochgan kiyik misol o‘zini yoqdan-bu yoqqa otib, tipirchilaganlarini eslab. Ha, tun zulmati, suv va baliq zulmati ichra bo‘lmoq oson emas. Bu tadbir bilan istalgan odamni to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin.

Nafsilamrni aytganda, Uning sarkashligida ham ma’ni borday. Axir u hech narsani atay, qasd­dan qilmadi-ku. Zamonlar o‘tib, g‘azablangan olomon uchun ibrat namunasi bo‘lib qolishidan ham cho‘chimadi. Shunchaki, o‘zlari aql yurgizmagan odamlarni imonga chorlashdan charchagandi, xolos. Uni unutgani ham yo‘q edi. Har doim boshi sajdada edi. Nazari ham toymagan, haddidan ham oshmagandi. Ammo odamlar uni nazarlariga ilmadi. Ular uni yomon ko‘rishardi, o‘zlariga o‘xshamagani uchun. Tafovut – nafrat tug‘dirishi rost. U esa johil odamlar orasida hech qanday muvaffaqiyatga erisholmay, uyalib qolishdan cho‘chidi. Bu damlar uning hayotidagi eng og‘ir pallalar edi. Agar anavi munofiqlardan birortasi uni qo‘llab yuborganida edi, uning bardoshi mustahkamlangan bo‘lardi. U to‘g‘ri aytadi, odamzodni jazolash orqali to‘g‘ri yo‘lga solib bo‘lmaydi.

Tavba qilish aslida bilmasdan yomon ish qilib qo‘yganlarga lozim. Ammo u tavba qildi. Eshit­yapsizlarmi, u tavba qildi!

U imdod kutib atrofiga nazar soldi. Poyonsiz bo‘shliq va suvdan iborat borliqda sukunat, sukunat va yana sukunat hukmron edi. Shunda u mash’um haqiqatni yana bir bor ko‘nglidan o‘tkazdi, u yolg‘iz edi. Qichqirayotgan ham uning yolg‘izligi edi…

Baliq yana o‘ylashda davom etdi:

To‘g‘ri, faqat dorulbaqoda nafi tegishi mumkin bo‘lgan narsalardan bo‘lak boshqa hamma narsalarga nisbatan nafrat bilan yashash odamzodning qo‘lidan kelmaydi. Ortiqcha dunyoparast­lik ham odamni yo‘ldan ozdiradi. Bunda eng maqbuli – oraliq yo‘l! Zero, kimdir hirs va nafsni qanoat qamchisi bilan savalab turmas ekan, odamzod jahannam sari yuzlanaveradi…

Oxiri bo‘lmadi, anchadan buyon ko‘nglini sust qilgan vasvasani yenga olmadi va kunlarning birida burniga osilib qolgan sumalaklarni parcha-parcha qilgancha, marjon qoyalarni aylanib o‘tib, ummon qa’riga g‘arq bo‘lgan kemalar-u shahar-qishloqlar xarobalari oralab, vujudida insoniyat kechmishi dolg‘alanayotgan, iliq va kumushrang nurga yo‘g‘rilgan janubiy dengiz tomon yo‘l oldi. U shitob bilan suzarkan, u bilan birga to‘lqinlar kamalakdek tovlanib, bir nimalarni shivirlagancha uning ortidan yugurishdi: “Borma! Yer yuzi – mislsiz evrilishlar makoni. U yerda aql bovar qilmaydigan voqealar ro‘y bermoqda!”

Baliq qadrdon to‘lqinlar shiviriga quloq tutmadi, hatto eshitishni ham istamay, tig‘day o‘tkir qanotlari bilan suvni shiddat-la tilib, entikkancha olg‘a intildi.

Kutilmaganda Baliq birdan hushyor tortdi, nazarida suvning ta’mi o‘zgargan, allaqanday chuchmalmidi yoki kuyik ta’mi bormidi. Buning ustiga kunmidi, tunmidi, bilib bo‘lmasdi, suvda na oyning, na quyoshning aksi suzardi.

Baliq qirg‘oqdan ancha narida suzishdan to‘xtadi.

Bu vaqtda haqiqatan ham osmonda na oy bor edi, na quyosh. Go‘yo ehtiroslar quyunidan zada bo‘lgan oy bir yumalab g‘oyib bo‘lgan, quyosh jaranglab, birdan yorilib ketgan-u, ko‘rfazni zimistonlik bosgandi. Uzoq-uzoqlarda qip-yalang‘och daraxtlar do‘l urgandek, sho‘ppayib turar, ekin­zor-u dalalar yakson bo‘lgan, kemalar bir yonga qiyshaygancha qumga botib qolgan, qayiqlar ag‘darilib yotardi. Zimistonlik to‘foni aro suv yuzi­da oppoq to‘rlarga burkangan bolalar beshiklari suzar, do‘ppaygan qabrlar orasidan birin-ketin chiqib kelayotgan motamsaro odamlarning goh tahdidona, goh g‘azabnok ovozlari dam sayin avjga chiqardi.

– Ko‘zlarimiz ochiq, lekin qorong‘ilik quyuqligidan hech narsani ko‘rmayapmiz. Ekinlarimizni do‘l urdi! Mevalarimizni nobud qildi. Do‘ldan qolganini chigirtkalar yeb bitirdi. Mana endi tirik qolgan bola-chaqamiz bilan chuvillashgancha, rizqimizni izlab yuribmiz. Hammasiga Sen, Sening Xudoing sabab! Endi bizning bu holimizga o‘zing chora top. Agar Xudoingga aytib, poymol bo‘lgan ekinlarimizni, don-dunlarimizni tiklab bermasang, bizdan yaxshilik kutma!

Tahdidona ovozlar…

Tahdidona qadamlar… tobora yaqinlashib kelardi.

Sohilda esa… boshini changallagan bir odam o‘tirardi. Beun. Chorasiz…

Bukri xizmatchi qo‘lida bolasining jonsiz jasadini ko‘targancha bukchayib qolganidan yelkasidagi bukri yanada bo‘rtgan gavdasini zo‘rg‘a sudrab, odamlar orasidan bir qadam oldinga chiqdi.

– Agar Sen chindanam Xudoning elchisi bo‘lsang, Unga ayt, bolamni tiriltirib bersin, – dedi u telbavor ovozda. – Shunda men chindanam Xudoning borligiga ishonaman.

Muhtaram Zot boshini ko‘tarib bukriga qaradi, bu jirkanch, aftodo holatdan etlari jimirlab ketdi, ammo lom-mim demadi. U endi bir og‘iz ham gapirmaslikka ahd qilgandi.

– Nega indamaysan? – dedi bukri. – Agar sen xudo bilan gaplashib, bolamni tiriltirib bersang, chindanam Sen xudoning elchisi ekanligingga ishonaman! Aks holda…

Muhtaram Zot uning adovatdan qiyshaygan, burishgan, motamsaro chehrasiga qaragisi kelmay, yuzini burdi, ko‘ksidan og‘ir xo‘rsiniq otilib chiqdi: “Dunyoning holiga voy!”

Bukri bolasining jasadini yonidagi birovning qo‘liga tutdi. Keyin bamisoli yuragiga kirib borib, hammasini bilib olmoqchi bo‘lgandek, emakla­gancha Muhtaram zotning naq burni tagiga keldi.

– Bilasanmi, aks holda nima qilishimni? – u atrofiga qarab alamli iljaydi. Keyin bo‘g‘ilgan, xirillagan ovozini bir parda pasaytirib, sirli ohangda dedi: – Sen azobini aytib qo‘rqitayotgan Xudoning qayerdaligini men bilaman! U shu yerda, yonginamizda! Sen har kuni kelib arz-hol qiladigan mana shu suvning tagida yotibdi! Odamlar uni nahang deyishyapti. Yo‘q, u nahang emas. U o‘sha sening Xudoying!..

Muhtaram Zot benihoya oqarib ketdi, lekin keyin negadir kulimsiradi, zum o‘tib kulimsi­rash ayanchli kulgiga aylandi va birdan kulgisi kuchaygandan kuchayib kutilmaganda asabiy qahqahaga aylandi…

Baliq hammasini so‘zsiz his qildi.

– Ha, birini biri bilan rizqlantirib turmasa bo‘lmas!

 

 * * *

Kutilmaganda zim-ziyo falakning allaqayerida nimadir “yilt” etdi. Zum o‘tmay “yilt” etgan uchqun tobora kattalashib, zulmat bag‘rini yorib kela boshladi va birdan butun olam charog‘on bo‘lib ketdi.

Yog‘dular raqsi boshlandi, yalt-yult qilgan o‘tkir nayzalar dengiz bag‘rini tilar, eritilgan oltinday tinimsiz quyilayotgan nurlar gir aylanar, tobora shiddatliroq, tobora jo‘shqinroq raqs tushardi.

Odamlar dovdirab qolishdi, ularning nimalar yuz berayotganiga aqllari bovar qilmayotgandi.

Shu chog‘ yana bir favqulodda hodisa yuz berdi: dengiz qo‘qqisdan qalqib ketganday bo‘ldi, suv yuzasi qattiq chayqaldi-yu allaqanday ulkan maxluq sharpasi ko‘rinib-ko‘rinmay shuvilla­gancha suzib o‘tdi. Qirg‘oqqa kuchli to‘lqin kelib urildi, atrofga suv zarralari sachradi, lahza ichida butun sohil oppoq tuman ichra qoldi. Va qumloq uzra bir dunyo baliqlar sochildi!

Zum o‘tmay bu hol yana takrorlandi. Keyin yana!..

O‘zlari yasagan marmar ma’budlarday tosh qotgan olomon kutilmagan qamchining zarbidan jazavaga tushgan otdek birdan titrab ketdi va ochko‘zlarcha mo‘may yemish ustiga yopirildi.

Suv yuzini bosgan oppoq ko‘piklarga mahzun tikilgan Muhtaram Zot sekin pichirladi:

– Shu yerdaligingni bilardim!..

Qirg‘oqdan sho‘r baliq va tuz hidi kela boshladi. Va yana odamlarning quvnoq ovozlari… Ular ovda omadi kelgan ovchilarday shodon edilar va ob-havo, ekin-tikin haqida xotirjam gurung qilishardi.

 

* * *

Saodatmand baliqning umidvor qalbi quvonch­dan yayradi. Mana, nihoyat, u kutgan damlar. Endi qirg‘oq yonida turib, istagancha odamlarning ovozlarini, kulgilarini eshitadi, gullagan daraxtlardan taralgan yoqimli hidlardan bahramand bo‘ladi.

Keyin… ilk daf’a ko‘kka sapchib, odamlarga o‘zining borligini bildiradi. Ana undan keyin boshlanadi, qocha-qoch, quva-quv! Ulkan baliq hozirning o‘zida odamlarning shovqin-suronini, eshkaklarning shaloplashini, baliqchilarning qichqiriqlarini eshitganday bo‘ldi. Azbaroyi zavqlanib ketganidan ortiq o‘zini bosolmadi, suv tubida ulkan doira yasab, go‘yo afsonaviy musiqa sadolari ostida raqs tushayotgandek, bor gavdasi bilan bir qur aylandi-yu ko‘kka sapchidi. Va… hammasini bir zumda ko‘rdi:

Oftob nurida erib ketayotgandek mayin tovlanayotgan qumloqda ulkan taxt qad rostlagan, atrofini odamlar qurshab olgandi.

Taxt oppoq bo‘lib, fil suyagidan yasalgandi.

Taxt ustida o‘tirgan Muhtaram zot olomonni ibodatga da’vat etar, hamma izzat-ikrom bilan bosh egib qo‘l qovushtirgan va xuddi bir odam o‘qiyotgandek duo so‘zlari yangrardi.

Ular orasida Bukri xizmatchi qo‘rinmasdi, xolos.

Kutilmaganda gumburlagan ovoz eshi­tildi, ulkan baliq vujudida qattiq og‘riq, achi­shish tuydi. Zum o‘tmay, ko‘rganlarining barcha-barchasi, kattayu kichik narsalarning hammasi kichrayib, bir butun holga keldi va uning ichiga singib ketdi-yu, birdan hamma yoq suv quyganday jim-jit bo‘lib qoldi…

 

Zulfiya QUROLBOY qizi

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.